Al-Mustafo

0
55

XALIL JUBRON XALIL

SENING TOMON, SEN TOMON

Suyuklilar ichra tengsiz Al Mustafo, kunlarining tongotar quyoshi ham, tunlarining-da oyu hiloli ham asli o’zi Al Mustafo Orfales kentida uzoq intizor kutdi, o’zining tavallud oroliga qayta eltajak kemani uzoq o’n ikki sana kutdi. Nihoyat, kutuvning o’n ikkinchi sanasida, boshoqqa o’roq tushgan kunlarning birida shahar atrofidagi adirga ko’tarilib, dengiz tomon nazar soldi, va tumanlarni yorib chiqmoqda bo’lgan, o’zi tomon, uning tomon muttasil oshiqayotgan kemaga ko’zi tushdi. Shunda qalbining darichalari baayni shitob bilan ochildi va yeru ko’kka sig’magan sevinchi dengiz po’rtanasi bilan birga qo’shilib oqdi. Va u ko’zlarini chirt yumgan ko’yi atrofda kechayotgan mana shu kunga, osmonini chorloqlar to’ldirgan, zaminini esa rizq ilinjidagi hasharotlar ishg’ol etgan mana shu kunga shukronalar aytdi. Biroq adirdan pastga inar ekan, qalbiga mahzunlik oraladi: bu makonni beqayg’u va betaassuf tashlab ketib bo’larmi? Yo’q, yurakdagi ayriliq jarohati bu kentdan xotira bo’lajak. Bu makonda kechgan iztirobli kunlar adoqsiz uzun edi, tanholikka o’ralgan tunlari esa bundan-da uzoq kechdi, bas shunday ekan, qadrdon bo’lib ulgurgan, iztirob va ham qayg’uga to’yingan tanholigini kimsa endi nadomatlarsiz tashlab keta olarmi? Qalbimning behisob parchalarini bu so’qmoqlarga sochdim, iztirobimdan tavallud topmishlar hamon bu adirlar aro sarson, yurak quvvatini ularga sarflab, qariyb ado qildim, bas shunday ekan, ularni bu ko’ksda og’riqlarsiz tark etib bo’lmas. Bu kun demangki, u liboslarini yechayotir, yo’q, bu kun men ter-etlarimni o’z qo’llarim ila sidirib, uloqtirayotirman. Demangki, u o’z o’y-xayollarini qoldirib ketayotir, yo’q, bu kun men tashnalik va zorlikdan hilviragan yuragimni qoldirib ketayotirman.

Alalxusus, men bunda uzoq qola olmasman. Har kasni o’ziga mudom chorlaguchi bu dengiz meni ham intiq kutayotir va men-da uni kechib o’tishga shaylandim. Illo, tungi soatlar
da’vatiga quloq osmasdan bu makonda qolmoq — metin kabi tosh qotmoq, o’zgarmas bir shamoyil ichra mangu qolmoq, demakdir. Koshki edi bu yerda muqim bo’lgan barcha matohlarni o’zim bilan olib keta bilsam. Ammo bormi buning chorasi? Magar ovoz o’zini binoga keltirgan zabon va dudoqlarni birga ola keta bilarmi? Aslo, uning qismati — lablardan uchgan hamon manzili tomon yolg’izlikda parvoz qilish. Sarlochin ham tavallud topgan uyasini qoldirib, quyosh tomon yolg’iz parvozga mahkum emasmi, axir?

Va mana, adirdan tobora quyi enarkan, u yana qayta dengiz tomon nazar tashladi va yobonga ohista kirib kelayotgan kemani ko’rdi, kema sathida esa yurtining dengizchilari saf tortgandi. Shunda qalbidan sarafrozlar ular tomon uchdi:

— Ay, ko’hna momomning bolalari, to’lqinlarni jilovlashda hech kas sizga bas kelolmas. Sizlarni tushlarimda necha bor bu yobonda ko’rdim. Mana endi sizlar chindan-da bu yerda ekansiz, men hamon tubsiz uyqu iskanjasida qolayotgan kabidirman. Bu dam men safarga shayman, yelkanlarim ko’tarilgan, yo’ldosh shamollarga mahtalman, xolos. Faqat izn bering, bu sukunat havosidan so’nggi bor sipqoray, ortimda qolayotganlarga so’nggi bor mehrimni in’om etay. So’ngra albat saflaringizga birikkayman. Ey muazzam bahr, daryo va ham jilg’alarga hurlik va sokinlik ato etguchi bedor ona, sen ham izn ber. Mana bu jilg’a bir muyulishni bosib o’tmasidan huzuringda hozir bo’lgayman, adoqsiz bag’ringga bir tomchi bo’lib qo’shilgayman, ona.

Yo’lida davom qilarkan, huv olislarda dalalari va tokzorlarini tashlab, shahar darvozasi tomon oshiqayotgan erkak va ayollarni ko’rdi. Ular dalalardan dalalarga sado berib, uning ismini takrorlashar va orziqib kutilgan kema kelib yetgani haqida biri biroviga xabar yetkazishar edi. Va shunda boz o’ziga-o’zi so’zlandi:

— Ayriliq hozirlagan bu kun qalblarimiz tutashgan kunga mengzarmi? Quyoshim botayotgan bu mahal, bil’aks, bizga saboh bo’lib qaytarmi? Omochini dalasida qoldirib, men tomon shoshayotganga va yo yangi hosildan sharob hozirlashini bas qilib, u ham o’zim tomon oshiqayotganga in’om etarim bormi? Qalbim mening mevalari zalvoridan egilgan og’ochga mengzana olarmi va qalbimda unmish hosilni bu kaslarga tortiq eta olarmanmi? Ularga sog’ingan, ilingan istaklarim-chi, favvora yanglig’ har tomon sochilarmi va favvoradan ular kosalarini to’ldira bilarmanmi? Sohibi qudrat ilkida yangragan cholg’umanmi, va yo Uning nafasi borlig’imni ziynatlamog’i uchun yaralgan naymanmi, kimman o’zi, ayt? Men — sukutlar izlab yo’lga chiqqan bir darvesh, ammo bu sukutlarda qay yombilar yashirin, toki ularni behadik ulasha olsam men? Magar bu kun mening tavalludim — qay bir dalalar bag’riga va unut bo’lmish qay bir mavsumlarga sochdim men urug’larimni? Vaqti-soati yetsaki, chirog’imni boshim uzra ko’targanim hamon, piliklarni o’t oldira bilmasman. Zim-ziyo zimistonda sassiz-sadosiz qolarkanman, tilagim — bu tun sohibi chirog’imni moyga to’ldirsin va o’zi olov ulashsin.

Bularning barini so’zlar shamoyiliga o’rab aytgan esa-da, yuragining tubida yana aytilmaganlari qolib ketdi. Illo, qa’ridagi teran sirlarini ayon qilish har kas uchun chandon og’ir yumushdir. Mana, u shahar ichra kirib borarkan, odamlar uning qarshisiga peshvoz chiqishdi, ko’zlar esa tez orada yetib kelajak ayriliq iztirobidan namlangan. Shahar keksalari olomondan ajralib, unga yuzlandilar:

— Senga yo’l bo’lsin, bu yerlardan ketgil, biroq bizni tashlab ketma. Zimiston hayotimizni yoritgan choshgoh quyoshi eding sen, va sening navqironliging bizni orzular haqida xayol qilishga o’rgatmish. Sen o’zimiz kabi bizlarning birimizdirsan, sen bu yerlarda mehmon emas — jondan suyukli dilbandimizsan. Iztirob chekma, safaring muborak bo’lsin, ko’zimiz toabad sening chehrangga mushtoq va giryon bunda qolarmiz.

So’ngra kohinlar-da unga yuzlandi:

— Bu dengiz to’lqinlari hargiz o’rtamizga ayriliq solmasin va sen biz ila o’tkarganing yillar toabad xotiraga aylansin. Sen qalblarda yuksak sevinchlarni uyg’otding, va sening soyangdan yuzlarimiz toabad charog’on bo’ldi. Suyuklilar ichra benazir eding, ammo ishqimizni oshkor qila bilmadik. Mana endi, ketar chog’ing muhabbatlarimiz sen tomon talpinur. Aslida ham shunday emasmi — ayriliq damlari yetib kelmas ekan, muhabbat o’zining qadrin o’lchay bilmas.

Tumonat to’plangan olomon ichra boshqalar-da unga iltijo bilan boqishardi. Ammo u hech narsa demadi, faqat boshini quyi soldi, shunda yaqinroqda bo’lganlar uning ko’zlaridan duv-duv yoshlar oqayotganiga shohid bo’ldilar. Hayal o’tmay esa olomon bilan birga Ehrom tomon, bosh maydon sari ketib borardi.

Ehromdan bir ayol maydon tomon chiqib keldi. Bashoratgo’y Almitra edi ismi. Ayol unga ayricha mehr bilan boqdi, illo, bu shaharda paydo bo’lgan ilk kunida uni ilk bor uchratgan ham va o’sha damdayoq unga shaksiz inonib, mehr qo’ygan ham shu ayol edi.

— Tangrimning nabiysi, — deya so’zlandi Almitra, — oliymaqom a’mollar istagi seni o’z kemang tomon muttasil yetaklamish. Va u yobonga kelib yetdi va sen bizni tark etgaysan.
Xayollaring va istaklaring o’lkasi seni chorlamakdadir, bas, shunday ekan, muhabbatimiz oyoqlaringga kishan solmagay, istak va ehtiyojlarimiz-da yo’lingga to’g’anoq bo’lmagay. Ammo o’tinch shuki, ketar ekansan, so’nggi bor biz-la so’zlash va o’zing izlab topmish haqiqatlarga bizlarni-da oshno et, inkishoflaringni toki biz farzandlarga in’om etaylik, ular-da o’z farzandlariga, shu taqlid cheksizlikka qadar, toki bizga oshkor etmish haqiqatlaring mangu qolsin. Tanholik ichra sen kunlarmizni kuzatmishsan va bedorligingda-da tushlarimizning quvonch va iztiroblariga sherik bo’lmishsan. Magar shunday ekan, endi bizga bizning o’zimizni oshkor et va tavalludimiz ila zavolimiz oralig’idagi barchasidan so’zla.

Va u Orfales ahliga yuzlandi:

— Sizga so’zlaydiganim bormi, bilmam. Hammasi bo’lib o’tgan, sodir bo’layotir va so’ngra davom etajak. Axir bularning barchasi sizlarning qalbingizda muttasil yashamakdadir.

1. MUHABBAT HAQIDA

— Modomiki bu ekan, — dedi Almitra, — Muhabbat haqida so’yla bizga, birodar.

U boshini ko’tarib, qarshisidagi olomonga nazar soldi, odamlar unga some’ bo’ldi. Va baland ovozda so’zladi:

— Qachonki sizni muhabbat chorlasa — ortidan oshiqing, garchi uning so’qmoqlari mashaqqatlarga to’lug’dir. Qachonki muhabbat qanotlari sizni og’ushiga olsa — inkor etmang, garchi qanotlar ichida yashirin xanjar sizga zahmat yetkazmog’i bor. Qachonki muhabbat siz bilan suhbat qursa — unga inoning, garchi uning sasi qahraton shabbodasi bog’larni barbod qilgani kabi orzularingizni kunpayakun etmog’i tayin.

Illo, muhabbat boshingizga toj kiydirgusi va ham sizni chormix etgusi. Kim aytibdiki, muhabbat sizning kamolingiz haqqi yaratilmish? U shuningdek, sizning og’ochingiz shamoyili haqqi shoxlaringizni ham butab turgusidir. Illo, muhabbat nafaqat qalbingiz daraxtining quyoshga tutash yuksak shohlarini silab-siypashni istar, va balki zaminga chirmashgan ildizlaringiz qadar enib, borlig’ingizni ham halokat qadar titratgusidir.

Jo’xori yaproqlari jo’xorini quchgani kabi, muhabbat ham sizni jips og’ushiga olgay. Jo’xorini yanchgani kabi, u sizni liboslaringizdan xalos etib, zarbalarga duchor qilgay. Tozalanib, poklangan jo’xori donalari kabi, u sizni tegirmon toshida yanchib, oppoq unga mengzagay. Unni xamir etib qorigan kabi, u sizdan nonliqqa xamir hozirlagay va shu tariqa muqaddas olovda jizg’anak etib, sizni Tangrining samoviy ziyofatiga ilohiy non yanglig’ tortiq aylagay.

Qalbingiz sinoatlarini anglamog’ingiz va ayni anglamoq ila Tiriklik qalbiga birikmog’ingiz haqqi muhabbat sizni shularga duchor etgay. Hamonki yurakda hadikka erk berib, muhabbatdan faqat sukunat va farog’at istamak bo’larsiz, vaqtida bu shashtdan chekinib, libosingiz egningizga iling va muhabbat tegirmoniga aslo yaqinlashmang. Bunda siz o’limtik kunlar bag’riga qaytmog’ingiz afzal va unda siz boshqa barcha kabi xandon kulasiz, ammo masrurlikdan emas, unda siz boshqa barcha kabi yig’lay olasiz, ammo zinhor qa’ringizdagi iztirobdan emas.

Muhabbat o’zidan o’zga narsani in’om etmagay va o’zidan o’zga narsani qabul etmagay. Shundan muhabbat o’zga hech narsani tasarruf etmagay va uning o’zini-da tasarruf etib bo’lmagay. Illo, muhabbat uchun bir muhabbatning o’zi kifoya qilgay.

Muhabbat sizga tashrif buyursa, demangki «Tangri qalbimdadir», bil’aks — «Men Tangrim qalbidadirman». Va siz muhabbatni oqimga sola bilurman deya o’ylamang, illo, magar sizni munosib bilar, uning o’zi sizni yo’llarga solgay.

Muhabbatning tanho birgina istagi bordir — o’zini ro’yobga chiqarmoq. Shu sabab, magar qalbingizda ishq unsa, muhabbatingiz xos tunlar kuyini chalayotgan yugurik jilg’a misol erib bitsin. Favqulodda mehr azobini totsin. Ishqni tub-tubiga qadar anglab, buning jarohatlarini-da bilsin va sevib-sevilib ado bo’lmoq yo’lida bag’ridan qonlar oqsin va bularning barini shodon qabul etsin. Sabohda parvozga shay yurak-la uyg’onib, muhabbatning yana bir kuni uchun shukronalar aytsin. Choshgoh mahal hordig’ida esa ishqning hayratlaridan xayollar sursin. Oqshomda go’sha sari shodon qaytarkan, yuragida tilovat, lablarida shukrona qo’shig’i ila uyqu bag’riga singsin. Muhabbatning istaklari mana budir.

2. NIKOH HAQIDA

— Magarki shundaydir, — dedi yana Almitra, — Nikoh haqida so’yla bizga, ustod.

U yana so’z aytmakka yuzlandi:

— Sizlar birga tavallud topmishsiz va hargiz biringiz birovingizdan ayri tushmassiz. Qazoning billur choyshabi kunlaringiz uzra soyabon bo’lganda-da, siz birga qolursiz. Shunday, Tangrining sokin xotirasi ichra-da siz mangu birga qolursiz. Ammo shuki, birga ekansiz, orangizda hartugul misqol qadar bo’shliq zohir bo’lsin. Illo, samo epkinlari sizlar aro emin-erkin raqslarga tushsin.

Bir-birovingizni seving, ammo muhabbatdan kishanlar barpo etmang. Nikohingiz beorom bir dengiz bo’lsin, qalblaringiz sohillari aro mudom chayqalib turgan. Jomlaringizni tiriklik suyi ila mudom to’ldiringiz, ammo hushyor bo’lingki, birovingiz jomi suvsizlikdan qaqrab qolmasin. Bir-birovingiz ila rizqni baham ko’ringiz, ammo hushyor bo’lingki, boshqangiz rizqi kemtik bo’lib qolmasin. Birga alyorlar ayting, raqslarda chapparlar uring va shodlik jomidan sipqoringki, ammo boshqa birovingiz yolg’izlikda ahyonlar tanho qolishiga izn bering, illo, sozning torlari ham ayro holda hamohang kuy barpo eta olgay.

Qalblaringizni bir-birovingizga in’om eting, ammo qulf ostida saqlamoq uchun emas. Illo, yolg’iz Hayotgina qalblaringizni o’z ilkida saqlay bilguvci. Hamisha birga bo’ling, ammo zinhor chirmashib ketmang, illo, ehrom ustunlari-da bir-biridan ayri saf tortmishdir — eman ila chinor ham biri boshqasining ko’lankasida o’smasligini ko’rmadingizmi?

3. FARZANDLAR HAQIDA

Bunda endi jujug’ini bag’riga bosgan ayol so’zlandi:

— Bizga Farzandlar haqida so’ylarmisan?

Va u javobga hozirlandi:

— Sizlarning farzandingiz — sizniki emasdir. Ular o’zini-o’zi kamol topdirish ila masrur Hayotning o’g’il va qizlaridir. Ular sizlar orqali tavallud bo’lmishlar, ammo zinhor sizning qa’ringizdan emas. Va garchi ular sizga taalluqlidir, ammo zinhor siz ularga sohib emassiz.

Siz farzandlarga muhabbatingizni in’om etarsiz, ammo o’y-xayollaringizni emas. Shuki, ularning o’z o’y-xayollari bordir. Siz ularning vujudlariga boshpana berarsiz, ammo zinhor ruhlariga emas, illo, ularning ruhi Ertaning qasrida istiqomatdadir va ayni qasrga xayollaringizda-da yo’l topish siz uchun dushvordir. Siz ularga o’xshashga intilgaysiz, ammo zinhor ularni o’zingizga o’xshatmang. Illo, hayot faqat oldinga ildamlagay va Kechmishni kutmagay. Siz bir kamonsiz, o’zingiz farzand atamish tirik o’qlarni oldinga yo’llaguvchi.

Mangulik aro miltillagan nishonni mo’ljal olgan Kamondor O’z qudrati ila iplaringizni tortgay, toki Uning o’qlari shitob ila olisliklar sari ucha bilsin. Kamondor ilkida egilarsiz, buni shodon qabul aylang, illo, U nishon sari yo’naltirilgan o’qlarnigina emas, garchi o’rnida qolsa-da, kamonini ham ardoqlagay.

4. EHSON HAQIDA

Bu gal davlatmand yuzlandi:

— Bizga Ehson neligin anglat.

Al Mustafo javob qildi:

— Ehson qilar ekansiz, tasarrufingizda bo’lgan mulkning atigi bir misqolini berursiz. Qachonki o’zingizdan, o’zligingizdan ulush tortiq qildingiz zamon — siz chindan ehson qilgaysiz. Bisotingizda bo’lgan buyumlarni tobakay ehtiyotlab qo’riqlaysiz, ular sizga erta albat asqotarmi? Ziyoratga otlangan muhojir ortidan ketmish itning bepoyon sahro qumlariga kemik yashirishi rivoyatini unutdingizmi? Zorlikdan qo’rquvning o’zi — zorlik emasmi? Tashnalik ehtimolidan dahshat tuyar ekansiz, garchi qudug’ingiz suvga limmo-lim bo’lsa-da, shuning o’zi emasmi yaydoq tashnalik?

Kimdir birov tasarrufida behisob moli bo’la turib, buning atigi misqolini ehson qilar ekan, boshqalar ham buni bilishini istaydi; ularning bu istagida ahloq misqolini topa olarmisiz? Shundaylar borki, o’zi och-nahor bo’la turib, so’nggi burda nonini boshqalar ila baham ko’rishni istaydi. Ana ular hayotning sahovatiga qalbi ila inongay va ularning bisoti hargiz bo’sh qolmagay. Kimdir birov qalbda quvonch ila tortiq etgay va ana shu masrurlik ular uchun ajr va mukofotdir. Ayrimlar bor, qalbida bir iztirob ila ehson qilgay va bu azob ularga qabrga qadar yo’ldosh bo’lgay. Nihoyat, yana bir toifa ahli shunchaki va beg’araz ehson etadi va bundan ular quvonch ham, ajr ham kutmagaylar. Ularning bu a’moli atirgul o’z bo’yini hech bir ta’masiz tabiatga tortiq qilgani yanglig’ tabiiydir. Ana ular Tangrining suyukli bandalari, ana ular O’zining dargohida mudom ardoqlidir va shu sabab-da Yaratganning barakoti bu zaminga muttasil yog’ilgay.

So’ralganda bergan yaxshi, ammo miskin qo’llar sen tomon uzalmasidan, barchasini so’zsiz anglagan holda ehson qilmoq yana-da a’lodir. Chin qalbdan ehson qilguvchi uchun ehsonga loyiqni izlashning o’zi ehson qilishdan ko’ra chandon ko’proq quvonch hadya qilgay. Tortiq etib bo’lmas matoh bormi, deb so’rar bo’lsangiz, bilingki, bisotingizdagi barcha narsa qachondir misqoliga qadar sarf qilingay, tortiq etilgay. Bu ekan, o’zingiz o’z qo’lingiz ila ehson qiling va aslo ertani kutmang. Illo, ehson qilish fursati sizniki bo’lsin, zinhor qiyomatga qolmasin.

Siz yana deysizki, «Men ehson qilgan bo’lardim, ammo munosibni qaydan izlay?». Bilmaysizmi, mevali bog’ingiz daraxtlari bunday demagay, yaylovlarda sochilgan jonliqlaringiz-da buni aytmagay. Ular tiriklik haqqi o’zidan ulush tortiq qilgay, illo, bermaslik — ular uchun zavol, demak. Bas, shunday ekan, kun va tunlari o’lchab berilgan birodaringiz boshqa narsalarni loaqal sizdan ham olishga munosibdir. Illo, tiriklik bahridan tashnaligin qondirishga loyiq ko’rilgan kimsa sizning buloqdan-da jomini to’latishga munosibdir.

Ammo hargiz unutmang, uzatilgan sadaqani olishdan ko’ra ziyod mushkul yumush yo’qdir. Jasoratu matonat, qat’iyat va mehru shafqat — qalban ehson beruvchi fazilatlari bo’lgani kabi, bular oluvchining ham sodiq yo’ldoshi. Men kim bo’libmanki, birgina ehson tufayli odamlar qarshimda yuztuban bo’lsalar va ojiz holatini chorasiz oshkor qilsalar? Ehsonga chog’lanar ekansiz, fikr qilingki, o’zingiz aslida ehson berishga loyiqmisiz, In’om Ulashuvchining vakili bo’lishga munosibdirmisiz? Ehson olgan sizlar esa, zotan barchangiz olayotirsiz, rahmatning o’lchami haqida o’ylamangiz, illo, bu bilan o’zingizga ham, ehson beruvchiga ham malomat keltirgaysiz. Bil’aks, beruvchining ehsoni qalbingiz darichalarini yana kengroq ochsin. Unutmangki, qarzdorlik hissini tuyar ekansiz, bu bilan siz beruvchining sahovatiga soya solgaysiz. Bilingki, bundan og’ir yuk yo’qdir, illo, kimsa sizga tuhfa ravo ko’rar ekan, uning ilki ila sahovatpesha zamin va Tangrining o’zi ehson qilayotir.

5. TAOMLANMAK HAQIDA

Keksa karvonsaroy sohibi unga yaqinlashmish:

— Bizga Taomlanmak haqida o’gitlaringni so’yla, ayo do’st.

Va u javob qilmish:

— Bir nabotot yanglig’ zamin bo’ylaridan nafas, quyosh nurlaridan esa quvvat olib, umrguzaronlik qilsangiz a’lo edi. Ammo modomiki, siz qorin to’ydirmoq uchun boshqalar jonini olishga majbur ekansiz, bu muqaddas bir marosimga aylansin. Insonda zohir oliy soflik va bokiralik uchun qurbonlikka keltirilmish begunoh jonzotlar haqqi dasturxoningiz hargiz nopoklikka chulg’anmagay.

Qachonki, bir jonliqni jonidan mosuvo qilar ekansiz, unga munojot qiling: «Seni bugun halok etgan qudrat meni ham bir kun zavol topdirgay va men sendan bugun taomlanayotganim kabi meni-da bir kun tasarruf etgaylar. Illo, seni mening ilkimga tutqazmish qismat meni-da boshqa bir qudrat dastiga topshirgay. Sen va men tomirlarimizda oqayotgan qon-la faqat behisht daraxtini sug’orgaymiz, inon». Qachonki, mevalardan totinar ekansiz, unga-da munojot qiling: «Faromush bo’lmaki, sening zuryod-urug’laring mening tanamda yashagay, ertangi kuning chechaklari esa qalbimni gullarga burkagay. Tarovating borlig’imni ziynatlagayki, fasllar osha birga xushnudlikda bo’lgaymiz».

Va qachonki, xazonrez kunlar tokzoringizdan hosil yig’arsiz, yana so’zlaning: «Mening o’zim-da bir tokzordirman. Mening hosilimni-da bir kun yig’ishtirgaylar va ezib-yanchib sharob etgaylar, vaalalxusus, meni mangulik ko’zasiga joylab yashirgaylar». Va qahraton kunlar ko’zalarni ochganingiz hamon xonadoningiz sharob bo’ylariga to’yinsa, shukronalik qo’shig’ini kuylang. Shukronalik qo’shig’ini kuylangki, bunda o’sha xazonrez kunlar, o’sha tokzorlar va o’sha tokzor hosillaridan xotiralar baralla barq ursin.

6. MEHNAT HAQIDA

Bunda mirishkor endi so’randi Al Mustafodan:

— Mehnatlarimiz borasida ne dersan? Bizga shundan ham mohiyatlar bayon etgaysan, ey matlub.

Javob qildi:

— Mehnat qilar ekansiz, siz hamisha zamin ila, uning qalbi ila birgasiz. Ammo tanballikka moyil ekansiz, mangulik tomon muttasil harakatda bo’lgan hayot oqimidan chetda qolishga mahkumsiz.

Qachonki mehnat qilar ekansiz, qalbi sadolaridan go’zal musiqa yaratmish nayga mengzangaysiz. Ayting, atrofda barcha narsa hayot qo’shig’ini hamohang kuylayotgan chog’ qay biringiz sukutga cho’mgan bezabon qamish bo’lishni istarsiz?

Sizga aytarlarki, mehnat — tavqi la’nat va kulfatdan o’zga narsa emas. Ammo men deymanki, qo’lingiz mehnatda ekan, zamonlar ostonasida bir damlar yuz ochmish orzularni qadam-baqadam joriy eta borarsiz. Qo’lingiz mehnatda ekan, hayotni siz chindan ardoqlaysiz, illo, hayotni mehnat ila sevmak — tiriklik sinoatlarini anglamak, demak.

Agar siz azob-uqubatlarda tavallud topmoqni — kulfat dersiz va mehnatni esa — peshonangizga bitilmish tavqi la’nat atarsiz, so’zlarim qulog’ingizga quyilsin — peshonangizga bitilmishni faqat qaro terlar ila yuvib, sidira olgaysiz.

Sizga hayotni — zulmat deya tanishtirmishlar va siz horib-charchagan ko’yi o’zingizdan avval horiganlar so’zlarini takrorlamishsiz. Toki ishtiyoq uyg’onmas ekan, tiriklik chindan zulmatdir. Ammo, toki ilm nuri ila ziynatlanmas ekan, har qanday ishtiyoqning ko’zlari so’qirdir. Shu kabi, toki mehnat hamroh bo’lmas, har qaysi ilm befoyda. Va toki muhabbat yo’q ekan, har qanday mehnat besamardir. Qachonki ko’ngilda muhabbat ila mehnat qilarsan, o’z-o’zingni toparsan, o’zga qardoshlaring va nihoyat, Tangri ila birikarsan.

Muhabbat ila mehnat qilmakning o’zi nadir? Bu shuki, baayni ko’ngling sohibasi uchun atalgan kabi, qalbingdan so’tilmish iplardan jamil mato to’qirsan. Bu shuki, baayni ko’ngling sohibasi bunda istiqomat qilmog’i haqqi, mehr ila qo’rg’on bino etarsan. Muhabbat ila mehnat qilmak yana shudirki, mehr ila urug’ qadab, xushnudlikda hosil yig’ishtirgaysan va mehringdan qonmish bu mevalardan ko’ngling sohibasi shukronalikda totingay. Yana budirki, o’zing barpo qilmoqda bo’lgan barcha narsalarni qalbing nafasi ila to’ldirarsan va bunda shular ila mashg’ul ekansan, bilginki, ulug’ ajdodlar yoningda har dam hamnafas va ular yumushlaringni rizolik ichra kuzatmoqdadir.

Uyqu og’ushidagi so’zlaringizga ko’p bora quloq tutdim. Siz aytasizki, yurak shamoyilini marmar yuzasiga bita olgan sangtarosh omoch sudragan dehqondan avlodir. Yana deysizki, samodagi kamalak suvratini matoga naqshlab, olqishlarga sazovor bo’lmish musavvir anavi etikdo’zdan ko’ra ardoqlidir. Ammo so’zlarim qulog’ingizga quyilsin — atrofda esmakda bo’lgan shamol jajji maysalar ila ne qadar nafis suhbat qursa, ulug’ emanlar bilan-da shu qadar muloyim so’zlashgay. Va shamollar sadosini qalbidagi ishqi ila totli qo’shiqqa mengzay olgan kimsagina chindan ulug’dir.

Mehnat — bu muhabbatning siz ko’ra olgay timsolidir. Modomiki, siz ishqsiz va bil’aks, nafrat ila mehnat qilarsiz, bundan ko’ra qalbida muhabbat jo’sh urgan o’zgalardan sadaqa tilamakni kasb qilganingiz durust. Illo, loqaydlik ila non yoparsiz, bu nonning ta’mi taxirdir va aslo o’zgalarni to’ydirmas. Illo, sharob tayyorlamakda ekansiz, mehringiz ulushidan-da mayga ulashing, bil’aks esa — ko’zalar may o’rniga safro ila to’lgay. Va magar farishta yanglig’ kuylay olsangiz-da, ammo bunda ishq yo’q ekan, kun va tun saslari behudaga badnom bo’lgay.

7. SHODLIK VA QAYG’U HAQIDA

Va bunda yana bir ayol so’radi:

— Bizga Shodlik va Qayg’ulardan ham so’ylagin endi, toki so’zlaring shodlik va qayg’ularimizni har dam ziynatlagay.

Dedi:

— Yuzingda zohir shodliging aslida niqobi yulinmish kulfat va qayg’uingdir. Illo, kulgularing manbai bo’lgan buloq aslida, aksar hollar ko’zyoshlaring ila limmo-lim edi. O’zgacha bo’lishi mumkinmi, axir? Senga yondosh kulfating qa’ringga ne qadar sizib kira bilar ekan, shodlik ham shu qadar esh o’rin egallay olur. Qo’lingda tutgan sharob kosasi ham bir zamonlar kulol o’tida toblanganini unutdingmi? Va yoxud qalbingni masrur qilgan bu cholg’u, aslida o’ymakor dastgohida kulfatlarga duchor bo’lmish o’sha og’och ekani ayon emasmi?

Shodliklarda masrur ekansan, qalbing qa’riga quloq tutgaysan va bilgaysanki, qayg’ularingga bois bo’lguvchi — senga quvonchlar ham ato etgusidir. Va qachonki nola tortib, anduh chekarsan, bunda-da qalbingga nazar sol — shaksiz anglarsanki, ko’zlaringni qaynoq yoshlar ila namlatmish anduh, aslida bir zamonlar senga adoqsiz shodlik tortiq etmishdi.

Orangizda kimingizdir aytarsiz: «Shodlik — qayg’udan ko’ra yuksakdir», boshqangiz e’tiroz qilgaysiz: «Aslo, Qayg’udir barchasidan ulug’». Ammo ikki qulog’ingizga quyilsin: ular mudom qo’l ushlashgan ikki opa-singildir va ular aslo bir-birin tark etmas. Ular kulbangizga hamisha birga tashrif buyurgaylar, va bilingizki, biri dasturxon uzra siz ila hamsuhbat ekan, boshqasi xos to’shagingizda oromdadir.

Umrguzaron ekansan, qayg’u va shodlik aro tarozu mili yanglig’ muttasil chayqalgaysan. Qachonki qa’ringda yaydoq bo’shliq hukmron ekan, muvozanatda sokin qolgaysan. Ammo bilginki, bul muvozanat aldoqchidir, illo, zeb-ziynatlarini o’lchamak tadorigida Yombilar Sohibi tarozuga qo’l cho’zgani hamon, sening shodliging yoxud qayg’u va kulfating ziyoda bo’lgay va balki nisbati quyi tushib, tamom arigay.

8. KULBALAR HAQIDA

Endi olomon ichra bir sangtarosh chiqib keldi:

— Bu tiriklik ichra ekanmiz, Kulbalarda panoh topgaymiz. Endi shulardan anglat bizga, ey qadrdon.

Al Mustafo javobga hozirlandi:

— Shahar devorlari panohi ichra uy barpo qilar ekansiz, o’yingizga erk beringki, aslida yaydoq tabiat qo’ynida kulba qurmoqdadirsiz. Ne qadar yolg’iz va olis ufqlarda adashgan bo’lmasin, qa’ringizda yashirin musofir aynan bu kulbani ko’rgay. Illo, siz uy barpo qilar ekansiz, o’zingizni muttasil unga baxshida etib borgaysiz, shu bois kulbangiz sizning davomingiz, qa’ringizdan tashqari tomon yo’l olmish bir tadrijingizdir. Uylar quyosh taftida ulg’ayib, tunlar sukunatida orom olgay. Va ular-da siz kabi shaksiz tush ko’rgaylar, tushlarida balki siz kabi rangin xayol surgaylar. Xayol surarkan, erkiga kishan solmish bu shaharni tark etib, huv anavi og’ochzor va yo adirlarda qo’nim topishni istamaslarmi?

Siz o’zingizga boshpana bilib, insho qilayotgan uylaringiz barchasini kaftimda jam qila olsam edim, ularni shashqol donalari yanglig’ o’rmonu dalalarga uloqtirgum edi. Shunda bu vodiylar ko’chalaringiz bo’lguvsi, maysa ungan so’qmoqlar esa xos yo’llaringizga mengzangay edi va sizlar tokzorlar aro yo’l bosib, bir-birovingizga tashrif buyurgaysizlar, liboslaringizda esa zamin iforlari har damlar barq urgay edi. Ammo bilarmanki, buning fursati hali yetmadi. Qo’rquvga bandi ajdodlar sizlarni bu devorlar aro jips qoldirmish. Azaliy bu qo’rquv hamon arib bitgan emasdir va toki u atrofda kezinar ekan, kulbangiz hurlikka chulg’anmish dala va tokzorlaringizdan ayri qolajak.

Ey, ahli Orfales, so’ylang menga, kulbalarda nelaringiz bordir? Qalbiga qulf solinmish eshiklar ortida nelarni yashirgaysiz? Qudratingizdan afsonalar so’zlaguvchi sukunat va sokin mayllar hukmronlikda muqimdirmi unda? Ayri tafakkurlar aro rishta bog’laguvchi, jilvakor samoviy burjlar yanglig’ ziynatlangan ko’hna xotiralar-chi, bular ham muqarrarmi unda? Tosh va og’ochlardan bino etilmish azaliy matohlardan yo’l olib, qalblarni muqaddas cho’qqilar tomon eltguvchi malohatdan nishona toparsizmi kulbalaringizda? Va yoki uylaringiz badastir rohatlarga cho’mib ulgurdimi va siz-da bu kelgindi battol hukmiga taslimmisiz endi? Ushbu makkora avval mehmon kabi tashrif buyurgach, hayal o’tmay butun borlig’ingizni istilo qilmagini bilmadingizmi?

Afsungar misol, u sizning barcha mayl va istaklaringizni o’z izmiga zimdan bo’ysundirgay. Garchand sizni alqab-siypalab, hushingizni olgan chog’ ilki muloyimdir, ammo qalbi uning mangu qadar toshdan yaralmish. Sizni garchi avrab-allalarkan, ayni damda ammo ehtiroslaringizni beomon tahqirlar qilgay va tuyg’ularingizni-da qoq somonga chirmab, bir chetga yig’ishtirib qo’ygay. Shinamlikda masrur turmush shu tariqa barcha ehtiros va ishtiyoqlaringizni tamom halok etgay.

Ammo, ey siz, uyqularida ham halovat bilmas ufq farzandlari, mudom bo’sh kelmagaysiz va dabdaba kishanlari ila o’zingizni jilovlashga hargiz qo’ymagaysiz. Biling, siz barpo etajak kulbalar bir joyda muqim qolishga mahkum langar emas, bil’aks, shamollar shiddatiga oshiq parqu yelkanlar kabi bo’lajak. Uylaringiz lahta qonlar sizgan jarohatlarni yashirguvchi serjilo choyshab emas, bil’aks, nigohlarni kulfatlardan asraguvchi xaloskor qaboqlar kabi bo’lajak. Va siz eshiklar aro ichkari qadam bosarsiz, parvoz uchun shaylangan qanotlarni yig’ishtirmagaysiz. Eshik raxlariga tegib, jarohat yetishidan tashvish chekib, boshlaringizni quyi solmagaysiz. Omonat devorlar nurab tushishidan hayiqmagaysiz va qalbingiz in’ikosi yanglig’ bag’ri bepoyon bu oshyonlarda emin-erkin nafas olgaysiz. Axir tiriklikda hayotlar uchun marhumlar bino qilmish sag’analarda yashamassiz.

Biroq har ne bo’lganda ham, kulbangiz ne qadar go’zal va ko’rkam bo’lmasin, pinhon tutilgan sirlaringiz va anduhlaringizni alaloqibat yashira olmagay. Shu sabab illo, sizning qa’ringizda yashirin va har qaysi sarhadlarni yakson etishga qodir tilsim samoviy qo’rg’onda mangu qolajak, darbozalari subhi sodiq shafaqlaridan naqsh olgan, oynalari bo’lsa — oqshomning sokin qo’shiqlariga esh samoviy qo’rg’onda mangu qolajak.

9. LIBOSLAR HAQIDA

To’quvchi hunarmandning ham Al Mustafodan so’rari bor edi:

— Egnimizga ilgan Liboslarimiz haqida nelarni so’zlarsan, ustod?

Dedi:

— Turfa xil liboslaringiz husn-malohatingizni tamom yashirgay, ammo ular qa’ringizda hokim noqisliklaringiz berkita bilmagay. Garchand liboslar ichra xos sinoatlaringiz saqlamoq istarsiz, ammo oqibat bunda o’zingizga bir kishan topgaysiz. O’ylang axir, oftob va tonggi sabolar bu liboslarsiz vujudingiz uzra masrur yallalar qurmasmi? Axir tiriklik tafti oftob nurlarida zohir, shoshqin epkinlar esa hayotning sizni erkalaguvchi qo’llari emasmi va siz shukronalar ila ularni xush qarshi olmagaymisiz?

Biringiz aytarsiz: «Egnimizdagi libos shimoliy epkinlar iplaridan to’qilmish». Bunda shimol epkinlari sizga shaksiz dastyor bo’lmish, ammo bilingki, to’quv dastgohining asil ismi — uyat va ibodir, sizning shinamlik istagiga moyil erka tabiatingiz esa bu matoga tola bo’lmish. Yumushini ado etgach esa, bu shamollar o’zi makon tutgan o’rmon ichra sizni masxara qilishini sezmadingizmi? So’zlarim qulog’ingizga quyilsin, kamtarinlik nopok nigohlardan asraguvchi qalqoningizdir. Nopoklar tamom bitar ekan, bu fazilat siz uchun kishan va yo soxta ro’yoga aylanmasmi? Yana faromush qilmangki, zamin har dam yalang oyoqlar taftini tuyishni istagay, shamollar esa yoyilgan sochlaringizni to’zg’itib, shodon chappar urishni orzulagay.

10. SAVDO VA SOTIQ HAQIDA

Bu gal endi tujjor yuzlandi:

— Bizga Savdo va Sotiq haqida o’gitlaringni anglat.

Aytdi:

— Bu zamin siz uchun mudom ne’matlarini tortiq qilar. Va bu tortiq etilmishlarni oqilllik ila istifoda etarsiz, zoriqish hargiz sizga begona bo’lgay. Illo, ne’matlarni tadbir ila ayirboshlarsiz, shaksiz davlat va farog’at topgaysiz. Ammo bilingki, bu yumush qalbdan qilinmas va ikki taraf rozi-rizoligi ila ziynatlanmas ekan, biringiz badnafslikka, boshqangiz esa xoru zorlikka yuz tutgaysiz.

Biringiz behalovat dengiz bag’ridan rizq tutib, boshqangiz esa dalada omoch tortasiz va yo tokzorlardan hosil yig’ib nasiba toparsiz. Shaharga qaytib, gavjum bozorlarda o’z mahsulotini yoygan to’quvchi va yo kulol hunarmandga, xushbo’y giyohlarini taklif etayotgan yana birovga duch kelasiz. Shunda siz albat Zamin qalbini ko’makka chorlang, toki u tarozu va hisobdan adashmakni sizdan begona qilsin, har narsa qadrini adolat ila o’lchamakdan saboq bersin. Bozorda ekansiz, yupun molini o’tkazish payida bo’lgan qalloblardan uzoqda bo’ling. Ularga aytingki, «Chinakam ne’mat istarsan, dala mehnatimda men-la yo’ldosh bo’l va yo boshqa birodarlarim ila dengiz tomon otlan, zotan, bizlardan sahovatini ayamagani kabi, zamin va yo behalovat bahr sendan ham ne’matlarini darig’ tutmagay».

Agarki bozorda baxshi va raqqos yoxud mashshoqlarni uchratarsiz, ularning ne’matlarini-da xarid qiling. Illo, ular ham siz kabi hosil yig’guvchilardir, garchi keltirmishlari xayol va ro’yolar bag’rida parvarish qilingandir, ammo ular qalbingiz uchun bir ozuqadir.

Yumushlaringiz oxirlatib, bozordan oyoq uzarsiz, hech bir kimsa quruq qo’l ila qaytmasligiga amin bo’ling, har kas ko’nglini oling. Illo, bozorga kelgan har kishining istagi qonmas va eng zaifning ham rizqi berilmas ekan, sizlarga o’git bergan Zamin qalbi zinhor halovat topmagay.

11. JINOYAT VA JAZO HAQIDA

Shahar qozisi ham bunda sas bermishdi:

— Tiriklikda yasharmiz, barchamiz noqisdirmiz. Shu bois Jinoyat va unga loyiq Jazo haqida uqdirgin bizga.

Javob so’zlandi:

— Shamollar chirpirak qilmish xazonlar holini ko’rmadingizmi? Daydi shamol hukmidagi xazonlar misol sizning ruhingiz-da sargardonlik yo’liga tushar bo’lsa, qalbingiz muvozanati buzilgay, vasvasalar sizni yo’ldan ozdirgay va o’zgalarga zulm o’tkazursiz. Bilingki, boshqalarga zulm qilarsiz, o’zingiz-da omon qolmagaysiz. Siz sodir etmish qabohatga shaksiz jazolar muqarrar. Faqat sabr-toqat ila hukmni kutmak endi sizning qismatingizdir, illo, bir kun falak darbozasi qarshisida paydo bo’lishingiz bor, illo, bundan faqat ezgu a’mol egalari ichkari qadam qo’ya olishlariga shohid bo’lishingiz bor.

Qa’ringizda qo’nim topmish fitratning ilohiylik mahraji ulug’dir. Va u mangu musaffo qolajak. U bir iliq epkindir — parvozga rag’batlilarga ko’makdosh. U bir quyosh kabidir — taftli va ham qadrdon. Zulmat chulg’amish bexosiyat yo’llar ila unga aslo yetib bo’lmas. U qalbingiz yuksak osmonlarida mudom pinhon. Ammo ayni paytda qa’ringizda o’zga unsurlar ham yashirin. Tarixning olis ibtidolari vahshat so’qmoqlarida kezgan, tafakkur nishonalari hali mudroq notavon ajdodlar unsurlari-da sizda istiqomatdadir. Ammo men sizda zohir Inson bilan so’zlashmak istayman, illo, yolg’iz ugina jinoyat ne demak va unga ko’ra jazo mustahiq ekanin anglay bilar.

So’zlaringizga ko’p quloq tutdim — qabohat yo’liga kirmish birov haqida so’zlarkansiz, baayni u sizlardan emas, bil’aks begona va ajnabiy deya qabul qilasiz. Ammo so’zlarim qulog’ingizga quyilsin — qaysidir taqvodor va yo tabarruk avliyo har biringiz qalbingizda pinhon bo’lmish ulug’likdan-da yuksakroq bo’lolmagani kabi, johil va ojiz kimsa-da har biringizda yashirin qabohatdan ham quyiroq ina bilmas. Jaholat va rahmoniyat shu tariqa sizda mudom birlikda boqiydir.

Loaqal bir yaproq og’ochining rag’batisiz sarg’ara bilmas. Orangizdagi bir battolning yovuzligi ham baayni shu kabi — loqaydligingiz mevasidir. Illo, ilohiy mohiyatingiz tomon ayro emas, bil’aks izdihomda yo’lga chiqmishsiz. Izdihomda ekansiz, yo’l ham o’zingiz, yo’lovchi ham o’zingiz. Adoqsiz uzun bu yo’lda qoqinib qular ekansiz, biling, buning hikmati bordir, illo, ortingizda kelayotgan boshqalar holingizni ko’rib, yo’ldagi xatarni bilsinlar. Ammo shuki, siz o’zingizdan avvalgilar tufayli yuztuban qulamishsiz, illo, ular kuchli va chapdastdir, biroq yo’ldagi bu toshni olib tashlashni ep bilmabmish.

Dilingizga botar yana so’zlarim bor. O’ldirilmish kishi o’zining bu zavoli uchun ajrdan qutulib qololmagay, tunalgan qurbon ham tunalganlik uchun hukm etilgay, mo’min kishi anavi osiyning qilmishlaridan o’zini chetga ola bilmagay va soxtakorning yumushlari-da rostgo’yning mavqeiga albat soya tashlagay. Baski, zulmkorning o’zi aksar holda mazlum g’aribning qurbonidir. Demangki, hukm etilmish kimsa qilmishiga munosib jazo olmish, bil’aks, sho’ring qurgur bu mahkum gunohlardan forig’ qolmish boshqalar haqqi hukm zalvorini ortmoqlab bormoqda. Bilingki, haqni nohaqdan, yaxshini esa fosiqdan keskin ajratib bo’lmas, illo, qalblarni yoritguvchi oftob qarshisida ularning har ikkisi barobar va birgadir. Ular baayni bir-biroviga chatishib to’qilgan oq va qora iplar kabidir va zamonki kelib iplarning biri uzilar, matoning bari ko’zdan kechirilgay, to’quv dastgohi-da nazardan chetda qolmagay.

Va zamoniki, bevafo bir juvon ahloqini muhokama etar bo’lsangiz, bu ayol hojasi qalbini-da tarozuga soling, toki muqarrar jazo har kimga barobar taqsim bo’lsin. Va zinokor betavfiq uchun jazo qamchisin hozirlar esangiz, ozor yetmishning qa’riga ham durustroq nazar soling. Va pokdomonlar nomi ila hukmni bajo keltirmoq bo’larsiz, yovuzlik daraxtiga bolta solish avvalida ildizlariga ham bir qur qarab qo’ying. Va qabohat ildizi ezgulik tomirlari ila chambarchas birlikda, barakot ildizlari esa talafot tomirlari ila zaminning sokin qalbi panohida mangu payvand ekaniga bunda shaksiz amin bo’lgaysiz. Modomiki shunday ekan, adolat mezonini ustivor bilgan siz qozilar, vujudi pok, ammo qalbi chirkinga qay tariqa hukm hozirlagaysiz? Boshqalar qalbida halok etilganga qay bir jazoingiz bordir? Va barcha qilmishlari soxtakorlik va zulm bo’lsa-da, ammo ayni paytda uning o’zi firib qurboniga do’nib, zulm mevasini totganga qay bir jazoni munosib ko’rgaysiz?

Takbir etgan tazarrusi sodir etmish qilmishidan ko’ra chandon ulug’ bo’lganlarni-chi, jazolay bilarmisiz? Zotan, odil mahkamaning istagi aslida ham shu emasmi, adashgan
gumrohning tavba va tazarrusi emasmi bu muhokamaning asl muddaosi? Binobarin, aybsizga tazarruni ravo ko’rilmas, osiy qalbidan esa tavbani qo’porib tashlay bilmagaysiz.

Tazarru uyqularni badnom etib, tunlari beomon tashrif buyurgay va har qilmishni sarhisob qilmakka undagay. Adolat ila hukm etmakni istayotgan sizlar esa qilmishning har jihatiga nazar solmasdan, haqni anglay bila olurmisiz? Muqarrar hukm qarshisida titrayotgan mana bu inson har kas qa’rida muqim jaholat va ziyo aro muallaq qolmish arosat bandasi ekanini shundagina anglay bilursiz. Illo, ehrom poydevorini barpo etmish toshlarning katta va kichigi-da aslida ayniy va mushtarakdir.

12. QONUNLAR HAQIDA

Endi so’rar navbati kelganini anglagan faqih bunda yuzlandi:

— Qonunlarimiz haqida ne dersan, ustod?

U javob qildi:

— Sizlar ishtiyoq-la adoqsiz qonunlar yaratgaysiz va maroq-la ularni har gal buzarsiz. Bunda siz sohilda qumlardan qo’rg’on barpo qilib, so’ngra buni sho’x-shodon vayron qilayotgan jujuqlarga o’xsharsiz. Qumloqda mo’rt imoratlar qurarsiz, dengiz ham sohilini qumlarga muttasil to’ldiraverar. Bino qilganingiz vayron qilarsiz, mahobatli bu bahr ham to’pori qalbingizni masxara qilishdan horimagay.

Ammo har kas sohilda qo’rg’onlar qurmagay. Insonlar borki, atrofda kechmoqda bo’lgan bu hayot ular uchun dengiz emas va yaratilmish qonunlar-da qumqo’rg’on emas. Bular uchun hayot — baayni dengiz bag’rini yorib chiqmish qoya, qonunlar esa qo’ldagi cho’qmordir va u bilan qoyaning shaklini o’z mayliga ko’ra o’zgartirmak istaydi. Raqslarni xush ko’rmas nogironga qay ta’rifingiz bordir? Qozig’iga tamom mehr qo’ymish bir taka o’rmonlar ichra hur kezayotgan ohularga kibr-la boqib, ularni uyi yo’q satanglar, deb bilsa — ne dersiz? Ko’hna terisini tashlamoqqa madori qolmagan keksa gazanda boshqalarini behayolikda ayblasa, ne deylik? Va nihoyat, barchadan avval to’yga kelib, ne’matlardan nafsi qongach, uyiga ravona bo’lar chog’i bu hashamlarga la’nat aytgan va ziyofatgo’ylarga esa qonunbuzar tavqini bosgan odamga ta’rifimiz ne bo’lar?

Bu toifa haqida aytarim budir — garchi mudom oftob ostida bo’lsa-da, ular quyoshga tik qaray olmagay. Umrguzaron ekan, ular har dam faqat soyalarini ko’rgay va ularni chin qonun o’rnida bilarlar. Bular uchun quyosh — ko’lanka yaratishga moyil bir matoh. Ammo bu kaslardan farqli — muvaqqat bu zamin yuzasidagi o’tkinchi bu suvratlar quyoshga peshvoz chiqmish sizlarga to’g’anoq bo’la olurmi? Beqaror bir varrak shamollar ila do’st tutinmish sizlarga yo’l ko’rsata olarmi? Kishanlarni barbod etib, o’zgalarni-da ozod ko’rmak murodingiz esa, insonlar insho etmish yasoqlar sizni to’xtata bilgaymi? Hurlik qo’shig’in kuylaganingiz chog’ atrofdagi tuzoqlarni dog’da qoldira bilarsiz, dilingizga yasoqlar vahm sola bilmas. Vujudingiz va qa’ringizni chulg’amish liboslardan nihoyat soqit bo’larsiz, hech kas sizga malomat qilmagay, ammo sharti budirki, siz qozonmish hurlik zinhor boshqalar erkiga zavol keltirmagay.

Ay Orfales ahli, so’zlarim mudom yodda tutgaysiz: nog’oralar sadosini tindirib, cholg’u torlarini-da uzarsiz, ammo ko’kdagi to’rg’ay nolasini zinhor o’chira bilmassiz.

13. HURLIK HAQIDA

Bu dam suhandon notiq yuzlanmish:

— U holda bizga endi Hurlik haqida so’zlarmisan, do’sti fozil?

Demish:

— Shahar darbozalari qarshisida va uylaringiz sukunatida erkingizga shukronalar qilganingizni ko’p bora ko’rdim. Hurlikka shu tarzda hamdlar bajo keltirarsiz, qatl etilishi ayon bo’lsa-da, mustabid oyog’i ostida yerparchin bo’lib, hojasini madh etayotgan qullarga o’xshatdim sizni. Har qadamda bu ahvolga duch keldim, va bildimki, sizga in’om etilmish erkni bir kishan yanglig’ ko’tarib yurgaysiz. Holatingizdan yuragim tilka-pora bo’ldi, illo bu kabi hurlikni aslo e’tirof eta bilmasman. Shu bois ikki qulog’ingizga quyilsin, chindan ozod bo’lish istarsiz, bu istak siz uchun odatga aylansin va hurlik haqida bo’lar-bo’lmas va’zlar o’qishni bas qilgaysiz. Ehtimol, shu holatda siz hurlik ostonasiga chindan qadam qo’yarsiz.

Bir xil va betus kunlaringiz tinimsiz g’ussalarga to’lsin, tunlaringiz esa mayl va anduhlaringizdan larzaga kelsin. Tadbiri mushkul tashvish va qalbingizni o’rtaguvchi bu anduhlar changalidan xalos bo’ldingiz zamon — siz chindan odmi turmush uzra yuksalgaysiz, garchand liboslardan forig’siz, ammo kishanlar rishtalarini uzdingiz hamon — siz chindan hur va ozod bo’lgaysiz.

Hali turmushingiz ibtidosidayoq atrofingizni o’zingiz chirmab chiqqan zanjirlarni parchalamassiz, tun va kunlaringiz uzra yuksala bilmassiz. Axir siz erk atayotgan narsa, aslida o’sha kishanlarning barqaroridir, oftobda charaqlamish xalqalari esa hademay ko’zlaringizni so’qir qilguvsi.

Qa’ringizda yashirin mohiyatni parchalab, chindan hur bo’lishni istamasmisiz? Parvozga qo’ymas adolatsiz qonunlarni bekor qilishni istarsiz, ammo unutmangki, bu yasoqlarni bir zamonlar o’zingiz manglayingizga bitmishsiz. Barcha qonun daftarlarin otashlarga yem qilsangiz-da, ammo peshonadagini sidira olmassiz, dengizning barcha suvlarini keltirsangiz-da, ammo manglaydagini yuva olmassiz. Magarki zulmkor mustabidni taxtidan mosuvo qilishni istarsiz, dastavval qa’ringizga boqing — bir zamonlar qalbingizda rostlanmish taxtiravon barbod etilganmi? Zotan, qalblarida hali istibdod hukmron, g’ururi ichra esa hamon istihola yashirin bo’lganlar — zolimlar ostida mudom qolajaklar. Va agarki, tashvish va anduhlarni barbod qilmak istarsiz, bilingki, bularni ham bir zamonlar o’zingiz zimmaga yuklamishsiz. Va yana qo’rqinchlaringizni parokanda qilishni istarsiz, unutmang, qo’rquv uyasi siz hadiksiragan birovning qo’lida emas — o’z qalbingizda sobitdir.

Haqqi rost, qa’ringiz va qalbingizda muqim barchasi muttasil chambarchaslikda harakatda bo’lgay. O’zingiz chin dildan istagan va yo qalbingizga g’ulu solgan narsalar, manfur va yo muqaddas tuyg’ular, siz intilgan va yo mudom nari qochgan holatlarning bari — chindan o’zaro chambarchas birlikda mavjuddir. Bular bari baayni yorug’ dog’lar va ko’lankalar misol har dam juftlikda harakatlanur. Qachonki ko’lankalar biri yorug’lik ila birlashgach, tarqalib bitsa, undan qolmish elas xotira ravshanroq boshqa nur ko’lankasiga mengzangay. Kishanlardan xalos bo’lmish sizning hurligingiz-da, shu yanglig’, ulug’roq boshqa hurlik oyoqlarida chatishgan zanjirga mengzangay.

14. AQL VA EHTIROS HAQIDA

Bashoratgo’y Almitra unga yana peshvoz chiqdi:

— Aql va Ehtiroslarimiz haqida aytar fursating ham kelmish.

Javob qildi:

— Sizning qalbingiz — muttasil muhoraba maydonidir va unda aql-idrokingiz mayl-ehtiroslaringiz ila muttasil kurashdadir. Agarki qalbingizga taklif etsangiz edi,
qa’ringizda hukmron bu ixtilof va bu kurashni mushtarak ohanglar kuyiga mengzagum edi. Ammo o’zingiz murosa ridosini kiymassiz, mendan yana ne kutgaysiz?

Qalbingiz kemasi aql va ehtiroslaringiz ila boshqarilgay. Yelkanlar va yo idora chambaragi nosoz ekan, to’lqinlar hukmida bemaslak daydishga va yo dengiz bag’rida bemajol qotishga mahkumsiz. Illo, yolg’iz aql-idrok hokimligi — me’yoridan oshmish qudrat, tizginsiz ehtiros esa — kuydirib kul qiluvchi otash demak. Shu bois aqlingiz ehtiros yuksakligi qadar parvoz qilsin, toki ehtiros ila ziynatlanmish idrok ko’ngillar kuyini chala bilsin. Shu bois aqlingiz ehtiroslarni oqilona yo’lga sola bilsin, toki kunlar kechsa-da, baayni olovlarda toblangan qaqnus misol bu tuyg’ular har gal qayta oyoqqa qalqsin.

Istaramki, siz mushohada va mayllaringizni dasturxon atrofida yig’ilmish ardoqli mehmonlar, deb biling. Har biriga munosib mulozimat ko’rsating, axir bilarsiz, mulozimat farqli bo’lar ekan, ikkisining ham mehr-muhabbatini boy berarsiz.

Adirlar qo’ynida va adl daraxtlar soyasida dala-dashtlar sukunatiga mahliyo ekansiz, qalbingiz bu sokinlikni mudom tarannum etsin va desin: «Tangri idrok ichra oromdadir». Atrofda bo’ron qo’zg’olib, daraxtlarni asov shamollar larzaga solsa va chaqinlar samoning ulug’ligin tarannum etsa, qalbingiz-da masrurlikda takror hayqirsin: «Tangri ehtiros-la faoliyatga kelmish». Ilohiy birlikning illo bir karra nafasi va yo Parvardigor daraxtzoridan loaqal bir yaproqdirsiz, siz-da idrokda orom oling va har gal ehtiros-la faoliyatga keling.

15. UQUBATLAR HAQIDA

Bir ayol bunda savol so’ramish:

— Azob va Uqubatlarimiz-chi, ularga ta’riflaring qay yo’sinda bo’lar, ey aziz?

Dedi:

— Buyumlar mohiyatidan sizni pana qilmish qobiq chatnagach, sizga azob va og’riq kelur. Mevaning mag’zi alvon yurak misol oftob qarshisida hozir bo’lmog’i uchun metin danagi yorilmog’i lozim, siz-da azoblarni shu kabi anglamog’ingiz vojib. Atrofda kechmoqda bo’lgan hayotning har lahzasida hozir bo’lmish mo»jizalardan muttasil hayratlanishda davom qilsangiz edi, azoblaringiz sizga og’riq emas, illo masrurlik hadya etgusi edi. Qalbingiz fasllari almashinuviga bemashaqqat ko’nikkan, qayg’ularingiz qahratonlarini esa itoat-la qarshi olgay edingiz. Axir, siz dala-dashtlaringiz uzra muttasil kechayotgan mavsumlarni zinhor inkor etmagaysiz.

Uqubatlarning aksarini siz o’zingiz tanlamishsiz. Azoblaringiz taxir ta’mli malhamdir va u bilan tabib qa’ringizni davolagay. Shu bois tabibga quloq osing va uzatilmish malhamni itoat-la istifoda eting. Unutmang, bu tabib ham yuksakroqda Pinhonning amri ila muolaja qilgay, labingizni kuydirgan kosa ham Kulol zahmatidan bino bo’lmish va Uning O’zi-da sohir yoshlari ila tuproqni namlamish va siz uchun loy qorimishdir.

16. O’ZLIKNI ANGLASH HAQIDA

Endi bir er kishi oldinga chiqdi:

— Biz O’zni qanday Anglay bilurmiz? Shundan so’zla bu gal.

Shunday javob qildi Al Mustafo:

— Qalblaringiz kun va tunlar sinoatlaridan boxabardir, ammo mudom sukut saqlagaylar. Quloqlaringiz yurak bilganin tinglamoqqa har dam mushtoq. Va qa’ringiz tublarida siz hamisha ogoh bo’lmish haqiqatlarni endi so’zlar shamoyilida tinglagaysiz. Va endi siz xayoldagi orzularingiz yalang’och vujudini barmoq ila paypaslay bilursiz.

Aslida ham shunday bo’lmog’i lozim. Vaqtiki kelib, qalbingiz tilsimlari ko’z ochmog’i va masrurlik kuyiga hamohang dengiz sari talpinmog’i tayin. Fursatiki kelib, qa’ringizda pinhon yombilar alal-oqibat qarshingizda namoyon bo’lmog’i bor. Ammo sharti shudirki, mukashshaf bu dafinalarni tarozu ila o’lchamoqqa oshiqmagaysiz, anglamoqlik qa’rini anjom ila o’lchamoqni xayoldan soqit qilgaysiz. Illo, bu qa’rlarda qo’nim topmish va ilohiy ziyolar ila ziynatlanmish fitratingiz sarhad bilmas, adog’i yo’q bir bahrdir.

Va bunda demangki, «Men Haqni topdim», bil’aks, ayting — «Men Haqning zarrasini topdim». Yana zinhor so’zlamangki, «Qalb yo’lga tushmish so’qmoqni ko’rdim», bil’aks, ayting — «Mening so’qmog’imdan borayotgan qalbni uchratdim». Illo, qalb tanho bir yo’lni tanlamas va yolg’iz qamish yanglig’ bir joyda tek o’smas. Illo, qalb bir nilufargul kabidir, yaproqlari birin-sirin ochilgach, sanog’idan adashtirgay nilufargul kabidir.

17. TA’LIMOT HAQIDA

Bunda bir murabbiy murojaatga yuzlandi:

— Bizga Ta’limotdan hikoyalar bayon etgin, ey ustod.

Dedi:

— Bir zamonlar sizda ma’rifat nishonalari ko’z ochmish. Ma’rifatning shu ilk sabohlarida muqim bo’lmishidan o’zgani sizga kimsa ko’rsata olmas. Davrada dars o’tmish murabbiy toliblarga o’z zakovatini in’om eta bilmagay, ammo faqat e’tiqod va muhabbatga qobillikni tortiq qilgay. Fozil murabbiy sizni donishlik kulbasiga kiritmagay, ammo o’z zakovatingiz ostonasiga yo’l ko’rsatgay. Munajjim borliqni ne tarzda anglamoqni ifoda etishi mumkin, ammo u o’z idrokini sizga jo qila bilmagay. Atrofda oqmoqda bo’lgan ohanglar haqida mashshoq kuylashi mumkin, ammo bu ohanglarni ilg’ay bilishingiz uchun loyiq eshitma sizga hadya eta bilmas. Raqamlar ilmidan voqif kimsa vazn va o’lchovlar olamidan hikoya so’zlar, ammo u sizni bu olamga olib kira bilmas. Zotan, bir kimsaning fahm iqtidori o’zgalarni ham hukmiga ola bilmas, bu faqat bir kimsa sarhadi ila cheklanmish va bunda shaksiz yakun topar. Illo, har biringiz Tangri qarshisida tanho hozir bo’lganingiz kabi, Uni va Zaminni-da anglab yetishda yolg’iz qolmog’ingiz vojib qilindi.

18. DO’STLIK HAQIDA

Mo’ylari sabza urmish o’spirin izdihom o’rtasidan Al Mustafoga peshvoz yurdi:

— Do’stlikdan saboqlaringga ham qalblarimiz mahtal, buning neligin anglatarmisan?

Va u javob qildi:

— Do’stlikdan sizga so’zlar so’zlarim ko’pdir. Aslida do’st nadir? U shudirki, muhabbat urug’larini avaylab qadaganingiz hamon nihollarni mehr ila parvarishlagaysiz va vaqtiki kelib, masrurlik ichra bo’liq hosil yig’gaysiz. Do’stlik ehtiyojlaringizni qondirgay chorbog’ dalangizdir. Va yana u sizning barakotga to’lug’ dasturxoningizki, ochlik va tashnalikdan sillangiz qurigan hamon, mehrdan hozirlanmish taomlardan totingaysiz va uning bag’rida sukunatda orom olgaysiz.

Do’stingiz sizga pinhon o’y-xayollarin oshkor etsa, uni har dam masrur qarshi oling. Sukutga cho’mgan chog’lari esa qalbingiz uning diliga payvand bo’lsin va bu dil tebranishlariga shaksiz quloq tutsin, illo, siltamalar ichra sizga ilinmish elas mujdalardan-da har dam ogoh bo’lgaysiz. Ikki orada do’stlik barqaror ekan, adog’i yo’q o’y va xayollar, chegara bilmas hohish va umidlar ko’z ochar hamda bularning bari masrurlik ila o’zaro baham ko’rilgay. Ammo vaqtiki kelib, yo’llaringiz ayro tushar bo’lsa, iztiroblarga botmang, illo do’stlikda qadrlanmish javhar firoqda yana ravshanroq ko’ringay. Axir sayyoh ichikib talpinmish cho’qqilar ham olislardan durustroq ko’rinmagaymi?

Do’st bo’lsinki, o’zaro hamohanglik kuyi ichra ruhingiz masrur kamol topsin. Illo unutmangki, qa’rlarda yashirin va tanho do’stga atalmish tilsimlarni mukashshaf etmak — do’stlik murodlarining ulug’idir. Magarki, ikki orada bundan o’zga g’araz bor emish, chin do’stlik va yo muhabbat bu emas, va bil’aks, oqar daryoga ko’r-ko’rona to’r solmoq demak. Axir daryoga tavakkal to’r solgach, qurbaqalar ilinsa-da, ovidan masrur sho’rlik baliqchi voqeasini unutdingizmi?

Men sizga aytarman, qalbingizda neki yashirin — barchasi do’stingizga bo’lsin. U sizning sabohlaringizdan boxabar ekan, nega shomlaringizni undan sir tutarsiz? Hali yashashga fursatingiz bor va so’nggi safarga chorlov yetib kelmagan ekan, har dam do’st ila suhbatga oshiqing. Illo, do’st birgina qalb bo’shlig’ingiz to’ldirmagay, u sizning mayl va ehtiyojlaringizni-da anglagay. Shakarguftor suhbatlaringiz kulgu va quvonchlaringiz ila har dam ziynatlansin. Illo, qalblar shu kichik holatlar ichra ham kamolga yo’l izlagay.

19. SO’ZLAR SO’ZLAMAK HAQIDA

Bunda bir fozil endi so’zlamish:

— Bizga So’zlar va Suhbatlardan aytgin, ustodi donish.

Dedi:

— Necha zamonki o’zingiz istiqomatda bo’lgan o’y-xayollaringiz olamini tark etarsiz, tilga kirgaysiz va so’zlay boshlarsiz. Qalbingiz tanholigi ichra ortiq qola bilmaganingiz hamon tovushlar jilvasiga o’ralmish so’zlar lablaringizdan uchib chiqqay. Ammo bu so’zlar aksari hali chalajon, tiriklikda hali sobit tura olmasdir. Illo, so’zlar libosida namoyon fikr keng havolarda parvoz etishga mushtoq qushga o’xshar, ammo bilingki, so’zlardan tiklanmish qafas ichra qanot yoya bilsa-da, ammo aslo parvoz eta olmasdir.

Orangizda shundaylar borki, vaqti kelib, o’zining tanholigida yolg’iz qolish vahshatidan talvasaga tushgay va so’zamol suhbatdosh izlashga tushgay. Sukutga cho’mgan tanholik ichra qolmishning qa’ridan sinoatlar yechilgach, ular o’zini-da tark etishni istagay. Yana birovlar borki, mashvaratlar chog’i beixtiyor ayrim haqiqatlarni bayon qilgaylar, ammo o’zlari-da buni anglamaslar. Yana birlarning qalbi ichra haqiqat javhari mudom yashirin, ammo ular buni indamaslar, so’zlarni behuda isrof etmaslar. Illo, ayni shu toifa qalbida ruh bir uyg’un va mutanosib sukunat oromida istiqomat qilgay.

Adoqsiz yo’llar va yo gavjum bozorlar ichra do’stni uchratarsan, qa’rdagi ruh zaboningni tebratsin, qalblar payvand tutashsin va lablardan uchmish mas’ud so’zlar qalbdagi niyatlar ila hamohang bo’lsin. Illo, chin do’stga neni so’zlarsan, barchasi qalbiga quyilgay va zamonlar kechsa-da, benazir dafina yanglig’ mangu asrab-avaylanur.

20. VAQT HAQIDA

Bu gal endi munajjim savol qotmishdi:

— Vaqt nadir, zamon ne demak, ustod?

Al Mustafo aytmish:

— Siz hadsiz va hududsiz vaqtni har dam o’lchamga solishni, uning sarhadlarini o’z bilgancha ihotalashni istaysiz. O’zingizni zamonlar nafasiga sozlagan ko’yi hatto ruhingizni-da soat va mavsumlar o’lchamiga solishni istaysiz. Vaqtni baayni bir daryoga mengzab, sohilida zamonlar oqimini rohat-la kuzatmak hohlaysiz. Ammo hayot zamonlar oqimiga aslo tobe’ emasligin fitratingiz har dam anglagay, va to’kis bilgayki, kechmish aslida bugunning xotirasi, erta esa — bugunning bag’rida o’ylangan orzu demak.

Mangulik kuyin chalib, atrofda kechmakda bo’lgan hayotni kuzatgich fitrat makon va zamonlar ko’z ochmish o’sha ilk soniya sarhadlarida hamon yashamakdadir. Uning sevgi qudrati chegara bilmasligini anglarmisiz? Sarhadsiz bu muhabbat tanho uning bag’riga jodir, va u bir qalbdan boshqasiga ko’chib o’tmas, bir kasdan boshqasi tomon harakat qilmas. Xuddi shu kabi vaqt ham bo’linmas va adoqsizdir. Ammo, bas, vaqtni mavsumlar ila o’lchashga mahkumsiz, unda siz belgilamish har mavsum boshqalarini ham bag’riga olsin, fasllar kechar ekan, har mavsum bir vaqtning o’zida boshqalarini ham taqozo etsin, nazarda tutsin. Toki, bu kun o’tmish kunni xotiralar ichra bag’riga olsin, ertani esa ehtiros-la mudom orzulasin.

21. EZGULIK VA YOVUZLIK HAQIDA

Shahar oqsoqollari ham bunda jamul-jam edi. Ana shularning biri murojaat qildi:

— Ezgulik va Yovuzlik haqida ko’p xayollarga botarmiz. Sen buning ne ekanin anglatgaymisan, qadrdon?

Va u javob qildi:

— Ezgulik sizda har dam barqaror. Bu fazilatingiz haqida adoqsiz so’zlay olarman, ammo zinhor yovuzlik haqida emas. Axir yovuzlik aslida — yo’qsillik va tashnalik iskanjasida uqubatlarga duchor bo’lmish ezgulik ekanin nahot bilmassiz? Zotan, azoblar zabtida qolmish ezgulik hatto zimiston xilvatlaridan o’ziga ne’mat va ozuqa izlagay, tashnalik sillasin quritsa — ko’lmak suvlar bilan-da chanqog’ini qondirmoq
istagay.

O’zingiz bilan mushtarak ekansiz, siz har dam yaxshi fazilatlarga sohibsiz. O’zaro tafovutlar ichrasiz, ammo yovuzlikka hali begonasiz. Ahillik yo’qolmish xonadon ham hali yovuzlar makoni emas, bil’aks hamjihatlik tark etmish kulbadir, xolos. Boshqaruvsiz kema ham xatarli qoyalar aro maslaksiz suzar, ammo g’arq bo’lishdan omon qolmog’i ham bor.

O’zgalarga nenidir beistak ehson etarsiz va evaziga nenidir minnat qilarsiz, shunda ham siz yovuz emassiz. Zotan, biror narsaga ega chiqmoqchi bo’larsiz, zamin ko’ksiga chirmashib, tiriklik suti sipqorayotgan og’och ildizlariga o’xsharsiz. Illo, daraxt mevasi ham «mudom o’zini o’zgalarga ulashguvchi men kabi bo’l» deya ildizga ta’na qilmas. Illo, mudom in’omlar qozonmoq ildizning a’molidir, o’zini muttasil o’zgalarga ulashmoq ham mevaning qismati.

Siz — ezgulik sohibidirsiz va zabunlikni tark etib, tilga kirarsiz, tuyg’ularingiz ham uyg’onar va so’zlamish so’zlaringizda akslanajakdir. Qa’rdagi hilqatingiz mudroq holida tilingiz almoyi-jalmoyi so’zlar aytar bo’lsa-da, siz aslo yovuzlikka esh emasdirsiz. Axir tushuniksiz g’o’ldirashlar ham zaif zabonga quvvat baxsh etgay. Maqsad sari shahdam borar ekansiz, beshak ezgulik libosini yelkaga ilmishsiz. Qoqinib-surtinib yo’llarda davom etsangiz-da, yovuzlik sizdan hamon begona. Zotan, nogiron ham muttasil oldinga ildamlagay.

Ammo, ittifoqo chinakam oqsoqni uchratarsiz, mashaqqat-la ildamlayotgan bu nogironga soxta mulozamat aslo ko’rsatmagaysiz. Xayrli amallar ezgu qalbingizni muttasil kamolga yetkazar, ammo yaxshilik qilmay mudom sukutda bo’lsangiz-da, hech kas sizni yovuz atamagay. Bu holda duru-javohir umringizni benaf sovurgaysiz va murodga mudom kechikkaysiz, xolos. Tezkor ohular landovur toshbaqaga uchqurlikdan saboq bera olmasliklari chindan taassuflidir.

Fitratingizni muttasil kamol topdirish istagi ezgu niyatlaringizga dalolat. Ammo bu istak har kasda turfadir. Birovning istagi dengiz tomon yo’l solgan haybatli oqimga o’xshar, etaklari yuvilmish adir sinoatlari va o’rmonlar qo’shig’i bu oqimga qo’shilib oqqaydir. Yana boshqalar bordir, istaklarida adashar va dengiz tomon yo’lini yo’qotgan irmoqdan andoza olgaydir. Neki bo’lsa bo’lsin, ammo shiddati ulug’ingiz sokin oqishga moyil o’zgaga aslo dashnom bermangiz, illo, ezgulik egasi egni ochiq miskindan «Avratingni ne uchun yashirmassan?» deya so’ramas, va yoxud «Kulbangni ne sabab boy bermishsan?» deya boshpanasi yo’q bechora dilini xun qilmas.

22. IBODAT HAQIDA

Bashoratgo’y Almitra Al Mustafoga yana yuzlanmish:

— Bizga endi Ibodatlarimiz haqida o’gitlaring bayon etgil, ey Benazir.

Shularni javoban aytmish:

— Siz kulfatlar tufayli anduhlarga cho’mgan mahalingiz ibodatga chog’lanursiz. Ne bo’larki, masrur va farovon kunlaringizda ham sajdani bir dam yod etsangiz?

Bilurmisiz, asli falakda panoh topmish, yuksak ehromlarda istiqomat qilmish qalbingiz ibodatlar chog’i duolaringizda akslangay. Qa’ringizni zabt etmish zimistonni bu samoviy kengliklarga sizdirib, yengil tortar ekansiz, qalbingiz charog’on yolqinlarini-da ne uchun to’kib solmaysiz? Qalbingiz ibodatga chorlagan zamon mudom o’ksinib yig’lagaysiz, o’ksik titroqlaringiz oqibat masrur kulguga mengzanguni qadar u sizni mudom sajdaga yo’llasin. Duoga qo’l ocharsiz, samolarga me’roj qilgaysiz va bu yuksaklikda xuddi siz kabi ibodatda bo’lmish o’zga birodarlaringiz ila diydor ko’rishgaysiz. Modomiki shu ekan, parvozingiz xush kelsin va samolarda yashirin bu koshona faqat hayrat va diydor quvonchlariga mezbon bo’lsin. Illo, ikki qulog’ingizga quyilsin, bu ehrom ichra iltijolar inobat qilinmas, faqat ta’ma ila so’rarsiz — berilmas, va yoxud bunda holingiz abgor namoyon etarsiz — sizni hech kas oyoqqa qayta qalqitmas. Ehromga tashrifdan murod yana o’zgalarga rizq tilab yukunmoqdir, ammo duolaringiz hargiz qabul bo’lmas. Ammo bilingki, dilda pok niyat-la shaffof bu ehrom sari qadam qo’yarsiz — barchasiga shugina kafforadir.

Men sizga duolardan saboq bera olmasman. Tangri sizni emas, bil’aks Uning O’zi dilingizga solmish so’zlarni tinglagay. Dengiz, o’rmonzor va qirli tog’laringiz bag’ridan yuksakka o’rlaguvchi duolarni-da sizga o’rgatmakdan ojizman. Axir siz-ku o’zingiz shu tabiat jujuqlari, illo, bu muqaddas duolarni o’zingiz qalbingizdan topgaysiz. Tun sukunati aro quloq tuting va siz ularning sokin duolarini shaksiz tinglagaysiz: Qirli tog’lar, daroz daraxtlaru dolg’ali dengiz-da bu dam Tangriga shu yanglig’ yukungay: «Har dam parvozga shay qalbimizni yaratmish Parvardigor, biz mudom Sening irodang hukmidadirmiz. Bizning mayllarimiz Sening mayllaringdan andoza olmish. Sening istaging-la kunduzga mengzanguvchi tunlarimiz — barchasi Seningdir. Biz Sendan loaqal zarrani-da yukunib tilay olmagaymiz, illo, ehtiyojlarimiz barchasi tavalludidan avval Senga ayondir. Mayl va ehtiyojlarimiz barini O’zing xayoldan yaratmishsan va O’zingdan ulushlar in’om etarsan, hojatlarimiz zarrasi qadar barchasin O’zing to’kis qanoat topdirgaysan».

23. HUZUR VA FAROG’AT HAQIDA

Orfalesga yilda bir daf’a tashrif buyurguvchi bir zohid shu kunlarda bu yerda edi. Fursati yetgach, u davradan ajralib, Benazir qarshisida hozir bo’ldi:

— Bizga Huzur va Farog’atlar bobida aytaring bormi, ey, ko’hna momomning farzandi?

Al Mustafo garchi yilda bir ko’rsa-da, qadrdoniga aylanmish zohidga bir dam tikilib, so’zladi:

— Farog’at aslida hurlik qo’shig’idir, ammo u hali erkning o’zi emas. Farog’at istaklaringiz gulshanidir, ammo u hali hosil va’da qilolmas. Huzurlaringiz sizni samolar qa’riga chorlagay, ammo adoqsiz bu yuksakliklarni aqlingiz hali bovar etmagay. Ular izmida parvozga shaylangaysiz, ammo behudud makonlar shamoyili sizga hali noayon. Ammo bilingki, magar bu hurlik qo’shig’in qalbdan kuylar bilarsiz — sizdan masrur bo’lgayman, ammo bu kuy qalbingizni illo barbod etmasin.

Orangizda mo’ylabi sabza urgan o’smirlarni ko’p uchratdim, ular har dam har joyda huzur izlagaylar. Biroq ular mudom tanbehlarga duchor. Bularni o’z ixtiyoriga qo’yingiz, ularning-da farog’atlarda haqqi bor. Ular shaksiz huzurlarin topgaylar, ammo bilmaslarki, farog’atning nafari yettidir, ular yetti opa-singil va oydan-da go’zal har biri siz xayol qilgan huzurlardan ko’ra chandon ulug’dir. Axir, ildiz kovlab, xazinaga duch kelmish odam voqeasini eshitmadingizmi?

Orangizda o’z huzurlarini taassuf ila eslaguvchi keksalarni ham ko’rdim, o’zlari bir zamonlar tatib ko’rmish farog’atni sarxushlik chog’i duchor bo’lgan xatolari deya bilarlar. Ammo taassuf — bir telbalikdir va aslo o’tmish uchun o’zni jazolash usuli bo’lolmas. Yaxshi ediki, kechmish farog’atlarini shukronalik ila yod olsalar, axir bo’liq hosilni ham shukuh ila eslagaylar-ku. Ammo taassufdan taskin toparlar, bas, taskin — ularga bo’lsin.

Davrangizda yana birovlar borki, huzur izlashni endi o’ziga ep ko’rmas, xotiralar ila kifoyalanmoq uchun esa hali keksa emaslar. Izlamoq tugul xotirlashga ham o’zida jur’at topmas bu toifa huzur va farog’atlardan mudom nari bo’lishni istar, baayni qa’rdagi qalbini shu bilan ozorlardan avaylamoq bo’lar. Shu yanglig’ tarkidunyolikda ham ular huzur topgaylar. Ammo titroq qo’llari ila shu tarz ildiz izlarkan, o’zlari har dam nari qochmish xazinaga duchor bo’lmaslarmi? Ammo aytingchi, qa’rdagi ruhga aslo ozor yetkazib bo’larmi? Magar sayroqi bulbul tun sukunatiga ozor yetkazarmi va yoxud ojiz yonarqurt yulduzlar shu’lasiga soya sola bilarmi? Kulbangizda yonmish olov va mo’ridan ko’kka o’rlamish tutun shamollarga malol kelarmi? Yoinki ruh sokin bir hovuz kabi va uni cho’p ila loyqalata bilarman, dermisiz?

Farog’atdan voz kechsangiz-da, unga ishtiyoqni qa’ringiz bisotlariga yashirgaysiz. Ammo kim bilgay, bugun boy berilmish — sizni ertangi kun so’qmoqlarida kutayotir, ehtimol. Axir hatto vujudingiz-da o’z fazilat va tabiiy istaklarini anglagay va siz uni ehtiyojlaridan zinhor chalg’ita olmassiz. Bilingki, vujudingiz qalb dastida tutmish bir soz va undan xush ohanglar yaratmak va yo g’alat tovushlar chiqarmak — sizgadir havola.

Ehtimol, «Farog’atning yaxshi va yo yomonini qay tarzda farqlay bilarmiz?» deya so’rarsiz endi. Modomiki bu ekan, dala-dasht va bog’laringiz tomon yo’l soling va asalarining zahmatini ko’ring. Gullardan betinim bol yig’ish uning uchun bir farog’atdir, asalariga beg’araz bol zarralari in’om etayotgan chechak-da huzur ichra rohat topar. Illo, chechakni asalari hayot chashmasi bilgay, gullar nazdida asalari esa muhabbatning matlub elchisi, demak. Farog’at in’om etmak va evaziga huzur tasarruf qilmak — har ikki hilqat uchun bir zarurat va shaksiz muttasil rohatdir. Ey Orfales ahli, farog’atlar bag’riga singar ekansiz, o’zaro mushtoq bu ikki hilqat kabi bo’lingiz, illo, bunda ko’p narsalar topgaysiz.

24. GO’ZALLIK HAQIDA

Bu gal shoir oldinga ildam chiqdi:

— Bas, bizga Go’zallik va Malohat haqida so’zlagaysan endi.

Al Mustafo javobga hozirlandi:

— Agar uning o’zi sizga yo’lchi yulduz bo’lmas, go’zallikni qaydan topib, uni qanday taniy bilarsiz? Lablaringizdan uchgan har so’zga malohat ato etmish uning o’zi bo’lgach, go’zallik haqida yana qanday ta’riflar bita olgaysiz?

Dili xasta sho’rpeshona deydiki, «Men go’zallikni ko’rdim, u ko’nglida rahm-shafqat gullagan va o’z malohatidan ibo qilib, ohista odimlayotgan yosh bir ona edi». Vale ehtiros bandasi aytgay: «Aslo, men ko’rmish go’zallik vahmkor va haybatli bir dovul kabi edi. U yeru osmonni mudom larzalarga solgay». G’urbatlardan horib-tolmish boshqa birov bu dam ta’rifidan ohista so’z ochgay: «Go’zallik — sokin bir shivirga o’xshar. U ruhimiz ila har dam ohista suhbat qurgay. Uning sasi baayni ko’lanka qarshisida titragan ojiz shu’la misol va sukutga cho’mganimiz hamon u yo’qlik makoniga yo’l solar». Jonsarak yana kimdir o’z bilganidan qolmas: «Uning hayqirig’i mudom larzaga solgaydir. Biz uni baland tog’ cho’qqilari aro tingladik. Samoviy tulporlar dupuri, ko’z ilg’amas qanotlar shovullashi va arslon na’rasi bu hayqiriqlarga mudom yo’ldosh edi».

Tungi qorovullar esa go’zallikni «sabohlarda mashriqdan bosh ko’targanida» ko’rganiga shohidlik bergay. Choshgoh jaziramasida ter to’kayotgan mirishkor va yoxud yo’llarni ovlash ila mashg’ul sayyohlar uni «Zamin uzra bosh egib, shom yotog’i tomon borayotgan» holida ko’rganini ma’lum qilarlar.

Qor ostida qolmish shimol ahli umidlarini yashirmagayki, illo, «Go’zallik ko’klam ila tashrif buyurgay va bahorga singil tutinib, yashil adirlarda chodir tikar va ikkov qo’l
ushlashib, chapparlar urgay». Yoz chillasi zabtiga kirgan mahallar kohinlar ham undan xabar yetkazgay va degaylarki, «Sochlariga qirov inmish bu hilqatni har dam kuzgi yaproqlar ila raqsga tushayotganida ko’rdik». Go’zallik malohatini siz shu kabi turfa ta’riflarsiz. Bularning bari aslida hosil bo’lmagan hojatlaringizga mansubdir. Go’zallik esa ehtiyoj va yo mayllarni aslo taqozo etmagay, u — bir masrurlik qo’shig’i, samolar tomon intilmish bir surur. Go’zallik — tashnalikdan qaqramish lablar va yo ehsonga cho’zilmish qo’llar emas, u — otash chulg’agan yurak va mudom hayratlar zavqini kuylayotgan qalb. Go’zallik siz ko’nikmish chehra va yo siz tinglay olmish oddiy qo’shiq emas, u — garchi ko’zlaringiz yumuqdir, ammo mudom qarshingizda hozir bir jamol va quloqlaringizga qulf ursangiz-da, ammo qalbingizni har dam mangu ohanglarga chulg’aguvchi sohir bir o’landir. Go’zallik og’ochlar ichra saqlanmish sharbat va yoxud yovuz panjalar ila ziynatlanmish qanot emas, u — mangu gullarga burkanmish bog’iston va parvozlarda mudom havolanmish ilohiy izdihomdir.

Ay, Orfales ahli, so’zlarim qulog’ingizga quyilsin, go’zallik — bu Hayotdir, chehrasidan choyshabi olinmish Tiriklikning o’zidir. Choyshabi olinganda Uning malohati naqadar benazir ekanini bilmadingizmi? Ammo ayni damda siz o’zingiz-da Hayot va Uning ilohiy choyshabidirsiz. Go’zallik — ko’zguda o’ziga mahliyo mangulik demak. Ammo ayni damda siz o’zingiz bu mangulik va siz o’zingiz — mahliyo ko’zgusidirsiz.

25. E’TIQOD HAQIDA

Va keksa rohib endi bunda yaqinlashdi:

— E’tiqod va Dinimiz haqida so’zla bizga, ey, Tangrimning qoshida azizim!

Dedi:

— Bugun sizga nahot bundan o’zga narsalar haqida so’zladim? Axir din va e’tiqod barcha yumushlaringiz va bu yumushlarning o’zingizda akslanmish timsoli emasmi? Va siz mashg’ul a’mollarning barchasi qalbingizga surur va hayrat bo’lib quyilmagaymi? Axir e’tiqodingizni amallaringizdan yoxud mashg’ulotingizni inonchlaringizdan ayira bilarmisiz?

Aslida yaxlit vaqtni qarshingizga dasturxon etib yoygach, «Mana bu lahm bo’lagi — Tangrimga bo’lsin, bunisi o’zimgadir, yana biri — qalbim uchun, qolganini vujudimga atadim» deya parchalay olarmisiz? Hozircha ixtiyoringizda bo’lmish soat va daqiqalar — tilsim kengliklari aro sizni aynan o’zingiz tomon eltguvchi uchqur qanotlar emasmi? Boshqalarga namoyish qilish uchungina ahloqini egniga ilmish banda bu libosini uyida qoldirib, yalang’och yurgani durust. Atvorini soxta odobga bandi qilishga chog’lanmish odam sayroqi bir qushni qafasga solgan bo’lmasmi? Zotanki, tikanli panjaralar aro hurlik qo’shig’i hargiz yangramagay. Ibodatni istalgan dam ochib-yopish mumkin bir daricha, deb bilmish kishi hali o’z qalbi kulbasiga ham qadam qo’ymabdi, darichalari kechmish sabohlaridan kelmish tonglari qadar yastangan kulbasiga ham qadam qo’ymabdi.

Aslida mana shu kundalik turmush sizning borar ehrom va sajda qilar e’tiqodingizdir. Har gal ichkari qadam qo’yarsiz, zahmat anjomlaringiz birga bo’lsin. Omoch va sandon, bosqon va sozingiz-da birga bo’lsin, ehtiyoj va yo farog’atingiz haqqi neki yaratibsiz — barchasini unutmagaysiz. Illo, ibodatda sajdaga bosh qo’yarsiz, erishmish zafarlardan yuksakroq bo’la olmassiz, ayni damda yutqiziqlardan ham quyi tusha bilmassiz. Barcha birodarlaringiz-da sizga hamdam bo’lsin, illo, ibodat chog’i ular umidlaridan ko’ra yuqori ko’tarila bilmassiz, ayni damda ular g’ussalaridan ham quyi tusha olmassiz. Va modomiki, Tangrini tanir ekansiz, so’roqlaringizga javobdan va xatolaringiz tahriridan umidvor bo’lmang.

Ammo, garchand bu esa-da, atrofga boqqaningiz hamon, Tangri jujuqlaringiz ila shodon o’ynamoqda ekanin ko’rarsiz. Samoga nazar tashlashingiz hamon, U bulutlar ila suzmakda ekanin ko’rarsiz, yana U yashin bo’lib chaqnagay va yomg’irlarga qo’shilib, zamin bag’riga quyilgay. Yana ziyrakroq boqing va shunda Tangri atirgullar aro masrur ekanin bilib, daraxtlar toqida, yaproqlar ila xushnud bazm qilayotganiga shahodat keltirgaysiz.

26. O’LIM HAQIDA

— O’lim haqida ham bilmak istaymiz albat, — dedi bunda yana Almitra.

Al Mustafo so’zladi:

— Bu zaminda yasharsiz, har dam ajal tilsimlarini bilishni istarsiz. Men sizga aytarman, besamar izlanishlaringiz bas qiling, illo, ajal tilsimi shaksiz hayot qalbida yashirin. Tun zimistoniga ko’zlari ko’nikkan, shu bois kun yorug’ligida so’qir boyqush quyosh sinoatlarin anglamas. Agar chindan ajal sirlarin bilishni istarsiz, qalbingiz darichalarin hayot epkinlariga shitobroq oching. Zotan, daryo va dengiz yaxlit bo’lgani kabi, ajal va hayot ham bir butunlikda muqimdir.

Umid va istaklaringiz qa’rida siz boqiy dunyoni shaksiz anglarsiz. Qor ostida mudroqqa ketmish chigit kabi, qalbingiz ham ko’klamni orzulab tushlar ko’rgay. Bu tushlarga inoning, ularda mangulik eshiklari yashirin va tushlaringiz oqibat o’ngidan kelishi bor. Ajal qarshisidagi qo’rquvingiz hukmdor qarshisida yuztuban ta’zimda turmish qo’ychivonning titrog’iga o’xshaydi. Garchi titroq iskanjasidadir, ammo hukmdorning o’zi uni taqdirlamagidan surur tuymasmi? Ehtimol, bu dam butun borlig’ini zabt etib, hoja huzurida hozir bo’lish sururini zaharlamish battol bu titroq haqida ko’proq o’ylayotirmi?

Axir o’lmoq — liboslardan holi bo’lgan zamon — asov shamollarga peshvoz chiqmoq va quyosh taftida erib bitgan hamon — uning harorati ila batamom birikmoq emasmi? Muttasil va behalovat tashvishlardan nihoyat holi bo’lgach, o’zni Tangriga batamom tuhfa etmoq emasmi?

Unutmang, faqat sukut daryosida chanqog’ingiz qongan dam, siz endi chin hurlik qo’shig’in masrur kuylay olarsiz. Va tog’lar balandligi qadar yeta olganingiz on, endi chindan yuksaklarga ko’tarila boshlarsiz. Aloha, bu zamin vujudingizni bag’riga olgan hamon — siz chindan giryon raqslarda chappar urarsiz.

SAFAR TADORIGI

Suyuklilar ichra tengsiz Al Mustafo, kunlarining tongotar quyoshi ham, tunlarining-da oyu hiloli ham asli o’zi Al Mustafo Orfales kentida uzoq intizor kutdi, o’zining tavallud oroliga qayta eltajak kemani uzoq o’n ikki sana kutdi. Nihoyat, kutuvning o’n ikkinchi sanasida, boshoqqa o’roq tushgan kunlarning birida o’zi tomon, uning tomon muttasil oshiqqan kema shahar yoboniga kelib yetgan edi.

Suhbatlar ham yakun topib, atrofga shom choyshabini yoya boshladi. Bu kunning mushohadalaridan taskin topgan Almitra so’nggi bor Al Mustafoga yuzlandi:

— Mana shu charog’on kun va ko’ngillar yashnagan mana shu maskan qalblarimizda mangu qolgay, o’gitlarni baham ko’rgan sahovatli qalbing esa mudom Tangri izzatida bo’lgay.

Al Mustafo javoban so’zladi:

— Nahot sizlarga o’gitlar berdim? Axir o’zim ham sizlar kabi bu suhbatlarga some’ bo’ldim, xolos.

Ehrom zinalaridan pastga inar ekan, boshqalar ham unga ergashdi. So’ng kema sahniga ko’tarilib, vido onlari kelib yetganiga hamon inonmay, sarosima ichra qolgan olomonga yuzlandi:

— Ay, mening sevikli Orfales ahlim, quloq tuting, bu shamollar sizni tark etmog’im fursati yetganidan shipshiyotir. Ular kabi oshiqmasam-da, ammo bu yerlardan ketmog’im vojib bo’ldi. Biling va hargiz unutmang, garchi sizlar aro yasharkanmiz, biz ammo mudom darbadarlikni ixtiyor etgaymiz. Biz har dam xilvat yo’llardan yurgaymiz va bizga nasib har yangi kun zinhor avvalgi kunlar nihoyasidan boshlanmagay, kunbotar vido topmish joyda boshqa tongotar bizni aslo uchratmagay. Zamin uyquda orom olayotgan chog’larda ham biz mudom yo’llarda jahongashtadirmiz. Biz baayni tikanak urug’idirmiz va kuchga to’lib, qalblarimiz voyaga yetishgan hamon, asov shamollar bizni atroflarga yelib eltgay.

Siz bilan kechgan kunlarim, siz-la so’zlashgan so’zlarim-da muxtasar bo’ldi. Ammo magarki, sizga omonat qoldirayotgan ovozim, qalbingizga joylamish muhabbatim xotirdan g’oyib ketar chog’, bilingki, men shaksiz qarshingizga yana qaytgayman. Va biz yana qayta yuraklar qa’ridan suhbatlar qurgaymiz, ruhlarimizga tansiq taom — muhabbatlarimizni yana qayta baham ko’rgaymiz. Bas, fursati yetgach, shaksiz qarshingizda hozir bo’lgayman. Garchi barhaq ajal meni olis qatlariga berkitib, sukunat kafanlariga o’rab-chirmasa-da, sog’inchingiz meni hargiz tark etmagay. Siz-la qayta diydor ko’rishganim chog’ suhbatlarimiz haqiqati bu saroblarni tamom mag’lub etgay va aziz bu lablardan taralmish so’zlar chin mohiyatlar ila qovushgay.

Shamollar meni olib ketayotir, ammo men yo’qlikda g’oyib ketmasman. Va modomiki, biz suhbatlar qurgan bu kun ehtiyojlaringiz qonmagan esa va qalbingizga qadalmish muhabbatim urug’lari esa ko’ngil istagan hosilga kirmagan esa, unda, bas, bu kun boshqa bir kunning debochasi bo’lsin. Inson ehtiyojlari o’zgaruvchandir, ammo muhabbati barqaror. Shu bois bilingki, adoqsiz sukunatlar qa’ridan ham albat qarshingizga qaytgum. Ertalabki quyoshning ilk nurlari dalalar uzra yoyilmish tumanlarni eritib, maysalar toqida shudringni xotira qilib qoldirgay. Shudringlar-da samoga talpinib, bulutlarga mengzangay va yomg’irlar bo’lib, yana qayta zamin bag’riga qaytgay. Shu tumanlar yanglig’ tun sukutlari aro men ham ko’changizda kezdim, oqshomlar chog’i kulbalaringizda pinhona mehmon bo’ldim. Yuraklaringiz sadolarini qalbimda tuydim, orom ichra olmish qaynoq nafaslaringiz yuzlarim silab-siypadi. Inoning, quvonch va iztiroblaringizni shu ko’yi o’zingiz bilan baham ko’rdim, mudroq qo’ynidagi tushlaringiz esa mening ro’yolarim bilan hamohang bo’ldi.

Davrangizda ekanman, tog’lar aro adashib-yastanmish bir ko’l edim. Qorli cho’qqilaringiz mudom menda akslanar, va hatto xayol va istaklaringizdan yaralmish qushlar-da menim uzra uchib o’tarkan, sathimda har gal bir zumga suvratin qoldirar edi. Jujuqlaringiz kulgularidan paydo jilg’alar, mo’ylabi endi sabza urmish o’smir hasratlaridan barpo daryolar ham sukunatim bag’riga quyilmoqqa har dam shoshardi. Qa’rim fitrati qadar yetib borsalar-da, bu jilg’a va bu daryolar tiriklik qo’shig’in kuylashni mudom bas qilmadi.

Siz-la istiqomat qilarkanman, kulgudan ham nafis, hasratlardan ham ulug’roq nedir mening ham qa’rimdan joy olmish. Sizlarda o’lchami yo’q, poyonlari mubham bir cheksizlik topdim. Hamma-barchangiz ulkan bu hilqatning yetmish ikki tomiri va zarrasidirsizki, qo’shiqlaringiz uning kuylari avjida benom va benishon erib bitgay. Uning ichra bir zarradirsiz, ammo ayni dam siz-da adoqsiz ulug’dirsiz. Qarshimda adoqsizlik mahobat libosida namoyon esa-da, u aro har dam sizlarni ko’rdim va har biringizga muhabbat qo’ydim. Axir muhabbatning butun parvoz yo’li bu mahobat sarhadlari ichragina qolur emasmi? Ayting, xayol va ro’yolar, faraz va umidlar-da muhabbatning bu parvozidan ham olisga elta bilarmi? Bu hilqat adoqsiz ulkan og’och yanglig’ qa’ringizda ildiz otmish. Uning qudrati zalvoridan yerga chirmasharsiz, ammo chechaklar atri sizni har dam yuksaklarga eltgay. Toki u barhayot ekan, siz-da boqiysiz. Zanjiringiz eng mo’rt xalqasi misol siz-da tamom zaifdirsiz, deya uqdirmishlar. Ammo men aytaramki, zanjiringiz eng puxta xalqasi kabi siz-da mutlaq kuchlidirsiz. Eng zaif va kichik yumushlaringizga ko’ra sizga ta’rif bermoq — dengiz qudratini uning huboblariga ko’ra o’lchash bilan barobar. Barorsiz ishlar uchun sizni ayblamoq — fasllarga beqarorlik tamg’asi bosish bilan barobar.

Siz chindan dengizga o’xsharsiz. Yuk ortilgan zalvorli kemalar garchi sohilingizda suzmoqqa shay, ammo siz suvlaringiz sathini yuksaltira olmassiz. Siz yana yil fasllari monandsiz, garchi qahratonda bahoringizni inkor etarsiz, qa’ringizda mudramish ko’klam uyqular ichra sizga tabassum qilgay va inkorlaringizdan o’pkalanmagay. Ammo yana shuki, faqat afzal fazilatlarimizni ko’rib, bizga taskinlar yo’llayotir, deya o’ylamang. Xayollaringizda o’zingizga ayon haqiqatlarni bayon qilayotirman, xolos. Oddiy so’zlar ko’magida bildirilmish haqiqat so’zsiz e’tiroflar qarshisida, axir, ne bo’libdi? Axir, sizning xayollaringiz va mening so’zlarim muhr ichra tambalanmish xotiraning birgina hoshiyasidan o’zgasi emasdir. Bunda esa kechmish kunlar va bu Zamin o’zini-da hali anglamagan qadim ibtido bitiklari saqlanur, unda yana olamda hali betartiblik hukmron zamonlarning noayon ertaklari ham yashirin.

Donishlar hikmatlarini siz-la baham ko’rish uchun kelmishlar, men esam sizning hikmatlaringizdan bahramand bo’lmoq istadim. Izladim, ammo umidlarimdan ulug’roq — qalbingiz alangasini topdim. Mudom barq urib, boringizni zabtiga olsa-da, bu otashga parvo qilmassiz, bil’aks kunlaringiz zavolidan g’ussalarga cho’marsiz. Ammo hargiz vujud tirikligin ulug’ bilmang, illo, bunda mudom qabriston sukutidan tahlikalar tuygaysiz.

Sizning o’lkada qabrlarni topmadim. Bu tog’ va bu dashtlar sizlarga beshik va ham pillapoyadir. Ajdodlaringiz oromda yotmish dala-dashtdan o’tar bo’lsangiz, durustroq nazar tashlang, illo, raqslarda shodon o’zingiz va jujuqlaringiz bunda ko’rgaysiz. O’zingiz bilmassiz, ammo siz anduhlardan ko’ra bisyor masrur bo’larsiz.

Yurtingizga tashrif buyurmish kaslar zeru zabarlar va’da qilmish va ular poyiga molu davlatingiz ila erk va shavkatingizni ham keltirib to’kmishsiz. Men sizga va’dalar qilmadim, biroq bundan-da ulug’ sahovatlar ko’rsatmishsiz. Siz menga yashash uchun ulkan rag’bat bermishsiz. Bundan ortiq tuhfa bo’lmas. Tuhfalaringiz niyatlarimni istaklarga do’ndirmish va bu istaklar qaqragan umrimni go’zal favvoraga mengzamish. Va tashnaligim qondirmoq istab, har gal favvoraga kelarman, uning o’zi-da tashnalikdan g’ussalarga botganin ko’rarman. Va favvora suvlaridan icharman, ayni dam, uning o’zi-da mendan sipqorib, tashnaligin qondirgay.

Biringiz men kasni mag’rur, deb bilarsiz va shu bois in’omlarimiz qabul etmagay, dersiz. Ta’ma uchun aziyat chekmoqqa chindan g’ururim qo’ymas, ammo yurakdan ilinmish tuhfalaringiz har dam jonimga darmondir. Men bilarman, adirlar qo’ynida mevalar terib kun ko’rgan damlarim taomlaringizdan baham ko’rishimni qalbdan istadingiz, va yana aminmanki, ehrom supalarida tun ayozida tong ottirganim chog’lar kulbangizdan joy berishga oshiqdingiz. Tashvish chekib, mening kunu tunlarimga siz bildirmish muhabbat odmi taomlarimni mudom bolga mengzadi va uyqularimni-da tushlarga to’ldirdi.

Siz ko’p narsa ulasharsiz, ammo buni o’zingiz bilmassiz. Sizni shu sabab har dam duo qilarman. Axir o’ziga mahliyo ezgulik hissiz bir toshga aylanar. O’zini go’zal ismlar bilan atashga moyil ezgu amal oqibat la’natlarga sabab bo’lgay. Yana biringiz meni o’z tanholigi ila sarxush tarkidunyo zohid, deb bildingiz. Dersizki, «U daraxtlar bilan so’zlashgay va bu og’ochlarni bizlardan a’lo bilgay. Va har dam bizlar tomon adirlar yuksakligidan nazar solgay.» Men chindan tepaliklarga ko’tarilib, xilvatlarda sayr etdim. Axir kishi olislarga ketmasdan, o’zi muhabbat qo’yganlarga yaqin bo’lar olarmi?

Qalbingizda yana mana bu fikrlarni o’qidim: «Ay, yuksakliklar shaydosi, bu cho’qqilar aro ne sabab darbadar kezarsan, bulutlar oshyoni aro neni izlarsan? Qay bo’ronlarni jilovlash orzuing? Va yo tutqich bermas qay bir qushlarni to’rga tushirmak istarsan? Bu hunaringni bas qil va kulbamizga tashrif et. Tansiq taomlar senga muntazir va mehrimiz ila ziynatlanmish musallas ila tashnaliging siylarmiz.» Qalbingiz tanholigi ichra siz bularni so’zlamishsiz. Men-da tanholikda darbadar ekanman, quvonch va anduhlaringiz sinoatlarini izlab, samolarda adashgan fitratingiz ortidan mudom kezganimni magar bilsangiz edi.

Ammo ovchining-da ortidan boshqa ovchi tushmishdir. Shu sabab o’qlarimning aksari o’z ko’ksimga qadalmoq uchun kamonimni tark etmish. Ko’kda masrur parvoz etmish hilqatim zaminda sudralmishim ila ayniy edi, illo, samoda qanot qoqarman, yerda ko’lankam mudom ohista imillar. Ko’ksimda taqvoni asrasam-da, ayni dam, ohkim, men bir fosiq edim. Sizga yana kuchliroq muhabbat qo’ymak va sizni yana yaxshiroq anglamak uchun, shu boislar jarohatlarimni har gal o’zim-da qayta-takror yangilar bo’ldim.

Shu sabab aytarmanki, siz vujud asiri emassiz va dala-dashtu kulbangizga aslo qaram emasdirsiz. Qa’ringizdagi fitrat tog’u toshlar uzra mudom shamollar ila kezayur. Fitratingiz oftob ostida sudralib, jonsarak taft izlamas va yo xatarlardan yashirinib, yer ostida inlar qazimas. Biling va hargiz unutmang: butun Zaminni o’z zabtiga olmish ozod ruh havolarda har dam erkin parvozlar etib yurgay.

Agar so’zlarim tushuniksizdir, anglashga chandon tirishmang. Har narsaning ibtidosi mavhum va qorong’u bo’lar, ammo so’ngra ma’nolarni o’z o’rniga qo’ygay. Ammo men mudom ibtido bo’lib xotirangizda qolmak istayman. Axir tiriklik billur shaffofligi ichra emas, bil’aks, zulmat qorong’uligi ichra kurtak ochgay.

Meni xotirlar ekansiz, yodingizda bo’lsin: qalbingizda eng zaif va mujmal ko’ringani — aslida barchasidan qudratli va ham ravshandir. Axir, kulbalaringiz ta’mal toshlari
nafaslaringizdan paydo emasmi? Bugun barchasi unut orzu-xayollaringiz emasmi, siz tunu kun oromda bo’lmish bu shaharni barpo etgan? Ammo siz nafasingiz ko’ra olmassiz, bil’aks esa atrofda hozir barchasi ko’zdan tamom g’oyib ketgay. Siz o’tmish orzu-xayollaringiz shivirin eshita olmassiz, bil’aks esa boshqa barcha tovush va ohanglar sizni mangu tark etgay.

Ko’zlaringizni yopmish bog’ichni dastgohida buni ishtiyoq-la to’qigan qo’llargina yecha olur. Quloqlarga to’latilmish gil uni qorigan barmoqlar ila teshila bilur. Shu zamon so’qir ko’zlaringiz ochilgay, quloqlaringiz tinglay olar, ammo qachondir ko’zlaringiz so’qir, quloqlaringiz esa noqis bo’lganidan nadomatlar qilmassiz. Illo, u kun barcha narsaning yashirin mohiyatlarin anglab yetgaysiz. Illo, siz yorug’likka shukrona qilganingiz kabi, sizni ziyolardan yashirmish zulmatlarga ham u kun shaksiz shukronalar keltirgaysiz.

Al Mustafo so’zlarini yakunlab, atrofiga qaradi. Shamollardan shishgan yelkanlar safarga hozir, darg’a esa sabr ila olislarga boqardi.

— Shamollar uyg’onib, yelkanlarni to’ldirmish, idora chambaragi-da safar oldidan jonsarak. Safinamning toqatli sohibi esa hamon sukutlarimga some’. Asov dengizlar guldurosini tinglamish bu dengizchilar-da so’zlarimni sukut va toqat ila tinglamish. Ammo, bas, ortiq kutib bo’lmas. Safarga hozirman. Muyulishlarni ortda qoldirgan jilg’a ham dengizga borib yetdi, va ko’hna momo farzandini qayta bag’riga chorlayotir.

Xush qoling, Orfales ahli! Bu kunimiz adog’iga yetdi. Boshqa kunga erta albat yana quchoq ochmoq uchun nilufargul ham bu kun yaproqlarin berkitayotir. Bizga bu go’shada in’om etilmish ne’matlarni mudom asragaymiz va agar bular kifoya qilmas ekan, yana qayta davralarda jam bo’lgaymiz va ehson beruvchiga qo’llarimiz shodon cho’zgaymiz. Unutmang, men davrangizga yana qaytarman. Yana bir dam kechsin va sog’inchlarim o’zga vujud uchun g’uborlar yig’a boshlagay. Yana bir oz, yo’ldosh shamol ichra bir dam tin olay, so’ngra boshqa bir ayol bag’rida qayta tavallud topgayman.

Orangizda kechmish navjuvon yillarim, siz-da xush qoling. Siz bilan orzular bag’rida kecha uchrashib edik, ammo barchasi shitob ila kechmishga mengzandi. Tanholigimda menga qo’shiqlar kuylagich edingiz va sizning ishtiyoqlaringizdan falakda samoviy qo’rg’on bino etmishdim. Ammo endi uyqular ham bizni tark etmish, tushlar-da erib bitdi, pokiza tong ortda qoldi. Hali zamon choshgoh kelib yetar, mudroqlarimiz ham kunduz bag’rida g’oyib va biz endi shaksiz vidolashmog’imiz darkor. Modomiki, xotiraning allaqaysi qorong’u chorrahasida yana qayta uchrasharmiz, bas, yana adoqsiz suhbatlar qurgaymiz va siz menga ma’nolari so’ngsiz qo’shiqlar takror kuylagaysiz. Modomiki, yana bir orzu ichra qo’llarimiz uchrashar, birga boshqa samoviy qo’rg’onlar barpo qilgaymiz.

So’zlari nihoya toparkan, Al Mustafo dengizchilarga ishora berdi, langar suvdan ko’tarildi, kema o’rnidan qo’zg’olib, sharq tomon yo’l soldi. Shunda olomon qalbidan daf’atan yaxlit bir hayqiriq otilib chiqdi, ayriliq hasratlari va qayta diydor umidlari omuxta bu gulduros zulmat yuksakliklari tomon ko’tarilib, butun dengiz sathini o’z zabtiga oldi. Ammo, birgina Almitra sukut ichra jim edi. Jigarini bag’riga olgan kema olislarda tuman ichra g’oyib bo’lguniga qadar shu alfoz ufqdan ko’zini uzmadi. Olomon tarqalib bitgach ham u hamon sohilda yolg’iz turar, xotiridan esa Al Mustafoning so’nggi so’zlari kechardi:

«Yana bir oz, yo’ldosh shamol ichra yana bir dam tin olay, so’ngra boshqa bir ayol bag’rida qayta tavallud topgayman».

Sharifjon AHMAD tarjimasi

Manba: https://kh-davron.uz

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting