Ibrohim HAQQUL
I
Gapning indallosini aytsak, adabiyotimizning mustaqillikdan keyingi qiyofasini men boshqacha tasavvur qilganman. Istiqlol adabiyoti – haqiqat adabiyoti, shijoat adabiyoti, havasga arzigulik hurriyat va ma’rifat adabiyoti o’laroq shakllanadi deb o’ylaganman. Yurti ozod, tili, dili erkin ijodkor nega mutelik va ojizlikka ko’nsin? Yolg’on va tilyog’lamalikka ne hojat? Sayozlik, maddohlik, ofarinbozlikdan ijod ahli har qalay xalos bo’lar deb umid qilganman. Iste’dodsiz ijodkorlar, yaroqsiz asarlarning yo’li to’silishiga ishonch bo’lgan menda. Qarangki, xayol boshqa – hayot boshqa ekan…
Adabiyot taqdiri yurt va millat taqdiri bilan uzviy bog’liq. Millat ruhi butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan avvalo adabiyotda aks etmog’i lozim. Millatning qalb dardlariga ham dastlab adabiyot malham topadi. Chunki xalqning yashash zavqi susaysa – g’ayrati susayadi. Ma’naviy-ruhiy g’ayrat pasaysa – fikr va tashabbus to’xtaydi. Bunga birinchi navbatda adabiyot mas’ul. Abdulla Qahhor aytganidek, “Adabiyot atomdan kuchli…” Agar uning kuchi “o’tin yorish”ga sarf qilinmasa, adabiyot pokiza va muqaddas ish bo’lib qolsa, hech shak-shubha yo’qki, badiiy so’zning kuch-quvvati ortib boradi.
Mustaqillik arafasida, ma’lum bir muddat undan keyin ham G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor kabi buyuk adiblar ijodiga bir oz bepisand, shubha bilan qaraganlar ham bo’ldi. Ularning ijodiy yutuqlari, milliy adabiyotning haqiqiy adabiyot bo’lishi uchun chekkan zahmat va azoblarini nazarga ilmaganlar ham maydonga chiqa boshladi. Ammo bunday noto’g’ri munosabat natijasida adabiyotimiz rivojlanib qolgani yo’q. Aksincha, ikki jumla fikrni eplab yozolmaydigan, ijod mohiyatini nihoyatda yuzaki tushunib qog’oz qoralaydiganlar safi kengayib ketdi. O’quvchilar oldida adabiyotning qadr-qimmati, yozuvchining obro’-e’tibori pasaydi. Agar badiiy ijodga Abdulla Qahhor yoki Oybek nigohi bilan qarab, ularning badiiyat maktabidan ta’lim olib, tajribalaridan xulosalar chiqarilganida shunday bo’larmidi? Menimcha, ahvol nisbatan boshqacha bo’lur edi. E’tibor bergan bo’lsangiz, keyingi vaqtlarda yozuvchilar yangi asarlari necha sahifadan iborat ekanidan ham g’ururlanib gapiradigan bo’lib qoldi: “Men falon betlik hikoya yozdim, yuz ellik betlik essemni tugatdim” va hokazo. Yozuvchining asar badiiyati haqida emas, hajmi to’g’risida so’zlashi nimani anglatadi? Beixtiyor Abdulla Qahhorning so’zlari xotirga keladi: “Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani o’chirish, kitobxonga zarur narsanigina qoldirish uchun talantning o’zigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak». Taassufki, hozirgi paytda insofli iste’dodlar kam, iste’dodsiz beinsoflar ko’proq. Aytishlaricha, Mirtemir domlaga bir tavsiyanoma zarur bo’lib qolganida Abdulla Qahhorga murojaat qilgan ekan. Shunda Abdulla Qahhor Mirtemirga “Ziyod va Adiba” kabi badiiy jihatdan bo’sh asarlarga muharrirlik qilganini eslatib, tavsiyanoma bermasligini bildirgan ekan. O’zingiz ayting, Abdulla Qahhor adabiyot manfaatini hatto iste’dodli ijodkor manfaatidan ham yuksak qo’ymaganida, Mirtemirday shoirning ra’yini qaytararmidi? Yoki beg’arazlik, bag’rikenglik Abdulla Qahhorning bosh fazilati bo’lmaganida, Mirtemirning aslida o’sha ishidan pushaymon ekanini bilgach, uni huzuriga chorlab tavsiyanoma berarmidi?
Abdulla Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat» kitobi Said Ahmadning “Tortiq” nomli hikoyalar to’plamiga bag’ishlangan tanqidiy maqola bilan boshlanadi. Maqola 1940 yilda yozilgan. Abdulla Qahhorning shundan keyingi adabiy-tanqidiy fikr-mulohazalari ham biri biridan o’tkir, biri biridan ahamiyatli va qimmatlidir. “Yozuvchining vazifasi yaxshi asarlar yozish, xalq dilining tarjimoni bo’lish bilangina cheklanmaydi, uning vazifasiga adabiyotni har qanday balo-qazodan qo’riqlash, adabiyotning sergak, jasur posboni bo’lish ham kiradi” degan so’zlariga o’zi qanday amal qilganini bilish uchun munaqqid-yozuvchi Abdulla Qahhor faoliyati bilan tanishish kifoya.
II
Talabalik yillarimda Abdulla Qahhorni yaqindan ko’rish, ikki og’iz gapini eshitishni orzu qilganman. Ammo bu orzum amalga oshmagan. Abdulla Qahhorni faqat televizorda ikki marotaba ko’rib, so’zlarini eshitganman. Ikkalasi ham menda kuchli taassurot uyg’otgan.
Oltmishinchi yillarning o’rtalari. Paxta yakkahokimligi avjiga chiqayotgan kezlar. O’zbekning yetti yoshidan yetmish yoshigacha paxta dalasida. Yoshu qari go’yo egatlarga sochilib ketgan. Qilcha bo’lsin, norozilik bildirish mumkin emas. Maskovdan belgilangan yillik rejani bajarmaguncha na qiz-juvon, na bolalarda tinim bor. Kuzning vujudni junjiktiruvchi izg’irin va sovuqlarini yengib, nihoyat, viloyatlar birin-ketin ko’zlangan marralarni egallay boshlaydi. Qo’lga kiritilgan ulkan g’alaba bilan paxtakorlarni qutlab yozuvchi, shoir va olimlar ham televizorga chiqadi. Tabrik so’zlari nihoyatda ko’tarinki, biri biridan silliq va yaltiroq. Ittifoqo, Abdulla Qahhor ham yurtdoshlari – Farg’ona mehnatkashlarini televizor orqali qutlaydi. Lekin uning qutlovi hech kimnikiga o’xshamasdi: so’z ham, gap ham juda oddiy va tabiiy. Dehqonning quvonchiga sherik bo’lish, ko’nglini ko’tarish niyatida aytilayotgan fikrlar ham toshday og’ir. Men o’sha davrda paxtakorni tabriklash uchun radio yoki televizorga chiqqan biron bir ijodkorning jur’at bilan “Mashina paxtakorning mehnatini naqadar yengillatgan, uni mashaqqatdan naqadar qutqargan bo’lsa ham, hanuz qiz-juvonlarimizning husn-latofati paxtazor jo’yaklarida qolib borayotipti, studentlarimiz hanuz to’liq tahsil ko’rmayotipti, qishloq bolalari hanuz maktabdan chalamulla bo’lib chiqayotipti” deganini eslay olmayman…
Yov qochsa, botir ko’payar, deganlaridek, qayta qurish va oshkoralik zamonlarida qo’liga qalam ushlagan zot borki, paxtakorning ahvoliga qayg’uradigan, paxta ishining og’irligidan bong uradigan bo’lib qoldi. Bu “qaltis” masalada shu qadar ko’p gapirildiki, oxiri tinglashga ham toqat qolmadi. Ayniqsa, ayrim jurnalist va yozuvchilarning biyronligi, chechanligi andishasizlikkacha yetib bordi. Holbuki, g’amkashlik va muhofizlik kayfiyatidagi o’sha fikr-mulohazalarni bir joyga jamlasangiz, ularning ma’no salmog’i Abdulla Qahhorning yuqoridagi uch jumlasiga yaqin ham yo’lamaydi.
III
Abdulla Qahhor hayotda ham, badiiy ijodda ham o’z haqiqatlarini topgan, shu haqiqatlar uchun sabot bilan kurashgan san’atkordir. Bu haqiqatlar uni qattiq qiynagan, qalbida og’ir-og’ir tebranish va tortishuvlar paydo qilgan. Ammo u ongli hayoti va iste’dod quvvatini aynan shu haqiqatlarga bag’ishlagan. Ko’nglini nurafshon aylagan shu haqiqatlarga suyanib, Abdulla Qahhor ma’nan ulg’aygan, ma’nan ulg’aygan sayin esa shu haqiqatlarning boqiyligidan ilhomlangan. Abdulla Qahhorning cho’ng mehnat va zargarlik bilan yaratilgan har bir asarida boqiy haqiqat muhri va shukuhi bor. Abdulla Qahhorning ijodiy shaxsiyati behad boy va favqulodda saxovatli. Shuning uchun, rus olimasi I.Barolina to’g’ri qayd etganidek, “Abdulla Qahhor ijodiga qiziqish uning shaxsiyatiga, insoniy mohiyatiga qiziqish bilan bevosita bog’langan. Uning shaxsiy fazilatlari – fikrlash tarzi, xarakteri, g’ayrat-shijoati, ma’naviy dunyosi asarlarida shu qadar yorqin aks etganki, yozuvchi Abdulla Qahhor bilan uning shaxsi ichdan ajralmas aloqada bo’lib ko’rinadi”.
Bu hammaga nasib etadigan va hamma yozuvchidan talab qilsa bo’ladigan xususiyat emas. Barcha buyuk yozuvchilardek, Abdulla Qahhorning ham shaxsi – ijodiga, ijodi – shaxsiga bir ko’zgudir. Adib ijodini sevganlar albatta uning shaxsiga maftun bo’ladi, shaxsini bilganlar esa – uning ijodidan ayri yashayolmaydi.
1967 yili Abdulla Qahhor oltmish yoshga to’lgan edi. O’sha sanaga bag’ishlab sentyabr oyida Toshkentda o’tkazilgan katta anjuman televizorda butun jumhuriyatga namoyish etildi. Bu adabiy yig’inni ko’rish talabalik davrimning aslo o’chmaydigan xotiralaridan biri bo’lib qolgan. Buyuk adibning qorday oppoq sochlari, nuroniy chehrasi, vazmin va salobatli qaddu qomati, o’ziga yarashiqli bir ohangda so’zlashlari tasavvurimda hali-hanuz tez-tez jonlanib turadi.
Abdulla Qahhorga xos sokinlik, mulohazakorlik va teranlikka yetishmoq uchun qancha bilim, mushohada, qancha hayotiy tajriba va dard zarurligini keyinroq – ancha vaqt o’tgach angladim. Mana, yosh ham ellikdan o’tib oltmishga qarab chopayotir. O’ttiz yildan ortiq vaqtdan buyon poytaxtda yashayman. Qancha-qancha yozuvchi, shoir, san’atkor va olimlar bilan uchrashdim, yaqindan tanishdim, muloqotda bo’ldim. Ayrimlarining yubiley tantanalarida ishtirok etdim. Ammo ular orasida Abdulla Qahhorga o’xshab o’zining So’ziga o’zi hokim bo’lgan, har qanday vaziyatda ham mustaqil fikrlaydigan ijodkor insonni kam uchratdim. Haq va haqiqat qarshisida tili qisiq, yuzi shuvut bo’lmagan yozuvchi borki, barchasi o’z so’ziga o’zi hokimdir. Abdulla Qahhor shunday benazir yozuvchi edi.
IV
Olamning o’zgarishi – odamning o’zgarishiga bog’liq. Odamning ongi, fikr-qarashlari yangilanmas ekan, hech qachon olam yangilanmaydi. Abdulla Qahhor mustabid xonlar, sultonlar hukmronlik qilgan eski zamon insonning qo’l-oyog’i bilan birga ongi, aqli va qalbini ham kishanlab tashlaganini bolaligidayoq ko’rgan, o’sha chirkin qullik muhitida yashab ulg’aygan edi. Abdulla Qahhorning o’nlab asarlari, xususan, “O’tmishdan ertaklar” qissasida tasvirlangan voqea-hodisa va ijtimoiy manzaralar – asrlar mobaynida xalqni yanchib, ta’qib etib kelgan musibat, g’am-anduh va fojialarning o’ziga xos haqqoniy talqinidir. “Xalqning ko’zi bog’lansa, qulog’iga qo’rg’oshin quyilsa, taqdir hukmi o’limdek haq, degan aqidani uning zehniga singdirish osonroq bo’ladi”. Bu fikr – xalqning ko’zi bog’lanib, qulog’iga qo’rg’oshin quyilganda uning og’ir alam va sitamlarga yo’liqishiga bevosita guvoh bo’lgan, bu hayotda inson tasavvuriga sig’maydigan balo-qazolar qo’pishini o’z ko’zi bilan ko’rgan, ko’nglidan o’tkazgan yozuvchining, ya’ni Abdulla Qahhorning fikri. To’g’ri, adib oktyabr inqilobi xalqimizning ko’zini, qulog’i va ongini ochadi, endi taqdir hukmiga o’limga ishongandek ishonishlar barham topadi, deb umid qilgan, davlat va partiya belgilagan mafkuraviy chiziqlardan chetga chiqmaslik niyati bilan yashab, ijod etgan. Shu ma’noda Abdulla Qahhorni ayblashga yoki qoralashga dalil bo’ladigan fikr-mulohazalarni uning asarlaridan ko’chirma olib, qatorlashtirish qiyin emas. Ammo buning bilan Abdulla Qahhorning asl badiiy olami, yozuvchilik qiyofasi xiralashib qolmaganidek, san’atkorlik maqomi ham pasaymaydi.
Abdulla Qahhor bir suhbatida “Men adabiyotga uning mohiyatini bilmasdan, adabiyot propaganda quroli ekanini yuzaki, juda ham yuzaki tushunib kirganman”, deydi. Tavalludiga oltmish yil to’lganda esa “Men qirq yillik ijodiy faoliyatim davomida ko’p ish qilganim yo’q, chunki bu qirq yilning ko’pini tajriba orttirishga sarf qildim”, degan edi. Tabiiyki, adabiyotning mohiyatini bilmasdan qilingan ish – adabiyot namunasi sifatida yashay olmaydi. Abdulla Qahhor bunday asarlarini ko’p jildligiga kiritmagan. Va bu ishi bilan haqiqiy yozuvchi nainki boshqalarning, balki o’zining ijodiga ham tanqidchi ko’zi bilan xolisona qarashga qodirligini isbotlagan. Demoqchimizki, agar Abdulla Qahhorning sho’ro davlati va kommunistik partiyaga munosabati oddiy odamlar ishonchidan farq qilmasa edi, o’zini siyosat va adabiyot rahnamosi deb bilgan “dohiy” va “dohiycha”larni vahimaga solgan o’sha mashhur fikrni u hech vaqt aytmagan bo’lardi.
Ustoz Ozod Sharafiddinov bunday hikoya qiladi: “Ba’zan do’stlarim – deydi Abdulla Qahhor yubiley kechasidagi nutqida, menga ta’na qilib, “katta”larga chest` berib turmaysan, deyishadi. Men chest berolmayman. Chunki men partiyaning oddiy soldati emas, ongli a’zosiman”. Avvalo shuni aytish kerakki, bu gaplar birdan, majlis vaqtidayoq yozuvchining esiga kelib qolgan, hayajon ichida og’zidan chiqib ketgan gaplar emas, Abdulla Qahhor besh kun avval ikki-uch shogirdiga tantanali kechada gapiradigan gapini o’qib bergan edi. Shunda shogirdlari yuqoridagi iborani aytmaslikni, agar bu ibora aytiladigan bo’lsa, adabiy muhitga yomon ta’sir qilishini ta’kidlashdi…”
Shogirdlar ham oddiy kishilar bo’lmagan, albatta. Ularning har biri el-yurtga tanilgan, hayotning past-balandini yaxshi bilguvchi iste’dod sohiblari edi. Shunga qaramasdan, Abdulla Qahhor shogirdlarining fikrini olmasdan, gapirishi shart deb o’ylagan gapini aytgan. Unga munosabat keskin o’zgarishini bilsa-da, “Men partiyaning oddiy soldati emas, ongli a’zosiman” deyishdan o’zini cheklay olmagan. Chunki zamonasozlik, xushomadgo’ylik, madhiyabozlik avj olgan va partiyaga yaltoqlanish, uning har bir da’vatiga “labbay” deya javob qaytarish umumiy udumga aylangan muhitda “ongli a’zolik” huquqi ham katta gap hisoblangan. Ongli a’zo bo’lmoq – hech bir narsaga ko’r-ko’rona sig’inmaslik, bo’lar-bo’lmasga sadoqat izhoriga berilmaslik, har qanday vaziyatda ham o’zining aql-idroki va salohiyatiga suyana bilish deganidir. Ong va fikr mustaqilligiga erishgan kishi – qalbi va ruhoniyati hur inson bo’ladi. Faqat shunday insongina umumiy betamizlik, hech kimdan hisob talab etilavermaydigan “ulgurji” riyokorlikka bosh qo’shmaydi.
Abdulla Qahhor odamning Odam bo’lib kun kechirishini, inson o’z ahvolini bilishda adashmasligini, tosh chaynasa ham haqiqatga xiyonat qilmasligini istagan. Agar o’tmishda qullik, qaramlik, zabunlik hukm surgan bo’lsa, kelajakda erkinlik, tenglik, baxtiyorlik qaror topadi, deb umid qilgan Abdulla Qahhor. Agar moziyda mehnatkash xalq ko’zidan qonli yoshlar oqib, ajdodlarimizning boshi musibat va kulfatdan chiqmagan bo’lsa, sho’ro zamonida yig’i – shodlikka, kulfat – quvonch va xotirjamlikka o’rin bo’shatar deb ishongan Abdulla Qahhor. Vaqt o’tishi bilan buyuk adib bu ishonch aslida ulkan adashish, aldanish ekanini bilgan, shirin orzu va umidlar bag’ridan umidsizlik va dilni cho’ktirguvchi ishtibohlar ulg’ayayotganiga iqror bo’lgan.
Abdulla Qahhorning hikoyalarini o’qigansiz. Uning qahramonlarini yaxshi bilasiz. Ularning orasida ibrat olish va namuna etib ko’rsatishga arziydigan nechta erkak bor? Xayolan bir joyga ularni to’plang: fikri, saviyasi, maqsadi, munosabati va holini birma-bir tahlildan o’tkazing. Ko’nglingiz cho’kib ketadi. Lekin Abdulla Qahhorning realistligidan, jonli obraz yaratish san’ati va samimiyatidan dil ravshanlashadi. Abdulla Qahhor nuqtai nazarida ijobiy qahramon – yasama qahramon emas. U obraz yaratishda sun’iylik va soxtakorlikka toqat qilolmagan. Shuning uchun hikoyalaridagi har bir detal`, har bir badiiy to’qima hayot haqiqatiga o’ta mos va ular inson taqdirini haqqoniy shaklda yoritishga xizmat ettirilgan. Abdulla Qahhor oddiy insonni sevgan, uning ahvol-ruhiyasini teran tushungan, qismatiga kuyingan. Adib oddiy odamlar to’g’risida yolg’on yozishdan, ularni soxta va yasama qiyofada ko’rsatishdan hazar qilgan. Bundan tashqari, Abdulla Qahhor hikoyalarini o’qisangiz, jasurlik va matonat nafaqat erkaklarga, balki ayolga ham xos ekaniga tan berasiz. Nega shunday? Bu haqda har kim o’zicha o’ylasa, o’zicha bir xulosaga kelsa, menimcha, foydadan xoli bo’lmaydi. Men bu o’rinda faqat bir narsaga – Abdulla Qahhorning qahramon tanlash va xarakterni tipiklashtirishdagi talabiga e’tibor qaratishni istar edim. Yozuvchi asarlarida ibratli obraz va qahramon bor, lekin ideal obraz ham, qahramon ham yo’q. Bu san’atkorning tom ma’nodagi realist ijodkorligi va haqparastligi ham, yo’qni – bor demagani, soxta va so’xtasi sovuq kitobiy qahramonlarni bino qilib siyosat “tegirmoni”ga suv quymagani, kitobxonni aldamaganida yaqqol namoyon bo’ladi.
“Biz mansub bo’lgan millat, – deydi Amerika yozuvchisi Rolf Emerson, – olomonga aylanib qoldi. Biz hanuzgacha komil insonni ko’ra olganimiz yo’q. Uning ma’naviy-ruhiy holatini ham hali to’g’ri tasavvur etolmaymiz. Komil shaxsni faqat orzu qilamiz. Lekin u haqidagi xabardan nari o’tolmaymiz. Unga xos bo’lgan quvvat va sehrli qobiliyat biz uchun mubham va noma’lumdir…”
Taxminan mana shunday fikr Abdulla Qahhorning qalbida ham zildek armon bo’lib cho’kib yotgan. U hayotda uchratmagani – komil shaxsni tasavvurda yoki xayol kuchi bilan bino qilishga umuman rag’bat sezmagan desa, xato bo’lmaydi.
Abdulla Oripov Abdulla Qahhorga bag’ishlangan xotiralarida “Abdulla akaning lafzidan uchgan so’zlar nechog’liq shafqatsiz bo’lmasin, uning ko’zlarida doimo qandaydir bir mung yashirinib yotardi”, deydi. Ehtimol, bu mung – hasrat va armon mungi bo’lgan. Ehtimol, bu – anglash azobi va chorasizlik hissi bo’lgandir. Ehtimol, boshqa narsadir. Nima bo’lganda ham, o’sha xosiyatli Mungda kuchli Shaxs sog’inchi yashiringaniga shaxsan men shubha qilmayman.
V
“Vatandosh bo’lmasa, vatan bo’lmaydi”, deydi Ibn Arabiy. Demak, har qanday vatanning tarixi, buguni va kelajagi vatandoshlik tuyg’usining qanday shakllangani, nechog’liq kuch-qudratga ega ekaniga bog’liq. Haqiqiy vatandoshlikdan doimo maslakdoshlik tug’iladi. Bunday maslakdoshlik esa o’zni anglash va o’ziga ishonishga, hech narsadan cho’chimay, qo’rqmay yashashga ruhlantiradi. Har qanday o’tkinchi hislar, g’arazli muddao va da’volar vatandoshlik tuyg’usi ta’sirida juda xunuk va past, bag’oyat so’nik ko’rinadi. Chinakam vatandoshlik tuyg’usigina ko’ngildan ko’ngilga yo’l ochadi, el-yurt dardini vijdon dardiga, hurriyat ishqini hayot mazmuniga aylantiradi. Mana shunga erishilmasa, vatandoshlik hissi quruq gap bo’lib qolaveradi. Natijada avomlik, nodonlik va soxtakorliklar avj oladi.
Avom kim? Odamday erkin fikr yuritish, erkin yashash shavqidan mahrum kimsa. Qorni to’q, ust-boshi but bo’lsa, oromini hech kim buzmasa – avomning «ozodligi» ana shu bo’ladi. Avomlik bu – gushnalik, laqmalik, ko’r-ko’rona ergashish, ixtiyoriy ravishda qullikka chidash deganidir. Shuning uchun avomni aldash, laqillatish oson. Uning haqiqati qornidan boshlanib, bo’g’zida tugaydi. Ayniqsa, mustamlakachilik sharoitida, bosqinchilik mafkurasi qilichga aylangan zamonlarda avomni uyg’otish, olomonni hurriyatga boshlash boshni kundaga qo’yish bilan teng bo’ladi. Chunki donishmand Abdulla Qahhor haqqoniy ta’riflaganidek, “Mustamlakachilik faqat mamlakatni g’orat qilmaydi, undan ham yomonrog’i – odamlarni, xalqni ruhan g’orat qiladi, shunday qiladiki, qul hayotini kechirayotgan, insonga nomunosib hayot kechirayotgan odamda shu hayotga qarshi norozilik, isyon ruhi butkul so’nadi”.
Abdulla Qahhor bu gapni hind mustamlakachiligini nazarda tutib aytgan. Lekin yurtimizda yuz yildan ziyod davom etgan mustamlakachilik birinchi galda xalqimizning ruhini, jasoratini g’orat qilib, turli hiyla-nayranglar bilan uni kishanda, qullik qafaslarida saqlashga urinmaganmidi? Elimizni dinidan, tili va tarixidan ajratib tashlash uchun bor kuch, bor imkoniyatini sarflamaganmidi?
O’zini qaysi din, qaysi mazhabga mansub bilmasin va o’zini kim deb hisoblamasin, baribir avomning dini, mustahkam e’tiqodi bo’lmaydi. U Xudodan emas, boshida qilich qayrab turgan bandasidan qo’rqadi. Xoliqni sharaflab, maxluqning poyiga bosh egadi. Uning qoshu qabog’i va hukmiga qarab yuguradi, yeladi. Mamlakat boshiga bosqin ofati, mazlumlik kulfatlari yog’ilganda, nomusu or uchun maydonga chiqish zarurati yuzaga kelganda nodon dindor ham, g’ofil dahriy ham adolatni emas – zulmni, odillikni emas – zolimlikni, haqiqatni emas – yolg’on va qalloblikni yoqlaydi. Chor bosqini zamonlarida ham xuddi shunday bo’lgan. Kelgindilarga yurtimizning qo’l-oyog’ini bog’lab berishda peshqadamlik qilganlar kimlar? Peshvo bo’lganlar kim? Faqat siyosat arbobi va amaldorlarmi?..
Ozarboyjonning buyuk farzandi va mutafakkiri Husayn Jovid masjid va minbarlarda jamoatni jannat huzur-halovati ila aldab, avom musulmonlarga oxirat saodatini va’da qilib, ularni g’aflat, kulfat va baxtsizliklarga ko’niktirishga jon-jahdi bilan uringan shariat sohiblarining qilmishlaridan bahs yuritib, bunday deb yozgan edi:
Agar musulmonlik budurki, bizim musulmonda bor,
Voy uning ertasigaki, bu kunning ortidan kelur.
Turkistondagi diniy mahdudlik va g’ofillik esa Kavkazdagiga nisbatan ming karra ziyodroq va ayanchliroq bo’lganini tarixiy misollardan yaxshi bilamiz. Qullikni – hurlik deya fatvo berish, xalqni bosh egish, hayvonnikidan ham yomonroq hayotga ko’niktirishda ba’zi shariat namoyandalari yalovbardorlik qilgan. Shu tufayli erkin fikr qafasga solingan, insondagi tabiiy mayllar ayovsiz ta’qib etilgan. Islomning ilg’or, nihoyatda hayotiy va insonparvar din ekaniga shubha qilmagan holda, Abdulla Qahhor din bilan dindorlik ayni bir tushuncha emasligini yoritishga intilgan. U bir o’rinda yozadi: “Ingliz mustamlakalarida nima qilgan bo’lsa, hammasi qon so’riladigan naychalardan iborat bo’lgan: temir yo’l, har xil imoratlar, xomashyo ishlanadigan korxonalar, dinga rivoj, odamlarda qullik raftori va psixologiyasi. Din ham shu naychalardan biri…”
Bu hukm bir oz keskin emasmi? Kufr va dahriylik mayli sezilmaydimi unda? Menimcha, kosa tagidagi nimkosani payqagan kishi adibning xulosasiga qo’shiladi. Axir, e’tiqod erkinligi cheklangan va taqiqlangan muhitda, qoloqlik, savodsizlik va gumrohlik tantana qilgan sharoitda dinning ma’no-mohiyati qattiq “tahrir”ga uchrashi, qonun-qoidalar esa ancha-muncha zamonaviylashtirilishi mumkin, albatta. Modomiki shunday ekan, ma’lum davrlarda dindan ham “qon so’riladigan bir naycha” o’rnida foydalanilganini aslo inkor etib bo’lmaydi.
Din nomi bilan dunyoda juda ko’p yaxshi va xayrli ishlar qilingan. Shu bilan birga, dunyodagi ko’pdan-ko’p yomon ishlar, aql bovar etmas qabohat va yovuzliklar ham bir zamonlar din va shariat nomi ostida amalga oshirilganini inkor etib bo’lmaydi. Buni unutmaslik va bundan zinhor-bazinhor ko’z yummaslik kerak. Men Abdulla Qahxorning dinga munosabatini, din va dindorlik xususida ilgari surgan fikr-mulohazalarini to’la-to’kis yoqlamayman. Shuningdek, adibning din va jamiyat rivoji, din va inson erki, din va shaxs kamoliga doir fikrlarining bugungi kunda ahamiyati qolmadi, degan gaplarga ham aslo qo’shilmayman.
VI
Ulkan yozuvchi, agar haqiqatan ham san’atkor bo’lsa, mayda hissiyotlarga berilmaydi. Bunga jahon adabiyotidan ko’plab misollar keltirish mumkin. Mana, buyuk rus adibi Lev Tolstoyni olaylik. Uning boy-badavlat kishi bo’lganini hamma biladi. Lekin yozuvchining atrofidagi qashshoqlik, kambag’allik unga behad yomon ta’sir o’tkazgan, uning ko’nglini ezib, ruhini yanchgan. Ellik yoshlarida Tolstoy ongida kutilmagan evrilish sodir bo’ladi: u hayotidan, qilayotgan ijodiy ishlaridan qoniqmay qoladi. Atrof-muhitni aqlga sig’mas kulfat, baxtsizlik qurshab yotgan bir zamonda o’tirib olib roman yozish – g’irt bema’nilik, degan qarorga keladi. Va badiiy ijodni vaqtincha to’xtatib, xalqning og’ir ahvoli haqida otashin publitsistik maqolalar yoza boshlaydi. Bu maqolalar jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan nafrat va g’azab hissi bilan to’liq edi.
Abdulla Qahhor “Tolstoy san’atkor sifatida biz uchun bitmas-tuganmas mahorat xazinasi, maktab, butun boshli bir akademiyadir» deganida bu buyuk siymodan xalq taqdiri, shaxs erki uchun kurash jasoratini o’rganishni ham nazarda tutgan. Axir, tog’day talantga Olloh tariqdek shijoatni ravo ko’rmasa – bu ham bir tolesizlik. Bunaqa iste’dod havasga arzimaydi: u yonib-yonolmaydi, kuyib kuyolmaydi, ehtiyotkorlik “qonun-qoida”larini chetlab, mardona qadam tashlayolmaydi. Odatda bunday ijodkorlar o’zlarining ichki kuchiga emas, allaqanday tashqi kuchga taslim bo’lib yashaydi.
Biz istaymizmi, istamaymizmi, haqiqiy yozuvchining shaxsiyati – ochiq shaxsiyat. Shuning uchun u har qanday yopiq jamiyat bilan chiqisholmaydi. U hamma narsada ochiqlik, aniqlik bo’lishini xohlaydi. Bunday ijodkor hatto ortidan bolta ko’tarib yugurganlarida ham o’z so’zi va jur’atiga sodiq qoladi. Shu haqda so’z ochilganda Abdulla Qahhorni xotirlamasdan bo’ladimi? Hayotda ham, ijodda ham Abdulla Qahhorning mardligi ibrat bo’lib qolgan. Jamol Kamol “Abdulla Qahhor xotirasiga” she’rida xayolan ustozga murojaat etib bunday deydi:
Kim ham kiya olur endi to’ningni,
Kim ham bog’lay olur sening belbog’ing?
Abdulla Qahhor yelkasiga olgan «qo’qoniy to’n”ni kiyish osonmi? Abdulla Qahhorning “belbog’i”ni belga bog’lashga kimning qudrati yetadiyu kim jur’at topadi?
Zamon sinovlaridan o’tgan, e’tiqod va irodasi mustahkam ijodkorlarimiz bor. Ehtimol shular ham kurashchanlik va matonatda, haqgo’ylik va jasoratda Abdulla Qahhorga havas qilsa ajab emas. Lekin unga tenglashishni xayolga keltirmasalar kerak. Taniqli rus adibi Konstantin Simonovning yozishicha, u Qahhor bilan tanishmasidan oldin “Sarob” romanini o’qigan. Va kitob muallifining hayot, uning murakkabliklariyu ziddiyatlari haqida teran, dadil fikrlay olishiga tan bergan. Shaxsan tanishuvdan so’ng esa, “Men nafaqat teran va dono insonga, balki harakatlari mardonavor, qat’iyatli, mulohazalari keskin, hatto dag’alga o’xshab ketadigan, xijolat bo’lar darajada keskin bir insonga to’qnash keldim”, deydi u.
Xo’sh, Qahhorning jasorati nimadan oziqlangan? Avvalo, to’g’rilik va haqiqatdan. To’g’rilik va rostlik Abdulla Qahhorning tarbiyachisi, yo’lboshchisi bo’lgan. Shuning uchun uning ohista va vazmin fikrlari ham o’zgalarni cho’chitgan, tahlikaga solgan. O’zlarini adabiyot peshvolari deb bilgan, haqiqatga yuzma-yuz kelishdan qochib yashaydigan farmonbardorlarning fikr va talablarini Abdulla Qahhor e’tiborga loyiq ko’rmagan. Va hech ikkilanmay ularga qarshi so’zini aytgan. Bu so’zlar yozuvchi sha’ni va martabasini muhofaza etish jihatidan hamon qimmatlidir.
“Kult davridagi vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari, – deb yozadi Abdulla Qahhor bir maqolasida, – tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo’lsa yozuvchining boshiga chertib ko’rishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga oziq berishni o’zining kasbi hisoblaydi”. Ma’lumki, vahima va shubhabozlikdan adabiyotimiz katta zarar ko’rgan. Bu illat qulay sharoit tug’ilishi bilan darrov o’zining jirkanch basharasini namoyon etib kelgan. Uzoqqa bormasdan, saksoninchi yillarning o’rtalarini xotirlaylik. O’shanda qator yosh iste’dodlardan g’oyaviy xatolar topish uchun asarlari “tirnoqlab” ham, “hidlab” ham o’qildi. Kimlardir “tuxumdan tuk” qidirib, palag’da iddao bilan adabiy jamoatchilikni chalg’itishga, ijodida milliy ruh kuchli bo’lgan yoshlarning kitoblariga millatchilik tamg’asini bosishga urindi. Xayriyatki, zamon nafasi o’zgardi, xayriyatki, Qodiriy va Qahhor kabi ulug’larimizning ruhlari adabiyotimizning navqiron avlodini qo’lladi – yovuzlik, zo’ravonlik maqsadiga erisholmadi. Qo’rqoqlik naqadar jirkanch narsa ekaniga, yozuvchi uchun qo’rquvdan ortiq tavqila’nat bo’lmasligiga men o’shanda aniq ishonch hosil qilganman.
Qo’rquv hayotning oddiy muammosi emas, juda katta – bahaybat muammosi ekan. Hind faylasuflaridan biri aytganidek, qo’rquvga tobe, qo’rquv domida qolgan aql shubha va ziddiyat ichida yashar ekan. “Ana shuning uchun bunday aql buzuq va tajovuzkor, zo’ravonlikka moyil bo’ladi”. Demak, qanday yuksak tog’ni ko’zlab, qanday ma’budga sig’inmaylik, sho’ro davrida qon-qonimizga singdirilgan qo’rquvdan qutulmasak, hayotimizni, jur’at va jasoratimizni yemiradigan, majruh aylaydigan dahshatli ofatdan hech vaqt xalos bo’la olmaymiz. Yovuzlik, jaholat va zulmni qoralovchi qalamkashlar har qadamda uchraydi. Bu ishni qog’ozda bajarish oson. Qiyini – yovuzlik va adolatsizlikni kamaytirishga amaliy hissa qo’shishdir. Shu ma’noda Abdulla Qahhorning so’zi bilan amali orasida tafovut yo’q edi. K. Simonov buni juda yaxshi anglagan, yaxshigina izohlab ham bergan. U yozadi: “Abdulla Qahhor yovuzlik, jaholat, razillik yonidan xotirjam o’tib ketaveradigan odam emasdi, aftidan, bu hol uni qayg’uga solardi, xuddi mana shu qayg’u uning aqlli ko’zlarida hamisha sezilib turardi… bundan o’zgacha munosabatda bo’lish uning qo’lidan kelmasdi, u boshqacha munosabatda bo’lishga intilmasdi ham”. “Tobutdan tovush” yozilganidan buyon poraxo’rlik, yulg’ichlik shu qadar keng va chuqur ildiz yozib, rivoj topdiki, jamiyatni tubidan kemirib, yemirib yotgan bu ofatga qarshi kurashish mumkinligiga endilikda odamlarni ishontirish ham oson bo’lmay qoldi. Holbuki, mazkur asar e’lon qilingan vaqtda ba’zi yozuvchilar Abdulla Qahhorning bu masalada haqligiga shubha bildirgan, adabiyotshunos va munaqqidlar esa uni voqelikni buzib ko’rsatishda ayblagan edi.
Odamning erkin yashashi, erkin fikrlab, erkin so’zlashi qiyin bo’lgan, chor atrofda hadik, qo’rquv, vahima sharpasi o’rmalab yurgan tahlikali bir sharoitda haqgo’y, kurashchan shaxs qanday ozod, qanday mardona yashagan bo’lsa, Abdulla Qahhor ham shunday umr kechirgani hayratlanarlidir. Millati, yurti, adabiyoti ravnaqiga bir ulkan adib nechog’liq beg’araz hissa qo’shgan bo’lsa, Abdulla Qahhor ham shunday mehnat qilgani, o’zini ayamasdan o’lmas asarlar yaratishga erishgani ham havas qilishga munosibdir.
VII
Iste’dodli ijodkor iste’dodsizlik bilan aslo chiqisha olmaydi. Chunki haqiqiy iste’dod – adabiyotning sergak posboni. Adabiyotni iste’dodsizlar xurujidan iste’dod sohiblari muhofaza etmasa, boshqa hech kim himoya qilolmaydi.
Bizning nazarimizda, o’tgan asrda yashab ijod qilgan hech bir o’zbek ijodkori adabiyotimizning taqdiri, tozaligi va daxlsizligi uchun Abdulla Qahhor kabi qat’iyat bilan kurashmagan, bu yo’lda Abdulla Qahhorchalik aziyat ham chekmagan. Insof yuzasidan buni tan olish lozim.
Abdulla Qahhorning borligi – tirikligining o’zi o’rtamiyonachilik, iste’dodsizlik, kitobxonni nazar-pisand etmaslikka qarshi bir qalqon bo’lgan. Faqat yaxshi asar yozishni emas, g’oyaviy nochor, badiiy yaroqsiz asarlarga yo’l bermaslikni u o’zining muqaddas burchi deb hisoblagan. Unga ko’ra, yozuvchi adabiyotga ikki xil yo’l bilan – biri tutab, ikkinchisi yashnab kirib keladi. “Tutab kirgan yozuvchi uzoq tutaydi, ko’nglidan chiqarib emas, qornidan chiqarib asar yozadi, yozuvchilik umrining oxirigacha tutaydi… Yozuvchilikka cho’g’day yashnab kirgan ijodkor asardan-asarga yashnay beradi, oxirda abadiy so’nmas o’tga aylanadi”.
Yana bir toifa qalamkashlar bo’ladiki, ular adabiyotga “o’g’ri mushukday tuynukdan» tushadi. Bular uchun adabiyot san’at emas – kasb, tirikchilik manbai. Adabiyotga tutab yoki o’g’ri mushukday tuynukdan kiradigan yozuvchilarning eng oliy a’moli mahalliy va “mahalla klassiklari» bo’lishdir. Adabiyot shularning dastidan jabr ko’radi. Shular badiiy so’z, obrazli fikr zavqidan kitobxonni benasib etish bilan mashg’ul bo’ladi. Hozirgi kunda yozish-chizishga bo’lgan havasni iste’dod deb o’ylaydiganlarning soni shu qadar ko’payib ketdiki, ular adabiyotda o’zlarini suvdagi baliqday erkin sezadigan bo’lib qoldi.
Shunday ahvolga Abdulla Qahhor chidarmidi? Loqayd qaray olarmidi? Dushman orttirish yoki qandaydir imtiyozlardan ayrilib qolishdan cho’chirmidi? Keling, uning o’limi oldidan sodiq shogirdi Shuhratga aytgan mana bu so’zlarini o’qiylik: “Odamlar meni dushmani ko’p deb o’ylaydi. Vaholanki, mening dushmanim yo’q. Men hech kimga dushmanlik qilgan emasman. Mabodo biror odamga qattiq gapirgan yoki u haqda yozgan bo’lsam, adabiyotimizning ravnaqini ko’zlab, jonim achiganidan, o’sha odamning talantsizligi yoki yomon asar yozgani uchun shunday qilganman…” Bunday deyishga Abdulla Qahhor haqli edi. Bunday qiyin ishni bajarishga Abdulla Qahhor qodir edi. Vafotidan keyinoq hayotda ham, adabiyotda ham uning o’rni bilindi. Abdulla Qahhordan keyingi adabiyotimiz to’g’risida o’ylab, bunday mulohazalar paydo bo’ladi: albatta, Abdulla Qahhor bo’lish qiyin. U tanlagan yo’ldan odim tashlab, katta adabiyot dardi bilan yashash bundan-da dushvor. Biz Abdulla Qahhorni sevamiz, deymiz. Uning asarlarini e’zozlab, ko’zga surtib o’qiymiz, deymiz. Izdosh va shogirdlari xususida endi bemalol gapiramiz. Do’ppi tor kelganda, “Men Abdulla Qahhorga safdoshman, xolos…” deya shogirdlikdan tonishlar ham unutildi. Lekin ayting: haqiqat va adabiyot istiqboli uchun Abdulla Qahhor tortgan mashaqqatlarning, boringki, o’ndan birini yelkasida ko’tara oladigan biror yozuvchining nomini nega dadil tilga ololmaymiz? Abdulla Qahhorga ishongandek ishonadigan, unga suyangandek suyanadigan adabiy shaxsiyat qaerda? Ishonchim komilki, obro’-e’tiborli qaysi bir ijodkorga hozir “Siz – adabiyotimizning Qahhorisiz, ya’ni posbonisiz”, deb so’zlamang, u yo noqulaylik sezadi yoki “Qo’ysangiz-chi…” deya e’tiroz bildiradi. Aslida, holatlarning ikkalasi ham to’g’ri. Shuning uchun ham bizda Abdulla Qahhorni sog’inish, ich-ichdan qo’msash hissi bor. Yuksak cho’qqilarni ko’zlagan yo’lchi muazzam toqqa suyangandek, biz ham bugun Abdulla Qahhorga suyanamiz, hayotga, adabiyotga, iste’dodga ustoz nigohi ila qaray olsak, ijod olamidagi ofarinbozlik, soxta dahochilik, maydakashlik va didsizlik illatlaridan xalos bo’lish muqarrarligiga ishongimiz keladi.
Abdulla Qahhor oltmishinchi yillarning boshlarida yozilgan “Shijoat haqida” nomli maqolasida bunday degan edi: “Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo’lsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qo’yar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bog’liqdir”.
Yozuvchi halol bo’lmog’i uchun, birinchi galda, iste’dodli bo’lishi shart. Chunki qitmirlik, baxillik, pismiqlik – bunday noqisliklarning bari iste’dodsizlikning hosilasidir. Iste’dod va shijoat esa qariyb egizak tushunchalardirki, talant shijoatni, shijoat talantni qo’llabgina qolmasdan, biri ikkinchisini qanoatlantirib boradi. Buning eng yorqin misoli Abdulla Qahhorning iste’dodi va shunga munosib shijoatidir. Men gapni aylantirib biron bir yozuvchi yoki shoirning shijoatsizligini pisanda qilmoqchi emasman. Bu – besamar ish. Besamarligi shundaki, ta’na, tanqid yoki malomat bilan olchoqni oqil, qo’rqoqni jasurga aylantirib bo’lmaydi. Malomatda salomat bor, deganlaridek, ijodkor o’zini o’zi malomat qilishni juda yaxshi bilmog’i kerak. Abdulla Qahhorga o’xshab shafqatsizlikni o’zidan boshlamog’i lozim. Ana shundagina u o’zini aldamasligi, o’ziga o’zi chap berib yashamasligi mumkin.
Tiriklikdagi sinovlar kamlik qilganidek, hayot Abdulla Qahhorni o’limidan keyin ham sinovdan o’tkazdi. Adibning yuragi urishdan to’xtashi hamon bir qancha shogirdlar qalbida “jo’sh urgan” mehr, sadoqat, e’tiqod ham go’yo ma’lum bir muddat to’xtadi. Adabiy yig’in va anjumanlarda uning nomi va xizmatlari kamdan-kam tilga olinadigan bo’ldi. Qahhorshunos sifatida tanilgan ba’zi olimlar tadqiqot mavzularini butunlay o’zgartirdi… Adibning yetmish yillik yubileyi xo’jako’rsinga – juda sovuq bir munosabat bilan o’tkazildi. Buning sabablari keyinchalik ayrim kitob va maqolalarda izohlab ham berildi.
Vaqt chopaverarkan. Hayotda o’zgarishlar bo’laverarkan. Ana-mana deguncha Abdulla Qahhor tavalludiga 80 yil ham to’ldi. Ushbu sanaga bag’ishlab yozilgan maqola, xotira va chiqishlarni oldingi yubileyniki bilan umuman qiyoslab bo’lmasdi. Mana, izzat va ehtirom. Mana, sodiqlik va haqgo’ylik. Bundan kimlardir hayratlandi. Kimlardir ajablandi. “Shuncha gap bor ekan, nechun shu paytgacha sir saqlandi?” deguvchilar ham bo’ldi. Chunki ko’p mulohazalar uydirma-yolg’onning yuzini pardozlash uchun to’qilgan edi. Xo’sh, Abdulla Qahhorning asl qiyofasini soxtalashtirish va haqiqatni buzib-bejab ko’rsatishdan muddao nima edi? Yozuvchi Tohir Malik so’zlarini eshiting: “Atoqli adib Abdulla Qahhorning 80 yilligi munosabati bilan ayrim odamlar uni xorlik ko’rgan, jabr chekkan, ta’qib etilgan bir bechoraga chiqarib qo’ydilar. Uyalmay-netmay, “Abdulla Qahhor haqida gapirish mumkin emas edi”, deb da’vo qildilar. Ular o’zlarining qo’rqoqligini, ta’magirligini yashirish uchun shunday gaplar tarqatdilar. Abdulla Qahhor – bechora odam emas, KURASHCHI(!) edi. O’zining shaxsiy fikri bor edi va bu fikrni himoya qila olardi. U birovning fikri bilan yashamagan, birovga qulluq qilmagan, biron nimaning ta’maida yurmagan. Uni bechoraga chiqarib qo’yganlar, aksincha, Abdulla Qahhorni maqtasam falonchi akamga ma’qul kelmasa-chi, hozir katta unvonga, katta mukofotga navbatda turibman, yana navbatdan chiqarib tashlamasinlar”, deb qo’rqib yashashgan. Ana endi, “Abdulla Qahhor ustozingiz ekan, nima uchun shuncha yil indamadingiz? ” degan savolga mana shunday da’volar to’qib chiqarishdi…”
Bu so’zlar yuqorida o’rtaga tashlagan savolimizga to’g’ri va eng odil javobdir. Haqiqat “ta’qibi»da yashagan ijodkor bora-bora odamlar ta’qibiga parvo qilmaydigan bo’ladi. Tashqi zo’ravonlik, bedodlik va nayrangbozliklar uni qiynashi mumkin, lekin ruhini so’ndirolmaydi. Negaki, hech vaqt uning MOHIYATIGA yetib borib bo’lmaydi. Mohiyati teran SHAXSga achinish kerak emas – undan o’rganish, ibrat olish lozim. Chunki mahrumiyat va mag’lubiyat uning qismatida zohiran nechog’liq keng quloch yozmasin, baribir u haq va g’olibdir. Shuning uchun uning dardi, g’am-g’ussalari va ko’z yoshlaridan shodlik, nekbinlik, ishonch chechaklari unib chiqadi…
VIII
Yozuvchining tayanadigan tog’i, ishonadigan bog’i uni so’zlashga, o’ylash va dunyoni anglashga o’rgatgan ona tilidir. Milliy tilining go’zalligini idrok qilolmagan ijodkor boshqa hech bir go’zallikni teran idrok etolmaydi. Nafosat tuyg’usi – til tuyg’usidan boshlanadi. Ona tilining tabiatini yaxshi bilgan kishi o’z millatining tabiati, milliy zavqini ham yaxshi anglaydi. Tilning ruhi – xalqning ruhi ekani buyuk bobolarimiz tomonidan bejiz ta’kidlanmagan. Ijodkorni sayoz fikrlash, bachkana his-tuyg’ularni qog’ozga ko’chirishdan eng avvalo til muhofaza qiladi. Tilga javobgarlik – so’z, tasvir, uslubga javobgarlik demak. Bir ma’noda iste’dod – so’zga jon bag’ishlash, o’lik so’zni ham tiriltirishdir. Iste’dodsizlik esa buning aksi – hatto tirik so’zni ham o’ldirish.
Abdulla Qahhorni nega buncha e’zozlaymiz? Mahoratiga nechun bunchalik tahsin o’qiymiz? U so’z bilan mo’jiza yarata bilgan, til mehnatini zargarlik san’ati darajasida yuksaltira olgan yozuvchi edi. Abdulla Qahhor hikoya va qissalaridagi har bir so’z, har bir iboraning o’rni shu qadar muqim va mustahkamki, ularni boshqa so’z, boshqa ibora yoxud jumla bilan o’zgartirish deyarli imkonsiz.
“Men tajriba uchun, – deydi Said Ahmad, – ustozning “O’g’ri”, “Bemor”, “Anor” hikoyalaridan ba’zi so’zlarni olib tashlab ko’rdim. Bo’lmadi. Hikoya bir ustuni olib tashlangan ayvonga o’xshab lapanglab qoldi”.
Axir, har bir sahifa o’rta hisobda 15-16 marta ko’chirilsa, har safar jumlalarga sayqal berilsa, boz ustiga bir sahifadagi gapni bir jumlaga, o’n sahifa mazmunini birgina sahifaga sig’dirish uchun qunt va ilhom ila mehnat qilinsa – so’z nari tursin, tinish belgisini ham qimirlatib bo’lmaydi.
Aziz birodar, ona tilimizning xotirasi to’g’risida hech o’ylab ko’rganmisiz? Tilimiz xotirasida nimalar saqlanib qolgani va nimalar bizgacha yetib kelganini bilishga uringanmisiz? O’zbek tili dunyodagi xotirasi eng boy tillardan. Uning xotirasida juda qadim bir dunyo bor – ana shu dunyoning qayg’usi, alami va armonlari joylashib qolgan unda. Bu tildagi ko’p so’zlar kurashlar guvohi, mag’lublik va g’oliblik, yo’qotish va ayriliqlarning xabarchisi erur. Ularning botinida g’ussa va hasrat, musibat va nadomat pinhon yotibdi. Abdulla Qahhor – mana shunday so’zlarning sirlarini kashf etgan yozuvchi. Shuning uchun ham unga so’z bilan yuzma-yuz kelish, so’z xotirasidan taralgan sadolarni tinglash qiyin bo’lgan. Umuman, u so’zning yuragiga quloq tutishni ham, uyg’oq so’z bilan ish yuritishni ham nihoyatda teran egallagan.
Bir donishmand olim “So’zning tomirlarida qon oqsa, yuragi urib tursa, ko’zi ko’rib, qulog’i eshitsa – so’z tirikdir”, deydi. Faqat shunday so’zlargina badiiy matnda tiriklik ruhini aks ettiradi, o’quvchini haqiqatga iqror qiladi, hayotning ochilmagan ziddiyatlari, biri biridan murakkab hodisotlari sirini ochadi.
Abdulla Qahhorning so’zga munosabati, so’z qo’llash san’ati ko’pchilikka ma’lum: u so’zga behad xasis. So’zni haddan ziyod tanlab, chertib-chertib ishlatadi. Undan bizga meros qolgan asarlarning aksariyati tomirida qon yugurayotgan, ko’zi, qulog’i, shuuri ochiq so’zlardan yaralgani bilan ham alohida ahamiyatga ega.
IX
Ma’lumki, Abdulla Qahhor mahoratining ildizlari nafaqat milliy adabiyotimiz zamini, balki mumtoz rus adabiyoti namoyandalari – Tolstoy, Turgenev, Gogol, eng avvalo, Chexov ijodiy tajribalari bilan ham chambarchas bog’liq. Sirasini aytganda, Abdulla Qahhor jahon adabiyotidagi yutuqlarni imkon darajasida ijodiy o’zlashtirib, milliy nasrimizda yangi sahifalar ochgan. Bu sahifalarda muhrlangan so’zlar, tuyg’u va xarakterlarga takror-takror nigoh tashlagan sayin insonning so’z vositasida mo’jiza yaratish salohiyatiga bo’lgan ishonch shuncha ortadi.
Men, barcha tengdoshlarim qatori, Abdulla Qahhor asarlarini o’qishni bolalikda – maktab darsliklaridan boshlaganman. Abdulla Qahhorning meni dastlab juda qiziqtirgan asari “Anor” hikoyasi edi. Shu hikoyadan keyin birin-ketin adibning yupqa-qalin kitoblarini topib o’qishga kirishib ketganman. Bolalik olislarda qoldi. Yigitlik shamolday o’tdi-ketdi… Lekin men hamon qahhorxonlikdan to’xtaganim yo’q. O’qish ishtiyoqi ham, taassurot va mushohada ham endi nisbatan o’zgacha. Bultur “Sarob”ni qayta o’qidim. Qanday ajoyib roman! Yigirma uch yoshli o’spirin yigit shunday ko’rkam, shunday baquvvat kitob yozganiga aql bovar qilmaydi.
“Sarob”da sirli-sehrli bir ruh bor. Ana shu ruh asar qahramonlari taqdiriga biryoqlama qarashga imkon bermaydi. Ilk o’qishda romanning tub mohiyatini yetarli darajada tushunmaganman. Lekin Saidiy ham, Munisxon ham menga yoqqan. Negadir ularni ayblashga, dushman deyishga tilim bormagan. Boshqa obrazlarga nisbatan Saidiy, Munisxon va Murodxo’ja domla xarakterlari juda pishiq ishlanganday tuyulgan. Ma’lumki, “Sarob” sho’ro tuzumi dushmanlari – o’zini millat homiysi, millatchi deb atagan guruhga qarshi, “burjua millatchiligining sinfiy mohiyatini fosh etish» maqsadida yozilgan. Adibning e’tirofi bo’yicha, u “Sarob”da bolaligida qalbini yaralagan o’tmish hayotni “qaytarishga bel bog’lagan dushmanlarning boshiga” qalbidagi “g’azab o’tini yog’dirishga” tirishgan. Ammo nechundir romanda g’azab o’ti sezilmaydi: uning sahifalaridan xolislik shu’lasi taralib turadi. Salimxon, Munis, Saidiy, Murodxo’ja kabi obrazlar, albatta, salbiy tiplar. Yozuvchi ularning hayot tarzi, fikr-qarashi, psixologiyasi va dunyoqarashini ich-ichidan inkor etadi. Ularning nainki maishiy hayoti, balki ma’naviy olamiga ham dadil kirib boradi. O’quvchi mutolaa jarayonida ularning har biri go’l, laqma va anoyi kishilar emasligini sezib, shunga iqror bo’lib boradi. Sho’ro mafkurasi “ko’zgu”sida qaraladigan bo’lsa, bu qahramonlar haqiqatan ham adashgan, xudbin, makkor va g’anim, bir so’z bilan aytganda, zararkunanda kimsalar. Biroq ularga adolat va xolislik mezoni bilan baho berilsa-chi?
Iniga cho’p suqilsa, ari ham odamga yopishadi, talaydi. Yurt bosib olinsa, vayron etilsa, elning qoni to’kilsa, hokimiyat zo’ravonlikka, qaramlikka asoslansa, odam farzandi ari qadar qarshilik ko’rsatmasinmi?! Arichalik ham qahri yo’qmi uning?! Ha, Saidiy xudbin, meshchan va shuhratparast. U millatchi va sho’ro siyosatining dushmani. Nima qilib bo’lsa ham odamlarni “bolshevizm zulmidan dod” degizishni ko’zlaydi. Boshqa davr, boshqa bir zamon bo’lganda, ehtimolki, uning qismati butunlay o’zgacha bo’lar, “ichki hayoti bilan tashqi hayoti orasidagi kundan-kun o’sib borgan qarama-qarshilik” joniga qasd qilarli darajaga yetmasdi. Saidiy badiiy ijodda katta bir muvaffaqiyatlarga erishmagan bo’lsa-da, umrining oxirlarigacha yozuv-chizuvdan o’zini cheklay olmaydi. Agar u do’sti Ehsonning “Siz o’zbek adabiyotini butun dunyo ko’radigan yuksaklikka ko’tarishda qatnashasiz. Bu faoliyatni siz sho’ro hukumatini nima mustahkamlasa, nima sotsializm qurilishiga yordam bersa, shu “mening mavzuim” deb boshlang…” degan fikrlarini qabul aylab, amalda shuni ko’rsatishga jahd etsa, hayotda ham, ijodda ham qandaydir yutuqlarni qo’lga kiritarmidi? Shubhasiz, shunday bo’lardi. Unda u – Saidiy emas, ixtiyoriy ravishda sho’ro bosqini va qirg’inlarini qo’llab-quvvatlagan ijodkorga aylanardi.
Romanning sakkizinchi qismida bir lavha bor. Saidiy ilk bor Salimxonlarnikiga kelganida Munisxon royalda unga bir kuy chalib bermoqchi bo’ladi va deydi: ”Bu juda keksa mashq. Harbiy mashq… Arablar Undulusni olganda chalingan mashq. Kishini shunday g’ayratlantiradiki, buni eshitganda o’lik ham tirilib jangga otlanadi. Eshiting, Rahimjon…
Mashqni eshitganda Saidiyning ko’z oldiga gijinglagan arab otlari, nayza, qalqonlar kelib, qulog’iga kurash va qondan xabar beruvchi tovushlar eshitilib ketdi”.
Avvalo, Munisxon kishini g’ayratlantiruvchi, o’lik ham tirilib, kurashga otlanadigan qadimiy bir g’alaba kuyini Saidiyga bejiz chalib bergani yo’q. Ikkinchidan, uni tinglagan Saidiyning ko’z oldiga gijinglagan arab otlari, nayza, qalqonlar gavdalanib, qulog’iga kurash va qon tovushlari eshitilganday bo’lishi mutlaqo tasodifiy emas. Bunda qizil bayroq baland ko’tarilgan bir yurtdagi mag’lubiyatga ham, ayni paytda, hali so’nib bitmagan umid, omonsiz kurash va janglarda tug’ilajak g’alabaga ham ishorat bor. Saidiy “erk ertaklari»ga ishonmaydi va ishonishni ham istamaydi. U “o’z doirasidagi kishilarning hammasini aqlli, hammasining miya mexanizmlari but” va “tushunadigan odamlar” deb bilgani bois boshqa bir “ertak”ning qurboni bo’ladi. Saidiy va atrofidagilarning fojiasi – faqat adashish fojiasi emas, kurashish fojiasi ham.
Murodxo’ja xonadonidagi o’zaro bir suhbatda kelajagiga bildirilgan ishonchga javoban Saidiy: “Adiblik mening kasbim bo’lishiga ishonaman, domla… Arximed: “Menga tayanch nuqtasini beringiz, richagim bilan yerni ko’taraman», degan. Men ham yerni ko’taraman, domla, menga ham tayanch nuqtasi kerak, bu – sharoit”, deydi. Na turmushda, na siyosiy harakatda, na ijodda “tayanch nuqtasi”ni topish sho’rlik Saidiyga nasib etmaydi. “Norozilikdan ko’ra kelajakda rozi bo’lish umidining” kundan-kunga yo’qolib borishi uni toliqtiradi, aql-idrokini kishanlaydi, ichkilikka g’arq etadi, halokat yoqasiga sudraydi. Saidiyni maslaksizlik yoki e’tiqodsizlikda ayblab bo’lmaydi. Shu gapni uning Salimxon, Murodxo’ja, Abbosxon va boshqa davradoshlariga nisbatan ham aytish mumkin. Odam tanish, ilm-madaniyatni qadrlash, xalqdan kuchli shaxslar chiqishini orzu etish, kishidagi zakovat va qobiliyatni anglash, tadbirkorlik va uddaburonlikda Murodxo’ja domla Salimxondan ilgarilasa ilgarilaydiki, ortda qolmaydi.
Sho’ro saltanatini qulatib, yangi bir davlat barpo etish maqsadida tuzilgan tashkilot a’zolari yig’inida asosiy mavzu bir chetda qolib izhori hasrat boshlanganda Murodxo’ja domla qat’iyan norozilik bildirib bunday deydi: “Hammalaring o’z dardlaringni aytasizlar. Bunday hol jami xalqning boshida bor. Shundan qutulish yo’li to’g’risida gapiringlar-da! Bu yerga nahot hasrat qilgani to’plangan bo’lsak! Har qaysimiz buyuk bir g’oyaning egasi. Bu nima maydagaplik!”
“Buyuk g’oya… buyuk g’oya…” deyishdan murod hosil bo’lmaydi. Pana-pastqamlarda to’planib hasrat to’kish bilan, buyuk g’oyani hayotga joriy qilish va oliy bir natijalarga erishish orasidagi farq yerdan osmon qadardir. Xullas, sho’ro davlatining totli va’dalariga ishonib, uning ortidan ergashgan omma aldanishga mahkum bo’lganidek, najot markazi xorijda, deya o’z millatining kuch-quvvati, milliy ruhi, ijtimoiy-siyosiy talab va imkoniyatlarini to’g’ri baholay olmasdan, yangi davlat qurishga uringan mulkdorlar, ziyolilar, din va shariat namoyandalari ham ojizlik botqog’iga botgan edilar. Bu botqoq ularni birin-ketin domiga tortardi. Ammo ular ham “kishan kiymay, bo’yin egmay”, g’ayriinsoniy siyosat oyoqlantirgan zo’ravonlik va qo’rquvlar domiga tushmay yashashi, xatolardan kechishi, fikriy chalg’ishlardan qutulishi mumkin edi-ku! Ularning hayoti, taqdirini sho’ro davlati bir chaqaga ham arzitmagani rost. Ammo o’zining o’qimishliligi, hushyor, ziyrak va kamtarlik kabi fazilatlari bilan xotirada yashab qoladigan Saidiy ham, tashqi go’zalligi bilangina emas, farosati, didi, ichki latifligi bilan kishini maftun aylaydigan Munisxondek dilbar bir qiz ham shu millatning farzandi emasmidi? Munisxon joniga qasd qiladi – to’pponcha bilan o’zini otadi. U nimaga o’zini otganini ko’plar bilmaydi. Jumladan, Saidiy ham. Munisxon – ishq va go’zallik tantanasi uchun tug’ilgan qiz. U ishqsiz va baxtsiz yashashga ko’nikolmaydi. Taqdir unga Saidiyni nega ro’baro’ qilganini keyin anglaydi. Kechikib bo’lsa-da, xatosini tushunadi. Baxtsizligi uchun olamga la’nat yog’dirmaydi. O’lim oldidan bitib qoldirgan xatini “Olam to’la baxt, faqat men baxtsiz edim”, deb tugatadi.
Taqdir dramasini haqqoniy yoritish, murakkab qismatli shaxs fojiasini xolis tasvirlashda, menimcha, adabiyotimizda “Sarob” bilan bellashadigan asar yo’q. “Sarob”ni o’qiganda ko’ngilda bir sergaklik uyg’onadi. Tarix jafokash xalqimizga nechun bunday bo’linish, toqat qilib bo’lmas parchalanishni ravo ko’rdi, deb o’ylaysiz. Kecha aytilmagan bo’lsa, endi bugun, keling, salbiy deb ataganimiz, dushman deb bilganimiz “Sarob”dagi qahramonlarni oqlamasak ham, qoralamaylik, maqtamasak hamki, tahqirlamaylik. Ularni tushunmoqqa harakat qilaylik. Mulkidan ajralish, erkini boy berib, ona tuprog’ida sig’indi bo’lib, qo’rqib, begona odamday yashash qandoq azob, qandoq kulfat bu! Bugungi ba’zi mulkdor va boylarning fikr darajasi, maqsad-muddaosini ham ko’rib turibmiz-ku! Ular yuzlab salimxon va muxtorxonlarni dog’da qoldirishi, diyonat, insof va saviyada ulardan yuz chandon tuban turishiga nima deysiz!..
Ne yoziqki, mulk da’vosi, boylik to’plash psixologiyasi harislik, manmanlik, xudbinlik, shuhratparastlik, dabdababozlik hirslari bilan chambarchas bog’liq ekan!
Odam hayotni bilishi uchun, eng avvalo, o’zining haqiqiy ahvolini bilishi kerak. O’zining ahvolini bilish – o’z millatining haqiqiy ahvolini bilish yo’lidagi oltin halqadir. “Sarob”ni o’qishdan tug’ilajak bir hikmatli xulosa ana shu!
X
Odatda haqiqat sustlik va sokinlikni yoqtirmaydi. Haqiqat ko’nglidan chuqur joy olgan odam-chi? U albatta sokinlashadi. Bu sokinlik, bugun bo’lmasa ertaga, uni dunyo ortidan halloslayotgan, bilib-bilmay tirikchilik tegirmonida yanchilayotganlardan ajralishga, hayot hodisotlariga juda xolis va haqqoniy qarashga majbur qiladi. Agar ijodkor shunday sokinlik qadrini bilmasa, katta bilim va mushohada ila uni shakllantira olmasa, shoshqaloqlik, havoyilik, o’zni ko’z-ko’z qilish mayllaridan hech qachon qutula olmaydi. Bu mayllar oxir-oqibatda uni xuddi qo’g’irchoqdek o’ynatadi. Haqiqiy san’atkorning sokinligi haqdan fayz yetgan orifning xotirjamligiga bag’oyat yaqin bo’ladi. Qalbida fikr to’foni qo’zg’alib, ehtiros alanga olsa ham u jo’shmaydi – sukut va sokinligiga sodiq qolaveradi. Qadrini bilgan, kamtar va andishali har bir ijodkorda shu holni kuzatish mumkin. Men Abdulla Qahhor shaxsini ko’klarga ko’tarib, ideallashtirish fikridan butunlay yiroqman. U ham farishta emas, shu zaminda yashab o’tgan bir inson edi. U haqiqat yukini ko’tarish butun bir jamiyatga og’irlik qilgan murakkab zamonlarda yashagan. Unda ham o’ziga xos kamchiliklar, chekinish va chalg’ishlar bo’lgan. Gap shundaki, shular ham Abdulla Qahhorni ma’nan ulg’aytirishi, qalbidagi ma’naviy-ruhiy teranlikni kuchaytirishga xizmat qilgan. Bir kun kelib adabiyotda vijdon timsoliga aylanishni Abdulla Qahhor, ehtimol, xayoliga ham keltirmagandir. Lekin u adabiyotimizning bedor Vijdoni bo’lib tarixda qoldi.
Abdulla Qahhorning adabiy-tanqidiy maqolalarini o’qib, suhbatlaridagi fikrlarning ma’nisini mulohaza qilib ko’rgan bo’lsangiz, demak, adabiy tanqid nima, haqiqiy tanqidchi kim, uning faoliyati qanday bo’lishi haqida to’g’ri tasavvurga egasiz.
Tanqidchilik bilan shug’ullanish havasida yurgan kezlarimda men qaysi munaqqidning asari qo’limga tushsa o’qiyverganman. Ba’zilarini jiddiy hafsala bilan mutolaa qilganman. Ayrimlarini o’qishga qiynalganman: ifoda g’aliz, aksariyat jumlalar tushunarsiz, ilmiy atamalar qalashtirib tashlangan, muallifning shaxsi va ijodiy qiyofasini aniq tasavvur etish qiyin, nochor kitoblar ham maqtalgan, ta’rif va tavsiflar dalil-isbotsiz va hokazo.
Men ham nimadir yozgim, qay bir kitoblarga munosabat bildirgim kelar, ammo yozishga qiynalardim, bordiyu yozsam ham qoniqmasdim. Shunda Abdulla Qahhorning bir necha bor o’qiganim “Yoshlar bilan suhbat” va olti jildligining oxirgisidagi o’zimga juda yoqqan maqolalarni ko’chirib yozishga kirishdim… Shundan so’ng nainki tanqid – adabiyot, badiiylik, iste’dod va haqiqat to’g’risidagi fikrlarim ham tiniqlashdi. Shunda men Abdulla Qahhor tanqidchilarning ham donishmand ustozi ekanini, uning saboqlariga rioya qilish, g’oyaviy-estetik talablarini bajarish bag’oyat qiyinligini bildim. Abdulla Qahhor deydiki, “Tanqid yomon asar bilan kitobxon orasida dallol, shirinkomaga vijdonini sotadigan yuraksiz dallol bo’lmasligi kerak”. Qani bunaqa tanqid? Yomon asar bilan kitobxon o’rtasida dallollik qilmagan munaqqid topiladimi o’zi? Topilsa, necha kishi ular? Gapirish noqulay.
Did, saviya, jasorat bobda tanqidchi va adabiyotshunos, yozuvchi yoki shoirdan ildamlab ketmasa ham, keyinda yurmasligi zarur. Tanqidchi avvalboshdan “O’quvchining qalbiga ta’sir qilmagan narsaning adabiyotga hech aloqasi yo’q»ligini bilishi kerak. Go’zallik tuyg’usi so’ngan munaqqid ana shu masalada o’zini fosh etadi: adabiyotga aloqasi yo’q asarlarni kiprik qoqmasdan maqtashga yo mavzuning dolzarbligini dastak qilib, tahlil etishga kirishib ketadi. Bilmaydi va bilolmaydiki, “Tuyg’usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga o’xshaydi – meva tugmaydi. Ko’ngil rozi bo’lgan asargina kitobxonning ko’ngliga yo’l topadi…”
O’zbek tanqidchiligida noqislik tamali nima deyilsa ikki so’z bilan javob bersa bo’ladi: saviya va jur’at. Holbuki, Abdulla Qahhor munaqqidning saviyasi va jur’ati masalasida jon kuydirib so’zlagan. Dardsiz va ehtirossiz yozilgan asarlarni maqtaydigan saviyasiz tanqidchilar haqida u bunday degan edi: “Bu toifa tanqidchilar o’qib bo’lmaydigan, badiiy jihatdan g’oyatda g’arib bo’lsa ham ro’y-rost “g’oyaviy xatosi” yo’q kitoblarni axtarib yurib, ular to’g’risida madhiyalar yozib o’rgangan, shuni kasb qilib olgan”.
Tanqidchida bilim, saviya, dunyoqarash, maslak qancha teran bo’lsa, u adabiyotni qancha keng his qilsa, hech bir masalaga tarafkashlik va g’araz bilan yondashmasa, asarni o’shancha xolis tahlil eta oladi. Aks holda, tashxisda adashgan tabibga o’xshab, qilayotgan ishida faqat taxmin va g’alatga asoslanadi. Bundan na yozuvchi, na adabiyot, na kitobxonga foyda tegadi. Badiiy-estetik idroki pachoq tanqidchi-adabiyotshunos javobgarlik va jonkuyarlikni jangarilik yoki botirlik deb tushunadi. Qalam o’rniga nayza, bolta ko’tarib yozuvchiga hamla qiladi. Abdulla Qahhor “Sarob”dan boshlab to oxirgi asarlarigacha shunday tashlanish va adolatsiz tanqidlarga duch kelgan. Bu haqda bahs yuritgan Ozod Sharafiddinov, “Hozir adibning butun umri davomida tanqiddan yegan dakkilarini o’ylar ekanman, uning ro’paradan ham, orqavarotdan ham qilgan hujumlarini daf etishga ko’p kuchi sarflanganini tasavvur qilar ekanman, bu odamning sabotiga, tog’day bardoshiga qoyil qolaman”, deydi. Bunda Abdulla Qahhorni suyab, muhofaza aylagan kuch, bir tomondan, o’zining haqligi, xolisligiga ishonch bo’lsa, ikkinchidan, haqiqiy tanqid ilmining vazifasi, huquq va xususiyatlarini anglashi edi. Shuning uchun u munaqqid iste’dodini yozuvchi iste’dodidan kam deb bilmagan.
Hozirgi paytda adabiy tanqidning qiyofasi kundan-kunga mavhumlashib borayotir. Uning maydoni gavjumlashish o’rniga tobora siyraklashib, bo’shab qolmoqda. Adabiy tanqidning bir zamonlardagi obro’-e’tibori va nufuzi yo’q endi. Abdulla Qahhor boshqa ishga yaramay o’zini tanqidchilikka urganlarni “har narsadan cho’chib shaqildoq chalaveradi»gan qo’rqoq qorovulga o’xshatgan edi. “Shaqildoq”bozlikning o’rnini ham haybarakallachilik, madhiyago’ylik egalladi. Lekin ahvol bunday davom etishi mumkin emas. O’zbek tanqidchiligi qayta qad rostlashni, necha o’n yillardan buyon meros bo’lib kelayotgan zamonasozlik, ehtiyotkorlik, dallollik singari illatlardan xalos bo’lib, shaxdam odim tashlashni istasa, Abdulla Qahhor talab qilganidek, eng avvalo, “adabiyotimizga katta adabiyot cho’qqisidan” qarashga bel bog’lashi kerak. Ana shunda uning o’zi ham yangi cho’qqilarni zabt etishi mumkin.
XI
Abdulla Qahhor asarlari bir mo’jiza ekanini ko’pchilik e’tirof etgan. Jumladan, atoqli adib Shukur Xolmirzaev “O’zbek adabiyotida ana shunday mo’jizalarni yaratib, qoldirib ketgan insonga topinish mumkin”, deydi. Men aqlimni taniganimdan buyon Abdulla Qahhorning shaxsini ham, asarlarini ham yaxshi ko’rganman. Qolaversa, chinakam buyuk adibga topinishning nimasi ayb? Lekin hozir boshqa bir gapni aytishim lozim deb o’ylayman.
Yetmishinchi yillarning oxirlarida Abdulla Qahhorga mening munosabatim bir oz o’zgargan edi. Bunga Toshkentga kelib yashay boshlaganimdan keyin ayrim adabiy davra va suhbatlarda Qahhor haqida murosasizlik ila aytilgan tanqidiy mulohazalarni eshitishim ham sabab bo’lgandir. Endi Qahhorga muxolif kayfiyatdagi yosh ijodkorlarga ham duch kelish mumkin edi. Ulardan ba’zilari Qahhorni “sochidan tirnog’igacha sho’ro yozuvchisi” ekani uchun qoralasa, boshqa birlari uning Cho’lpon to’g’risida aytgan ikki jumla gapini dastak qilib aybnoma to’qir edi. Xullas, Qahhorning hatto hikoyanavislikdagi yutuqlari ham nazarga ilinmas, uning eng sara, eng o’qishli hikoyalari ham past baholanardi. Kunlardan bir kun ikki-uch yaxshi hikoyasi bilan tanilib qolgan yozuvchi birodarlarimizdan biri bunday degan edi: “Abdulla Qahhor hikoya yaratmaydi – to’qiydi. Hikoya yasaydi. O’tmish mavzuidagi hikoyalari esa tarixni ayblash, tarixga qora chaplash uchun qilingan ishlardir…” Oxirgi, o’tmishga tegishli jumlalar menda ham e’tiroz tug’dirmagan. Chunki Qahhorning asarlarini o’qib, tarixdan faxrlanolmaysiz, tarixga suyanolmaysiz, tarixdan ruhiy madad ololmaysiz. Ularning deyarli barchasida moziy juda nursiz, surursiz va qop-qora bo’yoqlarda – qalbni g’am-g’ussaga chulg’aydigan manzaralarda namoyon bo’ladi.
Abdulla Qahhorning o’ttizinchi yillarda yozilgan “Bemor”, “O’g’ri”, “Anor”, “Millatchilar” kabi hikoyalari menga yoqqan. Ularni o’qib, “Xayriyat, shafqatsiz, adolatsiz, o’sha tengsizlik zamonlari barham topgan. Xayriyat, xalqimiz o’sha kulfat, musibat, son-sanoqsiz baxtsizliklardan xalos bo’lgan”, deb o’ylaganman. Ammo bir kun kelib, “Nainki, ho’kizidan ayrilgan musibatdiyda bir mo’ysafidga hech kim rahm qilmasa, axir amaldor ham odam-ku!.. Nainki, bemor xotinga go’dakning saharlari qiladigan duosidan boshqa davo topilmasa; nainki, sog’-salomat yigit boshqorong’i xotiniga ikki donagina anor olib berolmasa…” qabilidagi e’tirozlar menda ham paydo bo’lishini o’ylamaganman. Ammo shunda ham negadir Qahhorni o’qishdan o’zimni to’xtatolmaganman. Hikoyalarini bo’lmasa, qissalarini, qissalarini bo’lmasa, boshqa asarlarini qayta-qayta o’qiyverganman. Shuni ham aytishim kerakki, men qahhorshunos bo’laman, shu sohada biror ilmiy tadqiqot yarataman deb Abdulla Qahhor ijodiyotiga bog’lanib qolganim yo’q. Ammo Abdulla Qahhor ijodiyoti sir-asrorlaridan voqif bo’lish niyatida ko’p olimlarning, xususan, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo’shjonov, Umarali Normatov kabi adabiyotshunoslarning tadqiqotlari bilan ham tanishganman.
Abdulla Qahhorni saksoninchi yillarda o’zimcha yangidan kashf qildim desam xato bo’lmas. “Sarob”da Saidiyning “Muvaffaqiyatli chiqqan bir hikoyadagi tipni mamlakatning har burchidan yuzlab, minglab topish mumkin” degan fikri bor. Qizig’i shundaki, bunday tiplar ko’p uchrashidan tashqari, ularning umri ham uzoq bo’larkan. Zamon, makon, vaqt tushunchalarini ular ko’pda tan olavermas ekan. Men ana shunda “O’g’ri” hikoyasidagi Qobil bobo bizdan ancha olis davrlarda yashab, o’tib ketgan bo’lsa-da, “qobilbobochilik” o’ziga xos tarzda davom qilayotganini angladim.
Abdulla Qahhorning o’ndan ortiq hikoyasini bitta nom – “Boshsiz odam” nomi ostida birlashtirish mumkin… To’liq ma’noda Faxriddinga monand, uningdek laqma, irodasiz, mustaqil fikrdan mahrum go’l kimsani,ehtimol, hayotda uchratish qiyindir. Ammo atrofga sinchkovlik bilan ko’z tashlab, mushohada etilsa-chi? Hayronlar qolasiz… Beixtiyor, “boshsiz odam” buncha ko’p-a, deysiz.
Abdulla Qahhor o’tmish mavzuiga bejiz qiziqmagan ekan. Moziyning zamon bilan doimo bog’lanadigan nozik rishta va halqalarini topib, faqat tarix bag’rida qolib ketmaydigan hayot haqiqatlari va fojialarini kuyib-yonib tasvirlagan ekan. Abdulla Qahhor ijodidagi shafqatsiz realizmning tub ildizi ham balki ana shundadir.
So’nggi yillarda ayrim yozuvchi, olim jo’ralarimiz bilan Abdulla Qahhor to’g’risida ko’p gurunglashib, fikr almashdik. Endi o’ylasam, “Abdulla Qahhor nainki adabiyotning, yurt va millatning ham vijdoni” degan mohiyatga men alohida urg’u bergan ekanman. Darvoqe, marhum adibimiz O’lmas Umarbekov ham ustozni millat vijdonini tamsil etgan yozuvchilardan deb ta’riflagan. Ha, Abdulla Qahhor bosib o’tgan hayot yo’li ham, ijod yo’li ham vijdon yo’li edi. U so’nggi nafasigacha millat dardi bilan yashadi. Shuning uchun ham unga og’ir bo’lgan. Mamlakatda toza fikrlaydigan odamlar kamayib ketgani, shular ham iqtidorini yangi haqiqat izlashga emas, eskilarini takrorlashga sarf aylaganiga qaramay, Abdulla Qahhor doimo ozod fikr, yangi haqiqatlar uchun kurashgan – yolg’izlanish, tanqidu ta’qiblarni pisand qilmasdan kurashgan. Abdulla Qahhorning ijodiy nafasidan nomardlik, har qanday g’irromlik titragan, tubanlik o’zini panaga tortgan. Unga tish qayraganlar esa yuzlariga niqob tortishga majbur bo’lishgan. Uning borligi millatning ham davlati, ham sarvati, ham shavkati bo’lgan. Mubolag’asiz shunday!
Konstantin Stanislavskiyning “San’atdagi hayotim” kitobida L. Tolstoy haqida aytilgan bunday bir gap bor: “Uning hayotligida biz “Tolstoy bilan bir zamonda yashash qanday baxt!” der edik. Yuragimiz g’am-g’ussaga to’lib-toshganda, hayotda qiynalganda yoki kishilar ko’zimizga yirtqich bo’lib ko’ringanda “Yasnaya Polyanada Tolstoy bor-ku!” degan fikr bilan o’zimizga tasalli berardik…”
Xuddi shu kabi, Abdulla Qahhor tirikligida o’zbek ziyolilarida ham shunday bir qanoat va tasalli bor edi. Lekin, ishonchim komilki, “Bizning Abdulla Qahhordek benazir yozuvchimiz bo’lgan, u o’zining boqiy asarlari va o’lmas jasorati ila doimo biz bilan birga yashayotir…” degan g’urur-iftixor tuyg’usi bugun ham ijod ahlining mahzun qalbiga umid va jasorat bag’ishlab turadi.
Manba: https://kh-davron.uz









