O‘zbek atamasi: mazmun, mohiyat va talqin

0
27

BAXTIYOR ALIMJANOV, tarixchi

O‘zbek atamasi haqida yozish mushkul ish. Chunki ushbu istiloh haligacha falsafiy nuqtai nazardan anglanmagan. To‘g‘ri, bu xususda shoiru yozuvchilarimiz talaygina asarlar yozishgan. Lekin ularning “o‘zbeklari” men uchun begona. Negaki, bu asarlarda o‘zbek atamasi siyosiylashgan, mafkuralashgan va tarixiylashtirilgan.

Zamonaviy ziyolilarimiz o‘zbek istilohini ko‘proq Vatan va millatga bog‘lashadi. Bunday yondashuv mazkur atamani kambag‘allashtiradi va siyosiylashtiradi. Nazarimda, o‘zbek tushunchasi siyosiy va tarixiy kontekstlardan xoli bo‘lmog‘i lozim. Jadidlar o‘zbek so‘zini millat tushunchasiga bog‘lab, yevropacha talqinni olg‘a surgandi. Bu esa, konstruktivizmning bir ko‘rinishidir, ya’ni bunda o‘zbek atamasi “millat qurish” materialiga aylantiriladi.

O‘zbek tushunchasi qotib qolgan hodisa emas. U zamon talabiga qarab shakllanmaydi, balki shu yurtda yashaydigan insonlarning orzu-umidariga bog‘liqdir. Ya’ni o‘zbek tushunchasi bevosita va bilvosita kelajak anglami bilan bog‘liq.

Bu atama barcha diskurslardan xoli bo‘lgan holda yaqin orada hayotiy prinsipga aylanadiva hammaning manfaatiga xizmat qiladi. Masalan, amerikalik tushunchasi emigratsiya bilan bog‘liq. Ushbu istiloh aniq manfaatlarni aks ettiradi va barchaga “amerikacha orzu”, ya’ni mehnat qilsang, boylikka erishasan, chunki bu diyor imkoniyatlar mamlakati, degan orzuni taqdim etadi. Afsuski, o‘zbek atamasi bu borada aniq bir orzuni ifoda etmayapti. Ko‘p hollarda faqat vatanparvarlik tushunchasi orqali talqin qilinyapti. Bu so‘z mustaqil anglamga aylanmagni, ziyolilarimiz uni teran tushunmayotgani falsafiy muammoni keltirib chiqarmoqda. Mazkur holatda men ushbu tushuncha haqida yozishim uchun aforistik usulni tanladim. Quyidagi tezislar o‘zbek istilohiga ozgina yangi ma’no-mazmun kiritsa, boshim osmonga yetardi.

O‘zbek tushunchasi, deganda zamondan ortda qolgan postmodernist ko‘z oldimga keladi. Bir vaqtning o‘zida u giperidealist va bu tushuncha o‘z potensialini doimo berkitadi. Postmodern va giperidealist qorishmasi o‘zbek ongu-shuurini parchalangan holda aks ettiradi. Bu parchalangan ong modernni tan olmaydi va ayni paytda mantiqiy hamda ijtimoiy holatda insonni faqat foyda olishga yo‘naltiradi. Ya’ni bu parchalangan ongning eng oliy qadriyati foyda olish bo‘lgani bois faqat “hozir”ni  tan oladi va zamonaviylikdan xoli bo‘ladi. Shuning uchun u doimo kolonial va postkolonial ong shakllari orasida aylanib yuradi. Oddiyroq qilib aytganda, bu ongning shaxsda namoyon bo‘lishi intellektual ojizlikka olib keladi va u hamisha o‘ziga ustoz qidiradi, mustaqil fikrlashdan yiroqlashadi.

O‘zbek atamasi falsafiy muammodir. Uning ildizi shundaki, faqat “hozir”ni, ayni vaqtni tan oladigan o‘zbek atamasi barcha muammolarga yechimlarini tez va oson topadi. Yoki atrofni tez ko‘chiradi o‘zlashtiradi. Mustaqil tafakkur va erkin tanlovdan xoli bo‘ladi. Bu esa, postkolonial holatni eslatadi. Ya’ni o‘zbek atamasi kolonial va postkolonial mafkuraning kuchli bosimi ostida “rivojlanmoqda”. Nazarimda, o‘zbek bo‘lib tug‘ilmaydilar, shakllanmaydilar. O‘zbek – bu ontologik invariant holatdir. O‘zbek bo‘lishdan boshqa tanlov yo‘q. Bir vaqtning o‘zida u tanlovdir. Ya’ni geografik joy, til, madaniyat tanlovidir. Masalan, hozirgi kunda Toshkentda ko‘plab bu millat vakillari faqat pasportda o‘zbekdir. Ular aksar hollarda na o‘zbek tilini, na milliy madaniyatni biladi. Chunki ana shu insonlarning fikricha, o‘zbek – bu erkin tanlov, konstruktivizm emas. Ya’ni yevropalashgan o‘zbeklarda shakl va mohiyat ajralgan. Ong esa parchalangan. Va mazkur holat “o‘sib” bormoqda. 10-20 yildan keyin qanday oqibatlar kelib chiqarkan? Faqat o‘zbek atamasining shakli qoladi, shekilli. Yevropalashgan o‘zbek uchun bu atama qotib qolgan va zamonaviylikni aks ettirmaydi, faqat “hozir”ni ifodalaydi. Ana shu holatda biz “hozir” va “zamonaviylik” tushunchalarining ajratilganini kuzatyapmiz. Bu parchalangan ong holatidir. O‘zbek istilohi ushbu vaziyatda o‘z kelajagini aniq tasavvur qila olmayapti. Paradoks: ayni paytda o‘zbek atamasi o‘zini o‘zi shakllantiryapti. Mazkur jarayon esa, atamaning istalgan talqinga ochiqligini ko‘rsatib turibdi. Bu, albatta, ijobiy holat. Jamiyatimizda kolonial va postkolonial bosimdan chiqish umidi oshyapti. Lekin ushbu jarayon anglanmayapti, ya’ni ongsiz yo pala-partish shakllarda namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun ham o‘zbek atamasi “millat” yo “milliy” tushunchalariga singib ketmayapti. Meningcha, buni me’yoriy holat deb qabul qilmog‘imiz lozim. O‘zbek uchun normallik xos. Bu esa, tanlovni shakllantiradi va o‘z o‘rnida, umid uyg‘otadi. Nazarimda, o‘zbek atamasining “stili” vujudga kelishi arafasidamiz. Chunki bu istilohning o‘zi ham parchalangan: shakli va mazmuni bir-biriga zid, ya’ni o‘zbek atamasi o‘zida “boshqa” obrazni shakllantirgan. Va ushbu holat umid uyg‘otadi ham! Fizikadan ma’lum, zarra ichidan qancha parchalansa, shuncha ko‘p energiya ishlab chiqaradi. O‘zbek atamasining potensiali ulkan. Bu “uxlab” yotgan va parchalangan, o‘z-o‘zi bilan kurashayotgan tushuncha, u o‘zligini tiklaydi, albatta.

Mazkur jarayon jamiyatda va madaniyatimizda tafovutlarni ko‘paytiradi. Farqlar bu atamaning hozirgi kunda eng turg‘un belgisidir. Shuning uchun o‘zbek istilohi – eng optimistik tushuncha. Undan optimizm (nekbinlik) ufurib turibdi. Bu holat menga mashhur faylasuf Xomi Babaning “Ikki, lekin birdan kichkina” degan aforizmini eslatadi. Ya’ni o‘zbek atamasi, Xomi Baba aytganidek, mudom o‘zligini qidiryapti. Jamiyatda buni odamlarning yaxshi hayotga chanqoqlik bilan intilishlarida kuzatyapmiz. Ayni paytda umidsizlik ushbu holatning ajralmas qismidir. Chunki yaxshi yashash falsafasida insonlar kkelajak umidi bilan umrguzaronlik qiladi. Kelajak esa, xavotirni olib keladi. Bu holat o‘zbek atamasiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu boisdan bo‘lsa kerak, o‘zbek yashashga shoshiladi.

O‘zbek istilohining eng anglangan tomoni – yashab qolish, keksalikka yetish, baxtli bo‘lish, farzandlar kamolini ko‘rish… Ana shu jihatlar o‘zbek atamasini xiralashtirmoqda, chunki bunda shakl va mazmun kurashi mavjud. Imkoniyatlar va real voqelik inobatga olinayotgani yo‘q. Mazkur jarayonda o‘zbek atamasiga aniq ta’rif berish mushkul. O‘zbek tushunchasi noaniq, ilg‘ab bo‘lmaydigan, doimiy emas va chegaraviy xarakterga ega. Bu holatda inson o‘zi har kuni o‘zbekligini ixtiro qilmog‘i darkor. Bizda esa, ommaviy axborot vositalari va siyosatchilar bu ish bilan mashg‘ul. Mazkur jarayonda siyosiy va mafkuraviy omillarning atamaga ta’siri sezilarli darajada kamayadi va aksar hollarda istilohga unsurlar kuch bilan singdiriladi. Lekin ushbu holat uzoqqa cho‘zilmaydi. Ya’ni o‘zbek atamasi doimo izlanishda. Gohida o‘zbek o‘zbekchilikni erkin tanqid qiladi, hayotdan noliydi. Buning esa, atamaga ta’siri sezilmaydi. Chunki parchalangan ong va xafagarchilik tushunchada aks etmaydi. Mantiqsiz belgilari so‘zda ifoda topganda, o‘zbek atamasi normallashadi. Faqat bu so‘z barcha diskurslardan xoli bo‘lishi zarur. Qiziq, o‘zbek o‘zini mantiqiy tushuntirib bera olmaydi. Chunki har bir o‘zbekning o‘z mantig‘i bor. Shuning uchun o‘zbek bu kollektiv atama emas. Shu jihatdan etnograflar adashadi.

O‘zbek – kollekiv shaxs emas. Balki unda individualiz belgilari ko‘p va o‘zbek shu belgilarni doimo berkitadi. Ayni sababdan o‘zbekni yevropalik tushunmaydi. Ya’ni o‘zbek, Kant aytganidek, “o‘zida”, uni sirtdan anglab bo‘lmaydi. O‘zbek o‘zining o‘zligini anglashi mumkin. U doimo ma’no-mazmun qidiradi va izlanishda abadiy kategoriyalarga tayanadi. Bu esa, uning adolatni izlashida namoyon bo‘ladi. Bir qarashda o‘zbek siyosatdan uzoq, faqat o‘z oilasi manfaatlarini o‘ylaydigandek. Mohiyatan esa, u siyosatdan boxabar, oxirgi yangiliklarni bilishga intiladi va hech kimdan yordamini ayamaydi. Bu jihatlar ongning parchalangani va doimiy intilish zaruriyati mevasidir.

O‘zbekning energiyasi imkoniyatlari bilan mos tushmaydi. Bu holat uni doimo “g‘imir-g‘imirlash”ga undaydi. O‘zbek uchun Yer sayyorasi kichkinalik qiladi. Qizig‘i, o‘zbek o‘zi bilan yolg‘iz qolishdan qo‘rqadi va bu qo‘rquv oila instituti oliy qadriyatga aylanishiga olib keldi. Ayni paytda o‘zbek hech narsadan qo‘rqmaydi, hamma bilan kelishadi, barchaning ko‘nglini oladi. O‘zbek faqat o‘zi bilan kelishmaydi. U – na Sharq va na Gʻarb odami. Uning qalbiga butun dunyo sig‘adi. Shuning uchun ham u migratsiya qiladi va yangi joyga tez ko‘nikadi, lekin ich-ichidan vatanini sog‘inadi. O‘zbek – bu doimiy harakatni anglatadi!

O‘zbek doimo o‘zining his-tuyg‘ularini berkitadi. Lekin ginani yaxshi ko‘radi. U uchun his-tuyg‘u muqaddas va buni kim bilandir bo‘lishishni istamaydi. Muvozanatga intiladi. Ruh muvozanatiga! Jon rohati uning uchun eng oliy baxt. Sahardagi osh o‘zbek uchun dunyo falsafasini tushunadigan joy va bir vaqtning o‘zida sarhisob ham. O‘zbek o‘zi to‘g‘risida o‘ylashni yaxshi ko‘rmaydi, sirlarini mudos yashiradi. Eng oliy sir – bu o‘zbekning hozirgi kundagi turmushi. Tarix o‘zbek uchun o‘tmish va kelajakka qo‘yilgan narvon emas. u o‘z tarixini doimo o‘zi yaratadi. o‘zbek yashash uchun doimo harakatda. doimiy harakat esa, tafakkur qilishga xalaqit beradi. O‘zbek o‘z fikrlaridan cho‘chiydi, shuning uchun kam gapiradi. O‘zbek tarixning eng g‘alati sub’yektidir. O‘zbek bu postmodern mahsuli, shuning uchun ham u posthaqiqat bilan yashaydi. O‘zbek o‘z-o‘zicha faylasuf va sosiologdir. O‘zbek – sayyoramizdagi eng irodali inson.

O‘zbekning shiori: “Hech narsaga qaramay harakat qilish va yashash!”. Shu boisdan ham o‘zbek qo‘ldan berilgan kelajakni yaqinda qayta o‘z nazoratiga oladi.

Manba: “Vatan” jurnali, 2025/№3

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting