KAMOLIDDIN AZZAMOV
Aziz otajon, Sen yaqinda nega men gapirayotganda seni dahshat bosadi, deya bexosdan soʻrab qolding. Otajon, shunday jang uslubi borki, u nomardlarning jang uslubi – nayza sanchishga ulgurgan raqib bu bilan cheklanmaydi, balki oʻz mavqeini saqlab qolish uchun oʻsal raqibining qonini ham soʻrib ichadi. Aziz otajon, mana shunday battol raqib bu – Sen!
Frans Kafka, “Otamga maktub”
Men oynaga qarashdan qo‘rqaman. Bunga jiddiy sababim yo‘qdir, ehtimol. Shunchaki qo‘rquv bu. Aqlimni taniganimdan buyon, mana yillar bo‘yi o‘zimni suratlardan, turli videoyozuvlardan olib qochishga, hech bir o‘rinda qiyofam aks etmasligiga harakat qilganman. Keyin-keyin o‘qib-ko‘rib tushundimki, fan tilida bu “To‘liqsizlik kompleksi” deb nomlanarkan. Unga ko‘ra, inson o‘zini shaxs bo‘lib shakllanishida nomukammal shakl, deya his etadi, hamisha biror aybi borligini tuyib yashaydi. Uni qanchalar e’tirof etishmasin yoki dalda berishmasin, hatto bu ijobiy baholarni ham soxta, haqiqatdan yiroq va kamsituvchi bir gapdek qabul qiladi.
Men bola ekanman, hali ota “men”i nima ekanini bilmas, hatto bu “men”ning yetishmasligi keltirib chiqaradigan oqibatlardan ham bexabar edim. Atrofimdagi kishilar, o‘rtoqlarim o‘z oilasidagi u yoki bu mavzuni gapirib, bolalarcha maqtangan bir vaqtda men qaysi burchakka boshimni tiqishni bilolmay karaxt holga tushar, imkon qadar bu davradan tezroq chiqib ketishga, yolg‘iz qolib, oxiri ko‘rinmaydigan “nega?” savoli bilan ruhimni parchalashga ehtiyoj sezardim. Zotan, hech mahal na aqlda, na mahoratda tengdoshlarimdan oldda bo‘lgan men uchun bunday suhbatlar og‘ir va og‘riqli edi.
…Sof san’at senga o‘zingni anglatadigan, borliqni yaxshiroq qabul qilishga, uni yanada teranroq tushunishingga yordam beradigan sehrli bir buyumga o‘xshaydi. Teatrshunos Qamariddin Ortiqov sahnalashtirgan “Kafka va K” spektakli ham shunday jozibali, sohir bir durdona, ehtimol. Har safar mo‘jazgina teaatr binosiga tashrif buyurgan tanishlarim bilan tomosha haqida suhbatlashsam, o‘zlari his etgan lazzat aralash qaltiroq, qayg‘u va og‘riq haqida gapirishadi. Kunlar, haftalar, hatto oylar o‘tib ham men ko‘zyoshi ta’mini lablarimga anglatgan kundagi his hali yodimdan chiqmagani kabi, suhbatdoshlarimning nutqida ham ana shunday bir iztirobnishin kayfiyatni ilg‘ab qolaman.
Ko‘p ulug‘ va hasratli ijodkor Frans Kafkaning “Otamga xat” asari asosida sahnalashtirilgan bu tomosha ana shunday yukli kayfiyat, og‘ir o‘ylarni o‘zining ortidan nigohlarga, undan yuraklarga ko‘chirib ketadi.
Aktyorning titrayotgan qo‘llari, idora qilib bo‘lmas g‘ussasi va bir insonni unutmoq uchun tayyorlangan qahva kabi achchiq xotiralar so‘zlashi hayotning turli savdolarini ko‘raverib ko‘zlari pishib ketgan, ichi allaqachonlar tuyg‘ular mozoristoniga aylanib bo‘lgan har qanday kishini ham oxirsiz hasrat qudug‘iga uloqtiradi. Bunda inson qularkan o‘zining hayotini, hali dunyoda yaxshilikka umid bor, deya kutgan damlarini, ilk bor haqiqatdan xabar topganida his etgan bo‘shlig‘ini, birinchi marta o‘ziga ko‘z tikkan birining ishonchini sindirganida tuygan vijdon azobini, har safar qayg‘u darvozasi yonida yelkalarini nochor quchib, o‘z-o‘zini yupatganini ko‘radi. Bu manzara, ehtimol, bori odam bolasiga yoqmas. Men bu tasvirda qop-qora bo‘shliqni va undan hech qachon yuqoriga chiqa olmasligimni ko‘raman, ochig‘i.
Bir safar ayam qo‘shnilar bilan ziyoratgohdan qaytgach, uydagi javonga bitta pichoqni qo‘yib qo‘ydi va “Bu – otangniki. Tegmanglar. Uyning erkagining o‘z pichog‘i bo‘lgani yaxshi” deb tayinladi. Pichoqqa tegindik, albatta. Asosan, palov tayyorlayotganimda shu pichoqda sabzi to‘g‘rar, go‘sht maydalardim. Pichoq sirtidagi “Falonchi akaga” degan yozuvga sabzi to‘g‘ramlari oralab yoki qonli et ichida tez-tez ko‘zim tushardi. “Falonchi aka” esa biz uchun olis O‘rusiyada ishlar (har holda ayam bot-bot “Otang siz uchun o‘sha yerlarda yuribdi” deb turardi), kech kuzda qaytib, bahorning yarmidan yana begona tuproqqa mehnat uchun ketardi. Shodligidan qayg‘usi, kunidan tuni uzun qish kunlari esa yuragim “otam yana ichib kelmasmikan, ichgan bo‘lsa, yaxshigina mast bo‘lgan bo‘lsinda, kelib darrov uxlay qolardi yo bu safar ham “Haqorat maktabi”ning “bepul mashg‘ulotlari”dan bahramand bo‘larkanmizmi?” degan savol bilan maromidan oshib, hadik ichida gupurlardi.
Endi eslasam, bizdagi ota “men”i ayamning gaplari va otamning dag‘dag‘alari ichida tug‘ilib-tug‘ilmay, yetilib-yetilmay o‘lgan ekan. Bugun o‘zimni murda kabi sovuq, jonsiz va ruhsiz his etarkanman, hech qanday achinish, koyinish va o‘kinch tuymayotganim ba’zan o‘yga, ba’zan vijdon azobiga soladi. O‘ylab qolaman: agar yetim bo‘lganimda shunday kechinmalar o‘tarmidi ichimdan yoki bundan battarroq qismat boshimga tusharmidi? Bilmayman. Bilishga-da xohish qolmagan ortiq. Bilganim – bu jamiyat uchun yot fikrda ulg‘ayib qolganim, o‘zbek degan millatning qonida xarom luqma kabi aylanib, chiqib keta olmay, sarson bo‘layotganim, bamisli oq qarg‘adek.
Teatrning o‘rtasida aktyor o‘zini bo‘g‘ib, do‘ppi bilan yuziga urdi. Nega monospektaklda odam o‘zini bunaqa qiynashi kerak? Axir shu gaplarni biroz tinchroq, ammo yanada ta’sirliroq qilib hikoya qilishi mumkin emasmidi? Ehtimol… Lekin bu hol mening ko‘z oldimga ayam bilan gaplashib bo‘lib (oila a’zolarimdan faqat ayam bilan qo‘ng‘iroqlashib turaman o‘zi) kechalari uyqusizlikdan uzun-uzun o‘ylar iskanjasida vijdon otliq bir bezovta itga ruhimni talanishini keltiradi. Tag‘inam, kim bilsin. Boshqalar tugul, hatto o‘z akam yoki ukam men kabi fikrlamas. Ular men o‘zimni ortiqcha savollar bilan band qilganim kabi band qilmagandirlar o‘zini. Bilmayman, bilishni-da istamayman.
Xayr. Seans tugadi. Men tomoshagohdan otilib chiqib ketgach, o‘pkamni bosib olib, ortga qaytganimda hamma ijodkorlarni olqishlayotgan bo‘ladi. Ammo mo‘jazgina tomoshagohga kirib, uning muhitidan hayratga to‘lgan ko‘zlar o‘rnini endi tumanli va g‘ussanok nigohlar egallagan bo‘ladi. Ibtido va intihoning farqi shu. Xayr, xayr, xayr…






