MA’MURA TO’RAYEVA
Buyuklarning buyuk va achchiq qismati bo‘ladi. Bilmadim, bu fikrni qachon va qayerda o‘qiganman. “Bo‘r bilan chizilgan halqa”da Markes mashhurlikka erishgach, o‘zini odamlardan olib qochgani, uni mashhurlik ortidagi yolg‘izlik ta’qib qilgani haqida o‘qigandim. Ehtimol, bu asarmasdir, shunchaki xotira bo‘lishi mumkin, balki undagi gaplar ham yolg‘ondir. Aslida aynan o‘shanda o‘zimni qandaydir to‘siq ichida ekanligimni anglaganman. Anglaganim sayin chiqishga intila boshlaganman. Bu aynan Markes kabi bo‘r bilan chizilmagan bo‘lishi mumkin, lekin buni men qachon, nima uchun chizganimni ham anglay olmayman. Balki juda ko‘p odamlar o‘sha halqa ichida yashar. Ba’zilari o‘zi istab, yana kimdir esa istamay.
Men doim erkinlik istaganman, erkin shaxslarga, erkin jamiki mavjudotlarga ba’zida hasad, ba’zida havas bilan qaraganman. Balki shamolni tutishga urinishim ham uning erkinligiga ega chiqmoqchi ekanligimdandir.
Markes bilan o‘xshash jihatlarimiz ko‘p, masalan, birinchisi u ham yozuvchi, mening esa yozuvchi degan nomim bo‘lmasa-da, nimalardir qoralab turaman. Uning asarlari kuchli va dahshatli, meniki esa cho‘pchak. Ha, buni shunday deb yaqinlarim aytgan. Birinchi marta o‘sha yerdan ketmoqchi bo‘lganimda aytgan, cho‘pchak yozib inson hech kim bo‘la olmaydi.
Yozuvchi shon-shuhrat shovqinidan qochgan, davralardan uzoqlashgan. U ruhan yolg‘iz va erkin bo‘lishni istagan. Men-chi?! Men avvaldan ruhan yolg‘iz edim, ha aytgancha, faqat men emas, atrofimdagilar ham ruhan yolg‘iz. Demak, bizda Markesdan yana bir farqli jihatimiz bor. O‘ylab qolaman, qamalish osonmi yoki qamoqdan chiqish. Menimcha, inson xohlagan payt o‘z qobig‘iga o‘ralib qamala oladi, buning uchun aynan bo‘r bilan doira chizish shart emas. Qamoqdan chiqish-chi?! U ancha mushkul, balki atrofimdagi odamlar o‘sha mushkul ishdan qochgani uchun bu doiradan chiqqisi kelmas.
Qachonki yorug‘likka chiqish, erkinlik haqida gapirsang, bilginki, sen yoki telbasan, yoki alahsiragan. Chindan erkinlik istashimni bilganida, u shunday degandi. Yana Markes haqida gapiryapti deb o‘ylama, o‘zimning bobom haqda hammasi. Markesdan bobom o‘ylagandek falsafiy fikrlar chiqishiga ko‘zim yetmaydi yoki aksi bo‘lishi mumkin. Xullas, o‘shanda bobom aytgandilar: “Inson erkin bo‘lishi uchun oilasini tashlab ketishi yoki baland binoning yuqori qavatidan o‘zini tashlab, qandaydir moʻjizani kutishi kerak emas. Har bir insonning qalbida ichki ovozi bo‘ladi. Ichingdagi men bilan suhbating qolmaganda yoki zerikkaningda, suhbatdosh izlab erkinlikka intilasan. Ruh erkinligi bu ancha qiyin tushuncha. Buni katta bo‘lsang anglaysan bolam….”. Markesni yolg‘iz bo‘lgan deya olmaymiz, u o‘sha ichki men bilan qolishni kartoshka va nonning narxini hisoblab yuradigan ko‘chadagi odam suhbatidan azizroq bilgan.
Doira ichida yashashni qanday bo‘lmasin yoqlamayman. Ichki menim bilan suhbatim qanchalik qiziq bo‘lmasin, izlaganim erkinlik. Atrofimda qobiqqa o‘ralib olgan odamlarni ko‘rib, shunchaki Markes xayolimga tushadi. Ba’zida ularga nimalardir degim keladi. Lekin ayta olmayman. Balki nima aytishim kerakligini hali o‘zim ham bilmasman, bilganim faqat bitta narsa: Men doiradan tashqaridanman…





