Tun. Og‘riq. So‘z

0
122

MEHRINOZA FARMONOVA

Yan Parandovskiy “So‘z kimyosi”da Aflotun va Arastu ijodiy ritmini qiyoslay turib, “Aflotun tunni yaxshi ko‘rar edi, Arastu esa tongni. Biri ilhom va tushlar dunyosida yashar, ikkinchisi uyg‘oq aql va kuzatuv nuri bilan ishlardi”, deydi. Jumlani o‘qiy turib, Aflotundan ulgi olib, men ham ilhomni Yerga tun qoplagan qora pardalar orasidan qidiribman-da, dedim. Lekin ilhom daryosida suzishning badali qimmat bo‘lishini yozmoqchi bo‘lsam, buni eng mayda og‘riqlarim-la yuzlashish bilan to‘lashim kerakligini keyinroq bildim.

Har narsani muvozanatda yaratgan Xudo kuni bo‘yi xoh jismoniy, xoh aqliy mehnat bilan shug‘ullangan bo‘lsin, charchaganlar uchun tunni berdi. Maqsad ham tanani, ham ruhni dam oldirib, yangi kunga tayyorlash, bu ish esa uyqu vositachiligida amalga oshadi. Lekin haqiqiy ijodkor hech qanday qoliplarga sig‘maydi deyishganidek, u shu muvozanatni ham buzdi. Uxlashi kerak mahalida ruhiyatining eng tubigacha sho‘ng‘ib, dardlari bilan yuzlashishni, malham topish ilinjida nimalarnidir qoralashni odat qildi.

Ha, ruhiyat va tana oromi uchun uyqu zarur. Lekin baxtga qarshi, ko‘plab ijodkorning yoza olishi uchun tundan maqbul variant yo‘q. Aslida, ularga soatning qizig‘i ham yo‘q, ular uchun bu shunchaki raqamlar almashinuvi, xolos. Gapning sirasi shundaki, ular kunning beadad shovqinlaridan omonlikni aynan tundan topishgan. Chunki ko‘pchilik o‘z tafakkurining cho‘qqisiga aynan sokinlikdagina yeta oladi. Yuqorida deganimdek, ruhiyat dengizida suzish aynan tunda  nasib qiladi ularga.

Ijodkor uchun tafakkur va tasavvur vaqti – haqiqiy hordiq. Ijodkor unda uyqudan olgan energiyasidan ming chandon ko‘prog‘ini oladi. Bu dunyo badallar dunyosi ekanligini esga olsak, ruhiyati dam olsa-da, uxlamagani hisobiga jismi dam ololmaydi. Lekin ijodkor ko‘ngil odami emasmi, jismini qurbon qilib, ruh oromini tanlaydi.

Yaqin kunlardan boshlab men ham shu uch so‘z orasida yashay boshladim: tun, og‘riq, so‘z. Orasidan biri bo‘lmasa, hech biri yo‘q. Tun bo‘lmasa, qolgan ikkisi yaqinimga ham yo‘lamaydi. Tun bo‘lmasa, ijod ham yo‘q demak. Lekin bedorlikning qancha alqovini eshitib, tunni sevsam, shuncha og‘riqlarimni qo‘zitgani uchun yomon ko‘rib boryapman. Shuning uchun hozir hayotimda eng katta dilemma: tunni yaxshi ko‘raymi yo yomon?

San’atshunoslik darsida ustozim: “Kimda kim haqiqiy yuzini ko‘rmoqchi bo‘lsa, qulayliklaridan bir qadam tashqariga chiqib, o‘zini kuzatsin. Shunday pallalarda o‘zi bilan ko‘proq gaplashsin”, – degandi. Balki men bedor bo‘la boshlab, o‘zim bilmagan holda qulay hududimdan chiqib qoldim-u, endi o‘zimni tinglash o‘zimga og‘irlik qilayotgandir. Balki o‘zimni endi taniy boshlagandirman. Mayli, ming‘irlashni qo‘yib, gapning indallosiga o‘taylik. Kaminaning tafakkur va tasavvurida Tun deganda gavdalanuvchi avtoportret quyidagicha izohlanadi:

U – omonsiz tergovchi. Bitta qo‘ymay so‘roqlab chiqadi ko‘rgan-ko‘rmaganim, bilgan-bilmaganimni. Harqalay, menga shunday. Bu insondan-insonga o‘zgarsa kerak. Kimgadir allalovchi enaga, masalan. Lekin tan olishim kerak, u ruhimni yengillashtiruvchi, kun bo‘yi yig‘ilgan, meniki bo‘lmagan, qayerdandir ilashtirib olgan odatlardan forig‘ qiluvchi, sochilib ketay degan “men”imni yig‘uvchi ruhshunos ham.

Aslini olganda, insonlikka eltuvchi yo‘lning ibtidosi – shoir Usmon Azim ayganidek, – dunyoga nega kelganini inson o‘zidan so‘rashi, bu cheksiz dunyoga sochilib ketgan o‘zini yig‘ishi va zarrama-zarra qurishidir.

Tun – ayovsiz jallod. Yillardir bag‘ringda saqlab yurgan yaxshiliklarning bo‘yniga bolta urish uchun payt poylaydi. Qo‘yib bersang, ichingda yashiringan shu kichik nekbinlikka ham rahna solsa. Biroq uni obi hayot deyish ham mumkin. Yangi kun uchun  kerak bo‘ladigan kuch, matonat, shukr unda chanqog‘ini bostiradi.

Tunni yana g‘iybatchi xotinga mengzataman. Yig‘lab-yig‘lab aytganlarimni borib yulduzlarga sotadi. Uning bu karomati meni og‘rintirmaydi, lekin yo‘llar tugab, yulduzlarga chiqqanimda, mayda-mayda dardlardan o‘rtanganim uchun yuzim shuvit bo‘lmay deyman. Ammo u qo‘li yengil shifokor ham. Har gal tafakkurim xasta lanib, og‘riganimda uning yoniga chopaman. Kun bo‘yi uning kelishi kutaman. Ugina o‘ylarimni tartiblab, tafakkurimni o‘z holiga qaytarishga qodir.

Ha,  tun  badal ham. Kunduzi yashaganlaring, kulganlaring, unutganlaring badali. Uning qaqshatqich sukunati guvohligida bir-bir to‘laysan har birini. Lekin  tun eng yaxshi doya. Darddan yaralgan homilani Ijod nomli bebaho ne’matga aylantiruvchi doya. Bu borada dunyo tundan qarzdor. Eng sara asarlarni dunyoga keltirib, insoniyat qalbini o‘lishiga yo‘l qo‘ymagani uchun. Eh-hee, u biz bilgan-nibilmagan necha-necha durdonalar borliqqa taqdim qildi. Buning aniq miqdorini u va Xudo biladi, xolos.

Menimcha, Alloh azbaroyi tunni sevganidan suyukli bandalariga dard berib, ularni tonggacha bedor qildi. Duolar eng mustajob bo‘ladigan payt uchun ham tunni tanladi. Yo‘q, bularning hammasini shunchaki tasodif deb bo‘lmaydi. Bu yerda bir ilohiy sir bor. Axir, so‘zning o‘zi ham, undan yaralgan asar ham ilohiy.

Bir shoir “Bu dunyo kimniki?” degan savolga “Dardi borlarniki” deb javob bergan ekan. Magar dard Yaratgan tomonidan berilar ekan, uning ham ilohiyotga daxli bor.

Bu bilan zinhor demoqchi emasmanki, kunduzi yozilgan asarlar, tug‘ilgan ijod namunalari dardsiz, ilohiyotga daxlsiz deb. Aksincha, kechalarni to‘lg‘anib, bedor o‘tkazishim, bir burda non orzusida shaharni kezgan gadoy kabi bir misra ilinjida tunni tongga ulanganlarim tobora og‘ir kelganidan o‘zimga taskin beryapman, xolos.

Lekin Fuzuliyning ushbu misrasi zap nishonga urgan-da: “Kavokib sayrini shab ila sahar bedor o‘landan so‘r”.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting