Ummon yuzidagi cho‘p

0
57

MAMATQUL HAZRATQULOV

Men tug‘ilganimda enam o‘ttiz sakkiz yoshda bo‘lganlar. Enam vafot etganlarida men o‘ttiz sakkiz yoshda edim. Enajonim bu foniy dunyodan boqiy dunyoga yo‘l olganlariga bugun o‘ttiz sakkiz yil bo‘ldi… Demak, hozirgacha yashagan umrimning birinchi o‘ttiz sakkiz yili enam bilan o‘tdi, keyingi o‘ttiz sakkiz yil judolikda o‘tmoqda. Aslida birinchi o‘ttiz sakkiz yilni ham to‘la, bevosita enamning yonida o‘tdi, deyolmayman. O‘n yetti yoshimda maktabni bitirdimu o‘qishga kirish uchun Toshkentga yo‘l oldim. Shu-shu taqdir taqazosi bilan poytaxtda muqim yashab qoldim. Avvaliga bir oyda bir-ikki marta, keyin oyda bir, so‘ngra ikki oyda bir boradigan bo‘ldim qishloqqa. Enam vafotidan keyin bu oraliq yanada uzoqlashdi…

Bugun 25 sentabr. O‘ttiz sakkiz yil oldin xuddi shu sanada enajonimni so‘nggi manziliga kuzatgan edik. Shundan beri enamni eslamagan kunim kam. Ammo bugun negadir ertayu kech enam xayolimda. Har qancha xayolimni chalg‘itmay eplay olmayapman. Ko‘z o‘ngimda enajonimning muborak siymolari ketmayapti, ovozlarini eshitganday bo‘layapman. Enam bo‘ychan, qaddi tik, bug‘doy rang, qotmadan kelgan ayol edilar. Xat-savodlari yo‘q, ammo gapga chechan, ertak-matallarni qiziqarli aytardilar, hazil-mutoyibaga moyil edilar. Gapirishlari o‘ktam edi. Ko‘nglimga taskin bergan narsa shuki, kayfiyatlari yaxshi, erkalab gapirayotganlari sezilib turibdi. Buning sababi nima? Bilmadim… Nimaga yo‘yish mumkin buni? Aqlim yetmaydi… Balki uch-to‘rt kun oldin qishloqqa borib, ota-enam, akalarim, opalarim, o‘tgan barcha qarindoshlarimiz qabrini ziyorat qilib kelganim sabablidir bu holat…

Sentabrning o‘n oltisida birdan Samarqandga otlandim. O‘g‘lim, nevaralar hayron. “Nima gap, dada, tinchlikmi? Biron-bir tadbir bormi yoki kimdir to‘y qilyaptimi? Birdan otlanib qoldingiz?” “Yo‘q, hech qanday tadbir ham, to‘y ham yo‘q. Shunchaki borgim keldi.” Enam vafot etgan kun yaqinligini eslatmadim ularga. Shahrizoda nevaram men ham birga borsam maylimi, ancha bo‘ldi qishloqqa bormaganimga, dedi. Mayli, dedim va birga yo‘lga tushdik.

Ota-enam qabri oldida ancha turdik. Xayolimdan ne-ne voqealar kechmadi. Otamning qabriga qo‘yilgan marmar toshdagi yozuvlarning ba’zi joylari xira tortibdi. Shunga ham vaqt o‘z hukmini o‘tkazibdi-da. (Otam 1976 yil 13 dekabrda vafot etganlar).

Og‘ir-vazmin qadamlar bilan qabristondan chiqa boshladik. Shu mahal telefonim jiringladi. Xadicha nevaram, Shahrizodaning singlisi, qo‘ng‘iroq qildi.

– Assalomu alaykum, dada (o‘g‘illarim, kelinlarim, nevaralarim, nevara kelinlarim, evaralarim meni dada, deyishadi). Yaxshi yetib oldingizmi, yo‘lda charchamadingizmi?

– Vaalaykum assalom, qizim. Rahmat, yaxshi yetib keldik. Charchaganim yo‘q, – dedim.

– Dada, sog‘ligingiz yaxshimi? Ovozingiz sal g‘alatiroq?

– Yo‘q, qizim, hammasi joyida… Hozir katta otang, katta enang qabrini ziyorat qilib chiqayapmiz…

– Ha, tushunarli, – dedi Xadicha. So‘ng sekingina, birov eshitib qolmasin deganday shivirlab so‘radi. – Yig‘ladingizmi?

Xadichaning bu savolidan ham ko‘nglim ko‘tarildi, ham kulgim qistadi.Ammo ich-ichimdan kelgan xo‘rsiniq, ovoz chiqarmay, ko‘z yoshi to‘kmay yig‘lash hammasini bosib ketdi. Qabr boshida yig‘idan o‘zimni tiygan edim, Xadichaning gapito‘lib turgan kosaga tomgan so‘nggi tomchiday ko‘nglimni o‘rtab yubordi. Uning savoliga javob berishga shoshilmadim, aniqrog‘i, gapirsam yig‘lab yuboradiganday, tomog‘imga bir narsa tiqildi. Ungacha Xadicha yana so‘radi:

– Dada, yig‘layapsizmi?

Qabristondan chiqdik.

O‘zimni qo‘lga oldim.

– Yo‘q, qizim, nega yig‘layman, yig‘laganim yo‘q… Nima, men yosh bolamanmi?..

Ota-enam haqida gap ketsa, ularni eslasam mahzun tortib qolishimni uydagilar biladi. Hozir yaxshiyamki, Xadicha meni ko‘rmayapti. Ahvolimni sezib qolmasin, deb gapni qisqa qildim.

– Bo‘pti, Xadicha qizim. Yaxshi o‘tiringlar…

***

Ota-enamning to‘qqiz farzandi orasida ularni eng ko‘p qiynagan men bo‘lsam kerak. Sababi – bolaligimda juda ko‘p kasal bo‘lganman. To‘qqiz kunligimda tomoqdan qolgan ekanman. Tasavvur qilayapsizmi, to‘qqiz kunlik chaqaloq emolmasa ona sho‘rlik qay ahvolga tushadi. Urushdan keyingi og‘ir yillar, uning ustiga tog‘li joydagi bir qishloq. U vaqtda qishloq joylarda do‘xtir qayoqda deysiz. Folbinga borgan, mullaga o‘qitgan. Bir mulla og‘ir ot qo‘yibsizlar, bola ko‘tarolmapti bu ismni, otini o‘zgartirish kerak, debdi. Va Mamatqul, deb ism qo‘yib beribdi (ismim Sa’dulla bo‘lgan). Mamat emas, Muhammad bo‘lishini, payg‘ambarimiz Muhammad salollohu alayhi vasallamning quli emas, ummati bo‘lishini, banda Ollohning quli bo‘lishini bilganmi-bilmaganmi – bunisi bizga qorong‘i. Nima bo‘lganda ham, Xudo rahmat qilsin o‘sha domlani, yaxshi niyat bilan o‘zgartirgan ismimni. Enajonim o‘shanda qanchalar ezilgan, qiynalgan. Sutini sog‘ib, kichkina qoshiqcha bilan og‘zimni ochib quyar ekanlar. Olloh umr bersa odam bolasi o‘lmas ekan. Bu hol qancha davom etgan – bir oymi, ikki oymi yoki undan ham ko‘pmi – bilmayman. Enamdan bir so‘raganimda “Esimda yo‘q, bolam… Qo‘y, u kunlarni eslatma. Xudoga shukur hammasi o‘tib ketdi. Xudoyim umringni uzun qilsin. O‘zi mehribon”, degandilar. Bilamanki, hammasi eslarida bor, ammo eslagilari kelmaydi. Shundan keyin bu haqda  boshqa gap ochmadim…

Ikki-uch yoshlarimda boshimga yara chiqadi. Bir gap kelganda enam aytib bergan edilar. “Yoz oylari edi. Tiqmachoqday semizgina eding. Oq ko‘ylakchang bo‘lardi. Shuni kiyvolib, tuproqqa belanib o‘ynab yurarding.  Yarangga pashsha qo‘nishidan qo‘rqardim. Olloh asrasa hech narsa qilmas ekan… Xudoga shukur…” Enam bechora bormagan folbinu tabib, mulla qolmaydi yon-atrofda. Ammo yara tuzalavermaydi. “Kechalari uyqim qochib, dardingga shifo so‘rardim Yaratgan egamdan, – deb eslagandilar. – Bir kuni tush ko‘rdim. Oppoq soqolli bir nuroniy bolangni Shohizindaga olib bor, o‘sha yerda o‘qit, dedi. Uyg‘onib ketdim. Tong otishiga ham sabrim chidamay otangni uyg‘otdim. Ko‘rgan tushimni aytdim. Tong bo‘zarib-bo‘zarmay otang bilan yo‘lga tushdik”. U paytlarda mashina qayoqda deysiz. Ot yoki eshakda borilgan Samarqand shahriga. Onda-sonda o‘tadigan “poluturka” degan mashinaga ilinsa – omad kelgani. Xullas, otam bilan enam ming bir azobda Shohizindaga boradi. Ziyorat qilib, o‘sha yerdagi domlaga bor gapni aytib, meni o‘qitadi. Shundan keyin Yaratganning qudrati bilan boshimdagi yara tuzala boshlaydi… Ixlosda ham bir hikmat bor ekan-da…

Yana bittasini aytgim keldi.

O‘n uch-o‘n to‘rt yoshlarda bo‘lsam kerak. Negadir o‘zimni yomon his qila boshladim. Aniq esimda, bir kuni uydan ayvonga chiqdim-da, to‘xtadim. Shunda o‘zimni yo‘qotib yiqildim. Yerga gupp etib tushganim ta’sirida o‘zimga keldim. Enam hovlida nimadir ishlar bilan ovora ekanlar “voy, bolam, senga nima bo‘ldi?” deb yugurib keldilar. Hech qayerim og‘rimaydi, ovqat yeyishim yaxshi, ammo holim yo‘q, bemajolga o‘xshayman.

Yana enam ovorayu sarson. “Senga ko‘z tekkan, yaxshi mullaga o‘qitishimiz kerak”, dedilar. Otam Qizilbosh qishlog‘idagi mulla Rustam boboga, Beshkal qishlog‘idagi mullaga (oti yodimda qolmagan) o‘qittirdilar. Lekin natija uncha ko‘rinmadi. Bir kuni otam bilan enamning suhbatini eshitib qoldim. Otam: “Bu mullalar duosi ta’sir qilmadi Mamatqulga. Omonqo‘tonda Abduxalil degan mulla bor. Shuni juda bilimli, dami o‘tkir, deyishadi. Shu domlaga o‘qitishimiz kerak.” Enam: “Bo‘lmasa tezroq harakat qiling. Bolamning kundan kun rangi uchib boryapti”.

Shu suhbatdan ko‘p o‘tmay mulla Abduxalil bobo uyimizga keldi. Otam ikkalasi uzoq suhbatlashdilar. Men choy-poyga qarab turdim. Shu suhbat asnosida bo‘lgan bir gap sira esimdan chiqmaydi. Mulla boboning choy ichayotgan piyolasiga pashsha tushdi. U kishi ko‘rsatkich barmog‘i bilan pashshani choyga to‘la botirdi, keyin olib tashladi. Otam ajablanib mulla boboga qaradilar. U kishi: “Pashshaning bir qonatida dard, ikkinchisida shifo bo‘ladi. Shuning uchun uni to‘la botirib, keyin olib tashlash lozim”, dedilar. Bu gapdan juda ajablandim, nahotki oddiygina pashsha qanotida dard bo‘lsa? Keyinchalik ulg‘ayib, turli kitoblar, xususan, buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy hazratlari to‘plagan sahih hadislarni o‘qigach, Abduxalil mullaning gaplari to‘g‘ri ekaniga amin bo‘ldim. “Sahihi Buxoriy”dagi 5782-hadisda shunday deyiladi: “Abu Hurayra (r.z.) rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birontangizning idishingizga pashsha tushsa, uni butunlay botirib, so‘ng olib tashlang, chunki uning bir qanotida shifo, ikkinchisida dard mavjud”, dedilar.” Bu Abduxalil domlaning haqiqiy ilmli ekaniga, kitob ko‘rganiga dalil edi. O‘sha kuni Abduxalil mulla meni o‘qib, dam soldilar. Shundan keyin Yaratgan egamning inoyati bilan ancha o‘zimga kela boshladim, keyinchalik butunlay sog‘ayib ketdim…

Bular-ku bolalik yillarimdagi, qishloq sharoitidagi voqealar. Endi mana bu hikoyaga qarang.

1973 yil. Toshkentda yashayman. “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida ishlayman. Xuddi o‘smirlik yillarimdagi singari birdan behol bo‘lib qola boshladim. Yunusobodda ijara uyda yashaymiz. Ishga tramvayda qatnayman. Gohida tramvayda havo yetmaganday o‘zimni yomon his etib, manzilimga yetmay, to‘g‘ri kelgan bekatda tushib qolaman. Poliklinikaga bordim. Vrach ko‘rib, jiddiy kasalingiz yo‘q, dedi. O‘sha vrach opaning bir gapi rosa kulgimni qistagan, ammo o‘zimni tiyganman xafa bo‘lmasin, deb. Fonidoskopni ko‘kragimga qo‘yib, yuragimni obdon eshitdi, yelkamga – kuraklarim ostiga qo‘yib eshitdi, yana o‘ng va chap ko‘kragimni eshitdi. So‘ng joyiga o‘tirdi-da, jiddiy tarzda yuzimga termulib “Yo‘q, sizda hammasi joyida. Yuragingiz chap tomonda”, dedi. Bu gapdan hayratim oshdi. Ajablanganimni do‘xtir opa sezdi. “Siz hayron bo‘lmang gapimga, ba’zi odamlarning yuragi o‘ng tomonda bo‘ladi. Shunaqa odamlarning kasalini aniqlash qiyin bo‘ladi”, dedi. Vrach bu gapni astoydil, jiddiy, katta bir yangilik aytayotganday gapirdi. “Bironta bo‘lsa-da, yuragi o‘ng tomonda odamni ko‘rganmisiz?” dedim. Vrachning biroz ensasi qotdi: “Ko‘rmaganman, ammo o‘qiganman… Institutda yetti yil bekorga o‘qiganmizmi…” Nima deyishni bilmay, rahmat, deb chiqib ketdim. Ko‘chaga chiqib o‘zimdan o‘zim kulaman.

Ha deganda o‘zimga kelavermadim. Jo‘ralar bilan o‘tirganimizda ham betoqat bo‘laveraman, go‘yo hozir hushimdan ketib, yiqilib qoladiganday kayfiyatga tushaman. Uydagilar va do‘stlarim maslahati bilan 15-shahar shifoxonasida (hozirgi Kardiologiya markazi) yotdim. U yerda obdon tekshirishdi. Jiddiy narsa yo‘q deyishdan nariga o‘tishmadi. U vaqtlarda tibbiyotimiz hamin qadar ekan endi o‘ylasam. Qandaydir apparatda yuragimni ko‘rish zarur deyishdi, ammo bu apparat u yerda yo‘q ekan. 1-shahar shifoxonasiga olib borishdi, aytilgan apparatda ko‘rishdi. (O‘sha paytdagi noyob apparat bugun yosh bolaga ham tanish bo‘lgan kardiogramma qiladigan matoh ekan). Ular ham shu gapni aytdi: “Jiddiy xavotir yo‘q”. Unday bo‘lsa ruxsat beringlar, uyga ketay, bir kunda bitta tabletkani ichib, quruq yotishdan nima naf, dedim. “Yo‘q, biz ruxsat berolmaymiz. Guli Sulaymonovna Moskvaga ketganlar, kelsinlar, o‘zlari ruxsat bersalar ketasiz” dedi davolovchi vrach. (Professor Guli Sulaymonova mashhur yurist Xadicha Sulaymonovaning singlisi, men shifoxonaga shu opaning marhamati bilan yotgan edim). Zerikib, ichim tars yorilay, deydi. Bir palatada to‘rt kishi yotamiz. To‘rttalamiz to‘rt xil yoshda, eng kichigi men. Xarakterimizni-ku aytmay qo‘ya qolay. Kimdir eshikni ochib qo‘y, nafasim bo‘g‘ilyapti, desa, boshqasi yop eshikni, sovuq kirayapti, deydi (oktyabrning oxirlari edi). Nafasim qisayapti, deydigan chol yarim kechasi baqirib hamshirani chaqiradi. Hamshira uxlab qolgan bo‘ladimi, ha deganda kelavermaydi, chol baqirishdan to‘xtamaydi. Keyin hamshira kislorod ballon olib kelib, cholga tutadi.

Bular yetmaganday bir kechasi yarim tunda shovqin-suron bo‘lib qoldi. Vrachu hamshiralar u yoqdan bu yoqqa yuguradi. Nima gap ekan, deb, koridorga chiqdim-da, oq xalatli bir ayoldan tinchlikmi, deb so‘radim. Haligi ayol “anavu kolyaskada yuradigan bemor bor edi-ku, ko‘rganmidingiz, o‘sha o‘ldi”, dedi. U bu gapni shunday xotirjam, sovuq ohangda aytdiki, og‘zim lang ochilib qoldi. Bir inson jon taslim qilganini shu qadar bamaylixotir gapirish mumkinmi? Axir u kim bo‘lmasin, inson-ku! Agar bir mushuk o‘lsa ham bu qadar xotirjamlik bilan aytishni tasavvur qilish qiyin. Men u odamni bir-ikki marta koridorda ko‘rgan edim, hamshira olib yurardi. Uning zahil rang-ro‘yini ko‘rib rahmim kelgan. Ko‘rinishidan unchalik keksa emas, ellikning nari-berisida edi chamamda.

Ertalabgacha uxlamadim, uxlayolmadim, ko‘zimni yumsam, o‘sha odamning rangpar yuzi ko‘rinadi. Tezroq tong otishini kutaman. Qaniki, vaqt tezroq o‘tsa, tong yorishsa-yu, do‘xtirdan ruxsat olib, uyga ketsam.

Nihoyat, tong yorishdi. Birin-ketin do‘xtirlar kela boshladi. Nonushta ham qilmay vrachlar xonasiga yugurdim. Davolovchi vrachga fikrimni aytdim. U yana oldingi gapini qaytardi: “Guli Sulaymonovnadan beruxsat javob berolmayman. Manga gap tegadi”. Jahlim chiqdi, asabim qo‘zidi: “Menga qarang, javob berasizmi-yo‘qmi, bu sizning ishingiz. Endi men bu yerda bir soat ham qololmayman. Agar qolsam sog‘ayish u yoqda tursin, o‘sha odamning orqasidan ketib qolishim hech gap emas. Ana unda siz gapning eng kattasini eshitasiz. Agar undan battarrog‘iga duchor bo‘lmasangiz. Kiyimlarim ham (u vaqtlarda bemor kiyimini topshirib, kasalxona kiyimida yurardi), kasallik varag‘ingiz ham kerak emas. Hozir ko‘chaga chiqamanu taksi tutib, uyga ketaman”. Vrach ahvolimni tushundimi yoki vajohatimga qarab, kasalxona kiyimida chiqib ketishimni ko‘z oldiga keltirdimi, sal yumshadi. “Mayli, ruxsat beraman, faqat o‘z ixtiyorim bilan ketdim, deb tilxat yozib berasiz”, dedi. Aytganini qildim va uyga jo‘nadim.

Oradan bir oylar o‘tib qishloqqa bordim. Onalarning ko‘ngli sezarmikan, salom-alikdan keyin enam “sog‘liging yaxshimi, rang-ro‘ying bir hol”, dedilar. “Yaxshi… Sizga shunday ko‘ringandir-da”, dedim. Enam: “Yaxshiligini ko‘rib turibman. Yashirib nima qilasan, ayt, nima bo‘ldi?” Bor gapni ochiq-oydin aytdim. Bir jihatdan uyalaman, yoshim yigirma oltiga borib ham enamga dardu hasratimni dasturxon qilib o‘tiribman-a. Uyat! Lekin nailoj, onadan yashirib bo‘ladimi? Buning ustiga enam juda sinchkov edilar, hech narsani berkitib bo‘lmas, gapimiz rost yoki yolg‘on ekanin darhol sezardilar. “Yolg‘on gapirishga o‘rganma, nima bo‘lsa ham to‘g‘ri so‘zni ayt”, derdilar. Shuning uchun uyda birontamiz ham yolg‘on gapirmasdik. “Ertaga tatar dugonamga olib boraman”, dedilar. Bu endi oshib tushdi. Oilali, bir o‘g‘ilning otasini enasi yetaklab tabibga olib borsa-ya! Sharmandalik! Qo‘shni qishloq Qoratepada enamning o‘zbeklashib ketgan qrim-tatar dugonasi bor edi. U tabiblik qilishini eshitgan edim. Qizlari, nevaralari o‘zbekchani mahalliy shevada gapirar, sochi sariqligiyu ko‘zlari ko‘kligini hisobga olmasa, o‘zbeklardan farqi kam, bir maktabda o‘qiganmiz. “Ena, xavotir olmang, yaxshiman… Uyalaman dugonangizning oldiga borishga” dedim. “Uyalaman, deb kasal bo‘lib yuraverasanmi?” dedilar-da, qo‘ymay olib bordilar.

Enam hamma gapni aytdilar. Dugonalari – Xaticha momo bilagimni ushlab, tomirim urishini sanadi. Qornimni ochib, kindigim atrofimni, qovurg‘am ostini qo‘li bilan bosib-bosib ko‘rdi. Har zamon “og‘riyaptimi?” deb so‘raydi. Men “yo‘q” deyman. Tilimni ko‘rdi, ko‘zimni ko‘rdi, bir qancha savollar berdi. Xuddi do‘xtirning o‘zi deysiz. Yuragingiz chap tomonda, degan vrach ham bu qadar sinchiklab ko‘rmagan edi. “Bo‘ldi, hammasi ma’lum. Bir hafta-o‘n kun kelasan”, dedi. Enam bechora uning og‘ziga termulib o‘tiripti. “Nima bo‘pti, dugonajon?” Enamga yuzlandi: “Ko‘rqma, hammasi yaxshi bo‘ladi. Tomirlari shamollagan. Shuning uchun qon yaxshi yurmayapti. Yotish oldidan yarimta pishgan g‘ishtni yaxshilab qizdirasan. Tushundingmi? Obdon qizdir, g‘ishtda nam qolmasin. Keyin uni latta bilan o‘rab kindigi ustiga bog‘laysan. Faqat kindigi ustiga avval salafan qo‘y. Gʻisht qizdiradi, salafan issiqni tashqariga chiqarmaydi, issiq ichiga urishi kerak. Sandalda yotsin. Shunda tomirlardagi shamollash ketadi. Hamma tomirlar kindik atrofidan tarqaladi. Ho‘l, suvli narsa, ayniqsa rezinali grelka umuman ishlatma. Tushundingmi? Bir hafta-o‘n kun qatnaydi, o‘zim davolayman”, dedi. So‘ng boshqa xonaga olib chiqdi. Qornim bilan ko‘rpachaga yotqizdi. Oyoqlarimni navbatma-navbat tizzadan bukib to‘g‘irladi, bu mashqni besh marta qaytardi. “Bugunga shu yetarli. Har kun bittadan qo‘shamiz”. Keyin ustimga chiqdi. Og‘irgina ekan. “Og‘rimayaptimi? Qo‘rqma, uncha og‘ir emasman”, dedi. Belimdan yuqori tomon sekin yurdi. Bir joylarim qisirlab ketdi. “Qovurg‘alarim sinmasa edi”, deb o‘yladim. Ammo buni kampirga aytishga uyalaman. “Og‘riyaptimi?” deb qo‘yadi. Belim bilan bo‘ynim o‘rtasini uch-to‘rt marta bosdi. So‘ng tushdi. “Sekin tur endi. Hech qayering og‘rimayaptimi?” Albatta, qayerlarimdir og‘ridi, qisirladi. Lekin buni ayta olamanmi. Uyat-ku! “Sal-pal og‘riydi boshida, keyin bilinmiydi, qon yurishadi. Seni barcha darding qon yaxshi yurmayotganida. Erta-yu kech stolga qadalib o‘tirishing kasri bu. Shuning uchun har soatda turib, xonada bo‘lsayam u yoq-bu yoqqa yur, qo‘llaringni harakatlantir. Tushundingmi? Esingdan chiqmasin”. “Xo‘p” dedim.

Shunday qilib bir hafta qatnadim. Har kun shu mashqni qildiradi. Kechasi enam qornimga qizdirilgan g‘ishtni bog‘laydi, sandalga qornimni berib yotaman. Qatnay boshlaganimning uchinchi kuni Xaticha momo Soniya degan qiziga “chordoqqa chiqib, anavini olib tush”, dedi. Qizi nimani deb so‘ramadiyam, xo‘p dedi-yu, chiqib ketdi. Birozdan so‘ng sopol ko‘za keltirdi. “Katta piyolaga to‘ldirib quy”, dedi. Qizi aytganini qildi. Famil choyga o‘xshaydi rangi. Musallas hidi keldi. “Nima balo, musallas ichiradimi kampir”, deb xayol qildim. O‘ylaganim bo‘ldi. “Bu musallas, o‘zim qilganman. Yetti yillik. Toza. Dori bu. Buni dorilik uchun tayyorlaganman, mast bo‘lish uchun emas… Shuni ichasan. Tomirlaringni qizdiradi, qonni yaxshi yurdiradi, o‘zing ham sezasan”, dedi. Men musallasni yaxshi bilar edim. Akalarim tayyorlar edi. Bir necha marta ichganman. Ammo yetti yilligini ko‘rmagan edim. Bu haqda tabibga og‘iz ochmadim, albatta. Soniya bergan piyolani oldim. “Bir ko‘tarishda simirib ichib yubor”, dedi. Yaxshiyam enam yo‘q yonimda. Kampir xayolimni uqqanday menga jilmayib qaradi. “Dugonamga o‘zim aytaman, tushuntiraman, qo‘rqma”, dedi. Shartta ichib yubordim. Ochig‘i, mazasi juda boshqacha ekan. Borgan joyini qizdirib bordi. Keyin har kun bir piyoladan ichirdi.

Insof bilan aytganda, kun sayin o‘zimni tetik sezib, kayfiyatim ham ko‘tarildi, rangimga qon yugurdi. Buni sezgan enam dugonasini duo qildi.

Toshkentga qaytishimga to‘g‘ri keldi. Xayrlashar chog‘i tabib dedi: “Yana bir-ikki kun kelsang yaxshi bo‘lardi. Hay, mayli, shuyam yetarli… Faqat bu yog‘iga o‘zingni ehtiyot qil. Bir oy uch kilodan ortiq narsa ko‘tarma. Sovuq suv ichma, sovuq narsa yema. Issiq kiyinib yur. Boshingga ham albatta kiyib ol. Ayniqsa oyog‘ingni issiq tut. Tushundingmi? Esingdan chiqarma gaplarimni. Mabodo shamollab qolsang grelka ishlatma. Bildingmi? Ha, yana bir gap. Sovuqlik narsani ko‘p yema. Sovuqlik, issiqlik degan narsani bilasanmi o‘zi? – Men bilaman deganday bosh irg‘adim. – Do‘xtirlarning eng katta xatosi – ana shu sovuqlik-issiqlik narsalarning, inson mijozining farqiga bormaydi. Hammaga bir xil qaraydi. Axir hamma odam bir xil emas-ku. Birovga issiqlik yoqadi, boshqaga sovuqlik. Buni bilish kerak, shunga ahamiyat berish lozim. Tushundingmi?.. Yana kelganingda bir ko‘rinib ketarsan”.

Toshkentga qaytib keldim. Iloji boricha Xaticha tabibning o‘gitlariga amal qildim. To‘g‘risi, oldin ovqatlarning issiqlik-sovuqlik ekaniga unchalik ahamiyat bermas edim. Xaticha momoning hijjalab tushuntirishidan keyin bunga e’tibor bera boshladim. Inson sog‘ligi uchun buning ahamiyati katta ekan. Bu buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino bobomizning “Tib qonunlari” kitobida ham bor.

***

  Enam juda kuydi-pishdi, behalovat, jonsarak ayol edilar. To‘qqiz farzand (to‘rt o‘g‘il, besh qiz), ularning bolalarini o‘ylab yurardilar. Nevaralaridan birontasi sal shamollab qolsa juda bezovta bo‘lib, tezroq do‘xtirga ko‘rsatinglar, deb yozg‘irardilar. Biznikiga – Toshkentga kelganlarida bu gal bir oy turaman, derdilar. Turmush o‘rtog‘im bilan men kulib qo‘yardik. Chunki bilardikki, bir haftadan ortiq tura olmasdilar. Falonchi tushimga kirdi, pistonchi sal betob edi, tuzalib ketdimikan, deb nevaralarini eslab, ketamanga tushib qolardilar. “Hammasining ota-enasi bor, qaraydi-da, siz shularni o‘ylab yurasizmi endiyam, ena?! Bir oy turaman, degandizgiz-ku”, deyman. “E, bolam, hozir senga ming gapirganim bilan tushunmaysan, qachon o‘zing nevara ko‘rsang, o‘shanda bilasan”, derdilar ma’yus tortib.

Darhaqiqat, o‘zim nevarali bo‘lganimdan keyin anglab yetdim enamning o‘sha paytdagi ahvollarini.

…Bir marta juda yomon bo‘ldi. Shu voqeani eslasam hozir ham ich-ichimdan ezilaman, o‘zimni o‘zim qattiq koyiyman va o‘zimni hamon kechirolmayman. Ammo bundan endi ne foyda?

Sebzorda hech qanday sharoiti yo‘q eski bir hovlida turar edik. Bizga uning ma’qul tarafi – ijara haqi to‘lamasdik. Shu o‘rinda aytib o‘tay, turmush qurganimizdan keyin yetti yil ijarama-ijara ko‘chib yurganmiz. Shu yillarda olti joyga ko‘chdik. O‘rislarda uch marta ko‘chish – bitta yong‘in bilan baravar, degan gap bor. Bizda-ku ko‘ch-ko‘chlarda yo‘qotadigan narsamiz yo‘q, faqat bir necha kitoblar yo‘qolgan edi, xolos. Kambag‘al bo‘lsang, ko‘chib ko‘r, deganlariday, ko‘chayotganda odamning ko‘ziga ko‘p narsa ortiqcha ko‘rinaveradi. Shu yillarda enam bechora qanchalar qiynalganlarini bilaman. Bizga bildirmasdilar, ammo sezardim. Har safar kelganlarida yoki biz qishloqqa borganimizda birinchi savoli “o‘zingga uy berdimi, bolam?” bo‘lardi. Bu savolga “ha” deb javob bera olmasligimdan men qanchalar ezilsam, enam mendan o‘n chandon, balki yuz chandon ortiq ezilardilar. Savollariga “yo‘q” ohangidagi bosh irg‘ashimni ko‘rib shu qadar achinish, afsus bilan “uff” tortardilarki… Eh, onaizor! Farzandingiz uchun shunchalar ham qayg‘urasizmi… Shunday kezlarda o‘zimga o‘zim savol berardim: “Enajoningni qiynab, kimlarningdir eshigida sarson-sargardon bo‘lib yurish zarilmi senga?! Shunga yarasha nima karomat ko‘rsatib qo‘yding?! Sening shuncha harakatlaring, yurishing enagning bitta o‘ksinishiga arziydimi?! Seni ne azoblarda katta qilgan. Hatto farzandli bo‘lganingda ham tabibga yetaklab borgan enagga nima qilib qo‘yding? Og‘irini yengil qildingmi, dardiga malham bo‘ldingmi? Qayoqda, enang betob bo‘lib yotganida sen jo‘ralaring bilan ayshu ishrat qilib yurmaganmiding?.. Enangga sening hech narsang kerak emas! Ozgina mehr bersang bas. Shuni bilmaysanmi? Bilasan! Bilasanu amal qilmaysan. Undan ko‘ra butun dovu-daskangni yig‘ishtirib qishloqqa, enang yoniga borsang bo‘lmaydimi? Adabiyot, jurnalistika sensiz kemtik bo‘lib qoladimi? Hech qachon! Sen bormisan, yo‘qmisan – kim biladi? Hech kim! Sen ummon yuzidagi bir cho‘pday gapsan!..” Savollarning oxiri yo‘q, ammo ularga tayinli javob ham yo‘q.

Ishimni tugatib, pastga tushsam sinfdoshim Zoyir turibdi. (Hozir O‘zA joylashgan o‘n yetti qavatli soatli binoda edi redaksiyamiz). Salom-alik qildik.

– Qachon keldingiz? – dedim.

– Ertalab keluvdim. Ishlarim bor edi.

– Nega qo‘ng‘iroq qilmadingiz ertalabdan beri?

– Vaqtim bo‘lmadi. Uning ustiga qayerdan telefon qilaman. Telefon-avtomat uchun ikki tiyinlik  kerak. Qaydan olaman uni.

– To‘g‘ri, – dedim hazillashib, – sizda tanga nima qiladi. Hammasi yirik pullar. –  Zoyir bu gapdan mamnun jilmaydi. Bunday gaplar unga yoqishini bilaman. – Mayli, kelganingiz yaxshi bo‘pti. Ketdik uyga. Enam shu yerdalar.

Biz Zoyir bilan o‘quvchilik paytimizda jo‘ra kirishganmiz. Bu degani aka-ukaday yaqin bo‘lish edi. Oilaviy bordi-keldilar uzluksiz kechardi. Bir oilaning biron-bir tadbiri ikkinchisi ishtirokisiz o‘tmaydi. Birining gapini boshqasi ikki qilmaydi. Ilgari shunday urf bor edi.

– Yo‘q, – dedi Zoyir, – uyga keyin boramiz. Hozir Ulug‘bek posyolkasiga borishimiz kerak. Mirzo bilan Ochil kutib o‘tiripti.

Mirzo bilan Ochil maktabdoshimiz, Omonqo‘ton qishlog‘idan. Ular Ulug‘bek posyolkasidagi Yadro fizikasi institutida ishlaydi, o‘sha yerda yashaydi.

–  Enam xavotir oladilar…

Zoyir gapni hazilga burdi:

– Enangizmi yoki kelinmi? – sirli iljayib.

Xullas, yo‘lga tushdik. Zoyir o‘zining mashinasida kelgan ekan.

O‘sha kuni Ulug‘bek  posyolkasida qoldik. To‘rt og‘ayni tong otar gurung qildik. Nonushtadan keyin Zoyir bilan shaharga qaytdik. To‘g‘ri mening ishxonamga keldik. Qarasam, eshik oldida xotinim turibdi. Yuragim shig‘illab ketdi. Tinchlikmikan? U Zoyir bilan salom-alik qildi-da, menga qaradi.

–  Qayoqda yuribsiz?

Mendan oldin Zoyir javob berdi:

–  Men qo‘ymay olib ketdim o‘rtoqlarimiz oldiga.

Xotinim Zoyirgamas, menga dedi:

– Shu yoqqa borar ekansiz, bir og‘iz telefon qilib qo‘ysangiz bo‘lmasmidi. Oyim shu yerdaliklari esingizdan chiqdimi?

Rostan ham, shunday ishxonamga kirib, qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysam bo‘lardi-ku. E, galvars! (Turgan joyimiz xarob bo‘lsa-da, telefon bor edi. Zoyirning “enangiz xavotir oladimi yoki kelinmi”, degan gapidan g‘ururim qo‘zib, hech narsani o‘ylamay jo‘navoribman-da).

Yana Zoyir javob berdi, go‘yo meni himoya qilmoqchi edi. Xotinim enamni eslatganidan so‘ng men bo‘lganimcha bo‘ldim. Kechagi ulfati chor suhbati ham, ziyofat ham burnimdan chiqdi. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilib, tilim kalimaga kelmaydi.

– Shoshildik-da, kelin. Xafa bo‘lmang.

Xotinim endi Zoyirga yuzlandi:

– Men xafa bo‘lmayman. O‘rganib qolganman. Ammo oyim bechora kechasi bilan mijja qoqmadilar. Turadilar, o‘tiradilar, uff tortadilar. “E, Xudojon, bolamni o‘zing panohingda asra”, deb  iltijo qiladilar. Damba-dam soat nechchi bo‘ldi, kelin, deydilar. Qani endi tezroq tong otsa… Men nima qilishni, nima deyishni bilmayman…

– Uzr, kelin… Kechqurin borib enamdan o‘zim uzr so‘rayman, ayb menda, deyman. (Jo‘ra kirishganlar bir-birining ota-enasini ota, ena, deydi).

– O‘zi mazalari yo‘q oyimning, davleniyalari bor. Ertalab choy ham ichmadilar. Tezroq Mamatqulning ishxonasiga borib surishtiring, kelin, deb meni jo‘nativordilar. Bir soat bo‘ldi kelganimga. Hali ish vaqti boshlanmaganini bilaman, lekin oyimga buni qanday aytaman. Indamay kelaverdim…

Kechqurin Zoyir bormadi, ishim zaril, jo‘ra, tezroq bormasam bo‘lmaydi, deb tushdan keyin Samarqandga ketdi. U doim shoshib yuradi, butun dunyoning tashvishi uning zimmasiga yuklatilganday, o‘tirganda ham ikki tizzasini likillatib turadi. Juda jonsarak. Bir jihatdan Zoyirning bormagani ham yaxshi bo‘ldi. Enamning oldiga o‘zimga himoyachi yetaklab boramanmi? Kun kech bo‘lgani sari yelkamni zilday og‘irlik bosa boshladi. Uyga, enamning oldiga qanday, qaysi yuz bilan kirib borishni o‘ylardim. Albatta, xotinim bor gapni aytgan. Enamning xavotirlari sal bosilgandir. Ammo tun bo‘yi chekkan iztiroblari-chi? Trolleybusda ketayapmanu xayolning sonsiz ko‘chalariga kirib chiqaman, biroq birontasidan jo‘yali javob topolmayman.

Egilgan boshni qilich kesmas deganlaridek, hech narsa bo‘lmaganday irshayib kirib bordim. Enamning bag‘irlariga o‘zimni otdim. Otdimu hozir enam jerkib beradilar, deb o‘yladim, garchi shu yoshga kirib enam biron marta qattiq gapirganlarini eslay olmayman. Eng og‘ir gaplari, biron nojo‘ya ish qilsam, hoy, uying bug‘doyga to‘lgir, nimaga bunday qilding, derdilar. Faqat menga emas, opalarim, akalarim, singlim va ukamga ham.

Enam quchoqlab, boshimni silab, erkaladilar:

– Eson-omon keldingmi, bolam… Xudoga shukur…

Bag‘irlariga qattiq  bosdilar. Bundan ko‘ra urishsalar, ursalar bo‘lmasmidi. Shunchalar shafqatli, rahmdil bo‘ladimi ona zoti… Ko‘nglim buzildi. Ich-ichmdan yig‘i keldi. O‘kirib yig‘lashdan bazo‘r tutdim o‘zimni. Baribir yelkalarim titradi, silkindi. Enam buni sezdilar.

–   Yig‘lama, bolam, nimaga yig‘laysan?

– Kechiring, enajon, men notovon o‘g‘lingizni kechiring, jon ena, – dedim titrab. Boshimni enamning ko‘ksidan ko‘tarolmayman, ko‘zlariga qarashga yuragim betlamaydi. Bunga sari enam sochlarimni silab, yuz-ko‘zlarimdan o‘pa boshladilar. Yo, Olloh, shunchalar ham qudrat, mehr berasanmi ona zotiga! – Kechiring, enajon, kechiring… Boshqa qaytarilmaydi.

Enam sekin boshimni ko‘tardilar:

– Bo‘ldi, bolam, o‘zingni bos. Nima gunoh qildingki, kechirim so‘raysan.

Onani ranjitishdan, unga azob berishdan ham og‘ir gunoh bormi? Men enamning dilini og‘ritdim, bir kecha uyqu bermadim, oromini buzdim. Chaqaloqlik, go‘daklik paytlarimda meni deb qancha-qancha tunlarni bedor o‘tkazganlari kammidi?! Demak, enamga azob berdim, ruhan ezildilar, asablari qaqshadi, yuraklari bezovta bo‘ldi.

***

Enam so‘nggi nafaslarigacha farzandlarini, nevarayu evaralarini o‘yladilar, ular uchun kuyunib yashadilar. Umrlarining oxirgi yillarida ko‘p kasal bo‘ldilar, qon bosimlari ko‘tarildi, yuraklari bezovta qildi. Bir necha marta Samarqanddagi shifoxonalarda davolandilar. Yillar o‘tgan sari qon bosimi o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. 1985 yil avgust oyi oxirlarida toblari qochib yotib qoldilar. Men mehnat ta’tili olib bordim. Vrachlar insult, iloji boricha qimirlatmanglar, deyishdi. Opalarim, yangalarim navbatma-navbat qarashdi. Olloh ulardan rozi bo‘lsin. Shu yotishda qirq kun yotdilar. Goh ancha o‘zlariga keladilar, goh og‘irlashadilar. Samarqandga olib boraylik deymizu qo‘rqamiz. Buning ustiga o‘zlari ham ko‘nmadilar. Shu yotishda ham bizlarni o‘yladilar. Har kuni menga “Sen nima qilib o‘tiribsan, bolam, ishingga bor, bolalaring yolg‘iz, uyingga bor”, deydilar. Men “xo‘p, xo‘p” deyishdan nariga o‘tolmayman. Bir kuni astoydil qistadilar: “Ancha bo‘ldi kelganingga, kelin bolalar bilan qiynalib o‘tirgandir. Ketaver… Men yaxshiman”, dedilar. Akalarim ham “Mayli, boraver, juda ko‘ngling bo‘lmasa, ikki-uch kundan keyin yana kelarsan”, deyishdi. Bu orada enam “bir tilimgina qovun topilarmikan”, deb qoldilar. Mo‘minqul akamga aytdim bu gapni.

– Ilgari guzarda qovun-tarvuz sotardi, hozir ham sotadimi? – deb so‘radim.

– Yo‘q, hozir yo‘q. Shaharga borish kerak…

–  Boraylik, aka, – dedim.

–  Akamning “Jiguli” mashinasi bor edi, shuni nazarda tutgan edim.

– Bo‘lmasa sen enam bilan xayrlash, Toshkentga borib bolalarimdan xabar olib kelaman, de. Keyin Samarqandga borib qovun olamiz, men uyga qaytaman, sen Toshkentga ketasan, – dedi akam.

Shunday qildik…

“Sergili – 2” massivida turar edik.

– Ikki-uch kun turib, yana ketaman qishloqqa. Hali enam yotiptilar, – dedim xotinimga.

Kelganimdan bir kun o‘tib, ertalab xotinim mayda-chuyda olib kelish uchun bozorga chiqib ketdi. Biz turgan uyning qarama-qarshisida, ko‘chaning narigi betida yarmarka-bozor bo‘lardi. Xotinim hali ko‘chadan o‘tmayoq telefon jiringladi… Yuragim gupillab ketdi… Yugurib balkonga chiqib derazadan baqirdim:

–  Dildoorr!

Xotinim yalt etib qaradi.

–  Qayt! Tez! – dedim.

Bu 1985 yilning 25 sentabri edi.

Keyinchalik xotinimning aytishicha hech qachon bunaqa baqirmagan ekanman.

Darhol yo‘lga tushdik. Bora-borguncha o‘zimni o‘zim koyib bordim: “Eh, garvars, nega kelding? Nimaga o‘tirmading? Enang bilan vidolashish nasib etmadi-ku…”

Na iloj, taqdir ekan…

Taskin shuki, tobutlarini ko‘tarish, so‘nggi yo‘lga kuzatish buyurdi.

***

Bu yerda eslaganlarim enamning men uchun yelib-yugurganlarining, chekkan azob-uqubatlarining mingdan, balki milliondan biridir. Ularni sanasam, bayon qilsam… bilmadim, necha jild kitob bo‘ladi…

Lekin men-chi? Men nima qildim enam uchun?..

Keyingi yillarda shunga o‘xshash savollar yuragimni o‘rtaydi.

Armon va afsus…

Enamning xizmatini qila olmaganim – eng katta armonim!

Vaqtida aqlimni yig‘ib, huda-behuda davralardan voz kechib, enam yonlarida bo‘lmaganimdan bugun qattiq afsusdaman faqat enamgagina xos hidlaridan to‘yib-to‘yib hidlamaganimdan endi afsus chekaman.

Balki ana shu armon va afsuslar qalqib chiqib, butun vujudimni junbushga keltirayotgani uchun enamni oldingidan-da ko‘proq eslayotgandirman…

***

Enam vafot etganlariga o‘ttiz sakkiz yil bo‘ldi. O‘ttiz sakkiz yilki, ko‘ksiga boshimni qo‘yib yig‘lashim mumkin bo‘lgan mehribonim yo‘q. Atrofingdagi hech kim – opa-singillar ham, aka-ukalar ham, umr yo‘ldoshing ham ona o‘rnini bosa olmaydi. Inson hayotda  turli holatlarga duch keladi. Hayotdan bezib, hech narsaning qizig‘i qolmaydigan pallalar ham bo‘ladi. Shunday vaqtda onang, faqat onang suyanch bo‘la oladi. Yolg‘iz uning ko‘ksiga boshing qo‘yib, miriqib yig‘lashing va shu orqali ko‘ngilni bo‘shatib, yengil tortishing mumkin. O‘ttiz sakkiz yilki, menda shunday imkoniyat yo‘q.

Onasi borlar qanday baxtli! Onasi borlarga havasim keladi.

…Inson tabiati qiziq. Biron-bir yaqini, xususan, onasi vafot etsa, avvaliga eziladi, o‘rtanadi, kunda-kunora qabriga boradi. Keyin asta-sekin ko‘nikadi. Yaratganning irodasiga qarshi borolmasligini, buning iloji yo‘qligini, bu gunohi azim ekanini anglab yetadi.

Shunday holatni men ham boshimdan o‘tkazdim. Enam vafot etganlariga, u zotni boshqa ko‘ra olmasligimga, ko‘ksiga boshimni qo‘yib erkalanish, hatto yig‘lash imkonim yo‘qligiga ko‘nika olmay yurdim. Hech kimga bildirmay yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi. Ammo hayot o‘z hukmini o‘tkazdi. Ish dedim, bola-chaqa, turmush tashvishlari dedim, enamni boshqa ko‘ra olmasligimga ko‘nikdim. Boshqa nima ham qila olardim.

Boshqalarni bilmadimu men yoshim o‘tgan sari enamni ko‘proq eslaydigan bo‘lib qoldim. Nazarimda enam o‘ttiz sakkiz yil avval emas, yaqindagina vafot etganday tuyuladi. Inson keksayganda yosh boladay bo‘lib qoladi, deganlari rost shekilli-da. Ardoqli shoir To‘ra Sulaymon aytganiday “bolalik boshqatdan qaytarilmoqda”.

Afsuski, bu “bolalik” onasiz, bu “bolalik” otasiz. Ammo yetimlik emas…

Enam vafot etganlariga o‘ttiz sakkiz yil bo‘ldi. Enamsiz yana necha yil yashar ekanman? Bu yolg‘iz Yaratganga ayon…

25.09.2023.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting