DILDORAXON TUROBJONOVA
Bolaligimdanoq sof tuyg‘ularga orzumand bo‘lganimdanmi, garchi hozir o‘ylarim, tasavvurlarim, haqiqatlarim o‘zga bo‘lsa ham, Vatan haqida gap ketganida bola qalbim, eng inja hislarim uyg‘onadi. Ruhim ham birdan “Serquyosh”ni maktabga kirishdan oldin yodlab, chuchuk tili bilan yurtni madh etgan qizaloqqa aylanadi. Vatan nima deyilganda, hamma qatori tushunib-tushunmay kitobdan yodlab olganim – “kindik qonimiz” deb javob bersam-da, muhabbatim o‘z-o‘zimniki edi. Hamon shunday.
Vatanini sevish yaxshi, lekin hammaning sevgisi – Vatani borligini, sening sevging qanchalik muqaddas bo‘lmasin, boshqalar ham yurtini sendan kam suymasligini nega tushunishmagan, shu oddiy haqiqat nahotki ularning xayollaridan o‘tmagan bo‘lsa deb o‘ylardim tarix kitoblaridagi bosqinlar, urushlar haqida o‘qiganimda. O‘shanda xayriyatki, bular tarixda qolib ketgan, bari eski davrlarda sodir bo‘lgan, bugun yangi zamon, degan o‘y bilan taskinlangandek edim. Hozir esa bir ustozim darsida “Yangilik bu yaxshilab unutilgan eskilik”, degan gaplarini o’ylayapman. Eski davrlar, eski fojialar, xulosalar unutildimikan?
Jurnalistika yo‘nalishida o‘qiyotganim sabab yangiliklarni doimiy kuzataman. Bir kuni ayrim rus targ‘ibotchilarining O‘rta Osiyoga tahdid ruhidagi fikrlariga ko‘zim tushdi. Sog‘lom ongga xos bo‘lmagan, imperial tafakkurdek zaharli g‘oyadan oziqlangan fikrlarga munosabatlarni ham ko‘p o‘qidim. Shovinizm deb atalgan, aytish mumkin bo‘lsa, xastalik haqida o‘qiyotib, men qahramonlari bilan xayolan o‘sha achchiq taqdirda yashagan, iztiroblariga sherik bo‘lgan, zamonning zahrini birga totgan asarlarni yozgan adib ham ana shu kasallikka chalinganini bildim. Men shu kungachga bilmagan, yoziqlarini o‘qimagan, fikrlariga nazar tashlamagan allakimlarning gaplari ko‘nglimda alam aralash g‘ashlik uyg‘otgan bo‘lsa, kitoblarini javonimning eng tepasida saqlaydigan yozuvchida ham shunday fikrlar mavjud bo’lganidan ko’nglim battar g’ashlandi. Faqat bunisi og‘irroq, meni ko‘p vaqt tinmay bezovta qiladigan, savolli, lekin men javobini bilmaydigan, javob topish istagi bilan qorishiq xafalik edi.
Ichimdagi qizaloq o‘zining sevgisi, Vataniga xayrixohligi bilan Dostoyevskiydan xafa edi go‘yo. Men yoziqlari orqali bilgan Dostoyevskiy iztirob nimaligini ko‘pchilikdan yaxshiroq bilardi, bilgani uchun u haqida yozolgan. Iztirob chekib yashayotganlar haqida ham hech kim undan yaxshiroq yozmagan bo‘lsa kerak. Lekin qanday qilib dard tasvirini mukammal yaratgan odam boshqalarga, boshqa millatga zulm qilish haqida o‘ylashi mumkin? Axir Vatanni tortib olishlari juda katta dard, vatani tortib olinganlar eng katta dardmandlar emasmi axir? Siz ham Vataningizni sevasiz,hech bo‘lmasa sizdagi sevgi yovuzlikdan uzoq deb o’ylardim. Axir dard nimaligini bilgan odam yovuzlikdan yiroq bo‘ladi-ku, tushuntirib bering, Fyodor, derdim men ham. Keyin o‘qisam, Ibrohim G‘afurovda ham adibga shunday savollar bo‘lgan ekan. Dostoyevskiyni mendan ancha ko‘p o‘qigan, yaxshi tushungan, uni o‘zbek tilida sayratgan ijodkor sifatida unda javoblar ham bor edi. Tabiiyki, bu xulosalar bir qancha o‘rganishlar, o‘ylovlar, mulohazalar, tahlillar ortidan kelgan.
Shu kungacha men adibni uning shaxsiyati, shaxsiy fikr-g‘oyalari emas, asarlariga ko‘ra baholash, sevish yoki sevmaslik tog‘ridir balki, degan fikr bilan Dostoyevskiyga bo‘lgan xafalikni bostirishga uringandim. Lekin asarlarni ko‘nglidan o‘tkazganlari asosida yozishadi-ku, asar g‘oyasi muallifning xayolotidan suv ichib pishadi-ku, degan boshqa bir o‘ylovni boshlab ketardi. Bu mantiqsizliklardan hali ancha yosh ongim qiynalardi. Ibrohim G‘afurovning essesi esa nihoyat, chuvalib ketgan o‘ylarimni bir ipga tizib berdi. U hammasini boshidan, chiroyli tarzda, ayblovlarsiz tushuntirgan, vaziyatga mendan farqli o‘laroq Vatanini quchoqlab yig‘layotgan bola o’laroq emas,dunyoni, ham ijodkorni yaxshi tushungan katta adabiyotshunos, katta odam sifatida qaragan. Esseni o‘qiyotgan men xuddi labirintda adashib, kalava tutib yo‘l topgan Tesey kabi edim. Nihoyat, hammasini avvalgidan yaxshiroq tushuna olyapman. Ichimdagi qizaloq jilmayib turardi.


