RAVSHANBEK SOBIROV
Elixio Garsia Markesning “Bo‘r bilan chizilgan halqa” essesini tong saharda o‘qib o‘ylanib qoldim, lekin bu holat o‘zimga ham qiziq tuyuldi. Qiziq tomoni shundaki, inson shaxsiyatini tushunish o‘ta murakkab ekanligini hayotiy va o‘zi shohid bo‘lgan voqealar bilan ko‘rsatgan. Shaxsiyat, menimcha, hammani qiziqtiradi va men ham bundan mustasno emas. Masalan, men mashhur Sherlok Holmsdek bo‘lib qolsam, deb orzu qilaman. Bir qarash bilan boshqalarning xulq-atvoridan tortib, ertalab nonushtaga nima tanovul qilganigacha aytib, ularni hayron qoldirgan bo‘lardim. Ammo xayol boshqa, hayot boshqa.
Dostoyevskiy “Jinoyat va jazo”da aytganidek: “Har inson alohida olam”. Insoniyatni tushunish qiyin. Endi ijodkorlarni asti qo’yavering: ular Somon yo‘li va koinotdan, butun galaktikadan ham tashqarida bo‘lsalar kerak. Ularning bu dunyodan tashqari ham boshqalarni kiritishni istashmaydigan dunyosi bor. Musavvirlar chizgan suratlari, shoir va yozuvchilar yozganlari orqali o‘z dunyolarini boshqalarga eshik tirqishidan ko‘rsatishadi. Aniqrog‘i qizg‘anishadi, desam, to‘g‘ri bo’lar. Sabab bu dunyoni o‘zi yaratdi, bo‘yab-bezadi, haqiqiy dunyo tashvishlari, kemtiklari, hatto, odamlarini ham unutgan holda o‘zlari xohlagandek, yashab, faqatgina “o‘zi” bo‘la oladigan yagona maskanga aylantirishdi.
Insoniyatning bu dunyosini o‘z hukmiga olishini istamaydilar. Bu olamga ikkiyuzlamachilik kerak emas. Xuddi “Orzular saltanati” deb zarhal yozuvlar bilan yozilgan bir saylgohga tushib qolgandek taassurot uyg‘otadi u dunyo. Bunda nimaiki istasang muhayyo. Sokinlik, mayin musiqa, ajib suhbatlar… Ammo san’at ahlining bu olamini, asta shitirlayotgan daraxtlarini ildizigacha qo‘porib, bir lahzada ko‘kka uchuruvchi, hammasini ag‘dar-to‘ntar qiluvchi kushandasi ham yo’q emas.
Shuhrat. Inson ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘yuvchi jimjima. “O‘zim shuni butun umr orzu qilganman va erishdim” deyishadi, lekin nimani yo‘qotayotganlarini bilishmaydi. Baqtincha. Bu xuddi qishni sog‘inib kutgan, qor yog‘ayotganini derazasidan kuzatib bolalarcha zavqlanayotgan odamga o‘xshaydi. Qor, oppoq va sof suvning mitti muzlagan parchalari. Biroq derazadan tashqarida sovuq o‘z hukmini o‘tkazgan, tabiat uyquga ketgan, qora qarg‘alar yemish izlab izg‘igan chog’. Shu manzaradan rohatlanamiz, ko’zimizning ko’rgani ilk manzara shu. Qish o‘rtalarida esa haqiqiy qahraton kuchini ko’rsata boshlaydi. Go’zallikni derazadan tashqari ko’rging kelmaydi. Qahraton suyaklarimizgacha qaqshatsa-da, qishni bolalarcha kutaveramiz.
“O‘lik shoirlar jamiyati” asari qahramoni Jon Kiting aytganiday: “Carpe diem” – “Lahzani tutib qol”gimiz keladi. Shuhrat degani ham shunday, avvaliga ertaklardagidek uchar gilamchada uchasan, keyinchalik esa bu ertakni eshitishdan ham charchaysan…
Gabriel Garsia Markes bilan ham shu holat yuz bergan. Mashhur bo‘lishni, kitoblari qo‘lma-qo‘l bo‘lishini istagandi. “Yolg‘izlikning yuz yili“ haqiqatdan ham eng ko‘p sotilgan, qo’lma-qo’l o‘qilib, muhokamalarga sabab bo‘lgan asar. Markesga u shu darajada shuhrat keltirdiki, ungacha deyarli sotilmagan, o‘qilmagan asarlari ham peshtaxtalarda tugab bitdi. Oppoq bulutlar tarqagach, Markesga haqiqiy osmon ko’rindi: uning o’ziga tegishli kuni qolmagandi. Intervyular, oxiri yo’q suhbatlar va uyigacha bostirib keluvchi muxlislar… Bularning hammasi uni o‘z dunyosidan uzoqlashtirayotgan edi.
Amerikalik essenavis Ralf Uoldo Emersonning “O‘ziga tayanish” essesida: “Inson ichida butun bir olam yashaydi” degydi. Markesda shu olamga safar to’xtab qolgandi. Yangidan-yangi asarlar yozish uchun real olamdan u olamga “ekspeditsiya” uyushtirishga vaqt topolmasdi. Bu mashmashalardan adibning o‘zi ham oxiri charchadi. Jonday aziz deb bilgan muxlislardan tinchlik izlab berkinib yurdi. Menimcha u: “Bu dunyo O‘zimniki! Bo‘r bilan atrofiga halqa chizib, “Mana – sizning chegarangiz. Bu tomoniga o‘tmang! Kerakmas o‘sha shuhratingiz va shirin so‘zlaringiz… Chiziqni bosmang! Meni tinch qo‘ying! O‘zimniki bo‘lgan dunyoyimda halovat topamanmi? Tinchgina yoza olamanmi? O‘tmang! To‘xtang! Bas, vassalom!” demoqchi bo‘lgandir-u andisha qilib ayta olmagandir…
Ijodkor birda tinchgina yozish uchun kichkinagina uy, tartibsiz xona va undagi halovatni istasa, birda katta davralarni, sha’niga aytilgan iliq so‘zlar, maqtovlarni ko‘ngli tusab qoladi. Menimcha, hammasidan ham ko’proq u erkinlik, xolilikka muhtoj. Shu holdagina go‘zallik, ohang va purma’no asarlar, umuman, tafakkur chegaralaridan tashqaridagi olamni yarata oladi va uni sizga ham ko‘rsatadi.
Har kim o’ziniki bo’lgan dunyoda yashasin.


