Dostoyevskiy bilan tungi suhbat

0
236

IBROHIMAFUROV

Dostoyevskiy juda ulug‘ yozuvchi. Juda qiynalgan, azob chekkan, ko‘p alamlar yukini tortgan inson.

Hazrat Dostoyevskiy odam bolasiga behad ayovli va o‘ta shafqatli zot. Dostoyevskiyning barcha asarlari: “Jinoyat va jazo” ham, “Telba” ham, “Qimorboz” ham, “Iblislar” ham, “Og‘a-ini Karamazovlar” ham, “O‘lik uydan maktublar” ham miqyosan olganda olamga sig‘dirib bo‘lmaydigan azob falsafasi bilan bitilgan. Odam uning asarlarida azobdan yaraladi, azobdan o‘ladi. Azob bilan sevadi: azob bilan halok etadi.

Dostoyevskiy ana shu intihosiz azobning go‘zalligini isbotlab berishga urinadi. Unda azob eng yuksak nuqtaga ko‘tarilganda go‘zallikka aylanadi.

Qur’on Majidning Suralarida Yaratgan: inson uchun og‘irlik bilan birga yengillik berdim, deydi. Og‘irlik bilan yengillik! Og‘irlik ketidan albatta yengillik kelib yetadi. Va yengillik orqasidan hech kanda qilmayin og‘irliklar mung‘ayib turadilar. Faqat yengillikning o‘zi bo‘lsin deganga, og‘irlik yo‘q. Olamning tarozusi hech qachon “innana” bo‘lib lapanglab ketmaydi. Uning bir pallasiga yengillik to‘layotganda, ikkinchi – og‘irlik pallasiga asta zaqqum tomib turadi. Va ko‘zi yumuq qiz qozi  – Femida doim pallani baravar tutadi.

Dostoyevskiy asarlarida juda qattiq og‘irchiliklar izidan albatta yengillik ham keladi. Juda bo‘lmaganda yengillik xaloskor o‘lim timsolida yetib keladi. Dostoyevskiy asarlarida tuganmas azoblar so‘ngida O‘lim behad go‘zal bo‘lib ko‘rinadi.

U asarlarda olamga sig‘mas azoblar bari hissiyotlardadir.

Azoblar dillarda yashaydi. Dillarni qo‘poradi. Dillardan dillarga ko‘chadi. Yangi azob uyalari – yangi dillarni dunyoga keltiradi.

Dostoyevskiy XIX asrning yetmishinchi yillarida “Yozuvchi kundaliklari” deb atalgan turkum asarlar ham yaratgan. Ularda o‘sha davrdagi Rossiya va dunyo hayotining adib ko‘zlariga tashlangan, uning ongiga, qaysi bir tarzda bo‘lmasin, ta’sir ko‘rsatgan, iz qoldirgan barcha voqealari aks etadi.

Men jilla qursa adibning shu o‘ziga xos turkum asarlarida azob bo‘yog‘i ozroqdir deb o‘ylar edim. Lekin keyincha ularni bir chekkadan o‘qishga kirishib, azob bu asarlarda uning roman, qissa, hikoyalaridan ko‘ra kam emasligini ko‘rdim. “Yozuvchi kundaliklari”da Dostoyevskiy o‘z davrining siyosiy, ma’naviy, axloqiy, falsafiy, ijtimoiy barcha masalalariga o‘z munosabatini bildiradi. Bu o‘ta shaxsiy, hech narsaga qaram bo‘lmagan, o‘ta mustaqil munosabat. Lekin ayni shu shaxsiy munosabat to‘la azobli munosabat. Rossiya va dunyo ishlari yozuvchi qalbining azob dengizidan akslanib chiqadi. Azob bilan sharhlangan dunyo.

Dostoyevskiy yashagan yillarda dunyoning va ayniqsa Yevropaning qudratli mamlakatlari tomonidan jahonni bo‘lib olish fikri behad kuchaygan, Angliya, Avstriya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya va jumladan, Rossiya ham o‘z saltanatlarini xuddi mana shu davrda orqada qolgan, zaiflashgan davlatlar bilan qonli urushlar olib borib haddan tashqari kengaytirgan edilar. Dunyoni talash va o‘ziniki qilib olish ana shu kuchli davlatlarning umumjahon siyosatiga aylangan edi. Rossiya ham bu umumjahon siyosatidan chetda turmay, shiddat bilan o‘z qo‘lini Sharqqa, Gʻarbga, Janubga cho‘zishga kirishgan, Kavkaz, Qora dengiz bo‘ylari, Osiyo va Sharqning bepoyon yerlarining talay qismini qulay vaziyatdan foydalanib egallab bo‘lgan yoki egallash uchun zo‘r berib urinmoqda edi.

Dostoyevskiy “Yozuvchi kundaliklari”da Rossiyaning Sharqda va Osiyoda olib borayotgan siyosatiga – aytish kerakki, bu juda katta, Ivan Grozniy va Pyotr Birinchi zamonidan beri g‘oyatda chuqur tayyorgarlik bilan ishlab kelinayotgan siyosat edi – o‘z munosabatini bildiradi.

Dostoyevskiy “Kundaliklar”da rus podshosi barcha musulmon sharqiga hukmdor bo‘lishini orzu qiladi. “Rossiyaning zimmasida umumjahoniy vazifa turibdi: u Osiyoni bo‘ysundirishi va madaniylashtirishi kerak”, deydi. Osiyoni biz olmasak, inglizlar, nemislar, amerikaliklar olib qo‘yishi turgan gap, deb o‘sha paytdagi Rossiya hukmdorlarini o‘rtagan “xavf”ni bayon etadi.

“Madaniylashtirish” g‘oyasi Dostoyevskiydan chiqmagan. U o‘sha zamondagi barcha qudratli saltanatla r uchun bosh ozuqa g‘oya edi.

“Xaloskorlik” g‘oyasi ham Dostoyevskiydan chiqmagan. U dunyoning barcha bosqinchilariga asosiy yo‘riq bo‘lgan fikr edi. Oz sonli, ojiz bo‘lib qolgan xalqlarning yerlarini bosib olish va egalik qilish “madaniylashtirish” va “xaloskorlik” g‘oyalari bilan niqoblanar edi.

Dostoyevskiy behad ayovli inson edi. U tom ma’noda ezilganlar, xo‘rlanganlar va huquqsiz bo‘lganlar, ojizlar va o‘rtanganlarning yozuvchisi edi. Lekin shunday bo‘la turib nahot bu daho inson boshqa xalqlarni ezishga, ularning yerlarini tortib olishga chaqiradi? – deb o‘zingizga o‘zingiz savol berasiz va bu gaplarni Dostoyevskiy yozganligiga ishongingiz kelmaydi. Aqlingiz bovar qilmaydi.

Boshqa yerlarni egallashni u “madaniylashtirish» deb ataydi. Jahonga hokimlik qilish istagini esa “xaloskorlik” deb baholaydi.

Ulug‘ yozuvchining bu saltanatparastlik mayllarini qanday tushuntirish, qanday izohlash mumkin? Ulun yozuvchilar avvalo umuminsoniy g‘oyalari bilan ulug‘ deb hisoblanadilar-ku?!

Dostoyevskiy avvalo juda katta millatparvar edi. U o‘z xalqini cheksiz sevardi. Ehtimol, shu boisdan ham o‘z xalqini hech kim Dostoyevskiychalik achchiq va ayovsiz, muttasil tanqid qilmagandir. Uning tanqidi shafqatsiz. Lekin bu shafqatsizlikning manbai muhabbat.

“Aqlimiz oz”, deydi yozuvchi.

“Bizda madaniyat yo‘q”, deydi yozuvchi.

“Ikki yuz yildan beri o‘rnimiz bo‘m-bo‘sh”, deydi yozuvchi.

Yozuvchi ko‘z ochgandan beri atrofida xorlik, zorlik va tuganmas qashshoqliklarni ko‘radi. U to‘xtovsiz o‘z xalqini bu qashshoqlik va og‘ir qoloqlikdan xalos etish yo‘lini o‘ylaydi. Xalqning oriyatini qo‘zg‘atish uchun barcha asarlarida uni ayovsiz rost va ochiq bo‘yoqlar bilan tasvirlaydi. Millatning o‘ta ayanchli qiyofasini yaratadi. “Tavrot” qissalarini o‘qib, qadim-qadim zamonlarda yahudiylar Muso yetakchiligida fir’avn azobidan qutulib o‘z muqaddas vatanlarini topish uchun azm qilganliklarini eslaydi. Yevropa Amerika qit’asini egallab tobora boyib, gullab, taraqqiy etib borayotganiga havas qiladi. Shunda u umrining oxirida o‘z xalqi uchun yangi prinsip, yashash uchun yangi bir g‘oya kerakligini anglaydi. U rus xalqi ham “xaloskorlik” qilishi va Yevropaga emas, Sharqqa va Osiyoga qarab yurishi kerak degan qarorga keladi.

Dostoyevskiy nazarida ana shu yangi prinsip xalqni qashshoqlikdan, qoloqlikdan, o‘z kuchiga ishonchsizlikdan qutqaradi.

Yahudiylar yurish qilib xalqqa aylandilar, biz ham yurish qilib xalqqa aylanamiz va dunyodan o‘z o‘rnimizni topamiz, deb o‘ylaydi.

Yozuvchi Yevropadan mustaqil bo‘lishni xayol qiladi. Yevropaga biz qashshoq qarindosh va qul bo‘lib keldik. Yevropa yo‘llarida shapkamizni tutib turgandan ko‘ra o‘zimizni Sharqqa urganimiz afzal degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.

Rossiya o‘zi uchun Osiyoni ochsa, deydi Dostoyevskiy, u ikki yuz yillik tanballik va mahmadanagarchiliklardan qutuladi. Yevropada agar bizni tatar deb bilishgan bo‘lsa, Osiyoda bizni yevropalik deb topishadi. Osiyoni madaniylashtirishga kirishsak, oxir-oqibatda bu bizning ruhimizni ko‘taradi va biz o‘zimizning kim ekanligimizni anglab yetamiz. Biz o‘z yerimizda ilmlar sohasida chalasavodmiz va taqlidchimiz. Osiyoga kirib borsak, biz u yerlarda arboblarga aylanamiz, bizda mustaqil ish yuritish ruhi uyg‘onadi, biz uddaburon xalq bo‘lib qolamiz. Yevropaga dum bo‘lgandan ko‘ra Osiyoga bosh bo‘lgan afzal, deb aytadi Dostoyevskiy.

Ulug‘ yozuvchi shu tariqa o‘z xalqining qaddini ko‘tarish, tiklanish, qashshoqlik va xor-zorlikdan qutulish yo‘lini Osiyoni egallashda ko‘radi. Dostoyevskiy asarlarida har qadamda buyuk fikrlar, aqlning javohirlari sochilib yotadi. “Kundaliklar” bu jihatdan ayniqsa, qimmatbaho fikrlarga juda boy. U noto‘g‘ri, adolatsiz g‘oyani isbotlash uchun ulug‘ fikrlarni o‘rtaga tashlaydi. Bu ulug‘ fikrlar o‘z navbatida bosh maqsad adolatsiz bo‘lgani bois yana teskari fikrlarni uygotadi. Bu yerlarda hech narsaga yaramagan, layoqatsiz kimsalar u yerlarga borib o‘z o‘rinlarini topishlari turgan gap, chunki ko‘pincha, deydi adib, bir joyda tamomila layoqatsiz bo‘lgan kimsa boshqa bir yerda salkam daho bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Shu yerda ilmiy mulohazadan bir oz to‘xtab suyukli adibga, to‘g‘rirog‘i, uning ruhiga bevosita murojaat qilgim keladi.

Hazrat Dostoyevskiy! Siz bu so‘zlarni yozgandan beri mana bir yuz o‘n yil o‘tdi. Lekin layoqatsiz odam hech qachon, hech qayda layoqatli bo‘lib qolmasligini tarix va insoniyat tajribalari to‘la isbotladi. Xuddi shuningdek, bir xalqning baxti-iqbolini boshqa xalqlarning baxt-iqboli hisobiga, ularni ezish va ozodlikdan mahrum etish evaziga qurib bo‘lmasligi cheksiz fojialardan so‘ng endi barcha xalqlarga, barcha mamlakatlarga ayon bo‘ldi.

Keyingi ikki yuz yillik saboqlaridan shunday xulosalar chiqadi: bir millatning qadr-qimmatini hech qachon boshqa millatlarni kamsitish hisobiga ko‘tarib bo‘lmaydi. Millatni boshqa yerlarga turli niqoblarda yurish hisobiga boyitish va ulug‘ qilishga urinish oxir-oqibat shu millat uchun tuganmas fojialarga sabab bo‘ladi. Hech kim jahonga hokim bo‘lolmadi. Hokim bo‘laman degan shohlar ham, hokim bo‘laman degan xalqlar ham yana o‘z asil holatlariga, Yaratgan tomonidan ajratilgan o‘z muqaddas yerlari va makonlariga qaytdilar. Birovning yeriga, xazinasiga ko‘z tikish hech kimga sharmandalikdan boshqa narsa keltirmadi. Chunki inson hayotida hamma hamma narsa mutlaqo hisobli bo‘lgani kabi xalqlar va mamlakatlar taqdirida ham barcha-barcha narsalar tugal tarixiy hisobga egadir.

O‘z xalqini razolatdan qutqarish uchun boshqa xalqlarni razolatga botirishni yoqlab bo‘ladimi? Razolatga botirganda ham, bu qancha davom etishi mumkin. Axir zamon aylanib turadi-ku! Uni Sharqda bekorga “charxi kajraftor” demaydilar.

Dostoyevskiy insoniylik uchun, o‘z xalqiga saodat istab, g‘ayriinsoniylikka yo‘l qo‘yishi mumkin emas, deyman. Ulug‘ adib Osiyo xalqlariga past nazar bilan qaragan bo‘lishi mumkin emas. Odam bolasiga nazar-pisandsiz qarash unga mutlaqo yot edi. Unda bu nima? O‘z podshohiga sadoqatmi? Uning yovuz siyosatini yoqlash, qo‘llab-quvvatlashmi?

Lekin Osiyoga yurish haqidagi so‘zlarni ulug‘ yozuvchi o‘z qo‘llari bilan yozgan-ku! Aytish mumkinki, bu favqulodda so‘zlarni u o‘lim yoqasida turib yozgan. “Kundaliklar”ning oxirgi daftarini nashrga topshirib unga tuzatishlar kiritayotgan chog‘da Dostoyevskiy o‘pkasining qon tomirlari yorilib ketib, og‘zidan to‘xtovsiz qon kelgan holda vafot etdi. U o‘g‘liga o‘lik uylarda yurgan chog‘laridan beri asrab kelgan o‘zi uchun behad aziz “Injil” kitobini so‘nggi damda tortiq qildi. Xudoga va uning ma’rifatiga shunchalar e’tiqod qilgan zot boshqa xalqlarning zulm iskanjasida yashashiga tarafdor bo‘lishi sira aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Daholarning ojizliklari ham behad og‘ir bo‘ladi, deyishadi. Nahot, ulug‘ adib o‘z davrining imperiyachilik vasvasasiga shunchalar berilib ketgan? Ulug‘ adib asarlarini qanchalik sevmaylik, uning bu saltanatchilik g‘oyalarini aslo oqlab bo‘lmaydi. Adib uning mutlaq zararli qarashlariga nisbatan ko‘z yumish degani emas. Bunday – nima deb atasak ekan – “olg‘irchilik” g‘oyalarining qanchalar zararli ekanligini tarix isbotlagan. Lekin ularning zarari-miqyosini tasavvur etish uchun bir misol keltiraylik. “Jinoyat va jazo” romanida Raskolnikov puldor kampirni bolta bilan chopib o‘ldirganligini bilasiz. Raskolnikov kampirning pullarini olib, adolatli va olijanob hayot qurishni xayol qilganidek, Dostoyevskiy ham o‘z qahramoni kabi “Osiyoga yurish” vositasida o‘z xalqini ulug‘ va mashhur, farovon va mag‘rur, jahonni qutqaruvchi xalq sifatida ko‘rishni ko‘zlaydi. Mohiyatan Dostoyevskiy va Raskolnikov g‘oyalari o‘rtasida farq yo‘q. Bu g‘oyalarning harakati tufayli erishilgan natijalar ham o‘shanday juda og‘ir adolatsizliklarga qorishib yotadi.

Dostoyevskiy “Kundaliklar”ida antiqa gaplar ko‘p. Chunonchi, u axir Angliya, Avstriya bosib olayapti-ku, nega biz bosib olmasligimiz kerak? – deb savol beradi.

Ko‘rdingizmi, bosib olish, yurish qilish azaldan bor. U alohida bir odamning xatosi emas. Ikkinchi ming yillik mamlakatlar va xalqlar taqdirlarida ana shunday yurishlar va bosib olishlar davri bo‘ldi. Ikkinchi ming yillik oxirida xalqlar bu yo‘llar xato va undan mutlaqo qaytmoq kerak, degan qat’iy fikrga keldilar. Saltanatlar yemirilib xalqlar taqdirida adolat qaror topadigan pallalar keldi. Aqlli xalqlar bu yo‘lga ilgariroq kirdilar. Biz bu yo‘lga endi-endi kirib borayapmiz.

Dostoyevskiyning Osiyo va Sharq haqidagi so‘zlari va g‘oyalarini qayg‘ulanib o‘qib o‘tirib, ularni sog‘lom aql bilan tushuntirib bo‘lmasligini angladim. Bu ulug‘ imperiyachilik kasalligi edi. Og‘ir o‘ylarim ichida qattiq betob adib satrlari orasidan xasta bir nido eshitdim:

–  Bolam, sen tushun! Sen angla! Meni razolatga chaqirdi, deb gunohkor etma! So‘zlarimga yaxshilab quloq sol! Yana yaxshilab quloq sol! Gʻazablanma, kaxringni sochma. Mana, men o‘sha sen bilgan Ruxman! Qarshingda turibman. Boshdan-oyoq o‘qi. Qayta-qayta o‘qi mening kundaliklarim, yon daftarlarimdagi yozuvlarni. Bu kon ichiga kir. Senga bu vasvasa ichiga kir, demayman. Meni yoqla, demayman. Faqat so‘zlarim senga bosqinchiliklar ustidan ashaddiy kinoya bo‘lib eshitilmaydimi? Hech kim ularning zamirida kinoya yotganligini anglashni istamadi. Ehtimol, ularni xato deb bilgandirlar. Lekin hech kimsa ular boshidan-oxiriga qadar alamli, achchiq kinoya ekanligini tan olmadi. Ayt, yana qayda uchratgansan bunchalar alamangiz zardalarni! Mening changak bo‘lib yotganlarim esingdadir. Meni kechir. Balki u fikrlarni yozayotganda men Raskolnikovga aylangandirman.

Kechirish? Hazrat Dostoyevskiy! Siz axir o‘z xalqingizga yaxshilik istagansiz. Siz Rossiyaning o‘sha paytdagi birinchi millatparvari edingiz. Millatparvarlik esa doim yaxshi. Faqat… Faqat boshka xalqlarni kamsitish va ezish, ularni turli insoniy haq-huquqlardan mahrum qilish evaziga bo‘lmasligi kerak.

Lekin mana hozir shu narsa mutlaqo ravshan bo‘ldiki, agar bir millat o‘zga xalqlar yerlarini egallash ruhida tarbiyalansa va bu odatlarni unga yuz yillar davomida xaloskorlik, madaniylashtirish va yana boshqa shunga o‘xshash gaplar deb tushuntirilsa, bosqinchilikni oqlash uchun ming turli bahonalar to‘qib chiqarilsa, bu oxir-oqibat xalqni chalg‘itishga, uning ijodiy va hayotiy olijanob kuchlarini so‘ndirishga olib boradi. Xalq o‘z yurtiga muhabbat qo‘yolmaydi, uni gullatib-yashnatolmaydi. Bir chekkadan ko‘chmanchiga aylanadi. Lekin bosib olingan yerlarda ham tugal tomir otolmaydi. U yuza ildiz otishga o‘rganadi. Yolg‘on har qancha urinmang, hech qachon chinga aylanmaydi. Yolg‘on bilan yovuzlik bir narsa emas. Lekin yolg‘on doimo yovuzlikni himoya qiladi. Yovuzlik yolg‘onning panohidagina urchib kuch oladi. Yolg‘onchilik hokim bo‘lgan mamlakatlarda yovuzlik odatdagi bir holga aylanadi va hech kim yovuzlikdan ajablanmaydi.

Hazrat Dostoyevskiy! Ne qilay, men sizning ko‘p asarlaringiz qatori “Bobok” degan hikoyangizni ham yaxshi ko‘raman. Bu hikoyaga siz o‘rtamiyona bir yozuvchini kahramon qilib tanlagansiz va hikoyani “Kundaliklar”ingizga kiritgansiz. Hikoyani hikoya qahramoni o‘zini o‘zi inkor etishdan boshlaydi: “Bu men emas, deydi u, bu butunlay boshqa odam… ” Shunda men o‘ylanib qoldimki, balki Osiyo siyosati haqidagi so‘zlarni ham yozgan balki siz emasdirsiz. U butunlay boshqa bir zotdir. Axir sizning asarlaringizda odamlar to‘xtovsiz suratda ikkilanadilar. Bir qiyofaning ichida bir nechalab qiyofalarga ega bo‘ladilar. Bir Raskolnikovning o‘zida qancha kiyofa bor. Rogojinda-chi? Nastasya Filipovnada-chi? Karamazovlarda-chi?

“Bobok”ning qahramoniga: ayt-chi, biron kun sog‘ yurasanmi o‘zi? – deb so‘rasalar, unga bu juda g‘alati gap bo‘lib eshitiladi. Men xafa bo‘lmayman, men juda jur’atsiz odamman, biroq shunga qaramasdan meni jinni qilib qo‘yishdi, deydi.

Sizning asarlaringiz, hazrat, shunday tom ma’nodagi g‘alati qahramonlarga to‘la. Gʻalatilik ularning tabiatiga, g‘alatilik ularning faoliyatiga, g‘alatilik ularning taqdiriga aylangan. Sizni bemor onglarning adibi ham deydilar. Bu bemorlar kasalxonalarda yotadigan bemorlar emas. Kasalxonalarda yotadigan bemorlarda tuzalish umidi yo‘q emas. Sizning bemorlaringiz yo‘qchilik va adolatsizlik bemorlaridir. Bu bemorlar ijtimoiy hayotni to‘ldirib yuradilar. Siz ularni tuzatish qiyinligini bilasiz. Ularni tuzatishga urinmaysiz ham. Siz, ta’bir joiz bo‘lsa, ularni yalang‘och holda, qanday bo‘lsalar shunday chizasiz. Siz ijtimoiy hayot chuvrindilaridan yuksak san’at yaratasiz. Chuvrindi ichida yombi oltin yashirinib yotganini ifodalamoqchi bo‘lasiz. Yozuvchingizning qiyofasini kasalmand, aft-basharasi telbanamo ko‘rinardi, deb yozasiz. Bu yozuvchining asarlarini turli bahonalar bilan bosmaydilar. U tarjimachilik qilib kun ko‘radi. Atrofdagilarga u savdoyiroq bo‘lib ko‘rinadi. Holbuki, u atrofini qanday olam qurshaganini yaxshi biladi. Bizda aqldan ozdirishlari hech gap emas. Lekin shu paytgacha hech kimni aqlli qilganlari yo‘q. Ilgari tentak yilda bir marotaba bo‘lsin, o‘zining tentakligini bo‘yniga olardi. Endi xamma o‘zini aqlli deb biladi. Ishlarni shunchalar chalkashtirib yuboradilarki, aqllini ahmoqdan ajratib bo‘lmay qoldi. Birovni jinnixonaga qamab qo‘ygan bilan odam aqlli bo‘lib qolmaydi, deydi “Bobok”ning yozuvchi qahramoni. Haqiqatan ham, menga nimadir g‘alati bir narsa bo‘layapti. Ko‘zimga g‘alati narsalar ko‘rinadi, qulog‘imga g‘alati saslar eshitiladi. Xuddi birov yonimda turib: “Bobok, bobok, bobok!” – deyotganday tuyulaveradi. Bobok o‘zi nimasi? – deb o‘z ahvolidan xabar beradi u. Bu yerda yozuvchi qisqagina bir o‘rinda “g‘alati” degan so‘zni bir necha marotaba qaytaradi. “Bobok» degan so‘zning o‘zi ham juda g‘alati. Uning hech qanday ma’nosi yo‘q. Balki bu uning laqabidir. Balki boshqa… Bizda ko‘p xarxasha qilayotgan bolani tinchitish uchun: “Ana, bobov! Bo‘ldi, jim!” deb vahima qiladilar. Ba’zan o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan odamlarning quloqlariga mana shunday ma’nosi bo‘lmagan, g‘alati eshitiladigan so‘zlar o‘rnashib qoladi. Keyin ular bu bema’ni so‘zni to‘xtovsiz takrorlab yuradilar. “Bobok” so‘zi bu yerda telbanamolikning bir belgisi.

Yozuvchi o‘zini bu dali-devona xayollardan chalg‘itmoqchi bo‘ladi. Ko‘nglini yozmoqchi bo‘lib u ta’ziya ustidan chiqadi. Mozorga boradi. Bir emas, bir necha o‘liklar ustidan chiqadi. Qabristonni kezadi. Qabrlarni tomosha qiladi. So‘ng qabriston yonidagi restorandan ovqatlanadi va ichadi.

So‘ng yana qabristonga kirib bir qabr ustiga o‘tiradi. Shunda uni xayol olib qochadi. Mudroq ichida nazarida qabrlardan ovozlar kelayotganday bo‘ladi. U uyg‘onib ketadi. Lekin qabrlardan xuddi yostiq bilan bosilgan og‘izdan chiqqanday tovushlar kelaveradi. Ko‘zimni ochib diqqat bilan quloq soldim, deydi yozuvchi.

Dunyo adabiyotida menippeya deb ataladigan asarlar juda qadimdan bor. Qadimda Suriyada Menip degan yozuvchi o‘tgan ekan. Uning asarlarida qahramonlar ko‘klarga ko‘tarilganlar, yer osti dunyolariga tushganlar. O‘liklar tirikday so‘ylashganlar. Lekin Meninning u asarlaridan birontasi saqlanib qolmagan. Faqat adabiyotda shunday mavzudagi asarlarni menippeya deb atash rasm bo‘lib qolgan. Hazratning “Bobok” asari ham ana shunday “qabriston hikoyalari” – menippeyalarga kiradi. Bunda qabrlardagi o‘liklar xuddi tirikday tiriklik va o‘lim ishlaridan so‘zlashadilar. Tiriklikda qilgan ishlari, qing‘irliklari, haromxo‘rliklari, aldam-qaldamlari bilan maqtanadilar. Yangi kelgan o‘liklar murdalar dunyosida bir o‘zgarish, antiqa bir yangilik qilmoqchi bo‘ladilar. Yangi ko‘milgan o‘liklardan biri: “Janoblar! Men hech narsadan uyalmaslikni taklif qilaman”, deydi. “Oh kelinglar, kelinglar, hech narsadan uyalmaymiz”, deb shodon qichqirishadi barcha o‘liklar. “Hamma narsani yechib tashlaymiz va yalang‘och bo‘lamiz!” deb qichqirishadi o‘liklar. “Tezroq, tezroq hech narsadan uyalmaslikka o‘ynaylik”, – deb qichqirishadi o‘liklar. Ular o‘zaro uyalmaslik ustida tortishib turganlarida yozuvchi banogoh aksa urib yuboradi. Qabristonga birdan jimlik cho‘kadi. Yo‘q, o‘liklar mendan uyalishgani yo‘q. Ular boshqa bir narsadan jim bo‘lib qolishdi, deydi Bobok va ana shuning sirini o‘ylab qabristonni tark etadi.

“Bobok”da o‘liklar o‘z shahvoniy hirslaridan xalos bo‘lmaganlar tiriklikda qanday lazzatlar qidirgan bo‘lsalar, o‘lik holda ham shunday lazzatlarni qo‘msaydilar. Shuning uchun ularda butunlay yechinib tashlash, yalang‘och bo‘lish fikri tug‘iladi va bu fikr keksa yosh barchalariga haddan ortiq ma’qul tushadi.

O‘liklarki uyatini yig‘ishtirib qo‘ygan hayotda tiriklardan nima kutish mumkin, deganday bo‘ladi hazrat Dostoyevskiy.

Bilmadim, balki yanglisharman, lekin chamasi, siz hazratim, uyatsizlikni buyuk ramz darajasiga ko‘tardingiz. Uyatsizlik va yolg‘on hokim bo‘lgan jamiyatda jur’atsiz boboklar dunyoga keladilar. Bobokning qabristonga yurishi bilan Osiyoga yurish o‘rtasida o‘xshashlik qidirmoqchi emasman. Lekin bular bari ulug‘ adib kundaliklarida yonma-yon edi. Va, nazarimda, bu g‘oyalarning birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmas, ular bir vujud, bir ruhning haddan tashqari g‘alati bo‘lib ko‘rinadigan o‘yinlari edi.

Og‘riq ongning haqiqatlari juda og‘ir haqiqatlardir.

Men romanchilik dahosining ulug‘ Ruhi bilan sira tortishgim kelmadi.

Daho hamma narsani o‘zi aytadi…

O‘zi ko‘radi.

O‘zi tavba qiladi.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting