Shukur XOLMIRZAYEV
Qizim Sayyoraga
“Men Oxura-Mazda shafqat-himoyatim ostida olamning to‘rtinchi mamlakati qilib tug‘i baland erlar yurti Baqtriyani yaratdim”.
“Avesto”.
O‘rta Osiyo!..
Xorazm, Baqtriya, So‘g‘diyona, Dovoniy va Choch – mana, bu mamlakatning qadimiy o‘lkalari, skiflar, surlar, massagetlar toxarlar – qo‘shonlar va turklar – mana, bu qadimiy mamlakatda yashagan qadimiy xalqlar. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qoraqalpog‘iston hamda Turkmaniston va Qozog‘istonning bir necha viloyati – mana o‘sha o‘lkalarning bugungi nomlari. O‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, turkmanlar, qoraqalpoqlar va bir qism qozoqlar – mana, o‘sha mamlakatda yashagan xalqlarning bugungi nomlari.
O‘rta Osiyo.
Uni Eron shohlari zabt etdi. Bu o‘lkada ularning ming-minglab sipohlari qolib ketdi. Bu o‘lkani Iskandar zabt etdi, uning ham son-sanoqsiz lashkarlari o‘z yurtiga qaytolmay, qolib ketdi. Bu o‘lkani Chingiz bosib oldi, lak-lak mo‘g‘il soldatlari ham qolib ketdi. Lekin bosqinchilar yo‘q bo‘ldi, ularning lashkarlari esa bu xalqlar orasisingib, o‘zlashib ketdi.
O‘rta Osiyo.
Bu o‘lka xalqlari tabiatga sig‘inishgan edi bir vaqtlar, so‘ngra xudolarni to‘qib chiqardi. Zardo‘shtiylik kabi dinni yaratib, o‘ziga haykal qo‘ydi. U bir vaqtlar Buddaparast ham bo‘ldi. So‘ngra musulmonga aylandi.
O‘tmishga qarab ish tutish, moziyni salmoqlab ko‘rish – ko‘p savob ishdir, degan edi bir ulug‘ yozuvchimiz. Men uning savob ish ekanini bilmay, o‘tmishga qiziqdim, ko‘nglimda uni bugungi kun bilan bog‘lash istagi tug‘ildi. Odatda, kishi yoshi o‘tgan sari qarindosh-urug‘i kim ekaniga qiziqadi. Kishi yoshligida vatanini tashlab muhojir bo‘lib ketsa, keksayganda uning tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo qiladi…
Eramizdan ikki yuz yil avval o‘tgan yunon hajvchi yozuvchisi Lukianning quyidagi so‘zlari mening holatimni aniqroq ifodalab bersa kerak. U “Vatan sha’niga” degan asarida shunday yozgan edi: “Mening bu gaplarim g‘oyat eski gaplardir (Bu gap ikki ming yil burun aytilyapti – Sh.X.). Lekin haqiqat shundaki, o‘z otasini sevmagan farzand o‘zganing oatsini ham hurmat qila bilmaydi va… o‘z Vatanini sevmagan kishi o‘zgalar Vatanini ham qadrlay bilmaydi”.
Darvoqe, men yaqin yillargacha Vatanim tarixi, xalqimizning urf-odatlari va ular tpoingan dinlar haqida nimalarni bilardim? Albatta, maktabda, universitetda o‘qitilgan narsalarni bilardim…
Lekin boshqa ba’zi bir narsalarni ham bilardim: avvalo, Vatanim – O‘zbekiston. Tug‘ilgan joyim – Surxondaryoning Boysun rayoni.
Boysunning shimolida Teshiktosh degan g‘or bor, u yerda ibtidoiy odamlar yashagan. 1939 yilda rus olimi Okladnikov o‘sha g‘ordan ikki yuz million yil avval yashagan neondertal odamining suyaklarini topgan. Sherobod rayoniga qarashli Zarautsoydan esa ibtidoiy odamlar chizgan suratlar topilgan. “Surxon” sovxoz yaqinidan g‘alati sopol tobutlar chiqqan, ichi odam suyaklariga to‘la ekan…
Biz bolalikda g‘alati o‘yinlar qilar edik. Yomg‘ir yog‘may qurg‘oqchilik bo‘lgan kezlari bir to‘p bolalar bilan uyma-uy yurib, qo‘shiq aytar edik. Ba’zi baytlari yodimda:
So‘z xotin, so‘zma xotin,
Ko‘lankasi maydon xotin.
Yomg‘ir yog‘sin, ho‘l bo‘lsin,
Yeru jahon ko‘l bo‘lsin,
Arpa-bug‘doy bosh tortsin,
Kayvonilar osh tortsin.
Shu qo‘shiqni aytib, uyma-uy yurgan kezlarimizda oramizda bitta yalang‘och bo‘lib olgan sherigimiz ham bo‘lardi. Uy egalari ashulamizni eshitib bo‘lgach, o‘sha yalang‘och bolaning ustidan satil suv quyib, so‘ng qo‘limizga besh-to‘rt tanga pul berishardi.
Momom rahmatli qiziq hikoyalar aytib berardilar-da. Bittasi mana, mundoq. Tog‘da Tiniqoy degan bir kampir bo‘larkan. U o‘limi oldida ham tomga chiqib olib bunday deb kuylarkan:
Ayuv bo‘lsayam boyim edi,
Ayuv bo‘lsayam bolam edi...
Ashulaning davomi yodimda yo‘q. Lekin mazmuni yodimda tiniqoy bir kuni toqqa rovoch tergani chiqqanida bitta katta ayiqning qo‘liga tushadi. Ayiq uni ko‘tarib qochib qoladi. Gʻoriga eltib. O‘ziga xotin qiladi. Oydan-oy, kundan-kun o‘tib, kelinchak o‘g‘il tug‘ib beradi. Ayiq ovga ketar ekan, Tiniqoy g‘or og‘zida urchiq yigirib o‘tirar ekan. Bir kuni shunday o‘tirganida, qo‘lidan kalavasi tushib ketibdi. Kalava o‘lgur dumalay-dumalay soy bo‘yiga yetibdi. Bu payt Tiniqoyning tug‘ishgan akasi sohilda yantoq o‘rib yurgan ekan. Yigit kalavani qo‘liga olib: “Nima sir bor ekan tepada?” deb toqqa chiqib boribdi. Qarasa, singlisi o‘tirganmish. Quchoqlasha ketibdi. Keyin akasi sirnglisini qishlog‘iga olib ketibdi. Aytmoqchi, Tiniqoyning ayiqdan bo‘lagn bolasini shu yerda o‘ldiribdi. Ayiq xotinini izlab qishloqqa tushganida uni ham o‘ldiribdilar. Tiniqoy qishloqda yashayveribdi. Lekin uni hech kim olmapti. Ayiqqa xotin bo‘lganni kim olardi. Bechora Tiniqoy dunyodan toq o‘tibdi. Shuning uchundirki, har kuni tomga chiqib, urchuq yigirib o‘tirarkan-da, boyagi qo‘shig‘ini aytar ekan.
Momom bechoraning shunga o‘xshagan cho‘pchaklari ko‘p edi. Ko‘pi xotiramda ko‘tarilgan. Lekin yana bittasi esimda. Emishki, qadimgi odamlar xudoga emas, allaqanday cho‘plarga yoki cho‘plardan odam suratini yasab, o‘shalarga sig‘inishar ekan. Bu qo‘lda yasalgan odamlar ichiga shayton kirib olar ekan-da, gapirar ekan. Ana shunda deng qayoqdandir Hazrati Ali degan bir kishi paydo bo‘lib, “kofir”larni musulmon qila boshlabdi. Bizning Surxondaryodagi kofirlarni ham musulmon qilib bo‘lgach, shimoldagi baland toqqa chiqibdi. U yerda yashovchi bir toifa Hazrati Ali bilan uning lashkarlarini ko‘rishi hamono g‘orlarga kirib berkinishibdi. Hazrat Ali kutib-kutib zerikibdi. Axiri: “E, shunchasi musulmon bo‘ldi, bular ham bo‘lar-ketar”, deb izlariga qaytishgan emish. Keyincha g‘orlarga yashiringan o‘sha tog‘liklar “ketar… katari” atalib ketgan emish. Darhaqiqat, shu kunlarda ham Boysuntog‘dagi bir necha qishloqda “katari” urug‘i yashaydi.
Boysunning markazidagi men katta bo‘lgan mahalla ahlini ham katarilar deyishadi. (Momom – onamning onasi ham o‘shalardan).
U kishining sumalak pisharganlari yodimda. Bahor kirayotgan payt, momom omborxonadagi tancha ustida bug‘doy undirgan. Har kun ertalab unga shakarob qilib suv separdi. Muddati yetganda taxtadek bo‘lib qolgan maysani olib burdalar, biz bo‘lsak uni o‘g‘irda tuyishga momomizga yordam berardik. Sumalak pishirilgan oqshom hovlimizda bayram bo‘lib ketardi. Butun mahallaning xotinlari to‘planib, sakkiz quloqli qozon atrofida qur tutib o‘tirib suhbat, kulgi bilan tong ottirishar edi.
Navro‘zga yaqin qolgan bir oylik muddatni «hut» deyishardi, buning ham sha’niga to‘qilgan ashula bor edi:
Hut yaxshi kelsa, kadi-kadi sut,
Hut yomon kelsa, soylar to‘la but.
Yana ba’zi bir urf-odatlar ham borki, bular hamon amalda. Boysunda birov kasalga chalinib, boshini ko‘tarolmay qolsa, guzarda shivir-shivirlar boshlanadi: “E, uzoq yili o‘tib ketgan Eshmatboy bilan oralari yaxshi edi. Yoniga chaqiryapti buni!” Shu gaplan keyin bemorning davosi ham topila qoladi: uning yaqin qarindoshalri bir kechasi, el yotgandan keyin qo‘llarida ketmon-bel, bolta-tesha ko‘tarib mozorga borishadi. O‘sha Eshmatboyning go‘rini ochishadi. Murdani bu yoqqa olishib, bolta-tesha bilan maydalashadi-da, tagiga o‘tin qalab, ustidan yog‘ quyib, yondirib yuborishadi. Keyin, albatta, el bilmaydigan qilib qaytishadi. Boysundagi “Otam tortsin!”, “Onam tortsin!” degan qarishning ham ildizi shunda bo‘lsa kerak.
Yana shunday odat ham bor: marhumni ko‘mib kelishgach, zikr tushadilar (uni “sadr tepish” deb ham atashadi). Ayollar o‘lik chiqqan uy oldida doira qurib, aylana boshlashadi. O‘rtada bitta aytuvchi xotin turadi. Aytuvchi boyagi ko‘mib kelingan marhumga moslab, an’anaviy marsiyani boshlaydi. Marhumning nomi, ota-onasi, urug‘larining nomigacha qo‘shib, o‘ziga xos sifatlarini ham unutmay kuylashga tushadi. Kuyning hazin “huv” degan naqoratini aytuvchini o‘rab olgan ayollar bajarishadi. Ijro etish paytida ayollar tinmay chapak chalib, aylanib turishadi.
Bahor kelganda boychechak tergani Boysuntog‘ yonbag‘irlariga chiqardik. Yer betiga tilla-zarday sochilgan boychechaklarni avaylab uzib, guldasta qilardik. So‘ng qishloqqa qaytardik-da, yana uyma-uy qo‘shiq aytardik:
Boychechagim boylandi,
Qozon to‘la ayrondir,
Ayroningdan bermasang,
Qozonginang vayrondir…
Qattiq yerdan qaltirab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yugurib chiqqan boychechak…
Uy egalari yuizga ayron emas, chaqa berib, boychechaklardan olib qolishar, ko‘zlariga surib, tavof qilishardi.
Yana bir narsa yodimda:
Boysundagi to‘y-ma’rakalarda bo‘ladigan kurashlar ham g‘alati. Mana, ikkita polvon gulxan atrofida asta aylanishadi. Birdan to‘xtashadi, bir-biriga qarashadi va qo‘llarini oldinga cho‘zib yaqin kela boshlashadi. Ana, bir-birini yulqishdi-da, yana orqalariga o‘girilib, o‘ynab-o‘ynab ketishdi. Bittasining jazavasi tutib, kattakon davrani uch-to‘rt marta aylanib ham chiqdi. So‘ng yana bir-biriga duch kelishdi. “Hoy, o‘ynab-o‘ynab olishinglar! Barakallo!” deb qo‘yadi davrada xivich ushlab aylanib yurgan keksa polvon. Yana shunisi qiziqki, yiqitgannigina emas, yiqilgan bo‘lsa-da, ko‘proq o‘yin ko‘rsatgan polvonni ham maqtab ketishardi tomoshabinlar.
Polvonlarning kurash hadislarining o‘z nomi bor, hammasiini esa “chil” deyishadi. Chilni ko‘p biladigan polvonni “ilmi ko‘p, amali ko‘p” deb ham atashadi. Chillarning ba’zi birlari tojikcha ataladi, ba’zi birlari o‘zbekcha. Masalan, “pushbardor” degan chil bor, bu – yelkadan oshirib otish usuli. “Morpech” chili – raqibning oyog‘ini o‘z oyog‘ing bilan ilondek chirmab olib, burab yiqitish. O‘zbekcha chillardan, “tuya chil” – mayda-chuyda harakat qilib o‘tirmay raqibini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oyoq qo‘yib ag‘darish usuli. Chilning “ildirish”, “qoqma”, “siltov”, “yotib otar”, cho‘nqaytma degan usullari ham bor…
Mening tarix, yurtimiz tarixi deganda yoki xalqimizning urfu odatlari, uning topingan qadimiy dinlari haqida bilganlarim shular edi.
Yana ikki og‘iz so‘z: Surxonda haliyam urug‘ surishtirish odati bor. Ba’zi qariyalar kishining aft-basharasiga, qilig‘iga qaraboq, uning qaysi urug‘dan ekanini bexato aytib beradi. Masalan, “bu qo‘ng‘irot” deydi. “Anavi juz (yuz), bunisi qatag‘an”, deydi. Boshqasini “qora qo‘ng‘irot”, “to‘g‘iz” deydi.
Qatag‘an qattiq el, o‘rtada juz bo‘lmasa.
Boysun tog‘larida yurganingda g‘alati-g‘alati lahjalarda so‘zlashuvchi odamlarni uchratib hayron qolasan. Masalan, tog‘ning ichkarisida Qo‘yroq deb atalgan qishloq borki, xalqi toshkentliklarga o‘xshab “votdi, votdi” deb gaplashadi. Machayliklar “borgon, kelgon” deb “gon” qo‘shimchasiga urg‘u berib so‘zlashadi. Omonxona darasidagi bir necha qishloq qadimiy turk tilida so‘zlashadi. O‘ylashimcha, O‘rta Osiyoda yashagan xalqlarni bilmoqchi bo‘lgan tilshunos uchun Surxondaryo cho‘llari, tog‘lari ajoyib bir xazina bo‘lsa kerak.
Bolalik vaqtidagi xotiralarimdan yana nimalar saqlanib qolgan ekan.
Ha-ya. Paxta terimiga ko‘pincha “Surxon” sovxozi tomonga borardik. U yerda paxtazorning o‘rtasida do‘ppayib turgan tepalar ko‘p. Bittasini Dalvarzintepa deyishadi. Uning ustiga chiqib chillak o‘ynayotgan, kurash tushayotganimizda, g‘alati chuqurlar labiga borib qolardik. Tikilibroq qarasak pishiq g‘isht siniqlari, sochilib yotgan sopol parchalariga nazarimiz tushardi.
Termizda bir akam yashaydi. Shuning uyiga borganimda shahar muzeyiga ham kirardim. Muzeyda bir narsa meni cho‘chitardi: oq supa ustida o‘tirgan kattakon haykal! Xuddi odamning o‘zi! Oq ganchdan yasalgan… Lekin boshi yo‘q. So‘ngra muzeyda oynavon qilib ishlangan qutichalar ichida g‘alati tangalar turardi. Ularni zang bosgan-u, ammo antiqa basharali odamlarning rasmi ko‘zga chalinadi. Termizdan Boysunga qaytayotganimda bo‘lsa Eski Termiz degan joydan o‘tardik. Uning orqasida Amudaryo oqarib ko‘rinar, daryo sohilida qad kerib turgan qiziq minoralar, devorlar, vayronalar ko‘zga tashlanardi. Ulardan beridagi past-baland tepaliklarda esa Dalvarzinda ko‘rganimdek, sopol siniqlari, g‘isht parchalari sochilib yotardi.
Keyinchalik mana nimalarni bilib oldim:
Teshiktosh g‘oridan neondertal odam suyuklarining topilishida juda katta hikmat bo‘lib, olimlarimizning aytishicha, bu narsa O‘rta Osiyo tuprog‘ida ham qadim-qadim zamonlarda odamlar yashaganidan dalolat berar ekan. Shu nishona topilgunga qadar ba’zi bir xorijiy olimlar orasida “O‘rta Osiyoda ibtidoiy odamlar yashamagan”, degan fikr hukmron ekan. O‘zbekistonimizning turli go‘shalaridan iqib qolgan yovvoyi odam kulbalari qoldig‘i, ish qurollari esa hali bu nuqtai nazarni tamoman rad etish uchun kamlik qilar ekan… Zarautsoydan topilgan ibtidoiy odamlarning chizib ketgan rasmlari bo‘lsa, xorijiy olimlarning bu san’atga qiziqqani, binobarin – san’atga ehtiyoj, ya’ni kishining tashqi muhit bilan aloqasiyu o‘zining his-tuyg‘ularini biron-bir shaklda ifoda etish zarurati – odamzodning tub tabiatiga xos, degan ulug‘ haqiqatni ham isbotlar ekan.
Davomi bor
		
		








