O’ROL SODIQ
I
…Mening qisman bir-ikki narsaga haqqim bor bu hayotda. Men siz aytgandek emas, o‘zimga o‘xshab kun ko‘rishni istayman. Mayli, odamovi bo‘lay. “Telbaroqmi?” deb shubhalaning. Lekin mana shu yangrayotgan qo‘shiqni eshitib jilmayolmayman.
O‘zimning ustimdan kulishga majbur etmang meni, birodar. Bunday deyishga haqqim bor. Siz esa bilganingizni qiling. Chunki sizning ham qisman haqqingiz bor. Ana, televizor, burang, “meni tashlab ketdi” deb tirjayib turadi bittasi… Sevgi odamdan intellekt talab qiladimi? Nahotki, u tajriba mahsuli bo‘lsa… “Intellektual shaxs sevgisi avomnikidan ma’noliroq bo‘ladi” degan gapga hech ishongim kelmaydi. Yuzidan yog‘ tomib turgan xonanda bo‘lsa qo‘shiqni tirjayib turib aytadi. Siz esa ovqatga qo‘shib iste’mol qilasiz bu qo‘shiqni. Ayriliq haqida hech kim o‘ylamaydi. Ma’nosiz ko‘zlarini suzib qo‘shiq aytayotgan xonanda ham, qisqichga qo‘shiq so‘zlarini ildirib paqqos tushirayotgan siz ham… Darvoqe, ma’nosiz ko‘zlar. O‘laksaxo‘r quzg‘unlar makoni bo‘lmish sahro kelbat ko‘zlar. Bu ko‘zlarga ko‘pam mahliyo bo‘lmang, birodar. U tirjayyapti-ku, deb o‘zingizni ovutmang. Bu ko‘zlarda minglab shahidlar yotibdi. Bu ko‘zlar poklar qabristonidir.
II
…Umrimning nechanchi kuni bilmayman, men adoyi tamom bo‘la boshladim. Otamga xat yozdim! “Ota men charchadim, ko‘chmoqchiman… Suyaklarim sovuqdan qisirlab borayotir. Bu hashamatli binoda yuzlab odamlar istiqomat qilishadi. Burunlari terlab, yuzlaridan yog‘ tomib turadi ularning. Men esa junjikib boryapman. To‘qqiz qovurg‘ali mana bu pech o‘zidan to‘xtovsiz sovuq purkayotgandek tuyulayotir. Kitoblar, kartinalar hamma-hammasi muzlatilgandek. To‘rt qavat ko‘rpada qorga ag‘anagandek yotaman, Ota… Ko‘p o‘tmay otamdan xat keladi. “Bolam, sen eng katta shaharda yashayotirsan. Bundan bo‘lak yana qayerga ko‘chmoqchisan. Har narsaga ko‘nglingni buzmay, ishingni qil yo qishloqqa qayt. Har holda qishloq iliqroq…”
…Men qishloqqa qaytolmasdim. Qo‘shiqlarni shaharda qoldirib qishloqqa qaytolmasligimni otam bilardi. Bilsa-da, “qayt” dedi. Mehr bilan aytdi bu so‘zni. Oxirgi ilinjni-da aytdi otam. Men esa bu paytda allaqachon ko‘chib ulgurgan edim. Boburning “Bahor ayyomi” g‘azali bilan aytiluvchi bu qo‘shiqni biz uch kishi birga tingladik. Yuraklar ilinganday bo‘ldi. Ko‘ngilga nur indi. Qo‘shiq menga to‘qqiz qovurg‘ali pechlari bor ijaraxonamizdan iliqroq tuyuldi. Bu qo‘shiqqa tikilib hurkak qushchalarni, ko‘zidan yosh chiqib qah-qah urayotgan olomonni ko‘rmadim men. Cheksiz bir sahroni darbadar kezib, o‘kirib-o‘kirib yig‘lasang-da, hech kimga xalal bermaydigan, hech kim senga hayratlanib qaramaydigan sahroni ko‘rdim. Va erta tongda bu mamlakat darvozasini qoqdim…
III
Bahorning ilk kunlarida biz uch birodar ijaraxonadan haydaldik. Ijarachi – ko‘zlari doim chaqchayib turadigan, bu dunyoda pul topishdan bo‘lak a’moli bo‘lmagan, ikki lunji bo‘qoqdek osilib tushgan qop-qora xotin lash-lushlarimizni tashqariga uloqtirib, eshikni zichlab yopib oldi. Biz, kallasiga aql sig‘magan uch dalli diydirab ancha mahal ostonada turdik. Balki hovuridan tushar, rahm etar, deb kutdik. Sado bo‘lavermagach boshimizni egib bekat tomon yurdik.
Bekatga yetib angladikki, ijarador bizning barcha buyumlarimizni uloqtirgan, ichkarida faqat sevimli hofizimizning qo‘shiqlari yozilgan kasseta qolgan edi. Lorsildoq bu xotin bizda shu darajada nafrat uyg‘otgan ediki, mabodo uning qo‘lida kiyim-kechagimiz yoxud boshqa bir buyumimiz qolganida qaytib bormas va unga yalinmas edik. Lekin to‘rt-beshta kitob va shu kassetadan bo‘lak bu shaharda boshqa ilinji bo‘lmagan g‘ariblar qaytish azobiga mahkum edik. “Qadrdon go‘sha”ga men bordim. Eshik qo‘ng‘irog‘ini bosishim bilan qarshimda bir juft chaqchaygan ko‘z, odamni ruhan toliqtiradigan qop-qora, beo‘xshov turq namoyon bo‘ldi. “Kassetamiz qolgan ekan” dedim men. “Chaqasi yo‘g‘-u qo‘shiq eshitganiga balo bormi bularning?” o‘dag‘ayladi ijarador. Men yalindim: “Oxirgi iltimosimizni rad etmang, sizga boshqa qoramizniyam ko‘rsatmaymiz, xo‘p deng, chiqarib bering…” Xullas, kasseta o‘ttiz so‘mga baholandi. O‘rtoqlarim yoniga borib voqeani aytganimda ular unashmadi. “O‘ttiz so‘mga ikkita kasseta olsa bo‘ladi. Esing joyidami”, deyishdi ular. Men taajjubda edim. Uning qo‘shiqlari yozilgan kassetani bu befarosat xotin qo‘lida qoldirishga ko‘nglim chidamas, undan qizg‘anar edim. Do‘stlarimga esa, mening kimdandir qarz olib, kassetani qaytarib olish fikrim erish tuyulib ensasi qotardi. O‘sha kuni, xullas, pul topdik va shaharga oqshom oralaganda kassetani olib qaytdik.
IV
Biz uning qo‘shiqlarini tinglab ulg‘aydik. Shundanmi, ko‘nglimiz armonlarga, orzularga qo‘nalg‘a bo‘lib qoldi. Qishloqqa borsam har gal “Izlaganlar bizni sahroyi balodan izlangiz” ashulasi yodimga kelaveradi. Cheksiz dashtu biyobonga tikilib, holdan toygan aftodahol oshiq yigit siymosi ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Bu yerlarda bir paytlar men shunday kezinganman. Mendan-da oldin ko‘pchilik kezingan bu yerlarda. Qo‘shiqni tinglab og‘ir-og‘ir xo‘rsinganman, yig‘laganman. Bir qancha oshiq yigitlar yig‘lagan qo‘shiqni eshitib. Yig‘ilar ko‘p. Garmselday mavjlanib yotibdi yig‘ilar.
Qishloqda cho‘pon amakim bor. Ul hofiz qo‘shiq aytyapti, desa otdan tushadi. Qo‘shiq tugaguncha hech kimni gapirtirmaydi. Gapirayotgan odamga xo‘mrayib ola qaraydi. Yoshi oltmishga borayotgan bu odamga nima bo‘lgan ekan, deb o‘ylayman men. Sochlari oqargan odamning sevgi haqida qo‘shiq tinglab o‘tirishi erish tuyuladi menga. “Ey, bunga yetadigan yo‘qda. Shu eshitib o‘tirib-o‘tirib, otni minib bir yoqlarga solib ketsammi, deyman”, deydi amakim. Men xavotirlanaman. Amakim hozir otga o‘tirib, osmonu falakka uchib ketadiganday tuyulaveradi. Men uchadigan otlar faqat ertaklarda bo‘lishini bilaman, shunday bo‘lsa-da xavotirlanaveraman.
Bir ajib bog‘ ichra jonon
o‘ltirur,
Sochlarin yoyib shamol o‘ynab
turur.
Sezmayin qoldi yonig‘a
borg‘anim,
Voh, sanam, buncha parishon
o‘ltirur.
So‘zlar xonandaning bo‘g‘zidan alanga bo‘lib chiqadi. Borliq ertakka do‘nayotganga o‘xshaydi… Men bundan qo‘rqaman…
Yozning so‘lim oqshomlaridan birida qishloqda to‘y bo‘ldi. Amakim meni turtdi, “Qara, qara, o‘zi-ya, naq quyib qo‘yganday”, Davrani olib borayotgan qo‘shiqchi bola. “Ko‘zing nozik…” ashulasini kuylayotgan edi bu mahal. U ovozni shu darajada o‘xshatayotgan ediki, olisroqda turib eshitayotgan odam to‘yga o‘sha san’atkor kelibdi-da, deb o‘ylashi mumkin edi. Amakim xumor qilib o‘tirdi. Faqat to‘y yarimlaganda uning avzoyi buzildi. Buzilgandayam yomon buzildi. O‘tirgan joyida qo‘shiqchi bolani shu qadar bo‘ralab so‘kdiki… Bechora bola shalpayib, keng davra ichida mulzam bo‘lib qoldi. Hamma olazarak bizga qaraydi. Men zo‘r berib amakimga yopishaman. U shirakayf g‘ijinib so‘kinadi: “Qo‘shiqni bilmasang aytmaginda he…” O‘sha kuni to‘ydan juda holsiz qaytdik. Men bu voqeadan allanechuk og‘ir bo‘lib oldinda borar, amakim bo‘lsa, “Qo‘shiqni buzdi bachchag‘ar, qo‘shiqni buzib aytdi” deb tinmay g‘uldirab kelardi.
V
Men qo‘shiqni yolg‘iz o‘zim eshitishni yaxshi ko‘raman. Agar yonimda birov bo‘lsa bezovtalanaman. Ma’shuqasiga sevgi izhor etayotib bexos begona nigohga nazari tushgan oshiqdek o‘ng‘aysizlanib qolaman. So‘ng xijolatdagi oshiq holida begona nigohni boshqa xonaga boshlab kiraman.
VI
Xonandalar ko‘p. Lekin… Balki, menga shunday tuyular. Har holda qo‘shiq aytish bilan qo‘shiq aytishning farqi bor. U “Birinchi muhabbatimni” aytganda deyarli o‘spirin bo‘lgan. Ehtimol uning o‘sha paytlari iqtidori, mahorati bugungidek yuksak bo‘lmagandir. Ammo u bu tuyg‘uni yashagan, boshidan kechirgan. Yo‘qsa, qo‘shiq bu qadar yashay olmasdi. Ko‘pchilik esa qo‘shiq uchun chiroyli ovoz, kuy va she’rning o‘zi kifoya deb o‘ylashadi. Menda qo‘shiq kuylayotgan xonandalar ikki xil taassurot uyg‘otadi. Biri shoir iztirobini yo‘l-yo‘lakay birovga hikoya qilib ketayotgan yo‘lovchi. Ikkinchisi esa “Istaganlar bizni sahroi balodan istangiz” deya kimsasiz sahro tomon telbavor talpinayotgan junun. Jununda kibr bo‘lmaydi. Xudbinlik va riyokorlik ko‘chasidan yurmaydi junun va biz shuning uchun ham uni sevamiz, unga talpinamiz.
VII
…Sa’nat va san’atkor degan so‘zlar bor. Buning ma’no va mohiyati ko‘pchilikka ma’lum. Lekin bu so‘zlar bizda shu qadar ko‘p ishlatiladiki, haqiqiy san’atkorni nima deb atashni bilmay kalovlanib qolamiz. Negaki, biz har qanday otarchiyu, teatr yoki kinoda o‘tkinchi rol ijro etadigan odamniyam, haqiqiy iste’dod egasiniyam bir xil, san’atkor, deb ataymiz. Ehtimol, u shunchaki, artist yoki aktyordir. Yo‘q, biz barchasini bir xil san’atkor deb ataymiz. Chunki, tovush mavjud ekan, so‘z tugunmasdur, deb o‘ylaymiz.
VIII
Gohida… Odam taftini odam ololmaydi. Millionlab odamlar orasida zerikasan. Har kuni minglab, hissiz, hayajonsiz ko‘zlarga duch kelasan. Ularga qarab muomala qilasan. Tavoze bilan tabassum hadya etasan. Lekin baribir yolg‘izday his etasan o‘zingni. Ikki qo‘lingni bo‘m-bo‘sh cho‘ntagingga solib, boshingni yelkalaring orasiga olib shahar ko‘chalarini kezasan. Daraxtlar va turli raqamlar chaplab tashlangan simyog‘ochlar uzra jim odimlaysan. Qarshingda yuzlab, minglab to‘rva qo‘ltiqlagan, yo‘lning shundoq yoqasiga rasta yoyib, hayqirib molini maqtayotgan odamlar chiqadi. Ulardan tortinib qo‘llaringni cho‘ntagingdan sug‘urib olasan. Bo‘m-bo‘sh qo‘l havoda gizlanib-gizlanib yana cho‘ntakka kiradi. Chunki uni sen shunga mahkum qilgansan. Behuda va bemavrid harakatlanishiga izn bermaysan. Zerikayotganingni sezgan qo‘llar tipirchilaydi. Sen esa tishingni tishingga bosib uyga yo‘l olasan. Yetib kelib charchoq tanangni kursi ustiga tashlaysan. Itoatkor va sodiq qo‘llaringni cho‘ntagingdan bir-bir sug‘urib, stol ustiga qo‘yasan. Qo‘llaring sendan imo kutmay magnitofon sari yo‘naladi. Ohista uning tugmachasini bosadi. Xonandaning o‘tlig‘ ovozi yangraydi.
Kecha oqshom falakda oy
bo‘zarib botganda,
Ruhimda bir ma’yuslik,
sokinlik uyg‘otganda,
Men seni esga oldim, birinchi
muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi
muhabbatim…
P.S: Mazkur esse 1995 yil “Oila va jamiyat” gazetasida chop etilgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz asarning biror joyida Sherali Jo‘rayev nomi tilga olinmagan. Ma’lumki, u davrlarda hofiz nomi o‘zbek matbuotida tilga olinishi cheklangan edi.






