Jek LONDON
Men 1876 yili San-Fransiskoda tug‘ilganman. O‘n besh yoshga kirganimda ulg‘ayib bo‘lgan edim, mabodo bir necha sent pulim oshib qolsa, unga obakidandon emas, pivo sotib olardim, – men haqiqiy erkak, albatta, pivo sotib olishi kerak, deb o‘ylardim-da. Hozir, o‘sha paytimdagiga qaraganda ikki barobar ulg‘aygan bo‘lsam-da, qayta yana o‘smirligimga qaytgim keladi, chunki hozir atrofimda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga avvalgiday jiddiy qaramayman. Bo‘lishi mumkin-ku, axir, kutilmaganda yana o‘smirga aylanib qolsam. O‘sha o‘smirligimda mas’uliyat neligini oldinroq anglab yetishim dargumon edi. Qanday savod chiqarganim yodimda yo‘q, – besh yoshimdan boshlab o‘qish-yozishni o‘rgatishganini eslayman, xolos, – ilk bor Alameddagi maktabga borganim, keyin ranchoga ko‘chib o‘tganimiz va o‘sha yerda sakkiz yoshdan boshlab ishtiyoq bilan mehnat qilganlarim yodimda.
Men ta’lim olgan ikkinchi joy San-Mateodagi bo‘lmag‘ur maktab bo‘ldi. Har bir sinf xonasiga bittadan parta qo‘yilgan, aksariyat hollarda bu partadan foydalanilmas, chunki darsga o‘qituvchilar mast-alast ahvolda kelardi. Yoshi kattaroq bolalardan biri o‘qituvchini do‘pposlab qo‘ygan kunlar ham bo‘lgan, shunda u chidolmasdan alamini kichkinalardan olardi – tasavvur qilolasizmi, mana shu olag‘ovur janjalxona maktab atalardi.
Mening qarindosh-urug‘larimdan hech kim adabiyotga mehr qo‘ymagan – ehtimol, boshqalarga qaraganda bobom kitobga yaqinroq bo‘lgandir: vallomat bobom mavzening mirzasi edi, sokin o‘rmonda ixlos bilan Injilni qiroat qilardi, shuning uchun ham “Jons ota” degan laqab orttirgan edi.
Bolalik chog‘imda atrofimdagi odamlar qanchalar jaholatga botganidan hayron bo‘lardim. To‘qqiz yoshimda Vashington Irvingning “Algambra”sini zavq bilan o‘qib chiqqach, ranchodagi biron kimsa bu kitobni o‘qimaganiga ishongim kelmasdi. Oradan biroz o‘tgach, menda jaholat faqatgina bizning qishlog‘imizda hukm suradi, shaharlarda tamoman o‘zgacha degan fikr tug‘ildi. Kunlarning birida ranchomizga shaharlik kishi keldi. Uning etigi top-toza, yaltiratib artilgan, qimmatbaho movut palto kiyib olgandi; nihoyat, ziyoli kishilar bilan fikr almashish imkoni keldi, deb o‘yladim. Eski mo‘rini buzishganda chiqqan pishiq g‘ishtlardan o‘zim qurgan Algambram bor edi – minoralar, peshayvonlar, hammasi bo‘r bilan chizib chiqilgan. Men shaharlik mehmonni qal’amga olib bordim va undan “Algambra” haqida so‘radim. Afsuski, shaharlik olifta ham ranchomizdagilarga o‘xshagan besavod bo‘lib chiqdi, xullas, bu olamda ikkita aqlli odam bor: Vashington Irving va men, degan xulosaga kelib, o‘zimni ovutdim.
O‘sha paytlarda “Algambra”dan tashqari o‘n syentlik romanlar (ularni batraklardan sotib olardim) va gazetlar o‘qib borardim, – xizmatkor qizlar bu gazetlarda bosilgan kambag‘al, ammo himmatli savdogarlarning qiziqarli sarguzashtlarini maroq bilan o‘qishardi. Ular bilan tanishgach, fikrim boshqa tomonga burilib ketishi kerak edi, ammo hamisha o‘zimni yolg‘iz his etar va yana qo‘limga tushgan narsani oshiqib o‘qib chiqardim. O‘shanda o‘qiganim Uydaning “Signa” qissasi menda katta taassurot qoldirgan va ikki yil davomida qayta-qayta o‘qib yurganman. Yozuvchining qissada nima demoqchi ekanini yoshim ulg‘aygachgina tushunib yetdim: chunki mendagi eski, yirtiq kitobning yakuniy qismi yirtilib yo‘qolgan, shu sababli qissa qahramoni bilan orzularga berilib, oldinda shafqatsiz Nemezida poylab turganini xayolimga ham keltirmagan edim.
O‘sha vaqtlarda menga asalari uyasini qo‘riqlash topshirilardi; daraxt soyasida o‘tirib, ertadan kechgacha, ya’ni asalarilar yig‘ila boshlaguncha kitob o‘qib, xayolga tolardim. Livemor vodiysi – tep-tekis, zerikarli joy; hatto vodiyni o‘rab olgan tepaliklar ham meni zavqlantira olmasdi. Xayolimni birgina hodisa – asalarilarning bir uyaga g‘uj bo‘lib yig‘ilib qolishidan boshqasi buzolmasdi. Ular g‘uj bo‘lishsa, darrov shovqin ko‘tarardim, ranchodagilar qo‘liga nima ilinsa – chelakmi, tuvakmi, har xil idishlarga suv to‘latib men tomon chopishardi. Yodimda bor, “Signa” qissasining ilk satrlari bunday bo‘lardi: “Bu bor-yo‘g‘i kichkintoy bolakay edi”. Lekin kichkintoy buyuk musiqachi bo‘lishni, butun Yevropani o‘z poyida tiz cho‘ktirishni orzu qilardi. O‘sha bolakay men edim… Nima uchun endi “Signa”dek orzu qilmasligim kerak ekan?
Menga Kaliforniya ranchosidagi hayot chidab bo‘lmas darajada zerikarli tuyula boshladi; ufq chegarasidan chiqib, dunyo kezishni orzu qilmagan kunim bo‘lmagan. O‘shanda g‘oyibdan olis safarga chorlovchi shivirlarni eshita boshladim: go‘zallikka intilardim, ammo atrofimdagi olam tarovatsiz tuyulardi. Vodiy va tepaliklar ko‘zimga xira pashshadek ko‘rinar, qarasam ko‘nglim aynirdi. Ularga mehrim balandligini olislarga ketganimdan keyingina chuqur his etdim.
Ranchoni tark etib, Oklendga kelganimda o‘n olti yoshlarda edim. Ko‘p vaqtimni Oklend ommaviy kutubxonasida o‘tkazar, qo‘limga tushgan kitobni tashnalik bilan o‘qib chiqardim – kitobga tikilib o‘tiraverib ko‘zim pirpiraydigan, oyog‘im qaltiraydigan holga tushay dedim. Qarshimda dunyo sirlari ochilgan sari parishonlikdan xalos bo‘la boshladim. Ko‘chada gazeta sotishdan topgan pulim evaziga tirikchiligim o‘tardi; xullas, shu tarzda o‘tgan o‘n olti yil davomida katta bilim egalladim – ishlab o‘qidim, o‘qib ishladim.
O‘sha paytlarda sarguzasht orzusida qonim qaynardi, oxiri uydan ketdim. Men qochib ketganim yo‘q, shunchaki tark etdim – qo‘ltiqqacha suzib keldim-da, ustrisa ovlaydigan qaroqchilar to‘dasiga qo‘shildim. O‘g‘rincha ustrisa ovlagan kunlarim ham o‘tdi, mabodo mening qaroqchiligim uchun sud qilishsa bormi, besh yuz yil muddat belgilab, panjara ortiga tashlashgan bo‘lardi. Keyin kichikroq yelkanli kemada dengizchi bo‘lib, losos ovladim. Ishonasizmi, navbatdagi xizmat joyim baliqchilarni nazorat qilish bo‘linmasi bo‘ldi: vazifam – noqonuniy baliq ovlayotgan har qanday huquqbuzarni hibsga olish edi. Huquqbuzarlarning ko‘pchiligi – xitoylar, yunonlar va italyanlar bo‘lib, o‘g‘rincha baliq ovlashardi. Ko‘pincha ularni tartibga chaqiruvchi qo‘riqlash bo‘linmasidagi ayrim nazoratchilarning hayoti xavf ostida qolardi. Xizmat vazifamni bajarishda yagona qurolim – atigi po‘lat sanchqi bo‘lsa-da, men mardlarcha, sira qo‘rqmasdan o‘g‘ri ovchilarning qayig‘iga o‘tib, boshlig‘ini hibsga olardim.
So‘ngra katta kemaga dengizchi bo‘lib ishga yollandim va Yaponiya sohillari tomon suzib ketdim – bu dengiz mushuklarini ovlash ekspedisiyasi edi. Hatto Bering dengizigacha suzib bordik. Yetti oyga cho‘zilgan mushuk ovidan so‘ng Kaliforniyaga qaytib, turli yumushlar bilan shug‘ullandim: ko‘mir qazidim, bandargohda hammollik qildim, jut fabrikasiga ishga yollandim; u yerda ertalab soat oltidan kechqurun yettigacha ishlardim. Keyingi yil ham dengiz mushugi oviga borishga qaror qildim, ammo kechikdim, avvalgi sheriklarim “Meri Tomas” kemasida suzib ketishibdi, – o‘sha kema halokatga uchrab, butun jamoasi suvga g‘arq bo‘ldi.
O‘sha kunlar gohi-gohi maktabga ham borib turardim, oddiy insholar yozib, oddiy baholar olardim; jut fabrikasida ishlagan paytimda ham biron narsa yozishga urinib ko‘rdim. Kuniga o‘n uch soatdan ishlardim, qolaversa, yosh edim, o‘yin-kulgi ham chetda qolmasdi, yana o‘zimga qarashga bir soat ajratardim – ijod qilishga juda oz vaqt qolardi. O‘shanda San-Fransiskodagi “Koll” gazetasi ocherklar tanlovi e’lon qilgandi. Oyim menga dalda berib, tavakkaliga tanlovda qatnashishga undadi, aytganini bajardim va “Yaponiya sohilidagi to‘fon” nomli ocherk yozdim. Juda charchab, uyqusirab, ertasiga besh yarimda uyg‘onishni bilsam-da, yarim kechasi ocherk yoza boshladim va ikki ming so‘zni, – ocherkning belgilangan hajmi, – yozib bo‘lmaguncha to‘xtamadim, ammo mavzuning yarminigina yorita oldim, xolos. Keyingi kecha yana charchab, uyqusirab ishga o‘tirdim va yana ikki mingta so‘z yozdim, uchinchi kecha ortiqchasini qisqartirdim, tanlov shartiga ko‘ra ayrim o‘zgartirishlar kiritdim. Qarang, birinchi darajali mukofotni berishdi; ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Stenford va Berkli universitetlari talabalari olishdi.
“Koll” gazetasi tanlovida erishgan muvaffaqiyatim qo‘lga qalam olish borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishga undadi, ammo hali tinib-tinchimagan yigitcha bo‘lganimdanmi, yana nimadir qilishga urinardim, ijodiy mashqlarni keyinga qoldirdim – chunki, “Koll” gazetasi navbatdagi maqolamni rad etgandi. Kaliforniyadan to Bostongacha – Qo‘shma Shtatlarni kezib chiqdim Tinch okeani qirg‘og‘i bo‘ylab, daydiligim uchun qamashgan Kanada orqali uyga qaytdim. Darbadarlikda yiqqan tajribalarim meni sosialistga aylantirib qo‘ygandi. Men mehnatning tagi rohat ekanini anglab yetgandim; hali na Karlaylni, na Kiplingni o‘qimay turib, o‘zimning mehnat madhiyamga chizmalar tortdimki, buning oldida ularning bitiglari xiralashib qolardi. Hammasi – mehnatdan. Mehnat – bu najot va umid. Og‘ir ish kunini o‘tkazgandan so‘ng, o‘z qo‘lim bilan qilgan ishimni oxiriga yetkazganimdan so‘ng dilimdan kechirgan g‘urur tuyg‘ularini siz his etolmaysiz. Men qachonlardir kapitalistlar ezib ishlatgan yollanma qullarning eng fidoyisi bo‘lganman. Bir so‘z bilan aytganda, mening hayotga tashna manfaatparastligim mustahkam burjua axloqining maftuni edi. O‘shanda inson qadrlangan, ish odamni izlaydigan Gʻarbdan aholi zich, odamlar g‘ildirak ostidan ko‘tarilgan changday arzimas Sharq shtatlariga kelib qolgandim – hamma tilini osiltirgancha tentirab ish izlab yurardi. Bu meni hayotga boshqacha, yangicha nuqtai nazardan qarashga majbur qildi. Ishchilar ijtimoiy tomondan bir uyum chiqindi kabi yo‘qlikka yuz tutganiga guvoh bo‘ldim. Shunda o‘zimga-o‘zim so‘z berdim: endi jismonan og‘ir mehnat qilmayman, boshqa imkoniyat qolmagandagina ishlayman, dedim. O‘shandan buyon jismoniy og‘ir mehnatdan o‘zimni asrayman.
Men Oklendga qaytib, o‘rta maktabga kirganimda o‘n to‘qqiz yoshga to‘ldim. Bu maktabda oddiy jurnal chop etilardi. Haftada bir marta – yo‘q, oyda bir marta chiqardi, – unda hikoyalarim bosildi; deyarli hech ikkilanmay dengizda suzganlarim, sarson-sargardonliklarimni ochiqchasiga yozdim. Bir yil maktabda o‘qigach, tirikchilik o‘tkazish tashvishida eshikbon bo‘lib ishga yollandim. Ish ko‘payib ketdi, ulgurolmay qoldim, yana maktabni tashlashga to‘g‘ri keldi. O‘sha zamondagi ijtimoiy qarashlarim ko‘pchilikning e’tiborini qozondi va hammaning ko‘z o‘ngida “sosialist-bola”ga aylandim – oxir-oqibat, ko‘chada “nutq irod etishlarim” sababli hibsga olindim.
O‘qishni tashlagach, uch oyda maktabning uch yillik dasturini mustaqil ravishda o‘qib, qabul sinovlaridan o‘tib, Kaliforniya universiteti talabasiga aylandim. Universitet ta’limini cho‘zish, ortga surish yoki tashlab ketishni xayolimga keltirmagan edim – tirikchilik kirxonadagi ishim va ijodim evaziga o‘tib turardi. Faqat bir martagina ishga mehr bilan yondashdim, ammo oldimga qo‘ygan maqsadlar haddan tashqari ko‘p, mashaqqatli ediki, yarim yil o‘qigach, universitet bilan xayrlashdim.
Avvalgiday kirxonada ko‘ylak dazmollay boshladim, bo‘sh qoldim deguncha ijod qilardim. Men har ikkisini bekamu ko‘st bajarishga intilar, ammo gohi-gohida charchab, qo‘limda qalam tutgancha uxlab qolardim. Nihoyat, kirxonadagi ishni ham bas qilib, butun borlig‘im bilan ijodga sho‘ng‘idim – yana hayot go‘zalligini his etib, orzularga berildim.
Uch oy qo‘lyozmalar ustida o‘tirib, mendan yozuvchi chiqmaydi, degan xulosaga keldim va oltin izlovchilarga qo‘shilib Klondayk tomonlarga ketdim. Bir yil o‘tmay, zangila kasaliga chalinib, uyga qaytishga majbur bo‘ldim: bir ming to‘qqiz yuz mil dengiz yo‘lini qayiqda suzib o‘tish davomida ayrim yo‘l taassurotlarini qog‘ozga qoraladim. Klondaykda o‘zimni, o‘zligimni topdim. U yoqlarda hamma sukut saqlaydi. Hamma o‘yga tolgan. U yoqlarda hayotga to‘g‘ri qarashni o‘rgandim. Topganim shu bo‘ldi.
Klondaykka ketganimda otam vafot etibdi, endi oila tashvishlari mening zimmamga tushdi. Kaliforniyada og‘ir kunlar boshlandi, ishsiz bo‘lib qoldim. Ish qidirib sarson bo‘lib yurgan kunlarim “Daryo bo‘ylab quyiga” nomli hikoyamni yozdim. Bu hikoyani tahririyatlarga olib borganimda, qaytarib qo‘limga tutqazishdi. Uni shu holicha tashlab, yigirma ming so‘zdan iborat yana bir boshqa hikoya yozdim. Bu hikoyani bir gazeta bo‘lib-bo‘lib bosmoqchi bo‘lib turgan edi, kutilmaganda qandaydir noma’lum sababga ko‘ra qaytardi. Tahririyatlar qanchalik rad etishmasin, yangi-yangi asarlar yozaverdim. Meni tushunadigan biron durustroq muharrir duch kelmas, biror satrimni e’lon qiladigan odam topilmasdi. Nihoyat, Kaliforniyadagi jurnal bir hikoyamni qabul qilib, besh dollar qalam haqi to‘ladi. Tez orada “Qora mushuk” degan hikoyam uchun qirq dollar berishdi. Xullas, ishlar yurishgandan-yurishib ketdi, endi tirikchilik uchun ko‘mir qazish shart emas, albatta. Ammo hamon qo‘lda kurak tutishni bilar, hatto kezi kelsa, bunga tayyor ham edim.
1900 yili birinchi kitobim dunyo yuzini ko‘rdi. Men gazetchilik bilan ham bemalol tirikchilik o‘tkaza olardim. Uning vasvasasidan saqlovchi sog‘lom fikrim ijodkorni halokatga olib boradigan bu mashinaning quliga aylanish oldini oldi: ijodning dastlabki davrida, hali pishib yetilmagan yosh ijodkorni aynan gazeta halok etadi. Jurnal xodimi sifatida tanilganimdan keyingina gazetlarga yoza boshladim.
Men izchil ishlash zarurligiga ishonaman va hech qachon ilhom kelishini kutib o‘tirmayman. Fe’l-atvorimga ko‘ra, nafaqat beparvo va pala-partish, ustiga-ustak, dilgir odamman. Lekin unisini ham bunisini ham yengib chiqdim. Dengizchi bo‘lgan paytlarimdan qat’iy intizomga amal qilish odati saqlanib qolgan. Eski dengizchilar tartibiga ko‘ra bo‘lsa kerak, har kuni aniq bir vaqtda uyquga ketaman va kam uxlayman. Besh yarim soatlik orom – mana me’yor, shu bilan cheklanaman. Uyqu vaqti kelmay turib, sababsiz o‘ringa yonboshlagan emas.
Sportni sevaman: boks, qilichbozlik, suzish, chavandozlik bilan shug‘ullanaman, yaxtada suzaman, hatto, qog‘ozdan ilonlar yasayman. Shaharda tug‘ilgan bo‘lsam ham qishloqda yashashni xush ko‘raman. Qishloqdagi hayot hammasidan yaxshi – o‘zingni tabiat bag‘rida his etasan. Yoshligimdan boshlab menga katta ta’sir ko‘rsatgan yozuvchilar – qisman, Karl Marks va umuman, Spenser. Mening besamar kechgan o‘smirlik kunlarimda imkon bo‘lganda edi, musiqa bilan shug‘ullanardim. Hozir, aytish mumkinki, o‘zimning barkamol yoshlik davrimga qadam qo‘yarkanman, bir-ikki million dollarim bo‘lganda bormi, o‘zimni she’r yoki pamfletlar yozishga bag‘ishlardim. “Qariyalar ligasi” va “Kempton-Uess maktublari”ni eng yaxshi asarlarim deb bilaman. “Qariyalar ligasi”ni ko‘pchilik yoqtirmaydi. Ular yanada yorqin va quvnoq asarlarni xush ko‘radi. Balki, yoshligim ortda qolgach, ularning fikrlariga qo‘shilarman.
YOZUVCHINING HAYOT FALSAFASI HAQIDA
Adabiyot olamidagi hunarmandlar, o‘sha bir umr yengil-yelpi narsalar yozib tirikchilik o‘tkazib yurganlar bu maqolani o‘qiy ko‘rmasin: vaqtini bekor o‘tkazib, kayfiyatini buzadi. Ular qo‘lyozmani qayta-qayta ko‘rib chiqishni, matn ustida ishlashni, muharrirning sifatu ravishlarning azaliy hiylalaridan kelib chiqadigan injiqligini tushunishni istamaydi. Ey, bedavo “chobukqalamlar”, bu maqola siz uchun bitilmagan! U shunday yozuvchiga atalganki (mayli, hozircha u o‘rtamiyona asarlar qoralab yurgandir), uning yuksak maqsadi, o‘zgacha ramzlari bor, chinakam so‘z san’atiga intiladi va kelajakda qishloq xo‘jaligi yutuqlarini madh etuvchi gazetalaru “oilaviy” jurnallarning ostonasiga qadamizi qilmaslikni ko‘ngliga tugib qo‘ygan.
Hurmatli janob, muhtarama xonim, siz bu sohani tanlab, qanday qilib shuhrat qozonmoqchisiz? Daholik?! Axir siz daho emassiz-ku! Mabodo, daho bo‘lganingizda ushbu satrlarni hijjalab o‘qib o‘tirmagan bo‘lardingiz. Daho har qanday kishanni parchalab tashlaydi, bid’atlarni chetga uloqtirib, bo‘ysunishni xayoliga ham keltirmaydi. Daho, rara avisnote – siz va menga o‘xshab duch kelgan o‘rmon tepasida parvona bo‘lib uchib yurmaydi. Balki, siz iste’dod sohibidirsiz? Ha, albatta, hali ochilmagan! Gerkulesning muskullari yo‘rgakda yotgan paytida ingichka ipday ko‘ringan. Siz ham shundaysiz: iste’dodingiz rivojlanmay qolgan. Agarda u yetarlicha oziqlanib, parvarish qilinganida bormi, bu maqolani o‘qimasdingiz. Agar iste’dodingiz kamoliga yetganiga ishonchingiz komil bo‘lsa, to‘xtang, maqolaning qolgan qismini o‘qimang! Agar iste’dodingiz hali ko‘zlangan nuqtasiga chiqmagan bo‘lsa, sizningcha, u qaysi yo‘l bilan o‘sha darajaga ko‘tariladi?
O‘ylab o‘tirmay, “o‘ziga xoslik bilan”, deya javob berasiz, keyin qo‘shib qo‘yasiz: “o‘ziga xoslikni muntazam takomillashtira borib…”. Ajoyib! Ammo savol o‘ziga xoslikka qaratilmagan, – buni yosh bola ham biladi, – balki o‘ziga xos bo‘lishning qanday yo‘llari borligiga, bunga qay yo‘sinda erishish mumkinligiga qaratilgan. Siz ijodingizga nisbatan o‘quvchilar ishtiyoqini qanday uyg‘otmoqchisiz, noshirlar ovchi singari qo‘lyozmangizni so‘rab ortingizdan poylashlari uchun nelar qilmoqchisiz? Boshqalar yo‘lidan borib o‘ziga xos bo‘linmaydi, ammo o‘zgalar yog‘dusini jamlab, yorqin iste’dod egasiga aylanish mumkin. Axir, hech kim Valter Skott va Dikkensga, Edgar Po va Longfelloga, Jorj Eliot va Xemfri Uord xonimga, Stivenson va Kiplingga, Entoni Xoup, Meri Korelli, Stiven Kreyn va boshqa ko‘plab adiblarga, – ularning ro‘yxatini istagancha davom ettirish mumkin, – kimdir tayyor ijodiy yo‘l ochib bermagan. Hanuzgacha noshirlaru o‘quvchilar ularning kitoblarini so‘rab shovqin solishadi. Nega? Chunki ularning har biri o‘ziga xoslikka erisha oldi. Qanday? Ular shamol parragi singari arzimagan shabadada chirpirak bo‘lib aylanmadi. Ular ham o‘zlariga o‘xshagan tengdoshlari bilan birga yo‘lga chiqdi, ammo boshqalarning omadi kelmadi, oqibatda eskicha, siyqasi chiqqan uslubdagi asarlarini kelajakka meros qoldirishdi. Buyuklarni omadsizlardan bir jihat ajratib turadi: buyuklar aynan buloqning o‘zidan suv ichadi, boshqalar qo‘lidan o‘tgan ma’lumotlarni inkor qiladi. U o‘zgalarning xulosalariga, boshqalarning, hatto nufuzli ijodkorlarning fikriga ham ishonmaydi. Ular o‘z qo‘li bilan bajargan ishiga mualliflik huquqidan ham yuksak bo‘lgan xoslik – Menligini muhrlashni muhim deb biladi. Dunyo va dunyodagi turli an’analarning asl manbasidan (boshqacha aytganda, bashariyat madaniyati va tafakkuri) o‘zining hayot falsafasini yaratish uchun zarur bilim va mahorat egallaydi.
“Hayot falsafasi” ga nimalar kiradi, bu aniq bir tushunchaga sig‘maydi. Avvalo ta’kidlash joizki, hayot falsafasi odamning shaxsiy muammolarini bartaraf etib qo‘ymaydi. U o‘tmish va hozirgi zamondagi qalb o‘rtanishlari, jinslar uchun ayrim va umumiy axloq qoidalari, xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi, aniqlangan xossalarni o‘zlashtirish, spiritizm, shakl o‘zgarishlari, mast-alast qiluvchi ichimliklarga murosasiz munosabat singari masalalarga mutlaqo e’tiborsiz. Ammo hayot, ijod yo‘lida duch kelsa, bu masalalar, hatto boshqa ikir-chikirlar bilan ham shug‘ullanishga majbur, bu – hayot zamirida yaralgan, alohida e’tibortalab, balki kundalik, ishchan hayot falsafasidir.
Ijodiy faoliyatda mutlaq muvaffaqiyat qozonganlarning ana shunday falsafasi bor. Bu toifa yozuvchilarning dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga o‘ziga xos qarashlari shakllangan. Ko‘zi tushgan voqea-hodisalar ahamiyatini salmoqlab ko‘radigan qandaydir tarozi yoki boshqa o‘lchov qurilmasi bor. Mana shu falsafaga suyanib xarakter yaratadi, tegishli xulosa chiqaradi. Falsafa tufayli yozuvchining yaratiqlari hayotiy, to‘g‘ri, sof bo‘ladi, dunyo intiq bo‘lib kutayotgan yangi so‘zni ayta oladi. Bu faqat uniki – almisoqdan buyon takrorlanaverib, chaynalib ketgan, dunyoga ma’lum gaplar emas.
Ammo xatoga yo‘l qo‘yishdan ehtiyot bo‘ling. Bunday falsafaga ega bo‘lish didaktika degani emas. Barcha masalalarda o‘z fikrini ayta olish qobiliyati pand-nasihatdan iborat roman yozib, o‘quvchining hafsalasini pir qilishga asos bo‘lmaydi, ayni paytda bu ishni qilmaslikni man ham etmaydi. Ta’kidlash joizki, yozuvchilik falsafasi qaybir muammoni u yoki bu tarzda hal etishga kitobxonni og‘dirish istagini kamdan-kam namoyon etadi. Faqat ayrim yirik yozuvchilargina ochiqchasiga pand-nasihat qilishga zo‘r bergan, ayni damda, boshqalari, masalan, dadil va nizikta’b Robert Luis Stivenson ijodda o‘zini deyarli to‘lig‘icha namoyon etib, birovga pand-nasihat borasida hatto ishoraga ham yo‘l qo‘ymagan. Aksariyat yozuvchilar o‘z falsafasidan sirli asbob tarzida foydalanishadi. Uning yordamida fikrlarini, xarakterlarni, syujetni shakllantiradi, barchasiga o‘z falsafasini singdiradi, asarni yozib bo‘lganda bularning barchasi namoyon bo‘ladi. Anglash lozimki, bu singari faoliyat falsafasi yozuvchi ijodini nafaqat o‘zligida jamlaydi, balki o‘zi ko‘rib chiqqan va bahosini bergan voqea-hodisalarni o‘zining “men”idan o‘tkazadi. Yuqorida ta’kidlangan xosliklar daholarda, ayniqsa, mashhur uchlik – Shekspir, Gyote va Balzak ijodida yorqin namoyon bo‘lgan. Ularning har biri shu darajada o‘ziga xoski, hatto bir-biriga taqqoslab bo‘lmaydi. Har biri o‘zining ilm xazinasiga, o‘zining uslubiy falsafasiga ega va bu oliy maqsadga loyiq munosib asarlar yaratishgan. Ular ham tug‘ilgan payti o‘zi singari boshqa oddiy bolalardan farq qilmagani aniq, ammo keyinchalik dunyo tamadduni moʻjizalarni anglab yeta olganlar, tengdoshlarga esa, bu baxt nasib qilmagan. Ya’ni, ular dunyoga nimalarni aytish lozimligini, o‘z aytar so‘zini kashf etganlar.
Qani, siz-chi, yosh qalamkash, sizning aytar so‘zingiz bormi?
Sizning so‘z aytishingizga hech narsa xalaqit bermayaptimi?
Agar siz dunyo tinglashni istagan yuksak g‘oyalaringizni takomiliga yetkazishga qobil bo‘lsangiz, qanday o‘ylagan bo‘lsangiz, shunday ifodalang. Agar siz yorqin fikrlasangiz, yorqin yozasiz; agarda fikringiz qadrli bo‘lsa, asaringiz qadrli bo‘ladi. Ammo yozganlaringiz qiziqarli bo‘lmasa, cheklangan bo‘lsa, o‘zingiz tor fikrlagan bo‘lasiz. Agar fikrlaringiz chalkash va aralash-quralash bo‘lsa, sizdan ifoda yorqinligini talab qilish mumkinmi? Agar bilimingiz nochor, tizimli bo‘lmasa, erkin va mantiqli yoza olasizmi? Ishonchli asossiz, ijodga falsafiy yondashmay turib, alg‘ov-dalg‘ovlardan tartibli olam yaratish mumkinmi? Voqelikni to‘g‘ri anglash va oldindan ko‘ra olish mumkinmi? Siz egallagan bilim zarralari hajmini va o‘zaro nisbiy qimmatini aniqlab bo‘ladimi? Mana shularning barchasisiz, o‘zingizni namoyon eta olasizmi? Mashaqqatli mehnatingiz bilan dunyoga biror yangilik berolasizmi?
Bu falsafani yagona yo‘l – mashaqqatli izlanishlar orqali, jahon madaniyati, ilm-fan xazinasidan olingan durdonalarni jamlash yo‘li bilan ishlab chiqish mumkin. Qozon tubidagi issiqlik kuchini bilmay, undan paydo bo‘lgan bug‘ pufakchalari nimaligini anglay olasizmi? Rassom “Ecce Homo” kartinasini yahudiylar tarixi va mifologiyasini tasavvur etmay, yahudiy xarakterini toblagan turli-tuman chizgilarni anglamay – e’tiqod va orzu-armonlarini, ehtiros va vafo-sadoqatini, umid va qo‘rquvini his etmay turib chiza olmasdi! Bastakor olmonlarning qadimgi buyuk eposini o‘qimay turib, “Valkiriy parvozi”ni yarata olarmidi? Bu sizga ham tegishli – o‘qishingiz kerak. Hayot yuziga ongli ravishda qarashni o‘rganishingiz lozim. Xarakterlarni va harakatlarning u yoki bu darajasini fahmlash uchun, shaxslar va ommani harakatga keltirib, oqibatda Jon Braunning doriga va Isoning Go‘lgotasiga olib boradigan buyuk g‘oyalar tug‘iladigan ohanglarni anglay bilishingiz lozim. Yozuvchi qo‘lini hayot murvatidan olmasligi kerak, shundagina hayot unga ijod falsafasini taqdim etadi, o‘z navbatida, yozuvchi bu falsafa yordamida voqea-hodisalarni baholaydi, salmoqlab ko‘radi, taqqoslaydi va dunyoga hayot haqida o‘z so‘zini aytadi. Shaxsning mana shu muhri, voqea-hodisalarga shaxsiy nazari “o‘ziga xoslik” deyiladi.
Sizga tarixdan, biologiyadan, tamaddun haqidagi bilimlardan, madaniyatdan va yana mingdan bir bilim sohalaridan nelar ma’lum? “Ammo, – e’tiroz bildirasiz siz, – mening roman yoki poema yozishimga ular qanday yordam berishi mumkin?” Aynan, o‘shalar yordam beradi. Bevosita bo‘lmasa – bilvosita. Bilim fikringizni boyitadi, ufqni yaqinlashtiradi, faoliyat doirasini kengaytiradi. Umuman, falsafiy qurollantiradi, bu esa, boshqa falsafa emas, o‘zingizniki; o‘zingizga xos fikrlar uyg‘unligi.
“Bu juda katta ish, – deb e’tiroz bildirarsiz. – Bunga vaqtim yo‘q”. Ammo ustozlar bu ulkan ishdan cho‘chimaganlar. Ixtiyoringizda umrning ko‘p yillari bor. Demak, hammasini asta-sekin anglayman deya kutib o‘tirish yaramaydi, bilimingiz qanchalik tez ko‘payib borsa, yozuvchilik mahoratingiz ham, atrofdagilarga ta’siringiz ham ortaveradi. Vaqt! Uning yetmasligi haqida gapirishganda, samarali foydalana bilishni nazardan qochirishadi.
Siz mutolaa qilishni bilasizmi?
Bir yilda hikoyachilik mahoratingizni oshirish yoki tanqidiy qarashingizni charxlash uchun necha siyqa, sayoz hikoya yoki roman o‘qiysiz? Necha-necha jurnallarni boshdan-oxir hijjalab chiqasiz? Mana u, sizning vaqtingiz, siz esa uni ahmoqona mashg‘ulotlarga sarflaysiz, axir, vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Mutolaa qiladigan kitoblarni sinchiklab saralashga o‘rganing, mag‘zini chaqib, tez o‘qing. Siz kundalik gazetalarni nuqtasini ham qo‘ymay, e’lonigacha o‘qiydigan miyasi aynigan chollarning ustidan kulasiz. Lekin zamonaviy adabiyotning to‘lqinida oqib, ko‘krak kerishingiz undan avlomikin? Baribir, bu oqimdan o‘zingizni qutqaring.
Yaxshi o‘qing, eng yaxshilarini o‘qing. O‘qishni boshlagan hikoyangizni nihoyasiga yetkazmay turib chetga tashlab qo‘yishdan cho‘chimang. Yodda tuting, hammasidan avval, siz yozuvchisiz. Yodda tuting, faqat boshqa asarlarni mutolaa qilish orqali ularning saviya-darajasini, ayni paytda nimalar haqida yozmaslikni ham o‘rganasiz.
Humoyun tarjimasi









