Sevara ALIJONOVA
Ko‘nglimga taskin, orom istasam, Navoiyga yukinaman. Necha yillardan buyon o‘zgarmas aqida, “U meni tushunadi, men undan o‘zimni topaman” degan e’tiqod bu. Mutolaaga chog‘lanishim bilanoq, Yerga o‘xshamas, butkul boshqa dunyoda, ko‘zni qamashtiruvchi kumushrang kenglik, oppoq bulut ustida o‘tirgandek bo‘laman. Mutolaa qanot, pokiza ruh, sakinat beradi.
Navoiyga oshufta qalblardan farqli uning ko‘pincha “o‘qilmay tashlab ketiladigan” boblari – Allohga hamd, Payg‘ambarimizga na’t bitilgan satrlari uchun sog‘inib, ba’zan o‘zgalardan qizg‘onib qo‘lga olaman; qahramonlar taqdiri, hammaga besh qo‘ldek ma’lum syujet qiziq bo‘lmagan negadir. Meni Navoiy kechinmalari, qalbi, qarashlari aks etgan bitiklar mudom o‘ziga chorlagan, ulardan har gal mutafakkir botini, siymosini ilg‘ashga uringanman.
Xotiramdagi “kutubxona” “100 eng yaxshi kitob” yoki eng bestseller asarlar vajidan emas, menga o‘xshagan va o‘xshamagan insoniyatni anglash ishtiyoqidan bino bo‘lgan. Men uchun asardagi eng qiziq qahramon bu – muallif. Bunday qarash o‘zimga, qoralamalarimga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmagan.
Jurnalistikaning “jurnalist o‘z shaxsiy pozisiyasini bildirishga, xulosa chiqarishga haqqi yo‘q”, degan hissiz qoliplariga sig‘olmay, sarkash fikrlarimning epini qilolmay qiynalardim. Ko‘rgan-kechirganlarim, meni mutaassir etgan kishilar, holatlar haqida o‘zimning shaxsiy fikrlarimni qog‘ozga to‘kkim kelaverardi. Axir, bu bitiklar na jurnalistikaga, na adabiyotga tortardi. O‘zimdan o‘zgaga shifosi, kori bormikan o‘zi, degan o‘ylar qurshovida qolardim… Toki, “Dunyoda bitta bo‘lsa ham seni tushunuvchi odamning mavjudligi, bu – sening baxting” iborasini shiorga aylantirgan Mahmud Sa’diy “sening yozganlaring maqolaga emas, essega tortadi” demagunigacha. Ustoz Navoiy, Folkner yoki Fukuyama haqidagi qarashlarim, xayol, balki orzularim ustidan kulmas, ehtimol, ko‘nglimda endi unib chiqayotgan niholni sindirib qo‘yishdan tiyilardi. Orzulari bulutlarni siypalab turadigan qiz ham ichidagi po‘rtanalarni ochiq-oshkora so‘zlashga, o‘zini niqoblarsiz, o‘zidek tutishga uyalmasdi. Shu insonning birgina so‘zi bilan jumboq to‘la osmon bir qavat pastladiyu dildagi tugunlar yechildi, arosatdagi sargardonga ham yo‘l topildi…
Tan olishdan iymansam ham aytayki, universitetga kirgunimgacha esse deganda, inliz tili darajasini aniqlovchi imtihon inshosini tushunganman. O‘sha, menga tilsimini ochgan daqiqagacha publisistikaning “esse” degan namunasiga yo‘liqmaganman-da. Qirq yil rus maktabida adabiyotdan dars bergan bobomdan “Esseni bilasizmi?” deb so‘raganimda, “Yo‘q, yangi janr bo‘lsa kerak” degan javob eshitdim…
“Yangi janr”ni o‘rganishga bel bog‘ladim-u, uning ilk bor uyg‘onish davrida, 1580-yillarda fransuz faylasufi va yozuvchisi Mishel Monten tomonidan adabiy atama sifatida muomalaga kiritilganini bilgach, yana o‘ylar girdobida qoldim. “Yetti asr avval paydo bo‘lgan janr haqida nega biz, men va bobom hech narsa bilmaymiz? Nega maktab darsliklarida birorta essega ko‘zim tushmagan? Shunchalik ham qoloq bo‘lamizmi? Adabiyot o‘qituvchisi bo‘la turib, nahot esse nimaligini bilmasa-ya?” deb goh bobomning bilimlariga shubha bilan qarar, goh o‘zimdan jahlim chiqardi.
Keyin bilsam… butun boshli avlod “esse”dan mahrum qilingan ekan. Sobiq ittifoq davrida na Rossiyada, na ittifoqdosh mamlakatlar adabiyoti, publisistikasida “esse” janri gurkirab rivojlangan. Rossiya, xususan O‘zbekistonda esse XX asrning 60-yillarida paydo bo‘lgan. Janrning fransuzcha ma’nosiga xos tarzda, “urinib ko‘rishgan, sinab ko‘rishgan”. O‘zbek essechiligi A.Muxtor, P.Qodirov, Mirtemir, Zulfiya, S.Ahmad, Sh.Xolmirzayevlar ijodida xotira, suhbat, badiiy-publisistik maqola va hikoya shaklida bo‘y ko‘rsatgan. Albatta, erkinlik, hurlikka tish-tirnog‘i bilan qarshi turgan, fikrlovchi kishilar, ziyolilar yo‘q qilingan, “shaxsiy fikr” degan tushuncha bo‘g‘ilgan zamonda “erk” so‘ziga ma’nodosh “esse”ning kun ora matbuotni bezab turishini tasavvur etish kulgili.
Yetmish yillik (1922-1991) muddatda nahot dunyoning yarim aholisi so‘z, fikr erkinligidan qonib yashamagan? Balki o‘sha paytda ham dunyoni o‘yga cho‘mdirgan Monten, F.Bekon, B.Franklin, V.Irving, Ch.Lem, U.Xizlitt, Kuinsi, R.Emerson, G.Torolar tug‘ilishi mumkinmidi? Shu davr oralig‘idagi qalamkashlar M.Tven, R.Lind va E.Uayt singari o‘tkir, ayovsiz so‘roqlari bilan insoniyatga yuzlangan bo‘larmidilar? O‘zlarining adoqsiz o‘ylari va jur’ati ila Volter, T.Karleyl, G.Chesterton, T.Mann, P.Valeridek janr istiqboliga hissa qo‘shardilar, ehtimol…
XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib Rossiyada birdaniga Iosif Brodskiy, Mixail Epshteyn, Lev Anninskiy, Samuil Lurye, Sergey Gandlevskiy, Mixail Ayzenberg, Andrey Aryev, Igor Klex, Kirill Kobrin kabi essenavislar chiqqan bo‘lsa, bizda ham 1997 yili “Jahon adabiyoti” jurnali ta’sis etildi va ilk sonidayoq Alber Kamyuning “Isyon va san’at” essesi chop etildi. Shundan so‘ng birin-ketin Yan Parandovskiyning “So‘z kimyosi”, Sol Bellouning “Adiblar, ziyolilar, siyosatchilar…”, hammualliflikda yozilgan “Ma’budlar, brahmanlar, odamlar”, D.Lixachyovning “O‘ylar”, A.Zinovyevning “Haqiqat, faqat haqiqat”, P.Byukenenning “Gʻarbning halokati” kabi zalvorli esselari o‘zbek ziyolilariga havola etildi. Nega ziyolilar deyapman? 1997 yildan buyon deyarli har sonida saralangan, dunyo tafakkur ahliga ta’sirini o‘tkazgan esselar berib boruvchi O‘zbekistondagi yagona jurnal ziyolilar, qolaversa, turli dovonlardan osha hammaning ham uyiga yetib bormas, eshigini qoqmasdi…
Ayni shu armon, ustiga-ustak bilmasligim alami zo‘ridan talabalikning ikkinchi bosqichi arafasida “Jahon adabiyoti” jurnali mutolaasiga sho‘ng‘idim. Tolening kulganimi yo hazilimi, qarangki, universitetni tamomlab, yetuk tarjimonlar, yozuvchi va publisistlar bilan bir qozonda qaynash, jahon adabiyotidagi so‘nggi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lish peshonamga yozilgan ekan. Bu muqaddas dargohda ishlay boshladim. Ustozlarning etagidan tutib, ulardan ulgi oldim, mutolaa va tahrir ishi badalida “Jahon adabiyoti” mening ijod ostonam bo‘ldi.
Vaqtlar o‘tib, “Men o‘zimni kamtar bir qalamkash – badianavis deb bilaman, layoqatimni badianavislikda ko‘raman. Elliginchi yillarning o‘rtalarida yoza boshlagan barcha mashqlarimga o‘ylar, izhorlar va nihoyat, esselar, mansuralar deb nom qo‘ydim. Taqrizlar, maqolalar, risolalarni ham badia, o‘y, izhor tarzida yurakdan chiqarib, tafakkur bulog‘idan sug‘orib yozish mumkin, deb o‘yladim. Adabiyotshunoslikni o‘yshunoslikka yaqinlashtirdim. Shunda hayot yurakka yaqin bo‘ladi, deb xayol qildim”, – degan satrlarga ko‘zim tushdi. Muallif – necha insonlar kabi meni ham essega havasmand etgan, publisistika va tarjimashunoslikda ustoz maqomiga erishgan kamsuqum va zakiy inson Ibrohim Gʻafurov edi. O‘sha so‘zlar bahona bo‘ldiyu ancha mahallardan buyon ta’qib etib kelayotgan “Men nima yozyapman o‘zi?” degan shubhali xayollardan ozod bo‘ldim.
Ibrohim Gʻafurovning benazir mansuralari, esse va badialari mutolaasi ta’sirida o‘zbek essechiligiga qiziqishim uyg‘ondi. Sh.Xolmirzayev, O.Sharafiddinov, I.Haqqul, Z.Isomiddinov, A.Meliboyev, Sh.Rizayev, D.Nuriy, S.Olim, S.Yoqubov, I.Qo‘shshayeva kabi yozuvchi-publisistlar esselarini miriqib o‘qiydigan, ular ijodini intiq kutadigan, muntazam kuzatib boradigan shinavandaga aylandim.
Dominik de Vilpenning Fransiya kelajagi haqida o‘ylaganda faqat bo‘shliq ko‘ruvchi, umidsiz va xavotirga to‘la millionlab qalblar nidosini kuyib-yonib so‘zlarga muhrlagan, hukumat va xalqqa qarata “Uyg‘oninglar, axir! Mudrayverasizlarmi?” xitobi (D.Vilpen. Qaqnus nidosi. JA, 2005/6), Ivo Fisher ilgari surgan “Inson nafrat va muhabbatdan, xavf-xatar va umidlardan qochishi, u yashashi va “go‘yoki yashamasligi” kerak” (I.Fisher. Ma’budlar, brahmanlar, odamlar. JA, 2005/8, 152 b.) qabilidagi o‘ylari, hayot girdibonidan sitilib chiqib Yagonalikka erishish, “Men”ning samoviy “Men”ga yetishishi borasidagi chuqur tahlillari, insonning ijodga ehtiyoji Jorj Oruell keltirganidek, xudbinlik, estetik entuziazm (ishtiyoq), tarixiy impuls va siyosiy maqsadga qanchalar muvofiqligi (J.Oruell. Kitob dunyosi, 2016, 3-oktyabr.) xususidagi qarashlari, Ibrohim Haqqulning nazm shaytoniy ish ekani borasidagi tadqiqiy izlanishlari, xulosalari (I.Haqqul. Shayton nega yig‘lagan? Tafakkur, 2006, 3-son)… yana ko‘plab borliq, inson va ijodga uyg‘un mavzular mag‘zini chaqishga undovchi esselar ta’siri va kuchi meni Veda ilohiyotidagi quyosh xudosi Surya holiga tushirib qo‘ydi… Nurlari bilan Ushasga yetdim deganda, qiz g‘oyib bo‘ladi, ertasi kuni tong bilan yana ko‘rinish beradi. O‘z jozibasi bilan sehrlab, avragancha Suryani o‘z ortidan ta’qib etishga majbur qiladi. Esselarda ko‘tarilgan falsafiy-estetik, adabiy-tanqidiy, ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan ma’lum xulosaga keldim deganimda, tarix, xotirani jonlantiruvchi bir inson portreti chizilgan esselar mutolaasidan so‘ng, o‘sha qahramon haqida tasavvurga ega bo‘ldim deganimda, bu chashmadan yana va yana suv otilib chiqaveradiyu ichganim sari chanqog‘im qonmaydi. O‘tgan yillar davomida esse men uchun chanqoqbosmas suv, so‘nmas ishtiyoq va mubtalolikka aylandi. Bugun esse nima, degan so‘roqqa javobim bor.
Esse – “nimadir haqida” tinimsiz o‘ylash, tafakkur qilish, uni shaxsiy kuzatuv, tajribalaring chig‘irig‘idan o‘tkazib, oqqa tushirish.
Esse – falsafa, insoniyatning azaliy savollariga javob izlash, anglanmagan, anglab bo‘lmas borliqni anglashga intilish, insoniy qadriyatlar, fazilat va illatlarga munosabat, xayrixohlik yoki inkor falsafasi.
Esse – ozodlik. Quyilib kelayotgan fikrlarning o‘zaniga sig‘may toshishi. Ongga nazar, ko‘ngilga qaytish. Qo‘rquvni yengish. O‘zingda kechayotgan holatga o‘zgalarni da’vatlash. Mario Vargas Losa aytganidek, “Adabiyot -go‘zallik va baxtga yo‘g‘rilgan orzularni uyg‘otibgina qolmay, har qanday shaklu shamoyildagi zulm-istibdod tug‘diradigan xatardan ogoh etadi. Bunga shubha qilganlar savolimizga javob bersinlar-chi: yetti yoshdan yetmish yoshgacha ra’iyatning yurish-turishini nazoratga olmoqchi bo‘lgan hukmdorlar nimadan bunchalik qo‘rqadi, nega qattol syenzura tartibini joriy etadi, nega mustaqil ijodkorlarning bosgan har bir qadamini cho‘tga soladi? Chunki ular insonning kitob sahifalari bo‘ylab xayolan erkin kezishi xatarli ekanini yaxshi biladilar, o‘quvchi kitoblarda tarannum etilgan hurlik ne’mati hamda amaldagi jaholat-tahlika muhitini muqoyasa qilganida, badiiy to‘qima isyonga undashi mumkinligidan qo‘rqadilar. Yozuvchi asarlari orqali – o‘zi xohlaydimi-yo‘qmi, anglaydimi-anglamaydimi, bundan qat’i nazar – norozilik keltirib chiqaradi, u dunyoning bir kam ekanini, xayolotdagi hayot o‘ngimizdagi hayotdan farovonroq ekanini ko‘rsatadi. Bu qarash fuqarolarning ongi va zehniga o‘rnashsa bormi, tamom, ularni aldash-avrash qiyinlashadi, panjara ortida yashashni ko‘z-ko‘z qilayotgan mirshablar va sitamgarlarning yolg‘oniga laqqa tushmaydi”. Esse to‘qimalardan xoli turib, dunyoni, hayotni bor bo‘y-basti bilan oynaga soladiki, unda o‘zini ko‘rgan insoniyat johilligidan, ojizligidan dahshatga tushadi.
Esse – lirika, ohang, qo‘shiq. Fikrlarning ohangga solingan shakli. Ko‘pincha ko‘ngil qa’ridan otilib chiqqani boismi, esselar o‘z ohangi bilan yaraladi. Ozurda qalblarga qo‘shiqdek malham, she’rdek dardkash, tashna shuurga ozuqa. Mahoratli publisist, essenavis A.Agranovskiy publisistikaning muhim belgisi deb uning lirikligini nazarda tutadi va shunday deydi: “Haqiqiy publisistika lirikdir. U shu ma’noda lirikki, muallifning o‘zi jamiyat hayotidan ta’sirlangan kechinmalarini yozishga jur’at qiladi” (Agranovskiy A.A. Svoyego dela master: Zametki pisatelya. M., 1980.S.9.).
Esse – ishora, istehzo, kinoya. U Montenning “Tajribalar”i, F.Bekonning qadriyatlar nishonga olingan uchqur o‘ylari, I.Brodskiy qalamidan tomgan “zerikish” mahsullari, G.Uellsning donolar va nodonlarga kinoya-kesatig‘i, R.Emersonning hamisha o‘zini oqlashga urinuvchi odamzodga qarata achchiq qahqahasi, T.Eliotning ongni sug‘ormagan madhiyaboz shoirlarga tarsakisi, B.Franklinning texnik taraqqiyot va san’at haqidagi nozik ishoralari.
Esse – muloqot. Gʻoyibiy kitobxon bilan jonli suhbat.
Esse – isyon. Muallifning mukammallikka da’vosi, nomukammal dunyoga zardasi. Alber Kamyu “Isyon va san’at” essesida “Ijod – vahdalul vujudga intilish, shu bilan birga mavjud olamdan qochish, uni inkor qilish hamdir. Biroq u olamda o‘zligini topolmagani, bu olam o‘zligiga mos kelmagani uchungina inkor qiladi” (A.Kamyu. Isyonkor odam. JA., 1997. 1-son, 183 b.) desa, “Do‘zaxdagi Prometey” essesida “Bugun insoniyatning isyoni mashinalarda mujassamlashadi, san’at va san’at tarafida turgan narsalarning hammasini u ishga halal beruvchi to‘siq-g‘ov, hatto, qullik alomati deb biladi” deya o‘zi ham esselari orqali mavjud holatga isyon ko‘taradi.
Bahs. Paradoks. Vashington Irvingning “Muhammad hayoti”, Patrik Byukenenning “Gʻarbning halokati” esselari juda katta ijtimoiy bahslarga sabab bo‘lgan, paradoksal fikrlar to‘qnashgan. Shuningdek, esseda muallifning ichki va tashqi “Men”i o‘rtasidagi bahs, paradoks, inkor o‘quvchini so‘nggi satrgacha o‘qishga majbur etadi.
Esse – yakun, tugal xulosa. Essenavis jurnalist yoki yozuvchidek xulosani o‘quvchiga qoldirmaydi. Mavzuga o‘z xulosasi bilan nuqta qo‘yadi. Yoki xulosa mahsuli bo‘lib esse yaraladi.
***
Ayrim olimlar tarix qatlariga nazar tashlab, essechilikning otasi Monten emas, Klavdiy Elian (eramizdan avvalgi 165-235 yillarda yashab ijod qilgan qadimgi Rim mutafakkiri va yozuvchisi) ilk esse namunalari “Tajribalar”da emas, “Tavrot”, “Eski Ahd”da uchrashini ma’lum qiladilar. Shu ma’noda, didaktik adabiyot namunalari, A.Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, Imom Gʻazzoliyning “Mukoshafat ul-qulub” asarlarida ham esse unsurlarini uchratish mumkin.
Ko‘ngilning mayliga quloq tutsam, Montenning “Tajribalar”idan ko‘ra Navoiyning sano, tavallolarini qo‘msayveradi. Essening o‘zini ham, essega mavzuni ham unda ko‘radi…
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020/8.