Sevara ALIJONOVA
U kishim galstuk taqib, kostyum-shimda yurmaydi, lekin domlalarga xos katta ko’zoynakni ko’ziga qo’ndirib, unga yarasha zambilday zil, katta portfelni bazo’r ko’tarib, o’ng tomonga xiyol egilib yuradi. Ko’ylagining old cho’ntagiga taroqcha solib yuradi. Suhbatdoshi bilan gaplasha-gaplasha, ahyon-ahyonda o’sha taroqcha bilan sochini bir tomonga silliq tarab qo’yadi. Yaqinlarini ko’ngilga tegmaydigan-u, lekin juda yuki og’ir laqablar bilan chaqiradi. Bu chorlovdan sergak tortasan, o’zingni tuzatishga kirishasan. O’shanday “unvon” olganlardan biri men – Mulla Sevara. Har gal xonasidan yo bir savolga javob topolmay “Shoirmisan?” va yo yonidagi suhbatdoshiga “Bu kishim – ustoz, biz – shogird” qabilidagi dakkiyu pisandalarni eshitib, qizarib-bo’zarib, mulzam bo’lib chiqaman. Ammo bu safar…
Vaqt peshindan og’ganda, domlaning ish vaqti – soat uch-to’rtlarga qarab “Ma’rifat”ga bordim. Eshikni taqillatib kirishim bilan quyuq so’rashib, g’aladonlarini titkilay ketdi. Odatdagi “teshikquloq”likka ul-bul bo’lsa kerak-da, deb yoqinqiramay o’tiribman. Titkilay-titkilay, so’loqmonday bir “papka”ni oldi. Ustiga “Sevara” deb yozilgan. Talabaligimdan beri chiqarilmagan, chiqarib bo’lmaydigan “vagon-vagon” materiallarim yig’ilgan jild. Ichidan bir varaqni tanladi-yu, bolalarcha soddalik bilan, xuddi hayitlik olayotgan bola kabi suyunib menga tutqazdi. “Qara, esingdami?” Sakkiz yil avval, birinchi bosqich paytimda “elita” guruhga saralash uchun yozilgan insho. Mavzu – davrimizning global muammosi. Nima ekan, debman. “Domla, nima qilib saqlab yuribsiz? Bu axir tutantiriqqayam yaramaydi-ku!” “Olib ketasanmi?” – qandaydir ilinj bilan so’radi domla. “Nima qilaman buni? Kerak emas!” – keskin ohangda dedim. “Senga kerak bo’lmasa, menga kerak! Ber bu yoqqa!” – domlaning jahli chiqqanini kech tushundim. Yoshiga yarashmaydigan qandaydir chaqqonlik bilan varaqni “papka”ga solib, yana qayta g’aladoniga qo’yib qo’ydi-da, g’azabini sezdirmaslikka chiranib: “Xo’sh, nimaga kelding?”, dedi. “Domlaning xayoli joyida emasmi?” degan fikr lop etib miyamdan o’tdi-yu, “O’zingiz chaqirdingiz-ku! Joan Didionning essesi bo’yicha” deya ming’irlagan bo’ldim. “Ma, o’qi!”, deb stoli ustidagi esseni qo’limga tutqazdi. “Sevarajon, qimmatli vaqtingni bekorga sovuribsan” degan yozuvga ko’zim tushdi. Domla shu yo’l bilan qasd olyaptimi, degancha alamim kelib, “Mayli, bo’lmasa bo’lmapti-da. Men ketdim, domla” deb, ularning so’ziniyam eshitmay chiqib ketdim.
Barcha sezimlar ko’ngildan chiqadikuya, eng mahobatlisi – og’riq bo’lsa kerak. Vujuding selday oqadi, dunyoi dun o’sha og’riqqa sig’may toshayotgandek tuyulaveradi. Dardi dunyoying qorong’i tortib, tongni qayta ko’rmaydigandek bo’laverasan. Axir, bu og’riq faqat o’zingda emas, boshqa insonda ham kechayotganini sezib turasan-da. Men bugun domlaning ko’ngliga o’sha og’riqni solib qo’ydim. Necha yildan beri asrab-avaylab kelayotgani shu bir parcha qog’ozni g’ijimlab uloqtirganday mehri va sevinchini ko’z o’ngida oyog’im bilan tepkilab tashladim. Yo’l-yo’lakay xotiralar lip-lip o’taverdi.
2008 yil. Bahor. Darsga borsam, ikki-uch kursdoshim birin-ketin sizni Mahmud Sa’diy qidiryapti. Borib uchrar ekansiz, deyishdi. Birinchi marta eshitayotganim bu odamning kim ekanini tushunib-tushunmay, “Qayoqqa boraman?” so’radim hayron bo’lib. “Ma’rifat” gazetasiga boring. O’sha yerda ishlaydilar. Jurnalist”. U binoni topib borgunimcha ham bir-ikkita yuqori bosqich talabalarining “Siz Sevara Alijonovamisiz? Domla sizni maqtadilar”. “Qaysi domla maqtaydi?” “Mahmud Sa’diy” degan so’zlaridan hayratim yana oshib, iymanibgina notanish eshikni taqillatdim. Ichkaridagi oq-kulrang aralash sochi bir tomonga silliq taralgan, yelkasi xiyol egik, ko’rinishidan mo’g’ulsifat, oltmish yoshlar atrofidagi kishi bugungidek tabassum bilan “Sevaramisan?” dedi…
“…Kelganingda quruq kelmay, u-bu narsa yozib kel”, mana necha yildirki, ketar oldi shu gapni eshitaman. Bir kuni “Eh, domla, domla, shu-uncha yozdim, baribir chiqarmaysiz-ku”, deya o’pka-gina qilgan bo’ldim. “Sen to’g’ri yozasan, lekin chiqarib bo’lmaydi-da”. “Yana shunaqa yozaman-da, domla”, dedim. “Nima yozsang, yoz. Chiqsa, chiqmasa, yoz! Keyin chiqmayapti, deb araz-gina qilma. Ana, 80-yillarda bergandi bittasi fol`klor haqida maqola. O’zi o’lib ketdiyam hali chiqarganim yo’q. Senga hali uncha bo’lmadi shekilli?!”, domla qitmirligini boshladi. “Ishqilib domla, o’sha navbat kelgunicha men ham…” deb nafasimni ichimga yutdim. Chiqarmaydi-yu, lekin kimning qachon, nima haqda yozganidan o’sha paytda nima deganigacha esida turadi bu kishimning. Mahmud Sa’diy deganlari shunaqa odam.
…ko’p o’qiydi. O’qimagani yo’q hisobi. Lekin yilda yo bir, yo ikkita narsa qoralaydi, xolos. Men domlaning bu ishini ko’p o’qishning kasriga yo’yardim. Bunday odamning o’ziga, so’ziga talabi nihoyat darajada baland bo’lsa kerak, deb bilardim. Lekin he-yech shu savolni berishga jazm etolmasdim. Nimagadir domlani shu savoldan ayagim kelardi. Ko’p yillik yarasini tirnab qo’ymayin, deb qo’rqardim. Ammo ne bo’ldiyu, har turli davralarda Mahmud Sa’diydan so’z ochildi deguncha, kaltagida obdan savalangan, haq so’zining achchiq ta’mini hanuz tuyib yurganlardan “Bir iste’dodni topib olib, undan “daho” yasashga urinadi”, “Qo’lidan qancha-qancha kitob o’tdi-yu, o’zi bir kitob yozmadi. Mahmud Sa’diydan nima qoladi?”, qabilidagi kinoyalarni eshitaverib, fig’onim chiqdi. Qani endi zamon ko’tarsa, o’shalarning yoqasidan tutib, “Hamma sen kabi o’zini o’ylayversa, sen kabi “kitobcha”sini chiqaraversa, aybingni yashirguvchi, “kitobcha”ngni odambashara qilib, Kitob holiga keltiruvchi “mardikor”lar ham kerak-da!”, deb yuziga aytib-aytib olsang! Zarur o’rinlarda aytilgani aytildi ham, eshitgani eshitdi ham. Nohaqliklardan zada bo’lib, bir kuni oxir so’radim: “Domla, yozishingizga nima xalal beradi? Yozsangiz, ancha-muncha nosirbachchalardan yaxshi yozasiz-ku! Nega yozmaysiz?” “Bir umr burch yoqamdan tutdi. Avvaliga singlim bir yarim yashar, men to’rt yoshligimda ota-onadan yetim qoldik. Akalik burchi sabab ofitserlik maktabidan qishloqqa qaytib ketdim. O’shanda ko’nglimga qarshi bormaganimda, hozir oldingda harbiy Mahmud Sa’diy o’tirgan bo’lardi. So’ng erlik, otalik, fuqarolik burchi…” “Axir, bularning ijodga nima daxli bor?” “Bor! Men alamimni yozishdan emas, tahrirdan oldim. “Guliston” jurnalida ishlab yurgan kezlarim, hozir ham, men uchun nom chiqarish emas, ijtimoiy hayotda voqea bo’ladigan maqola-material chiqarish muhim edi. Bunday maqola chiqarish uchun muallif albatta o’zim bo’lishim shart emas-ku, to’g’rimi? Odam ba’zan yozmay, sukut saqlab ham adabiyotga xizmat qilishi mumkin. Qilgan ishlarimdan hech ham afsuslanmayman. Kim nima desa desin, men o’z vazifamni, muharrirlik ishini bajardim. Muharrirlikning o’zi bir umrga yetgulik kasb”. Yoshligidan Makarenkoni qo’ymay o’qigan Domlaning qulog’iga ilk ustozining so’zlari qo’rg’oshinday quyilib qolgan ekanmi, deyman. “Burch – odamlarga yaxshilik sog’inish. Ularning avval yaxshi tomonlarini ko’r, nuqsonlari sekin chiqib kelaveradi”. So’zi keskir bo’lsa ham, hech bu kishining birovga yomonlik tilaganini eslolmadim.
…domlaning taqdirlanganini eshitib, bir suyunsam, bir ajablandim. Axir, bu kishim hujjat to’plab, idorama-idora yuradiganlar sirasidan emasdi-ku. Bu fikrlarni xayolimdan o’tkazib-o’tkazmay, telefondan domlaning ovozi eshitildi: “Mulla Sevarami bu?” “Ha domla, tabriklayman. Mukofot olibsiz!” dedim sevinchim ichimga sig’may. “Ie, sen to’g’ri gapirarding-ku! Mukofot berishdi, Sevarajon!” Mahmud Sa’diy deganlari shunaqa odam.
…talabalikning uchinchi bosqichida domla “Tahrir san’ati” fanidan kira boshladi. Bu kishimga bitta tinglovchi ham kifoya edi. Shu sababmi auditoriyaning yarmi uyqusirab o’tirardi. Domla tahrir san’atidan gapira-gapira, mutolaa san’ati, hayot san’ati kabi boshqa san’atlarga o’tib ketardi-da. Mahmud Sa’diy auditoriyada boshqa odam, tahririyatda butkul boshqa odamga aylanardi. Domlaning ko’p shogirdlari aynan tahririyatda savod chiqargan. Uni hamon yo’qlaguvchilar ko’p. Bu insonni uchratib, vatanga, oilaga, ustozga sadoqat tushunchalaridan farqli, shogirdga sadoqat tuyg’usini ham angladim. Domla shogirdlariga juda sadoqatli. Ammo afsuski, ko’plari mendayin bu sadoqatning qadriga yetavermaydi… Domlaning bu qadar fidoyiligi, jonkuyarligidan ba’zan jahlim ham chiqib ketadi. “Domla, sizga nima zaril? O’zizni ham o’ylasangiz-chi!” deganimga beparvo “Hey, mayli” deb qo’l siltab qo’yadi.“Bu odam boshqacha yasholmaydi!”, xayolimdan o’tkazaman qarab turib.
…bu kishimga didni boshqalardan ko’ra o’n chandon ko’proq yuqtirgan. Shu sababmi, uncha-muncha asar ham yoqavermaydi, uncha-muncha odam ham… “Domla, sizga o’zi inson zoti yoqadimi?”, deyman, hali uni o’poq, hali buni so’poq deyishlaridan xunob bo’lib. “Yoqadi, yoqadi, odam bo’lsa yoqadi-da. Mana, Maqsud Shayxzoda, Asqad Muxtor, Matyoqub Qo’shjonov…” deb ikki-uchtasini sanay ketadi. Oxirida savolimdan og’rinibmi, iymanibmi, “Ularning adabiyotni tanlaganlarining o’zi – adabiyotga xizmat. Shunisi uchun ham hurmat qilsang, arziydi” deya qo’shib qo’yadi. Domlaning hech kimni tan olmasligidan hayron bo’laman-da, sababini mutolaadan keyi-in tushunib yetaman. Ko’pincha domlaning haq ekaniga, xolis ekaniga amin bo’laman.
… Mahmud Sa’diy tarjimasidagi Jan Koktoning “Inson ovozi” monodramasini eslayman. Aslida, o’sha yolg’izlik iskanjasida yashayotgan ayol – qahramon, Mahmud Sa’diy. U bejiz bu asarni tanlamadi tarjima uchun. Unda o’zini ko’rdi, unda o’zini topdi, unda yashadi…
…bir umr rost gapirdi. Yolg’onni tan olmadi, yolg’on gapirolmadi. Qorani oq deyolmadi. Shuning uchun qora kunlari ko’p bo’ldi. Ko’p dargohga sig’madi. Ko’tarilmadi, ko’paymadi. Hammasi tilining, fe’lining chatoqligidan. Ammo adabiyotni deb traktorini tashlab kelgan bu kishimning vijdoni oldida hamisha yuzi oq bo’ldi.
… “Sen menga o’xshama! Menga o’xshab yo’q bo’lib ketma!” Bu tilakning ortida og’riq, iztirob va umid qorishib ketgan. O’zganing orzularini o’ziniki deb bilgan odam bir ota-ona bo’lsa, bir Mahmud Sa’diy bor. O’zining xatolarini boshqada takror ko’rmaslikni istagan bir ota-ona bo’lsa, bir ustoz bor. Boshqani ko’rgiliklardan asragan bir ota-ona bo’lsa, bir bu kishim bor…
Eslayapman-u, ko’zimdan tirqirab yosh chiqib ketyapti. Yaxshilik jazosiz qolmaydi, deb ko’-o’p aytasiz. Mana, domlajon, menga qilgan yaxshiliklaringizning jazosini tortavering. Siz istagan “daho” bo’lolmadim, ishonchingizni oqlolmadim, umidingizni yana necha shogirdlaringiz qatori so’ndirdim-qo’ydim.
Domla o’sha kungi so’zlarimdan yaxshigina ranjigan ekan. Anchagacha qo’ng’iroq qilmadi, yo’qlamadi. Domlaning boshqa shogirdlari “Domla sizni so’radilar” deb aytib turishdi. Men o’zimni kechirolmay yurgan bir pallada, Mahmud Sa’diydek inson nevarasi tengi qizning taqdiri, qalami bilan tinimsiz boxabar bo’lib turishi battar vijdon azobiga solmaydimi!
Domla, mehringiz, jonkuyarligingiz va rostgo’yligingiz qarshisida ta’zimdaman! Haqiqat va fidoyilik tushunchalari bitib ketmay, keyingi avlodga sizdan meros qoldi! Domla, sizdan “daho”lar qolmasa, shogirdlaringiz yetarli. Sizdan kitob qolmasa, maktab qoldi!
Жуда таъсирли ёзилипти…