Xudoga maktublar

0
121

HILOLA JO’RAQULOVA

Koʻkka bulut chiqsa ikkita odam gunohkor boʻlar ekan. Biri – yomgʻir yogʻadi degan, ikkinchisi – yomgʻir yogʻmaydi degan. Xudo biladi, degan odam haq boʻlar ekan. Buni ammamdan bir necha marta eshitganman.

Esimda, bola paytim katta otam kichkina mato (joynamoz) toʻshab, namoz oʻqirdi. Azon chaqirishlari ham esimda – Allohu akbar! Katta enam esa har kun uxlashdan avval aytib yotadigan kalimasini bizga ham yodlatgan.  Albatta, bular nima uchun kerakligini soʻraganmiz. Va sen haqingdagi ilk tasavvurlar oʻsha paytlardan boshlangan.

Oʻsha paytlar bilib-bilmay biror yomonroq ish qilib qoʻysam, osmonga qarashdan qoʻrqar edim. Chunki Xudo tepada kuzatib turibdi, degan gaplar-u, tepamda xudo bor, degan qasamlarni bir-ikki marta eshitgandim. Bola tasavvurimdan Xudo hamma vaqt, hamma yerda tepadan turib bizni kuzatadi, degan tushunchani chiqarib tashlolmas, shuning uchun kiyinayotgan paytim uyalar, yolgʻiz qolgan paytim qoʻrqar edim. Chunki doim meni taqib qilib yurganday tuyilar eding.

Oʻsha paytlar eshitganlarimga koʻra sen hammadan buyuk, qudratli va yaratuvchi eding. Sen haqingda bu kabi gaplarni eshitar ekanman, odamlar nega Xudoga sen deb murojaat qiladi, degan savol sira tinchlik bermay qoʻydi. Keyinchalik ma’lum muddat seni sizlashga oʻtdim. Har qalay bitta-yarimta gunohim kamayadi, deb oʻylagandirman-da. Axir sen men uchun buyuk qoʻrquv timsoli ham eding. Qoʻrquv esa, sen berajak jazolarni oʻylaganda kuchayib ketardi. Keyin yana qanday qilib senlashga oʻtib olganimni eslolmayman.

Hayotimda “Parvoz” (tuman gazetasi huzuridagi) toʻgaragining paydo boʻlgani eng yaxshi voqealardan biri boʻlsa kerak. U yerda yaxshi jurnalist, yaxshi ustoz va yaxshi akalar ishlar edi. Bir kuni Orif aka “Alkimyogar”ni oʻqishni tavsiya qildi. Bilasanmi… Uzr, bilasan… shu kitobni oʻqigach sen haqda tasavvurlarim umuman oʻzgardi. Endi sendan qoʻrqish emas, nimalardir soʻrash, soʻraganda ham chin dildan soʻrash kerakligini bilardim. Asarda Nyutonning butun olam tortishish qonuni sal boshqacharoq qilib tushuntirilganday tuyilgan. Lekin unda butun olam ruhi – Alloh ruhidir deyilgan edi. Tasavvurlarimni oʻzgartirgan ham ayni mana shu gap.

Oradan vaqtlar oʻtib chin dildan xohlagan narsalarim ham amalga oshmagan kunlar boʻldi.  Bu orada “Soʻna”ni oʻqidim. Bildimki, odam oʻziga muqaddas boʻlgan narsalarni ham barbod qilishi, xudoga ishonmasligi mumkin ekan. Axir asar qahramoni sanamni sindirib tashlaydi. Asardagi bu parchani oʻqish davomida ichimdan nimalar oʻtgani faqat oʻzimga va senga ayon. Doim xudoni katta harflar bilan yozgan boʻlsam, endi kichik harflarda yoza boshlagandim. Ammo shunday boʻlsa ham hech narsa oʻzgarmagan edi.

Olti yilcha avval tushimda she’r yozganimni koʻrgan edim. Shu she’rdan faqat bir qatorini eslab qololganman — kiprigida elanar navhalar. Umuman eshitmagan, oʻqimagan soʻzim qanday tushimga kirishi mumkinligini oʻylab uygʻondim. Uygʻonganim hamon “navha” degan soʻzning ma’nosini soʻrab mumtoz adabiyotni yaxshi tushunadigan Alisher Sabriyga xabar yozdim. Chunki uning Navoiygacha tishi oʻtadi. Sal oʻtmay javob keldi – bunaqa soʻz yoʻq. Qiziq, hech qanday ma’no anglatmasa, mavjud boʻlmasa tushimda nima qiladi bu soʻz. Oradan bir soatlar oʻtgach Alisher akadan yana xabar keldi. U uyqusirab oʻqigani uchun xabarni boshqacha oʻqiganini, bu soʻzning ma’nosi koʻz yosh, yigʻi ekanligini yozgan edi. Shu kun bir opam bilan koʻrishganda tushim haqida aytib berdim. U Ichimizda xudo bor, Hiloljon, dedi.  Indamadim. Lekin ichimda «Anal Haq» deb qoʻydim. Chunki “Anal Haq” men uchun ichimda haq bor, degan ma’noni anglatadi.

Bir kun qishloqqa borib ammamning qiziga bir mulla roʻmol oʻrab yurish haqida gapirganini eshitdim. Koʻp oʻtmay bir yangamga ham qoʻshni qishlogʻimizdagi qarindoshi shu mazmunda gapirganmish. Vaqti kelganda bular haqida Biroz asabiylashib ammamga aytib berdim. “Mullaning qoʻlida tatiurovkadi bor deyishadi, tatiurovka bilan qilgan tahorati oʻtarmikan? Anavinisini-ku xotinini olib qochib ketyotganda boshqalarga oʻrgatyotgan aqli qayerda boʻlgan ekan”, deb gapimga qoʻshimcha qildim. Ammam ularning tavbasidan bexabar bunday dema, xudo bilan ularning oʻrtasida nima borligini bilmaysan-ku, dedi. Jim boʻldim.

Bu haqiqatan jim qiladigan javob edi. Shunday boʻlsa ham ichimda “unday boʻlsa ular ham xudo bilan bandalarining orasiga tushmasin” dedim.

Roʻza kunlari edi. Ijtimoiy tarmoqlarda Xonzodabegim Jamolovaning olamdan oʻtgani haqida xabarlar tarqaldi. Tanish-bilishlardan surishtirdim – qon bosimi tushib ketgan ekan. Ichimdan kuchli bir narsa toshib kela boshladi. Bu – savol, achinish, yigʻi… hamma narsa edi. Deyarli oʻzim tengi boʻlgan qizning oʻlimi qattiq ta’sir qildi. Bir haftacha oʻzimga kelolmadim. Va shu bir hafta Xonzodaning

“Xudo dedim, yarashamizmi,

Bismillohir rahmoni rahim”,

degan misrasini takrorlab yurdim. Oʻshanda chindan ham senga yaqinroq boʻlgim kelgandi.

Bora-bora mendagi ma’lumotlar rang-baranglashib, kengayib bordi. Shu bilan birga hayotimda ateist, deist va shunga oʻxshash odamlar paydo boʻldi. Va koʻpchilik suhbatlarda gapni asosan din va xudoga olib borardim.

Universitetda birinchi kursda oʻqib yurgan paytlarim uchinchi kurslar bilan darsga kirdim. Chunki bu darsni va bu oʻqituvchini xonadoshim tilidan tushirmay maqtardi. Fanning nomi axborot urushiga aloqador edi. Hozir nomini aniq eslolmayman. Xullas, darsda oʻqituvchi diniy mavzularda gapirib oʻtirar ekan. Men darsga kirgan paytimda ham shunday boʻldi. Bu safar u taqdir va duo bilan taqdirni oʻzgartirish mumkinligini aytib berdi. Keyin oʻqituvchiga savollar bera boshladim. Lavhul mahfuzda hamma narsa yozib qoʻyilgan boʻlsa, biz yerga kelib nima qilib yurganimiz, duo bilan taqdirni oʻzgartirib boʻlsa, Lavhul mahfuz nimaga kerakligi, kofirning ham taqdirini xudo bitib qoʻygan boʻlsa nega biz unga kofir deb qarashimiz kerakligi va shunga oʻxshash gaplardan iborat edi savollarim. Oʻqituvchi bu savollarga hamin qadar javob berdi. Hamin qadarligi shundaki, ichimdagi hovur bosilmadi, isyon tinmadi. Aslida bu dars va oʻqituvchidan koʻp narsa kutib kirmaganim haqida oʻylab, oʻzimni tinchlantirdim. Keyin oʻqituvchining mavzusi birovning haqqiga xiyonat qilmaslikka burilib ketdi. Ichimda umuman boshqa fandan darsga kirib, boshqa narsalar haqida gapirib oʻtirish ham birovning haqqiga xiyonat-ku, derdim. Chunki shu voqeadan bir-ikki oy avval bir oʻqituvchi hatto svetoforning qizil chirogʻidan oʻtib ketish ham birovning haqqiga xiyonat, degan gapni aytgan edi.

Oʻtgan yili vikipediadagi foydalanuvchi sahifamga kimdir ateist deb yozib ketibdi. Shu odamning kimligiga juda qiziqdim. Kimligini bilsam, koʻrishib ham olaman deb oʻyladim oʻzimcha. Axir, mening e’tiqodim haqida mendan yaxshiroq biladigan odam bilan gaplashib, oʻzimni qiynaydigan savollarga javob topishim kerak. Unga Xudosizning ham, dindorning ham, kofirning ham yaratuvchisi bitta ekanligini ham aytmoqchi edim.

Osmonni bulut qoplabdi, xudo biladi hademay yomgʻir yogʻsa kerak.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting