Erix FROMM
Sevgi, haqiqatdan ham, san’atmi? Basharti san’at bo‘lsa, mehnat va bilim talab qiladi. Balki bu faqat muayyan holatda mast qiluvchi, omad kulib boqsagina nasib etadigan mastona holatdir? Bu kitobda dastlabki taxminga tayanib, fikr yuritamiz, holbuki aksariyat, shubhasiz, keyingi talqinga qo‘shiladi.
Ular muhabbatga yengil-yelpi qaraganliklari uchungina shunday xulosaga kelmagan. Aksincha, ular muhabbatga tashna, baxtli va baxtsiz sevgi to‘g‘risidagi ko‘plab filmlarni tomosha qiladilar va sevgini vasf etuvchi yuzlab siyqa qo‘shiqlarni tinglaydilar – biroq muhabbat bobida ishq dardiga qo‘shimcha yana nimalarnidir o‘qib-o‘rganish zarurligini hatto o‘ylab ko‘rgani ham dargumon. Bunday yondoshuv negizini, odatda, uni qo‘llab-quvvatlovchi bir yoki bir necha aqidalar tashkil etadi. Aksariyat uchun muhabbat muammosi – eng avvalo, qanday qilib bo‘lsa ham o‘zgalarning mehr-muhabbatini qozonishdan iborat, holbuki o‘zim qanday sevishim zarur deya bosh qotirishlari joiz, xullas hech kim kimgadir mehr-muhabbat qo‘yish borasida jiddiy mulohaza yuritmaydi. Shunday qilib, ular sevimli bo‘lish uchun nima qilish kerakligi borasida qayg‘uradilar. Bu maqsadga turli yo‘llar bilan intiladilar. Asosan erkaklarga xos bu usullardan biri – hayotda imkon boricha ko‘proq natijalarni qo‘lga kiritish, ijtimoiy maqom imkon bergan darajada yuqoriroq mansabga erishish va mol-mulk jamg‘arishdan iborat. Ayollar afzal biladigan usul esa jozibador bo‘lishga intilish, o‘ziga oro berish, so‘nggi rusumga binoan kiyinish kabilarni o‘z ichiga oladi. Jozibadorlikning boshqa usullari ham bor – ulardan erkaklar ham, ayollar ham foydalanadi: ibratli xulq-atvorni shakllantirish, xushmuomala-ibratli fe’l-atvor, xushmuomalalik, ko‘ngilchanlik, kamtarlik va andishali nazlokatlilik. Kimningdir mehrini qozonish bilan bog‘liq ko‘plab usullar – ayni paytda yutuqlarni qo‘lga kiritish, do‘stlar e’tiboriga sazovor bo‘lish va obro‘-e’tibor qozonishda ham qo‘l keladi. Mehr qozonishni aksariyat zamondoshlarimiz dilovarlik va jinsiy jozibadorlikning (sex-appeal) allaqanday uyg‘unligi deb biladilar.
Muhabbat borasida biron o‘zgarishning hojati yo‘q degan ikkinchi aqida – bu muhabbat muammosi qobiliyatga daxli yo‘q ma’shuq-ma’shuqa muammosi degan faraz hisoblanadi. Sevish oson, biroq muhabbatga munosib yoxud sevimli bo‘lish uchun arziydigan siymoni topish muammo, degan xomxayol pand beradi. bunday aqidaning negizi jamiyat rivojlanishiga borib taqaladi. Avvalo XX asrda “muhabbatga munosib” siymoni topishga munosabat keskin o‘zgardiviktorian davrida, muayyan tamoyillarga sodiq boshqa qator tamaddunlarda bo‘lganidek, kechinalik nikohga olib keladigan muhabbat bevosita shaxsiy kechingma bo‘lmagan. Aksincha, qiz-yigitlar bitishuv asosidla nikohlangan – yoki biron bir nufuzli oilalar yoxud sovchi vositachiligida yohud vositachilarsiz nikohlangan. Yigit-qizlar ijtimoiy nuqtai nazardan kelib chiqqan holda nikohdlan o‘tishgan. Muhabbat esa nikohdan keyin tug‘ilib, kuchayib boraveradi, de gan qida hukmronlik qilgan. Biroq Gʻarbda so‘nggi bir necha avlod hayoti mobaynida romantik muhabbat deyarli uzil-kesil tanatan qildi. qo‘shma Shtatlarda garchi nikoh shartnoma asosida tuziladi degan tasavvur qaysidir ma’noda saqlanib kelayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda aksariyat romanttik muhabbatga – keyinchalik oila qurishga olib keladigan shaxsiy kechinmaolarga tashna. Muhabbat bobida ayni shunday erkin yondoshuv tufayli, ehtimol, vazifa ahamiyatiga zid ravishda obyekt-siymoning ahamiyati ortdi.
Ayni shu omil bilan zamonamizga xos yana bir xususiyat chambarchas bog‘liq. Turmush tarzimiz tamomila imkon boricha ko‘proq mol-mulk xarid qilish, o‘zaro foydali ayirboshlash g‘oyasiga tayanadi. Zamondoshlarimiz do‘konlarning peshtaxtalarini yeb qo‘yguday ko‘zdan kechirish va hamyoni ko‘taradigan barcha lash-lushlarni naqd pulga yoki qarzga xarid qilishni baxt-saodat biladilar. Erkaklar (ayollar ham) odamlarga ham shunday nuqtai nazar bilan qaraydilar. Erkak uchun jozibador juvon yoki juvonning ko‘ziga olovday ko‘ringan yigitning – biron-bir ashyodan farqi yo‘q, har ikki holatda ham ular ayni ashyoga egalik qilishni xohlaydi. “Jozibador” atamasi odatda shaxslar bozorida xaridorgir ibratli fazilatlarning antiqa guldastasini ifodalaydi. Insonni ham jismonan, ham ruhan nima jozibador qilishi esa moda, ya’ni mavjud mezonlarga bog‘liq. 20-yillarda ichadigan va chekadigan, jismonan baquvvat va serhayajon qiz-juvonlar jozibador sanalgan. Hozir oilaparvar va kamtar juvonlarga talab katta. XIX asr oxirlarida va XX asr boshlarida erkaklar o‘ta qat’iyatli va izzattalab bo‘lishi ma’qul ko‘rilardi; hozir esa zaifalarni “ilintirish” uchun xushmuomala va sabr-toqatli bo‘lish zarur. Mahliyolik, ya’ni kimgadir mehr baxsh etish «hamyonimizga» mos, o‘zimizni ayirbosh qila oladigan kimsaga mahliyo bo‘lsakkina, mantiqiy ish tutgan bo‘lamiz. Men bitim tuzmoqchiman; mo‘ljalim – diqqat-e’tiborimni jalb qilgan “nomzod” ijtimoiy qadr-qimmati jihatidan munosib bo‘lishi va ayni paytda oshkora va pinhon xususiyatlarimni hisobga olgan holda menga moyil bo‘lishi darkor. Binobarin, “nomzod”lar bozoridan ayirbosh qilinayotgan shaxsiy qadr-qimmati nuqtai nazaridan eng munosibini topdim, degan xulosaga har ikki tomon kelsagina, bir-birlariga muqabbat qo‘yadilar. Chinakam oldi-sotdida bo‘lganidek, aksariyat nikoh bitimi tuzilishida keyinchalik yuzaga chiqadigan pinhoniy imkoniyatlar va fazilatlar jiddiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Toki bozor munosabatlariga yo‘nalgan ijtimoiy muhitda moddiy ustunlik hal qiluvchi o‘rin tutar ekan, muhabbat munosabatlarida ham ayni tovarlar bozorida va ishchi kuchi bozorida hukmronlik qilayotgan ayirboshlash tamoyillariga amal qilinishiga ajablanishning hojati yo‘q.
Muhabbat bobida biron bir hikmatni o‘rganishning hojati yo‘q, degan farazga olib keluvchi uchinchi noto‘g‘ri aqida, — bu “sevib qolish” iborasi bilan ifodalanadigan qisqa muddatli “boshlang‘ich” kechinmalar bilan “sevish” (Izoh: 1. Asliyatda so‘z o‘yini: “falling in love” – “sevish, mahliyo bo‘lish”, “to‘g‘ridan-to‘g‘ri sevgi dardiga mubtalo bo‘lish”, va being in love? Or as we minght better say… “standing in love” – muhabbatni boshdan kechirish, yoki yana ham to‘g‘rirog‘i muhabbat tufayli “sehrlanganday mahliyo bo‘lish” ma’nolarini bildiradi) so‘zi bilan ifodalanadigan uzluksiz holatni chalkashtirishdir. Bir-biriga begona yigit va qiz – hammamiz singari – daf’atan begonalik tuyg‘usini bartaraf etib, bundan buyon ham jismonan, ham qalban kishilar ekanini his etgan holda bir tanu bir jonga aylanganiga imon keltirsalar – bu hayotda eng hayajonli, unutilmas lahzalar bo‘lib qoladi. Bu ayniqsa yakka-yolg‘iz, mehru muhabbatdan mosuvo kun kechirgan kishilarni ayniqsa hayratlantirib, hayajonga soladi. Jinsiy mayl va jismoniy yaqinlik natijasidagi yoki ayni arafada ro‘y bergan shunday holatlar tufayli bunday favqulodda o‘zaro yaqinlik jazavasi aksariyat ancha bosiladi. Biroq bunday muhabbat o‘zaro xususiyatiga binoan omonat. Ikavlon bir-birini tobora yaqindan bilgani sayin o‘zaro yaqinlik avvalgi jozibasini asta-sekin yo‘qotib, oxir-oqibat ularning to‘qnashuvi, afsus-nadomati va diqqatpazliklari dastlabki hayratdan qolgan barcha narsani yer bilan yakson qiladi. Biroq dastlabki kezlarda bu ularning hatto xayoliga ham kelmaydi: aslida ko‘r-ko‘rona, basir his-hayajonlar girdobini o‘zaro mehr-muhabbat qudratining isboti, deb hisoblaydilar, aslida esa bular ilgari qanchalik yakka-yolg‘iz bo‘lganining dalolati, xalos.
Bunday yondashuv – ya’ni sevishdan osoni yo‘q degan taxmin, – juda keng tarqalgan muhabbat talqini bo‘lib, holbuki buning tamomila teskarisi ayni haqiqatdir. Shu qadar yorqin orzu-umidlar bilan kirishiladigan va ayni paytda shu darajada shiddat bilan barbod bo‘ladigan boshqa biron bir faoliyat, a’mol borligi dargumon. Basharti boshqa biron bir faoliyat turi haqida gap ketguday bo‘lsa, odam omadsizlik sabablarini jon-jahdi bilan aniqlashga va ularga chap berishga zo‘r bergan, yohud eng osoni, bunday ishni yig‘ishtirib qo‘ya qolgan bo‘lardi. Muhabbat borasida bunday ish tutishning imkoni yo‘qligi uchun, omadsizlikka yo‘ymaslikning yolg‘iz mos usuli mavjud – uning sabablarini sinchiklab tekshirish va muhabbat mohiyatini o‘rganishdir.
Bu yo‘nalishdagi dastlabki qadam – hayot san’at bo‘lgani singari muhabbat ham san’at ekanini har kim o‘zi uchun oydinlashtirib olishi zarur; basharti muhabbat ilmini o‘rganish-o‘zlashtirishni istasak, boshqa istalgan san’at turi – deylik, musiqa, tasviriy san’at, duradgorlik, tibbiyot yoki muhandislik san’ati bilan shug‘ullanish uchun nimaiki talab qilinsa, muhabbat ilmini o‘zlashtirish borasida ham ayni shunday yo‘ldan borish talab etiladi. San’at cho‘qqilarini zabt etishda qanday dovonlardan o‘tiladi?
San’atni egallash jarayonini ikki qism – nazariya va tajribani o‘zlashtirishga ajratish mumkin. Shifokor bo‘lish uchun inson tanasi a’zolarini va turi kasalliklarni o‘rganishim kerak. Bu nazariy bilimlarni egallaganimdan qat’iy nazar tibbiyot bobida mutlaqo vallomatlik da’vo qila olmayman. Men bu san’atni faqat puxta tajriba orttirgach, nazariy bilimlarim va amaliy ko‘nikmalarim uyg‘unlashib, istalgan san’atni egallashning mohiyati hisoblanuvchi botiniy sezgirlikni hosil qilgachgina bu san’atni o‘zlashtiraman. Biroq nazariya va tajribadan tashqari uchinchi omil ham bor: san’atni egallash favqulodda muhim ahamiyat kasb etishi, ayni shu san’atdan muhim hech vaqo bo‘lmasligi kerak. Bu musiqaga ham, tibbiyotga ham, durodgorlikka ham, hatto muhabbatga ham taalluqli. Zamondoshlarimiz muhabbat borasida oshkora omadsizlikka duch kelishiga qaramasdan ayni san’at sirlarini kamdan-kam o‘rganishga jazm qilishlari bilan bog‘liq savolga javob ayni mana shunday bo‘lishi ehtimoldan holi emas: ishq-muhabbatga ich-ichimizda qanchalar tashna bo‘lmaylik, muvaffaqiyat, obro‘-e’tibor, sarmoya, amal-mansab – deyarli butun kuch-g‘ayratimizni shu maqsadlarni qo‘lga kiritish yo‘llarini o‘rganishga safarbar etamiz, oxir-oqibat muhabbat san’atini egallash uchun holimiz qolmaydi.
Mo‘may daromad yoki obro‘-e’tibor keltiradigan bilimlarnigina moʻtabar bilib, “faqat” qalbimizga surur baxsh etib, zamonaviy nuqtai nazardan befoyda, bema’ni muhabbatni qanday qilib astoydil sa’y-harakat talab etmaydigan ermak hisoblash mumkin? Afsuski, biz shunday holat guvohimiz, va men bundan buyon ham yuqorida eslatilgan tavofutga amal qilaman: dastlab muhabbat nazariyasi – ta’limoti bayon etiladi, bu kitobning aksariyat qismini tashkil etadi, so‘ng muhabbat ko‘nikma-tajribasiga qisqa to‘xtalamiz, qisqa to‘xtalishimizning boisi, har qanday tajriba xususida muxtasar fikr-mulohazaning o‘zi kifoya.
Abduhamid PARDAYEV tarjimasi