VASLAV GAVEL
“Kuchsizlar kuchi” essesi sobiq SSSR kommunistik tuzumining mohiyatini, rejim hayoti va uning mafkuraviy maqsadlarini amalga oshirishda qaysi usul va uslublardan foydalanishini ochib beradi. Shuningdek asarda, g‘ayriinsoniy tuzumlarda o‘zlikni saqlab qolib haqiqiy hayot asosida yashash shartlarini, shuningdek, posttotalitar tuzumlarda siyosiy manqurtga aylanmaslik ko‘nikmalarini ta’sirli misollar bilan yoritadi.
Siyosiy esse kommunistik mafkura asoratlaridan xalos bo‘lishda “siyosiy dekompressiya” qoidalariga rioya qilish, hamda postsovet davlatlarining demokratik taraqqiyot yo‘liga tushib olishida muhim manba bo‘lib hisoblanadi.
4
Posttotalitarizm va hayotiy intensiyalar (niyatlar) o‘rtasida jarlik bor: hayot – ko‘p jihatdan plyuralizm va o‘zligiga intilayotgan bir vaqtda, posttotalitar tizim esa aksincha, monolitlik va total intizomga intiladi; hayot – tobora ko‘proq va ko‘proq “aql bovar qilmaydigan” tuzilmalarni yaratishga intilayotgan bir paytda, posttotalitar tuzum esa unga “aqlbovar qiladigan voqelikni” singdirishga harakat qiladi. Posttotalitar tizimning o‘zgarmas (qaysar) mohiyati: uning “o‘ziga o‘zi” oriyentatsiya qilishida hamda iloji boricha, “o‘zligini” ko‘proq saqlab qolish orqali ta’sir doirasini kengaytirishida namoyon bo‘ladi.
Bu tuzum insonga xizmat qiladimi o‘zi? Ha, faqat inson tuzumga qancha xizmat qilsa – shuncha, zarracha ham ortiq emas; tuzum o‘zi belgilagan “qoidalar”dan har qanday og‘ishni o‘ziga suiqasd sifatida qabul qiladi, chunki u mazkur ko‘rinishdagi har qanday transsendensiyani prisipial darajada rad etadi.Shuni ta’kidlash mumkinki, posttotalitar tuzumning ichki maqsadi, ilk qarashda ko‘ringanidek, faqat hukmron elita qo‘lida iqtidorni saqlab qolish emas, balki – bu o‘zini asrash instinkti, ijtimoiy fenomen hamdir. Yoxud o‘zini ko‘rlarcha harakatlantiruvchi noaniq “yuksak” narsaga bo‘ysunishdir.
Inson – hattoki davlat iyerarxiyasida biror-bir mansabni egallagan bo‘lsa-da, bu tizim uchun hech narsani anglatmaydi; mansabdorlar “o‘zboshqarish”ni amalga oshirish va unga xizmat qilishga chaqirilgan xizmatkorlardir, xolos; shuning uchun insonning iqtidorga intilishlari “o‘zboshqarish” bilan ziddiyatgacha davom etishi mumkin.
Mafkura tizim va odam o‘rtasidagi “alibistik” ko‘prik sifatida ular orasidagi bo‘shliqni yopadi; mafkura tizim da’volarini hayotiy ehtiyoj sifatida ko‘rsatadi: bu haqiqat ko‘rinishidagi “xayolot” dunyosidir. Inson posttotalitar tuzumning qoidalarini deyarli har qadamda sezadi. U oldin mafkuraviy qo‘lqoplarini yoki niqoblarini kiyadi va undan keyingina munosabatlarga kirishadi.
Shuning uchun ham tizimdagi hayot ikkiyuzlamachilik va yolg‘on bilan qorishib ketgan bo‘lib, bunda byurokratik hokimiyat – xalq hokimiyati deyiladi; ishchilar sinfi nomi bilan – ishchilar qul qilinadi; insonni total tahqirlash – inson erkinligi deb qaraladi; axborot izolyasisi uning ochiqligi deb ataladi; jamoat nazorati tashkilotlarining hukumat tomonidan manipulyasiya qilinishi va hukumat o‘zboshimchaligi – qonun ustuvorligiga sifatida, madaniyatni yo‘q qilish – uning rivojlanishi sifatida; imperiya ta’sir doirasining kengayishi – jabrdiydalarga g‘amxo‘rlik sifatida; so‘z erkinligi cheklanishi – erkinlikning yuksak ko‘rinishi sifatida; saylov soxtakorligi – demokratiyaning eng oliy shakli sifatida; tafakkur qulligi – ilg‘or ilmiy dunyoqarash sifatida; okkupatsiya – birodarlik yordami sifatida taqdim etiladi.
Hokimiyat o‘z yolg‘onlari asiri bo‘lganligi uchun soxtakorlikka ehtiyoj sezadi. O‘tmishni, bugunni, kelajakni va statistikani qalbakilashtiradi. U o‘zini, qudratli va zo‘ravon polisiya apparati mavjud emasday tutadi. Inson huquqlariga rioya qilayotganini surbetlarcha ta’kidlaydi. Munofiqlikni munofiqlik ortiga yashiradi.
Shunday bo‘lsa-da, inson bu mistifikatsiyaga ishonishi shart emas. Biroq u o‘zini mazkur yolg‘onlarga ishonganidek tutishi kerak; hech bo‘lmaganda jimgina tolerantlikni saqlashi yoki yolg‘onchilar bilan uyg‘unlikni yo‘qotmasligi lozim. Yuqorida keltirilgan sabablarga ko‘ra, inson yolg‘on bilan yashashga majbur bo‘ladi, lekin u yolg‘onni qabul qilishi kerak emas. U yolg‘onga qorishib ketgan va aldovdan iborat hayotni qabul qilgani kifoya qiladi. Bu bilan inson, avtomatik va g‘ayriixtiyoriy ravishda tizimni tasdiqlaydi, uning istaklarini amalga oshiradi, o‘ziga singdiradi va tizimning tarkibiy qismiga aylanadi.
Hamid Sodiq tarjimasi
		
		








