ERIX FROMM
Birovlar odamni qo‘yga mengzaydi, ayrimlar uni yirtqich bo‘riga o‘xshatadi. Har ikki tomon ham o‘z qarashini tasdiqlaydigan dalillarni keltirishi mumkin. Odamlarni qo‘yga o‘xshatganlar, ularning hatto o‘z zarariga bo‘lsa-da, o‘zgalar buyrug‘ini bo‘yin tovlamay bajarishini ta’kidlashadi. Odamlar yo‘lboshchilari ortidan vayronkorlikdan boshqa hech vaqo keltirmaydigan jangu jadallarga ham qayta-qayta bosh qo‘shishadi, ulamoyu qirollarning oshkora tazyiqidan tortib, maxfiy va nomaxfiy tilyog‘lamachilarning fisqu fasodlariga, obro‘si haminqadar kimsalarning qat’iyroq qilib aytgan har qanday bema’ni da’vatiga ishonaveradi. Ko‘pchilik xuddi anoyi go‘daklardek turli uqtirishlarga chippa-chin ishonib, tahdid yoki nayrang bilan ularni o‘z nag‘masiga o‘ynatmoqchi bo‘lganlarga ergashishga tayyordek tuyuladi. Olomon ta’siriga beparvo, o‘z maslagiga sodiqlar esa kam uchraydi. Bundaylarga, odatda, kelgusi avlod tahsin o‘qisa-da, zamondoshlari ularni kalaka qiladi.
Buyuk inkvizitorlar va diktatorlar o‘z hokimiyati tizimini odamlar – bu qo‘ylar to‘dasi, degan maslakka asoslanib qurgan. Aynan shu: odamlar – bu qo‘ylar to‘dasi, shu boisdan ham ular yo‘lboshchiga muhtoj, degan aqida hukmdorlarga har qanday axloqiy, hatto fojiali vazifalarni ham o‘z bilganlaricha hal etishga, boshqalardan mas’uliyat va erkinlik huquqini tortib olishga izn bergan.
Biroq modomiki ko‘pchilik – qo‘y bo‘lsa, u holda nega ular bunga tamoman zid tarzda yashaydi? Odamzod tarixi qon bilan bitilgan. Bu – uzluksiz zulmu zo‘ravonlik tarixi, chunki odamlar o‘zi kabilarni mudom kuch bilan o‘zlariga bo‘ysundirib kelgan. Tal’at poshsho ko‘plab armanlarni o‘zi o‘ldirganmi? Gitler millionlab yahudiylarni bir o‘zi mahv etganmi? Stalin minglab siyosiy muxoliflarini shaxsan o‘zi yo‘q qilgan deysizmi? Yo‘q. Ular yolg‘iz emasdi, ularning ixtiyorida mahkumlarni qiynoqqa solgan, qatl qilgan minglab kimsalar bor ediki, bu kimsalar o‘z qilmishlarini shunchaki xohlaganlari uchungina emas, balki huzurlanib amalga oshirganlar. Aslida odamning g‘ayriinsoniy qilmishlariga har qadamda duch kelamiz: urushlarda tirqirab oqqan qonga, qotilligu vahshiylikka, kuchlining ojizni qul qilishiga. Qiynoq iskanjasidagi bechoralarning ohu fig‘oni toshyurak befarqlarga zig‘ircha ta’sir etmagan hollar kammi? Mutafakkir Gobbs shulardan kelib chiqib xulosa qilgan: homo homini lupus est, ya’ni odam odamga – bo‘ri. Endilikda ko‘pchiligimiz odam tabiatan vayronkor, yovuz mavjudot, o‘zidan kuchliroq zo‘ravongina uni g‘ayri amallardan tiyib turishi mumkin, degan xulosaga kelganmiz.

Lekin baribir odam aslida kim, degan masalada har ikki tomonning keltiradigan dalillari to‘la-to‘kis ishonchli emas. Shafqatsizlikda Stalin va Gitlerga teng keladigan pinhona yoki oshkora zolimga yo‘liqishimiz ehtimoli aslida juda kam. Shunday ekan, nega biz o‘zimizni ham, yon-atrofimizdagilarni ham qo‘y terisiga bekingan qashqirlarga o‘xshatamiz; bizning “asl fe’l-atvorimiz” bizni vahshiy hayvondan ajratib turgan cheklovu ta’qiqlarni unutgandagina yuzaga chiqadi, deb o‘ylash to‘g‘rimi? Bunday fikrga, bunday qarashga ishonish mushkul. Kundalik hayotda, jazoyu ta’qiqlarga qaramay, shafqatsizlik va zo‘ravonlik qilishga imkon bor. Lekin ko‘pchilik bunga qo‘l urmaydi, zo‘ravonlikka guvoh bo‘lganda nafratlanadi hatto.
Odam aslida kim, degan g‘aroyib jumboqning boshqacha yechimi ham bordir ehtimol. Balki gap kamsonli bo‘rilar ko‘psonli qo‘ylar bilan yonma-yon yashashidadir? Qashqirlar o‘ldirishni xohlasa, qo‘ylar buyruqqa bo‘ysunishni istaydi. Yirtqich bo‘ri o‘txo‘r qo‘yni o‘ldirishga chog‘lansa, o‘txo‘r qo‘y zavqlanganidan emas, balki bo‘ysunishga moyilligidan uning yo‘rig‘iga yuradi. Qolaversa, qo‘ylarni bo‘rilarday harakat qilishga undash uchun qotillar o‘z qilmishlari to‘g‘ri ekaniga, xavf ostida qolgan ozodlikni himoyalash kerakligiga, burdalangan go‘daklar, zo‘rlangan ayollar, toptalgan or-nomus uchun o‘ch olish zarurligiga ularni ishontirishi lozim bo‘ladi. Lekin qanchalik ishonarli tuyulmasin, bu ham uzil-kesil yechim emas. Masalaga bunday yondashilsa, odamzod ikki irqqa – bo‘rilar va qo‘ylarga ajralib qolmaydimi? Zo‘ravonlik tabiatiga zid ekan, o‘ch olish muqaddas burch sanalarkan nega qo‘ylar qashqirlar irodasiga bunchalik oson bo‘ysunadi? Odamlarni bo‘rilaru qo‘ylarga ajratishning o‘zi aslida noto‘g‘ri bo‘lsa-chi? Ehtimol, shafqatsizlik odamga xos xususiyat esa-da, ko‘pchilik buni sezdirmas? Odam ham bo‘ri, ham qo‘y, yoki aksincha, bo‘ri ham, qo‘y ham emas, degan fikr qanchalik to‘g‘ri?
Butun boshli elatlar o‘zlarining “dushmani”ga qarshi eng mudhish qurolni qo‘llash ehtimoli ustida bosh qotirib, ommaviy qirg‘inda qirilib ketishdan ham hayiqmayotgan bugungi kunda bunday savollarga javob topish juda muhim. Agar kishi tabiatan vayronkorlikka moyil, qonida zo‘ravonlik xuruji bor, degan to‘xtamga kelsak, tobora avj olayotgan jabr-zulmga qarshiligimiz susayishi tayin. Har birimiz ozmi, ko‘pmi bo‘ri ekanmiz, qashqirlar bilan olishishdan naf bormi? Odam bo‘rimi, qo‘ymi, degan savol aslida Gʻarb olamidagi diniy-falsafiy qarashlar bilan bog‘liq eng dolzarb muammolardan birining jo‘nroq ifodasiki, uni odam chindan yovuz-battolmi yoki aslida kamolotga intilgan ezgu niyatli oliyjanob zotmi, deya aniqlashtirish mumkin. Tavrotda kishi o‘z-o‘zicha qusurli deb hisoblanmaydi. Odam Ato va Momo Havoning Xudo amriga itoat etmagani gunoh deb qaralmaydi. Itoatsizlik odamzodni xarob qilgani haqida bu kitobda hech nima deyilmagan. Aksincha, odamning o‘z-o‘zini anglashiga, qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga uning bo‘ysunmasligi zamin yaratgan. Itoatdan bosh tortish oxir-oqibat insonning ozodlik yo‘lidagi ilk qadamiga aylandi. Bo‘yin tovlash ortidayam Tangri inoyati borday tuyuladi hatto. Payg‘ambarlarga ko‘ra, jannatdan quvilgani bois odamzod o‘z taqdirini o‘zi qo‘lga olib, kuch to‘plab, to‘la kamolotga yetgan individ sifatida yon-atrofidagilar va tabiat bilan uyg‘unlikka erishgan. U hali individga aylanmagan paytdagi uyg‘unlik o‘rnini yangi muvozanat egallagan. Payg‘ambarlar o‘z mujdalarida odam avvalboshdan begunoh va ilohiy marhamatsiz ham najot topa oladi, degan fikrga tayangani seziladi.
Bu – ezgulikka layoqatli bo‘lish bilangina barini yengib o‘tish mumkin degani emas, albatta. Yovuzlikka qo‘l urgan kimsaning o‘zi ham tubanlashib boraveradi. Mudom zulm o‘tkazgani bois fir’avn “toshyurak” zolimga aylangan. Diydasi shunchalik qotganki, fursati kelganda barini qayta boshdan boshlab, qilmishiga pushaymon bo‘lishga qurbi yetmagan. Tavrotda yovuzlikka misollar ezgulikka doir ibratli namunalardan kam emas va bunda Dovud podsho singari ulug‘lar obrazi ham chetlab o‘tilmagan. Tavrotga ko‘ra, kishi yaxshilikka ham, yomonlikka ham qodir ekan, ezgulik va yovuzlik, muruvvatu illat, hayot va o‘limdan birini tanlash uning o‘z ixtiyorida. Tangri uning qaroriga ta’sir etmaydi, elchilari payg‘ambarlar vositasida ezgulikni jaholatdan farqlashga, ogohlikka da’vat etadi, xolos. Ammo shu ikkisidan birini tanlash fursati yetganda kishi yaxshilik yoki yomonlikka nisbatan tabiiy ishtiyoqi o‘rtasida qoladiki, buyog‘i endi faqat uning o‘ziga bog‘liq.
Nasroniylikning rivoji boshqacha kechgan. Bu dinning vujudga kelish jarayonida Odam Atoning itoatsizligi uning o‘ziga ham, avlodlariga ham qiron keltiruvchi og‘ir gunoh, degan qarash ildiz otdi. Endi odamzod bu musibatdan o‘z kuchi bilan qutulolmaydi, faqat Xudo inoyatiyu, odamlarni deb jon fido qilgan Masihning qaytishi kishilarni tavqi la’natdan xalos etib, astoidil topinganlarni qutqaradi, deya ishonildi.
Ilk gunoh haqidagi qotib qolgan bu aqidaga din peshvolariyam e’tiroz bildirgan, albatta. Pelagiy uzoq kurashib ham uni o‘zgartirolmadi. Uyg‘onish davri gumanistlari bid’atchilardek bu dogmaga ochiq-oydin qarshi chiqmasalar-da, jillaqursa cherkovda uni yumshatib moʻtadillashtirishga urindi. Kishilardagi tug‘ma razillikka chinakamiga ishonganlardan farqli o‘laroq, Ma’rifat davri peshvolari qarama-qarshi yo‘nalishda jiddiy yurish qilib, odamdagi butun razolat tashqi omillar ta’siri, aslida unda tanlov imkoni yo‘q, degan qarashni ilgari surdi. Yovuzlik kelib chiqqan vaziyat bartaraf etilsa bas, har birimizda avvalboshdan mavjud ezgulik o‘ziga yo‘l ochaveradi, deb ishondi ular. Bu nuqtai nazar Marks va uning izdoshlari maslagiga ham ta’sir qildi. Uyg‘onish davridan beri kuzatilmagan mislsiz iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotdan unib chiqqan yangi dunyoqarash hosilasi edi bu ishonch. Birinchi jahon urushi bilan boshlanib, Gitler, Stalin, Koventri va Xirosima bilan davom etib, oxir-oqibat ommaviy qirg‘inbarotga tayyorgarlikka olib kelgan Gʻarbning ma’naviy tanazzuli esa, aksincha, kishilarning qabohatga o‘chligi yana takrorlanishiga turtki bo‘ldi. Aslida yovuzlikka ishtiyoq odam qonida borligiga to‘g‘ri baho berilmaganiga javob edi bu iqror. Oqibatda odamga ishonchi so‘nmaganlar ham mazax qilinib, ularning qarashlari yanglish tushunilib, goho atay buzib ko‘rsatildi.
Meni botinimizda ildiz otgan yovuzlikka to‘g‘ri baho berolmayapsiz, deya nohaq ayblaganlar bo‘ldi. Ta’kidlab o‘tayki, kamina bu borada yengil-yelpi, yuzaki nekbinlikdan yiroqman. Amaliyotda ancha tajriba to‘plagan men kabi ruhiy tahlil sohasi mutaxassisi odamdagi vayronkor kuchga shunchaki yengil qarolmaydi. Og‘ir kasallarda vayronkorlik asoratlarini payqar ekan, ularni halokatdan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga undash qanchalik mashaqqatli ekanini yaxshi biladi. Birinchi jahon urushidan so‘ng avj olgan yovuzligu qabohat xurujini boshdan kechirganlar ham odamdagi buzg‘unchilik xurujini payqamasligi dargumon. Shunday ekan, hozirda ziyoliga ham, oddiy kishiga ham qutqu solayotgan ojizlik, zaiflik hissi odamzodning har qanaqasigayam gunohkorliguyu nuqsondorligi haqidagi aqidalarni battar avj oldirib, buzg‘unchilik tabiatimizda bor ekan, urushlarni to‘xtatish imkonsiz, degan qarashning keng tarqalishiga olib kelishi mumkin. Qanchalik ishonarli tuyulmasin, bu nuqtai nazar ikkita sababga ko‘ra xato. Birinchidan, vayronkorlik mayillari ortib borishi ularni tiyish, jilovlash imkonsiz degani emas. Ikkinchidan, urushlarga jamiyatdagi ruhiy silsila oqibati deb qarash, ijtimoiy, siyosiy sabablarni chetga surib, barini psixologizmga bog‘lash ham noto‘g‘ri. Hukmdorlar urushlarni yer, qazilma boyliklar, savdo-sotiqda imtiyoziga erishish, mamlakatni ehtimoliy xavf-xatardan himoyalash, o‘zlari dovrug‘ qozonib, dong taratish uchun boshlashadi. O‘sha hukmdorlar ham oddiy odamlardan uncha farq qilmaydi: ular manfaat yo‘lida har ishga tayyor bo‘lishsa-da, qonxo‘r zolimga sira o‘xshamaydi. El qatori yashaganida jaholatga emas, ezgulikka hissa qo‘shish ehtimoli ko‘proq bo‘lgan bunday kishilar hokimiyat jilovini qo‘lga olib, millionlar ustidan hukm yurgizib, eng mudhish qurollardan foydalanish imkoniga erishsa, aql bovar qilmas vayronkorlikni keltirib chiqarishi mumkin. Kundalik hayotda ular shunchaki raqobatchisini kasod qilardi, xolos. Biz yashayotgan qudratli, suveren davlatlar dunyosida esa, bundaylar odamzodga yoppasiga qiron keltirishi hech gapmas. Demak, insoniyat uchun eng jiddiy xatar allaqanday vahshiy gazanda emas, hokimiyat atalmish cheksiz qudratga erishgan oddiygina odam. Ammo minglab kishilar qotillik yo‘lida jonini jabborga berib jangga kirishi uchun ularga norozilik, nafrat, jazavayu vahimani yuqtirish kerak. Qurol bilan birga shu tuyg‘ular ham jang-jadalning hech o‘zgarmas sharti, ammo bu hislar ham, zambaragu bombalar ham o‘z-o‘zicha urushga sabab bo‘lolmaydi. Ko‘pchilik yadro urushi bu ma’noda odatiy urushdan farq qiladi, deb biladi. Birgina tugmani bosib, yuz minglab odamni qirib yuborishga qodir yadro raketalarini yog‘dirgan kishi nayza yo pulemyot bilan qon to‘kkan askarning his etganlarini chindan ham sezmas balki. Ammo o‘sha kimsa buyruqni bajardim, xolos, deya o‘zini ovutgan taqdirdayam ongu shuurining allaqaysi puchmog‘ida vayronkorlik istagi, jillaqursa, hayotga o‘ta befarqligu toshbag‘irlik ildiz otmaganida qo‘li shunga borarmidi?
Men uchta fenomenga e’tibor qaratishni istardim; fikrimcha, kishining har qanday tanloviga ta’sir ko‘rsatadigan eng zararli, xatarli bu fenomenlar: marhumga havas, ashaddiy narsissizm va simbiozli-insestual mayl-ishtiyoq. Bular birgalikda “tanazzul sindromi”ni paydo qiladiki, bu sindrom odamni vayronkorlikka ishtiyoqi bois vayron qilishga, nafratga moyilligi bois nafratlanishga undaydi. Shuningdek, men tiriklikka, insonga, erkka muhabbatdan iborat “yuksalish sindromi”ni ham muhokama qilishni xohlardim. Kamdan-kam odamlarda bu ikki sindromdan biri to‘la rivojlangan bo‘ladi. Biroq shubha yo‘qki, har kim muayyan, o‘zi tanlagan tomonga: tiriklik yoki zavolga, ezgulik yo zalolatga qarab yo‘l soladi.
Rus tilidan Alisher OTABOYEV tarjimasi
Manba: “Vatan” jurnali, 2025/2









