PIKASSO

0
39

KARL GUSTAV YUNG

        E’tiboringizga mashhur ruhshunos olim Karl Gustav Yungning (1875 – 1961) “Pikasso” essesi havola etilayotir. Unda K. G. Yung Pikasso ijodiy faoliyatining dastlabki davri haqida fikr yuritadi. San’atshunosning tanqidiy maqolasidan farq qiladigan bu esseda muallif ijodkorning ruhiy olamiga doir ijod psixologiyasi bilan bog‘liq kuzatishlarini bayon etgan.

Ahmad OTABOY, tarjimon

        O‘zim psixiatr bo‘la turib, Pikasso haqidagi munozaraga aralashayotganim uchun o‘quvchilardan uzr so‘rayman. Qo‘limga qalam olishga taniqli kishilarning da’vati sabab bo‘ldi. Men ulkan san’at sohibi bo‘lgan bu musavvirning ijodi jiddiy fikr yuritishga arzimaydi, degan fikrdan yiroqman, qolaversa, uning adabiyotdagi hamkasbi Joys ijodiga hurmat va e’tibor bilan murojaat qilgan joyim bor (K. G. Yung o‘zining “Uliss” nomli essesini nazarda tutgan – A. O.). Meni chinakamiga qiziqtirgan ushbu muammo juda keng, o‘ta jiddiy va nihoyatda murakkabki, uni bir gazeta maqolasi doirasida, garchi umumiy tarzda bo‘lsa-da, qamrab olish mushkul. Shu bois, Pikassoga munosabat bildirishga kirishishdan burun oldimga masalani shunday qo‘ydim: men musavvirning san’ati haqida emas, balki faqat uning san’ati psixologiyasi to‘g‘risida fikr yuritaman. Estetik problemalar bilan shug‘ullanishni san’atshunoslarga qoldirib, men Pikasso badiiy ijodining asosida yotgan psixologiyani kuzatish bilangina cheklanaman.

Qariyb yigirma yildan beri men inson ruhiy jarayonlarining xilma-xil tarzda ifodalanishi bilan bog‘liq psixologiyani o‘rganib kelaman, shu sababdan Pikasso suratlariga o‘z kasbini puxta egallagan mutaxassis sifatida qaray olaman. Orttirgan tajribalarimdan kelib chiqib, o‘quvchilarni ishontirib ayta olamanki, Pikassoning suratlarida aks etgan psixologik muammolar majmui bemorlarimda men uchratgan muammolarga aynan o‘xshash. Afsuski, buni hozir so‘z bilan isbotlashning imkoni yo‘q, chunki qiyoslanadigan manbalar faqat mutaxassislarga ma’lum. Shu sababdan ham quyidagi mulohazalarim dalillardan xoli, muallaq bo‘lib tuyulishi mumkin va bu masalada men o‘quvchilarimga ularning samimiy, xayrixoh fantaziyalari ko‘mak beradi, deb umid qilaman.

Predmetsiz (narsa, hodisa, mavzu bilan bog‘lanmagan) san’at o‘zining mazmunini asosan “ichki teranlik”dan oladi. Bu “ichki” mazmun ongga muvofiq kelmaydi, chunki ong odatda zarurat tufayli namoyon bo‘ladigan hamma narsaning ma’lum jihatlari aksi, in’ikosini o‘zida saqlaydi. Biroq Pikasso san’atining narsa, hodisa va mavzular bilan bog‘langanligi bu borada rasm bo‘lib qolgan tasavvurlardan keskin farq qiladi, bu farq musavvir san’atining kundalik, oddiy tajribalarga bog‘lanmasligiga hech qanday e’tiroz qoldirmaydi. Buning ustiga, vaqt o‘tishi bilan Pikasso ijodida empiriklikdan (tajribadan, sezgi a’zolari orqali olingan taassurotlar va tabiiy sharoitdagi qo‘zg‘alishlar – A. O.) tobora uzoqlashish, tashqi tajribalarga mos kelmaydigan, biroq ong doirasidan tashqaridagi o‘ta “ichki teranlik”dan kelib chiqayotgan unsurlarning (elementlarning) ko‘payishi yuz berayotir. Harqalay, bu hodisa besh sezgi a’zosini o‘zida jamlab, tashqi olamga yo‘naltirilgan ong doirasidan tashqarida. Ongdan tashqarida mutlaqo Hech Nima emas, balki ongsiz ruh bor, ong uni ortda va ichkaridagi bir nima tarzida his etadi. Suratlarning tashqi olamga muvofiq kelmaydigan unsurlari “ichki teranlik”dan tug‘ilishi tayin.

Garchi bu “ichki teranlik”ni ko‘rib, tasavvur qilib bo‘lmasa-da, baribir u ongga muntazam ta’sir ko‘rsatishga qodirki, men bu omillarning ta’siridan azob chekadigan ruhiy bemorlarimni buni iloji boricha aniq-ravshan qilib (suratlarda) ifodalashga undayman. “Ifodalash usuli”ning maqsadi ongsiz strukturalarni (tuzilmalarni) uqish-idroklashga imkon tug‘dirish va ularni tushunishga urinishdir. Ushbu tadbirning yordamida terapevtik natijaga erishiladi: ongsizlik jarayonlari bilan ong orasidagi xavfli uzilish bartaraf etiladi. Bunday suratlarda aks etgan barcha ruhiy jarayonlar va ong tubidagi pinhona manzara-ko‘rinishlar aksi predmetli yoki “anglangan” tasavvurlarning teskarisi – ramziy; bundan kelib chiqadiki, ular, juda bo‘lmaganda, oldin ma’lum bo‘lgan ma’no-mazmunga ishora qiladi. Shuning uchun alohida bir xususiy holat ifodasini kuzatib, muayyan aniqlikka erishib bo‘lmaydi. Faqat noaniqlik va chalkashlik, ma’nisiz xilma-xillikni his etish mumkin, xolos. Suratda nima tasvirlangani va muallif nima haqda o‘ylagani tushunarsiz. Faqat bunday suratlarning ko‘plab turkumini qiyoslash orqaligina nimanidir fahmlash imkoniyati tug‘iladi. Bemorlar chizgan suratlar, ularda badiiy fantaziyaning yetishmasligi sababli, zamonaviy musavvirning suratlariga qaraganda nisbatan aniqroq va shu boisdan ham tushunarliroq.

Ikki guruh bemorlarni bir-biridan farqlash kerak: bular nevrotiklar va shizofreniklar (ruhiy xastalik turlari – A. O.). Birinchi guruhga mansublar sintetik xarakterdagi (narsalarni, hodisalarni butun holda olib va ularning tarkibiy qismlarini bog‘lab) kuchli va yaxlit tuyg‘uga yo‘g‘rilgan suratlar chizishadi. Garchi bu suratlar mutlaqo mavhum bo‘lib, shu sababdan muallifning sezgi-kechinmalarini aks ettirmasa-da, harholda biri-biriga nihoyatda mutanosib yoki aniq mazmun yuklangan bo‘ladi. Ikkinchi guruh, aksincha, shunday suratlar chizadiki, bu suratlar ularning mualliflariga hissiyot begona ekanini ko‘rsatib turadi. Ular har qanday hollarda yaxlit uyg‘un tuyg‘uni emas, balki, aksincha, qarama-qarshi kechinmalarni yoki ularning umuman yo‘qligini ifodalaydi. Bu suratlarniing badiiy shaklida esa siniq chiziqlarda aks etgan tanazzul, inqiroz kayfiyati ustuvorlik qiladi va o‘z navbatida ijodkorning ruhiy parchalanganini, ya’ni o‘zini boshqa odam deb fahmlashini bildiradi. Suratlar tomoshabinga yoqmaydi yoki aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, tajavvuskor ruhdaligi va beo‘xshov nosamimiyligi bilan unda qo‘rqinchli taassurot qoldiradi. Pikasso ana shu ruhiy (psixologik) tipga mansub.

Bunday farqqa qaramay, har ikkala guruhning chizgan rasmlarida bir umumiy jihati bor, bu – ramziy mazmundir. Har ikkala guruh ham ma’noni ishoralar orqali istifoda etadi, biroq nevrotik tip bu ma’noni qidiradi va o‘zining sezgi-kechinmalarini tomoshabinga yetkazishga urinadi. Shizofrenikda bunday harakat sezilmaydi va aksariyat hollarda u o‘z tuyg‘ularining qurboni bo‘ladi. Bu hol suratlarda shunday aks etadi: go‘yo uni tuyg‘ulari mahv etgan va ezib tashlagan, u, nevrotik juda bo‘lmaganda bir nima chiqarishga uringan elementlarga qorishib ketgan. Shizofrenikka xos ijod haqida aytish lozim bo‘lgan fikrlarni men Joys haqidagi mulohazalarimda gapirib o‘tganman: bunday ijodda tomoshabin uchun qiziqarli hech narsa yo‘q, bor narsalarning hammasi uni qochiradi, bezdiradi, kutilmagan har qanday detal yon berish, chekinish sifatida qabul qilinadi. Xunuklik, kasallik, vahima, mavhumlik nimanidir ifodalash uchun emas, balki, aksincha, hamma narsani yashirish, bekitish uchun xizmat qiladi va bu parda axtaruvchi, izlovchini o‘ziga jalb etadi; bu parda – misoli kimsasiz botqoqni qoplagan sovuq tuman; mazmundan mahrum bu parda tomoshabinga ehtiyoj sezmaydigan tomoshaga, manzaraga o‘xshaydi.

Bir ijodkordan, u nimani ifodalamoqchi bo‘lganini so‘rash kerak, boshqasidan – u nimani ifodalamoqchi bo‘lmaganini. Va ularning har ikkalasida ham yashiringan mazmun bor. Bundayin obrazlar turkumi (chizilgan suratlar yoki yozilgan so‘zlar) odatda Nekyuyya simvolidan, jahannam qa’riga tushish, ongsizlikka chekinish, tiriklik dunyosidan chetlashishdan boshlanadi. Shundan keyin yuz beradigan hodisalar kundalik oddiy shakl va qiyofalarda ifodalanadi, biroq bu ifodalar yashirin ma’no va ramziy xarakterga yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Pikasso zangori tusdagi predmetli suratlardan boshlaydi: oqshomning nofarmonligi, oy yog‘dusi va suv, misr g‘orining ko‘kimtir rangi shundan dalolat beradi. Mana, u jon taslim qilayotir, va uning ruhi otda oxiratga ravona bo‘layotir. Kundalik, oddiy hayot ortidan ilashadi va bolalarini yetaklagan ayol unga aql o‘rgatib murojaat qiladi. Uning uchun kunduz ham, kecha ham – ayol, bu psixologik nuqtai nazardan yorug‘ va qorong‘u ko‘ngilni (anima) anglatadi. Qorong‘ulik bekinib olgan va nofarmon shom quchog‘ida, potologik mayl-ishtiyoqlarni qo‘zg‘ab, uni poylayotr. Bo‘yoqlar uyg‘unligining o‘zgarishi bizni jahannamga doxil etadi. Predmetlilik ajal tasviri orqali yoritilgan, ajal mahorat bilan chizilgan sil va zotiljam fohisha-o‘smir qiyofasida aks etgan. Fohisha motivi oxiratda ijodkor marhumning ruhi sifatida, bir qancha o‘ziga o‘xshaganlar bilan uchrashadigan, jahannam ostonasida paydo bo‘ladi. “Ijodkor” deganda men Pikassoning boshqa, ko‘rgulikka uchragan shaxsini – jahannamda bo‘lishga mahkum, taqdir hukmi bilan oddiy yorug‘ kunda emas, zulmatda makon topgan, hammaga ma’qul go‘zallik va ideallarini emas, balki yovuzlik va yomonlikka tortuvchi iblisona kuchga ergashib, hozirgi zamon kishisini Antixrist va Lyusifer tarafiga og‘diradigan hamda umumjahon inqirozi taassurotini paydo qiladigan odamni nazarda tutaman. Va shuning uchun uning asarlarida kundalik hayotning ravshan dunyosi jahannam bulutlari bilan qoplanadi, tanazzulga yuz tutadi, va oxir-oqibat, zilzila chog‘ida yorilib ketgan yer sathiday, bo‘laklarga, qismlarga, siniq chiziqlarga, fragmentlarga, axlat, mayda-chuyda va o‘lik unsurlarga bo‘linib tushadi. Pikasso va Pikasso asarlari ko‘rgazmasi – bu vaqt hodisasi, bu – suratlarni tomosha qilgan yigirma sakkiz ming odam kabi zamon voqeligidir.

Manba: «Vatan» jurnali, 2026/1

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting