ZUHRIDDIN ISOMIDDINOV
Javzo boshlanib, devoru tosh qiziydigan kunlar kelganda jimir-jimir hovur epkini olislarni tumanga chulg‘ab ko‘rsatadi. Bunday pallalarda odam allanechuk erinchoq bo‘lib qoladi, hammayoq sukutga cho‘madi, hatto baland terak uchlari ham qilt etmaydi, uy shiftiga yopishgan qaldirg‘och inidagi polaponlarning chiyillashidan bo‘lak tovush eshitilmaydi. Bunaqa damlarning gashti bo‘lak. Bilmadim, nima uchundir, shunday kezlari bolaligim yodimga tushadi, bir zamonlar bo‘lib o‘tib, hozir esdan ham chiqib ketgan xotiralar, ayniqsa, o‘smirlik damlarida kechirgan tuyg‘ularim allaqayerlardan yopirilib keladi, ammo afsuski, bir zum, bir lahza, xolos – birpasda o‘tib ketadi. Ammo nima uchundir, o‘sha damlarni, u paytlar menga allanimalarni so‘zlab bergan eski tanishlaru o‘sha dalalarni qo‘msab qolaman, ularga qaniydi bir bor yana qayta olsam deyman, biroq… qayoqda! Ikrom Otamurod yozgani kabi, “Mangu sog‘inchimga aylanar lahza”…
So‘ng o‘ylab ketaman: odam kimnidir sog‘inmay yo nimanidir qo‘msamay yashashi mumkinmi o‘zi? Sog‘inish hissidan faqat inson bahramandmi, yo u boshqa jonzotlarga ham tegishlimi? Basharti sog‘inish jonivorlarga ham xos bo‘lsa, bu tuyg‘u ularda ko‘proq bo‘ladimi yoki bizda? Sog‘inish nima o‘zi?
Munday qarasangiz, sog‘inish aslida keraksizday. Axir, xotirjamgina yurgan odam befoyda o‘y-xayollarga andarmon bo‘ladi (siz ming o‘ylaganingiz bilan u yoningizga kelib qolarmidi?), kimnidir sog‘insangiz, undan o‘zgalarni yoqtirmay ham qo‘yasiz.
Unda, nega kimningdir “Seni sog‘indim” deya bir og‘iz gapi bizga har qanday maqtovdan, olqish va tasannodan ham ko‘proq yoqadi? Nega hammamiz, kimdir bizni ham sog‘insa ekan, deb turamiz? Onamizni yana shuning uchun ham sevamizki, bizni undan ortiq sog‘inadigan odam dunyoda yo‘q…
Kimnidir sog‘inib qolsak, fikr-yodimiz o‘sha odamda bo‘ladi, yursak ham, tursak ham uni o‘ylaymiz, hozir nima qilayotgan ekan, deb tusmollaymiz, yonimizda yurgan chog‘da payqamagan fazilatlarini kashf etamiz. O‘sha odamni deb xavotirlanamiz, ishqilib biron ziyon-zahmat yetmasa ekan, deymiz.
Sog‘inib-sog‘inib, kishi qadriga yeta boshlaymiz, odamni e’zozlaydigan bo‘lamiz. Basharti kimnidir sog‘inmasak, botinan anglaymizki, unday kishining aslida bizga keragi yo‘q ekan… Odamga kulgi, ishtaha yo yig‘i qanchalik tabiiy ehtiyoj bo‘lsa, sog‘inish ham shunday zarur bir ruhiy holat.
Ammo qo‘msash haddan oshib ketsa, odam ichikadi. Ishtahasi yo‘qolib, injiq, parishonxotir bo‘lib qoladi. Bolalarda esa sog‘inish tuyg‘usi ayniqsa kuchli kechadi. Birovning diydoriga zor bo‘lgan go‘dak ichiksa, kasalga chalinadi. Mening Omonjon degan tog‘am bo‘lardi, to‘g‘risi, tog‘amning o‘g‘li, u to‘rt yashar chog‘ida, sog‘ina-sog‘ina, urushda o‘lgan otasining bittayu bitta fotosuratni chaynab yeb qo‘ygan ekan!..
Men tog‘amning hatto rasmini ham ko‘rmaganman…
* * *
Odam birovni sog‘inishi, qo‘msashi uchun ozgina vaqt bo‘lsa-da, uni ko‘rmasligi, holidan xabardor bo‘lmasligi kerak. To‘g‘ri-da, yoningizda turgan kishini sog‘inmaysiz-ku? O‘zini ko‘rmayotgan bo‘lsangizu, ovozi kelib tursa ham, sog‘inish degan tuyg‘u so‘nishga qarab ketadi, albatta.
Sog‘inish qanchalik yoqimli va tabiiy bo‘lsa, uning aksi – sog‘inmaslik shunchalik g‘alati, beo‘xshov holat ekan… Maktabdalik chog‘imiz qo‘shni sinfda Sodiq degan bir yigit o‘qirdi. Ota-onasining to‘ng‘ichi, erkasi, ko‘zlarining oqu qorasi. Armiyaga chaqiriq qog‘ozi kelganida Sodiqning otasi uyoqqa chopib, buyoqqa chopib, axiyri shahar voyenkomatidagilarning ko‘nglini topdi – o‘g‘lining chekiga shu yerdagi harbiy qismda xizmat qilish “tushdi”. Siz o‘shanda bir ko‘ring edi bu baxtiyor ota-onani: qo‘ylar so‘yilgan, vadavang ziyofatlar, har hafta o‘ris kamandirlarning og‘zi moy. Shuning hurmatiga Sodiqning DOSAAFda shofyorlikka o‘qiganini hisobga olishib, “obro‘li” ishga qo‘yishdi – harbiy qism boshlig‘ini tashiydigan “UAZ”ni haydaydigan bo‘ldi. Ana endi Sodiqboyga xudo berdi, tug‘ilib-o‘sgan shahrining tanish ko‘chalarini changitib, soldat formasida hali u tomonga yelday o‘tadi, hali bu tomonga. Kunda-kun ora uylariga kirib, onasi tayyorlab o‘tirgan palovxonto‘rani “urib” ham chiqadi. Ko‘chada bizni ko‘rib qolsa, go‘yo armiyada emasdek, qo‘l ko‘tarib, yo signal chalib, salomlashgan bo‘lib o‘tib ketadi.
Muddati tugab, armiyadan qaytganida esa boyagining aksi bo‘ldi: Sodiq, go‘yo uydan ertalab ko‘chaga chiqib ketib, oqshomda qaytib kelganday kutib olindi. “Ha, keldingmi?” deyishdi uyidagilar. Uni hech kim, hatto ota-onasi ham… sog‘inmagan edi.
O‘shanda sog‘inish zarurat ekanini, ruh ozig‘i ekanini payqagandim. Qorni och odamga qoq non palovdan totli tuyiladi. Shifokorlar esa goh-goh och qolish ham kerak deyishadi, bu organizm uchun foydali emish. Ana shunda a’zoi badanimiz junbushga kelarkan. Shu singari, kishining kimligini uni sog‘inganda bilamiz.

Sog‘inish asli ayriliq, firoq tufayli yuzaga keladi. Firoq yo‘q ekan, sog‘inish ham bo‘lmaydi. Diniy nuqtayi nazardan, almisoqda – yer yuzida odamzot yaralmasidan avval barcha insonlarning ruhlari parvardigordan ayrilgan. Demak, firoq, sog‘inish almisoqdan boshlangan ekan. Ruh mudom o‘z yaratuvchisini sog‘inadi, unga intiladi. Furqatiyning taxallusi ham, aslida ana o‘sha, almisoq firog‘idan olingan bo‘lib tuyiladi menga.
Sog‘inch jonivorlarga ham xosmi, yo u faqat odam bolasiga berilgan fazilatmi, deb savol tashlagan edim boya. O‘ylasam, tirik jon borki, bu tuyg‘udan benasib emas ekan. Alpomish qalmoq zindonida yotib, yetti yilda qutulib kelganida Boychibor otining enasi Tarlon biya ham bolasi bilan iskalab ko‘rishadi, yalab-yulqaydi-ku? Yo bo‘lmasa, birovga sotib yuborilgan ot tasodifan egasini yoki o‘sha oiladagi kimnidir ko‘rib qolsa, kishnab uni chorlaganini, ko‘zlaridan mo‘lt-mo‘lt yosh oqqanini ko‘rgan odamlar bor, besh yil frontda bo‘lib qaytib kelgan egasini darvoza ortida turib tomog‘ini qirganidanoq tanib, u kirib kelgach, atrofida gir-gir aylanib tavof qilgan itlar haqida ozmuncha asar yozilganmi?
Tirik jon borki, sog‘inadi. Ongi rivojlangan odamlargina emas, jon-jonivorlar ham sog‘insa, unda, bu tuyg‘u ongga emas, avvalo botiniy ongga taalluqli ekan-da? Botiniy ongdagi narsani esa yo‘qotish, yo o‘zgartirish mumkin emas; unda odamning o‘zi mohiyatan o‘zgarib ketadi. Qo‘msashning botiniy ong mahsuli ekaniga ikkinchi dalil – siz sog‘inish behuda ekanini, bu bilan o‘zingizni faqat qiynashingizni bilasiz, anglaysiz, ammo sog‘inmay tura olmaysiz, demak, botiniy ong hosilalari ongdagi narsalardan zo‘rroq, ustunroq bo‘lar ekan. Buni o‘z tajribangizdan ham bilsangiz bo‘ladi: biron narsani qilishga chog‘lanasiz, ammo dilingiz chopmaydi; alaloqibat, ko‘nglingiz sezgani to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Zohiriy ongni aql deyish mumkin bo‘lsa, botiniy ong ko‘proq ko‘ngilga to‘g‘ri keladi.
Ilmiy manbalarda ta’kidlanishicha, botiniy ong (ayrim adabiyotlarda goho “ongsizlik” va “beixtiyorlik” kabi ikki qatlamga ajratib ham tasnif qilinadi) inson psixikasining chuqur poydevoridir. Aslida, hech bir narsani “ong mahsuli” va “ong osti mahsuli” deb qat’iy ikkiga taqsimlab bo‘lmaydi. Botiniy ong – ongning zamini, asosidir. Imorat poydevorsiz qurilmaganiday, botiniy ong qay darajada poydor bo‘lsa, ong ham shunga yarasha kuchli rivojlanadi. Masalan, Rasuli akramga Qur’on nozil bo‘layotganida yonidagi sahobalar payg‘ambar og‘zidan chiqayotgan katta-katta suralarni eshitiboq yodlab olishgan – biron so‘zi ham o‘zgarmagan. Imom Buxoriy bir necha yuz ming hadisni so‘zma-so‘z yod bilgan. Po‘lkan shoirning xotirasida yetmishta katta-kichik doston tizilib turgan, qirg‘iz oqini Sayoqboy Qoralayev “Manas” eposidan bir millionga yaqin misrani yodida saqlagan, bir kitobxon Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini boshdan-oyoq yod aytib, adibni qoyil qoldirgan, akademik Vohid Abdullayev hatto nomini ham kam odamlar eshitgan yuzlab shoirlarning manzumalarini yodaki aytgan… Bularning bari botiniy ongga taalluqli hodisalar, basharti botiniy ong sust bo‘lsa, ming urining, deyarli natija chiqmaydi.
Ong o‘zgarishi mumkin. Mumkingina emas, ong o‘zgaruvchandir. Odam bilim olishi, hunar egallashi, ma’rifatli bo‘lishi, nimalargadir e’tiqod qo‘yishi, biron tarzdagi qarashlari tizimli tus olib, prinsiplari shakllanishi mumkin. Ammo botiniy ong ma’lum darajada irsiyatga taalluqli jihat – deyarli o‘zgarmaydi. Kishining xatti-harakatlari, zehn-shuuri uning botiniy ongiga bog‘liq ravishda yuzaga chiqadi. Basharti diniy qarashlarga daxl qilyapti, deya ayblashlaridan cho‘chimaganimizda, botiniy ong – kishining peshonasiga bitilgan taqdiri azali, deb aytgan bo‘lardik. Chunki kishining xarakteri asosan va avvalo botiniy ongda belgilangan bo‘ladi, boshqacha aytganda, a’molimiz – botiniy ongmizning reallashuvidir.
Taqdiri azalni – peshonaga yozilganini o‘chirib bo‘lmaganidek, botiniy ongni o‘zgartirishga urinish behuda. Jahldor kishi, ming urinsa ham, yuvosh bo‘lib qolmaydi, og‘irkarvon kas aslo serharakat kimsaga aylanmaydi, bir umr tumtayib yuradigan tund kishini xushchaqchaq odamga aylantirish ham amri mahol. Shuning uchun ham, tog‘ o‘rnidan ko‘chibdi desa ishon, ammo falon kishining fe’l-atvori o‘zgaribdi deyishsa, ishonma, deyishadi. Chapaqay odam o‘ng‘aqay bo‘lishga urinsa, bosh miya pallalaridagi jarayonlar buziladi. Shu singari, botiniy ong mahsuli bo‘lgan jihatlar odam uchun tug‘ma bo‘lib, ularning loaqal birontasidan voz kechish ham butun organizmdagi eng muhim fiziologik butunlik, yaxlitlikni izdan chiqaradi.
Xotira – botiniy ongning asosiy funksiyalaridan biridir. Uning mahsuli bo‘lgan sog‘inch tuyg‘usi esa elementar holatida nutqqa bog‘liq bo‘lmagan tarzda yuzaga chiqadi. Ya’ni sog‘inish, o‘z-o‘zicha, til bilan ifodalanmaydi, botiniy ongda yuzaga keladi va g‘ayrishuuriy xatti-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Sog‘inch odamzod taraqqiy etgan hozirgi davrda yuzaga kelgan yuksak aqliy bir hosila bo‘lmay, eng olis zamonlarda uning botiniy ongiga singgan, uning o‘zak hosilalaridan biri bo‘lib qolgan psixikadir. Sog‘inish yo‘qqa chiqsa, xotira ham barbod bo‘ladi. Xotiraning xiralashuvi esa kishining aqliy quvvatini susaytiribgina qolmay, odamiyligi, odamgarchiligiga ham putur yetkazadi. Axir, hamma narsani unutib qo‘ya beradigan odam… birov qilgan yaxshi¬ligu yomonlikni eslolmasa, bilmasa, bas, uning insoniyligi ham mundayroq bo‘lib qoladi-ku!
* * *
Sog‘inish ijtimoiy tus olsa, nostalgiya yuzaga keladi. Nostalgiya – o‘tmishni ulug‘lash emas, balki o‘tmish haqida ezgin xotiralarga berilishdir. Har bir millat qadim va yaqin o‘tmishini ulug‘laydi, o‘sha zamonlarda yashagan odamlarning jo‘mardligi, soddaligi, mehmondo‘stligi kabi fazilatlarini sog‘inib eslaydi, e’zozlaydi, farzandlariga ibrat qilib ko‘rsatadi.
Nostalgiya lotin tilida “uyga qaytish, vatanni sog‘inish” degani. Chindan ham, yurtidan olisda yashayotgan aksar kishilarda yurak siqilishi, zerikish, bora-bora hayotdan to‘yib ketish hollari yuz beradi. O‘tmishda bu hodisa ko‘p uchragan: yot yurtlarda uzoq yillar jangda yurgan askarlar, o‘zga ellarga savdo bilan borib qolgan tujjorlar, bir sabab bilan bo‘lak diyorlarda kun kechirayotgan kishilar… Ular orasida sog‘inish – nostalgiya tufayli erta kuni bitganlar ham ko‘p bo‘lgan.
Ammo nostalgiyaga chalingan odam, aslida, vatanini emas, o‘tmishini – bolalik va o‘smirlik damlari kechgan pallalarni sog‘inar, ularni eslar ekan. Nostalgiyada o‘tmish, faqat o‘tmish bo‘lgani uchungina ulug‘lanmaydi, balki o‘tmish haqida ezgin xotiralarga berilish yuzaga chiqadi. Buning boisi, keng ma’noda oladigan bo‘lsak, har bir xalqning tarixi, torroq ma’noda esa, har bir odamning taqdiri – bizga sovet davrida uqtirganlariday – faqat g‘am-alam, kulfat va motamsarolikdan iborat bo‘lmagan. Hayotda tashvishlar bilan birga, hamma zamonlarda quvonch onlari, millatning yuksalib, nash’u namo topgan pallalari, faraxbaxsh damlar ham bo‘lgan, nostalgiyada millatning ana o‘sha navqiron, baxtli damlari, odamning kamolat pallasi qo‘msaladi. Shu ma’noda, nostalgiya biron odam yo bir oila doirasidagina emas, butun millat yo xalqlar guruhi, hatto butun bashariyatga ham xos bo‘lishi turgan gap. Fitrat “Temur sag‘anasi” asarida Temur davrining sha’n-shavkatini qo‘msaydi, shu orqali o‘zi yashab turgan olag‘ovur, ma’nosiz turmushni inkor etadi. Bunday nostalgiya eski zamonlarga qaytishga chorlash emas, balki muqaddas o‘tmishni unutmaslik, undan ruh olish orqali yana dorilomon hayotga intilishdan yuzaga keladi. Shu ma’noda, nostalgiya – kuchli ijtimoiy ehtiyoj natijasi.
O‘tmishni qo‘msash, tabiiyki, sho‘ro zamonida bo‘lmag‘ur, qoralanadigan bir hodisa sifatida talqin etilardi. Chunki yorqin kelajak sari yo‘l olgan ittifoq tarkibidagi yuzlab millatlarning o‘tmishni sog‘inishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Shu sababli akademik Ibrohim Mo‘minov tahririda chop etilgan o‘n to‘rt jildlik “O‘zbek sovet ensiklopediyasi”ni o‘sha zamonning “siyosiy ziyrak” namoyandalari ilmiy yo boshqa jihatdan emas, aynan o‘tmish allomalari, tariximizda o‘tgan buyuk jahongirlar, mumtoz adiblar ijodiga batafsil o‘rin berilgani bois, “nostalgiya ruhi yetakchilik qilishi”da ayblashgan. Ammo endi anglayapmizki, atoqli olim sho‘ro mafkurasining nog‘orasiga o‘ynamasdan, tariximizni faqat qora yoki tussiz bo‘yoqlarda tasvirlashga yo‘l qo‘ymasdan, to‘g‘ri qilgan ekan.
“Chinor” romani (Asqad Muxtor)da bir qissa bor: qadim zamonda Belujiston podshohi qo‘shin tortib kelib, Movarounnahrni talaydi, jami ishga yaroqli kishilarni olib ketib, ulkan qurilishga – “jahonning sakkizinchi moʻjizasi”ni bino qilishga soladi. Olis o‘lkalarda ilm olib qaytgan Abunasr Forobiy qul qilib haydab olib ketilganlar orasida akasi ham borligini eshitib, Belujistonga jo‘naydi, yuz minglab qullar orasida bir ixtiyoriy qul bo‘lib ishlab yura beradi. Qishin-yozin, ertayu kech ana shu bunyodkorlik davom etadi. Biroq sal o‘tmay qullar orasida noma’lum bir kasallik tarqab, o‘lim ko‘payadi. Hech bir tabib bunga chora topa olmaydi. Ahvol shunday davom etsa, qullar qirilib bitib, “sakkizinchi moʻjiza”ning dunyoga kelishi gumon bo‘lib qoladi. Podshoh qullar orasida Forobiy ham borligini eshitgach, uni chorlab, ustozdan bu ofatni daf etishni so‘raydi. Forobiy shohga qullar vatan sog‘inchida kasal bo‘lishayotgani, yoppa qirilib ketmasligi uchun ularni ozod qilib, vatanlariga qaytarish zarurligini uqtiradi. Ammo qaysi zamonda qay bir hukmdor olimlarning maslahatiga quloq solibdiki, Belujiston podshohi allomai zamonning so‘zlarini tinglasa? Qullarning o‘lishi bilan shohning mutlaqo ishi yo‘q, ishqilib moʻjiza bino bo‘lsa bas edi. Shuning uchun Forobiyga g‘azab qilib, saroydan haydab soladi. Muallimus soniy tag‘in qullar orasiga qaytadi, yana og‘ir, tinkani quritadigan mehnat, azob-uqubat. Ammo bir oqshom Forobiy qo‘ynidan nay chiqaradi. Shunday navolar chaladiki, qullar ohanglar og‘ushida bolalik va o‘smirlik chog‘lari kechgan so‘lim qishloqlarini, pishqirib oqqan soylarini, muattar sabolar esgan sahrolarini ko‘rgandek bo‘ladilar, oh tortib, vatanlarini yodga oladilar, ko‘zlari yoshga to‘lib, Forobiydan har oqshom navo chalishni so‘raydilar, vatan sog‘inchini nay ohanglari orqali bir qadar tuyib, taskin-tasalli topadilar va oqibat – dahshatli qirg‘in asta chekina boshlaydi. Qullar vatan hajrida dard chekayotgan, hozirgi tilda aytganda, nostalgiya xastaligiga chalingan ekanlar…
Yoki sizga tanish yana bir misol: Hindistonga podshoh bo‘lgan Bobur yurtidan olib kelingan bitta qovunni ko‘rib, vatan hajrida yig‘laydi. Bitta qovun – vatan timsoli bo‘lib ko‘rinadi Boburga.
Nostalgiya adabiyotda vatanparvarlik mavzuining bosh omilidir. Yodingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak,
Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame,
Yodi yori mehrubon oyad hame…
deb boshlanadigan g‘azalni Ro‘dakiy og‘zidan eshitishi bilan amir lashkarni Buxoroga qaytarishga farmon berib, o‘zi etigini ham kiymay, oyoqyalang holda otga mingan – vatan hajrining o‘tli ifodasi podshoh yuragini shunchalar larzaga keltirgan edi!
Muhammad Yusuf “O‘zbekiston” she’rida yurtining bedapoyasini Rimga, bitta tandirini Parijning eng zo‘r restoranlariga alishmasligini aytadi, o‘zga yurtga borgach, uch kun o‘tmay vatan sog‘inchida o‘rtanib, sayohatdan voz kechganini, bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zi u uchun arab ohusidan ham aziz ekanini izhor qiladi. Vatan haqida yozilgan ushbu samimiy, ta’sirchan she’rni nostalgiyaga bag‘ishlangan asarlarning nodir namunalaridan biri deyish mumkin. So‘z san’ati tarixida bunday misollar behisob.
Nostalgiya bolalik va o‘smirlik davrini – hayotining eng totli damlarini sog‘inish, unib-o‘sgan joylarni qo‘msash shaklida amalga oshadi, dedik. Shu bois, vatanimizda tug‘ilib, bolaligi shu yerlarda kechgan, ammo hozir boshqa bir yurtda umrguzaronlik qilayotgan vatandoshlarimizdagi nostalgiyani hech nimaga qiyoslab bo‘lmasligi aniq. Ular yil o‘n ikki oy – bir umr vatanni qo‘msab yashaydilar va o‘z tuyg‘ularini farzandlariga ham vasiyat qilib qoldiradilar. Ammo… asl vatanni otalari kabi sog‘inish bu ikkinchi, ayniqsa uchinchi avlodga ham xos bo‘ladimi, ular ham asl vatanni ajdodlari kabi qo‘msaydilarmi – bu savolga javob berish mushkul. Negaki, ularning bolaligi – nostalgiya tuyg‘ularini qo‘zg‘atadigan pallalari boshqa joylarda, boshqa vaziyat va manzaralar og‘ushida kechadi… Garchi ular, O‘zbekistonni sog‘inishini, shu yurt ular uchun asl vatan ekanini harchand ta’kidlasalar-da, tug‘ilib o‘sgan va kamol topayotgan vatanlari endi boshqa. Bundan ma’lum bo‘ladiki, bir zamonlar xorijga majburan chiqib ketganlardan farqli o‘laroq, ko‘proq pul topib, osonroq yashash niyatida chet o‘lkalarda yashashni ixtiyor qilayotgan odamlar, ayniqsa ularning farzandlari tomiri vatan zaminidan uzilishi, axiyri boshqa millat va el kishilariga aylanishlari turgan gap…
Garchi sog‘ingan odam ahvolidan shikoyat qilsa-da, nostalgiya, qo‘msash tuyg‘usi aslida kishi ruhini allalaydi, unga orom beradi. Sog‘ingan odamning yuragi shirin halovat tuyadi, kishi botinan shu sog‘inchning yanada ortib borishini istaydi, chunki sog‘ingan, sog‘inayotgan pallalarida o‘zi ruhan o‘sadi, yanada olijanob bo‘lib qoladi. Bu holatni juda teran tuygan mavlono Fuzuliy uni muxtasar ifodalab, “Bu sening dardi firoqing – bani jonima huzur” deydi. Qarang, firoq dardi, ya’ni umuman olganda dard… jonga huzur berishga ham qodir bo‘lar ekan. Shunday damlar ham bo‘ladiki, matlabi kimnidir, yo nimanidir ko‘rish, yo unga yetishish emas, balki shu sog‘inishning o‘zi bo‘lib qoladi.
Nega? Chunki biz garchi real olamda, bir-birimiz bilan birga kun kechirayotgan bo‘lsak-da, ayni paytda har bir odam o‘z ichki olamida, o‘z fikr-xayollari, orzu va tuyg‘ulari og‘ushida yashaydi. Uning bu ichki olami uning uchun bu kurash va g‘alvalarga to‘lgan sertashvish dunyoga qaraganda chandon go‘zal, sarishta va osoyishta, mukammaldir. Kishi bunday damlarda avvalo ana shu sog‘inch tuyg‘ularini ardoqlaydi. Chunki sog‘inch hadafi bo‘lgan odam yoki allanima faqat sog‘inch qo‘zg‘ovchi xislatlar majmuigina emas. Real hayotda bu kishi yoki bu narsa nafaqat sog‘intiruvchi, balki bezdiruvchi fe’l-atvorga ham ega bo‘lishi mumkin. Binobarin, sog‘ingan odam uning o‘sha yaxshi, shirin va latif xislatlarinigina qo‘msaydi, ya’ni tasavvuridagi odamni sog‘inadi. Sog‘ingan odam uchun avvalo o‘z istagi, intizorligi, mushtoqlik holatlari totli.
Odam, sog‘inishi bilan odam. Hech kimni, hech nimani qo‘msamaydigan odamda odamgarchilik bo‘lmaydi. Buning aksicha, sog‘inchi kuchli odamning fazilatlari behisob. Sog‘inish odamga kuch beradi, uning ruhini allalaydi, qalbini yoshartiradi. Kundalik tashvishlarga andarmon bo‘lib yura-yura, bir kuni ho‘v olislarda qolib ketgan yoshligingizni, beg‘ubor pallalaringizni, o‘sha zamonlarda qalbingizni hapriqtirgan tuyg‘ularni yodingizga tushiradigan biron rasm yo kinofilmni ko‘rsangiz, allaqachon unutilayozgan biron musiqani tinglasangiz, hatto bir zamonlarda egningizga ilgan, ammo qay bir bo‘xchada uniqibgina yotgan eski rusumdagi biron kiyimingizni yana qo‘lga olsangiz, ko‘zlaringiz yashnab ketadi, ko‘nglingiz yumshaydi.
O‘shlik adib Mirzohid Mirzarahimovning “Qovun hidi” degan bir hikoyasida keksarib qolgan olimning ruhiy iztirobi, bemorligi tasvirlanadi. Tarix qatlarini varaqlab topgan kashfiyotlarim kimga ham kerak bo‘lar edi, degan xayol uning qo‘lini ishdan sovutadi, kunlar va oylar shu kayfiyat bilan o‘tib, axiyri dardga chalinadi, yotib qoladi. O‘g‘lining ko‘magida bir kuni so‘lg‘in yuz bilan bozorga boradi, u yerda bitta qovunni qo‘lga olib ko‘rayotib, qovun qo‘lidan tushib, yoriladi. Uni yerdan olish uchun engashgan domlaning dimog‘iga qovunning o‘tkir hidi gup etib uriladi. Bu beqiyos tarovatli hid unga bolalikdan tanish edi. Ko‘zlariga beixtiyor yosh qalqiydi, yorilgan qovunni to‘ymay hidlaydi va… ruhida g‘alati bir o‘zgarish sodir bo‘la boshlaydi. Bir-ikki hafta o‘tgach, domla tetiklashadi, sog‘ayib, yana g‘ayrat bilan izlanishlarga kirishib ketadi…
“Har yili 31 dekabr kuni biz do‘stlarimiz bilan hammomga boramiz”, deydi mashhur kinofilm qahramoni. Biz esa har yili dekabrning oxirgi kunlarida shu kinoning yana namoyish qilinishini zoriqib kutamiz, undan keyin esa “Ishdagi ishq”qa intiq bo‘lamiz, yozning sarin kunlari kelganida “Maftuningman” qachon namoyish qilinar ekan degan xayol dilimizdan o‘tadi. Biz bu kinolarni ajoyib kartina sifatidagina emas, balki avvalo bizga yoshligimizni eslatgani, o‘sha pallalardagi tuyg‘ularimizni yodimizga solgani uchun ham yaxshi ko‘ramiz…
Xo‘sh, odamda sog‘inish tuyg‘usi qachon va qanday paydo bo‘ladi? Men bu o‘rinda allakimga ishingiz tushganu, uning tezroq kela qolishini kutishingiz kabi sof rasional va pragmatik vaziyatni emas, balki sizga nafi tegmaydigan, bolalik chog‘laringizning allaqaysi puchmog‘ida qolib ketib, deyarli unutilgan, ammo qay bir sabab, masalan, ayvonda o‘tirgan chog‘ingizda g‘irillab esgan shabada bahona, dilingizga yopirilib kelgan huzurbaxsh, totli tuyg‘ularning – bir paytlar kechirgan hissiyotlaringiz, ko‘rgan, lekin hozir esdan chiqayozgan manzaralaringiz yodingizga tushgani kabi holatlarni nazarda tutyapman – ana shuning manbai va manshai nima? Masalan, men biron daraxtzor orasidagi yuqoriga o‘rlab chiqqan va yana pastga qarab enib ketgan yo‘lni hech qachon kunbotar chog‘ida ko‘rmaganman, ammo Usmon Nosirning “Bog‘larga namozgar salqini tushdi…” degan misrasini qachon o‘qisam, lop etib boyagi manzara ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi, shu holatni sog‘inaveraman. Shu holat – mening armonim, mening nostalgiyam.
* * *
Qo‘msash, tusash, sog‘inish eslash orqali yuzaga keladi. Qo‘msash – yodga olish mahalidir. Yodga olgan pallangiz unga yetishishni istasangiz, sog‘ingan bo‘lasiz. E’tibor qilgandirsiz, kishi sog‘ingan odami yo narsasiga yetsa, uni o‘z ichiga olgisi keladi – anor yo anjirni yutoqib yeydi, yorni, farzand yo do‘stni quchib, o‘padi. O‘pish ham, aslida, ichga tortish – yeyishning imitatsiyasidir (ehtimol, “ichikish” so‘zi shundan kelib chiqqandir), buning iloji bo‘lmasa, quchadi, bag‘riga bosadi. Bu holatning asoslarini izohlash fiziolog olimlarga havola, ammo sog‘inish – zoriqishning sezilishi, yuzaga chiqishi ekani aniq.
Sog‘inish – xotira mahsuli. Ammo sog‘inib eslash orqali xotirayu hofiza ham kuchayib ketadi. Bunga yoqtirib yodlagan she’ringiz bilan majburan yodlagan she’ringizni eslash orqali ishonch hosil qilish mumkin – aniqki, keyingisi tezda faromush bo‘ladi. Hozir hamma darrov qabul qilishga, darrov unutishga o‘rgangan. Xotiramiz susayib boryapti. Natijasi esa ma’lum: polyak adibi Stanislav Yeji Les istehzo bilan qayd qilganidek, “hamma esimda yo‘q deydi, ammo hech kim esim yo‘q demaydi”.
Bugun istalgan to‘rt yuz odamni bir zalga to‘plang, ular ichida to‘rtta she’rni yod biladigan, yo bironta hikoyani chiroyli qilib aytib bera oladigan odamni topa olarmikinsiz? Xotirani, sog‘inchni, qo‘msashni ongimizdan sitib chiqarganimiz sari, odamgarchiligimiz ham shunga yarasha yo‘qola boradi, o‘zgalarning qadriga uncha yetmay qo‘yamiz, ularning kimligi, qanday inson ekanligi bizni deyarli qiziqtirmaydi, odamlarga biz go‘yo bir buyumga qaraganday nazar solamiz, “foyda yetkazish koeffisiyenti” qanchaligiga ko‘ra muomala qilib, odamiyligimizga putur yetkaza boshlaymiz.
Ammo botiniy ong bunga javoban o‘zini bot-bot eslatib turadi. E’tibor berganmisiz, biron tanishimizga duch kelsak, ko‘pincha u bilan kulimsirab so‘rashamiz, bir qadar uni sog‘inganimizni bildirgan bo‘lamiz. Bunda, faqat uni emas, uni qo‘msaganimizga o‘zimizni ham ishontirishga urinamiz. Shu singari, vatanini sevgan odam, hatto ona yurti bag‘rida yashab ham, uni sog‘inaveradi, bu esa go‘dakning oqshomdan tong otguniga qadar onasini ko‘rgisi kelavergani kabi inja bir tuyg‘u.
Sog‘inish ko‘ngilni olijanoblashtiradi. Olijanob odamgina sog‘inadi. Badxoh, xudbin kas hech kimni, hatto tuqqan onasini ham ko‘rgisi kelmaydi. Said Ahmadning “Ufq” romanidagi qochoq Tursunboy ana shulardan biri. Axir u to‘qayda yashirinib yurgan chog‘ida onasini intiq kutadi-ku, deyishingiz mumkin. Yo‘q, onasini emas, to‘qay ichidagi kapasiga onasi opkeladigan ovqatni sog‘inadi, bir gal esa sevgilisi Zebiga uzoqdan ko‘zi tushadi, ammo unga Zebi emas, uning qo‘lidagi qumg‘on azizroq ko‘rinadi.
* * *
Sog‘inishning begonalashuvi – tamaddunning, ayniqsa hozirgi taraqqiyotning odamzotga yetkazgan, yetkazayotgan eng katta ziyonlaridan biridir. Ilgari birovni sog‘inardik, ammo yeta olmas edik, endi esa unga yetishishdan osoni yo‘q, ammo… sog‘inishimiz mahol! Chunki yaqin odamingiz dunyoning narigi chekkasida bo‘lsa ham, telefonda har kun ovozini eshitib, internetdagi elektron pochta orqali bog‘lanishingiz, qo‘l telefoningiz orqali hatto yer qa’rida – yuz ellik metr chuqurlikdagi metro vagonida shuvillab ketib borayotganida ham so‘zlashib, “videochaqiruv” orqali ko‘rishib, gaplashishingiz mumkin – virtual diydor diydasi qattiq odamlar uchun diydor o‘rnini bemalol bosadigan bo‘lib qoldi. Uning turi ko‘payib, o‘zi tobora murakkablashib, ommalashib borayotir.
Olmon olimi Osvald Shpengler “Yevropaning so‘nishi” asarida madaniyat bilan tamaddunni shartli ravishda qiyosan tahlil qiladi. Olim madaniyat – taraqqiyot darakchisidir va u muayyan darajaga yetib borgach, tamaddunga aylanadi, tamaddun esa taraqqiyotning sekinlashuvi, qotib qolishi, asta-sekin zaiflashib, so‘nishidan iborat, deb uqtiradi (qarang: B.Umarov, Qalbning go‘zalligi – bebaho boylik // “Ma’naviy hayot” jurnali, 2013, nishona soni, 91-bet). Shu ma’noda, kishilik tarixida madaniyatning roli ijobiy, tamaddunning roli esa salbiy, desa bo‘ladi. Agar bu fikr, hatto shartli ravishda bo‘lsa ham, maqbul deb topilar ekan, unda biz hozir tamaddun davrida yashayotgan bo‘lib chiqamiz. Chunki bu davr, mazmunan, insonning o‘zligiga, tub mohiyatiga, jumladan botiniy ongi rivojiga zid amallar yetakchilik qiladigan zamoniga aylandi.
Biz botiniy ongimizni mahv etish, uning tabiatiga zid ishlar bilan mashg‘ulmiz. Ongimiz taraqqiy etgani sari botiniy ongni keyinga surish, unga e’tibor bermaslikka intilamiz. Holbuki, botiniy ong zohiriy ongning asosidir; aql, fe’l-atvor, tabiat, zehnu shuurning bari botiniy ongdan keladi. Shunday ekan, botiniy ongni xiralashtirib, so‘ndiradigan ishlarning bari pirovard-natijada zohiriy ongga ham zahalat yetkazadi. Zohiriy ong baayni kishilik jamiyati bo‘lsa, botiniy ongni tabiatga qiyoslash mumkin – biz tabiatga qanchalik zug‘um o‘tkazsak, oxir-oqibat u bizga yanada kattaroq javob qaytarishi tayin-ku?
Globallashuv degan “qora tuynuk”ka xoh-noxoh ravishda, ammo yil osha, yana ham tezlashgan holda kirib ketayotgan odamzot kuni kelib bu tamaddunning kasriga qolishi tobora aniq bo‘lib boryapti. Buning oqibatini anglab, unga qarshi turishga intilayotganlar avvalo milliy madaniyatlar, ming yillik tarixiy tajribada shakllangan olijanob urf-odatlar, an’analarning poymol bo‘lishiga achinish bilan qaraydilar, shu bois, bu tuzoqqa ilinmaslikka da’vat etadilar. Bu, albatta, to‘g‘ri, ammo umuminsoniy miqyosda olganda-chi, bu sathda biz nimaga achinishimiz kerak?
Bir qarashda, odamzot texnikaviy va texnologik inqiloblar dunyosida yashayotir va bu inqiloblar cheksiz davom etadiganday. Texnik-texnologik taraqqiyot esa odamning mashaqqatini kamaytirish, uning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishday kori xayrgagina xizmat qilmay, shu bilan birga, og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish, istagan tantiqligini bajo etish, ko‘ngli tusaganini o‘rinlatishga ham imkon beradiki, bunday vaziyatda odam bolasi ishlashga, mehnat qilishga majbur bo‘lmay qoladi. Ilgari mehnat nafaqat tirikchilik vositasi, balki hayotiy ehtiyoj ham edi. Endi mehnat qilish, chinakam, astoydil ishlash, ter to‘kish insonning insonligini, uning mohiyatini belgilovchi mezon sanalmay qo‘ydi. Bu esa odamlarda turli yangi xastaliklar, jismoniy zaiflikning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti. Zero odamlar endi o‘ta murakkab texnika, eng so‘nggi texnologiya ustida bosh qotirishga mahkum. Buning oqibatida asabiylik, jizzakilik, tegmanoziklik ortib, yangi kasalliklar ko‘payayotir. Ma’lum bo‘ladiki, odamzot gardanidagi mashaqqat bir misqol ham kamaymay, jismoniy sohadan aqliy-ruhiy sohaga ko‘chib o‘tibdi, xolos.
Faqat shugina emas.
Sog‘inish botiniy ongning eng muhim xossalaridan biri. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, aynan sog‘inish hayotimizning asosidir. Masalan, sevgi, ishq-muhabbatni – ana shu hayot beshigini bir lahzaga, hatto xayolan bo‘lsa ham, sog‘inishsiz tasavvur etib bo‘ladimi? Sog‘inish bo‘lmagan joyda ishq-muhabbatga o‘rin qolmaydi, sog‘inchsiz sevish – yo‘q narsa. Axir o‘zingiz o‘ylang, sevgisi shu qadar alanga olarmidi Qaysning, agar Layli hamisha yonida bo‘lib, xohlagan payt u bilan ko‘risha olganida?
Biz esa bugungi kunda aynan sog‘inishni yo‘qqa chiqarishga kirishdik. Undan-da o‘tib, ishq-muhabbatning shirin sog‘inchlaridan ham voz kechishga tayyorlayapmiz o‘zimizni. Qanday qilib deng? Tunov kuni qo‘l telefonimga Yusel kompaniyasidan SMS xabar keldi. O‘qisam, “Ishqiy hissiyotlar yetishmayaptimi? Qizlar uchun sevgi izhori – KZ, yigitlar uchun – BL so‘zini 5744 ga yuboring. Bir kirish SMS – 10 sent” degan so‘zlar bitilgan. Ajabo, bo‘lajak umr yo‘ldoshimizga ham birovning gapini aytib shakarguftorlik qilamizmi endi? O‘ylab qarasam, kompaniya faqat buni ko‘zda tutayotganga o‘xshamadi. Niyat boshqacharoq. Ular millatning ma’naviyatini, axloqini shu zaylda “oz-ozdan” buza borib, bir umrlik muhabbatni emas, bugun birovga, ertasiga boshqaga qilinadigan “sevgi izhori” reseptini tiqishtirishmoqchi (bu ayni paytda biznes ham). Bugun bir notanish qizga uni sevib qolganingizni aytasiz, uch kun o‘tib – boshqasiga. Qarang – Yuselchilar hatto qizlar uchun ham ham sevib berishga, uni doston qilishga hoziru nozir. Yo‘qsa, qiz bola yoki ayol zoti (hatto fohisha bo‘lsa ham), sharm-hayoni yuzidan sidirib tashlab, er kishiga uni “sevib qolgani”ni aytadimi? Buni bizga chetdan olib kelib tiqishtirishyapti, deysizmi? Ha, shunday.
Va shunaqa deb ayyuhannos solishdan osoni yo‘q. Unga o‘zimiz zamin tayyorlab berayotganimiz esa yodimizga ham tushmaydi. Axir bir eslab ko‘ring, onalarga alla aytishni o‘rgatish, hali bo‘y qizlar o‘rtasida ham “alla tanlovi” kabilarni o‘tkazishlar o‘zimizdan bo‘lmay, kimdan chiqdi? Alla aytish – o‘rgatiladigan, alla xonishi – tanlov qilinadigan san’atmi? Axir har bir ona farzandiga o‘zi alla to‘qiydi-ku? Alla – onaning ijodi, ona uni ko‘pchilik oldida emas, jigarporasi bilan yolg‘iz qolganida aytadi-ku? Bunda “ommabop” sahnaga o‘rin yo‘q. Asl allada, hatto, so‘z ham bo‘lmasligi mumkin, shirali ovoz ham shart emas, u – dil tubidan chiqqan nola, hissiyot to‘lqini. Alla – vokal janr emas, yurak qo‘shig‘i.
Sevgi izhorini SMS tarzida sotib olib, allani esa fonogrammaga solib, biz botiniy ongimizni zaharlayapmiz, uni barbod etyapmiz. Axir birov to‘qigan “muhabbatnoma”ni aytib sevib bo‘ladimi, chinqirib aytilgan “alla” – allami? Xonanda ayolning allasi dildan emas, bo‘g‘izdan chiqadi. Shu kabi, aslida bir og‘iz so‘z aytmay ham sevish mumkin. So‘z, xususan Yuselchilarning “sevgi izhori” kabi soxta ishqnomalardagi so‘z tuyg‘uni mahv etadi. Aslida, so‘z – dil kaliti emas, balki ko‘ngil oynasini to‘suvchi pardadir. Sog‘inchning eng yuqori nuqtasi – uning yurakka sig‘may, arzihol tarzida izhor etilishidir. Ammo, e’tibor bering, ishq bayon etilgach, sog‘inish bir qadar so‘nadi (nola qilsangiz, alamingiz kamaygani kabi).
Ongni ishga solib birovning fikrini o‘zgartirish, ongini chalg‘itish mumkin. Biroq botiniy ongga tegishli narsalar faqat haqiqiy, asl bo‘lsagina yashay oladi – bu borada birovni aldash qiyin. Masalan, zo‘raki kulish, soxta arazlash, yolg‘ondan sog‘inish amri mahol. Shuning uchun ham hozir juda ommalashib ketgan bir hol – atigi ikki kun avval ko‘rishgan tanish-bilishlar bilan quchoqlashib ko‘rishish nihoyatda sovuq ko‘rinadi. Chunki bu apoq-chapoq bo‘layotganlarning yuz-ko‘zida eng muhim narsa – sog‘inch ko‘rinmaydi, ularning hech biri qo‘msaganiga sherigini ishontira olmaydi. Bundan ko‘ra oddiy qo‘l olishib salomlashish ancha samimiy chiqadi. Zero odamlarning sog‘inchini yashirishga uringani qanchalik go‘zal bo‘lsa, bu tuyg‘uni oshirib-toshirib ko‘rsatishi shuncha xunuk va sovuq ko‘rinadi…
Ammo hozir rasional axborot davri. Axborot tovarga aylandi. His-tuyg‘ular esa eskilik sanaladi. Jumladan, sog‘inish ham. Biz xotira mahsulini ong-shuurimizdan sitib chiqarib, uni dastavval loyga, toshga, suyakka, papirusga, qog‘ozga bitib qo‘yadigan bo‘ldik; endilikda kompyuter, qo‘l telefoni singari texnikaviy anjomlar “xotira”siga ko‘chirib o‘tkazyapmiz. Bu sun’iy xotiralar yildan-yilga kattaroq quvvat va kattaroq sig‘imga ega bo‘lyapti, ularning quvvai hofizasi ulkanlashgani sari odamzotning xotirasi kichrayishga qarab ketyapti, endi butun boshli dostonlarni yod biladigan odamlarni yetti iqlimdan qidirib ham topa olmaysiz, zero “ortiqcha” xotiraga ehtiyoj ham yo‘q – bani bashar xotiradan mahrum bo‘lishga qarab ketayotir…
Texnika xotirasini qancha ulkanlashtib, u bajaradigan ish turini qancha ko‘paytirib, kompyuterlarni gaplashadigan, hatto maslahat beradigan qilib “odam”lashtirganimiz sari o‘zimiz shunchalik robotlasha boryapmiz. Chunki… botiniy ongimizni o‘ldiryapmiz, bizni odam qilib turgan o‘zagimizni qirqyapmiz. Botiniy ongidan mosuvo kimsa – manqurt, u shu damdagi foydani o‘ylab yashaydi, vassalom. Yoqtirish, nafratlanish, kulish, sevish va hokazolar unga begona. Manqurt kulmaydi ham, sog‘inmaydi ham.
…Abituriyent edim. Har kun kitob qo‘ltiqlab Toshkentning Gagarin parkiga, “mutolaa”ga kelaman. Biron skameykaga o‘tirib, kitobni ochaman, ammo xayol uyimizga – ota-onam, ukayu singillar, yor-do‘stlarga ketadi. Hatto og‘ildagi qo‘y-qo‘zilar ham birma-bir eslanadi. Kitob varaqlari esa “meni o‘qimaysanmi?” deganday lang ochilgancha yuzimga qarab turadi. Natijasi – ma’lum… Kelasi yil ham shu ahvol bo‘ldi. Axir, sog‘inmay tura olmasam, nima qilay? Nihoyat, uchinchi yili ahd qildim: “Sog‘inish shu bo‘ladigan bo‘lsa, endi hech kimni sog‘inmayman, kim yodimga tushsa, o‘sha zahoti darrov xayolimni bo‘lib, kitob o‘qishga tushaman”. Ana, dorilfununga ham kirib o‘qiyapman. Ammo… allanimani boy berganday, sal manqurtlashib qolganday seza boshladim o‘zimni. Biron kishiga maktub yozmaganimga ham o‘ttiz yilcha bo‘libdi. “Salom xat” deya sarlavha qo‘yib, sog‘inchnomalar yozar edik bir paytlar. “Yo tavba, nahotki hech kimni sog‘inmagan bo‘lsam? Yo‘q, unday emas, – deb yana o‘zimni ovutgan bo‘laman, – hozir axborot asri, xat yozishadigan zamonlar o‘tib ketdi…”
Endi sog‘inishning asti iloji yo‘q, sog‘inishga hatto vaqt ham yo‘q!
Shu ketishda nima bo‘larkin: odamiyligimizni paydar-pay boy bera-bera, bir kun asl insoniy mohiyatdan ham tugal voz kechib qo‘ymasmikinmiz?
* * *
Sog‘inish… Naqadar totli, naqadar ko‘ngilga yaqin tuyg‘u!
Tu bo mani, dar Yamani – peshi mani,
Tu be mani, peshi mani – dar Yamani!
(Sen men bilan – yonimda, gar Iroqdasan,
Sen mensizsan, gar yonimda – yiroqdasan!)
Ushbu baytni Xoja Ahror vali qalamiga mansub deyishadi. Darhaqiqat, sog‘inish – odamiylik belgisi, ko‘ngil yaqinligi esa insoniy fazilat. Bas, bu borada ul hazratdan oshirib yana nima deya olar edik!









