SEVARA ALIJONOVA
– Ijod siz uchun nima? – auditoriyada savol yangradi.
– Mashaqqatli mehnat, iztirob, dard, huzur, ehtiyoj… o‘ttiz besh xil javob aytildi. Ammo savol egasining javobi bir umrga xotirimda muhrlanib qoldi: Ijod, bu – mubtalolik!
Ixcham, o‘rta bo‘y, soch-soqoliga qirov qo‘ngan, yuzidan hamisha nur yog‘ilib turadigan bu inson auditoriya eshigidan xatlashi bilanoq, xonaga quyosh kirib kelgandek bo‘ladi. Yuziga yarashiq nim tabassumi tanimagan-netmagan odamning ham yurak yutib, ko‘ngil tortib muloqot qilishiga, o‘rtadagi pardaning ko‘tarilishiga ishoradek tuyuladi. Yaratgan suyukli bandalariga boshqalarga ham suyukli bo‘lishi uchun yuziga shunday nur ato etib qo‘yganmikin, deb o‘ylab qolaman. Qaysi izdihom, qay majlisga kirmasin, o‘zidan mehr, issiqlik, nur taratadi. Qarab turasizu, quyosh-odam emasmikan, degan xayolga borasiz. Ustozning vazmin qadam olishlari, ba’zan yuzini yerga tikib, ba’zan ikki qo‘lini orqaga juftlab o‘ychan nigoh, ma’yus chehra bilan yurishlari shu ketishida ko‘nglida tinimsiz g‘alayon, tafakkurida cheksiz o‘yni bosib, ortmoqlab, miyasida yangi asarni pishitib ketayotgani tasavvurini beradi.
Dars jarayonida bir joyda tek turmay, xona aro aylanib, birimizga hazil, birimizga so‘roq bilan yuzlanganida, shoshib, taraddudlanib qolardik. Soatlab qilingan ma’ruza soniyada o‘tib ketgandek bo‘lardi. Hech kimning xayoliga kelmas tashbeh, zakiy nigoh, topqirlik, har kimga ham nasib etavermaydigan tug‘ma did, farosat, beadoq tasavvur, samimiyati bilan talabalarni yaxshi ma’noda o‘ziga mubtalo qilib qo‘ygan bu muallim – O‘zbekiston Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi Xurshid Do‘stmuhammad edi.
“Jurnalist bor sharoitdan kamchilik topmasa, jurnalist emas. Har qanaqa jamiyatga ijodkor, ziyoli nimaga kerak? Sergak torttirish, ogoh etish, nuqsonini ko‘rsatish uchun. Olqishlaydiganlar topiladi, juda ko‘p. Olqishlar jamiyatni rivojlantirmaydi, muammolarni hal qilmaydi, olqishlar odamni bezamaydi. Olqish jamiyatning rivojiga ishlamaydi”. Bu so‘zlariga jurnalist faoliyati davomida, ayniqsa respublikada ilk tashkil qilingan “Hurriyat” mustaqil gazetasiga muharrirlik qilgan kezlari (1997–2002) sodiq qoldi, o‘tli, o‘tkir maqolalar bosildi, ko‘plari hodisaga aylandi, rivojlanish berdi.
Avvaliga “Muallim degani shunday bo‘lsa-da!” deya bu insonga birgina shu nisbatni qistirganimga keyinchalik ko‘p uyaldim. Uyaltirganiga, shunday inson bilan zamondosh etganiga shukurlar qilaman. Xurshid Do‘stmuhammad nafaqat pedagog, balki haq so‘zni, haqiqatni aytishdan qo‘rqmaydigan jurnalist, xalq dardi bilan yonib-kuyib yuradigan deputat, ko‘z ilg‘amas ma’nolarni ilib oluvchi nuktadon olim, “hazmi og‘ir” yozuvchi, eng muhimi va mushkuli, yaxshi inson ham.
Xudo qodir qilsa, bir inson jussasi shuncha sifat, “og‘ir yuk”ni Sizifning xarsangidek ko‘tarib yura olar ekan-da! “Ko‘ngil kishisi “oromkursi” bilan chiqisha olarmikin? Ijodga, ruhiyatga ta’siri yo‘qmi deputatlikning?” o‘rni kelganida so‘raganim bu savolga “Mutlaqo! Kuniga besh-olti odam murojaat bilan keladi. Hayotni, odamlarni ko‘rasiz. Voqelikka yaqinroq bo‘lasiz. Ular dardini aytadi, men xayol surib o‘tiraman. Deputatlik ham ijodkordek gap. Zarari bo‘lmaydi”, – degandi Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Nabiyevich.
Insonning ismi taqdirini belgilaydi, deganlari haqiqat bo‘lsa, Xurshid – odamlar orasidagi quyosh bo‘lib, shu missiyada bu dunyoga kelgani ayni haqiqat. Quyosh isitadi, Yerni yashnatadi va o‘z o‘rnida zimistonda ko‘zga ko‘rinmagan nuqsonlarni fosh etib qo‘yadi. Xurshid Do‘stmuhammad inson, sinaluvchi, sinovlardan o‘tuvchi sifatida bu vazifalarni to‘la-to‘kis ado eta oldi, deya ikkilanmay ayta olamiz.
“Haqiqatni pana qilgan bulutlar tarqab, yana quyosh charaqlaydi. Vaqti kelsa, garchi ko‘zimizdan tirqirab yosh chiqsa ham o‘sha quyoshga – haqiqatga tik qarashga majburmiz. Voqelikni qanday bo‘lsa, boricha gapirish – haqiqatni aytish, adolatni tiklash degani. Bu – odamlar orasidagi, munosabatlardagi quyoshdir!”.
Xurshid Do‘stmuhammadning suhbatini tinglab, anglaymanki, insonning botinida ne bo‘lsa, vujud nima bilan to‘yingan bo‘lsa, zohirga, so‘zga o‘sha chiqadi. Aylanib-o‘rgilib, bu insonning tili nur, haqiqat, odamiylik degan so‘zlarga tutilib qolaveradi.
“Ko‘ngilning aslida rasmi, suvrati yo‘q. Agar uning rasmini chizish mumkin bo‘lsa, u nurdan iborat bo‘ladi. Ko‘zni oladigan, ko‘zga qadaladigan nur emas, mayin nur… Ko‘pincha ko‘ngilchan, ta’sirchan, ko‘ngli nozik odamlarni boshqacha ataymiz-a? Yo‘q, bu odamga berilgan ulug‘ mukofot. Qarang, har narsaga tebranib, titrab turadi-ya! San’at, bu – ana shu noziklik, ana shu moʻjizaning mevasi”.
Adabiyot, musiqa, tasviriy san’at, kino – qo‘yingki, san’atning barcha turlarini munaqqidlardan qolishmas darajada sinchkovlik, noziklik, puxtalik bilan tahlil qiladi, o‘rganadi, o‘rganishdan to‘xtamaydi. Sevimli yozuvchisi F.Dostoyevskiy asarlariga qayta-qayta murojaat qiladi, Tengiz Abuladze filmlaridan bemisl zavq tuyadi, Kazimir Malevichning “Qora kvadrat”iga tikilib, hayot haqida xayolga beriladi, musiqa tinglab qog‘oz qoralaydi… Va deydi: “O‘tkan kunlar” romanining episentri qayer? – Xo‘ja Ma’oz qabristonining tasviri. Butun voqeaning hammasi o‘sha ikki-ikki yarim sahifalik tasvirda mujassam”.
Yoki F.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romaniga to‘xtalib, deydi: “Jinoyat va jazo”ni hammamiz o‘qiganmiz. Voqea bunday: talaba boshi aylanib, gangib, opa-singillarni o‘ldirib qo‘ydi. Bo‘ldi. Endi yostiqdek kitob ana shu qotillikning mulohazasiga bag‘ishlangan. To‘g‘ri qildimmi, yo‘qmi? Men haqmanmi boshqami?.. Asar oxirigacha iztirob chekadi, o‘ylaydi. Ammo javob topilmaydi. Asar tugaydi. Dostoyevskiy aytadi, voqealar tugab, ana shu voqealar haqida iztiroblar boshlangan nuqtada badiiy adabiyot boshlanadi, deb”.
“Kazimir Malevich. “Qora kvadrat”. Bir qaraganda, oppoq qog‘ozni qora bo‘yoq bilan bo‘yab qo‘ygandek. Yosh bola ham chizaveradi-ku! Dunyo san’at shinavandalari nimasiga buncha hayratga tushadi? Falon million dollarga sotib oladi? Qora rang hayotga ko‘proq razm solishga majbur qiladi. Unga qarab, hamma o‘z hayotini o‘ylaydi, o‘tib ketgan umrga seki-i-i-n qayrilib qaraydi, mushohada yuritadi. Ko‘zni berkitib mushohada qilish ko‘zni ochib mushohada qilishdan ko‘proq samara beradi. Shuning uchun qora rangda ma’no ko‘proq. Oq rang – sho‘xchanlik, shodlik, qora rangda esa mulohazakorlik, diqqat qilish ko‘proq. Hayot – ranglar simfoniyasidan iborat. Bitta oq yoki qora rang bilan hayot juda zerikarli bo‘lardi”.
Bu kabi topilmalarni har kim topa oladimi? Juz’iy voqelik, ishoradan ma’no chiqara oladimi?
– Ijodkorga hamisha nima kerak?
– Ijodiy sharoit kerak. Bu sharoitni jamiyat yaratadi, ijodkorning oilasi, o‘zi yaratadi. Ijodkorni kayfiyat kishisi deydilaru, lekin ijodkor qachon kayfiyatim yaxshi bo‘ladi deb o‘tirsa, ish orqaga cho‘zilib ketadi. Masalan, o‘zim kayfiyat yaxshi bo‘lganda, o‘tirib, rohat qilib yozaman. Ba’zan jahl, ba’zan zarda bilan yozasiz. Ba’zan betoblikda, tushkunlikda yoziladi…
Xurshid Do‘stmuhammad yolg‘izlikka, tinchlikka, sokinlikka moyil odam. Qiy-chuv, dabdabani, bazmi-jamshidni ko‘p ham xushlamaydi. “Men bunday davralarda odamni emas, olomonni ko‘raman, – deydi u. – Shoshgan odamlar, fikrlamayotgan odamlar… Dunyoning o‘zi shiddatli tezlikning qurboniga aylanib turibdi. Ayni shunday pallalarda Kafka, M.Prust, J.Joys, G.Markes biz – shoshayotgan odamlarni tog‘dek mashinami, tankmi bo‘lib, yelkamizdan ushlab to‘xtatib turadi. “Shoshma, odamzod, shoshma!” deya. Temur Po‘latov, anglangan daqiqalarnigina umr, deydi”.
– Armonlarimdan biri – musiqiy asboblardan, hech qursa, birini chalishni o‘rganmaganim, – deydi sevimli adibimiz suhbatlaridan birida. – Musiqa didni tarbiyalaydi, orom beradi, junbishga keltiradi. Musiqani tushunmagan odam ko‘p narsalardan bebahra qolib ketadi. Har bir asarni hali yaralmasidan o‘z ohangi, musiqasi bo‘ladi. Mana, “Yolg‘iz” asarim “Cho‘li iroq” sadolari ostida yaratilgan.
Charxpalagim charxpalak,
Aylanasan muloyim.
To‘xtatolmay men halak,
Yurgizganmi Xudoyim.
Bu qo‘shiq esa – Xurshid Do‘stmuhammad hayotining serenadasi. U hayot manzarasini ham, mohiyatiyu hikmatini ham charxpalakda deb biladi. Charxpalakni yaxshi ko‘radi. Uning falsafasicha, hayot tinimsiz harakatdan iborat. Bu harakatning boshi ham, oxiri ham yo‘q. Charxpalak – eng dono, eng donishmand. O‘zbek mehnatkashiga, o‘zbek dehqoniga o‘xshaydi. Tinim bilmas, g‘ichir-g‘ichir qilib, mashaqqat bilan aylanaveradi. Shunisi bilan unda donolik, ko‘hnalik, abadiyat ramzi bor.
“Dunyoda ko‘ngilni, vijdon, oriyatni sotmay, inson bo‘lib qolmoqlikning iloji bormi? Sharti, siri nimada?” deya ko‘p o‘ylayman. Javobni umri ibrat olsa arzigulik insonlar o‘gitidan qidiraman. “Hayotimni o‘zgartirib yuborgan, jiddiy ta’sir ko‘rsatgan kitob – “Odob-axloq go‘zalligi” bo‘lgan, – deydi axloq-odobi chindan ham go‘zal Xurshid Do‘stmuhammad. – Bu kitob talabalikning 3-4-bosqich paytlarida qo‘limga tushgan. Rus tilida edi. Men uni “Farosat kitobi”, “Nazokat kitobi” degan bo‘lardim. O‘qib chiqqach, boshqacha odam bo‘lishim kerak, degan talab qo‘yganman o‘zimga. Yotoqxonadagilarga zo‘rlab, majburlab o‘qitganman o‘sha kitobni. Uchratganki insonimni o‘sha mezonlarga solamanu, ha endi shunaqa ekanmiz-da, deb qo‘yaman. Xafa bo‘lib ketaman. Imkonim bo‘lsa, shu kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilib, har bir kelinning sepiga qo‘shib qo‘yardim”.
Yozuvchi inson fe’lidagi salbiy illatlardan hayratlana-siqila ko‘p asarlar yaratdi: “Jajman”, “Bozor”, “Donishmand Sizif”, “Chayongul”, “Beozor qushning qarg‘ishi”, “Nusxakashning merosxo‘ri”, “Oromkursi”… Noinsof, muttaham insonlar bilan bir umr murosa qilolmadi, yulg‘ich, beorlarning yuziga tupurdi, yo‘liga yurmadi…
Xurshid Do‘stmuhammad haqida uning o‘zi gapiradi. Ijozatingiz bilan xulosani o‘zingizga qoldiraman, ustoz!
“Har inson o‘zicha bir tilsim, o‘zicha bir roman. Ana shu romanni qayta-qayta o‘qigim keladi. “O‘tkan kunlar”niki yigirma martalab o‘qib tushunmasangiz, bir odamni qachon tushunasiz?! Yaxshi deyishingiz mumkin, jahli tez, mehribon deyishingiz mumkin… bu hali hammasimas. Qalbiga kirib boraversangiz, turli holatlarda o‘rganaversangiz, yangi-yangi qirralarini kashf etaverasiz…”.






