Xurshid Davron haqida ikki esse

0
77

Maʼsumiyat muzeyi – Xurshid Davron Kutubxonasi va adabiy vijdon haqida

MIRZOHID MUZAFFAR

 

Peshayvonda zanjabil tuzlayotgandim. Ijarachi Amal xola kelib, avval biroz tomosha qildi. Kulib qaragan boʻldim. Esimni taniganimdan beri nimadir qilayotganimda boshqa odam bilan gaplashishni yoqtirmasdim. Amal xola ham besh yildir buni tushunib yetgan chogʻi, indamadi. Zanjabilni avval qogʻozdek yupqa kesib, qaynataman. Suvini suzgach, guruch sirkasi, tuz va shakar solib rostlayman. Bori shu.

Tayyor zanjabilni shisha koʻzachalarga qamayotgan paytim taxtanikiga oʻxshash isi sirka bilan aralashadiyu nimanidir eslatadi. Soʻngi paytlar bunday tasodifiy eslovlarga oʻrgandim. Oxirgi bor fakultetda “portlagandi” bu eslov. Assistentlar xonasida nimadir oʻqib oʻtirgan mahalim birdan yoʻlak gursillab ketdi. Ortidan, doimgi olatasir boshlandi. Kampus hovlisiga kirgan askarlar, kabinetidan munkillab chiqayotgan professorlar, qayerdaligini hech kim aniq bilmaydigan qizil chiroqning sovuq yorugʻi. Odatda, fakultetdagi siyosiy janjallar bunchalikka bormasdi, deyman. Xonaga otilib kirgan qiz meni koʻradi-yu bir lahza nima deyishni bilmay qoladi. Oxiri oʻzim soʻz boshlayman: Tinchlikmi? Tinchlik emasligini bilardim. Fakultetda tinchlik mustasno holat. Qaytanga jimjitlik hayiqtirardi bizni. Millatchilar soʻlchi guruhga tashlanibdimi? Qaysidir domla klassik adabiyotni oʻqitayotgan payt talabalardan biri qarshi chiqibdimi? Yoʻq, bu safar boshqa. Fakultetning qayerigadir bomba qoʻyilganmish, deydi oʻzini bazoʻr bosgan qiz. Bombatoparlar kelibdi. Tezroq chiqaylik – pinak buzishga arziydi.

Kampusning torgina hovlisiga chiqqach, dimogʻimga tanish bir is uriladi. Oʻtkir, namxush, qoramtir. Oʻqdori. Bu isni olaman-u vaqt toʻxtaydi. Yangi yil payti Chinozda, mahallada portlatilgan paqildogʻ-u qoʻshni Toʻlqin alkash otgan mushaklarni eslab ketaman. Professor yengimni tortib qoʻyadi. Prustni esladim, deyman. Qarsillatib kuladi. Adabiyot boʻlimiga bomba qoʻysang, assistenti ham Prust deydi. Makonning shaxsi shudir balki, deyman professor ikki oy avval rad qilgan qaysidir dissertatsiyaga shaʼma bilan. Boʻlsa bordir.

Ammo, zanjabil isining aynan qaysi xotiraga ishora qilayotganini topolmasdim. Tish kavagiga kirgan luqmadek, tamakini tashlashga harakat qilayotgan odamning boʻgʻzidagi tugundek. Xotirani topolmadim-u zanjabilning oʻzini ramziylashtira boshladim. Baribir, dedim oʻzimga oʻzim, xotira ham oʻzi yoʻq bir voqelikka ramz topish emasmidi?

Bir paytlar Turkiyada daraxt payvandlash kofirlik deb qaralganmish. Yigirmanchi asr boshlari Turkistonda kartoshka va pomidorni “kofir nasibidir” deb yemagan odamlar haqida gapirib berayotgan paytim aytishgandi buni. Allohning ishiga aralashish, tabiatga qasdan zarar yetkazish deb oʻylashgan ekan. Bu asnoda biznikilar, Hakim Nazir qissalari yolgʻon gapirmayotgan boʻlsa, “navqiron Michurinchi” boʻlib bogʻlar ichra chappar urishayotgandi. Qiziqki, Turkiston Amerikadan kelgan sabzavotni yemasdi, ammo Usmoniylar qahvani xoʻrillatib ichishardi. Demak, halollik ham mintaqadan mintaqaga qarab oʻzgararkan, dedim.

Tuzlama-chi? Tuzlama yo murabbo ham yozni biroz uzunroq yashash, issiq kunlar yodini shisha koʻzachaga qamash emasmi? Qish izgʻirinida yozgi bodringni karsillatish faqat tilga zavq beradimi yo buning ostida allaqanday gunoh lazzati ham yotganmikan?

Bilmasdim. Bilganim, zanjabilning peshonamdagi yakka-yu yagona shisha koʻzaga sigʻolmagani. Amal xolaning xunobi oshadi. Bir hafta avval men tayyorlagan avokadoli guakamole sousi haliyam muzlatkichda yotgandi. Uni bitirmay, yana bir kosa allambalo qorishmamdan qoʻysam… Muzlatkich yalmogʻizning qozoniga oʻxshab qolibdi, degandi bir marta. Kulgandim.

Matn ham shundaymikan? Biz ham lahzaning fikriy chamogʻini matnga, matnni esa kitob muqovasi orasiga bandi qilmaymizmi? Kimningdir yozganini oʻqish oʻshaning, begonaning oniy shavqiga kechikib boʻlsa-da sheriklik qilish emasmi? Kechikib, lekin yana qasdan.

Tasodifiy xotiralar silsilasiga yalmogʻizning qozoni bilan Xurshid Davron kutubxonasi ham qoʻshilib ketdi. Faqat, bu kutubxona qozon emas, muzeyga oʻxshardi. Maʼsumiyat muzeyi. Oʻrhon Pamuq. Oʻzbekchaga oʻgirilmagan, oʻgirilsa-da yolchitilmagan yozuvchining bir romani. Toʻlqin alkashning oʻgʻli Tohir yangi telefon olganida qoʻshni Abdulaziz akaning tarashalariga oʻtirgancha qiziqsinib tikilgandim:

– Interneti bormi?

– Ha.

– Unda, bitta saytga kirsak boʻladimi?

– Boʻladi, dedi Tohir.

– “Kh-davron.uz. Shunga kir”.

– Kim u Xurshid Davron?

“Katta shoir”, deganimni eshitib avval saytga kirdi. Oppoq sahn ustida qora yozuvlar, oʻqtin-oʻqtin rangin rasmlar oʻrmalay boshladi. Keyingi oynadan Tohir qiziqqanidanmi Xurshid Davronning kimligini qidira boshladi. “Katta kishi ekan-ku”, dedi oxiri. – Men yosh deb oʻylabman. Sababi ism edi. Mahalladagi amakilarning ismi Alasqar, Qoldiboy, Turgʻunboy, Dehqonboy boʻlgach, bobong tengi odamning sinfdoshing bilan adash boʻlishi qiziq holat edi.

Saytni “Chinoz hayoti” gazetasi qoshidagi “Soʻz” toʻgaragida Gulbahor Ortiqxoʻjayevadan eshitgandim. U bizga oʻqinglar, deb tutqazgan matnlarining oxirida doim shu, kh-davron.uz degan yozuv boʻlardi. Xurshid Davronda bitta sheʼring chiqdimi tamom, bu yil kitobim chiqdi, deb kerilsang ham boʻladi, derdi opa. Biz, tumanning hech qaysi mutasaddisi yordam beravermagach, antologiyamizni ham ikki yildan beri chiqarolmay yotgan shoirvachchalar angrayib qolgandik.

Bir oy oʻtib saytda sheʼrim chiqdi. Keyin tarjimam. Keyin hikoyam. Keyin esselarim. Bu uzluksiz chiqishlar asnosida men ham yozishdan, chigʻiriqdan, hatto vatandan chiqdim. Biroq odamzod baʼzan kirishlarni ham eslaydi. Vaholanki, Xurshid Davron, bu yerda kutubxona nomi, mening qaysidir boʻsagʻaga kirishim edi.

Bu kirishlar, muqaddima-yu debochalar men oʻzimni oid deb hisoblaguvchi naslning koʻpiga xizmat qilgandi. Jontemir, Muhammad Siddiq, Shahriyor Shavkat, Nozima Habibullayeva, Feruza Xayrullayeva, Madina Norchayeva, Rahmat Bobojon, Gulhayo Anorova, Jaloliddin Saidlarni oʻsha kutubxonadan topdim. Bari maʼsum edi. Va… “Oppoq edi boshda bu dunyo”. Xurshid Davron kutubxonasi hamon oqligicha turibdi. Biz-chi? Kirlandikmi? Boʻlsa bordir. Shaxsan men poklikka daʼvo qilmayman.

Xurshid Davrondagi chiqish yo kirishdan soʻng bir kun telefonim jiringladi. Oʻzi oʻshandan keyin telefonim koʻp jiringlaydigan boʻlgandi. Xurshid akaning davrasi sim qoqib alqar, ruhlantirardi meni. Ammo bu safar narigi tarafdan Jontemirning quvmikan, har balo-yu har qazoga jaranglayvermaydigan qoʻngʻiroqnikiga oʻxshashmikan ovozi eshitildi. Gaplashdik. Sheʼriyat haqida gaplashdik chogʻi.

Nurmuhammad Abduzoir chiqdi, Masihulloh kirdi… Bir paytlar biz manzil deb oʻylagan kutubxonaning yoʻl ekanini angladik. Oʻshandan beri manzillarga ishonmay qoʻydim. Nima boʻlsa, yoʻl dedim, nima bitsa, yoʻlga yoʻydim. Senki Xurshid Davron dovonidan oʻtgan, endi bu bilan cheklanishing chakki boʻladi, dedim. Nima, eski shoirlar oʻzlariga Gulxaniy yo Atoiy deb taxallus qoʻyganda men hech yoʻq shu yoʻlchilik bilan ovutolmasmidim oʻzimni?

Fakultetga bomba qoʻyilmagandi. Hech yoʻq bombatoparlar topisholmadi. Ikki yildan beri ham daragi yoʻq. Aytishlaricha, kimdir arzongarov paqildoqni ezib hovliga sochgan-u politsiyaga bomba deb xabar bergan. Undan minnatdor boʻlish qanchalar vijdoniy, dedim. Shuncha odamning oʻtakasi yorilsa-yu, sen bir burda xotirotni deb ayni imtihon qizigan payt qoʻli qichigan bezoridan minnatdor boʻlib oʻtirsang. Men bundan besh battar ishlarga ham yetti bukilib rahmat aytgan odamman, dedim. Natijada, xotiraning bir qiymati bor. Nemis filologiyasidagi sakson yashar professor yuragini tutib qolgan boʻlsa nima? Nafaqaga chiqsin edi. Oʻn yildan beri dotsentlikka oʻtolmay yurganlar bor. Hatto mana shu ham menga kutubxonani eslatdi. Xurshid Davron, Tohirning taʼbiri bilan katta kishi bizni, nabirasining sinfdoshi bilan adash bolalarni eʼtiborga olmasa nima boʻlardi? Ayniqsa, nomidan yoshlik isi kelib, ichida amaki-yu xolalar mushoira qilayotgan jurnallar davrida kosamiz oqararmidi? Jurnallar rad etgan koʻplab yosh shoir qiziqki, aynan Xurshid Davron soʻzboshisidan soʻng porladi. Hatto eʼlondan keyin oʻsha jurnallarning oʻziyoq telefon qilib bu shoirlardan sheʼr soʻray ketardi. Istehzoning kattasi. Faqat, kutubxona turk lirasidek maydalashmadi. Maromini buzmadi. Balki aynan mening yozigʻimni berib, erkaligimni koʻtarib onda-sonda izdan chiqqandir, ammo qadrini yoʻqotmadi. Qadr yarataverdi.

Sheʼr oʻqimoq siyosiydir, dedim sinfda. Farqi yoʻq, Shekspir soneti, Yunus Emroning sheʼri yo Anvar Obidjon bolalar uchun yozgan toʻrtlik. Lekin Sharq kabi demokratiyani koʻkdan zambilgʻaltakda tushadigan neʼmatdek qabul qiluvchi xalqlar siyosiy deganda ikki xil narsani tushunishadi: yo isyon, yo itoat. Holbuki, siyosiy masala oʻzlik ifodasidan kelib chiqardi. Oʻzlik esa kishining atrofidagi mavjud muhitdan bunyod boʻladi. Bundan kelib chiqadiki, Xurshid Davron soʻngi oʻn yillik adabiyot uchun bir shaxsiyat mashinasidek xizmat qilgan boʻladi. Bu yerdagi istehzoli tazod esa shuki, shaxsiyat maʼsumiyatdan yaralmaydi. Maʼsumiyatdan shaxsiylikni topolmaysiz. Shu bois bu holatni quyidagicha tushuntirish mumkin: soʻngi oʻn yilda qalamkashlar oʻz maʼsumiyatlarini xuddi men zanjabilni shishaga qamagandek Xurshid Davronga omonat topshirardi-yu ana keyin menlik jangida ot oʻynatishardi. Saytni shuning uchun maʼsumiyat muzeyi dedim. Zotan, muzeyga yaroqli emas faqat qadrli unsurni qoʻyamiz.

Bugun kutubxonaga qayta qaradim. Zarif Sultoniy bor, Neʼmat Arslon bor, Odil Ikrom, Halima Ahmad, Mirtemir bor. Har biri bilan qaytadan tanishaman. Balki ular bizdan ancha katta yoshda chiqishgandir bu minbarga. Balki Xurshid Davron ular uchun boʻsagʻa emas, yoʻl oʻrtasidagi qoʻnoq boʻlgandir. Ammo ularni ilk bor oʻqigan Mirzohid, Jontemir yo Muhammad Siddiq bir paytlar maʼsum edi, bola edi.

Tarjimalarimni Nodirabegim Ibrohimovaning saytiga bera boshlaganimda Muhammad doimiy, horgʻin ohangini ishga solib yozgʻirgandek boʻldi: “Xurshid akaga ham bering, bizning uyimiz uyoq”. Albatta, Nodira opaning sayti ham bir davr, choʻl ichra voha edi. Lekin baribir adabiyotning vijdoni mening yangilanish ehtiyojimdan ustunligini ham bilardim. Sen Faxriyor emassan, dedim. Yangilanish sening kiftingga tushgani yoʻq. Biroq baribir ich-ichimda Xurshid Davrondagi Mirzohiddan uyalardim. Sheʼrdan uzoqlashganim, tarjimaga berilganim… Oʻzimni boy berdim, degan oʻy Nodirabegim opaning saytida biroz bosilgandek boʻlardi. Bu sayt tarjimon Mirzohidniki, derdim. Xurshid Davronga esa oʻzimdan chiqqanini beraman.

Oʻzimizdan chiqqanini berdik. Siqdik, sidirdik, eladik, quritdik…. berdik. Va Xurshid Davron ham bizga bir imkon berdi. Tuzlamadek xotirot aralash maʼsumiyat qamalgan shishachalarimizni asrash imkoni. Muzeydan avval uni yetimxonaga oʻxshatardim. Qalamkashlar Xurshid Davronga bolaliklarini tashlab oʻtishadi. Xurshid aka esa xuddi Kanadadagi nabiralari kabi bu bolalarni ham tillo tabarruk qilib olib oʻtiradi. Yanglishgandim. Tillo tabarruk qilingan joyda yetim boʻlmaydi kishi. Harholda, kimsan Gʻafur Gʻulom yolgʻon gapirmasa kerak.

Amal xola zanjabil tuzlamasini maqtab-maqtab yedi. Taylandda yashaydigan oʻgʻli Tayfun ogʻa ham maqtagandek boʻldi. Ertasi kun muzlatkichdagi guakamolening yarmi yeyildi. Muzlatkich andak odambashara tus oldi. Xurshid Davron esa oqligicha, etagidagi bolalarini chuldiratib bizni kutayotir. Toshkentga oʻxshaydi u. Bir bor nonini yegan chumchuq qaytaveradi. Doim qaytamiz. Bisotimizda bir qatra maʼsumiyat bilan borolsak, bizdan baxtlisi yoʻq.

Manba: https://oyina.uz. 30.10.2025

07

Behbudiyning nabirasi yoxud akademik (va) shoir 

HUSAN MAQSUD

Hali maktabga chiqmay turib men va akam Hasanga onam kirill alifbosini o‘rgatganlar. Har hafta uyimizga keladigan tuman gazetasini hijjalab bo‘lsa-da, o‘qirdik. Bundan tashqari, onam biror-bir ko‘rsatuv yoki kino so‘ngida titr orqali ko‘rsatiladigan yozuvlarni savodxonligimizni tekshirish uchun atayin o‘qittirardi. O‘sha paytlarda deyarli barcha badiiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar so‘ngida deyarli har kun Ahmad A’zam, Xurshid Davron, Eshqobil Shukur, Yahyo Tog‘a kabi ism-shariflarni o‘qiganimni yaxshi eslayman. Ismlarini kunda o‘qiyverib, ular menga yaqin qadrdon tanishdek bo‘lib qolgandi. Shu bois, avval hech men ko‘rmagan ko‘rsatuvlar oxirida yuqoridagi mualliflar yozilsa, xayolimdan “iye, buniyam Xurshid Davron tayyorlabdi, Ahmad A’zam bu ko‘rsatuvga qachon ulgurdi ekan”, degan fikrlar o‘tardi.

Chamasi bundan yigirma yilcha avval televideniyeda ko‘rgan vaqtingizga achinmaydigan uch-to‘rtta yaxshi badiiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar berilardi. Mazmun-mohiyatini juda yaxshi anglamasam-da, ularni imkon qadar qoldirmasdan ko‘rishga harakat qilardim. Yuqorida nomlari zikr qilingan ijodkorlarning ismlari aynan o‘sha ko‘rsatuvlar oxirida g‘oya muallifi yoxud badiiy rahbar deb ko‘rsatilardi. G‘oya muallifi yoxud badiiy rahbarlikning mohiyatini yaxshi tushunmasam ham, harholda, ular asosiy odam ekanligini sezardim…

“Kelajakda jurnalist bo‘laman”, deb orzu qiladigan menday qishloqi bolaga yuqoridagi kishilarning shaxsiyati qiziq tuyulardi: ular qanday qilib televideniyega kelib qolishdi ekan, nima qilsam ulardek men ham ko‘rsatuvlar tayyorlayman, degan savollar o‘tardi xayolimdan. Shu bois bo‘lsa kerakki, televideniyeda ishlayman degan ma’noda “Katta bo‘lsam, Yahyo Tog‘a bo‘laman, Xurshid Davron bo‘laman” derdim (onam hozir ham o‘sha gapimni kulib eslaydilar). Televideniyeda ishlab, ko‘rsatuvlarga mualliflik qilmagan bo‘lmasam-da, yuqorida nomlari aytilgan insonlarning barchasi bilan bir necha bor suhbatdosh bo‘ldim, ularni yaqindan tanidim…

G‘OYIBONA TANISHUV

Uyimizda badiiy kitob kam bo‘lgani uchun adabiyot darsliklari mening eng yaqin do‘stim edi. Hali o‘tilmagan bo‘lsa-da, ijodkorlarning hayoti va ijodini, she’r va hikoyalarini oldindan o‘qib, yod olardim. Darslikda ularning hayoti va ijodiy yo‘li hikoya qilib berilgani uchunmi, ajoyib ertak o‘qiganday katta qiziqish bilan mutolaa qilardim. Xurshid Davron degan shoirni shunday ajoyib kunlarning birida tanidim. Yuqorida aytganimday, bu ism-sharifni avvalboshda televideniye orqali bilgan bo‘lsam, keyin ma’lum bo‘ldiki, men o‘xshashni istagan inson shoir ekan…

Qish kunlarining biri edi chog‘i, guvala gurullab turgan issiq pechning yonida adabiyot darsligini varaqlayotib, bir rasm va uning chap yonida katta harflarda yozilgan “Xurshid Davron” degan yozuvga tasodifan ko‘zim tushib qoldi. G‘aroyib narsa topib olganday ajablanib, keyingi sahifalarni ochdim. Shoirning bir betdan oshiqroq yozilgan hayot yo‘lidan keyin she’rlar bor edi. Keyin miyamga bir savol keldi: bu odam o‘sha ko‘rsatuvlar so‘ngida nomi takror keladigan Xurshid Davronmi yoki boshqami? Shu savollar bilan shoirning hayot yo‘lini o‘qishga kirishdim. Nihoyat, matn oxirida savolimga javob topildi. Tarjimai hol shunday tugagan edi: “O‘zbekiston televideniyesining “Yoshlar” kanali tomoshabinlar orasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lishida telekanal bosh direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan Xurshid Davronning alohida xizmati bor”. Shunday qilib, besh-olti yoshimdayoq men o‘xshashni orzu qilganim ustoz Xurshid Davronning shoir ekanligini o‘n bir yoshimda – endi qo‘limga qalam olib, she’rlar mashq qila boshlaganimda tanidim.

5-sinf adabiyot darsligiga ustoz Xurshid akaning “Vatan haqida yetti rivoyat” turkumiga kiruvchi “Tuz haqi” va “Ota qabri” she’rlari kiritilgan edi. Hajman katta bo‘lsa-da, ushbu bitiklarni bir nafasda, o‘zgacha zavq bilan o‘qib chiqdim. She’rlar syujetli bo‘lgani uchun undagi voqelik ko‘z oldimda yaqqol gavdalangandi. Mazmunini chuqur anglamagan esam-da, lekin she’rlarning ravonligi va o‘ziga xos ohangi meni o‘ziga rom qilgandi.

She’rlar va ularning tahlili tugagach, savol va topshiriqlar bo‘limiga ko‘z yugurtirdim. O‘sha joyda “Xurshid Davronning “Bahordan bir kun oldin” to‘plamidagi “Vatan haqida yetti rivoyat” turkum she’rlarini o‘qib chiqing” degan mazmunda topshiriq berilgan ekan. Ertasi kuni maktabga borib, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisiga yuzlanib, “Xurshid Davronning “Bahordan bir kun oldin” nomli kitobi bormi?” deb so‘radim. O‘qituvchimiz savolimga ajablandi-da, “U kitobni nima qilasan?” dedi. “O‘qiyman!” dedim boshimni g‘oz tutib. “Yo‘g‘ye-ye!? Unaqa kitob borligini qayerdan bila qolding?” dedi hayrati ortib. “Adabiyot kitobida yozilgan ekan-ku”, degandim, “U kitobni katta bo‘lsang o‘qiysan, hozir tushunmaysan”, dedi ustozim. Lekin keyinroq – “Xurshid Davron hayoti va ijodi” mavzusiga kelganimizda o‘qituvchimiz o‘sha kitobni ko‘rsatgani esimda. Muqovasi yashil rangli kitob yuqorisiga oq harflarda “Bahordan bir kun oldin” deb yozilgan edi. Muqova o‘rtasida qo‘lida kabutar ushlagan ayol suratiga termilib turganimda o‘qituvchining ovozidan sergak tortdim: “Husan, mana sen so‘ragan o‘sha kitob. Ertaga olib kel, xo‘pmi?” deb, kitobni qo‘limga tutqazdi…

Oilada ikkita farzandmiz – Hasan-Husan. Bir sinfda o‘qiganimiz uchun sumkamiz ham bitta edi. Odatda, ertalab maktabga ketayotganda sumkani men ko‘tarib ketardim, qaytishda esa Hasan. O‘sha kun – ustozim “Bahordan bir kun oldin” kitobini uyga berib yuborganida, kitobni sumkaga soldim-da, Hasanga sumkani ketishda ham o‘zim ko‘tarib ketajagimni aytdim. Men kitobni bir kunga bo‘lsa ham o‘qish uchun olganim uchun qanchalik quvongan bo‘lsam, Hasan sumka ko‘tarish “azobi”dan qutilganidan shunchalik xursand edi.

Uyga borib, kitobni varaqlay boshladim. Ustozning aytgan gapi rost chiqdi: kitobdagi she’rlarni o‘qirkanman, mazmunini unchalik ham tushunolmadim. She’rlar qandaydir mavhum va mujmal gaplardan iboratday tuyuldi. She’rlarning ko‘pida qon, mozor, urush, o‘q, tun kabi so‘zlar bor edi. Tasvirlar nuqul qora ranglarda berilgan: o‘qiganim sari o‘zimni g‘alati his qilardim.

Ochig‘i, tafakkuri hali mahdud bolaga bu kitob og‘irlik qilishi tabiiy edi. Nainki yosh bola, katta yoshli o‘quvchi ham dabdurustdan “Bahordan bir kun oldin” to‘plamini hazm qilolmaydi. Chunki, to‘plamdagi she’rlarni o‘qish uchun she’rxon ma’nan tayyor bo‘lishi kerak. Tarix va san’atdan uzoqroq odam ularning mohiyatini birdaniga anglolmaydi. Shu bois, murg‘ak shuurli maktab o‘quvchisiga bu she’rlar tushunarsiz bir bitikday tuyulgan…

Tumanimiz Buxoroning eng chekka hududi bo‘lgani uchun, maktab va kollej kutubxonalari talabga javob bermas, ularni tartibga soladigan mutasaddi odam yo‘q edi. Xarobgina bir kitob do‘koni bo‘lardi. Unda pazandalik sirlari, xalq tabobati, turli nomdagi pardoz-andoz kitoblarni nazarda tutmaganda olishga arzirli kitob bo‘lmasdi. Shu bois, universitetga imtihon topshirish uchun Toshkentga kelganimda qishloqqa o‘n-o‘n beshta kitob olib ketardim, shularni keyingi gal kelgunimgacha o‘qib yurardim.

Kunlarning birida eski bolalar bog‘chasida pedagogika kolleji tasarrufiga kiruvchi kattagina kutubxona tashkil etildi. Rostini aytam, shu kutubxona men uchun katta olamga kirar eshik bo‘ldi: bu yerda badiiy kitoblardan tashqari, siyosat, falsafa, tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid kitoblar qalashib yotardi. Hatto XX asr o‘zbek shoirlarining hozirda ham topilishi qiyin bo‘lgan ilk to‘plamlari ham bor edi. Menga yoshlikda ikki she’ri bilan qadrdon bo‘lib qolgan ijodkor – Xurshid Davronning “Qadrdon quyosh”, “Shahardagi olma daraxti”, “Tungi bog‘lar”, “To‘marisning ko‘zlari”, “Samarqand xayoli” kabi kitoblarini aynan shu yerdan topganman.

Yoshlikdan tarixga qiziqardim. Tarixiy asarlarni mutolaa qilish va filmlarni ko‘rishni yoqtirardim. Meni Xurshid Davron ijodiga oshno qilgan birinchi sabab ham aynan shu qiziqishim bilan bog‘liq edi. Men Xurshid akani ilk bor telekanallardagi titrlar orqali tanib, u kishiga o‘xshashni istagan bo‘lsam, keyinchalik ustozning Erk, Vatan o‘tmishi, Millat taqdiri va kelajagi haqidagi go‘zal she’rlarini o‘qib, shoir she’riyati va shaxsiyatiga bo‘lgan ixlosim ortgan…

YUZMA-YUZ UCHRASHUV

Bizning guruh fakultetimizda eng qoloq guruh sifatida nom chiqargan edi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar bizning guruh talabalari bilan sodir bo‘lardi. Guruh rahbarimiz doim koyishdan charchamasdi. Ba’zan bizga ham insof kirganday bo‘lib, fakultet uchun arzirli ish qilib, aybimizni “yuvardik”. Navbatdagi aybni yuvish uchun qandaydir tadbir qilish chekimizga tushdi. Jon deb qabul qildik. O‘sha paytlarda men millatparvar shoir Shavkat Rahmon haqida kichikroq tadqiqot qilish niyatida (diplom ishi uchun) ijodkor haqidagi xotiralar, maqola va ilmiy ishlarni o‘qish bilan band edim. 9 may – Xotira va qadrlar kuni yaqinlashayotgani uchun Shavkat Rahmon haqida xotira kechasi tadbirini tashkil qilsakchi, degan taklifni aytdim. Hamma bir ovozdan ma’qul topgach, tayyorgarlik ishlari boshlandi: sahnada aytiladigan she’rlar tarqatildi, ssenariy tuzishga kirishdik.

Taklif mendan chiqqani bois balogardon o‘zim edim. Shu sabab, tadbirni esda qolarli o‘tkazish maqsadida nimalar qilsam bo‘ladi, deb bir-ikkita tanishlarga maslahat solgan bo‘ldim. Alalhosil, tadbirga birinchi navbatda ustoz shoir Sh. Rahmonning oila a’zolarini va do‘stu birodarlarini mehmon sifatida taklif qiladigan bo‘ldik. Niyat yaxshi edi-yu, ammo uni qanday amalga oshirish muammoday tuyuldi: mehmonlar bilan qanday bog‘lanish mumkin, bog‘langanimizda ham “qo‘ying, yigitcha, ortiqcha mashmashani nima qilasiz, undan ko‘ra o‘qishingizni o‘qing”, degan pisanda eshitmasmikanman, degan xavotir bor edi dilimda.

Shu sababdan, kattaroq bir kishidan maslahat va ko‘mak olish haqida o‘ylab qoldim. Keyin qayerdandir Xurshid akani eslab qoldim. Ustoz Xurshid Davron o‘sha paytlarda ham o‘z veb-sayti orqali turli maqolayu badiiy ijod namunalarini, shoir-yozuvchilar haqidagi ovozli va video yozuvlarni e’lon qilib borardi. Qoleversa, Shavkat Rahmonning yaqin do‘stlaridan biri bo‘lganligini bilardim. Shularni inobatga olib, ustozga internet orqali xat yozdim. Xatda u kishidan maslahat so‘ragan bo‘ldim va veb-saytlariga joylashtirgan Shavkat Rahmon haqidagi videoni berishlarini iltimos qildim.

Ustoz Xurshid Davron ijtimoiy tarmoq orqali bo‘ladigan turli tortishuvlarga, o‘zlari haqida aytilgan gaplarga deyarli munosabat bildirmas, bildirganda ham vazminlik bilan javob berardi. Shuning uchun men ustozni uncha-munchaga e’tibor bermaydigan kishi deb tasavvur qilgandim. Shularni o‘ylab, ochig‘i, xatimga javob kelishidan ham umid uzgan edim. Ammo, ikki-uch kundan keyin “marhum do‘stimni eslab yaxshi ish qilibsiz, qo‘limdan kelgan yordamni ayamayman” degan mazmunda ustozdan xat keldi. Ustoz bilan telefon raqamlarimizni almashdik. Keyin Do‘rmonga – shoir Shavkat Rahmonning uyiga borib, shoirning oilasi bilan uchrashdim, maqsad-muddaomni aytdim. Ular ham taklifimni yaxshi qabul qilishdi.

Shu orada, nimadir sabab bilan tadbir keyinroqqa suriladigan bo‘ldi. Men ham o‘qishga chalg‘ib, tashkiliy ishlar qolib ketdi. O‘sha kunlarning birida elektron pochtamga ustoz Xurshid Davrondan xat keldi. O‘qisam, “o‘zim xabar beraman degan edingiz, tadbir nima bo‘ldi? Men Shavkat aka haqidagi videoni tayyorlab qo‘ydim” deb yozilgan ekan. O‘qib ustozning e’tiboridan, mas’uliyatliligidan xursand bo‘ldim.

Xullas, tadbir 2013 yilning 7 may kuni soat 11 da boshlanadigan bo‘ldi. O‘sha kuni tadbir boshlanishidan bir soat oldin qo‘ltelefonim jiringlab qoldi. Qarasam, ustoz Xurshid aka. Gaplashdik. Ishonsangiz, ustoz hammadan oldin universitetga kelgan edi. Chiqib kutib oldim. O‘n bir yoshimda vatan haqidagi ikkitagina she’ri bilan qadrdon bo‘lib qolgan shoir bilan roppa-rosa o‘n ikki yildan keyin uchrashdim. Xurshid akaning bir she’rida Rauf Parfi haqida “sochlari oqarib qolgan bola” degan satr bor edi. Ko‘rishgan paytimiz shu satr esimga tushdi: ko‘z oldimda sochlari oqargan, ammo yuzi beg‘ubor bolalarday nurli shoir turardi. Xurshid aka men bilan ancha paytdan beri qadrdon bo‘lgan odamlarday ko‘rishdi.

To‘g‘risi, men ustozning tashrifidan xursand edim. O‘sha aytlarda Xurshid aka televideniyeda rahbar edi, ishini qo‘yib, tanimasa-da, oddiy bir talabaning iltimosiga yo‘q demay, marhum do‘stini xotirlash maqsadida tadbirdan bir soat oldin kelgan edi. Zalga kirarkanmiz, ustoz qo‘limga bitta disk tutqazdi:

– Mana, Shavkat haqidagi video. Televideniyening arxividan ko‘chirtirib keldim. Tadbirda qo‘yib berarsiz…

– E-e, katta rahmat. Video haqida aytganim esimda ham yo‘q edi. Arxivdan olgan bo‘lsangiz, sizniyam ovora qilibman-da, ustoz.

– Nima ovorasi bor? Feysbukda Shavkat haqidagi bir-ikkita fikrlaringizni o‘qidim. Shu uchun bu diskni sizga beryapman, ko‘ring, yaxshi ishlangan. Bir maqolangizni ham saytimda bergandim shekilli?

– Ha, o‘tgan yili e’lon qiluvdingiz. Lekin, uni maqola deb bo‘lmaydi. Yo‘l-yo‘lakay kelgan fikrlar edi…

– Hay, ilmiy jihatdan talabga javob bermasa ham, nimadir bor. Asta-sekin shakllanadi-da odam.

Tadbir boshlangach, avvalboshda Xurshid akaga so‘z berildi. Ustoz do‘sti Shavkat Rahmon haqida yurakdan gapirdi. Gapirar ekan, ustozning ovozida qandaydir hazinlik bor edi. “Mening birinchi kitobim chiqayotganda Shavkat aka nashriyotda ishlardi. Kitobimning muharriri o‘zi edi. Yaqin do‘st bo‘lsak ham, kitobimning tahririda ancha qattiqqo‘llik qildi. O‘sha paytda undan o‘pkalab yurdim, ammo keyinchalik to‘g‘ri ish qilganini tushunib yetdim”, dedi Xurshid aka so‘zga chiqqanida. Xurshid aka bilan suhbatlashganlar biladi: gapirganda vazminlik bilan botartib so‘zlaydi. Yolg‘on aralashtirmaydi, oqni oq, qorani qora, deb gapiradi.

Shu-shu, ustoz bilan yaqin bo‘lib qoldik. U kishining uyida mehmon bo‘lgan boshqa yosh qalamkashlar aytsin: ustozning uyi va dasturxoni yoshlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi. Uylarida necha bor mehmon bo‘lgan bo‘lsam, suhbatlarimiz oddiy suhbat emas, nafis majlisga aylangan. Xurshid akaga xos yana bir fazilat shuki, tinimsiz ishlaydi. Qachon bormay, labining chetiga tamakini qo‘ndirib, kompyuter oldida yo biror bir asarni o‘qiyotgan bo‘ladi, yoki veb-saytiga nimadir joylashtirish bilan band holatda ko‘raman. Ko‘zlari uyqusizlik va tamaki tutunidan qizarib ketsa-da, g‘ayrati sira so‘nmaydi.

Bir necha yildan beri ziyo ulashib kelayotgan “Xurshid Davron kutubxonasi” nainki shoirning, balki o‘zbek ziyolilarining haqiqiy kutubxonasiga aylandi. Bu yerda yosh ijodkorlardan tortib ulug‘ adiblarning nazmiy va nasriy, ilmiy-ma’rifiy asarlari e’lon qilinadi, har kuni minglab o‘quvchilar tomonidan mutolaa qilinadi. Ayrim gazeta-jurnal jamoalari xafa bo‘lishmasin-u, ushbu sayt davriy nashrlardan mavzu-mundarija jihatdan ancha rang-barang, o‘qimishli. Lof demang-u, ko‘pchilik yoshlar gazeta yoki jurnalda chiqqandan ko‘ra, Xurshid akaning saytida chiqishni ma’qul ko‘rishadi. Haqrost, o‘zgacha ruhda she’rlar yozadigan yosh iste’dodlarni aynan ustozning sayti kashf qilgan.

TARIXCHILARNING SHOIRI

Ustoz Xurshid Davronning 1982 yilda inja tuyg‘ular kuychisi, mohir nosir Oybek domla xotirasiga bag‘ishlab yozgan biri she’rida shunday satrlar bor: “Oybekning she’rini dalaga chiqib, Maysaga ag‘anab o‘qimoq kerak”. Rost, Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning she’rlarini diqqinafas uyda, eshik-derazani tambalab o‘qib bo‘lmaydi. Chunki, uning she’rlarida tabiatga oshiqlik, gulu maysalarning-da dimog‘ini qitiqlab turguvchi nafas bor.

Xurshid Davron she’rlarini o‘qib, uni his qilmoq uchun esa Vatan va Millat uchun doim qayg‘urgan, zahmat chekkan oydinlarimiz – ulug‘ ajdodlarimiz izlari qolgan tarixiy obidalar – Registon maydonida, Bibixonim maqbarasi va Go‘ri Amirda, Shahrisabzdagi Oqsaroyda, Ulug‘bekning rasadxonasiyu Buxorodagi qadimiy masjid-madrasalar bag‘rida o‘qimoq kerak. Ustozning she’rlarini o‘qirkansiz, yurt ozodligi uchun kurashgan vatanparvar bobolarning urush oldidan qilgan duolari, jang paytidagi hayqiriqlari, eri yoki o‘g‘lidan ayrilgan ayollarning nolalari, boshi dushman qilichi ostida tursa-da, faqat “Erk” degan er yigit va er qizlarning (Shavkat Rahmon iborasi) dadil ovozlari eshitilib turadi…

Shoirning deyarli barcha she’rida tarix, bobolar yodi, kelajakni tarixga nazar solib, undan xulosa chiqargan holda qurmoq lozim degan dominant – bosh g‘oya bo‘rtib turadi. Esingizda bo‘lsa, yuqorida yoshligimda ustozning she’rlarini o‘qiganimda nuqul qora bo‘yoqlarni ko‘rib, tushkun kayfiyatda yurganman degandim. O‘sha paytda she’r degani hayotning nurli va go‘zal tomonlarini aks ettiradigan, yorug‘ va o‘ynoqi bo‘ladi, deb bilgan bo‘lsam kerak-da! Lekin mudom shunday emas. Tarix haqida yozar ekansiz, o‘tmishimizda yorug‘ kunlar kam bo‘lganini bilasiz, ota-bobolarimiz erksiz, zolimlar dastidan mazlum bo‘lib, o‘z ichidan chiqqan sotqinlarning qilmishidan aziyat chekib, dini, tili va qadriyatlaridan mosuvo bo‘lib yashagan. Shoir degani qalam ushlagan damda bag‘ri xun, dili kuygan Millatitining, Vatanining shunday kechmishini unutishi mumkinmi?! Yo‘q, aslo!

Shuni anglagan ustoz Xurshid Davron 18 yoshida Qodiriyning ko‘zlariga boqib, nimanidir his qilganday bo‘ladi:

Buncha alam
Buncha muhabbat…
Qorachig‘da yonar hasrati.

(Qodiriyning so‘nggi surati)

Shoir she’rlarining lirik qahramoni ruhan va qalban bedor, uyg‘oq. U mudom ortga – o‘tmishga boqaveradi, boqaveradi. U O‘tmishga boqib, kelajak haqida o‘ylaydi. U o‘ylaydiki, xalq o‘z tarixidan, milliy an’analaridan, diyonatidan ayrilsa, kelakdan mahrum, halokatga mahkum bo‘ladi. Lirik qahramon barcha she’rlarda millatning har bir vakilini g‘aflatdan uyg‘otishga uringan Jarchi sifatida namoyon bo‘ladi:

Demak, hali janglar bordir,
Xudo shohid, so‘zim haq:
Dengiz, bog‘lar ko‘tarilmas,
Ko‘tarilmas ekan xalq.

…Demak hali…
Hali erta –
Zulm yo‘lin to‘saylik,
Tog‘lar bo‘lib yuksalaylik,
Bog‘lar bo‘lib o‘saylik.
(Bobon botirning o‘limi oldidan aytganlari. 1869 yil)

O‘rni keldi, bir gapni aytib o‘tay. 2010 yilgacha chop etilgan adabiyot darsliklari nisbatan yaxshi edi. 5-, 6-, 7-sinflarda yoshlarni vatan va xalqni sevishga undaydigan, erk va ozodlik kabi muqaddas tuyg‘ular kuylangan she’rlari bilan millatimiz vijdonlariga aylangan Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Azim Suyun, Halima Xudoyberdiyeva kabi sevimli shoir-yozuvchilarimizning hayoti va ijodi berilardi. O‘sha paytlarda mazkur ijodkorlarning eng go‘zal she’rlarini yod olganmiz. Lekin ma’lum sabablarga ko‘ra (turk, Turkiston, Birlik kabi so‘zlar bo‘lgani uchun!) ushbu shoirlar darsliklardan olib tashlandi. Hozirgi maktab o‘quvchilariga achinaman: ko‘p bor guvoh bo‘lganman, yuqorida zikr etilgan ijodkorlarning nomini eshitmasdan, biror satrini yod olmasdan maktabni bitirishmoqda. “O‘zbegim” (E.Vohidov), “O‘zbekiston” (A.Oripov), “Yurtim, ado bo‘lmas o‘g‘lonlaring bor” (M.Yusuf) kabi she’rlardan boshqa yana yuzlab yurt va millat haqida go‘zal she’rlar borligini ular bilmasdan ulg‘ayishmoqda…

“Bahordan bir kun oldin” to‘plamini tez-tez mutolaa qilib turaman. Bu kitob U.Azim, Sh.Rahmon kabi shoirlarning o‘tgan asrning 90-yillarida nashr qilingan saylanmalari qatorida turadigan ajoyib kitob. Ushbu to‘plamdagi go‘zal tashbehlar, ajoyib ifodalar o‘smirligimda xotiramga va ko‘nglimga o‘rnashib qolgan:

“Maqbaralar buzildi,
Yiqitildi minorlar –
Ona tarix ko‘ksida
O‘sib turgan chinorlar”.

“She’rda ba’zan havodek zarur
“Erk” so‘ziga qofiya “qasos”.

“Oy – bevaning chorasiz dardi,
Bolakayning kir ko‘ylagi – tong”.

“Boladek mo‘ltirab boqar shaharga
bir chetda biqinib olgan mitti bog‘”.

“Shamol yelar erkin, quturib,
quriy boshlar tomlar to‘sini.
Gullayotgan olchani ko‘rib
derazalar ochar ko‘ksini”.

“O‘zbek bolasining rangidir – tuproq,
Uchib ketgan qushning bo‘m-bo‘sh ini – kuz”.

“Iliq toshga suyanib
Ma’yus o‘ylar suraman,
Kiprigimga ilingan
Yulduzlarni ko‘raman”.

“Arvohlarning bezovta tushi –
Chinorlarni silkitgan shamol”.

* * *

O‘quvchilik paytimda tarixiy asarlarni o‘qishni yoqtirardim. Yukoridagi to‘plamni o‘qiganimda Mirkarim Osimning tarixiy asarlaridagi zavqni tuyganman. Buning sababini keyinchalik ustoz bilan bo‘lgan suhbatlarimizda bilganman: “Mirkarim Osimning tarixiy asarlarini sevib o‘qiganman. Tarixga ham o‘sha asarlar orqali muhabbat qo‘yganman”, degan edi ustoz Xurshid aka. Demak, Mirkarim Osimning asarlaridagi zavq-shavq keyinchalik shoir sherlariga ingan…

Darhaqiqat, ustoz Xurshid Davron, nafaqat shoir, katta tarixchi hamdir. Tengto‘shlar bilan ustozning xonadoniga necha marta borgan bo‘lsak, gap albatta tarixga borib taqaladi. Biz kitoblarda yo‘q tarixiy faktlarni, hatto o‘zimizda va jahonda vatanimiz tarixiga oid chiqarilgan kitoblardagi xatoliklarni ustoz isboti bilan aytganiga guvohmiz. Ayniqsa, tarixiy asarlarning sinchisi Xurshid Davron deyishsa, hayron qolmang. Ustoz yozuvchilarning oddiy tarixiy voqealarni bilmasligini, o‘tmishga oid kitoblarini o‘qimaganligiga toqat qilolmaydi (Temur haqidagi katta romandagi ayrim xatoliklarni oddiy yozuvchi, tarixchi sifatida ro‘y-rost aytgani uchun malomatlarga qolgani ham bor gap).

Ustoz hazil aralash chin qilib “Agar shoir bo‘lmaganimda, aniq tarixchi bo‘lardim. Tarixchi bo‘lgandayam, akademik tarixchi bo‘lardim” deydi. Bunga shaxsan men ishonaman. Ustozning kutubxonasi juda boy, kitoblarining ko‘pini turli tillarda nashr qilingan tarixiy asarlar tashkil qiladi. Qachon borsak, yangi-yangi tarixchi olimlar haqida eshitamiz, yangi asarlarni bilib olamiz. Qiziqqan odam bo‘lsa, darrovda kitoblarini titishga tushadi: boshqalarga ham ilingisi keladi.

Ustoz Xurshid Davronning yana bir yaxshi fazilatlaridan biri – bu kamtarligi va rostgo‘yligidir. “Menga Xalq shoiri degan unvon she’rlarim uchun emas, davlat oldidagi xizmatlarim uchun, ya’ni Buxoro, Samarqand kabi shaharlarning yubileylari, “Sharq taronalari”da va Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek kabi tarixiy shaxslarning yubileylarida yozgan ssenariylarim, televideniyedagi faoliyatim uchun berishgan” deganini u kishi bilan doimiy hamsuhbat bo‘lgan yosh ijodkorlar ko‘p bor eshitishgan. Shu o‘rinda ta’kidlashim ham kerakki, Xurshid Davron degan adibning barcha asarlari mazmun-mohiyat e’tibori bilan “Xalq shoiri” unvoniga loyiq!

Suhbatlarimizning birida jadidlar haqida gap ketib qoldi. Keyin gap jadidshunos, milliy ma’rifatparvarlik adabiyotining bilimdoni Begali Qosimovga borib taqaldi. Domla ustoz Xurshid Davronni Mahmudxo‘ja Behbudiyning nabirasi deb o‘ylar ekan. “Domla menga shunday degan edi rahmatli”, deb kulgan edi Xurshid aka. Esseni yakunlayotib, tasodifan shu gap esimga tushib qoldi. To‘g‘ri, ustoz Xurshid Davron jisman Behbudiy boboga nabira bo‘lmasa-da, ma’nan ushbu zoti muborakning, jami millatparvar jadidlarning izdoshi va merosxo‘ri, desam lofga yo‘ymaysiz degan umiddaman (tasodifni qarangki, Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilning 19-yanvarida, ustoz Xurshid Davron esa oradan 77 yil o‘tib, 1952 yilning 20 yanvarida ko‘hna Samarqanda tug‘ilgan).

2016 yil dekabr – 2018 yil yanvar.
Toshkent – Buxoro – Toshkent.

Manba:https://kh-davron.uz 19.01.2026

Foto muallifi: Xolida Musulmon

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting