SARVINOZ YALGASHOVA
Shoshilib ijara uyga keldim. O‘z uyimga, viloyatga ketishim kerak edi. Katta ehtimol bilan hozir kvartirada hech kim yo’q. Shu xayollar bilan kalitni olib eshikni ochmoqchi edim, u qulflanmagan. Ichkaridan yosh bolaning yig‘i ovozi eshitilardi. Birdan qo‘rqib ketdim. Kvartirada uy egalari bilan yashaymiz. Uchta yosh bolasi bor: ikki qiz, bir o‘g‘il. Qo‘rqqanimdan beixtiyor eshikni ochib, tez uyga kirdim. Kvartiraning katta xonasida uy egalari yashaydi. Eshik qiya ochiq. Uyga kimdir kirganini sezishdi shekilli, ovoz tindi. Ichkaridan uy egasi, uch bolaning otasi chiqib keldi. Ovozim chiqar-chiqmas salom berdim. Alik ham olmay tumshayib qaragancha eshikni yopishga urindi. Shu onda beixtiyor ichkariga ko‘zim tushdi. Katta qizi ko‘zlarida yosh bilan sovqotayotgan odamday yelkasini qisib turibdi. Otaning qo‘lida esa kamar. Eshik yopildi… Men esa xayolga tolgancha eshik oldida qoldim.
Eshik yopildi… Ichkaridan ustozimizning baqirib urishgan ovozi, so‘ng kaltak tovushi aralash sinfdoshlarimning kechirimlari eshitildi. Ustoz ularni “bedodliklari” uchun kamar bilan urar ekan. To‘g‘ri ba’zan ayb o‘zlarida bo‘lardi, lekin baribir maktab o‘quvchilari uchun bu juda qo‘rqinchli. Do’pposlash sahnasini qizlar ko‘rmasligi uchun eshikni qulflab olarkan. Azbaroyi ruhiyatimizga yomon ta’sir etmasin deya… eshik yopiladi.
Eshik yopildi… Chamasi o’n yashar qizcha edim. Xuddi shu dadasidan kaltak yeyayotgan qizcha qatori. Qo‘shnimiz mendan ikki yosh kichik qizini ko‘chaga chiqarib qo‘ydi. “Ayajon kechiring, iltimos, boshqa qaytarilmaydi” degancha darvozani urardi. Ba’zan bir on to‘xtab, ko’zyoshdan bir-biriga yopishib qolgan uzun kipriklari orasidan qizargan ko‘zlari bilan atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun atrofga tez-tez qarab olardi. Menimcha, kiyimsizligidan andisha qilyapti. Onam qo‘limdan tortib uyga olib kirdi.
–Agar sen ham gapimga kirmasang shu ahvolga tushasan. Ko‘rib qo‘y!
Eshik yopildi…
Eshik yopildi… Bu safar shu eshik ortida o‘zim. Onam tinmay katta bo‘lsam qanday kelin bo‘lishim haqida gapirardi. Nima deyotganini anglamas darajada bee’tibor, asabiy o‘tirardim. Har safar shu dashnomlar ostida qolganim uchundir balki. Lekin nima uchun eshiklarni yopib, huvillagan xonada yolg‘iz urishishini hech tushunmasdim. Bordi-yu, dadam bu bosimlardan xabar topsa, onamning o’zining boshida kaltak sinishini keyin angladim. Dadam – balogardonim, hamisha o‘qishim, bilim olishim uchun sharoit yaratishga harakat qilgan. Lekin ba’zan ularga og‘irlik qilayotganimni his etardim. Xorijda o‘qish istagimga ham umidimni so’ndirib, shashtimdan qaytarib qo’ymaslik uchun indamaygina bosh irg’ashlarini sezardim. Ammo onamning “o‘qishni xayolingga ham keltirma!” degan po’pisasiyu, dadamdan yashirincha menga kuyov izlashlari g‘ashimga tegardi.
Eshik ortida qolish qiyin. Xoh sakkiz yoshli qizcha bo‘ling, xoh o’n sakkiz. Bilmadim yana qancha voqelarni o‘z ortida saqlaydi eshik. “Qo‘rqsa, hurmat qiladi” degan eskicha qarashlarga javobim shuki, hurmatni kuch, urib-so’kish, do’q-po’pisa bilan olish shart emas.
Shunday xayollar bilan eshikni qulflab xonaga kirdim. Yaxshiki oyog’imni bir etikka tiqib bo’lsa ham oliygohga kirganim. Oz muddatga shu gaplardan qutuldim. Uyga borsam onam peshvoz chiqadi. Yana o‘sha mavzu…






