Rauf Parfi

0
158

USMON AZIM

666

Rauf Parfining bir dasta she’rlari ilk bor Boysunni qor bosgan payt, 1966 yili “Sharq yulduzi” jurnalining yanvar sonida Asqad Muxtor “oq yo’l”i – so’zboshisi bilan chop etilgan edi.
Men o’shanda o’ninchi sinfda o’qirdim.
Bunday ajibtovur she’rlarni birinchi bor o’qishim. Rauf akaning she’rlari birpasda menga va she’rxon do’stlarimga yod bo’lib ketdi.
Qor yog’sa, “Aylanib tushar qor qo’limga” derdik ohista…
Yomg’ir yog’sa, “Yomg’ir yog’ar, shig’alab yog’ar”, deb hayqirar edik…
Yaxshi ko’rgan sinfdoshimning ortidan “Ko’zlarimni yumay, va lekin Yoshday oqib ketma, sevgilim”, deb shivirlaganman…
Ko’zlarimni yumganim yo’q, ammo u kunlar yoshday oqib ketdi.
Ketdi.

666

Talabalik paytimda Toshkentdagi biror bir gazeta-jurnal tahririyatining eshigini ochib kirmaganman. Keyin armiyaga ketdim. Harbiydaligimda esa birgina she’rim chop etildi, xolos.
Armiyadan qaytganimda, yigirma to’rtga kirgan bo’lsam-da, adabiy davralar mendan juda yiroqda edi. Ko’pgina yozuvchi-shoirlarni olisdan tanisam ham, ular menga e’tibor berishmas, ko’cha-kuyda duch kelib qolganimizda,mehru-e’tiqod bilan bergan salomimga viqor bilan aliq olib, yonimdan beparvo o’tib ketishar edi.
Ammo bu hol juda tez o’zgardi.
Universitetdosh do’stlarim allaqachon turli-tuman tahririyatlarda faoliyat yuritishar, asarlari tufayligina menga tanish ko’pgina adiblar bilan yaqinlashib ketishgan edi. Do’stlarim bilan diydor ko’rishish asnosida, ular orttirgan shoir-yozuvchi birodarlar asta-sekin mening ham tanish-bilishimga aylana boshladi.
Mana shu jarayonning ilk kunlaridayoq yaqindan tanishganim – Rauf Parfi edi.
Mana, biz Navoiy ko’chasidagi nashriyot binosiga shundoq ro’baro’ tushgan – sho’rolar davridagi har qanday oshxona kabi allaqanday sirli bir udumga ko’ra mayxonaga aylangan – rosa ko’ngilochar yemakxonada o’tiribmiz.
Rauf aka meni tanidi.
— O, “Men seni hech kimga bermayman!” – U Toshkentda chop etilgan yagona she’rimdan bir satr o’qidi. – Halima… Xudoyberdieva aytgan… Siz uning kursdoshisiz!..
U meni maqtashga tushdi.
Keyin bilsam, Rauf aka hammani maqtar ekan.
Men ham darhol uning she’rlarini yoddan ayta boshladim. Unga va she’rlariga hurmatimni birpasda izhor etdim.
Ora-sirada Rauf aka “Qani… qani…” der va biz piyolalarga oz-ozdan quyilgan, allaqachonlar “o’zbek milliy taomi”ga aylanib qolgan ichimlikdan no’sh etar edik.
Odamlar bilan bir ko’rishgandayoq chiqishib ketadigan yoki urishib qoladigan odatim bor. Rauf aka dastlabki uchrashuvdayoq, hayolimdagi “shoir” degan obrazga shundoq mos tushdi va men uchun aziz bir odamga aylandi.
U hamon ko’nglimning to’ridagi eng aziz inson.
Men uni sog’inaman.
Usiz dunyo to’liq emasday.
Xudoyim!..

666

Har bir tilda lirik nazmning o’z leksikasi bo’ladi. Har bir shoir o’z leksikasi bilan she’riyatga kirib keladi. Abdulla Oripovning ilk qadamlarini eslang. U ishlatilmaydigan va qachonlardir (masalan, Navoiy tomonidan) foydalanilib, esdan chiqib ketgan so’zlarning qanchasini zamonaviy lirikaga olib kirdi.
Bir kuni yozgan she’rimni do’stlarga o’qib berdim:

— Tong titraydi kech kuzakning quchog’ida,
Yulduzlarni o’chirmoqda gulgun shafaq.
Jonim, qalbim she’riyatning pichog’ida,
Osmon – tilsim, Zamin – tilsim, She’r – beshafqat…

Rauf akaga negadir “pichoq” so’zi yoqmadi.
— Shuni “xanjar” desa bo’lmaydimi? – dedi u menga qattiq tegmaslikka urinib, tabassum qilar ekan. – “Pichoq” she’rga tushmaydi…
Men u kishini darhol tushundim. Chunki “xanjar” so’zi allaqanday sururli ruh olib kiradi. Pichoq esa bor-yo’g’i ro’zg’orda ishlatiladigan buyum-da…
Ammo men tilimizda “xanjarlamoq” degan so’z yo’qligini, ammo “pichoqlamoq” degan dahshatli so’z borligini ham nazarda tutgan edim.
— O’ylab ko’rish kerak ekan, — dedim bahsga kirishmay, garchi so’z o’z o’rniga tushganini his qilib turgan bo’lsam-da.
Bir necha yillardan keyin Rauf akaning – estet Rauf Parfi ham she’rida “pichoq” so’zini ishlatganining guvohi bo’ldim.
Yuragi fojiallarga to’la Rauf aka bir qarashda hazillashib yashayotganday taassurot qoldirar edi.
Uning hazil-mutoyibalari adabiyot ahli orasida hozirgacha takrorlanib keladi.
“Qaerdasiz?” degan juda nodon savolga tabassum bilan “Shu… shu… Xalq eshigida…” deb javob berardi. Hamma kulardi. Ammo bundan dahshatli realistik ma’no borligini kamdan-kam odam tushunardi. Demak, “Ishlamayapman… Pulim yo’q… Uyga sig’mayapman…Birovlarga ergashib yuribman…”
Bechora Rauf aka!
Bilmadim, u qanday yashashni orzu qilgan ekan?
Uning hayotini faqat Mashrabning bexonumonligiga o’xshatish mumkin.
Dunyo Rauf Parfini udda qilolmadi.

666

Pulni pisand qilmaydigan yagona odam Rauf Parfi edi. pul nima, xazon nima – unga baribir edi. Har qancha pulni birpasda sarflashi, birovlarga tiqishtirishi, “bazmi jamshid”ga xarjlashi va har bir balolarga sovurishi mumkin edi. Atrofida esa har kun ko’rishadigan birodarlari va shoir hozirgina “ixtiro etgan” ulfatlari; tanishlar va notanishlar; o’tkinchilar va hech qachon o’tmaydiganlar; shu o’tirishdan keyin unut bo’ladiganlar va unutilmaydiganlar…
Zahmat chekib topgan kattagina qalam haqini bir necha kunda sarflab yuborganiga ichimiz achib, guvoh bo’lganmiz.
U yolg’on dunyo o’ylab topgan allaqanday pul degan hiyla-nayrangga juda bepisand edi.
Shuning uchunmi, dunyo undan muttasil qasos oldi.
Dunyo o’zining yo’liga yurmaganlarni yomon ko’radi.

666

O’sha paytlar taksida yurish juda katta xarajat degani edi.
Ammo Rauf aka faqat taksida yurar, biror-bir sabab bilan avtobusga chiqsa, kayfiyati buzilib, allaqanday asabiylikka cho’kkan ko’yi, kamgap bo’lib qolardi.
U so’nggi pulini sarflab, bemalol taksidan tushib ketaverardi.
Ertagacha xudo podshoh!
Ha, Rauf akada faqat so’nggi pul bo’lar, cho’ntagida ortiqcha pul turishiga hech qachon yo’l qo’ymasdi.

666

Rauf aka negadir, o’zining ta’biri bilan aytganda, “elliginchi yillar” – mening tengdoshlarim bilan yaqin edi.
— Bu elliginchi yillar!.. – derdi u hammamizni qo’shib, bizdan birvarakay achchig’i chiqqanda.
Biz – kurashuvchan avlod – majlisu-yig’inlarda “haqiqat” talashaverardik. Bu taloshlarning shashti, albatta, Rauf aka ishtirokidagi davralarimizda ham davom etar, kimningdir reaktsion chiqishiga qarshi shu zahotiyoq javob yozish taraddudini ko’ra boshlardik, kimningdir po’stagini qoqib qolardik…
— Qo’yinglar! – derdi xunob Rauf aka, u-bu narsa qo’yilgan stol atrofida “majlis” boshlanganidan asabiylashib.
— Nega qo’yar ekanmiz? – derdik biz, nazarimizdagi haqiqatning bir qarichini birovga berish xiyonatga teng ekaniga qattiq ishonib. – U odamni bilasiz-ku!..
— Qo’yinglar, — derdi Rauf aka va bizning hamma haqiqatimizdan juda katta bir haqiqatni aytardi: — Baribir bir kuni o’lib ketadi…
Chindan ham… o’lib ketadi.
Xudoga shukr!
O’limni yaratganga shukr!
Hammamiz o’lib ketamiz!..
Faqat bu haqiqat negadir esimizdan chiqib qoladi.
Bu tez-tez eslamoqqa arziydigan, hayot kabi ulkan haqiqatdir.

666

“Boladay beg’ubor” degan jumla Rauf Parfi haqida o’ylab topilgandek edi. U juda samimiy, odamlarning hurmat-izzatini joyiga qo’yadigan inson edi.
Ammo obro’parastlarni, mansabparastlarni va “Vatan dushmanlari”ni juda yomon ko’rardi.
Bu toifadagi kaslar, shoir nazarida, insoniyatga xiyonat qilgan kimsalar edi.

666

Rauf Parfidan ozodlik ruhi ufurib turardi.
Shoira Qutlibeka Rahimboeva bilan ko’rishib qoldim. Rauf akani esladik.
— Rauf aka ozodlik edi, — dedi u.
Shuning uchun bo’lsa kerak, ozodlikni qo’msaganlar Rauf Parfiga intilgan.
Men yoshligimda, xususan, talabaligimda g’irt “kommunist” bo’lganman. “Stalin davridan boshlab bular Leninning to’g’ri yo’lini buzib kelayapti”, deb o’ylardim o’sha paytdagi rahbarlar haqida.
Bu tuturiqsiz xomxayollar miyamdan chiqib ketishida Rauf akaning yonida yurganim ham katta yordam bergan. Mustamlakachilar haqida ham, O’zbekiston mustaqil bo’lishi kerakligi haqida ham ilk bor uning davrasida eshitganman.
Rauf Parfi buyuk vatanparvar edi.
Uning hech narsasi yo’q edi: martabaga, mansabga, pulga, uy-joyga va yana hamma uchun muhim bo’lgan allabalolarga qayrilib ham qaramagan.
Ammo uning Vatani bor edi.
Vatan ozodligi uchun kurash umumruhining ulg’ayishida Rauf Parfining nihoyatda ulkan tarbiyasi bor.
Yo’q, bu yo’ldagi amaliy ishlarga u bosh-qosh bo’lgani yo’q. Fe’l-atvoriga ko’ra bosh bo’lolmasdi ham. Ammo unda ozodlikka cheksiz bir intilish bor edikim, shoirning bu halol qalb harakati ko’plarga yuqadi.

666

Ba’zi bir ichkilik saqlanadigan idishlarda “Yotqizilgan holda saqlansin!” degan yo’riqnoma bo’lardi.
— Qalaysiz? – deb so’rab qolardik, ba’zan Rauf akaga qo’ng’iroq qilib.
Rauf aka:
— Yotqizilgan holda saqlanayapman, — deb javob berardi.
Ichilayotganda esa o’ta kamtarin bir ohangda qadah so’zi aytardi:
— Qolgan umrimiz rohat-farog’atdan o’tsin!

666

Rauf aka she’rlarini yondaftariga chiroyli qilib ko’chirib yurar, joyiga kelganda, yangi she’rlarini shu daftarga qarab o’qirdi. Birov bundan chin samimiyat bilan hayajonlansa, darhol shu she’rni unga bag’ishlar – “Falonchiga” deya yozib ham qo’yardi.
Ammo shoirning kitoblarida bag’ishlovlardan juda kami qolgan. Nazarimda, she’r bag’ishlangan odamlar to’plam chiqquncha, o’sha samimiyatni unutgan bo’lsalar kerak. chunki yaxshi she’r eshitayotganda yoxud o’qiyotganda paydo bo’ladigan samimiy tuyg’ular odamni bir lahzaga yuksaltiradi. Biroq hamisha bu yuksaklikda yashash juda kamdan-kam odamga nasib etadi. Ba’zilar bir dumalab, yuksaklikdan pastga tushib ketadi. Ayrimlar borib-borib she’r hazar qiladigan kimsalarga aylanadi. She’rga arzimay qoladilar. Rauf aka qachonlardir she’rdan entikkan odamlardagi mudhish bu o’zgarishni ko’rgan. Bag’ishlovlardan she’rning qiynalayotganini ham allaqanday ongorti hushyorligi bilan anglagan. Oqibatda, ularning ism-sharifini shartta o’chirganda, she’rni qiynoqdan ozod etgan. U hatto she’rning erkin nafas olganini ham his qilgandir…
Buyuk shoirlar hayotining har lahzasi she’rga o’xshaydi. Ularning umri yuksak, teran va fojialidir.
Ular mudom hozirgina she’r eshitib hayajonlanayotgan odamdek yashaydilar.

666

Rauf aka eng savodxon shoirlarimizdan biri edi. Uning she’riyatimiz yangilanishidagi xizmatlari juda ulkan. Shoir ijodda ma’no, shakl va ohangni o’zgacha bir injalikda yuksaltirdi. U she’riyatimizning intellektini ko’tardi. Jaydarilikdan xalos etib, zamonaviy jahon adabiyoti darajasiga olib chiqishda ulug’ xizmatlar qildi.

666

Rauf Parfining hayoti muammolardan iborat edi.
Birovlar nazarida, muammolarga ko’milib qolgan Rauf Parfini boshpanali qilish masalasi katta idorada qo’zg’olganda o’sha joyda ishlayotgan Murod Muhammad Do’st:
— Tavba! Toshkentga kelganimga yigirma besh yil bo’ldi. Yigirma besh yildan buyon Rauf Parfiga uy olib berishi masalasi ko’ndalang turadi, — deb hammani kuldirgani esimda.
Rauf aka hech qachon uy so’rab, birovning oldida mo’ltirab o’tirgan emas. Bu vazifa xayrixoh do’stlar zimmasida edi.
Rauf aka boshpanali bo’lgach, uyni navbatdagi xotiniga tashlab, hech narsa bo’lmaganday “xalq eshigi”ga chiqib ketaverardi.
Hammani yengil torttirib yechilgan zil-zambil muammo esa yana Rauf akaning yelkasiga gurs etib tushardi. Do’stlarning ko’ngli xira, ammo shoir sirtida hech narsani ko’rmaganday yashar, faqat u tobora ko’zda arang tutilib turgan bir tomchi yoshga mengzab qolayotganini his qilar edim…
Oqibat, bu tomchi yosh uzilib tushdi.
Oqibat, buyuk shoir oxirgi yo’lga o’z uyidan chiqmadi.
Uning tobuti birovning uyidan ko’tarildi.
Bunga hech kim aybdor emas.
U eplanishi qiyin odam edi.
Uning hatto pasporti ham yo’q, bu hujjatni olish uchun allaqanday mayda-chuyda idoralarga borish, yugurib-yelish – shoir uchun o’limdan battar azob ish edi. Idoralarda ham ishlay olmas, tartib-intizom deganning uyini hadeb kuydiravergandan keyin, har qanday xayrixoh rahbar ham u bilan xayrlashishga majbur bo’lardi.
Rauf aka qaysidir bir teran tuyg’u bilan idoralar, aslida, ozodlik dunyoda erkin yurmasligi uchun qo’yilgan katta-kichik, ochiq-yashirin tuzoqlar ekanini juda aniq fahmlardi. Unga qorin to’yg’azish tashvishida ertadan-kechgacha allaqanday ishxonalarda aylanib yurish erish tuyulardi.
U mutlaq erkinlikni istardi.
She’riyatdan boshqa ish uning uchun nojiddiy edi.
Rauf Parfi mangu parvoz uchun yaratilgan qushga o’xshardi.
Ammo yerga qo’nmasdan bo’ladimi?
Rauf akaning o’zi ham anglab-anglamagan fojiasi mana shunda edi.
Shoirning yonida paydo bo’lgan, uni yaxshi ko’rgan ayollar, albatta, parvozdan ertami-kechmi charchab, yerga qo’nishni, ozgina hordiq olishni, biror-bir oshyonda hamma qatori yashashni istab qolardi.
Ularning istagini bajo keltirishga uringan noyob qush esa andak qo’nim topgach, oshyonning qafasga o’xshashligini sezib, yuragi siqilar, yana uchishni sog’ina boshlar, oxir-oqibat bir silkinib, qanot qoqardi-da, yana erkin parvozga aylanardi.
Dunyo bu odamning odamlarga o’xshamagan fe’liga g’ashi kelib qarar, qo’lidan keladigani – osmonini pasaytirgani-pasaytirgan edi.
Oqibat, Rauf Parfi osmoni yerga qapishdi.
Nazarimda, u o’lgani yo’q, halok bo’ldi.
Esiz, Rauf aka!..

666

Rauf akaning vafotidan bir yilcha avval nashriyotlar uyi – “Navoiy, 30”ning ko’cha zinalaridan ko’tarilayotsam, tanishlardan biri eshikdan shoshilib chiqib qoldi. Buncha oshiqib qayoqqa ketayotganini surishtirgan bo’ldim.
— Rauf akaning “ishxona”siga-da…
U biz qarshisida turgan bahaybat binoning o’ng tomoniga ishora qildi.
Rauf Parfi allaqanday kafechada “soat falonchadan soat falonchagacha” ulfatlari bilan o’tirishini eshitgandim, ammo bu manzilni shu atrofdaligini bilmagan ekanman. Shoirni ko’rmaganimga ham ancha bo’lgani bois ishimni yig’ishtirib, haligi tanishga ergashdim.
Rauf aka beo’xshovroq ikki ulfati bilan, “dasturxon”ning ahvoliga qaraganda, “nochor bazm” qilayotgan edi. Biz quchoqlashib ko’rishdik. Ochig’i, Rauf aka ham, men ham, hech kimga bildirmasak-da, ozgina yig’loqimiz. Ko’zimizga qalqib kelgan yoshdan zo’riqib, suhbatni boshladik…
— “Ish”ga chiqibsiz-da, — dedim, boshqa iloj qolmaganidan hazilga o’tib.
— Ha, “ishxona”mizda tartib-intizom juda kuchli. Soat o’n yarimda shu yerga yetib kelamiz, soat beshgacha qattiq mehnat qilamiz. Xo’sh… Dushanbada dam olamiz…
Kulishdik.
— Ishlamay o’tiribsizlar?
— “Rahbar” yo’q, — dedi Rauf aka xuddi jiddiy ishxonada o’tirgan mas’ul xodimday vazmin qiyofada. – Bir “rahbar” kelgan edi. Bo’shashga ariza ham yozmasdan darhol ketib qoldi. Ish to’xtab turibdi…
Rauf aka ko’p so’zlar qatori “rahbar”ga ham yangi ma’no kiritgan edi. U “bazmi jamshid”ning xarajatini ko’taradigan “qurbon”ni misli ko’rilmagan “mansab”ga ko’tarar va o’tirishga kelib qo’shiladigan navbatdagi mehmonlarga uni alohida hurmatlab, “rahbar” deb tanishtirar edi. Shoir hech kimni bu martabaga qo’yarda-qo’ymay ko’tarmas, aksincha, odamlarning o’zi negadir bir ishoradanoq jon-jon deb rozi bo’lardi.
Mana, bir misol.
Yozuvchilar uyushmasida ishlaganimda koridorga chiqsam, uch-to’rt yosh shoir, Rauf aka ta’biri bilan aytganda, “darvesh”lar u yoqdan bu yoqqa yurib turishardi, uning o’zi esa “rahbar” topish yo’lida jiddiy izlanayotgan ekan. Qachonlardir “rahbar”lik qilganlarning bugun cho’ntagi quruq va shu bois, albatta, bu mas’ul vazifaga aslo da’vogar bo’lolmasdi.
Ko’chadan Turob To’la kirib keldi. Rahmatli ko’p yaxshi odam edi. Yozuvchilar uyushmasida har o’n besh kunda erinmay yoshlarning she’riyat kechasini olib borar, shu sababdanmi, fe’li navqiron – yoshlar bilan juda chiqishib ketardi.
— Mana… Mana… Turob akam keldilar! – Rauf aka yarashimli tabassum bilan peshvoz chiqdi.
— Ha, Rauf? – dedi Turob aka gap nimadaligini allaqachon payqab, jilmaygancha.
— “Rahbar” yo’q, — dedi Rauf aka kuyinib. – Hech topilmayapti. Izlayapmiz…
— Topilmayaptimi?
— Yo’q-da! Shunga… O’zingiz… Lekin “rahbar”lik… yaxshi ish…
— Mening vaqtim yo’qroq-da…
U kishi kostyumining cho’ntagidan bitta yuztalik olib, Rauf akaga uzatdi.
— Mana!
Rauf aka pulni qo’liga olgach, yuztalikning obro’sidan andak dovdirab qoldi:
— Ko’p-ku!..
U pulni nima qilishini bilmay turar: qaytarib bermay desa, ancha katta pul, beray desa… Turob aka “ha, mayli” deb cho’ntagiga solib ketsa, nima bo’ladi!
Rauf aka yo’lini topdi.
— Biz yigirma so’mini sarflaymiz, — dedi u chin vijdon bilan. – Qolganini o’zingizga qaytaramiz…
— Hammasi sizlarga! – dedi Turob aka va tepa qavatga eltadigan zina tomon yurdi. U ham negadir bu pulni berganidan rosa xursandday edi.
— Obbo! – dedi Rauf aka bunday saxiylikdan hamon o’ziga kelmay. – Ko’p-ku…
U zinadan chiqib ketayotgan Turob akaga chin ko’ngildan yana bir bor va’da berdi:
— Qolganini qaytarib beramiz!
Turob aka hotamtoylikda qat’iy turib oldi:
— Hammasi o’zlaringniki!..
Rauf aka va “komanda”si bo’lajak buyuk ishlarga chog’lanib, sumkalarni ko’targancha ko’chaga – ozodlik sari chog’lanib turardi.
Men hazillashdim:
— “Rahbar” ketib qoldi. O’tirishlaring endi qanday kechadi?
Rauf aka shu zahotiyoq javob topdi:
— Turob akam besh kun davomida o’tirishning faxriy raisi bo’ladilar…
Ana hurmat-u, mana hurmat!..

666

“Kuz” kitobim chop etilayotganda yozuvchi-shoirlar o’zaro “tsenzura” deb yuritadigan tashkilotning qag’riga uchradi.
Ammo buni eshitganim yo’q: fe’limning charsligini bilgan nashriyotdagilar meni avaylagilari kelganmi, boshqa rejalari bo’lganmi, har holda, muallifga bildirishni lozim topmagan.
O’sha kezlari nashriyotda ishlaydigan bir shoira bilan uchrashib qoldim.
— Voy, kitobingizdan xabar olmaysizmi? – dedi u. – She’rlaringizni bosh muharrir o’zicha tahrir qilib yotibdi.
Bir lahzada ichimdan g’azabli g’ashlik qo’zg’alib, vujudimda nimadir qilichdek tikka bo’ldi.
Bu holning oqibati o’zimga ayon: ko’zimga hech narsa ko’rinmaydi. Keyin, qaerdaligidan qat’i-nazar, aytadiganimni aytib, deydiganimni deyman. Na birovning yuzini xotir qilaman, na birovning ko’zini. Aybdor deb o’ylaganim kas eshitolmay yurgan o’zi haqidagi hamma haqiqatni bir zumda bilib olishi hech gap emas.
— Nega tahrir qiladi?
— Xabaringiz yo’qmi, kitobingizni senzura chizib tashlagan…
— Ana, xolos!
Bosh muharrir yomon yigit emas. She’rlarim chop etilishini istayotgani uchun shu ishga qo’l urgan bo’lsa kerak. Ammo… she’r ko’p nozik narsa-da! Begona birgina so’z tushsa ham, she’rligi qolmaydi.
Shu kechasi uxlolmay to’lg’anib chiqdim.
O’sha “tsenzura”ning onasini ko’rsatmasam… Kitobim chiqmasa chiqmabdi-da!..
Ertasiga ham g’azab otidan tushmay, nao’riyotga jo’nadim. Nashriyot va senzura bir binoda joylashgan. Muharrirlardan gapning nimadaligini aniq bilaman-u, “erkkesar”larning oldiga tushaman!
Navoiy ko’chasidagi 30-uyning eshigini ochdim-u… Rauf Parfiga duch keldim!
Menga qarab charaqlab kulib turibdi. Ko’zoynak tagidan ko’zlari ajib nurlanadi.
— Ie, ie… Jangga ketyaptilarmi?
O’sha paytlar Rauf aka ham kitobim chop etilayotgan nashriyotda ishlagani bir zumgagina “qo’ngan”, shu sababdan voqealardan xabardor ekan.
— Senzuraga bormang! – dedi u niyatimni eshitgach, jonkuyarlik bilan. – Bormang… Yaxshisi, ular chizgan she’rlarni olib tashlang… Shundog’am qolgani kitob bo’laveradi… Ularni keyin… senzura vafot etganidan keyin boshqa kitoblarda chop ettirasiz…
Rauf aka juda jiddiy, allaqanday uqtirib, ishonch bilan gapirdi.
Men negadir birdan tinchlandim.
Nashriyotga bordim-da, rad etilgan she’rlarni kitobdan umuman chiqarib tashlashlarini so’radim.
Shu bilan kitob chop etilib ketdi.
Yaxshi odamlarning gapiga farishtalar “omin” deydi.
Rauf aka Sho’rolar dunyoni titratib turgan paytda ishonch bilan “Albatta, mustaqil bo’lamiz”, derdi.
Aytgani keldi.
Senzura degan idora ham taxminan bir yildan so’ng, haqiqatan ham, Rauf aka aytganday, “vafot etdi” – tarqatib yuborildi.
Olib tashlangan she’rlarim ham, Rauf aka aytganday, keyingi kitoblarimda nashr etildi.
Shoirlar bilan kurashmaslik kerak.
Kurashgan odam baribir yengiladi.
Masalan, farishtalar har gapiga “omin” deb turgan Rauf Parfini kim yenga oladi?!

666

Kuni kecha vafot etgan bo’lsa-da, hozir unutilgan bu yozuvchining dovrug’i o’z vaqtida O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tutgan edi. Oltmish yoshga yetganda, nazarida, shuhrati shu qadar yuksalgandiki, maqtanmaslikka iloj topolmadi.
— Men o’zbek xalqining otasiman! – dedi u o’zi tuzgan “Pablo Neruda” she’riyat klubiga qo’l ostidagi xodimlarini yig’ib.
Orqa qatorda o’tirgan Rauf Parfi to’ng’illadi:
— O’zbekistonning padariga la’nat!..

666

Rauf aka oilamizga juda yaqin edi.
Shoir haqida har xil gaplar yetib kela boshlagach, xavotirga tushdik.
O’zimizcha “Uyga olib kelsak… Shu yerda yashayversalar bo’lardi” degan xayollargacha bordik.
Ammo uni qaerdan topamiz?
Anig’ini biladigan odam yo’q, “ishxona”lariga ham ilgarigiday tartib-intizomda kelmayotganini aytishadi.
Bir kun xotinim Ra’noxon bilan Navoiy ko’chasida ketayotsak, naq qarshimizdan Rauf aka chiqib qoldi.
O’lib tirilgan odamlarday o’rtanib ko’rishdik.
— Rauf aka, uyga keling, — dedi Ra’noxon.
Men ham uyga kelishga da’vat etdim. “Agar kelsa, haligi maqsadimizni ham bafurja pishitib olamiz”, deb o’yladim.
— Agar borsam, meni juda zo’r kutib olasizlar-a! – dedi ayanchning shu’lasi urgan tabassum bilan Rauf aka. U allaqanday hayajonda – yuragi po’rtanada qolgan egasiz qayiqday qalqinayotganini sezdim.
Kulib turib, ko’z yoshsiz yig’lashni buncha chiroyli, buncha hasratli bajarmasa bu odam!
— Keling, kutamiz, — dedik. – Albatta keling! Esingizdan chiqmasin!..
— Agar borsam, meni podshohday kutib olasizlar-da, a?
Uning ko’zlarida baribir yosh halqalandi.
Mening ham tomog’imga o’krik tiqilgan – faqat “podshohlardan baland kutib olish”imizni aytganim aytgan.
U o’zini tutib turishi endi maholligini sezdi. Albatta borishga va’da berdi-da, barmog’i bilan ko’z yoshini bildirmaygina artgach, tezgina xayrlashdi-yu, burilib jo’nadi.
Biz ham “E, Rauf aka-yey…” qabilida nimanidir gaplashgancha, ko’nglimiz to’liqib, yo’limidan ketdik.
Ortimga burilib qaradim.
Navoiy ko’chasidan Rauf Parfi emas, allaqanday yig’i boshi oqqan oqqan tarafga ketayotganday…

Bu Rauf aka bilan so’nggi ko’rishishimiz edi.

666

Ro’zi aka, Shukur aka va Rauf Parfi vafot etgandan keyin hayot bir qadar zerikarli bo’lib qolganday. Chunki bu aqlli, donishmand daholarning afandiliklari ham ko’p edi.
Ro’zi aka bir davlat boshlig’iga “oshno” deb murojaat etgan ekan.
Nikoh to’yiga taklifnoma tarqatayotgan Rauf aka “Uylanayapsanmi?” degan savolga “Onam uylanayaptilar”, deb javob bergan ekan.
Shukur aka rashki kelib, raqibini “So’yaman!” deb jo’sh urganda, yonidagi jilovdor ukasi oddiygina qilib, “So’ying!” degach, “O’ligini qaerga qo’yamiz?” deya o’ylangan ekan…
Dunyo afandilarsiz ham yashayveradi.
Lekin bu daho afandilar hayotligida dunyo g’oyat chiroyli edi.

Manba: www.kh-davron.uz

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting