IBROHIM HAQQUL
“Qani edi, barcha odamlarning g’am-g’ussasi meniki bo’lsa…”
Sirri SAQATIY
Hamma xalqning o’ziga xos adabiyoti bor. Ammo milliy adabiyotni dunyo badiiy tafakkuri maqomiga olib chiqqan millatlar uncha ko’p emas. XIX asrga kelib rus shoir va adiblari jahon adabiyotining oldingi saflaridan joy egallay boshladi. Pushkin, Lermontov, Gogol, Turgenev, Tolstoy, Dostoevskiy… Bularning har biri millat va adabiyot deb yashagan izdosh, safdosh, hammaslak daholardir. Adabiyot va san’at o’sha davrda xor-zorlikdan dili g’am-g’ussaga to’lib ketgan rus xalqi himoyasiga yaraydigan darajada kuchga ega edi. Erkin fikr, haq so’z ifodasi endi vahima tug’dirmas, qo’rquv, riyo ijod ahli uchun isnod hisoblanadigan ochiq kunlar boshlangan, haqsiz-huquqsiz yashashdan to’ygan, befarqlikka ko’nikkan odamlar qalbiga adabiyotdan oydin bir nur oqib kelar edi. Bu dunyoga nimaga kelib, ne maqsadda yashab, qanday ahvolda o’lib ketayotganini ham idrok qilmay qo’ygan xaloyiq ongida tubdan yangilanish kuzatilardi.
Rus xalqining o’zini tanishini tezlashtirgan san’atkorlardan biri Anton Pavlovich Chexov edi. Aytaylik, Chexov nigohida “butun Rossiya – qandaydir mumsik, dangasa, meshchan odamlar mamlakati” o’laroq ko’ringan bo’lsa, buning sira ajablanarli joyi yo’q. Ijtimoiy, axloqiy, madaniy va ma’rifiy tanazzulga yo’liqqan mamlakatining ahvolini boshqalardan ko’ra u teranroq anglagan. Unga chin dildan kuyinib, el boshiga yog’ilgan biri biridan mash’um kulfatu hasratlarga o’zicha chora izlagan. Yurtiga, eliga muhabbati – eng avvalo, Chexovning ular haqida yolg’on gapirmagani, bir jumla bo’lsin, yolg’on yozmaganida. Shuning uchun uning “panjasiga panja urmoq” nihoyatda qiyin!
Hayotga hayot ko’zi bilan qaragil! Voqelikdan topmagan narsangni mavhumot dunyosidan axtarma! Odamni hayvondan farqlashda hech adashma! Ana shunda asl mohiyatga yetmog’ing mumkin. Mohiyat esa sen o’ylagandan ko’ra behad chuqur va murakkab. Nima bo’lmasin, insonni ma’nodan mahrum etma! Atrofing ma’nisiz kimsalarga nechog’liq to’lib-toshmasin, yetuk Shaxs orzusini boy berma! Mayda odam urug’i urchib ketdimi – daxlsiz haqiqat qolmaydi, hamma narsa parchalanadi…
Chexov asarlarini, xususan, hikoyalarini o’qiganda, aynan bo’lmasa hamki, ana shunga yaqin va o’xshash ovozlar baralla eshitilib turadi. Darvoqe, adabiyot maydoniga endigina kirib kelayotganidayoq Antosha Chexonte daf’atan “Men hayotni yozaman!’’ degan. So’nggi nafasigacha ahdiga sodiq qolgan Chexov realizmining o’ziga xosligi ham, qandaydir alohida kuch-quvvatga egaligi ham ana shunda.
Anton Paalovich Chexov 1860 yil, ya’ni bundan bir yarim asr muqaddam Taganrog shahrida savdogar oilasida dunyoga kelgan. Dastlab shu shahardagi gimnaziyada tahsil olib, so’ng Moskva universitetining tibbiyot fakul`tetini tugallagan. Hayotni bilish, ayniqsa, qishloq odamlari turmushini miridan sirigacha o’rganishda vrachlik kasbi unga qo’l kelgan. Faqat vujud xastaliklarigagina emas, qanchadan-qancha ma’naviy-axloqiy kasalliklarga ham u adashmay “tashxis” qo’ygan. Rus adabiyoti o’z tarixida bunday sezgir, bilag’on “tabib – tashxischi”ni ko’rmagan desak, g’alat bo’lmas. Chexovning ilk asarlari “Oskolki”, “Strekoza” jurnallarida bosiladi. “Melpomen ertaklari”, “Olaquroq” nomli to’plamlari esa uning iste’dodiga qiziqishni kuchaytirib yuboradi. Maktublaridan birida u “Men uzun voqealar haqida qisqa yozishni bilaman”, degan edi. “Chinovnikning o’limi”, “Xameleon”, “Unter Prishibeyev”, “Semiz va oriq” va boshqa o’nlab “chertsa jaranglab turgan “kaftdekkina” (A.Qahhor) hikoyalarida Chexov aynan ixcham shaklda qanday yozish va jonli xarakter yaratish san’atini namoyish eta olgan.
Chexov tajribalarini adabiyotdagi yangi hodisa sifatida ta’riflagan adiblar ko’p. Ulardan hech qaysisi Lev Tolstoy qadar topib aytolmagan: “Chexov – prozadagi Pushkin”. Boshqa bir o’rinda u Chexovni na Turgenev, na Dostoevskiy, na o’ziga (Tolstoyga) qiyoslab bo’lmasligini ta’kidlarkan, “Chexov – haqiqiy san’atkor: uni bir necha marotaba takror o’qish mumkin”, deydi. Chinakam san’at asari shunday bo’ladi. Ko’p ijodkorlarning yozgani hatto bir bora o’qishga ham yaramaydi. Nima uchun? Adabiyot – yozish, tinimsiz yozaverish “dastgohi” emas. Adabiyot – obraz orqali ko’ngil olamini ochish, ruhni so’zlatish san’ati. “Nimani ko’rsang, nimani qalban haqqoniy va samimiy his qilsang, shuni yozish kerak, – deydi Chexov. – Mendan goho u yoki bu hikoyangizda nima deyishni ko’zlagansiz, deb so’rashadi. Bunaqa savollarga men javob bermayman. Mening vazifam – yozish… Jonli, hayotiy obrazlar fikrni shakllantiradi, fikr o’zi esa hech vaqt obraz yaratmaydi”. Chexovning har bir asarida fikr obrazdan tug’iladi. Obrazning tub asosi esa – hayot va haqiqat.
Ancha yillar muqaddam “Hasrat” hikoyasini o’qiganimda ko’ngilga “Odam ham shunchalik nochor, shu qadar abgor bo’ladimi?” degan savol sanchilgan edi. Iona Potapovning qahraton qish kechasidagi ahvolini o’ylasam, hozir ham g’alati bo’lib ketaman. Hasratingni aytsang-u, eshituvchi topilmasa, g’am-g’ussa yo musibatingni atrof-muhitdagilar bir chaqaga ham arzitmasa – qanaqa jamiyat bo’ldi bu? Iona Potapov deganimiz yakkayu yagona o’g’lidan ajralgan bir izvoshchi. Boshiga tushgan kulfatni izvoshiga chiqqanlarga aytib, yuragini bo’shatmoqchi. Biroq u shunchalik nodon, mahdudki, o’g’lining nima kasaldan o’lganini ham bilmaydi. Aqli yetgani – “Xudoning xohishi-da” demoq, vassalom. Bolasining o’limi sababini bilmaganidek, boshqalar uni hurmat-e’tiborga loyiq ko’rmasligiga sabab nima ekanini ham Iona xayoliga keltirolmaydi.
Boshda unga rahmingiz keladi, g’aribu notavonligiga achinasiz. Hikoyadagi voqea va munosabatlarni mushohadadan o’tkaza boshlagach, fikr qandaydir teskariga qarab og’ishini sezasiz. Darhaqiqat, kimga nima gap aytishni ham bilmaydigan, duch kelganga dardini dasturxon qilib, mazaxga ham, ustidan kulishlarga ham “hi-hi” deyaveradigan kimsaning o’zi kim? Uning ahvoliga nega achinish kerak? Shu savollar ustida bosh qotirarkansiz, Ionaning g’ururi, or-nomusi, qadr-qiymati allaqachon lahadga tiqilgani, o’g’il vafoti bunga bir “eslatma”ligiga amin bo’lasiz. Iona – noshud, nochor, tashlandiq, Iona – badbaxt, kulfatzada… Bularning bari to’g’ri. Lekin uning botinidagi odamlik javhari qani? Odam sifatida u suyanadigan ma’ni qayonda?
Izvoshchida bular yo’q, ehtimol azaldan bo’lmagani uchun ham u shu holga tushgandir. Ahvolini anglab, o’ziga o’zi yordam berolmaydigan tirik maxluqqa shafqat qo’lini cho’zding nima-yu, cho’zmading nima – baribir u kamsitilish, ezilishga mahkum. Adib dilini tilka-pora qilgan ismsiz hasrat – ana shu! Hikoya tagqatlamida qanchadan-qancha ionalarning taqdiri, fojiasi yashirinib yotganiga shu bois ham shubha qilmaysiz. Bunday asar yozish naqadar qiyinligini o’ylab, “Ha, bu – Chexov- da…” deysiz.
Avgust oqshomlaridan biri. Havo salqin. Hammayoq zax. “Yoshgina dub daraxti” ostida bir o’lik yotibdi. Uning qoshida ikki mujik “navbatchilik” qilyapti. Biri – mo’ylovi endi sabza urgan o’spirin, ikkinchisi – echkisoqol, oriqqina chol. Ismi, ishi, yashash sharoitini aytmasangiz, bu mujikning ham aql-farosati Ionanikidan farqlanmaydi. Tuturiqsiz gap-so’zlariga toqat qilolmagan o’spirin unga mana bunday deydi: “Miyangni mundog’ qo’zg’atib ko’r, Syoma!.. Biron yaxshi gap eshitsang, ma’nisini topishga urin, miyangga joylab ol, qayta- qayta o’ylab ko’r… Mabodo tushunmasang, miyani ishlatib, bosh qotirib astoydil urinsang – topasan, gapning mag’zini chaqasan… Aql degan narsani o’zingki harakat qilib topmasang, dunyodan benishon, shu tentakligingcha o’tib ketasan…”
Hikoyaning nomi – “Jonsiz tana”. Lekin o’quvchini “jonli tana”, ya’ni Syomaning marhumdan nima farqi bor degan savol o’ylatadi… Albatta, odam o’z-o’zidan beaqllik, gumrohlik botqog’iga botmaydi. Chexov bunda, xususan, qashshoqlik hodisasiga urg’u beradi.
“Agar muhtojlik, qochib qutulib bo’lmaydigan dahshatli qashshoqlik bo’lmasa, bu dunyoda turmush nechog’liq go’zal bo’lardi” (“Mujiklar”). Umuman olganda, bu – haq gap. Hayotda xoru zorlik, tengsizlik, g’am-anduh aksariyat qashshoqlikdan yuzaga keladi. Qashshoqlik, kambag’allik hukm surgan joyda odam va odamiylikning emas, pulu boylikning qadri osmonga ko’tarilib, faqiru fuqaroga turmush do’zaxga aylanadi. Ammo aql-idrok, mehnat-mashaqqat bilan bu “do’zax”dan qutulish mumkin. Moddiy muhtojlikka ma’naviy nochorlik qo’shilib, keyingisi oldingisini ergashtirsa va kuchaytirsa-chi? Inson shunchalik tubanlashadiki, hatto hayvon ham uning kuniga dod deydi. O’sha kezlarda rasmiyatchilik, insonga beparvo munosabatda bo’lish rus xalqini qurshab olgan badbaxtliklarning bosh asoslaridan biriga aylangan edi. Xususan, davlat va hokimiyat idoralarida xizmat qiladigan amaldorlar xuddi shu “asos”ning jonli tamsilchilari edi. Ana shunaqa holat, ayanchli manzaralardan ham adabiyot nigohini chetga burmasligi, qaysi bir shaklda bo’lmasin, ularga munosabat ko’rsatishi lozim. Shunda haqqoniy bitilgan mo’jazgina asar ham o’quvchi qalbida tubanlikka qarshi bir dunyo taassurot uyg’otishi hech gap emas.
Chexov yaratgan turli mavqe va nufuzdagi chinovniku chinovnikchalar obrazi saltanat va xalq tanasiga kanaday yopishish oqibatlarini keng muhokama qilishga undaydi. O’sha kimsalar dunyoqarashi va dilidagi maydalik, quvlik, bachkanaliklarni Chexov shu qadar mahorat bilan fosh etadiki, ulardan ayrimlarini odam demoqqa ham til aylanmaydi.
Huquqsizlikda kun o’tkazib – huquqsizligini, qullikda yashab – qulligini, yo’qsillik qa’riga tushib, xoru zorlik sabablarini anglayolmagan xalqning yelkasiga minib olish qiyin emas. Qiyini – million-million odamni tobelik, mazlumlik ko’nikmasidan qutqazish. Chunki bu mash’um holat inson botinida tomir otadi. Shuning uchun zohiriy dushmanlik va zulmga nisbatan insonning o’zi o’ziga ravo ko’radigan (albatta g’ayrishuuriy tarzda) nodonlik va mutelik ming bora xavfliroq. Odam bolasi O’zni bilishga intilmasa, tamom – o’qish deysizmi, fikrlash yo mehnat qilish deysizmi, hamma-hammasi o’tkinchi mayllarga tayanadi, xolos. Bunday holatda insondan har nimani talab qilish mumkindir, yolg’iz bir narsa – ma’noda sobitlikni kutib bo’lmaydi. Bag’oyat murakkab, ziddiyatli shu haqiqat Chexovning ko’pgina hikoyalarida badiiy talqin qilingan. Shulardan biri – “Qayliq”. Hikoya bosh qahramoni Nadya – yozuvchi orzusidagi obraz.
Yoshlikning orzu-istaklari o’zgacha bo’ladi. Nadya ham o’n olti yoshida erga tegishni “zo’r ehtiros bilan orzu qilib”, yigirma uch yoshida oliy ma’lumotli filolog, ammo bekorchi Andrey Andrevich degan bir gapdon yigitga unashtiriladi. Qiz va yigit bir-biriga yoqqan, albatta. Ahdu paymon qilinib, to’y muddati ham belgilanadi. Nadya kutgan xotirjamlik, xursandlik o’rnini g’ashlik, mahzunlik egallay boshlaydi. Negaki, bu xayolparast qiz sira o’zgarmaydigandek tuyulgan yakrang hayot, atrofdagi odamlar to’g’risida, o’zi bilib-bilmay, mustaqil fikrlashga kirishgan. To’y yaqinlaganda Moskvadan mehmonlikka kelgan Aleksandr Timofeevich, “sodda qilib aytganda Sasha” degan yigit bilan bo’lgan muloqotlar Nadyaning ko’nglidagi fikr uchqunlarini go’yo alangalatib yuboradi. Qiz beixtiyor ko’p narsadan ma’no izlashga tushadi. Qarangki, doim “o’z onasini ajoyib, tengi yo’q ayol deb o’ylagan Nadya, endi qancha o’ylamasin, uning sodda, oddiy va baxtsiz bir ayol ekanini bilmay kelganiga” hayron qoladi. Shuningdek, qaylig’ining sevgi nari tursin, oddiy hurmatga ham arzimasligini anglab yetadi. Xullas, erk, shodu xurram yashashga imkon beradigan yangi bir hayot orzusi bilan u shahrini tark etib, Peterburgga jo’naydi. Chexov zamonida bunday mushohadachi kishilarga jamiyat telbaga qaraganday qarab, jinnidan qochganday ulardan o’zini chetga tortgan. “Oltinchi palata”dagi sho’rlik do’xtir Andrey Yefimichning o’zi haqidagi e’tiroflarini bir eslang. “Men zararli ishga xizmat qilmoqdaman, – deydi u, – va o’zim aldayotgan odamlardan oylik olmoqdaman, men vijdonsizman…” Vijdonning og’ziga latta tiqilgan jamiyatda bunday gap bomba portlashidan ham yomon eshitiladi. Holbuki, “vijdonsizman” deyish o’zgaga emas, odamning o’ziga berilgan baho. Demak, isyon xavfi – vijdonda…
Chexov ijodining o’ziga xosligi haqida so’zlanganda, hayotdan odamga emas, balki odamdan voqelikka o’tilganini inobatga olish lozim. “Hayot nega bunday?” Bu savolga javob berishdan oldin adib “Nega odam bunday?” degan savolga javob axtaradi. “Narsa – o’zida” deyilganidek, asosiy baxtsizlik, g’am-g’ussalarni Chexov odamning o’zidan, bandaning bandaga o’tkazgan zulmidan qidiradi. Inson o’zi ma’nan majruh, zerikarli bo’lgach, hayot nechun quvonchli kechsin? Insondagi bema’nilik – turmushdagi barcha musibat, azobu alam va haqsizliklarning tamali. Zero, siyrati ma’no-mohiyatdan yiroq inson – hayvoni notiqa, ya’ni so’zlaguvchi hayvondir. Turli tabaqaga mansub shunaqa kimsalar ahvol-ruhiyasini tasvirlarkan, yozuvchi ularni ochiq ayblamaydi, haqiqiy ahvolni bilmaslikni, unga molday ko’nikishni qoralaydi.
Chexov hikoyalarining ma’no-mantig’ini bir- biriga ulab, yaxlit g’oyaviy manzara yuzaga keltirilsa, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, axloqiy-ma’naviy munosabatlari chok-chokidan titilib, ruhan xastalangan jafokash Rusiya “Oltinchi palata”dan farqlanmay qoladi. Kimni kuzatmang, yo ong, yo xulq-atvor, yo mafkura, yoki sa’yharakatida bir illat, bir tubanlikni ko’rasiz. Ziyoli – avomdan, olim – zolimdan, dindor amaldorlaridan battar. Aql-idrok razolatga cho’kib, erkin fikr quvg’inga uchrab, odam o’zligini boy berganda jamiyat qanday buzuqliklar girdobida qolishini Chexov shafqatsizlik bilan tasvirlaganki, bundan norozilik qahr, goho darg’azablikka ko’tariladi. Chexov esa “oyni etak bilan yopib bo’lmas”ligini har satrida isbotlab boradi.
Jinoyatchilar hayotidan roman yozadigan bir yozuvchi politsiya izquvaridan “siz meni muttaham va daydi odamlar makoniga olib boring”, “qotillarning bir necha toifasi bilan tanishtiring”, “yashirincha ish tutadigan fohishaxonaga ham kirib chiqsak”, deb iltimos qiladi. Bunga izquvar “jonim bilan”, “bunisi ham mumkin”, deya javob qaytaradi. “Shundan keyin yozuvchi o’zini qalbaki pul yasovchilar, o’g’rilar, tovlamachilar, qo’shmachilar…” bilan uchrashtirishni so’raydi. Bunga ham “xo’p bo’ladi…”, “istaganingizcha topiladi…” degan javob oladi. “Yana bir iltimos, – deydi yozuvchi. – Men romanimda boyagilarga qarama-qarshi ikki-uch yaxshi inson obrazini bermoqchiman. Shuning uchun sizdan o’tinib so’rayman, menga ikki-uch yaxshi, sof vijdonli odamni ham ko’rsatsangiz…”
Politsiya izquvarini, “sof vijdonli odam” iborasi sergak torttirib yuboradi. Nafasi ichiga tushib, bir zum xayolga beriladi va “hm… – deya g’uldirab, – yaxshi, qidirib ko’ramiz!” deydi. Bor gap shu. “Anqoning urug’i” deb nomlangan bu lavhada necha kitobning mazmuni mujassamlanganini, menimcha, har kim ham aytib berolmasa kerak. Bundan tashqari, sof vijdonli, rostgo’y kishilarni qidiruv nima natija berardi – bu ham mubham. Rostlikka, poklikka da’vogarlar har qadamda uchragan. Ammo…
“Zerikarli voqea” hikoyasining asosiy qahramoni mashhur professor, baobro’ sovetnik Nikolay Stepanovich “Mening olimlik nomimda hech qanday dog’ yo’q… Bu nom – musaffo nom”, deya kerilib yuradi. Umr shomi yovuqlashganda professor hech kutmagan achchiq haqiqat yuzaga chiqadi – bilsaki, u besamar ilmga umrini qurbon etib, maydalashib ketgan daqqi bir kimsa ekan. Mana, o’zini talantli, mehnatsevar, tarbiya ko’rgan, kamtarin, halol deb yurgan bir olimning ichki qiyofasi!
Chexov tip yaratishda tengsiz san’atkorlardan. Asarlaridagi “mo’minligi tufayli shaxsini yo’qotgan”, “o’ta ko’ngilchanligi sababli kuchsiz va xaraktersiz bo’lib qolgan”, “maydagap, ojiz bir kishi” kabi qayd va ta’kidlardan ham tipik qiyofalar ko’zga ko’rina boshlaydi.
“Engiltak” hikoyasidagi Olga Ivanovna chindan ham yengiltak, havoyi. Adib so’zlari bilan aytganda, “arzimagan havasga uchib, butun vujudini yopishqoq, iflos bir narsaga bulg’agan” dog’uli xotin. Ammo yon-atrofdagilarda u jozibali, aqlli va iste’dodli ayol o’laroq taassurot uyg’otadi. Ashula aytib, royal` chalib, rasm chizar, haykal yasar ekan, bu ishlarni xonim boplab bajaradi. Hikoya avvalida yozuvchi maftunkor bu juvon “talanti”ning bir xususiyatini alohida ta’kidlaydi: “Biron kishining sal dong’i chiqsa bormi, tamom, Olga Ivanovna u bilan darhol tanishardi, bir kundayoq do’stlashardi va uyga taklif qilardi. Har bir yangi tanish topgan kuni unga chinakam bayram edi. U mashhur odamlarni ilohiylashtirar, ular bilan faxrlanar va ularni har kun kechasi tushida ko’rib chiqar edi”.
Mashhur kishilarga oshuftalik barcha zamonlarda bo’lgan. Biroq shaxsiy g’araz, manfaat yuzasidan o’lib-tirilib “ulug’ kishi»ga tarmashish, “kosa ko’zaning labiga” tegar-tegmas esa undan voz kechishdek yuzsizlik hech qachon o’tgan asrdagichalik udumga aylanmagan bo’lsa kerak. Bora-bora ayb ham sanalmay qolgan bu xulqiy xastalik xususida fikr yuritsangiz, Chexovning his-tuyg’u tadqiqotchisi sifatida qanchalik yiroqlarni ko’ra bilganiga qoyil qolasiz.
Xarakter yaratish degani nima o’zi? Jo’ngina qilib aytganda, odamda ma’no bormi, yo’qmi – avvalo, ana shuni topish. Qolgani o’z-o’zidan o’nglanib ketaveradi. Chunki odam chinakam fikr hayotiga erishmas ekan, ikki dunyoda ham ma’no sohibi bo’lolmaydi. Chexovning hikoya, qissa, dramalaridan kelib chiqadigan katta bir xulosa–ana shu! “Chayka”dagi yozuvchi Trigorinning o’zi to’g’risidagi mulohazalari yodingizdami? Arkadinaning maqtashlariga javoban u “Mening irodam yo’q… hech qachon menda shaxsiy iroda bo’lgan emas. Bo’sh, lanj, hamisha bo’ysunuvchi odamman…”, deydi. Yozuvchimi, olimmi, oddiy ziyolimi – Chexov ulardan xuddi shunday ochiqlikni talab qilgan. Talab barobarida o’zi o’rnak ham ko’rsatgan. Adib yashagan zamonda hayotiga makr-hiyla qo’shilmagan, ijodiga soxta ko’tarinkilik aralashmagan ikkita san’atkor bo’lsa, biri – Chexov. Bitta bo’lsa, u ham Chexov.
Qalbining qaysi bir burchaklarida hatto Tolstoyda ham ulug’lik havosi seziladi. Tolstoydek shaxsiyat sohibi uchun bu ayb ham sanalmas. Lekin Chexovning tabiati baribir boshqacha. Uning shaxsi hayot tuprog’ida ildiz otgan azamat daraxt kabidirki, har shoxi, butog’i, har yaprog’idan hayot tovushi, naqadar zerikarli bo’lmasin, tiriklik sadosi eshitiladi. Tolstoy bobo “Chexov – hayot san’atkori” deganda to’la haqdir.
Adabiyot va san’atga ko’ngil bog’lagan kishi, shak-shubhasiz, Chexovni yaxshi ko’radi. U o’z shaxsiga e’tiborni jalb etmaydigan, ya’ni imkoni yetgani qadar “men”ini yashiradigan yozuvchilardan. Shunga qaramasdan, asarlarini o’qib, chuqurroq anglaganingiz sari aynan adib shaxsiga qiziqishingiz kuchayadi. Bu betakror Shaxs rus xalqi va adabiyotining bebaho boyligidir.
Ona shahri Taganrogda kambag’allarning farzandlari uchun maktab ochishi, kasalxona va muhtasham kutubxona qurib berishi uning jamiyatda chinakam javonmard bo’lganini tasdiqlaydigan dalillardir. Chexovdagi botiniy madaniyat, til va dil birligi, mushohadadagi tiniqlik, tug’ma kamtarlik va xokisorlik, uyat va hayo hissining balandligi – bularni sanab sanog’iga, aytib adog’iga yetib bo’lmaydi. Chexov dunyodan axtarganini siyratidan topgan, ammo topganini biror bandaga sezdirmagan. Uning kamsuqum, kamgap, tortinchoqligi shundan bo’lishi kerak. Boshidan kechirgan qiyinchilik, baxtsizlik va omadsizliklar Chexovni sabr odami, hamma narsaga tik qaray oladigan kuchli iroda sohibi ekanini ko’rsatadi. Chunki u his-tuyg’ularni bir “markaz”ga jamlash, irodani kemirguvchi mayl va tushunchalar bilan hech murosa qilmaslikning uddasidan chiqa olgan. Chexovda manfaatparast, serda’vo, mayda “men”chalarning yo’qligi va u o’zini to’la-to’kis ijodga bag’ishlay olganining asosiy sabablaridan biri ham ana shu.
Bu dunyoda har kim o’z yo’lini topishi va shu yo’ldan yurishi, har bir yurak o’zining nuridan munavvar bo’lishi kerak shunda hayot boyiydi, ko’rkamlashadi, yashash rohatga to’lib boradi. Chexovning orzusi va ideali shu edi. Uningcha, odamlarni omadli va omadsizlarga ajratish – inson tabiatiga tor va yuzaki qarash bo’lib, insoniy mohiyatni teran tushunishga to’sqinlik qiladi. Zohiran ishi yurishgan va omadli ko’ringan kimsalar Chexov hikoyalarida muvaffaqiyat, omad “to’n”larining chetga uloqtirilishini hatto sezmaydilar ham.
Inson ichki dunyosini yoritishda qanchalik ilgarilamasin, badiiy ijod, iste’dod, yozuvchilik mehnati to’g’risida so’zlashni u mutlaqo yoqtirmagan. “Men yozuvchimanmi? Nimaga yozishim kerak? Ijodkorning bosh vazifasi nimadan iborat?” degan savollar unga tinchlik bermagan. Uning adabiyotga qarashi mutlaqo xolis, tamasiz bo’lgan. Shundan u yutgan, nima yozsa – cho’chimay, birovga yoqish yoki yoqmasligini o’ylamay yozgan.
“Munofiqlik, befahmlik, o’zboshimchalik yolg’iz savdogarlar xonadoni va jamoalarida hukm surayotgani yo’q, – deydi Chexov, – ularni men ilm-fanda, adabiyot va yoshlar orasida ko’rib turibman…”. Bulardan ko’z yumgan joyi bormi uning? Bo’lganida, ilm va adabiyot ahlidan biri uni – dinsiz, boshqasi – g’oyasiz, yana biri iste’dodsiz deya tahqirlamagan bo’lardi…
Dunyo tanqidchiligi va adabiyotshunosligida ishlatilgan “izm»-“izm”lar mabodo bir joyga yig’ilsa, adabiyot hayotiga xavf soladigan bahaybat bir uyum paydo bo’lishi hech gap emas. To’g’ri, ilm tili, ma’lum bir ma’noda, istiloh, turg’un ibora ekani shubhasiz. Ayni choqda termin bilan fikrlash, qoliplashgan qup-quruq mulohazalarni ilgari surish adabiyot yoki o’quvchiga foyda yetkazishiga ishonish ham qiyin. Rus faylasufi L.Shestov “Go’zallik haqida so’zlash – eng bo’lmag’ur ish: avvalo go’zallikni yaratish kerak. Hanuzgacha hech bir estetik nazariya san’atkor fikr- tuyg’usi qayoqqa yo’naladi va ijodiy faoliyatining chegarasi qaerdaligini aniq belgilay olgani yo’q”, deydi.
Haqiqatan ham shunday. Qiyinni – qiyin, murakkabni – murakkab demasa, ilm ahli orasida xayoliga kelganini vaysaydiganlar ko’paysa ko’payadiki, kamaymaydi. So’zni, tuyg’uni his qilmagan olim – go’zallik va adabiyotning g’animi. His qilish – o’qish, o’rganish bilan erishiladigan malaka emas, u ham bir iste’dod. Bo’lmasa, o’sha faylasuf, mutafakkir Shestovning o’zi Chexovni “Insoniy umid qotili” deb ayblarmidi?!
Rus adiblari orasida hayot chog’larida qattiq tanqidga uchraganlardan biri ham Chexov. Skabichevskiy degan tanqidchi hatto “Chexov ichkilik ichib-ichib bir devorning tagida o’lib ketadi”, deya “bashorat” ham qilgan ekan. Qizig’i shundaki, tanqid va tanqidchilik deyilganda Chexov faqat shu gapni eslagan: “Hikoyalarim haqidagi tanqidlarni yigirma besh yildan buyon o’qiyman, lekin biror foydali yo’l-yo’riqni eslayolmayman, biror yaxshi maslahat eshitganim yo’q. Faqat bir vaqtlar Skabichevskiy aytgan gap menga ta’sir qilgan: u meni mast holda devor tagida o’lib qoladi, degan”.
Kitobxonning o’zi tilloni misdan farqlay olsa-ku, muammo yo’q – yaxshi kitob o’quvchisini topib, yaroqsizi chetga surilaveradi. Taassufki, iste’dodli ijodkor ko’p bo’lmaganidek, iste’dodli o’quvchi ham kam. Adabiy tanqid ko’pincha shu “bo’shliq”ni zabt etib, haqiqiy ijodkorni bemalol kamsitib, iste’dodsiz va o’rtamiyonachilarni ko’klarga ko’taravergan. Badiiy ijod sir-asroridan bexabar, adabiyotni his qilishga ojiz kitobxon nima qiladi? Har bir nomdor olimning maqtoviga ham, tanqidiga ham laqqa tushadi. Lekin o’zini o’zi kamsitganini, yurak qoni bilan bitilgan kitobni huzur qilib o’qimaslik fikr hayoti uchun qanday yo’qotish ekanini tushunmasdan, ko’r-ko’rona ishonadi. Chexovxonlikda ham o’tmishda shunday bo’lgan. Qancha o’quvchi o’shanda “Chexovning pyesalari – bo’sh joydagi fojialar”, degan fikrni qabul qilgan bo’lsa, demak, ularning hammasi chalg’igan. “Olchazor”, “Vanya tog’a”, “Chayka”, “Uch opa-singil” – bular hozir dunyo teatrlari nigohini o’ziga qaratib turgan asarlardandir. Shuni ta’kidlash joizki, Chexov ijodiga sovuq va biryoqlama munosabat sho’ro tuzumi davrida ham, aniqrog’i, to Stalin vafotiga qadar sezilib-sezilmay davom etgan. Uning kitoblariga qiziqish, merosini ilmiy tadqiq qilish va nashr etish ishlarida keyinchalik yuksalish boshlanib ketdi. Chexovshunoslik rus adabiyotshunosligining eng jo’shqin tarmog’i sifatida e’tibor qozongani adabiyot va ilm ahliga bugun yaxshi ma’lum.
Chexov va o’zbek adabiyoti masalasiga kelsak, bu alohida va maroqli bir mavzu. Chexov adabiy merosini o’qib-o’zlashtirish, turli janrlardagi ijod namunalarini tarjima qilishda yurtimizda quvonarli ishlar amalga oshirilgan. O’tgan asrning qirqinchi yillarida ulug’ adibimiz Abdulla Qahhor “Hozir bizda chexovchilik boshlanayotir”, degan edi. Ushbu harakatning boshida Abdulla Qahhor turganidek, keyinroq Chexov “Tanlangan asarlar”i uch jildligi nashriga ham uning o’zi bosh-qosh bo’lgan. Chexovning “muborak ko’zoynagi”ni taqib, nigohini o’z xalqi o’tmishiga qaratgan yozuvchi ham Abdulla Qahhor edi. O’zbek ijodkorlaridan ko’pchiligini Chexov asarlari qiziqtirgani shubhasiz. Lekin gap shundaki, ikki-uch yozuvchini istisno demasa, so’nggi qariyb yarim asr mobaynida o’zbek qalam ahlidan hech kim Chexov san’atxonasining ichkarisiga kirib borgani yo’q. Qahhor boshlagan ijodiy tashabbus qunt ila davom etganda edi, ko’p yozuvchilar hech bo’lmaganda, kuch- quvvatini “o’tin yorish”ga sarflamas, qanday yozish hunarini puxta egallamasa hamki, nimani yozmaslikni bilish saviyasiga ko’tarilar edi. Bu, albatta, shaxsiy bir fikr…
Chexov shaxsi va ijodiyoti haqida o’ylaganda, bir rivoyat esga kelaveradi. Eski Xitoy podsholaridan biri tush ko’rib, ertasi vaziriga “Mamlakatdagi hamma zo’r musavvirlarga yetkazing, menga Oy gardishini kesib o’tgan bir qush suvratini chizib bersin. Ko’rik o’tkazib, g’olibga mukofot beramiz”, debdi. Hukmdor farmoyishi bajarilib, ko’rik vaqti ham belgilanibdi. Rasmlar saroyga yig’ilgach, shoh ularni birin-birin nazardan o’tkazibdi. Qarangki, birontasi ham unga yoqmabdi. “Ko’rikka qatnashmagan musavvir qoldimi?” deb so’rabdi u vaziri a’zamdan. Surishtirilsa, birgina musavvir qolgan ekan. Uni shoh huzuriga olib kelish buyurilibdi. “Nega topshiriqni bajarmading?” debdi shoh. “Olampanoh, – degan ekan o’shanda musavvir, – siz aytgan manzarani chizishga men ko’p urindim. Biroq har qancha jahd qilmay, tunda Oy gardishini kesib o’tadigan qushni aniq tasavvur etolmadim…” Menga xuddi shu gap kerak edi. Qolgani o’zimga ma’lum. Bor, shu yo’lingdan og’ishma…” debdi shoh. Aynan shunday maslak va e’tiqod bilan adabiyotga xizmat qilgan yozuvchilarning peshvolaridan biri, hech shubhasiz, Chexov edi. Chexov san’atiga ishonch – haqiqiy adabiyotning kuch-quvvati va istiqboliga ishonch bilan barobar. Hozirgi vaqtda asarlari dunyoda eng ko’p o’qilayotgan san’atkorlar sanalganda, Chexovning nomi ham albatta tilga olinadi. Ovrupolik bir adib “Chexov men bilan bir umr muloqotda bo’ladi”, degan ekan.
Bu buyuk rus adibining kitoblarini bir marotaba miriqib o’qigan kishi, istasin- istamasin, “Men Chexovga yana qaytaman…”, demog’i muqarrar.
Manba: “Tafakkur” jurnali, 2010/04






