Hukmdor

0
49
Old edition

NIKOLLO MAKIAVELLI

I bob

Mamlakatlarning necha turdaligi va ularning egallanish yo‘llari

Avom ustidan hokimiyati mavjud barcha mamlakat, barcha davlatlar o‘tmishda-da, hozirda-da mohiyatan tuzumi yoki respublika bo‘ladi, yoki yakka hokim tomonidan boshqariladi. Yakka hokimchilik – agar hokimning sulolasi uzoq davr taxt surgan bo‘lsa, merosiy bo‘ladi yoki yangi egallangan bo‘ladi. Yangi hokimiyat to‘liq bir davlat ustidan yoki boshqa davlatning bir bo‘lagi ustidan o‘rnatiladi. Birinchi toifaga Franchesko Sforsa qo‘liga o‘tgan Milanni; ikkinchi toifaga Ispaniya istilo etgan Neapolitan qirolligini misol qilib keltirish mumkin. Yangi viloyat va davlatlar – o‘z qurol kuchi bilan yoki birovning qurol kuchi bilan olinadi. Shuningdek, taqdir tuhfasi sifatida ham tegishi yoki shaxsiy jasorat tufayli qo‘lga kiritilishi mumkin. Ularning hokimlarga bo‘ysunishga odatlangan yoki, aksincha, qadimdan erkinlikda yashashga o‘rgangan bo‘lishini albatta, hisobga olmoq kerakligini ta’kidlash joiz.

V bob

Bosib olinguncha o‘z qonun-qoidalari bo‘yicha yashagan mamlakatlar va shaharlarni boshqarish haqida

Avvalroq aytilganidek, agar bosib olingan yurt, shahar qadim-qadimdan erkinlikda o‘z urf va qonunlari bilan yashab kelgan bo‘lsa, uni saqlab qolishning uchta yo‘li bor. Birinchisi – batamom buzib tashlash; ikkinchisi – u yerga ko‘chib o‘tish; uchinchisi – shaharning do‘st sifatida qolishini saqlab, belgilangan o‘lponni to‘lashini kafolatlovchi bir to‘da odamga topshirib, o‘z urf-odatlari bo‘yicha yashashga imkon berish. Kafolat olgan to‘da o‘zining shoh tomonidan qo‘yilganini, shohning marhamati va qudrati bilangina mansabda o‘tirganini bilib, shohning yo‘lidan hech qachon toymaydi. Shaharni buzmasdan o‘z xohishi bo‘yicha yashashga ruxsat bergan ekansan, uni tobelikda saqlashning eng oson yo‘li – aytilgan rahbar to‘dani shu shaharning odamlaridan saylashdir.

Sparta bilan Rim misolini olib ko‘raylik. Spartaliklar Afina bilan Fivani o‘zlari tuzgan zodagon to‘da yordamida tobelikda ushlagan bo‘lsalar-da, oxir-oqibatda ikkala shahardan ham ajralganlar. Rimliklar Kapuya, Karfagen, Numansiyani tamom buzib tashlab, u yerlarni qo‘llarida saqlab qolganlar. Gretsiyada esa sparta usuliga o‘xshash usulda, ya’ni zodagonlar to‘dasini tuzib, aholini ozod, qonunlarini buzmay yashatib ushlab turishga uringanlar. Biroq bu usul o‘zini oqlamagach, Gretsiyaning ko‘p shaharlarini buzib tashlashga majbur bo‘lganlar.

Aslida ham shaharni batamom buzibgina hokimlikni saqlashdan boshqa ishonchli usul yo‘q. Qadimdan erkin yashagan shaharni egallab, uni ayaydigan odamni shahar ayamaydi. Ozodlik uchun, eski tartib-qoidalar uchun ko‘tarilishga sabab hamisha topiladi. Zamona o‘tishi-da, istilochining yaxshiliklari-da ularni hech qachon unuttirolmaydi. Florensiyaliklar istibdodida yuz yil yashab ham baribir o‘zini tiklagan Pizadek ular ozodlikka intilaveradilar. Ming yaxshilik, ming harakat qilganing bilan shahar ahli ozodlikni, eski tartiblarni qo‘msayveradi, intilaveradi. Ularni parchalab har yoqqa tarqatib tashlamaguncha maqsadga erisholmaysan.

Biroq, shahar yoki o‘lka yakkahokimlik ostida yashagan bo‘lsa va istilodan so‘ng hokimning zoti qirib tashlansa, shahar aholisi qurol olib qo‘zg‘ololmaydi. Chunki bir tomondan u qullikka ko‘nikkan, ikkinchi tomondan esa hokim yo‘qotilgani uchun yangisini topishga imkonlari bo‘lmaydi va ular yangi qullikka tez ko‘nikadilar. Ularni o‘ziga ko‘niktirish va xavfsizligini ta’minlash uchun istilochida imkon ancha ko‘pdir. Respublika sharoitida esa hayot qaynoq bo‘lganligidan nafrat va qasos olish hislarida ko‘p bo‘ladi; u yerda burungi ozodlik xotirasi hech qachon o‘lmaydi va o‘lishi ham mumkin emas. Shuning uchun bunday o‘lka yoki shahar ustidan hokimiyatni saqlab qolishning aniq yo‘li – ularni vayron qilish yoki u yerga ko‘chib o‘tishdir.

X b o b

Davlatlar qudratining mezoni

Davlatlarning xususiyatlarini o‘rganarkanmiz, davlat boshlig‘i talab etilgan paytda o‘zini o‘z kuchi bilan himoya eta oladimi yoki uning himoyasiga chetdan kuch kerak bo‘ladimi degan masalani ko‘zdan qochirmaslik lozim. O‘z kuchi yetarli deganda men, keragicha odami va puli bo‘lib, zarur paytda keraklicha qo‘shin to‘plab, qanday dushmanligidan qat’i nazar, qarshi jangga kirib g‘alaba qila oladimi, yo‘qmi, degan ma’noni o‘ylayman. Yordamga muhtoj ma’nosiga esa, dushmanga qarshi maydonga chiqolmay, shahar qo‘rg‘oni ichida himoyalanishga majbur bo‘lganlarni kiritaman. Birinchi holda qanday ish tutishligini, avvalroq biroz gapirgan bo‘lsam-da, keyin yana batafsil to‘xtalaman. Ikkinchi holda esa shahar tashqarisidagi fuqaro tashvishidan voz kechib, qo‘rg‘onni mustahkamlash, ichkari uchun kerakli narsalarni ta’minlash eng asosiy masaladir. Agar hukmdor qo‘rg‘onni yaxshi mustahkamlab, ra’iyat bilan burunroq aytilganidek va keyinroq yana aytiladigandek yaxshi munosabat o‘rnatsa, qo‘shnilar unga hujum qilishdan hayiqadilar. Chunki odam – uzoq qiyinchilik talab etiladigan ishni yomon ko‘rib, oson bitadigan ishni yaxshi ko‘radi. Qo‘rg‘oni mustahkam, xalqida hukmdorga adovati bo‘lmagan shaharga hujum qilishni esa oson ish deb hech kim hisoblamasa kerak.

Germaniya shaharlari dunyodagi eng ozod shaharlar sirasiga kiradilar. Atroflaridagi moʻjazgina ma’mur tumanlari bilan birgalikda imperatorga o‘zlari xohlagan paytdagina bo‘ysunadilar. Na imperatordan, na atroflaridagi boshqa kuchliroq qo‘shnilaridan qo‘rqmaydilar. Shaharlari juda mustahkam devorlar, suv to‘la zovurlar bilan o‘ralgan, keraklicha to‘plari bor, jamoat omborlarida bir yillik oziq-ovqat, suv va yonilg‘i zahira hamisha saqlanadi; bundan tashqari, xazinaning sillasini quritmay xalqni boqishni mo‘ljallab, shaharning asosiy faoliyati sohasida, hamda oddiy fuqaroning kasb-kori xususida bir yillik ishni ham g‘amlaydilar, harbiy urush san’atlarni hamisha rag‘batlantiradilar. Bunday shaharga bosqin uyushtirish og‘ir mashaqqat ekanini barcha aniq ko‘radi va hech kim unga bel bog‘lamaydi.

Xullas, qo‘rg‘oni metindek mustahkam, xalqiga adovat ekmagan hukmdorga hech kim hujum qilmaydi. Hujum qilingan taqdirda ham dushman sharmandalarcha chekinishga majbur bo‘ladi. Chunki bu dunyoda barcha narsa shunchalik tez o‘zgaradiki, shahar atrofida bekor yotgan qo‘shin intizomini chiritmasdan bir yil ushlab turishni kim ham uddalardi? Shahar tashqarisidagi uy-joy va ekinlarning yonayotganini ko‘rgan xalq uzoq qurshovga dosh berolmaydi, hukmdorga sadoqatdan ko‘ra o‘zining tashvishlarini ustun qo‘yadi, deb menga e’tiroz bildirishlari mumkin. Agar hukmdor kuchli va jasur bo‘lsa, gohida ra’iyatga bu balolarning tez tugashini uqtirib, gohida dushmanning shafqatsizligini tushuntirib, haddan oshiq norozilarni tinchitib tursa, barcha qiyinchiliklarni yenga oladi deb aytaman. Buning ustiga, odatda dushman birinchi kunlari hali odamlari shijoatga to‘lib, himoyalanuvchilarning qattiq turganidan g‘azablanib ekin va uy-joylarga o‘t qo‘yib toptaydi. Sal o‘tmay esa shijoatlar so‘nadi. Himoyalanuvchilar uchun bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singan, zarar yetkazilgan bo‘ladi. Qabohat yuzaga chiqqanda zarar ko‘rganlarning hukmdorlariga sadoqat ko‘rsatishdan bo‘lak iloji qolmaydi. Uni himoya qilish yo‘lida o‘zlarini o‘tga, mol-mulklarini talon-tarojga berib qo‘ygan ekanlar, endi ular hukmdordan minnatdorchilik kutadilar. Insonning fe’li-xuyi shundayki, o‘ziga yaxshilik qilgan kimsaga qanchalik bog‘lanmasin, o‘zi yaxshilik qilgan kimsaga undan ko‘proq bog‘lanib qoladi. Shu tafsilotlarni mushohada qilarkanmiz, shaharni boqish va himoyalashga narsasi yetarlik bo‘lsa aqlli hukmdor qamal paytida fuqarosining ruhini ko‘tarish yo‘llarini qiynalmay topa oladi deb, ishonch bilan ta’kidlayman.

XVII bob

Shafqatsizlik va shafqatlilik haqida

Raiyat senga mehr tuyishi kerakmi yo qo‘rqqani yaxshimi?

Burunroq aytilgan hukmdorlarning boshqa xislatlariga o‘tarkanman, har bir hukmdorning shafqatsiz emas, shafqatli degan nom qozongisi kelishini tan olamanu, biroq hammaga shafqat ko‘rsataverishdan ogohlantiraman. Hammaga shafqatsiz deb nom chiqargan Chezare Borja xuddi ana shu shafqatsizligi bilan Romanyani birlashtirib, itoatga keltirib, u yerda juda yaxshi tartib o‘rnatdi. Agar o‘ylab ko‘rilsa, shafqatsiz degan nomdan qochib, Pistoyani buzib tashlatishga olib borgan florensiyaliklardan ko‘ra, Chezare Borja o‘z shafqatsizligi bilan xalqqa ko‘proq yaxshilik qilgan bo‘lib chiqadi. Shuning uchun raiyatni itoatgo‘ylikda ushlab turmoqchi bo‘lgan hukmdor shafqatsizlikda ayblanishdan qo‘rqmasligi lozim. Bir necha odamni bahridan o‘tib, tartib o‘rnatgan odam, rahmdillik oqibatida mamlakatni tartibsizlikka mubtalo qilgandan ko‘ra ko‘p rahmdillik ko‘rsatgan bo‘ladi. Chunki, talonchilik va odamkushliklarni keltirib chiqaruvchi tartibsizlikdan butun aholi jafo chekadi, hukmdor esa faqat bir guruh odamlarnigina jazolab tartib o‘rnatadi. Ayniqsa boshqalarga qaraganda ham yangi hukmdor shafqatsiz degan dashnomdan qo‘rqmasligi lozim, chunki yangi hokimiyatga tajovuzlar bisyor bo‘ladi. Vergiliy – Didona tilidan shunday deydi:

Res dura, et regni novitas me talia cogunt

Motiri, et late fines custode tueri.

Biroq, yangi hukmdor ishonuvchan, badgumon, zudlikda jazo bervoraverishdan ogoh bo‘lishi kerak. Mulohazakorlik bilan ish yuritish, ehtiyotsizlikka olib bormaydigan darajada rahmdil bo‘lishi, raiyatni g‘azablantiradigan darajada gumondor bo‘lmasligi lozim.

Shu xususda, hukmdorni sevishlari kerakmi yoki undan qo‘rqib turganlari yaxshimi, degan bahs tug‘ilishi mumkin. Bunga, ham sevishsa, ham qo‘rqishsa yaxshi bo‘lardi, deb javob berishadi. Lekin sevgi va qo‘rquv bir yerda yasholmaydi. Shuning uchun, ikkovidan birini tanlash lozim bo‘lsa – raiyatning seni sevganidan ko‘ra qo‘rqib turgani ishonchliroqdir deb aytish joiz. Chunki, yaxlit baho berilsa, odam zoti – beoqibat, beburd va aynimachidir, ikkiyuzlamachi va aldamchilikka moyildir, ozgina xavfdan ham qochadigan, boylik orttirishga o‘ch bir mavjudotdir: toki yaxshilik qilarkansan, ular butun vujudi bilan seniki; qonim-da, jonim-da, molim-da, bolamning joni-da sizniki deb qasam ichadi; biroq ozgina qiyinchilik tug‘ilib, ularning senga keragi bo‘lgan zahoti teskari o‘girilishadi. Bularning qasamiga ishonib, qiyin kunlarning ehtiyotini qilmagan hukmdorning holiga voy! Chunki, yurakning ulug‘vorligi, ruhning olijanobligi bilan emas, pulga topilgan do‘stlikni har doim topish mumkin-u, lekin qiyin kunlarda ulardan foydalanish mumkin emas. Bundan tashqari, odamzot o‘ziga mehribonlarni xafa qilishdan tiyinolmaydi, sababi – mehrning ildizi oqibatdan suv ichadi. Odamzot asli tagi chirkin bo‘lgani uchun o‘z foydasi oldida oqibat ko‘rsatmaydi. Lekin o‘zi qo‘rqadigan kishini xafa qilishga botinolmaydi, chunki qo‘rquvning ildizi jazodan suv ichadi, demak, u jazodan qo‘rqadi.

Biroq, hukmdor odamlarning yuragiga qo‘rquv solarkan, uning aks ta’sirini hamisha esda tutmog‘i lozim. Qo‘rqitishdan mehr qaytadi deb umid qilmasdan-da, raiyatning g‘azabini qo‘zitmaslikni hisobga olmog‘i darkor. Zeroki, g‘azab va nafratni qo‘zitmaydigan darajada qo‘rqitish mumkin. Bunga erishish uchun hukmdor raiyat va boyonlar mol-mulki va xotin-qizlariga tajovuz qilishdan o‘zini mutlaqo tiyishi kerak. Jinoyatchi shaxslarning aybi aniq isbotlangach, ularni jazolab jonini olish mumkin-u, ammo mol-mulkiga ko‘z olaytirish mumkin emas. Chunki odam zoti otasining o‘limini kechirib yuboraveradi-yu, mol-mulkini olib qo‘yganni hech qachon kechirmaydi. Boz ustiga, ayniqsa hukmdorning ko‘nglida bosqinchilikka rag‘bat tug‘ilsa, mol-mulkni tortib olish uchun bahonalar juda ko‘p topiladi; lekin jon olishga sabab juda kam bo‘ladi, bahona topish uchun ancha qiynalish kerak. Ana shu vajdan ya’ni bahonasi ko‘p, tortib olish oson bo‘lganidan, hukmdor raiyat va boyonlarning mol-mulkiga ko‘z olaytirishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lishi lozim.

Ko‘p minglik qo‘shin boshida o‘zga yurtlarga ketayotgan hukmdor shafqatsiz degan nom chiqarishdan ayniqsa qo‘rqmasligi kerak. Chunki, shafqatsiz degan nomsiz qo‘shindagi yakdillik va jangovarlikni saqlashning iloji yo‘q. Gannibalning zo‘r xislatlari va ishlari ichida; juda katta va juda ko‘p elatlardan tuzilgan qo‘shin bilan begona va olis yurtlarga yurish qilib, g‘alaba kunlarida-da, mag‘lubiyat kunlarida-da, askarlarida metin intizomni saqlab qolganini, g‘alayonlarga yo‘l qo‘ymaganini tarixchilar ta’kidlashadi. Bu holni faqat uning o‘ta va o‘ta shafqatsizligi va qattiqqo‘lligi bilan izohlash mumkin. Ha, uning o‘ta shafqatsizligi – albatta o‘zining dovyurakligi va jangchilik san’atining zo‘rligi va boshqa mahoratlari bilan qo‘shilgan holda – askarlari ko‘ngliga topinish darajasida hurmat va dahshat solgan. Lekin bularning ichida shafqatsizligi bo‘lmaganda boshqa xislatlari qo‘shindagi intizomga kor qilmas edi. Taassufli joyi shuki, tarixchilar Gannibalning jasorati va qahramonligini maqtab, bunga asos bo‘lgan shafqatsizligini qoralaydilar.

Lashkarboshiga dovyuraklik bilan jangchilik mahoratining o‘zi yetarli emasligiga, nafaqat zamondoshlari orasida, balki keyingi davrlarda ham o‘zgachaligi bilan dong taratgan Sipion ham misol bo‘la oladi. O‘ta yumshoqko‘ngilligi va soldatlarga harbiy intizomda ko‘rsatilgandan ko‘ra ortiqroq erk bervorgani uchun Ispaniyada uning qo‘mondonligidagi qo‘shin ichida g‘alayon ko‘tarilgan. Bu voqea Fabiy Maksim uni butun boshli Senat oldida, rim askarlarini maishatparastga aylantiruvchi deb ayblashiga sabab bo‘lgan. O‘sha qattiqqo‘llik va shafqatsizlik yetishmasligidan ham lokrlarni talagan legatlaridan birini ham jazolamagan va lokrlarning yoniga tushmagan. Shuning uchun ham yana Senatda, endi uning yonini olmoqchi bo‘lganlardan biri: bu odam o‘zi xato qilmaydi-yu, xato qilganlarni jazolay olmaydiganlar toifasiga kiradi, deb baho bergan. Ehtimol, keyinroq Sipionning shu xususiyati tufayli pok nomi va shuhrati ham zamon osha parokanda bo‘lardi-yu, lekin yakkahokim emasligi, Senatga bo‘ysungan odamligi nomu shuhratini tarixga saqlab qolgan. Saqlab qolish bilan chegaralanmay, unga abadiy shon-shuhrat keltirgan.

Xullas, hukmdorga mehr qo‘yganlari yaxshimi yoki undan qo‘rqqanlarimi, degan bahsga qaytib shuni ta’kidlaymanki, hukmdorlarni odamlar o‘z xohishlaricha yaxshi ko‘radilar; lekin qo‘rqish masalasi – hukmdorning izmida. Shu sababdan aqlli hukmdor birovga emas, o‘ziga bog‘liq bo‘lgan tarafni ushlagani ma’qulroq. Eng asosiysi, yuqorida aytilganidek, raiyatning g‘azabini qo‘zitmasa bas.

XXIV bob

Nega Italiya hukmdorlari o‘z davlatlaridan ayrilgani haqida

Agar yangi hukmdor aytilgan qoidalarga aql bilan rioya etsa, taxtga meros yo‘li bilan erishganlardan ko‘ra ham o‘zini mustahkam va erkin his qila boshlaydi. Chunki, odamlar yangi hukmdorga merosiy hukmdordan ko‘ra kattaroq qiziqish bilan qaraydilar. Harakat va ishlarida jasorat shijoat sezilsa merosiy hukmdor shajarasining qadimiyligidan ko‘ra ziyodroq maftunkorlikka ega bo‘ladi. Chunki odamlar o‘tmishdan ko‘ra bugungi kunlari bilan ko‘proq bandlar. Bugun manfaat ko‘ra boshlasalar, xursand bo‘lib boshqa narsani o‘ylamay, yangi hukmdorga kerak bo‘lsa ko‘ksilarini qalqon qiladilar. Yangi davlat tuzgan, uni yaxshi qonunlar bilan muhofazalagan, yaxshi ittifoqchilar topgan, yaxshi qo‘shin tuzgan yangi hukmdor o‘zini ikki karra shuhratga chulg‘aydi. Aksincha, hukmdor unvonida tug‘ilib, kaltabinligi tufayli merosiy taxtidan ajralgan hukmdor ikki karra nafrat va hazar nazariga loyiqdir.

Agar biz davlatidan mahrum bo‘lgan Neapolitaniya qiroli, Milan gersogi va boshqa shu singari italiyalik hukmdorlar misoliga murojaat qilsak, ularning eng bo‘sh yeri qo‘shin bo‘lgan. Qo‘shinning yaramas xillarini esa yuqorida batafsil gapirdik. Bundan tashqari ularning ba’zilari o‘z xalqlari bilan dushmanlikda turganlar, ba’zilari esa xalq bilan yaxshi bo‘lib, boyonlar tarafidan himoyalanishni eplolmaganlar. Bu kabi nuqsonlardan xoli mamlakatning hukmdori, yana qo‘shin ham bajolasa hech qachon taxtidan mosuvo bo‘lmaydi. Filipp Maqidunli, men Buyuk Iskandarning otasini emas, Tit Kvinsiy tomonidan mag‘lubiyatga uchratilgan Filippni nazarda tutayapman, o‘ziga hujum qilgan Rim va Gretsiyaga nisbatan juda kichkina mamlakat hukmdori edi. Biroq o‘zi zo‘r jangchi ekanligidan, boz ustiga xalq mehrini qozonolgani va zodagonlar kirdikorlaridan o‘zini himoyalashni uddalagani uchun rimliklar va greklarga qarshi ko‘p yillik urushga chidab turoldi. Garchi, oxirida, bir necha shaharlaridan ajrasa-da, podsholigini saqlab qoldi.

Shuning uchun ko‘p yillar taxt surib, keyin saltanatidan ayrilgan bizning hukmdorlarimiz taqdirdan nolimay aybni o‘zlarining beg‘amliklaridan qidirsinlar. Osoyishta ob-havoda bo‘ronni xayoliga keltirmaydigan hamma oddiy odamlardek, ular ham tinchlik zamonida – ertaga yog‘ilishi mumkin bo‘lgan balolarning oldini olmadilar. Qiyin zamon kelishi bilan esa mudofaa uyushtirishning o‘rniga, g‘olib bosqinchining jafolaridan bezgan xalq ularni yana chaqirib oladi, degan umid bilan qochib qolishni afzal bildilar. Boshqa iloj yo‘qligida bunday umid qilish ham yaxshi, biroq faqat shu umidni deb boshqa choralarni inkor etish – juda yomon. Bu ish, bari bir kimdir ko‘tarib olar, deb ataylab o‘zini yerga tashlab yotish bilan barobar. Bordiyu, balo-qazodan kimdir qutqarib qolganda ham sen nihoyatda xavfli, minnatli va tuban ahvolda qolasan. Faqat o‘zingga, o‘z jasoratingga asoslangan mudofaagina yaxshi, ishonchli va mustahkamdir.

XXV bob

Taqdirning odamzot ishlari ustidan hukmronligi va unga chora topish yo‘llari

Odamning zakovati hech narsani hal etolmaydi, hech narsaga qarshi turolmaydi, dunyodagi nimaiki sodir bo‘lsa, bari taqdir va Tangriga bog‘liq, degan fikrning ilgari zamonlarda ham, hozir ham ko‘p gapirilishini men juda yaxshi bilaman. Lekin buni gapiradiganlar uchun jamiyatning tashvishlari bilan boshingni og‘ritma, taqdiringga tan berib jimgina yuraver, deb bundan chiqaradigan xulosalari ular uchun muhimdir. Keyingi paytlarda dunyodagi voqealarning juda tez o‘zgarayotganligidan, inson aqli tomonidan qilinayotgan har qanday karomatlarning chippakka chiqayotganligidan, bu xulosaga ishonuvchilarning soni juda oshib ketgan. Ba’zi paytlarda, dunyoning hozirgi ahvoliga qarab turib, o‘zim ham ko‘pchilikning shu fikriga bo‘ysungim kelib qoladi.

Biroq inson irodasining, istaklarining erki haqqi: balki taqdiri azal odamzot ishlarining yarmini boshqarib, boshqa yarmini yoki shunga yaqin qismini odamlarning o‘zlariga topshirib qo‘ygandir, degan umid bildiraman. Taqdirni men ayqirgan daryoga o‘xshataman. U toshadi, qirg‘oqlarni o‘yib, daraxtlarni qo‘poradi, uylarni yiqadi, yerlarni yuvib ketadi, yangi yerlarni barpo qiladi. Jilovlashni eplolmaydigan odamzot esa uning jo‘shqin bosqinidan har yoqqa tumtaraqay qochadi. Mayli, shunday bo‘la qolsin, inson qo‘rqib qochadi ham deylik. Lekin daryo toshmagan paytda ehtiyot choralari ko‘rishni, dambalar, to‘g‘onlar qurishni insonga hech kim taqiqlamaydi-ku?! Daryo toshganda uni kanallarga burib yuboradigan, dambalarga borib to‘silib to‘xtaydigan qilib qo‘yish mumkin-ku!?

Taqdir ham shunday. U o‘zining kuchini aqlli jasorat, mardlik tik turmagan yerda ko‘rsatadi, toshqinini to‘siq bo‘lmagan yerlarga buradi. Italiyaga bir boqing. O‘zi tug‘dirgan ijtimoiy voqealar toshqini ostida qolib ketgan. Na to‘g‘on, na damba bo‘lmagan sidirg‘a bir tekislikka o‘xshaydi. Agar unda Olmoniston, Farangiston, Ispaniyaga o‘xshab jasorat to‘siqlari bo‘lganda edi, toshqin uncha kirolmagan, kirsa ham bunchalik vayronalik keltirmagan bo‘lardi. Taqdirga qarshi turish haqida menimcha yetarlicha fikr bildirildi.

Endi hukmdorlarimiz xususida gapirsak. Ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmizki, kechagina tinchgina davru davron surib, bugun taxtlaridan mosuvo bo‘lib yuribdilar. Ularning fe’l-atvorida, xislatlarida hech narsa o‘zgarmagan. Yashayaptilar. Buning yechimi mening fikrimcha, yuqorida biz batafsil tahlil etgan sabablarda. Barcha ishni butunlay taqdirga tashlab qo‘ygan hukmdor vaqti kelganda uning zarbalariga dosh berolmaydi. Yana mening fikrimcha, o‘z xatti-harakatlarini zamona talablariga javob beradigan tarzda tuzgani eson-omon yashayveradi, zamona talablariga javob bermaydigani esa baxtu taxtidan ayrilaveradi.

Hayotni kuzatadigan bo‘lsak, har bir odam oldiga qo‘yadigan – obro‘ va boylik orttirish maqsadiga yetishishda turli yo‘llar tanlashini ko‘ramiz: biri ehtiyotkorlik, ikkinchisi shiddat; biri sabr, ikkinchisi tezkorlik, biri kuch, ikkinchisi – mahorat. Ularning har birini maqsadiga tanlagan yo‘li yetkazishi mumkin. Biroq ba’zan shunday bo‘ladiki, ikki odam bir xil, misol uchun ehtiyotkorlik yo‘lini tanlaydi-yu, maqsadga faqat bittasi erishadi. Yoki ikkovi o‘zgacha, misol uchun biri ehtiyotkorlikni, ikkinchisi shiddatni tanlaydi-yu, ikkovi ham maqsadga bir xilda yetishadi. Buning sababi, tanlangan yo‘llarning zamonaning xususiyatlari va shart-sharoitlariga mos kelish-kelmasligiga bog‘liq. Shuning uchun ikkovi ikki yo‘ldan borgan maqsadga bir xilda yetishishlari, ikkovi bitta yo‘ldan borgandagina esa maqsadga faqat bittasi yetishishi mumkin.

Insonning hayotining baxtli davri ham xuddi shu qonuniyatga bo‘ysunadi. Ehtiyotkorlik va sabr bilan ish olib borayotgan odamga zamonaning sharoiti mos kelsa, u gullab-yashnayveradi. Biroq zamonada vaziyat o‘zgargan zahoti uning farovon kunlari bitadi, chunki u o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmaydi. Umuman olganda, odam zoti qanchalik oqil bo‘lmasin, zamona o‘zgarishiga moslashadigani topilmaydi. Birinchidan tabiiy fe’li, o‘rgangan ko‘ngli bunga yo‘l qo‘ymaydi, ikkinchidan, inson bolasi shu paytgacha gullab-yashnayotgan yo‘lidan burilib ketishga o‘zini majbur qilolmaydi. Shu sababdan ehtiyotkor hukmdor ham shiddat talab etilgan paytda uddasidan chiqolmay halok bo‘ladi. Agar uning fe’li zamonga mos ravishda o‘zgarganda edi, baxtli onlari davom etavergan bo‘lardi.

Papa Yuliy hamisha shiddat bilan ish tutardi, sharoit ham buni ko‘tarardi, shuning uchun u doim zafar quchardi. Uning birinchi ishi – hali messer Jovanni Bentivoli tirikligidayoq Bolonyani bosib olishini misol qilaylik. Papaning bu niyatiga venesiyaliklar qarshi edilar, Ispan qiroli qarshi edi, Farangiston bilan shu xususdagi muzokaralar hali davom etayotgandi. Papa esa fe’l-xo‘yiga mos, to‘sib bo‘lmas shiddat-la qo‘shin tortdi va hech kimning qarshiligiga uchramadi. Venesiyaliklar qo‘rqishdi, Ispan qiroli shu talato‘pda Neapolitaniya qirolligini qo‘shib olishdan umidvor bo‘ldi. Farangiston qiroli esa papaning yo‘lga tushganini ko‘rgach, venesiyaliklarga qarshi papa bilan ittifoqni afzal bilib, yordam bermasa, papani ranjitishi aniqligini sezib, qo‘shin jo‘natdi.

Papa Yuliy o‘zining to‘satdan boshlagan shiddatli bu yurishi bilan insonga berilishi mumkin bo‘lgan eng kuchli oqillik kasb etgan Cherkov boshliqlarining boshqa har qandayi hech qachon bajarolmaydigan ishni qildi. Agar barcha sharoitu vaziyatlarning keltirilishini kutib Rimda qolsa edi, farang qiroli yordam yubormaslikka mingta bahona topgan, boshqalari esa istiloga qarshi mingta dalillar aytgan bo‘lardilar. Men Papa Yuliyning boshqa amallari haqida gapirib o‘tirmayman, chunki ularning bari shu tahlidda qilingan va bari muvaffaqiyatli tugallangandi; uning hukmdorlik muddati qisqa bo‘lganligi sababli, muvaffaqiyatsizlikka uchrab ulgurmadi. Lekin uzoqroq yashaganda-yu, ehtiyotkorlik talab etiladigan zamona kelganda edi, uning omadli davri poyoniga yetardi. Chunki papa tabiatidan tug‘iluvchi shiddatli qarorlarni amalga oshirishdan boshqacha yo‘l tutolmasdi.

Xulosa tariqasida aytmoqchimanki, taqdirning to‘lqinlari doimo bir xilda bo‘lavermaydi. Inson bolasi esa tutgan yo‘lini o‘jarlik bilan ushlab turish odati bor. Bu ikki narsa orasida uyg‘unlik jo bo‘lsa, odam safoli davron suradi; uyg‘unlik buzilib qolsa odamning safoli davri tugaydi. Shunga qaramay, men shiddatli harakat tarafdoriman, zeroki baxt va omad ma’budasi Fortuna – ayoldir. Ayolni esa urib-tepib bo‘lsa-da bo‘ysundirish kerak. U ko‘pincha ehtiyotkorlarga emas, shiddatkorlarga nasib qiladi. Ayolligi uchun ham u yoshlarga moyil, chunki yoshlar – kattalardek ehtiyotkor emas, bo‘ysundirishga zo‘r dadillik bilan kirishadilar.

 

Zohir A’LAM tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali. 2002 yil, 9-son

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting