XURSHID DAVRON
Isfandiyor Haydar she’rni juda ishtiyoq, his-hayajon bilan o’qiydi. Go’yo u chizayotgan suratlarga ko’chmagan yurakning botiniy sadolarini jaranglatishga imkon topganday, go’yo u yana bo’yoqlar sukunatiga qaytishdan qo’rqayotganday baqirib-baqirib, iztirob bilan she’r o’qiydi:
Sirli bir ovozda, oydin kechada
Meni o’ylar qadimiy sharob…
Isfandiyor chizgan suratlarni ko’rgan kishigina uning bu darajada kuyib-yonib she’r o’qishi sababini anglaydi va unga ishonadi. Isfandiyor chizgan suratlar ham she’rdek jaranglaydi. Men bu she’rlarni sevaman va sevib tinglayman.

BIRINCHI SHE’R: “BAXMALDA KUZ”
Baxmalda kuz. Daraxtlar gulxani borliqni chulg’agan. Ostonada to’xtab qolasan: Sochilib yotgan xazonlar shunday chiroyliki, bosib olmay deb xijolat tortasan. Hali yog’ib ulgurmagan yomg’irlar osmonda. Hali daraxt sehrgarlik bilan ovora. Hali yo’llar yaqin. Hali kutish mumkin.
Teraklar ulkan yong’inning tillari kabi osmonga sapchib turibdi. Darvoza oldidagi ayol – onam va qizaloq – singlim qaytishimni kutib o’tirishgandek…
IKKINCHI SHE’R: “QIZIL TUN”
Qizil tun. Ko’chaga chiqaman. Borliqdan boshqa rang qidiraman, topolmayman. Orqamga qarayman. Endi chiroq ham sariq emas, alvon tili bilan tunni yalaydi. Chiroqning tili – qip-qizil tun. Hech kim uchramasa bo’lgani. Hech kim kerak emas bu lahzada. Qizil tun bilan so’zlashaman. U menga kelajak emas, o’tmish haqida hikoya qila boshlaydi.
“Qara,– deydi u hikoyasining so’ngida,– huv, ana qirmizi chiroq yonib turgan uyda seni otang kutayapti”. Men otamning vafotiga to’qqiz yil bo’lganini ham unutib ortimga qaytaman.
UCHINCHI SHE’R: “BAXMAL. TO’YDAN QAYTISH”
Chol har zamon orqasiga – kampiriga qarab qo’yadi. Nevarasiga esa yetib yurishga harakat qiladi. “To’y yaxshi o’tdi-ya”,– deydi kampiri. “Ha”,– deb qisqa javob beradi chol. “Anavi… bobo, ayiq o’ynatishdi, ko’rdingizmi? ” – deydi nevarasi. “Ha-ha, ko’rdim, bolam”,– deydi chol. Ular to’ydan qaytishyapti. Ana, to’y hali tinganicha yo’q, shovqini yetib turibdi. Bu yorug’ dunyoda shunday oydii tun borligidan cholning ko’ngli to’lib ketgan. U o’lim haqida o’ylardi.
Cholning sallasi oyning bir bo’lagidek suzib borayotir…
TO’RTINCHI SHE’R: “BAXMAL QO’SHIG’I”
Yer bilan osmon raqobati. Yer bilan osmon bazmi. Go’yo yerda jildirab oqayotgan Sangzor irmoqlari yaraqlagan oydan oqib tushayotgandek. Sen bu sehrga qancha tikilsang, shuncha ko’ngling oydinlashadi. Shunchalik yaxshi o’ylarga cho’masan. Kimnidir sevishingni eslaysan. Dunyo sening uying ekanidan yuraging hayratga to’ladi, yig’lashga esa haqqing yo’qday.
Shunday tunda yashashni va hayot bilan vidolashishni istayman.
BESHINCHI SHE’R: “XIVADA OYDIN KECHA”
Xivada oydin kecha. Ming yillar avval oqargan kecha yana qorayib kelganday, vaqt to’xtab qolganday. Daraxtlar ertaklardagi uch boshli ajdarhodek minorani qo’riqlab turibdi. Yo’lovchi bu sehrgarlikdan yo’lida to’xtab, toshdek qotib qolgan. Yaxshiyamki, huv ichkarida chiroq ko’rinib turibdi. Uning shu’lasiga intilib bu afsundan qutilib o’z hayotiga yana qaytishi mumkin. Lekin, u toshdek qotganicha turibdi.
OLTINCHI SHE’R: “SAMARQAND. ESKI SHAHAR CHETI”
Men daraxt ostidagi o’rindiqqa borib o’tiraman. Shamol daraxt shoxlarini horg’in qimirlatadi. Yo’lga tikilaman. Men Samarqandda adashib yuribman. Bu Chorrahami, Hovuzisanginmi yoki Chokardizami? Bilolmayman. Lekin, mening bolaligim shu yerlarda adashib qolganini bilaman. Topolmasligimni ham bilaman. Ammo shovillab ertaklar so’ylagan daraxt ostidagi o’rindiqqa o’tirib uni kutaman.
Anri Matiss “Musavvir bo’lishni istasang, tilingni sug’urib ol” degan edi. Isfandiyor Haydarov ana shunday tilini sug’urib olgan, yurak na’ralarini bo’yoqlarga ortmoqlagan musavvir.
Shuning uchun ham u she’r o’qiyotganda, birdan gapirish qudratiga ega bo’lgan soqovdek quvonib, his-hayajon bilan she’r o’qiyotganini ko’rsangiz, ajablanmang.
VA, NIHOYAT, YETTINCHI SHE’R

Isfandiyor Haydarga
Musavvir bo’lmoq ersang,
Tilingni sug’urib ol,
Vujudingdan sachragan
Qon rangiga quloq sol.
Musavvir bo’lmoq ersang,
Yuraging bilan baqir
Va onangning ismini
Rang bilan aytib chaqir.
Musavvir bo’lmoq ersang,
Tilingni ichingga yut.
Bo’yoqlarga qorishib
Shivirlagin: – Ona yurt!
Musavvir bo’lmoq ersang,
Hayot bilan o’limning
O’rtasida sarhad et
Qalam tutgan qo’lingni.
Manba: https://kh-davron.uz
Foto muallifi: Xolida Musulmon
1981-yilda “O’zbekiston san’ati” jurnalida bosilgan.






