Karl Gustav YUNG
Essening sarlavhasida ayyorlik va ustamonlik bilan ilohlarning ham, odamlarning ham dushmanligiyu qasoskorligidan o‘zini ehtiyot qila bilgan va mashaqqatli sayohatini yakunlab, tug‘ilgan go‘shasiga qaytib kelgan qadim Gomer zamonining elkezar topqir qahramoni emas, balki Jeyms Joys nazarda tutilgan. Antik zamondagi adashining butkul aksi bo‘lgan Joysning Ulissi faoliyatsiz, o‘ziga faqat tashqi ta’sirlarni yuqtiradigan ongni namoyon etadi, bizning ko‘z oldimizda shunchaki ko‘z, quloq, burun, og‘iz, sezuvchan asab namoyon bo‘ladi, ular tinim bilmay va farqlab o‘tirmay qariyb fotografik aniqlikda ruhiy va jismoniy mavjudlikning mavj urib yotgan, tartibsiz va ma’nisiz ta’sirlariga javob qaytaradi, xolos.
“Uliss” 1 – 735 sahifaga cho‘zilgan kitob; ko‘z o‘ngimizda 1904 yilning o‘n oltinchi iyunida Dublinda kechgan shunchaki oddiy, bekorchi bir kundangina tarkib topgan vaqt oqimi gavdalanadi, uning qancha davom etishi – 735 soatga, kun yoki yilga cho‘ziladimi, ma’lum emas, unda aslida biror-bir jiddiy hodisa ro‘y bermaydi ham. Bu oqim Hech narsa bilan boshlanib, Hech nimasiz yakun topadi. Nima o‘zi bu? Birdan-bir, behad cho‘zilgan, aqlga sig‘maydigan darajada chuvalashgan, gap nima haqdaligi oxirigacha aytilmay kitobxonning es-hushini qochiradigan inson hayotining mohiyati haqidagi strindbergcha haqiqatmi? Hayot “mohiyati” haqidaligi rost. Ha, aftidan shunday, biroq hayotning o‘n minglab tomonlari va yuz minglab mayda ko‘z ilg‘amas farqu tafovuti haqida. Bu 735 sahifada, men qanchalik ilg‘ay bildim, na biror-bir yaqqol qaytariq, na kitobxon ko‘ngli taskin topadigan biror-bir orolcha borki, u bir zum nafasini rostlab, o‘tgan, deylik, bundoq yuz sahifaga cho‘zilgan yo‘lga bir qayrilib qarab olsa va, mayliga, qandaydir siyqa, jo‘n bo‘lsa-da, nimanidir eslasa, koshki. Yo‘q, sizning nigohingiz qarshisida hali-hamon o‘sha oqim tinimsiz va tutqich bermay oqib o‘taveradi, uning tezligi yoki tinimsizligi shu darajaga borib yetadiki, muttasil ezayotgan, bo‘g‘ayotgan, chidab bo‘lmas darajada zo‘rayib borayotgan bo‘shliqni o‘ta vahimali tarzda ifodalashda asarning oxirgi qirq sahifasida tinish belgilari ham yo‘qoladi. Hamma yoqqa yoyilib ketayotgan, zig‘ircha umid qoldirmayotgan bu bo‘shliq butun bir kitobning leytmotividir. Oqimning nainki ibtidosiyu intihosi Hech nima bilan xotima topadi, balki kitobning o‘zi Hech nimadan iborat 2. Bu yerda hammasi haddan tashqari arzimas va kitob bus-butunicha, agar unga san’atshunoslik nuqtai nazaridan yondashilsa, o‘zida chindan ham do‘zaxning dabdabali oqibatini namoyon etadi 3.
Mening bir amakim bor edi, qochiriq-uchiriqlarni yoqtirmasdi. Bir safar, keksaygan chog‘ida, meni ko‘chada to‘xtatib olib: “Sen bilasanmi, jahannamga tushgan jonlarni shayton qanday qilib azoblashini?” – deb so‘radi. Men bilmayman, deb javob berganimdan so‘ng u: “Shayton ularni kuttirib qo‘yib tinkasini quritadi” dedi va burilib o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi. “Uliss”ni birincha marta o‘qishga bel bog‘lab kirishganimda ana shu fikr xayolimga keldi. Bu kitobda har bir gap o‘quvchini kutishga majbur etadi, biroq bu kutishlar esa samarasiz bo‘lib chiqaveradiki, ko‘nikib, bosimga bo‘ysungan o‘quvchi endi nafaqat boshqa hech narsani kutmay qo‘yadi, boz ustiga, uning achinarli holati haqiqatan ham nimanidir kutish befoydaligini anglagani sayin zo‘rayib boraveradi. Haqiqatan ham, bu yerda hech nima ro‘y bermaydi va qandaydir sabab bilan bir nima sodir bo‘lmaydi 4, biroq shunga qaramay sahifadan sahifaga o‘tganingiz sayin, umidga o‘rin qoldirmaydigan itoatkorlikka zid tarzda sizni allaqanday tushunarsiz kutish holati hech tark etmaydi. Hech qanday ma’no, mazmun tashimaydigan bu 735 sahifa shunchaki oppoq, top-toza qog‘ozdan iborat emas, balki bu tig‘iz bosma harflar bilan qoplangan varaqlardir. Siz o‘qiyverasiz, o‘qiyverasiz, o‘zingizcha go‘yo o‘qiganlaringizni tushunasiz. Kutilmaganda bo‘shliqqa qulaysiz va buni keyingi gapga kelganingizda payqab qolasiz, biroq sizni, muayyan darajada itoatkorlikka erishgan odamni endi hech nima hayron qoldirmaydi. Men ham “Uliss”ni shunday o‘qidim, orada ikki marta mizg‘ib olishga ulgurib, 135-sahifaga yetib, umidsizlikka tushgunimcha o‘qidim. Joys o‘zining uslubi yordamida erishgan haddan tashqari ko‘pma’nolilik bir ohangda zerikarli va gipnozdek ta’sir qiladi. O‘quvchi ushlaydigan biror-bir narsa yo‘qligini payqaydi, matn esa o‘quvchini o‘qiganlarini tushunishga urinishlari bilan yolg‘iz qoldirib, ko‘zidan qochadi. Uning oldida hayot o‘zini namoyon etadi, bir to‘lib oqadi, bir sayoz tortadi, biroq hech o‘ziga o‘zi mahliyo bo‘lishga rag‘bat sezmaydi, o‘ziga kinoya va achchiq istehzo, umidsizlik, nafrat va anduh bilan qaraydi, o‘quvchida o‘ziga hamdard munosabatni uyg‘otadi, bunday munosabat, agar kuchini behudaga sarflashni to‘xtatish uchun uyqu yordamga shoshilmasa, o‘quvchini butkul yutib yuborish xavfini tug‘dirishi mumkin.
135-sahifaga yetgunimcha fikru zikrimni kitobdan uzmaslik maqsadida bir necha marta jasorat ko‘rsatishimga, kitobning “obro‘sini saqlash”imga to‘g‘ri keldi, oxir-oqibat men yiqildim, qattiq uyquga ketdim 5. Uzoq uxlab uyg‘onganimdan so‘ng, mening bu kitobni tushunganim oydinlashdi va men endi uni oxiridan boshlab o‘qishga qaror qildim. O‘qishning bu usuli hammaga ma’qul odatdagi kitob o‘qishdan ko‘ra yomon tuyulmadi, ya’ni Joysning kitobini oxiridan boshiga tomon o‘qish mumkinligi ma’lum bo‘ldi, chunki unda, ochig‘ini aytganda, boshi ham, oxiri ham, tepasi ham, pasti ham yo‘q. Har bir sahifada nimaiki ro‘y bergan bo‘lsa, shubhasiz, o‘tmishga ham, kelajakka ham taalluqli bo‘lishi mumkin 6. Masalan, kitobni boshidan yoki oxiridan o‘qib bir xil zavq olish mumkin, chunki ular mohiyatdan hech qanday bir qat’iy fikr tug‘dirmaydi. Yaxlit olganda esa, ular mazmundan xoli, biroq har qaysi gap, fikr-mulohaza alohida olib qaralganda o‘zicha ma’nili ko‘rinadi. Yoki bir gapni o‘qiyotib o‘rtasida to‘xtash mumkin, zero, uning yarmi yetarli darajada raison d’etre , yashashga yaroqli yoki shunday bo‘lib ko‘rinadi. Butun kitob esa chuvalchangni eslatadi, agar bo‘lib-bo‘lib tashlansa, boshidan dumi o‘sib chiqadi, dumidan – boshi.
Joys uslubining bu o‘ziga xos xususiyati, g‘alatiligi va qo‘rqinchli ekani uning ishini bir qadar sovuqqon, masalan, chuvalchanglarga yaqin qilib qo‘yganki, agar chuvalchanglar badiiy ijod bilan shug‘ullanishga qobiliyatli bo‘lganida edi, bosh miyasi yo‘qligi bois ajoyib nerv sistemasini ishga solgan bo‘lardi 7. Men Joysni ro‘paramizda turgan aynan ichki a’zolari bilan fikrlaydigan odam sifatida tushunish mumkinligiga shubha bilan qarayman 8, bu odamning bosh miyasi faoliyati shu qadar sustlashganki, u mohiyatan faqat turli sezgilargagina diqqatini qaratgan, xolos. Joysga ko‘ra, odam doimo o‘zining sezgi organlari faoliyatidan: u nimani va qanday ko‘rayotganidan, qanday eshitayotgani, ta’mni, hidni qanday bilayotganidan va ushlab-paypaslab sezayotganidan zavq tuyishi kerak… Sezgi yoki idrok masalalari bo‘yicha o‘rtamiyona mutaxassislar − bundaylar minglab topiladi − e’tiborlarini yo sezgi organlariga yoki idrokka qaratishadi. Joysda esa ikkalasi ham osongina amalga oshadi. Qator sub’yektiv assosiatsiyalardan tuzilgan gulchambaraklar Dublin ko‘chalarining ob’yektiv ko‘rinishlari bilan chirmashib ketadi. Ob’yektiv va sub’yektiv, tashqi va ichki ta’sirlar tinimsiz bir-biriga qorishadiki, alohida olib qaralgan bir tasvir nechog‘li aniq-ravshan bo‘lmasin, oxir-oqibat ko‘z oldingizda eshilib-buralayotgan tasma chuvalchanglarning nimaligi: jismoniy mavjudotmi yoki transsendental mavjudotligi noma’lumligicha qoladi 9. O‘zida hayotni butun mahobati bilan namoyon etadigan va g‘aroyib serpushtlik qobiliyatiga ega tasma chuvalchanglar – mening nazarimda, garchi bu chiroyli o‘xshatish bo‘lmasa-da, biroq umuman nomuvofiq, deb aytmasa ham bo‘ladi − Joys kitobini tashkil etgan boblarning ko‘rinishi. Joys, umuman, qandaydir muhim gapni aytmoqchi bo‘lganmi. Bu o‘rinda urfdan qolgan ushbu eski da’vo qanchalik o‘rinli? Oskar Uayldning aytishicha, san’at asari qandaydir naf keltirishdan mahrum. Bizning zamonda o‘zini ilmli sanaydigan tor fikrli kishilar – filistyorlar ham bu fikrga e’tiroz bildirmagan bo‘lardi, biroq ular baribir qalban san’at asaridan qandaydir “mohiyat, ma’no”ni kutishadi. Bu to‘g‘ri, biroq qani u Joysda? Nega u o‘quvchiga o‘sha “mohiyat, ma’no”ni ochiq-oydin ifodalab bermadiki, kitobxon adashmasin, uning oldida “semita sancta ubi stulti non errent” 10 bo‘lsin?
Mana, men kitobni o‘qiyotibmanu kitob meni laqillatayotganini, sabr-toqatimdan mosuvo qilayotganini his etayapman. Kitob menga peshvoz chiqishni – mutolaaga yordam berishni istamaydi, o‘zining mazmunini tushunib olishni yengillatishga zig‘ircha urinayotgani sezilmaydi, bu esa kitobxon sifatida menda kamsitilganimni, o‘zimning qadrsizlanganimni tuygan his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Mening o‘zimda, aftidan, qonimda o‘zini ilmli deb biladigan tor fikrli – filistyorga xos tuyg‘u bordek, bu tuyg‘u menda go‘llarcha: o‘qiyotgan kitobim menga nimanidir aytadi va men uchun tushunarli bo‘ladi, degan ilinjni uyg‘otadi; biroq bu, ehtimol, mifologiyada chuqur ildiz otgan olamga antropomorf munosabatning ob’yektga, ayni holatda esa kitobga ko‘chirilishidir! Umuman aytganda, bu kitobni o‘qib o‘zing uchun muayyan fikr-xulosalarga kelishning iloji yo‘q, bu kitob – ziyoli kitobxonning alamli mag‘lubiyati timsoli, axir, oxir-oqibat, u ham… (deyman men Joysning suggestiv uslubiga tayanib). Kitob, albatta, mazmunsiz bo‘lmaydi, unda nimadir tasvirlangan bo‘ladi, biroq men Joysning nimanidir “tasvirlash”ni xohlaganiga judayam shubhalanaman. Pirovard natijada asarda uning o‘zi tasvirlangan emasmikan – va, ehtimol, kitobdagi bu rostakam yolg‘izlik, guvohlarni istisno etadigan bu amal, g‘ayratli kitobxonni quyushqondan chiqaradigan hurmat-ehtiromning bu begonaligi sababi shunda emasmikan? Joys o‘zini mening e’tirozlarimga duchor qildi. (Hech qachon o‘quvchiga uning shaxsan ahmoqligini ko‘rsatishga urinmaslik kerak, biroq ayni shu narsa “Uliss”da amalga oshirilgan.)
Menga o‘xshagan psixoterapevt o‘zining psixoterapiyasisiz, xususan, uni o‘zida tatbiq qilmay, yashay olmaydi. Agar odam jahl otiga minsa, uning nuqtai nazaricha, bunday holatda u o‘ziga: “Sen shunday bir nuqtaga keldingki, undan naryog‘iga hali qaraganing yo‘q”, demoqchi bo‘ladi. Ushbu holatda uning kayfiyati buzilishi oqibatida yuz beradigan ko‘ngilsizliklarni kutish tabiiy; mana, muallifning solipsistlarcha betakalluf, iltifotsiz munosabati mening – kitobxonlar ommasining ilmli, ziyoli vakilining, bosma matnga xayrixoh, xolis qaraydigan va unda nima borligini bilish, tushunish maqsadida zo‘r berib qilayotgan ezgu niyatdagi sa’y-harakatlari adolatli tarzda taqdirlanishini kutayotgan odamning asablariga ta’sir qilayotir 11. Mana u, sovuqqon odamlar uchun xos bo‘lgan, Joysning fikrlash tarziga singib ketgan beparvolikning ta’siri; bu sovuqqonlar, aftidan, o‘z ildizlari bilan kaltakesaklarga va yana-da quyiga qarab ketadi, go‘yo u o‘zining ichida – ichak-chavoqlarida turganday va ular bilan ko‘ngilxushlik qilayotganday – o‘sha tosh odam aynan o‘sha Moiseyning o‘zginasi, tosh shoxlari, tosh soqoli va toshga aylangan qorinu ichak-chavoqlari – ichi bilan qoyaday xotirjam turib Misrning go‘sht solingan doshqozonlariga ham, ilohlar qavmiga ham orqasini o‘giradi va bir yo‘la xayrixoh o‘quvchining tuyg‘ularini shafqatsiz jarohatlaydi.
Toshdan iborat ichki a’zolar olamining bu do‘zax qa’ridan sizning ko‘z o‘ngingizda oshqozon, ichaklarning to‘lqinsimon kerilishi va siqilishiga monand to‘lg‘anib, bir maromda o‘zining barcha a’zolarini ishga solib va o‘zining azaliy ozuqasini hazm qilayotgan, cho‘zilib-qisqarayotgan tasma chuvalchanglar chiqib keladi. Garchi bu a’zolar bir xilda bo‘lmasa-da, ular o‘zaro shunchalik o‘xshashki, adashtirmaslikning o‘zi mushkul. Kitobning, mayli, juda kichik bo‘lsin, qaysidir bir parchasini olib qaramang unda siz Joysni ko‘rasiz, taniysiz va shu bilan birga ushbu parchada shu parchaning o‘zigagina tegishli mazmuni bo‘ladi. Hammasi bu yerda birinchi bor, boshidan boshlab va to oxirigacha bir xilligicha paydo bo‘ladi. Axir, bu yuksak darajadagi o‘zaro bog‘liqlikki, faqat tabiatdagina shunday bo‘lishi mumkin! Yana qanaqangi to‘kislik va biroq ayni paytda qanday diqqatbozlik bu! Joysni o‘qiyotganimda men juda zerakaman, xunob bo‘laman, yig‘lagudek holatga tushaman, boz ustiga bu zerikish xosiyatsiz, oqibati xatarli, bunday holatni hatto holdan toydiradigan fisqu fujurlar ham yuzaga keltira olmaydi. Bu zerikish Tabiatning o‘zida bor, Gibraltar qoyalarida shamolning mudom sarosar uvillashi, Sahroning kimsasiz, ovloq joylarida quyoshning mudom bir zaylda chiqishi va botishi, dengizning bir zum tinim bilmaydigan shovqini – bu Kurtius mutlaqo to‘g‘ri aytganidek, “vagnercha poyonsiz musiqa”; shu bilan birga, bu asrlar osha kelayotgan takror, bir xillik. O‘zining hayratlanarli serqirra bilimiga qaramay Joys, garchi buni u, ehtimol, anglamagandir, muayyan ohanglarga ergashadi. Ehtimoldan xoli emaski, uni umuman hech qanday musiqa qanoatlantirmaydi, chunki uning dunyosining na sababiyatga, na oldindan tayin etilgan maqsadlarga, qolaversa, qandaydir qadriyatga bog‘langan joyi ham, mazmuni ham yo‘q. Biroq gap shundaki, hech kim musiqalardan xoli bo‘lolmaydi, ular ma’naviy hayotda ro‘y beradigan voqealarning o‘zagini tashkil etadi, kimdir qay yo‘sinda bo‘lmasin ro‘y berayotgan voqealardan ruhini tozalashga qanchalik urinmasin – hatto bu Joysnikidek jiddu jahd bilan qilinsa-da – befoyda. Uning kitobida hammasi qandaydir ruhsiz gavdalanadi, barcha tomirlarda qaynoq qon o‘rnida to‘nglagan suyuqlik oqadi, voqealar allaqanday sovuq xudbinlik ichida bekingan holda birin-ketin sodir bo‘ladi – ha, yana qanday voqealar deng! Har qanday holatda ham bu yerda hech qanday diltortar, hech qanday ruhni ravshan qiladigan, umid uyg‘otadigan narsani uchratmaysan, aksincha, ro‘y berayotgan voqealarga nisbatan zulmat, dahshat, qo‘rqinchli, ehtirosli, fojiali va istehzoli kabi aniqlovchilar mos keladi; bu yerda hammasi – hayotning ichki, mayda tashvishlaridan, boz ustiga, tartibsiz, mantiqsiz turmush urinishlaridan iboratki, voqealarni bog‘lab turadigan musiqiy asoslarni ko‘zoynak taqib izlashga to‘g‘ri keladi.
Biroq baribir uni topish mumkin, dastlab shunday ko‘rinishda, ya’ni o‘ta shaxsiy xususiyatni g‘ijinib mug‘ombirona so‘z va iboralar shaklida g‘azab bilan namoyon etganida, tahqirlangan yoshlikning sirqindisida, muvaffaqiyatli intiho topgan ruhning umumiy tarixi xarobalarida, bayramona kayfiyatdagi olomonga faqirona hayot boricha ko‘z-ko‘z qilinganida ko‘rish mumkin. O‘tmish o‘zini diniy, erotik va intim qirralari bilan hodisalar oqimining jilosiz sathida namoyon etadi; kitobxonning ko‘zidan hatto oriyatsiz ishbilarmon, o‘zining tabiiy mayllariga berilgan Blum va qariyb samarasiz ma’naviy izlanishlar bilan mashg‘ul Stefan Dedal (boz ustiga ayon bo‘ladiki, birinchisining o‘g‘li yo‘q, ikkinchisining otasi) ham o‘quvchi ko‘zidan yashirinib qolmaydi, ular muallifning o‘z shaxsini ikki tarkibiy qismga ajratganini ko‘rsatadi.
Kitobning boblari orasida qandaydir bog‘liqlik yoki muvofiqlik borday tuyuladi va buni yetarlicha asoslarga ko‘ra ta’kidlasa bo‘lar 12, biroq agar bu shunday bo‘lsa, unda ular shu qadar puxta yashirilganki, men boshida hatto ularning borligi ehtimolini ham payqamagan edim. Yana shuki, ularni bilib olish uchun kitobxon sifatida juda ko‘p bosh qotirishimga to‘g‘ri keldi, buni esa, aftidan, muallif − xuddi o‘rtamiyona odam hayotining yengil-yelpi manzaralari bizni mutlaqo qiziqtirmagani kabi − umuman inobatga olmagan.
Bugun ham “Uliss” meni o‘sha, 1922 yili, men uni dastlab qo‘lga olib, ozroq o‘qib hafsalam pir bo‘lib va ranjib bir chetga surib qo‘yganimdagiday zeriktiradi. Xo‘sh, unda men nima uchun u haqda yozayapman? Men o‘z-o‘zimcha u bilan xohlagan boshqa bir, tushunchamni boyitadigan “surrealism” shakli (bu yana qanday surrealism bo‘ldi?) bilan shug‘ullangandan ortiq shug‘ullanmagan bo‘lardim. Biroq men, mana, Joys haqida yozayapman, zero, bir noshir dabdurustdan u haqda va yana “Uliss” haqida qanday fikrda ekanimni so‘rab qoldi; sir emas, “Uliss” haqidagi fikrlar hozirgacha turli-tuman. Hech shubhasiz, “Uliss” – bu allaqachon o‘n martalik nashrga bardosh bergan kitob va uning muallifini birovlar ko‘kka ko‘tarib maqtasa, birovlar yerga urib tanqid qiladi. Shu bilan birga, u bahs-munozaralar markazida, uni misli ko‘rilmagan voqea sifatida ko‘rsatishadi, har qanday psixologning bu asarni chetlab o‘tishi mushkulligini aytishadi. Albatta, Joysning o‘z zamondoshlariga ta’siri favqulodda kuchli va “Uliss”ga o‘zimning e’tiborim tushganidan, birinchi navbatda, mening o‘zim ko‘proq manfaatdor bo‘ldim. Agar bu kitob unutib yuborilganida, o‘zidan biror-bir iz qoldirmaganida, u holda balki men unga hech qachon qaytmagan bo‘lardim: u dastlab nihoyatda mening alamimni keltirdi, menda arang qiziqish uyg‘otdi, eng muhimi, meni shu qadar ma’yus ahvolga solib zeriktirdiki, hatto o‘zimning ijodiy qobiliyatimdan ham xavotirlana boshladim, umuman aytganda, u menga faqat salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Albatta, mening ham o‘zimga xos xususiyatlarim bor. Men psixiatrman, bu deganim, psixik faoliyatning har qanday ko‘rinishiga men professional sifatida yondashaman. Shu bois o‘quvchini ogohlantirmoqchiman: odamning o‘rtamiyonaligining ham qayg‘uli, ham kulgili holati – tragokomediyasi, tiriklikning sovuq zulmat chulg‘agan ters tomonlari, umidsizlikka tushgan ruhiyatining qayg‘uli holati – bularning bari mening odatdagi kundalik ishim – oshi halolim, bu menda eskirib ketgan, siyqasi chiqqan, o‘zining jozibasini yo‘qotgan motivdan ko‘ra ortiq ko‘ngilchanlik uyg‘otmaydi. Inson ruhiyatining achinarli holati mendan izchil tarzda tibbiy yordamni ko‘rsatishimni taqozo qiladi, bu jarayonda men hayajonni yoki allaqanday his-tuyg‘ularni boshimdan kechiraman. Ruhiy kasallik – bu men uchun shunday narsaki, unga men doimo qarshi turishim kerak, deb hisoblayman; bemor mening yordamimga qattiq ishonayotganini ko‘rganimda unga jonim achiyotganini his etaman. “Uliss” esa mendan najot kutmaydi. Men unga kerakmasman; unga o‘zining bitmas-tugamas xirgoyisini tinimsiz davom ettirish yoqadi (bu menga nafratimni qo‘zg‘aydigan darajada tanish xirgoyi), bir zaylda va tinim bilmay o‘zining ichki a’zolari orqali fikrlash va miyaning bevosita his-tuyg‘ularni idroklash faoliyatini cheklash sistemasini takror ishga soladiki, bu doimo bir xil, xuddi arqondan to‘qilgan narvondagi harakatday o‘ziga o‘zi bog‘langan va o‘zgarishga chog‘langan biror-bir belgini namoyon etmaydigan sistema. (Bu jarayonda o‘quvchi anchayin nochor ahvolga tushadi, chunki u o‘zini butkul ojiz his etadi.) Umidlar barbod bo‘lish ibtidosi shu yerda, shu tarzda, yagona maqsad sifatida boshlanadi.
Bularga matnning xarakteristikasi sifatida emas, balki muallifning simptomatikasi – shaxsiy xususiyatlarining alomatlari sifatida qarash mumkin! Zero, kitobni o‘qiyotib, aynan ruhiy xastalarning bir qancha qo‘lyozmalarida ham aqliy faoliyat uzuq-yuluq ifodalanganini, mantiqiy xulosalar, arzirli maqsad-muddaolar umuman uchramasligini ta’kidlamaslikning iloji yo‘q. Boz ustiga tez-tez sezgi idroki keskin tarzda zo‘rayadi; kuzatuvchanlik nihoyatda kuchaygan bo‘ladi; o‘ta aniqlik bilan xotiradagi idroklanadigan predmetlar eslanadi; his-tuyg‘u eng mayda ichki va tashqi o‘zgarishlarni qayd etishga qaratiladi; o‘tgan voqealar xotirasi va yashirin ranj-alamlar xulq-atvordan ustun keladi; dovdirash holati ro‘y beradi; sub’yektiv tarzda yo‘naltirilgan iztiroblar ob’yektiv voqelik bilan qorishadi; biror narsani tasvirlab, ta’riflab berish, yangi so‘z yasashga, uzuq-yuluq iqtiboslar keltirish, taqlid qilib yasalgan tovushlar (masalan, qiyqiriq, vaqillash va hokazo) va bir tasavvurdan keskin tarzda boshqa tasavvurga o‘tish hamda diqqatning bir sezgi a’zosidan boshqalariga beixtiyor ko‘chib o‘tishi bilan xarakterlanadiki, bularning barchasi kitobxon uchun tushunarli bo‘lishi kerakligi inobatga olinmaydi; ruhiy kechinmalarni boshdan kechirish qobiliyatining zaiflashuvi shundayki, odam eng bema’ni va behayo harakatlardan ham tiyilmaydi 13. Shizofrenik psixikasi bilan “Uliss” muallifining ruhiy holati o‘rtasidagi o‘xshashlikni ko‘rish uchun psixiatr bo‘lish shart emas. Biroq shunga qaramay, bu holda xayolga keladigan o‘xshashliklarni hech bo‘lmaganda shuning uchun ham bo‘rttirish kerak emaski, aks holda biror-bir qoniqmagan kitobxon chuqur mulohaza yuritib o‘tirmay kitobni chetga surib, unga “shizofreniya” deb tashxis qo‘yishi mumkin. Psixiatriyaning o‘zidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu o‘xshashliklar, albatta, mutaxassislarning nazariga tushmay qolmaydi, biroq aynan ular Joysning asarida ruhiy bemorlarning shunchaki yozuv-chizuvlariga xos bo‘lgan bir xillikning uchramasligi e’tiborni tortishini qayd etishgan bo‘lardi. “Uliss”da, xohish bo‘lsa, hamma narsani, bayonning mazmunan bir narsaning takroriga aylanishidan boshqa hamma narsani topish mumkin. (Bu yuqorida ta’kidlangan fikrlarga umuman zid emas. “Uliss”ni tushunishda ziddiyat g‘oyasi umuman to‘g‘ri kelmaydi.) Kitobning mazmun-mundarijasi izchil va ravon tarzda ifodalangan, bu yerda hammasi harakatda va bir joyda depsinib turish kuzatilmaydi.
Qalbning hayotbaxsh qa’ridan tug‘ilgan butunlik oqim shaklida, yaxlit, qat’iy tartibga solingan tarzda namoyon bo‘ladi, bu esa, shubhasiz, yagona, shaxsiy iroda ibtidosi bilan sug‘orilgan va aniq maqsadga yo‘naltirilgan harakatga ishora qiladi. Bu yerda ong tuyqusdan va tartibsiz ishlab turmaydi, balki u qat’iy nazoratga bo‘ysundirilgan. Kitobning boshidan oxirigacha zehnga, tuyg‘ularga va intuisiyaga keng imkoniyat beriladi, ular afzal ko‘riladi, ayni paytda fikr-mulohaza, tafakkur va hissiy idrok faoliyati muttasil tiyib turiladi. Keyingilariga kitobda ahamiyatsiz, muhim bo‘lmagan jihatlar yoki muallifning shunchaki idroklash predmeti roli beriladi. Ta’kidlash joizki, muallif inson ruhiyati ichki va tashqi hayotining yashirin, ters tomonlarini ko‘rsatishdek maqsadda qat’iy turadi, garchi shunga qaramay u tuyqusdan namoyon bo‘lgan, ko‘ngil sust ketadigan go‘zallikka qiziqishni boshdan kechirsa-da. Biroq bularning bari ruhiy xastalarga xos xususiyatlar emas. Mabodo siz bu haqda boshqa fikrda bo‘lsangiz, u holda buni endi oldimizda turgan psixiatriya doirasidan tashqaridagi holat, deb ta’kidlash lozim bo‘ladi. Sog‘lom odamga har xil ruhiy og‘ishlar xos bo‘lishi mumkin, bunday og‘ishlar ruhiy kasallik vositasi sifatida yuzaga keladi.
Shaxsan mening xayolimga hech qachon “Uliss”ning muallifiga shizofrenik sifatida yondashish fikri kelgani yo‘q. Har qanday holatda ham, agar biz “Uliss”ning kuchli ta’sir ko‘rsatgani sababi nima bilan izohlanishini bilmoqchi bo‘lsak, uning yaratuvchisi u yoki bu darajada shizofreniyaga duchor bo‘lganmi, degan fikr ish bermaydi. “Uliss” – zamonaviy san’at singari nosog‘lom xayolning mahsuli. U to‘la ma’noda “kubistik”, zero, voqelik obrazini aql bovar qilmaydigan darajadagi murakkab manzaralarga qorishtirib yuboradi va uning asosiy ohangi, rang-tusi mavhum predmetlar olamiga bog‘liq melanxoliya, ya’ni dilgirlik, g‘amginlik va hazinlik. Kubizm esa, bu kasallik emas, san’atning bir yo‘nalishi, garchi u voqelikni groteskli usulda – o‘ta mubolag‘a bilan bo‘rttirib tasvirlangan predmetlar yoki groteskli mavhumlik orqali ko‘rsatsa-da. Bularning bari, albatta, biz shizofreniyada kuzatadigan holatlarga juda o‘xshab ketadi – bunday holatlarda bemor, aftidan, xuddi o‘sha bosim ta’siri ostida bo‘ladi: u voqelikni o‘zidan begonalashtiradi yoki, xuddi shu tarzda, voqelikka begonasirab qaraydi. Biroq shu bilan birga, odatdagidek, shunday ongsiz holatda harakat qiladi va biz bu holatda muayyan alomatlarga, tashqi belgilarga guvoh bo‘lamiz; ular shaxs butunligining beixtiyor alohida (mustaqil, o‘zini-o‘zi boshqaradigan komplekslar deb ataladigan) fragment (parcha, qism)larga bo‘linib ketishi oqibatida ro‘y beradi. Zamonaviy san’atkorlarga kelsak, ularning ijodida ushbu tendensiya o‘zida zamon belgilarini aks ettiradi, biroq bu ularning har birining shizofreniya kasalligiga chalingani oqibati emas. Bu yerda muhimi qandaydir o‘z-o‘zicha yuzaga keladigan individual turtkiga taalluqli emas, balki aynan jamoaviy intilishlarga, istak xohishlarga tegishli bo‘lib, bu intilishlar o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri manbalariga ega; bunda, albatta, biror-bir odamning ongi emas, balki xiyla katta miqyos – bizning zamonamizning jamoaviy ongsizligi (psych) nazarda tutiladi. Modomiki, gap jamoaviy ruhiy holatning namoyon bo‘lishi haqida borarkan, bu shuni anglatadiki, jamoaviy ruhiy holat turli sohalarga: tasviriy san’atga qanday ta’sir ko‘rsatsa, adabiyotga ham, haykaltaroshlikka qanday ta’sir ko‘rsatsa arxitekturaga ham shunday ta’sir ko‘rsatadi. (Darvoqe, biz so‘z yuritayotgan san’at yo‘nalishining ma’naviy otalaridan biri Van Gog chindan ham ruhiy kasal edi va buni ta’kidlash o‘rinli.)
Ruhiy kasal odam bilan bog‘liq holatda go‘zallik va mazmunni predmetlarning moddiyligiga alohida urg‘u berib, bo‘laklarga bo‘lish orqali yoki ularni asl ko‘rinishlaridan bir qadar mahrum etish orqali buzib ko‘rsatish, noto‘g‘ri aks ettirish o‘sha bemorning shaxsi buzilgani oqibatida yuzaga keladi; san’atkorni esa bu yo‘lga aniq maqsadga qaratilgan kuch yetaklaydi. San’at asari yaratish jarayoniga o‘z shaxsi buzilishining turli ko‘rinishlarini boshdan kechirish va ularga bardosh berishga mos usul sifatida qarashdan yiroq bo‘lgan zamonaviy san’atkor aynan ular orqali o‘zining butunligini tasdiqlash maqsadida buzilish jarayoniga berilib ketadi. Mefistofelning mazmunni ma’nisizlikka, go‘zallikni esa xunuklikka, mazmun bilan mazmunsizlik orasidagi haddan tashqari yaqin o‘xshashlikka, go‘zallik sifatida gavdalangan ma’nisizlikning o‘ziga tortuvchi joziba kuchiga doir murojaati – bularning bari hozirgi vaqtda ijodiy harakatni shunday izchillik bilan rag‘batlantiradiki, unga teng keladigan kuch insoniyatning butun ma’naviyati tarixida kuzatilmagan, garchi bu harakatlarning o‘zini alohida olib qaraganda ham ularda prinsipial jihatdan hech qanday yangilik bo‘lmasa-da. Shunga o‘xshash holatni biz, misol uchun, Amenxotep IV podshohligi davrida yagona hukmron uslubdan odatga zid tarzdagi chekinish yuz berganida, ilk xristianlik vaqtida Agns tasviridagi murakkab bo‘lmagan oddiy simvolikada, tanazzulga yuz tutgan barokkoning o‘ziga xos naqshlaridagi bejab tashlangan jimjimadorlikda kuzatamiz. Yuqorida yodga olingan zamonlar bir-biridan qanchalik keskin farq qilmasin, ular o‘zaro yaqin, uzviy bog‘langan, zero, ularning bari o‘zida ijodning ilk – inkubatsiya bosqichlarini aks ettiradi; ularni mohiyatini umumlashtirib bo‘lmaydigan tasodifiy holatlar sifatida izohlashga urinish mutlaqo qoniqarsiz natijalarni beradi. Ularni jamoaviy psixologik hodisa sifatida ko‘rib chiqarkanmiz, bizga shu narsa ma’lum bo‘ladiki, faqat bir holatda: agar ularning mazmun-mohiyati kelajakni bashorat qilishda ekanini uqishga urinilsa, ya’ni agar ularga teologik – ilohiyot nuqtai nazaridan yondashilsagina ularni to‘g‘ri tushunish mumkin.
Amenxotep IV (Exnaton) davri – bu keyinchalik butun jahon uchun yahudiy an’analarida saqlanib qolgan, monoteizm – yakkaxudolikning beshigi. Ilk xristianlikning yovvoyi infantilizmi, ya’ni go‘daklarga xos nodonligi faqat bir sabab bilan maydonga chiqdiki, bu vaqtga kelib, Rim imperiyasining o‘zi davlat-xudoga aylangan edi. Ilk rafaelitlarning ibtidoiy, jo‘n tasavvurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilk antik davrdan so‘ng unutilgan, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan tana go‘zalligi olamiga qaytishdan darak beradi. Barokko – saqlanib qolgan eng so‘nggi cherkov uslubi esa, o‘zini o‘zi tanazzulga duchor etib, o‘rta asrning aqidaga asoslangan, dogmatik ruhi ustidan ilmiy ruhning ustun kelishini darakladi. Shu yo‘sinda, agar Tyeopolo san’atini, uning ruh uchun bexatar bo‘lmagan darajaga yetgan o‘z ijodiy shaxsini namoyon etgan san’atini kuzatadigan bo‘lsak, gap uning o‘zining bo‘linib ketganida emasligini, balki bo‘linib ketish, parchalanish uning uchun o‘zining ijodiy individualligini, uslubining o‘ziga xosligini ifodalashning zarur vositasi ekanini ko‘ramiz. Agar ilk xristian o‘z zamonining san’ati va fanini tan olmagan bo‘lsa, bu bilan u o‘z hayotini sarobga aylantirmagan, balki o‘zida insonni qaror toptirgan.
Shu tariqa biz nafaqat “Uliss”da, balki bu asar ma’naviy qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan barcha san’at turlarida samarali ijodiy qadriyat va mohiyat bor, degan fikrga asoslanishimiz mumkin. Go‘zallik va mazmunni ifodalashning hozircha amal qilib kelingan mezonlari buzilishiga kelsak, aytish joizki, bu borada “Uliss” eng yuqori o‘rinda turadi. U his-tuyg‘uning qaror topgan odatlarini tahqirlaydi, u odatda, kitobning har bir qismidan mohiyat va mazmunni kutishga yo‘l qo‘ymaydi, u kitobni o‘qish jarayonida tug‘iladigan fikrlardan yaxlit bir xulosaga kelish uchun qilingan har qanday harakatni masxaralaydi. Ehtimol, faqat omi odamgina “Uliss”da qandaydir bir umumiy xulosa yoki obrazli yaxlitlikka moyillikni ko‘rar; negaki, agar u “Uliss”da shuncha zamonaviy bo‘lmagan narsalar borligini isbotlashga erishsa, u holda o‘zi tasdiqlab turgan go‘zallik qoidalaridan jiddiy tarzda chekingan bo‘ladi. “Uliss”dagi qoniqmaslik hissini uyg‘otadigan narsalarning hammasi faqat uning fazilatlarini tasdiqlaydi, chunki bunday qoniqmaslik hissi modernga modern bo‘lmagan tarafning yoqtirmay qarashidan yuzaga keladi va ushbu taraf aynan “tangrilar” hozircha “o‘z marhamatlari tufayli uning ko‘zidan” yashirgan narsani ko‘rishni xohlaydi.
Aynan modernistlarning asarlarida birinchi marta o‘zini tiyishga yoki jilovlashga bo‘lgan har qanday urinishlarga mudom qarshi chiqish xususiyati to‘la-to‘kis namoyon bo‘lgan, bu xususiyat esa Nitshega behad zavq-shavq bag‘ishlagan va uning murakkab, og‘ir ruhiy izlanishlarga berilgan intellektidan ustun kelgan (bu intellekt, qayd etish joizki, Ancian Regime davri uchun aynan mos). Hatto “Faust”ning ikkinchi qismidagi, “Zardusht”, shuningdek, “Ecce Homo”ning eng mavhum, qorong‘i joylari ham, har qalay, bu yorug‘ olamga xayrxohlikdan darak beradi. Faqat modernistlar ommaga orqa o‘girgan san’atni yoki boshqacha aytganda, san’atning sirtini, teskari tomonini ommaga havola qilishni uddalashdi; bu san’at ommaga zig‘ircha xayrixohlikni na baralla va na bosiqlik bilan ko‘rsatmaydi; va bu san’at, umuman olganda, o‘zi yaratgan qahramonlari kechinmalarini o‘quvchilar ham o‘z qalbidan kechirishlariga zarurat sezmasligini, shu bilan birga – garchi ochiq-oshkora bo‘lmasa-da, biroq anchayin izchillik bilan – modernizmning o‘tmishdagi barcha salaflari (Gyolderlinni ham e’tiboridan soqit qilmaylik!) ijodi yo‘l ochib bergan, burungi ideallarning barbod bo‘lishiga olib kelgan qarshilik ko‘rsatish tendensiyasini davom ettirib, buning nima ekanini oshkora ko‘rsatadi.
Masalaning faqat bir jihati bilan cheklanganda uning mazmun-mohiyatini mutlaqo tushunib bo‘lmaydigandek tuyuladi. Axir, biz uchun muhimi – bu qandaydir bir alohida turtki emas, garchi qayerdadir bu turtkidan yuzaga kelgan harakat muvaffaqiyatli bo‘lsa-da; hozirgi zamon kishisining hayotida qariyb har yoqda yuzaga keladigan o‘zgarishlar esa, aftidan, uning eski dunyoga taalluqli barcha narsani rad etayotganini anglatadi. Modomiki biz, afsuski, kelajakka ko‘z tashlaydigan ahvolda emas ekanmiz, demak, biz hali-hanuz O‘rta asrlarga qay darajada mansub ekanimiz − bu so‘zning asl ma’nosida, bizga ma’lum emas. Hech bo‘lmaganda, shaxsan mening o‘zim, kelajak nuqtai nazaridan, biz O‘rta asrlarga qulog‘imizgacha botganimizni bilganimda, hecham ajablanmagan bo‘lardim. Faqat mana shunday vaziyat bilan bog‘liq tarzda “Uliss”ga o‘xshash kitoblar va boshqa san’at asarlarining paydo bo‘lishini qoniqarli tarzda tushuntirish mumkin bo‘ladi. Bu asarlarning bari surgi doridek o‘ta ta’sirchan, agar unga juda qattiq va kuchli to‘siq qarshilik ko‘rsatmasa tozartiruvchi ta’siri behudaga sarf bo‘ldi. Ularning bari ruh uchun shunday tozalovchi vositaki, ularni qo‘llash faqat bir holatda – agar uni yanada o‘jar va qat’iyatli ta’sirlardan xalos qilish zarur bo‘lsagina – o‘zini oqlaydi. Bu jihatdan ular Freyd nazariyasidan biror-bir jihati bilan farq qilmaydi, zero, bu nazariya ham mutaassiblikka o‘ta xos bo‘lgan cheklanganlik bilan shunday ham tanazzulga yuz tutgan qadriyatlarni mag‘zidan mahrum etadi.
“Uliss” muallifi garchi ilmiy jihatdan qariyb xolis bo‘lib ko‘rinsa-da, hatto ba’zi o‘rinlarda “ilmiy” tilga ruju qo‘ysa-da, shunga qaramay, uning asari noilmiy biryoqlamaligi bilan ajralib turadi; “Uliss” – bu boshdan-oyoq inkor. Bu inkor, albatta, ijodiy. “Uliss” – bu ijodiy buzish, barbod qilish, gerostratcha nom qozonish uchun aktyorlik qilish emas, balki zamondoshiga hayotning aslida qandayligini uqtirib, ko‘rsatib qo‘yishga qaratilgan jiddiy tomosha, boz ustiga, bu yomon niyatda emas, balki xolislikka amal qiladigan ijodkorning begidir soddadilligi bilan amalga oshirilgan. Bu kitobni sof vijdon bilan pessimistik deb atash mumkin, garchi uning oxirida, deyarli eng so‘nggi sahifasida bulutlar ortidan xoloskor ro‘shnolik nuri porlaganday bo‘lsa-da. Ha, faqat ushbu sahifaga kelib, taxminan 734-betda siz jahannamni ortda qoldirganingizni anglaysiz. Oldingizda oqayotgan loyqa oqimning u yer, bu yerida ajoyib nur taratayotgan billurning yarqiragan yog‘dusi ko‘zga tushadi, ularni ko‘rib hatto modernist bo‘lmagan ham Joys – haqiqiy san’atkor ekanini, u nimalarga “qodir”ligini bilib oladi; zamonaviy san’atkor uchun esa, shubhasiz, bu o‘zi bo‘ladigan, hazilakam ish emas – hatto u usta san’atkor bo‘lsa-da va garchi bu usta yuksak maqsadlarni ko‘zlagan, shu maqsadlar uni chin ixlos bilan o‘zining ijodiy imkoniyatlarini yerga urishga majbur etgan bo‘lsa-da. Joysning inkori qanchalik keskin bo‘lmasin, bu uning uchun yangi bir e’tiqodga yuz burishga aylanmadi, u qanday bo‘lsa shunday – serg‘ayrat katolikligicha qoladi: u o‘z talantining portlovchi kuchini asosan cherkov va psixologik ta’limni ajratishga, ularning bevosita yoki bavosita tug‘dirgan oqibatlarga qarshi yo‘lladi. Zamonaviy olam Joys tomonidan ulug‘vor O‘rta asrlarga xos xususiyatlarga munosib emasligi, o‘ta qoloq va eo ipso o‘zining siyosiy mustaqilligi bahonasida shodlanishga joniqib urinayotgan Erinning katolik muhiti hanuz barqarorligi bois Joys tomonidan rad etiladi. “Uliss” muallifi asari ustida qaysi bir uzoq mamlakatlarda ishlagan bo‘lmasin, u sodiq o‘g‘il sifatida Ona-Cherkovi va o‘zining Irlandiyasidan ko‘zini uzgani yo‘q; uning uchun begona yurtlar faqat irland xotiralari va ular bilan bog‘liq alamli iztiroblarning yopirilgan to‘fonida kemasini halokatdan asraydigan langar sifatida zarur edi. Biroq xususan bunday olam, hech bo‘lmaganda “Uliss”da bo‘lsa-da, aytish joizki, u hech qachon, loaqal sukut saqlab qabul qilinadigan fikr tarzida ham Joysgacha yetib bormadi. Uliss o‘zining Itakasiga talpinmaydi, aksincha, u zo‘r berib o‘zining Irlandiyada tug‘ilgani faktining o‘zidan bekinishga urinadi.
To‘g‘risi, bizning ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladigan asardagi narsa-hodisalar shunchalik cheklanganki, u qolgan boshqa olamda o‘ziga nisbatan qandaydir qiziqish tug‘dirmasligi mumkindek tuyuladi! Biroq “Uliss” olami, aksincha, e’tiborsiz qolmadi. Agar “Uliss”ning zamondoshlariga ko‘rsatgan ta’siridan kelib chiqib so‘z yuritilsa, uning cheklanganligi o‘zida ozmi-ko‘pmi universal xususiyatlarni jamlagani ayon bo‘ladi. Shunday bo‘lgach, “Uliss” o‘zining zamondoshlariga, umuman aytganda, ayni vaqtida yetib keldi. Bizda, aftidan, modernistlarning butun bir jamoasi mavjud va ularning soni shunchalik ko‘p ekanki, ular 1922 yildan boshlab bu asarning o‘n nashrini bemalol hazm qila bildi. Bu kitob ularga, hali ehtimol o‘zlari bilmagan va his etmagan qandaydir sirni ochib ko‘rsatgandir. Ular bu kitobni o‘qib do‘zax azobiga teng zerikishni boshdan kechirmaydilar, balki, aksincha, u bilan birga o‘sadilar, o‘zlarida o‘zgarish, yangilanish sodir bo‘lganini, bilimi oshganini, haqiqat tomon yuz burishganini yoki hammasini boshidan boshlashga tayyor ekanliklarini his etadilar va, shubhasiz, muayyan bir maqbul holatga kelgan bo‘ladilar, zero busiz faqat alamli nafratgina kitobxonni diqqatini jamlab muqarrar uyqu xurujini yengib 735 sahifani boshidan oxirigacha qunt bilan o‘qib chiqishga undamog‘i mumkin. Shu boisdan, o‘ylaymanki, O‘rta asrlar katolik Irlandiyasi, aftidan, bizga tanish jug‘rofiy xaritalarda belgilab qo‘yilganidek emas, balki haligacha menga noayon behad ko‘lamli va haddan tashqari bepoyon hududga ega. Dedal va Blum janoblari odimlab yurib borayotgan bu katolik O‘rta asr, deylik, universal hodisa sifatida gavdalanadi yoki boshqacha aytganda, unda aholining butun bir toifalari yashasa kerakki, ularning yashash joyi, “Uliss”nikidek, ma’naviy-ruhiy rishtalar bilan shu qadar bog‘langanki, toki boshqa odamlar ilgari nazarlaridan zich berkitilgan borliqni, tiriklikni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, boriga ishonch hosil qilishlari uchun Joyscha tafakkurning portlovchi kuchi kerak bo‘ldi. Mening esa ishonchim komil, bizning hayotimizda qadim O‘rta asrlar hech qachon tugamaydi. Va bu yerda hech narsa qilolmaysan ham. Shu boisdan ham O‘rta asrlar andozalari bilan yashashni hech ham kanda qilmaydigan zamondoshlariga ular hali-hanuz “o‘sha” hayot izmida ekanini uqtirish uchun Joys (yoki Freyd) singari sohibkaromatlar kerak bo‘ldi.
Butun borlig‘i xristianlik mehr-shavqati, marhamati bilan to‘lib-toshgan, bu olamni to‘ldirgan kirdikorlardan nigohini chetga burishga moyil kimsalar ahamiyatiga ko‘ra behad ulkan bu asarning yaratilganini lozim darajada tushunib qabul qilishga qodir emas. Ular uchun bu shunday bir “tomosha” bo‘lardiki, bu “tomosha” ularni tamoman befarq qoldirgan bo‘lardi. Biroq Joys mahorat bilan o‘z kashfiyotini aynan mos ruhiy holatga mo‘ljallaydi. Faqat ana shu ruhiy holatga muvofiq tarzda u yuklagan salbiy emosinal kuchlar o‘yini harakatga keladi. “Uliss” nisshecha “o‘tmishga kufrona kirib borish”ni qanday amalga oshirish lozimligining namunasini ko‘rsatadi. Bu sovuqqonlik bilan, qalovini topib va shunday “dahriy”larcha bajarildiki, bunaqasi Nitshening tushiga xam kirmagan. Va bular barchasi – sokin, biroq aniq mo‘ljal bilan bajariladi va bu manaviy-ruhiy makon sehr-jodusining ta’sirini aslo aql-idrokdan emas, balki qalb qa’ridan izlash kerak! Joys o‘zining kitobida faqat zavq-shavqsiz, xudosiz va ma’naviyatsiz olamni tasvirlaydi, shu sababli unda hayotga ishonchni oshiradigan, ko‘ngilni ko‘taradigan biror narsani topish dargumon, degan vasvasaga berilish kerak emas. Qanchalik ajablanarli tuyulmasin, shunisi haqiqatki, “Uliss” olami o‘zining siyqa, o‘rtamiyona tomirlariga benajot bog‘lanib qolganlarning olamidan yaxshi. Va hatto yomonlik va vayronkorlik ustun kelgan o‘rinlarda ham “Uliss”, baribir, “yaxshilik”dan afzalligi bilan aniq farqlanib turadi yoki hatto undan yuqori turadi ham, ya’ni aynan o‘sha almisoqdan qolgan “yaxshilik”dan, amalda murosasiz mustabidligi ayon ko‘rinib turgan “yaxshilik”dan; bu “yaxshilik” o‘zida bid’atlardan tarkib topgan, soxta tushunchalar, xom-xayollar tug‘diradigan tizimni gavdalantiradi; bu soxta tushunchalar esa o‘ta qattiqqo‘llik bilan hayotning chinakam boyligi yuzaga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi va uning og‘ushiga tushganlarning barchasining fikr-o‘ylarini, vijdonlarini chidab bo‘lmas azob-uqubatlarga duchor etadi. Nisshe “Uliss”ning dasturiy g‘oyasini “Ma’naviyat jabhasida qullar qo‘zg‘oloni” deya atagan bo‘lardi. O‘zlarining siyqa, o‘rtamiyona ma’naviy ildizlariga bog‘lanib qolgan odamlar uchun xalos bo‘lishning ma’nisi shundan iboratki, ular “miyalarini ishlatib” o‘zlari yashayotgan olamning qanaqaligini va unda kechirayotgan “haqiqiy” hayoti qandayligini tan olishlari darkor. Xuddi bolsheviklar gvardiyasining vakili soch-soqoli olinmaganidan g‘ururlanganidek, ma’naviyati siyqa, o‘rtamiyona odam ham o‘z olamining naqadar ajoyibligi haqidagi xolis muhokamalardan o‘zini baxtiyor his etadi. Qorong‘ilik yorug‘likdan ziyodaligini oshirib maqtash ko‘zi ojiz odam uchun o‘ziga xos ezgu amaldek tuyulgani kabi, cheku chegarasiz sahro mahkum uchun misoli jannat. O‘rta asrlar odami uchun bid’atdan uzil-kesil xalos bo‘lmoq o‘z hayotini go‘zallik, ezgulik va mazmun-mohiyatdan mahrum etishdan iborat, chunki odam-sharpalar uchun ideallar – bu ijodiy yutuqlar emas, balki riyozat chekish, itoatkorlik va bandilik zanjiri, bu dastlab ko‘chmanchi xalqning mustabid yo‘lboshchisi Moisey tomonidan Sinay tepasida bichib-to‘qilgan, keyin esa hiyla va uddaburonlik bilan insoniyatga majburan qabul qildirilgan o‘ziga xos metafizik polisiya.
Agar Joysga sabab-oqibat nuqtai nazaridan yondashilsa, bu holda u katolik yakka hokimligi qurboni sifatida gavdalanadi, teleologik planda esa u ma’lum muddat inkor etish bilan qoniqadigan islohotchi, u keyingi natijani kutib, o‘zining qat’iy noroziligi-protesti bilan kifoyalanadigan protestant. Joysga modernist sifatida his-tuyg‘ularning begonaligi, hissizlik xos, bu xususiyat, tajribaning tasdiqlashiga ko‘ra, doimo his-tuyg‘ularning, ayniqsa, ular soxta, qalbaki bo‘lganda va haddan ziyod yuzaga chiqqanda ularga javob sifatida paydo bo‘ladi. “Uliss”da namoyish etilgan hissizlik, loqaydlik holatlari bizda sentimentallik behad keng yoyilgan, degan fikrga olib keladi. Demak, bu haqiqatdan ham shundaymi, degan savol tug‘iladi.
Bu tag‘in bir jumboqki, unga hammadan ko‘ra uzoq kelajak odami aniq javob bera olgan bo‘lardi! Shunga qaramay, hayotning sentimental tomoniga berilib ketganimiz mutlaqo nojoiz darajaga yetdi, deyishga bizda ba’zi bir asoslar bor. Urush payti xalq ehtiroslarining izhori qanday halokatli oqibatlarga olib kelganini eslaylik! Qancha baqir-chaqirlar bo‘lgan edi bizning gumanizm atalmish insonparvarligimiz haqida! Har birimizning qanchalik ojiz, notavon ekanimiz, hech bo‘lmaganda shunchaki achinishga ham arzimaydigan shaxsiy qayg‘u tashvishlarimiz-chi, ular haqida, ehtimol, boshqalardan ko‘ra psixiatr yaxshiroq so‘zlab berar. Sentimentallik – shafqatsizlikning tashqi ko‘rinishlaridan biri. His-tuyg‘ular yo‘qolishi, hissizlik – uning, o‘sha illatlardan muqarrar azob-uqubat yetkazadigan boshqa bir ko‘rinishi. “Uliss”ning yutug‘i shuni dalillaydiki, undagi jami ruhsizlik, hafsalasizlik holatlariga qaramay, bu asar ko‘rsatadigan ta’sir ijobiy; bundan shunday xulosa kelib chiqadi: kitobxon ko‘ngilchanlik, rahmdillikka o‘z-o‘zicha shu qadar ortiq darajada berilganki, asarda ularning yo‘qligi aynan uning uchun foydali bo‘lib ko‘rinadi. Men, shuningdek, qattiq ishonamanki, bizni nafaqat O‘rta asrlar, balki sentimentallik ham o‘z og‘ushida mahkam tutib turibdi va shu boisdan ham biz madaniyatimizning hissizligi o‘rnini to‘ldiradigan sohibkaromatlarning paydo bo‘lishi sababini bemalol tushunishimiz mumkin. Sohibkaromatlar esa, doimo istarali, yoqimtoy bo‘lmaydi, ularning manerasi – muomala tarzi, odatda yaxshi emas. Biroq aytishlaricha, ba’zan ular qosh qolib, ko‘zni mo‘ljalga oladi. Sohibkaromatlarning, albatta, kattasi va kichigi bo‘ladi, Joys ularning qay biriga mansubligini tarix hal qiladi. San’atkor, chin avliyolarga lozim ko‘rilganidek, o‘z davri ruhi haqida beixtiyor, ba’zan esa, shunchaki g‘ayrishuuriy, oyparastdek gapirib yuboradi. U ma’ruzamni o‘zim ijod qilaman deb o‘ylaydi, aslida esa uni davr ruhi boshqaradi va uning aytganlari ro‘yobga chiqadi.
“Uliss” – bu zamonimizning doctent humain va, qolaversa, uning siri ham shunda. Unga, ehtimol, ruhan va ma’nan cheklanganlarni imkon qadar xalos qilish buyurilgandir, undan ufurayotgan sovuq nafas esa nafaqat sentimentallikni, balki har qanday hissiyotga berilishlarni suyagigacha muzlatadi. Biroq uning mohiyati ushbu shifobaxsh ta’sirlari bilan yakun topmaydi. “Uliss”ning tug‘ilishiga yovuzlikning o‘zi doyalik qilgan, degan fikr qanchalik qiziqarli bo‘lmasin, biroq bu bilan hali hammasi aytilgan emas. Axir, unda hayot bor, hayot esa hech qachon nuqul yovuzlik va buzg‘unchilikdangina iborat bo‘lmaydi. To‘g‘ri, dastlab bu kitobdan biz chiqarishga qodir bo‘lgan jamiki xulosalar inkor va inqirozga taalluqli bo‘ladi, biroq shu bilan birga qandaydir aql bovar qilmaydigan, mubham narsalarni ham ko‘ngil sezadi, go‘yo allaqanday sirli maqsad uning ijobiy mazmunidan, u bilan birga – ezgulikdan xabar beradi. Bizning ko‘z o‘ngimizda ola-chipor gilamday yoyilib boradigan so‘zlar va manzaralarni “simvolistik”, degan xulosaga kelinsa to‘g‘ri bo‘ladimi? Axir, men, xudo shohid, allegoriya haqida gapirmayapman, balki simvol haqida, boshqacha tarzda aqlga sig‘maydigan, tushunib bo‘lmaydigan ifoda sifatidagi simvol haqida gapirayapman. Biroq agar bu haqiqatan ham shunday bo‘lganida, u holda, ehtimol, matnning g‘aroyib chigalligi zamiridan miltillab kishi bilmas, yashirin mazmun bizga peshvoz chiqardi, goh u, goh bu yerda sirli tovushlar jaranglardi, ular boshqa zamonlar va boshqa makonlar haqidagi xotiralardan aks-sado berardi va ko‘z oldimizda go‘zal orzu-umidlar yelib o‘tardi yoki tag‘in fanoning zulmat qa’riga g‘oyib bo‘lgan, butunlay unutilib ketgan xalqlar paydo bo‘lardi. Har holda buning ro‘y berish ehtimoli yo‘q emas, deb faraz qilish, albatta, mumkin, biroq uni qanday qilib ko‘rsa bo‘ladi, buni men bilmayman. Boz ustiga, mening tushunishimcha, muallif shuuri kitobning hamma burchaklarini yoritadi; bu g‘ayrishuuriy holatdan paydo bo‘ladigan yoqimli o‘y-xayollar, vahiy, kutilmagan xushxabar emas. Muallifning ehtiyotkorligi, ishni rejali olib borishi va atay farazlarga asoslanishi kitobda hatto Nisshening “Zardusht”idan yoki Gyotening “Faust”i ikkinchi qismidagidan ham ochiq ko‘rinadi. Chamasi, “Uliss”dagi simvolizm sohasiga oid qusurlar shu bilan izohlanadi.
Bu holda, tabiiyki, arxitiplarning yashirin ishtiroki bor, deb faraz qilish mumkin, bu holda Dedal va Blum o‘zlarida odamga xos azaliy ruhiy va shahvoniy mayllarning timsoliga aylangan, Blum xonimning kundalik hayotidagi hiyla-nayranglarda ko‘ngil obrazi (anima) aks etgan, Ulissning o‘zi esa Qahramon simvolikasini ifodalagan bo‘ladi; biroq gap shundaki, kitobda bunday xulosalarning haqqoniyligiga nafaqat biror-bir aniq ishora bor, hatto aksincha − unda hammasi ochiq-oydin, tiniq va yorqin aql nuri bilan ravshan ko‘rsatilgan. Bu, hech shubhasiz, simvolistik emas va har qanday simvolizmga zid. Mabodo kitobning ayrim qismlari simvolistik vazifani o‘ziga olgan bo‘lsa-da, u holda bu, garchi muallif harchand ehtiyot choralarini ko‘rgan bo‘lmasin, g‘ayrishuuriy-ongsizlik holati tufaylidir. Negaki, biz “simvolik” deganimizda shunga ishora qilamizki, predmetda – simvol ruhiyatdan yoki mavjud olamdan bo‘lsin – unga xos, aqlga sig‘mas va qudratli mazmun yashiringan bo‘ladi, inson esa o‘ziga qarama-qarshi sir-sinoatni, aniq ibora vositasida ifodalab, o‘ziga bo‘ysundirishga urinadi.
Buning uchun u fikru zikri bilan ushbu predmedga intilmog‘i, uni hosil qilgan barcha turli-tuman qobiq-po‘stloqni archib, ayab-avaylab, qizg‘anib noma’lumlik qa’riga bekitilgan asl javhariga yetib borishi va uni yorug‘iga olib chiqishi darkor.
“Uliss”da esa bunday harakat umidsizlikka olib kelishi mumkin, zero, son-hisobsiz qobiq-po‘stloqlarni archib, tobora teranlikka kirib borgan bilan siz bu qobiq-po‘stloqlardan bo‘lak hech nimaga ega bo‘lmaysiz va “Uliss”, misoli taftsiz, sovuq nur taratib turgan Oydek loqayd, shakllanish, mavjud bo‘lish va barham topish komediyasining o‘z holicha davom etishiga monelik qilmaydi, uning bardavomligini koinotning qaysidir bir uzoq puchmog‘idan turib kuzatadi 14. Men chin dildan ishonamanki, “Uliss” simvolik tafakkur sistemasidan tarkib topgan emas, negaki, aks holda, u o‘z maqsadidan chetlashgan bo‘lardi. Bu qanday hadik bilan asralgan sirki, uni deb beqiyos kuch sarflab, o‘qish behad azobga aylanadigan, butun boshli 735 sahifani o‘qib chiqishga arzisa? O‘quvchi, yaxshisi, aslida yo‘q javohirlarni qidirib vaqtini ham, kuchini ham sarflamay qo‘ya qolsin. Ular qayergadir, hatto tuproqqa bekitib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni xayolga ham keltirib bo‘lmaydi, negaki ongimiz bunday fikr izmiga tushsa, tag‘in mister Dedal va mister Blumning ma’naviy va moddiy olamiga tortiladi va bu olamning sirtida, uning mohiyatiga tushunib yetmay umrbod sarson-sargardonlikka duchor bo‘ladi. “Uliss”da nazarda tutilgan niyat bu emas. Uliss, juda uzoqlardan yolg‘iz turib kuzatayotgan Oyga o‘xshagan, na u tangrilar tutib turadigan, na tuban mayllar izmiga moyil, na muhabbat va nafrat yo‘rig‘iga yuradigan, na ishonch-e’tiqodga va na xurofot-bid’atga bog‘langan – har qanday ob’yektdan xoli, ozod ong bo‘lishni xohlaydi. “Uliss” bir nima demaydi, biroq shunga kirishadi: u ongini xalos qilishga 15, yo‘lida uzoqdan ko‘rinib turgan nishondek maqsadga intiladi. Ehtimol, yangicha dunyoqarashning siri ham shundadirki, bu sirni anglab yetish kitobning 735 sahifasini to‘la-to‘kis qunt bilan o‘qigan kishiga emas, balki 735 kun mobaynida o‘zining olamini va o‘zining ruhiyati-yu mohiyatini Ulissning ko‘zi bilan kuzatgan kishiga nasib etar. Vaqtning bu bo‘lagi o‘zida simvolik mazmunni tashiydi – bu o‘sha, “zamon davomida, zamonlar va yorti-zamon” da ro‘y beradigan hodisa, ya’ni bu vaqt juda uzoq va shu qadar cheku chegarasizki, unda evrilish to‘la-to‘kis voqe bo‘ladi. Ongning xalos bo‘lishi gomerchasiga ro‘y beradi – Skilla va Xaribda oralig‘idagi tor bo‘g‘ozdan, ruh va olam Simplegadalari orasidan suzib o‘tayotgan g‘aroyib sabr-bardosh sohibi Odissey; Dublin Aidasida esa: hazrat Jon Konmi va Irlandiya vise-qiroli orasidan, Liffi bo‘ylab quyiga xuddi “buklab yasalgan qog‘oz qayiqchadek yengilgina tebranib, silkinib borayotir”: “Elijah, skiff, light crumpled throwaway, saild eastward by flanks of ships and trawlers, amid an archipelago of corks beyond new Wapping street past Benoson’s ferry, and by the threemasted schooner Roseven from Bridgewat er with bricks” 16.
Ongning bu xalos bo‘lishi, shaxsning bu shaxssizlanishi – joysona Odisseyaning Itakasimi?
Basharti olamda hammasi nochor ekan, demak aftidan, faqat bitta Men yashab qolgan va uning ismi Jeyms Joys. Biroq barcha omadsiz, baxtsiz, o‘z Menining soyasidek sudralib yurganlar orasidan bitta Men alohida ajralib turishini qayd etib bo‘ladimi? “Uliss”da har qaysi personaj, albatta, hayotda aniq maqsadi yo‘qligi bilan boshqalaridan hecham qolishmaydi va ulardan birining o‘rniga boshqasini qo‘yib ham bo‘lmaydi; ularning har biri har jihatdan o‘ziga xos va, qolaversa, ularda mutlaqo o‘z Meni yo‘q, umuman, odamga xos bo‘lgan o‘tkir, sezgir his etish, idroklash tuyg‘usi yo‘q, o‘zak yo‘q, qaynoq qon bilan yuvib turiladigan ayni o‘sha Men oroli – yurak yo‘q, bu esa, aslida – eh! – juda kichik bo‘lsa-da, baribir hayot uchun nihoyatda zarur. Bu Dedallar, Blumlar, Xerrislar, Linchlar, ularni u yoqda qanday atashmasin, nima deb gapirishmasin, umumiy bir ro‘yoda – tushda aralashib, qo‘shilib-qorishib yuraveradilar, bu tushning esa ibtidosi ham, intihosi ham yo‘q, bu tush, faqat uni “Hech kim”, allaqanday ko‘zga ko‘rinmas Odissey ko‘rishi-kuzatishi uchungina mavjud. Ularning birortasiga bu haqda biror narsa ma’lum emas va shunga qaramay ularning bari yashayotir, chunki allaqanday iloh ularni yashashga undaydi. Bu hayot o‘zi shunday va undagi Joys yaratgan obrazlar hayotiy – vita somnium breve . Biroq ularning hammasini qamrab oladigan ayni o‘sha Men bir marta ham ko‘rinish bermaydi. U o‘zini hech bir narsada: na biror-bir fikr-o‘y, na nima bilandir ishtirok etib, na qandaydir antropomorfizm bilan namoyon etmaydi. Bu obrazlarning barchasining yaratuvchisi Menni topishning iloji yo‘q. U butunisicha “Uliss”ning behisob personajlariga qorishib ketgan, deb o‘ylash mumkin 17. Va, baribir, aniq qilib aytganda, aynan shuning uchun ham hamma-hammasi, hatto asarning oxirgi bobiga kelganda tinish belgilarining yo‘qolishi – bu Joysning o‘zi. Uning xoli, ozod bo‘lgan, kuzatuvchan, birgina loqayd, e’tiborsiz nigohi bilan 1904 yil 16 iyundagi voqealarning bemavrid o‘rin almashuvini qamrab olgan ongi; u yerda sodir bo‘layotganlarning bariga qarata aytishi joiz: Tat twam asi – bu sen – “sen” yuksak ma’noda, ya’ni hech qanday Men emas, balki o‘ziga o‘zi murojaat etayotgan O‘zlik, zero, faqat O‘zlik bir zumda Men va Men emasni, jahannamni, yer qa’rini, “imagines et lares” ni va koinotni mutab, qamrab oladi.
Men “Uliss”ni o‘qiyotganimda har gal Vilxelm e’lon qilgan yogning xitoycha tasviri ko‘z oldimga keladi, uning boshidan yigirma beshta figura chiqib turadi 18. Bizning ko‘z o‘ngimizda yogning ruhiy holati namoyon bo‘ladi, bu holatida u bor kuchini o‘z Menidan xalos bo‘lishga yo‘naltirmoqda, maqsadi Mendan ko‘ra yanada mukammal, yanada ob’yektiv – o‘sha O‘zlik holatiga o‘tish; “Oyning yolg‘iz turgandagi gardishi”ga o‘xshagan O‘zlik holati bu sat-chit-ananda holati bo‘lib, u baqo-fano birligining yuksak ko‘rinishini, Hindiston va Xitoyning bebaho donishmandligi va ming yillar sharaflangan najot topishning sharqona yo‘lining eng yuksak maqsadini anglatadi.
“Qog‘ozni buklab yasalgan qayiqcha yengilgina tebranib, silkinib yeladi”, Sharqqa suzadi. Bu qog‘oz qayiqcha “Uliss”da uch marta ko‘rinadi va har gal Iliya bilan sirli tarzda bog‘langan bo‘ladi. Ikki marta: “Iliya! Iliya!”, deya tantanali suratda e’lon qilinadi. Va u, haqiqatdan ham, fohishaxona tasvirlangan sahnada paydo bo‘ladi va o‘sha joyda u amerikacha lahjada qog‘oz qayiqchaning sirini tushuntiradi:
“Boys, do it now. God’s time is 12.25. Tell mother you’ll be there. Rush your order and you play a slick ace. Join on right here! Book through to eternity junction, the nonstop run. Just one word more. Are you a god or doggone elod? If the second advent came to Coney Island are we ready? Florry 19 Christ, Stephen Christ, Zoe Christ, Bloom Christ, Kitty Christ, Lynch Christ, it’s up to you to sense that cosmic force. Have we cold feet about the cosmos? No. Be on the side of the angels. Be a prism. You have that something within, the higher self. You can rub shoulders with a Jesus, a Gautama, an Ingersoll. Are you all in this vibration? I say you are. You once nobble that, congregation, and a buck joy ride to heaven becomes a back number. You got me? It s a life brightener, sure. The hottes stuff ever was. It s the whole pie with jam in. it’s just the cutest snappiest Line out. It is immense, supersumptuous. It restores” 20.
Bu yerda nima yuz bergani tushunarli: inson ongining xalos bo‘lishi va shu bilan bog‘liq tarzda uning “ilohiy” ongga yaqinlashuvi (“Uliss” qurilishining asosiy prinsipi va asarning yuksak badiiy yutug‘i shunda) fohishaxona ahmoqlari uchun mast-alast jahannamda iblisona tahqirga uchraydi, bu o‘rinda u haqdagi fikr an’anaviy shartli iboralarda ifodalanadi. Cabr-bardoshli, ko‘p darbadar kezgan Uliss o‘zining tug‘ilgan oroliga yetib olishga, o‘zini topishga, asliga qaytishga intiladi, ayni paytda, romanning XVIII bobida aks ettirilganidek, u o‘zini to‘g‘ri yo‘llardan chalg‘itadigan narsalarga qarshi kurashdi va masxarabozlar olami – soxta tushunchalar, xom xayollar dunyosidan – ularga uzoqdan turib nigoh tashlab va befarq, e’tiborsiz qarab – o‘zini xalos qildi. Bu bilan u go‘yo qandaydir Iisus yoki qandaydir Budda bajargan amallarni bajaradi. Ya’ni masxarabozlar olamidagi to‘siqlarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tadi. Ziddiyatlardan xalos bo‘ladi, qolaversa aynan Faust bajargan ishni ham amalga oshiradi. Va “Uliss”da voqealar Faustning yuksak ayollik ibtidosiga qorishib o‘zini topgani kabi boshlanadi. Bunda misis Blumga, Styuart Gilbert to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Yerdagi hayotga qaytayotgan kimsaning roli ravo ko‘riladi. Uning tinish belgilarisiz monolog tarzda gapirgan gaplari – so‘nggi so‘z ham ularga tegishli va haddan tashqari g‘ala-g‘ovurlardan so‘ng xotimaning ohangdor da’vatini aytish unga tepadan marhamat qilindi.
Uliss – Joysda o‘rnashgan iloh-ijodkor, haqiqiy demiurg , unga o‘zining ruhiy va jismoniy tabiati orqali dunyoviy ishlarga berilib, qiziqib ketishdan qutilish va bu dunyo munosabatlaridan o‘z ongini xalos etish nasib qildi. Uliss real, hayotda bor odam – u Joysga taalluqli, xuddi Faust Gyotega, Zardusht Nisshega taalluqli bo‘lganidek. Uliss bu yuksak ko‘rinishdagi o‘ziga xoslik, O‘zlik va bu O‘zlik tartibsiz, mantiqsiz dunyoviy o‘zaro bog‘liqliklarni bardosh berib yengib, o‘zining samoviy vataniga qaytadi. Kitobni to‘la o‘qib chiqib, siz unda hech qanday Ulissni topolmaysiz, kitobning o‘zi, Joysda yashayotgan mikrokosm sifatida, Ulissning o‘zi, uning o‘zlik olami va bir olam o‘zligining boshqasiga joylashgani. Ulissning qaytishi uning butun dunyoga, ham ruhiy, ham moddiy olamga butkul orqa o‘girishni tugatganda yakunlandi, deb hisoblash mumkin. “Uliss”da olamning yanada teran manzaralari taqdim etilgan tasvirlar ham bordir, ehtimol. Bu 1904 yilning 16 iyuni, odatdagi zerikarli kunlarning biri, uning davomida mayda, cheklanib, aqli torligi, o‘zgarmasligi oqibatida fikri qotib qolgan odamlar gap sotishadi, bekorchi, tartibsiz, telba-teskari ishlarni qilishadi va siz ro‘parangizda g‘ala-g‘ovur, xayoliy-xira, do‘zaxni eslatadigan manzarani ko‘rasiz, unda qochiriq-uchiriqlar ham, inkor ham, nafrat ham, bosirinqi tushga yoki maslinisa (qishni kuzatish bayrami)dagi ichkilikbozlikdan keyingi karaxtlikka, bosh og‘rig‘iga yoki ijodkor 1914 yil 1 avgustda taxminan his etishi lozim bo‘lgan narsaga o‘xshash dunyoga guvoh bo‘lasiz. Optimizm kuchaygandan so‘ng ijodning yettinchi kuniga kelib 1914 yil ham uning yaralishi, deb hisoblashi demurgga oson bo‘lgani dargumon. “Uliss” 1914 yildan 1921 yilgacha yozilgan bu paytda dunyo haqida qandaydir ko‘tarinki ohangda o‘ylashga asoslar yo‘q edi va bu dunyoni mehr-muhabbat bilan quchishga biror-bir sabab ham yo‘q edi (ha, shundan keyin ham bunda hech narsa o‘zgarmadi). Shu boisdan ham hech qanday ajablanadigan joyi yo‘qki, san’atkor botinida yashayotgan olam yaratuvchisi o‘z olamini salbiy planda loyqalantiradi va bu shu qadar salbiyki, shu qadar shakkoklarcha salbiyki, anglosakson mamlakatlarida syenzura san’at uchun teng ko‘rilgan tasavvurlarga bu dunyoning nomutanosibligi qo‘zg‘aydigan janjallarning kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka o‘zini mas’ul deb bildi va “Uliss” hech qanday gap-so‘zsiz taqiqlandi! Noma’lum demurg vatanini topishga takror intilayotgan Odisseyga shunday evrildi.
Biz “Uliss”da his-tuyg‘uni juda kam uchratamiz. Bu, shubhasiz, har qanday estet uchun o‘ta yoqimli bo‘lsa kerak. Biroq, faraz qilaylik, Ulissning ongi oyga o‘xshamagan, balki fikrlaydigan va his etadigan qandaydir Men bo‘lsa; bu holatda asarning 18 bob bo‘ylab bosib o‘tilgan uning yo‘li shunchaki zerikarli bo‘libgina qolmasdi, balki chinakam azob-uqubatga duchor etgan bo‘lardi va oqshom tushishi bilan bu dunyomizga xos va mos bo‘lgan g‘am-alam va ma’nisizlikdan umidsizlik botqog‘iga botgan bizning darbadar baribir hayotning ibtido va intihosini belgilaydigan Ulug‘ Ona quchog‘iga qulab tushgan bo‘lardi. Ulissning beadabligi buyuk hamdardlikni, bu dunyoda mavjud bo‘lishning azob-uqubatlarini bekitadi, u yaxshi ham, chiroyli ham emas, bundan-da yomoni, unda boz ustiga hech qanday umid ham yo‘q. Negaki, u masxarabozlar o‘yinlari bilan odamlarni ovutgani kabi soatlar, oylar va yillar mobaynida uzluksiz davom etadigan oddiy, yakrang kunlardan tarkib topgan. Uliss o‘zining ongi bilan uni to‘ldirayotgan ob’yekt o‘rtasidagi munosabatlarni uzib tashlashga jur’at etdi. U o‘zini ro‘y berayotgan voqealarga aralashishga, hiyla-nayranglarga qo‘shilib ketishga va o‘zini unutib qo‘yishga majbur etadigan yo‘ldan xalos bo‘ldi. Shu boisdan vataniga qaytadigan holatga keldi. Va uning fikri, o‘y-xayoli shaxsiy kechinmalari bilan cheklangan, o‘zi bilan o‘zi band bo‘lib qolgan yolg‘iz odamniki emas, zero, ijod qilayotgan daho yolg‘iz bo‘lmaydi. Negaki unda ko‘pchilik mujassam va shu boisdan o‘z qalbi sukunatida u ko‘pchilik bilan gaplashadi, ko‘pchilik uchun u alohida tanlangan san’atkorgagina taalluqli bo‘lgan darajada mazmun va taqdir sanaladi.
Endi menga kitobning dastlab salbiy, “sovuqqon”, tumtaroqli-siyqa, mubolag‘ali, shaytoniy bo‘lib tuyulgan o‘rinlari tobora uning ijobiy yutuqlari bo‘lib ko‘rinayotir va buning uchun undan minnatdor bo‘lish kerak. Juda og‘ir diqqatbozlikka sabab bo‘ladigan va o‘ta zerikarli bir xil ohangga qorishgan, biroq ayni paytda bu kitobning yuksak darajada boy, million qirrali tili, undagi uzundan-uzun, birining ketidan biri ulanib ketgan epizodlar epikligiga ko‘ra g‘oyatda qoyilmaqomki, bu chindan ham ma’nisiz, maqsadsiz dunyo inqirozini o‘ziga qamrab olgan Mahobhoratga va hammasi − odam hayotida ro‘y beradigan jamiki narsa-hodisalar shaytonning o‘yinqaroq qiliqlariga o‘xshaydi. “From drains, clefts, cesspods, middens arise on all sides stagnant fumes” 21. Va har qanday diniy g‘oya, u qanchalik yuksak va nihoyatda tushunarli bo‘lmasin, ushbu kufrona buzg‘unchilik botqog‘ida xuddi tushdagidek, aniq-tiniq aks etadi. (Alferd Kubinning “Boshqa taraf” asari voqealari katta shaharda ro‘y beradigan “Uliss”ning qishloqlik qarindoshidir.)
Bunga men ham qo‘shilgan bo‘lardim, chunki bu yerda nima bor bo‘lsa, bori shu. Qolaversa, skatologiya da esxatologiya ning paydo bo‘lishi Tertullianning haqiqati − “Anita naturaliter christiana” ni tasdiqlaydi. Uliss o‘zini marhamatli dajjol sifatida ko‘rsatadi va bu bilan o‘zining katolik xristianlik qo‘rg‘oni mustahkamligini tasdiqlaydi. Ro‘paramizdagi shunchaki xristian emas, balki bu yerda yanada faxrliroq unvonlar ham bor: buddaviy, shivait, gnostik (“With a voice of waves.)… White yoghin of Gods. Occult pomander of Hermes Trismegistos. (With a voice of whistling seawind) Punarjanam patsypunjaub! I won’t have my leg pulled. It has been said by one: beware the left, the cult of Shakti. (With a cry of stormbirds). Shakti, Shiva! Dark hidden Father… Aum! Baum! Pyjaum! I am the light of the homestead, I am the dreamery creamery butter” 22.
Hatto kir o‘raning tubida ham yo‘qolmagan Inson ruhining yuksak va o‘ta qadimiy boyligi – bu mehr-shafqat qo‘zg‘amaydimi, bu teran mazmun kasb etmaydimi? Bu yerda ruhning bir tuynugi yo‘qki, u orqali spiritus divinus oxir-oqibat nopok va badbo‘y olamga o‘zining hayotini ufura olsa. Bid’atchilarga mansub jamiki egri yo‘llarning otasi qadimgi Germes to‘g‘ri aytgan: “Tepada qandoq bo‘lsa, pastda ham xuddi shunday”. Stiven Dedal, havo stixiyasining bu qushsifat odami yerda yig‘ilib qolgan badbo‘y balchiqqa botib-belanib qolganki, shoyad Oliy Qudrat tomon yorqin osmon kengliklari uzra erkin parvoz etishga chog‘lansa va bu Qudratga qovushsa-da, yana quyiga qayta olsa. “Va agar men dunyoning eng chetiga yugursaydim, unda…” – unda, Uliss davom etib deydiki, bu Xudoga shak keltirish shakkoklikning kuchli dalili bo‘lgan bo‘lardi 23. Yoki, mana, undan-da yaxshisi: Blum, yo‘ldan ozgan bu shahvatparast, ayg‘oqchi va vaysaqi, qulog‘igacha loyga botgan kimsa, hali o‘zi bilan hech qachon ro‘y bermagan holatni kechiradi: o‘zida Xudoodamni namoyon etgan qiyofasining moʻjizali o‘zgarishini boshidan o‘tkazadi. Xushxabarda aytiladi: osmon gumbazidan azaliy nishonalar yo‘qolgan paytda ularni yerda, qo‘ziqorinlarni izlab, tuproqni kovlab yurgan cho‘chqalar topib oladi, chunki ularni tepada qanday bo‘lsa, pastda ham xuddi shunday abadiy va qat’iy belgilangan, faqat Xudo la’natlagan ilmiliq o‘rtaliqdan hech qachon topib bo‘lmaydi.
Uliss mutlaqo xolis va o‘ta rostgo‘yki, unga ishonsa bo‘ladi. Uning olam va ruh qudrat hamda ojizligi haqida guvoh bo‘lganlariga ishonsangiz adashmaysiz. Ulissning o‘zi ularning mohiyatidir, hayoti va voqeligidir, ruh va olamning haqiqiy fantasmagoriyasi, jamiki bu “Men” va “U” uning o‘zida mujassam va uning o‘zida amal qiladi. Shu munosabat bilan men janob Joysga quyidagi savolni berishni xohlardim: “O‘zingiz sezdingizmi, Siz o‘zingiz Ulissning namoyishi, tafakkuri, balki ehtimol g‘oyalarining butun bir majmui hisoblanasiz? Boshqacha aytganda, Siz tushundingizmi, Uliss xuddi yuzta ko‘zli Argusdek bir yo‘la hamma yoqqa qaraydi, o‘zining olam va g‘ayriolam haqidagi fikr-o‘ylarini Sizga uzatadiki, toki Sizning boshingizda ob’yektlar bo‘lsin va ular vositasida Sizning Meningiz o‘z-o‘zini anglab yetsin?” Bilmadim, bu savollarimga muhtaram muallif qanday javob bergan bo‘lardi. Qolaversa, bu meni umuman tashvishlantirmasligi kerak, modomiki, men metafizika masalalarini mustaqil yechmoqchi ekanman. Muallif jahon tarixining makro-xaos-kosmosidan 1904 yil 16 iyun Dublini mikrokosmini qarmoqqa baliqni ilintirgandek mohirlik bilan qo‘lga kiritganini, alohida xolis makonga joylashtirganini, unga ishlov berganini kuzatganingda “Uliss” taajjublanarli savollar tug‘diradi; muallif bu mikrokosmning ham jozibali va ham jirkanch tomonlarini mutlaqo betaraf kuzatuvchidek so‘z yuritib, hayratlanarli darajada sinchkovlik bilan tasvirlaydi. Mana ko‘chalar, mana uylar, mana juftlar sayr qilib yurishibdi. Mana bu esa haqiqiy Blum janoblari o‘zining reklama biznesi bilan band, haqiqiy Stiven esa o‘zining aforizmdan iborat falsafasi bilan mashg‘ul. Mabodo Dublin ko‘chalarining qaysi bir muyulishida janob Joysning o‘zi uchrab qolsa, bunday holga ham ehtimoldan xoli deb qarab bo‘lmaydi. Shunday bo‘lishi ham mumkinmi? U, axir, xuddi Blum janoblaridek bor odam, shu bois uni ham qarmoqqa ilintirish, ishlov berish va tasvirlash mumkin bo‘ladi (misol uchun, “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”da qilinganidek).
Xo‘sh, Uliss o‘zi kim? U, ko‘rinishidan, birga qo‘shilganda hosil bo‘ladigan narsa, butun “Uliss”ning alohida personajlari jami: Blum va Stiven janoblari, Blum xonim va, albatta, janob Jeyms Joys birikuvidan vujudga kelgan timsol, xolos. E’tibor qarataylik: bizning ko‘z o‘ngimizda nafaqat ma’nisiz jamoaviy ruhni va son-sanog‘i yo‘q mijg‘ov, o‘zaro chiqisholmaydigan individual jonlarnigina emas, balki uylarni, uzun ko‘chalarni, cherkovlarni, Liffini, dengiz tomon suzib ketayotgan buklangan qog‘oz varag‘ini o‘zida mujassam qilgan mavjudot turibdi – maxluq bo‘lsa-da, olamni idrok etadigan va o‘zida gavdalantiradigan ong ato etilgan zot. Bu tasavvurga sig‘maydigan zot shunchaki oldi-qochdi gaplarni rad etadi, negaki baribir bu yerda hech narsani isbotlab bo‘lmaydi va taxminu farazlar bilan cheklanishga to‘g‘ri keladi. Tan olib aytishim kerak, mening nazarimda Uliss ulkan O‘ziga xoslik bo‘lishi bilan birga, muayyan ma’noda muallif ishlov bergan, moslagan, barcha ob’yektlarga birdek taalluqli, bu mavjudot, agar u janob Blum bo‘lganida yoki bosmaxona yo buklangan qog‘oz varag‘i bo‘lganida ham o‘zini aynan shunday tutgan bo‘lardi, aslida esa o‘z ob’yektlarining “qorong‘iga berkingan otasi” sanaladi. “Men qurbonlikka atalganman va qurbon qilinganman”; bu tubanlikda yashaydiganlar tilida shuni anglatadi: “I am the light of the homestead, I am the dreamery creamery butter” . U o‘griladi, oshiqona og‘ushini ochib, butun olamga yuzini tutadi – va barcha bog‘lar gullab ketadi: “O and the sea… crimson sometimes like fire and the glorious sunsets and the figtrees in the Alameda gardens yes and all the queer little stress and pink and blue and yellow houses and the rosegardens and the Jessamine and geraniums and cactuses…”, u teskari o‘giriladi undan – va shavqsiz zerikarli kunlar g‘izillab o‘taveradi – “labitur et labetur in omnevolubilisaevum” 24.
Avval boshda demurg o‘zining manmanligiga borib olamni yaratdi va bu unga bekamu ko‘st tuyuldi; biroq u tepaga qaraganida o‘zi yaratmagan nurni ko‘rib qoldi. Va shunda u o‘sha yoqqa, vatani bo‘lgan joyga qaytdi. Ana shu lahzada esa, uning mardona ijodiy irodasi ayol rozi-rizoligiga evrildi va u tan olishi kerak edi:
Bu yerda tanho
Hosildir maqsad.
Bunda – haqiqat!
Bizni har zamon
Mangu nazokat
Tortar ul tomon .
Kesik shisha ostida chuqur pastlikda yastanib yotgan Irlandiyada, Dublinda, Ekklz-strit, 7da 1904 yil 17 iyunda sahar pallasi soat ikkida karavotda yotib, Blum xonim uyqusiragan ovozda gapirdi: “O and the sea the sea crimson sometimes like fire and the glorious sunsets and the figtrees in the Alameda gardens yes and all the queer little stress and pink and blue and yellow houses and the rosegardens and the Jessamine and geraniums and cactuses and Gibraltar as a girl where I was a Flower of the mountain yes when I put the rose in my hair like the Andalusian girls used or shall I wear a red yes and how he kissed me under the Moorish wall and I thought well as well him as another and then I asked him with my eyes to ask again yes and then he asked me would I yes to say yes my mountain flower and first I put my arms around him eyes and drew him down to me so he could feel my breasts all perfume yes and his heart was going like mad and yes. I said yes I will Yes” 25.
O, “Uliss”, sen chindan ham ob’yekt ga ishonadigan, ob’yektni la’natlaydigan rangpar mayda odam uchun Xudo yorlaqagan kitobsan! Sen – chiniqtiradigan ruhiy-ma’naviy mashqlarsan, askezasan , ichdan g‘ayrat, kuchlanishga to‘la rasm-rusum, marosimsan, afsungarona tomoshasan, o‘n sakkizta ketma-ket qo‘yib qo‘yilgan retortsan , ularda kislotalar, og‘uli bug‘lar, sovutish va qizdirishlar yordamida yangicha dunyoviy ong gomunkulusi chiqadi.
Sen jimsan, ma’lummas, sen bir nima deyishni istaysanmi, o, Uliss, biroq sen harakatdasan. Endi Penelopaga bitmas-tuganmas choyshab to‘qishning keragi yo‘q, endi u yerdagi bog‘larda sayr qilib yuribdi, negaki shuncha sayyohatlardan so‘ng uning eri uyga qaytdi. Allaqanday olam quladi va tag‘in qad rostlaydi.
Qo‘shimcha: Endi “Uliss” mutolaasi shitob bilan davom etayotir.
Ilova
[Yuqoridagi maqolaning yuzaga kelish tarixi qiziqish uyg‘otadi, negaki u turli chiqishlarda har xil talqin etiladi. Nisbatan ishonchliroq fikr quyida 1 raqami ostida taqdim etilmoqda.
1) Yung maqolada yo‘l-yo‘lakay uni yozishga bir noshirning undan Joys va yana “Uliss” haqida fikrini so‘raganini qayd etadi. Bu o‘rinda gap 1927 yili “Uliss”ning (2- va 3-nashrlari 1930 yili chiqqan) nemis tiliga tarjimasi chop etilgan “Rhein-Verlag” (Syurix) nashriyotni bir muddat boshqargan doktor Deniyel Broudi haqida borayotir. Doktor Broudining aytishicha, u 1930 yili Myunxenda Yungning “Shoir psixologiyasi” mavzusiga bag‘ishlangan ma’ruzasini tinglangan. (Bu, ehtimol, “Psixologiya va poetik ijod” asarining ilk nusxasidir.) Keyinchalik doktor Broudi bu ma’ruza xususida Yung bilan suhbatlashganida, garchi ismini tilga olmagan bo‘lsa-da, Yung aynan Joysni nazarda tutib gapirganini Broudi aniq tasavvur qilgan. Yung bu fikrga e’tiroz bildirgan, biroq Joys o‘zi uchun haqiqatan ham qiziqarli ekanini va “Uliss”dan bir bobni o‘qiganini aytgan. Bunga javoban doktor Broudi “Rhein-Verlag” nashriyoti yangi adabiy jurnal chiqarmoqchi bo‘layotganini va uning birinchi soniga Yung Joys haqida maqola yozib bersa xursand bo‘lishini aytadi. Yung taklifni qabul qiladi va taxminan bir oy o‘tib maqolani doktor Broudiga topshiradi. Doktor Broudining ta’kidlashicha, Yung Joysga va “Uliss”ga prinsipda aynan bir xil klinik hodisa sifatida qaragan va ayni paytda yozuvchiga ham, asarga ham o‘ta tanqidiy munosabatda bo‘lgan. Xullas, Broudi Yungning maqolasini Joysga yuboradi, Joys telegraf orqali “Pastroqqa osilsin”, deb javob qiladi, ya’ni ko‘chma ma’noda: “Bosmadan chiqqandan keyin ko‘rsating” deydi (Joys bu o‘rinda Buyuk Fridrixning iborasini so‘zma-so‘z qo‘llaydi: Buyuk Fridrix o‘zi tanqid qilingan bir plakatni, hammaning ko‘zi tushishi uchun, pastroqqa ilib qo‘yishni buyurgan). Joysning do‘stlari, jumladan, Styuart Gilbert ham Broudiga, garchi Yungning o‘zi boshqacha fikrda bo‘lsa-da, maqolani chiqarmaslikni maslahat beradi. Bu paytga kelib Germaniyada siyosiy vaziyat keskinlashadi, shu boisdan “Rhein-Verlag” nashriyoti jurnal chiqarishdan voz kechadi va doktor Broudi maqolani Yungga qaytarib beradi. Keyinchalik Yung o‘zining essesini qayta ishlaydi (asosan keskin fikrlarni yumshatadi) va shundan so‘ng “Yevropaische Revue”da e’lon qiladi. Asarning ilk nusxasi bosilmay qolib ketadi.
Bu xulosalarga, bir tomondan, “Uliss”ning anglo-amerikalik noshirlariga doktor Broudining aytgan gaplari, boshqa tarafdan – professor Richard Ellman xatining mazmuni asos bo‘ladi; xatida u doktor Broudidan aynan shunday ma’lumotlar olgani haqida yozgan.
2) Richard Ellman “James Joyce” nomli kitobining ilk nashrida (1959, p.64) Broudi Yungdan “Uliss”ning nemis tilidagi uchinchi nashriga (1930 yil oxiri) so‘zboshi yozib berishni so‘raganini qayd etgan. Patritsiya Xatchinz “James Joyce, World” nomli kitobida (1957 yil, p.182) Yungning bir intervyuda aytgan quyidagi gaplarini keltiradi: “O‘ttizinchi yillarda mendan “Uliss”ning nemischa nashriga so‘zboshi yozib berishni so‘rashgan edi, biroq bu ish uncha yurishmadi. Keyinroq men tayyor bo‘lgan maqolani kitoblarimning birida bostirdim. Meni Joys asarining adabiy jihatlari qiziqtirgani yo‘q, balki o‘zimning kasbimga taalluqli jihatlari e’tiborimni tortdi. Ana shu nuqtai nazardan “Uliss” men uchun yuksak darajadagi qimmatli hujjat bo‘ldi…”.
3) Joys 1930 yil 27 sentyabrda Parijdan Xarriyet Shou Uiverga yo‘llagan xatida shunday yozadi: “Yungdan “Rheih-Verlag” nashriyoti Gilbert kitobining nemischa nashriga so‘zboshi yozib berishni so‘rab murojaat qilibdi. Yung asar matnini batafsil tekshirib va menga keskin tanqidlar yog‘dirib maqola yozibdi… bundan ular qattiq hayajonga tushibdi, biroq men maqolaning zoye ketishini xohlamasdim…” (Letters, hg. von Stuapt Gilbert, p.294). “Rhein-Verlag” nashriyoti nemis tilida “James Joyce’s “Ulysses”: A Study” kitobini “Das Ratsel Ulysses” (1932) deb nomlab chop etadi. Shu munosabat bilan Styuart Gilbert noshirlarga shunday yozadi: “Yungning “Uliss” haqida yozgan asari haqidagi mening xotiralarim noto‘g‘ri deb qo‘rqaman, shunga qaramay … men har qalay aminmanki, Yungga “Uliss”ning qaysidir bir nemischa nashri uchun emas, balki mening bu asar haqidagi kitobimda taqdim etgan jumboqli gaplarimni izohlab maqola yozib berishini so‘rashgan”. Va nihoyat professor Ellman bir xatida qayd etadi: “Mening taxminimcha, Yung bilan olib borilgan muzokaralar mobaynida uning maqolasini Gilbert kitobiga so‘zboshi sifatida ishlatish imkoniyati nazarda tutilgan, bu Broudi tomonidan taklif etilganmi yoki Joys tomonidanmi – buning farqi yo‘q”.
Yung qayta ishlagan maqolasining nusxasini Joysga quyidagi xat bilan qo‘shib jo‘natadi:
“Sizning “Uliss”ingiz dunyoga shunday bir murakkab psixologik vazifani yukladiki, psixologiya sohasida e’tibor qozongan, desa bo‘ladigan menday bir obro‘li odamga ushbu masalada bir necha bor murojaat qilishdi.
“Uliss” xuddi tosh yong‘oqdek tish o‘tmaydigan narsa bo‘lib chiqdi va meni nafaqat o‘zim odatlanmagan zo‘riqishlarga majbur qildi, ayni paytda, ancha-muncha g‘alati sargardonliklarga ham duchor etdi. Umuman olganda, Sizning kitobingiz men uchun zo‘r g‘ayrat qo‘zg‘aydigan manbaga aylandi va toki o‘zimni muallif o‘rniga qo‘ya olishimni his etgunimga qadar menga qariyb uch yil kerak bo‘ldi. Shunga qaramay Sizga aytishim joizki, men Sizning o‘zingizdan ham, Sizning bu mahobatli ishingizdan ham juda-juda minnatdorman, negaki, men ko‘p narsaga ega bo‘ldim. Men, to‘g‘risi, bundan huzur-halovat tuydim, zavqlandim deb hech qachon to‘la ishonch bilan ayta olmayman, negaki mendan bu jarayonda juda ko‘p asab va haddan ziyod aqliy mehnat talab etildi. Qolaversa, mening “Uliss” haqida yozganim Sizga yoqdimi, yo‘qmi – buni ham ishonch bilan aytolmayman, negaki men o‘zimning qanchalik zerikkanimni, qanchalik nolinganimni, qanday so‘kinganlarim va qanchalar xursand bo‘lganimni bu olamga oshkor etmay ilojim yo‘q edi. Asarning so‘nggi 40 sahifasi – uni men bir nafasda o‘qidim – bu psixologiyaning chinakam durlari shodasi. Meningcha, ayollarning asl psixologiyasi qanday ekanini biror-bir jonzot tushunmaydi; menga, har qalay, ushbu kitobni o‘qigunimcha bu borada juda kam narsa ma’lum edi.
Xullas, bir chetda yurgan, Sizning “Uliss”ingizning chalkash, egri-bugri ko‘chalarida sarson-sargardon kezgan va bir amallab undan chiqib olgan odamning tirishib-tirmashib yozgani – mening ushbu kichkina asarimni ko‘zdan kechirishingizni istardim. Har holda, mening maqolamni o‘qisangiz vazmin, mulohazali odam sifatida nazarga tushgan bir ruhshunosni “Uliss” qay ahvolga solganiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.
Qadrli Joys janoblari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmatim va e’tirofimni izhor etib qolaman, Sizga hamisha sadoqatli
K.G.Yung”
“Uliss”ning Yung foydalangan nusxasi titul varag‘iga Joysning qo‘li bilan inglizchada shunday yozilgan: “D-r K.G.Yungga, uning ko‘magi va maslahatlari uchun minnatdorlik bildirib Jeyms Joys, 1934 yil Rojdestvo, Syurix”. Bu, chamasi, maqolasini yozish jarayonida Yung foydalangan o‘sha kitob nusxasi, chunki unda matndan olingan ayrim iqtiboslar qalam bilan belgilangan.]
Izohlar:
1. Bu esse dastlab “Europaische Pevue” VIIIda (Berlin, September, 1932), keyin S.G.Jung, Wurklicheit der Seele kitobida bosilgan. Yung “Uliss”ning o‘ninchi nashridan iqtiboslar olgan, garchi asar unga 1922 yili chop etilgan birinchi nashridan ma’lum bo‘lgan bo‘lsa-da. O‘ninchi inglizcha nashr. Paris, 1928.
2. Joysning o‘zi bu haqda shunday deydi: “Biz, o‘zimizning barcha atomlarimiz va “agar”larimiz bilan kelamiz, qo‘limizni tekizamiz va ketamiz, xolos, biroq bundan-da ishonchlirog‘i shuki, biz, uchlarning yo‘qligi bois, uchini uchiga yetkazmaslikka buyurilganmiz”. (Work in Progress, in: transition [Paris]).
3. Kurtius (James Joyce und sein Ulysses, Zurich, 1929) “Uliss”ni “shaytoniy kitob… Bu Dajjolning ishi” deydi.
4. “O‘ziga xos metafizik nigilizm – mana Joys ishining mohiyati” (Curtius, 1. c., p. 60 f.).
5. Menga juda kuchli ta’sir qilgan afsunli so‘zlar bir yuz o‘ttiz to‘rtinchi betning oxiri – bir yuz o‘ttiz beshinchi betning boshida edi. Mana ular: “…bu marmarda qotgan muzika, inson shaklidagi ilohiy, muguzdor hamda qo‘rqinchli tosh haykal, bu donishmandlik va bashoratning yashashga munosib o‘lmas timsoli, bu ruhoniy qayta bino qiluvchi hamda qayta bino qilingan haykaltarosh qo‘li bilan marmardan yaratilgan tasavvur qudrati bilan limmo-lim mangulik”. Shu joyga kelganda men ko‘zim ilinayotganini his qildim va keyingi sahifani varaqlab duch kelgan joyidan o‘qidim: “…keyin o‘ktam er yetildi, janglarda mohir – keyin toshmuguz, tosh soqol, sangdillik”. [Izohlarda “Uliss”dan keltirilgan ushbu va keyingi iqtiboslar tarjimasi Ibrohim Gʻafurov tarjimasida chop etilgan “Uliss sarguzashtlari” (“O‘zbekiston” nashriyoti, 2013) kitobidan olindi – tarj.] Bu o‘rinda so‘z Misr kuch-qudratidan hayiqmagan Moisey haqida bormoqda. Ayni shu so‘zlarda mening idrokimni so‘ndirgan na’sha bor edi, negaki bu so‘zlar men hali anglab ulgurmagan fikrlarni harakatga keltirdi, ongim ularning harakatiga faqat xalal berardi. Keyinchalik menga ayon bo‘ldiki, o‘sha daqiqalarda mening botinimda ilk marotaba muallifning pozisiyasini, va shunga muvofiq tarzda, uning kitobini o‘ziga bo‘ysundirib olgan niyatni tushunishga moyil kuchsiz uyg‘onish yuz berdi.
6. Ro‘y berayotgan voqealarga bunday astoydil izchil munosabat Work in Progressda aks etgan. Karola Gideon-Velker topib aytganidek, “bizning oldimizda takror va takror o‘ziga qaytayotgan o‘sha g‘oyalar namoyon bo‘ladi; shuningdek, ularning qobig‘igina qayta-qayta o‘zgaradi hamda mutlaqo noreal muhitda paydo bo‘ladiki, bu muhitda bir yo‘la barcha zamonlar va makonlar mujassam” (Neul Schweirer Rundschau [Zurich, 1929, p.666]).
7. Jane psixologiyasida bu fenomen “abaissement du niveau mental” (“aqliy faoliyat darajasining pasayishi”) deb ataladi va bu holatda ruhiy xastalarda beixtiyor, Joysda esa hissiy aniqlik darajasiga to‘g‘ri yo‘naltirilgan kuchlanish natijasida, odatda faqat uyquga cho‘mgan kishidagina jonlanadigan turli-tuman manzaralar va mubolag‘ali g‘alatilik yuzaga keladi; shu bilan birga “fonction de reel”ning, ya’ni bedorlik chog‘idagi holatga xos bo‘lgan idrokning o‘chib qolishi ro‘y beradi. Buning oqibatida ruhiy va nutqiy avtomatizmlarning ustunligi kuchayadi, xulq-atvorda, muomalada tamoman befarqlik, loqaydlik kuzatiladi.
8. Meningcha, Styuart Gilbert (Das Patsel Ulysses, Zurich, 1932) haq, zero, u asarning har bir bobi u yoki bu ichki a’zoning yoki his qilish a’zosining, masalan, buyrak, yurak, o‘pkalar, oshqozon, miya, qon, quloq, mushaklar, ko‘z, quloq, bachadon, asablar, suyaklarning va badanning kuchli ta’siri pozisiyasidan turib yozilgan, degan fikrga asoslangan. Ichki a’zolarning ustun darajadagi ta’siri misoli leytmotivdek. Yuqorida aytilgan, ya’ni fikrlaydigan ichki a’zolar haqidagi fikr-mulohazalarimni men dastlab 1930 yildayoq yozib qo‘ygandim. Gilbert ham pirovard natijada shunday to‘xtamga kelgani men uchun ushbu psixologik faktning qimmatli tasdig‘i hisoblanadi, chunki “aqliy faoliyat darajasining pasayishi” holatida Vernik aniqlik kiritgan “ichki a’zolar vakillari” faoliyatining o‘rni bor.
9. “U ong oqimini na mantiqan, na axloqan tartibga solmay, aslida qanday bo‘lsa shundayligicha aks ettiradi” (Curtius, 1c., p.30).
10. “Hatto ahmoqlar ham adashishi mumkin bo‘lmagan to‘g‘ri yo‘l”(lot.).
11. “Muallif kitobini o‘quvchi tushunishini yengillashtirishi mumkin bo‘lgan barcha narsadan qochgan” (Curtius, 1.c., p.8).
12. Qarang: Curtius, 1.c., 25 ff.; Gilbert, 1.c.
13. Shu munosabat bilan Gilbert “chinakam mehribonlik tuyg‘usi oldindan, ataylab o‘ldirilgani” haqida so‘z yuritadi (Gilbert, 1.c., p.12).
14. “Kosmosga, ta’bir joiz bo‘lsa, xudoning ko‘zi bilan qarash”. Gilbert, 1.c., p. 406.
15. Gilbert ham ongning bu tarzda xalos bo‘lishiga ishora qiladi. U shunday yozadi (r.11): “Quvonchli xaloskorlikning amalga oshishi yozuvchining kayfiyatini belgilaydi…” “(menga esa uning “quvonchli” ekani shubhali tuyuladi). “Barcha faktlar, ular ma’naviymi, moddiymi, ko‘tarinkimi yoki kulgiga loyiqmi, san’atkor uchun birday qimmatli… Bu xaloskorlik aynan tabiatning o‘z yaratiqlariga beparvo munosabati kabi, aftidan, “Uliss” “realizmi” sabablaridan biri hisoblanadi” (r.12) (Gilbert, 1.c.).
16. “Gʻijimlangan yengilgina qog‘oz qayiqcha, Ilyos kelur, katta-kichik kemalar yonlaridan bir dunyo po‘kaklar ichra suzib borar, Nyu-Vopping-stritdan o‘tib, Benson paromi va Brijuoterdan g‘isht ortib kelayotgan uch machtali “Rouzvin” shxunasi bilan birga sharq tomonga intilardi” (J.Joys, “Uliss sarguzashtlari”, Toshkent, “O‘zbekiston” nashriyoti, 2013, 336-bet).
17. Mana Joysning o‘zi nima deydi: (“Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”): “San’atkor yaratuvchi-san’atkor kabi botinda, ortda, tepada yoki o‘z yaratganining tashida qoladi, o‘ta noziklashadi, sezilmaydigan darajaga keladi” (J.Joys, “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”, Toshkent, “Akademnashr” nashriyoti, 2014, 199-bet, Ahmad Otaboy tarjimasi).
18. Wilheim und Jun, Das Geheimnis der Goldenen Blute.
19. Florri, Zoya, Kitti – bu uchchalasi fohishaxonaning fohishalari, qolganlari – Stivenning yo‘ldoshlari.
20. “Bolakaylar, ayni vaqti bo‘ldi. Xudoyimning soati – rosa 12.25. Oyingga ayt, o‘sha yerda bo‘lishingni. Tez ishni bajar va marra seniki. Mangulik – Saralashgacha to‘g‘ri ekspressga ol chiptani! Darhol safimizga qo‘shil! Yana bir so‘z. Xudoliging bormi yo seni jin chalganmi? Agar ikkinchi bor kelishi Koni-Aylendda bo‘lsa, biz bunga hozirmizmi, yo‘qmi? Florri Masihiy, Stiven Masihiy, Kitti Masihiy, Dinch Masihiy, siz hammalaringiz bu samoviy qudratni sezishingiz kerak. Biz, nima, samo qoshida ortga chekinamizmi? Hech-da. Farishtalar tomonida bo‘l. Qabariq-prizma bo‘l. Ichingda anavi narsa borku, a, eng oliy men. Sen Iso Masiho, Gautam Budda, Ingersoll bilan so‘ylasha bilasan. Qani, ha, bu titroqlarni sezyapsizmi? Aminmanki, his qilyapsizlar. Birodarlarim-a, bir marta bir narsani bilib olsangiz, ish bitdi deyavering, osmonga qo‘rqmay sayohat qilaverasiz. Sizga tushunarli bo‘ldimi? Bu hayotning mash’ali, sizga aytsam, hammasidan ko‘ra kuchliroq malham, eng laziz patir. Barcha tashqi yo‘nalishlar ichida eng yaxshisi va eng qulayi. Ajoyibu g‘aroyib, eng hashamatli bir narsa. Joningizni kiritadi” (J.Joys, “Uliss sarguzashtlari”, 591–592-betlar. Ta’kidlar K.G.Yungniki).
21. “Ko‘lmaklar, o‘ralar, oqova ariqlar, axlatxonalar va kirxonalardan sassiq ufunat yoyiladi” (J.Joys, “Uliss sarguzashtlari”, 533-bet).
22. “(To‘lqinlar tilida.) Oum! Gek! Val! Ak! Hub! Mor! Ma! Ilohlarning oq yoglari. Germes Trismegistning poymandri. (Dengiz shamolining uvillashi kabi.) Punarjanam baldapanjob! Meni laqillatolmaysan. Bir zamonlar aytilgandi: so‘ldan ehtiyot bo‘l, shakti dinidan. (Bo‘ron qushi nidosi bilan.) Shakti, shiva, zulmatga yashiringan Padar!.. Oum! Boum! Bijaum! Men qo‘rg‘on shu’lasiman, men a’lo navli qaymoq va sarimoyman” (J.Joys, “Uliss sarguzashtlari”, 594-bet).
23. Bu yerda, aftidan, 139-psalom, 7–9ga shama qilingan; shuningdek qarang: “Uliss sarguzashtlari”, 589-bet.
24. “Men qo‘rg‘on shu’lasiman, men a’lo navli qaymoq va sarimoyman”; “Oh ummon ummon xuddi olov kabi qirmizi va xaylu hasham chekkan oqshomlar va Alameda bog‘larida sollangan anjirlar va yana ilang-bilang jin ko‘chalar va nimpushti moviy sariq uychalar atirgullar xiyobonlari va yosuman yorongullar kaktuslar…” (J.Joys, “Uliss sarguzashtlari”, 831-bet).
25. “Oh ummon ummon xuddi olov kabi qirmizi va xaylu hasham chekkan oqshomlar va Alameda bog‘larida sollangan anjirlar ha yana ilang-bilang jin ko‘chalar va nimpushti moviy sariq uychalar atirgullar xiyobonlari va yosuman yorongullar kaktuslar va o‘sha qizlik chog‘larimdagi Gibraltar ha bog‘ chechagi edim ha men xuddi Andalus qizlari kabi sochlarimga atirgul ha qizilgul taqdim ha yana u meni Mavritaniya devori ostida yutoqib tashna o‘pdi o‘pdi va mening xayolimga keldiki shu yigitmi yo boshqami baribir emasmi aslida shunda men unga ko‘zlarim bilan yana bir so‘ra deganday ishora qildim va shunda u yana xohlaysanmi deb so‘radi va ha xohlaysanmi mening tog‘ chechagim deb so‘radi va men avval uni quchog‘imni yozib qo‘llarim bilan achomladim ha yana o‘zimga mahkam tortdim va unga ko‘ksimni botirdim va muattar islarim uning dimog‘iga urdi ha yana uning yuragi telbasaro gursillab urardi va ha dedim men ha men xohlayman Ha” (J.Joys, “Uliss sarguzashtlari”, 831-bet).
Ahmad OTABOY tarjimasi