ORZUMUROD QOSIMOV
Gabrielni bezovta qilmang! Har doim bizdan oldingilardan iqtibos keltirish odatim bor, ammo bugun Garsia uchun bu fikrimdan qaytdim. Nega deb siz ham meni bezovta qilmang, men bugun Elixio bilan Markesning olamiga ketyapman. Menga ergashishni xayolingizga ham keltirmang, u tanho, yolg’izlikning yuz yilida yashayapti, mehmon kutishni oxirgi pallalarda xushlamay qo’ygan. Ta’na qilishga shoshilmang, uni manman yo xudbin ham deyolmaysiz, halqangizdan chiqmang. Ha, so’zlarim mujmal, ammo bu – mening halqam, bu – mening, uning ta’rifi.
Elixio, olam nima?
Olam – sen va men, balki parovozdan vashillab chiqayotgan tutundir. Balki qoqio’tning ochilishi yoki minglab fikrlarning tug’ilishidir. Yana olam bu – qalb. Uning zamirida sen va men, parovoz, qoqio’t, Gabrielning fikrlari ham mujassam.
Seningcha, qalblar olamdan kattaroqmi?
Ha, Gabrielning qalbi kabi uning fikrlari gohida olamga sig’madi, qalbiga jamlandi, yolg’izlikni tanladi. Olam gohida ijodni, dardni anglamaydi, ammo qalb buning aksi. Masalan, odam uch metrlik halqa ichida yashashi mumkinmi? Menimcha, yo’q, lekin inson o’z qalbida yillarcha yashashi mumkin xuddi Markes kabi. Bilasanmi bu kichik olamga hatto shon-shuhrat ham sig’maydi. Gohida birgina fikr olamga shu qadar og’irlik qiladiki, uni tushunish uchun ham shon-shuhrat, ham fikr odami bo’lishing kerak. Ijod – ikki olamdir, ijodkor esa olamlar o’rtasida muallaq turgan kimsa. Ha, bu holat ham bir epkinlik. Bu epkinlik kimgadir erta, kimgadir kech nasib etadi. Yozganlaring bu – sening hayoting desam, meni ayblashga shoshma. Hemingueyni esla, Tolstoyning umriga, asariga boq, farq topsang aytarsan. Mark Tvenni tushunish qiyin bo’lsa, Qodiriy yoki Oybekni yo’qla. Keyingina sen Gabrielni anglab boshlaysan. Har bir yozuvchining o’z dunyosi bor, u dunyoni anglaganingda yoqimsiz asarlar ham dilinga xush yoqib boshlaydi. Endi sen javob ber:
Sen uchun yolg’izlik la’natmi yoki o’zlikka qaytish yo’li?
Bu savol bilan Markesga shu qadar yuzlangim kelmoqda, ammo uning o’y-fikrlaridan chalg’itib qo’yishdan qo’rqaman. Ko’pchilik yolg’izlikni qo’rquv bilan bog’laydi. Chunki yolg’izlikkina insonning o’zligiga, uzoq o’tmishiga, qilmishlariyu, o’y-fikrlari ochuniga yetaklaydi. Uning qo’rqinchi bu olamda hech kim ekaningni anglash, sening bilganlaring aslida bilmagining ekanligi, mol-dunyoying, hashamatlar, mashhurlik, hatto o’zing ham o’tkinchi bir dengizning ko’pigiligingni anglashdir. Bu haqiqat, juda qattiq haqiqatki, u bilan yuzlashgan inson komillikka yetishadi yoki telbalikka. Eng achinarlisi esa, uni anglamasdan o’tishingdir. Gohida insonlar yolg’izlikka la’nat aytadilar, xuddi “Yolg’izlikning yuz yili”dagi kabi. Aslida yolg’izlik ongsizlikdan, haqiqatdan qochishdan afzal. Bilasizmi, yolg’izlkni anglamagan, u bilan sirdosh tutinmagan insonni nimaga o’xshataman. Bu olamga kelib, hech bir noz-ne’matdan totlanmagan, ammo pufak kabi xunuk yolg’on nomli taom bilan oziqlangan maxluqotga. Bu fikrim uchun ta’na toshlari otilishi aniq, ammo bu so’zlar sizni bir muddat bo’lsa ham yolg’izlik atalmish qisqa umrboqiylikka yetaklashi tayin.
Elixio, realizm – haqiqatdan qochishmi yoki haqiqatni ochiqcha aytish?
Uyqu bilan uyg’oqlikning nima farqi bor? Ikki jumla ham reallik, ammo biri bizga shu qadar yaqinki, burnimiz ostidan topishimiz mumkin, biri shu qadar yiroqki, uni reallikdan qidirishimizning o’zi noreallikdir. Gabriel ehtimol shunday degan bo’lardi: “Ba’zan uyqudagi tush hayotdan ham realroq, chunki u biz yashirishga uringan haqiqatni ochadi”. Masalan, Lotin Amerikasi – reallik, ularning orzu-umidlari esa osmondan gullar yog’ishi-yu, odamlarning osmonga ko’tarilishidek. Markes har qachon ham ularning orzu-umidlari haqida fikr yuritdi. Bu fikrlar haqida o’ylash uchun odam realist bo’lishi kerak(mi)? Ha, bu yerda birgina yechim bor, xolos.
Biz relistmi yoki sehrli realist? Balki biz hech kimdir. Bir paytlar sehrli realistlar Gabriel kabi noyob bo’lgandir. Shu kunlarda u kabilar ko’pdek, ammo Markes g’ayritabiiylikni ham tabiiydek qabul qilgan. Zamonamiz odamlari ham shunday: endi ular hech narsadan hayratlanishmayapti, zavqlanishmayapti. Balki Markesning hayotiga kirib kelgandirmiz. Ha, ijodni anglash gohida qiyin, ammo o’zlikni anglash esa undan ham qiyin. Bu ikki xislatni boshqarish inson gardaniga og’irlik qiladi. Yengil hayot mangu emas, og’ir hayot ham. Gohida gardanida og’irlik bilan yashash ham totli, ham maroqli…


