JEK LONDON
Umrining so’ngiga qadar yengil-yelpi yozilgan bitiklarni yetkazib berishni o’ziga kasb qilib olgan adabiy “kosib” yaxshisi, ushbu maqolani o’qimay qo’ya qolsin: vaqtini behuda sarflab, kayfiyatini buzgani qoladi, xolos. Maqola qo’lyozmani qanday joylashtirish, materialni qanday ishlash haqidagi maslahatlar, muharrir qalami “injiqliklari” tahlili hamda ravishu sifatlarning azaldan qolgan makru hiylalari borasidagi “tanbehlari”dan xoli. Tuzalmas chobukqalamlar, maqola sizlar uchun yozilmagan! Maqola yuksak maqsadlari bo’lgan (mayli, hozircha u o’rtamiyona mahsulot yetkazib berib turgan bo’lsin), chinakam san’atga intilayotgan hamda qishloq xo’jaligi gazetalari yoki “oilaviy” jurnallarga ortiq qatnamaydigan zamonlar kelishini orzulayotgan yozuvchiga bag’ishlangan.
Qadrdon janob yoki xonim, siz tanlagan sohada qanday qilib mashhurlikka erishish mumkin? Daholik bilanmi? E, yo’q, siz daho emassiz-ku. Basharti daho bo’lganingizda, ushbu satrlarni o’qib o’tirmagan bo’lardingiz. Daho barcha kishanlaru bid’atlarni bir chetga surib qo’yadi, uni na jilovlab, na bo’ysundirib bo’ladi. Daho, raraavis , sizu bizga o’xshab, qachon qarama, yallo qilib yurmaydi. Lekin bu holatda siz iqtidorlimisiz? Ha, albatta, hamma gap yashirin imkoniyatda. Yo’rgakda yotgan Herkulesning mushaklari nimjon edi. Sizning holatingizda ham xuddi shu: iqtidoringiz to’la-to’kis shakllanmagan. Agar u yetarlicha ozuqa olib, tarbiyalanlanganda, ushbu maqolani o’qib, vaqtingizni zoe ketkazmasdingiz. Magarki, iqtidoringiz kamolotga yetganligiga ishonchingiz komil bo’lsa, to’xtang, ortiq bularni o’qimang! Biroq kamolot pog’onasiga yetmagan deb hisoblasangiz, u holda sizning fikringizcha, qay tarzda u kamolot cho’qqisini zabt eta oladi?
Ayricha, deb javob berasiz o’ylab o’tirmasdan, so’ng qo’shib ham qo’yasiz: o’ziga xoslikni muntazam rivojlantirgan holda. Juda soz. Ammo gap bunda emas – buni, hatto yosh bola ham biladi – hamma gap qanday qilib ayricha bo’lishda. Qanday qilib o’quvchida asarlaringizga ishtiyoqmandlik uyg’otish, noshirlarni esa yozganlaringizning payiga tushirish mumkin? Kimningdir izidan borib, o’zga originallikning nurlarini taratib original bo’lish mumkin emas. Axir Valter Skott va Dikkens, Edgar Po va Longfello, Jorj Eliot va Xemfri Uord xonim, Stivenson va Kipling, Entoni Xoup, Meri Korelli, Stiven Kreyn va boshqa ko’plab yozuvchilar uchun – ro’yxatni to’xtovsiz davom ettirish mumkin – kimdir yo’l ko’rsatib turmagan. Hozirgacha noshirlar va o’quvchilar ularning kitoblarini ayyuhannos solib talab qilib yotishibdi. Ular originallikka erishib bo’lganlar. Qanday deysizmi? Yengil esgan epkinga ham g’irillab aylanadigan flyugerga o’xshamaganliklari tufayli ular shu darajaga erishganlar. Ular ham alal-oqibat omadsizlar qatorida e’tirof etila boshlashgan. Ammo ularni omadsizlardan bir jihat ajratib turgan: ular o’zgalar qo’lidan o’tgan materiallardan voz kechib, asl manbaga murojaat etishgan. Ular o’zgalar xulosasiga, o’zga ishonchli fikrlarga ham shubha bilan qarashgan. Ishga ular mualliflik huquqidan ko’ra muhimroq bo’lmish o’z tiynatlarini muhrlashgan. Dunyo va uning an’analaridan (boshqacha aytganda – bashariyat madaniyati va bilimidan) shaxsiy hayot falsafasi uchun zarur material yaratish, ilk manba sifatida foydalanishgan.
“Hayot falsafasi” jumlasiga keladigan bo’lsak, u aniq bir qolipga sig’maydi. Avvalo, hayot falsafasi alohida masalalarni hal etmaydi. U nuqul o’tgan va kelajak qalb jafolari, jinslar uchun turli yoki umumiy ahloq kodeksi, ayollarning iqtisodiy erkinligi, egallangan xususiyatlarni meros qilib olish imkoniyati, spirtli ichimliklarga bo’lgan munosabat va h.k. va h.k. masalalarga diqqat qaratib o’tirmaydi. Lekin shunday esa-da, u shu masalalar, qolaversa, hayot yo’lida shubhasiz, uchraydigan jarligu g’ovlarni ham chetlab o’tmaydi – bu real hayotdan uzoq, mavhum emas, har kungi hayot falsafasidir.
Bunday falsafa har bir muvaffaqqiyatga erishgan yozuvchida bo’lgan. O’sha yozuvchida voqea-hodisalarga o’zining xolis nuqtai nazari, mezoni mavjud. Bu falsafaga tayangan holda u xarakterlar yaratadi va u yoki bu darajada umumiy xulosalar chiqaradi. Bu falsafa sharofati ila uning asarlari haqqoniy, jarangdor chiqadi, odamlar eshitishni istagan yangi yaratiqlarni kashf etadi. Bu uning asl, chiylanmagan, allaqachonlar boshidan kechirgan haqiqatidir.
Xato qilishdan qo’rqmang. Bunday falsafaga ega bo’lish o’zingni butunlay didaktikaga bo’ysundirish degani emas. Har qanday bahona sabab o’z nuqtai nazarini bildirish pand-nasihat romanlari bilan ommani ranjitishga vaj-karson bo’lolmaydi, garchi buni taqiqlab bo’lmasa-da. Qayd etib o’tish kerakki, bu yozuvchilik falsafasi kamdan-kam hollarda o’quvchini biron masalani u yoki bu tomondan hal etishga og’dirish istagida paydo bo’ladi. Ba’zi bir yirik yozuvchilargina ochiqchasiga didaktik yozishgan, ayni vaqtda ba’zilar, masalan, dangal va nafosatli yozgan Robert Luis Stivenson, o’zini butunlay ijodda namoyon etarkan, pand-nasihatga shama qilishdan qochgan. Ko’pchilik o’zining falsafasidan maxfiy qurol sifatida foydalangan. Uning yordamida barchasini o’ziga singdirgan tugal asarda o’sha falsafa tashqariga chiqib ketmasligi uchun ham fikr, ham syujet, ham xarakterni ifodalashgan.
Bunday ishchi falsafa yozuvchiga yozganlarini nafaqat o’ziga singdirishiga imkoniyat berishini, balki uning ko’magida asarlari ko’rib chiqilib, baholanganligini, yozuvchining “men”i orqali singdirilganligini anglash zarur. Yuqorida aytilgan gaplar buyuk zakiylar, mashhur uchlik – Shekspir, Gyote, Balzaklar misolida yorqin namoyon bo’ladi. Ularning har biri shu darajada mustaqilki, hatto uchalasini taqqoslab ham bo’lmaydi. Har biri o’z omborxonasidan, o’z falsafasidan foydalangan. Shunga muvofiq, o’zlarining oliy maqsadlari bilan asarlar yaratishgan. Yoshliklarida, balki boshqa bolalardan ajralib turishmagandir, shunga qaramasdan, tengdoshlari o’zlashtirolmaganlarni o’zlashtirib olganlar. Aynan dunyoga aytish kerak bo’lgan narsani o’zlashtirishgan.
Xo’sh, siz-chi, yosh yozuvchi, aytishga biron gapingiz bormi? Agar bo’lsa, gapirishga yoki yozishga nima halal beryapti? Basharti, insonlar tinglashni istagan g’oyalarni rivojlantira olarkansiz, ularni qanday o’ylasangiz, shunday ifoda eting. Agar siz toza va ravshan fikrlasangiz, yozgan asaringiz-da bebaho bo’lur. Binobarin, bayoningiz qiziqarsiz bo’lsa, demak, fikringiz qiziqarli emas, agar bayoningiz chegaralansa, demak, o’zingiz chegaralangansiz. Agar g’oyalaringiz aralash-quralash bo’lsa, bayoningiz qayoqdan ham ravshan bo’lsin? Agar bilimlaringiz taqchil, betartib bo’lsa, bayoningiz erkin va mantiqiy bo’la oladimi? Pishiq-puxta asossiz, ishchi-falsafasiz xaosdan tartib yasab bo’ladimi? To’g’ri anglab, kelajakni ko’ra bilish mumkinmi? Sizning zarradek bilimlaringizni o’lchab, qiymatini aniqlab bo’ladimi? Busiz, ya’ni shaxsiy falsafasiz o’zligingizcha qola olasizmi? Hayot tashvishlari bilan yelib-yuguraverib tinka-madori qurigan odamlarga nedir bir ko’ngil taskini beroldingizmi?
Bunday falsafani yagona yo’l bilan – bilimlar xazinasidan, jahon madaniyatidan olingan materiallarni shakllantirish, izlanish yo’li bilan ishlab chiqish mumkin. Qozon tagida biqirlab qaynayotgan kuch-quvvatni bilmay turib, bug’ pufakchalari haqida nimani bilasiz o’zi? Musavvir tarix va mifologiyani tasavvur etmay, yaratayotgan siymosining ishonch-e’tiqodini, orzu-xayollarini, his-tuyg’ularini, mehr-muhabbatini, umidlarini, qo’rqinchlarini tushunmay-anglamay turib, “EcceHomo”ni chiza olarmidi?! Bastakor qadim german eposini bilmay turib, “Val`kiriya parvozi”ni yarata oladimi? Siz ongli ravishda hayotning yuziga tik qarashni o’rganishingiz kerak. U yoki bu harakatning tabiati va fursatini bilish uchun Jon Braunni dorga, Iso Masihni Golgo’taga boshlab borgan buyuk g’oyalarni uyg’otuvchi, shaxs va ommani harakatga keltiruvchi sabab-boislarni anglash lozim. Yozuvchi degani hayot sur’ati bilan tengma-teng yurishi kerak, ana shunda hayotning o’zi unga ishchi, qaysiki, yozuvchi uning yordamida dunyoga hayotni baholab, tarozi pallasiga qo’yib, taqqoslab, tushuntirib beradigan falsafani hadya etadi.
Tarix, biologiya, evolyutsiya ta’limoti, etika va fanning boshqa ming bir sohasidan nimalarni bilasiz? “Lekin, – deya e’tiroz bildirasiz, – bularning barchasi menga roman yoki doston yozishimga qay yo’sinda yordam berishi mumkin?” Baribir bu sizga yordam beradi. To’g’ridan-to’g’ri emas, bilvosita ta’sir ko’rsatadi. Bilimlar dunyoqarashingizni oshiradi, saviyangizni ko’taradi, faoliyatingiz doirasini kengaytiradi. Ular sizda original fikrlar uyg’otadigan falsafa bilan qurollantiradi.
“Biroq bu ulkan vazifa, – deb e’tiroz bildirasiz. – Bunga vaqtim yo’q”. Biroq bosh-qalarni uning ulkanligi cho’chitmadi-ku. Ixtiyoringizda hali qancha yillar bor. To’g’ri, hamma narsani bilavermaysiz, lekin qancha ko’p bilim olsangiz, shunga yarasha yozuvchilik mahoratingiz ham oshib boraveradi, yaqinlaringizga bo’lgan ta’siringiz ham oshadi. Vaqt! Vaqt yetishmasligi haqida gap ketganda, uni to’g’ri sarflay olmaslikni nazarda tutishadi. Mutolaa qilishni o’rgandingizmi? Hikoya yozish san’atini o’rganaman yoki tanqidchilik iqtidorimni chiniqtiraman, deb yil davomida nechta sayoz hikoya va romanlarni yutoqib o’qiysiz? Boshidan oxirigacha qancha jurnallarni o’qidingiz? Esiz, sizning shuncha qimmatli vaqtingiz, siz uni bekorga havoga sovuryapsiz, axir uni ortga qaytarib bo’lmaydi-ku! Mutolaa uchun sinchiklab material tanlashni, asosiy mag’zini “yulib olib”, ko’z yugurtirib o’qishni o’rganing. Siz e’lonlarga qo’shib har kungi gazetalarni ipidan ignasigacha o’qib chiqadigan keksalarning siqib suvi ichilgan aql-idroki ustidan kulasiz. Ammo o’zingizning bir dunyo behuda urinishlaringiz zamonaviy adabiyotning sersuv oqimiga qarama-qarshi turgan holda nochor bo’lib qolmayaptimikin? Lekin baribir mana shu oqimdan o’zingizni olib qochmaysiz. Eng yaxshisini, eng sarasini o’qing. Boshlab qo’ygan hikoyangizni o’qimay, chala tashlab qo’yishdan cho’chimang. Yodingizda tuting, avvalo, siz yozuvchisiz. Doimo yodingizda bo’lsinki, o’zgalar ijodini o’qish bilan siz ularni chiylaysiz, xolos, o’zingiz esa hech vaqo haqida yozolmaysiz. Vaqt! Agar vaqt topolmasangiz, inoningki, olam-jahon ham sizni tinglashga vaqt topolmaydi.
Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi