ULUG‘BEK HAMDAM
“Gapniyam juda olasiz-da, yozuvchi janoblari, O‘zbekistonning gadoytopmas qishlog‘ida yashab o‘tgan otangizning ovrupalik mashhur “psixoanaliz otasi” Freydga nima aloqasi bor?” degan o‘y xayolingizning bir burchagida paydo bo‘lgan bo‘lsa, sira ajablanmayman.
Lekin juda ko‘pdan beri shu haqda o‘ylayman men. Freydga ko‘ra, otasi o‘lmaguncha o‘g‘il bola haqiqiy erkak bo‘lib yetishmaydi. “Ola-a!” devoradi ko‘pchilik sharqliklar buni eshitsa. Bilasizmi, men ham hozirgacha taxminan shunday – “ola-a!” deb yashadim. Nahotki, o‘zining dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan insonga shunday munosabatda bo‘lish mumkin bo‘lsa?!.. Bu hayotni inkor qilish bilan barobar emasmi?.. Men shular haqida ko‘p mushohada qildim va “Otamning tirikligi, uning hayotimda tutgan ma’naviy o‘rni mening erkak kishi bo‘lib shakllanishimga hech qachon halaqit bermagan”, deb keldim. Hali-hamon shu fikrdaman.
Ayni damda, Freydning nega bunday deganini ham tushunadigandekman. U aytmoqchiki, otaning hayot ekanligi o‘g‘ilning turmushning issiq-sovug‘idanu taqdirning ancha-muncha baloyu qazolaridan himoya qilib turadi. Natijada, farzand erkatoyga aylanadi – bola maqomida qoladi, ma’nan, aqlan o‘smaydi, rivojlanmaydi, chiniqmaydi va hokazo. Freyd yana ota, ona, o‘g‘il munosabatlariga ham kiradi, lekin bu boshqa, alohida suhbat mavzusi…
Tushunarli… Lekin, otajon, siz bu dunyoni tashlab, u dunyoga – uhroga yo‘l olganingizga mana bugun roppa-rosa 24 kun to‘ldi. Men esa, 25 kun oldin qanday bo‘lgan esam, hozir ham shundayman. Ya’ni meni to‘laqonli erkakka aylanishim uchun sizning o‘limingiz aslo shart emasdi, men bunga mutlaqo, ha, mutlaqo ehtiyoj tuymagan edim. Chunki meni hayotning o‘ziga yarasha zarbalari tez pishirdi, deb o‘ylayman. O‘g‘il bolaning erkak bo‘lib yetishishi eng ko‘p uning hayot bilan muloqotlariga bog‘liq bo‘lsa, ajabmas. Albatta, ota bu yerda juda muhim rol o‘ynaydi. Lekin ota ham bitta badanning ichida yashaydi, o‘ntaning yo mingtaning ichida emas. Atrofga qarang, qanchadan qancha boshqa badanlar mavjud, boshqa badanlarning ichida esa, yana qanchadan qancha otaga o‘xshagan va o‘xshamagan insonlar bor. Tabiiyki, ularning hech biri ota o‘rnini bosmaydi, bosolmaydi. Lekin bu degani ota farzand taqdirida hamma narsani belgilaydi degani emas!..
Nazarimda, hamma gap ota bilan onaning oilada yaratgan muhitiga bog‘liq. Mening otamu onam yaratgan muhitning oti “ko‘ngilga qarash” edi. Bu ilmiy tildagi “demokratiya” tushunchasiga yaqin keladi. Qanday taom yeyishimizdan tortib nima kiyishimizgacha, qaysi o‘qishga qayerga kirib o‘qishimizdan tortib kimga uylanishimizgacha, hamma-hammasini asosan o‘zimiz belgilaganmiz. Chunki bolagimizdan boshlab uyda shunday bir erkin o‘rtam mavjud ediki, biz undan o‘zimiz bilib-bilmay rosa foydalanganmiz. Ana shu erkinlik bizning ruhimizga ham ko‘chib o‘tgan. Ana shu erkinlik turmushga chiqib bola tug‘ishi mumkin bo‘lmagan, kasalmand bir qizga kelishgan, o‘qimishli, kuchli akamning uylanaman, deb turib olishiga sabab bo‘lgan. Lekin bu uylanishning oxiri akamning o‘limi, xotiniyu uchta farzandining dunyo bo‘ylab sochilib ketishi bilan yakunlandi. Bu yerda taqdir ham bor, tanlov ham bor. Tanlov – akamning tanlovi edi. “O‘zing nima deysan?” deb turishgan otamu onam har doim bizning ko‘zlarimizga qarab – “hayot sening hayoting, yaxshilab o‘ylab, keyin o‘zing qaror beraver!” Ajabki, bugungi tajribamdan kelib chiqib qarasam, otamlar bergan tarbiyada bitta “aybg‘ina” bordek tuyuladi: biz mana shu erkinlikdan har doim ham ijobiy foydalana oladigan darajada komil emasdik. Umuman komil emasdik. Bunga biz olgan ta’limu tarbiya imkon bermasdi. Erkinlik insonni halokatga emas, yuksalishga yetaklashi kerak – mening ojizona xulosalarimga ko‘ra. Lekin akamning taqdiri buning tamomila aksini ko‘rsatdi. Ukalarimning hayot yo‘llarida ham ko‘ngilni xira torttiradigan ishlar bo‘ldi, ularning bittasi emas, ikkitasi emas, naq uchtasi o‘z davri uchun qadrsiz bo‘lgan kasb – sport sohasini tanlashdi. O‘qishni bitirgach esa, sport bilan qursoqni to‘ldirib bo‘lmasligini tushunishdiyu yo‘l qidirishib ustachilikka bosh urishdi, bog‘dorchilik, qandolatchilik, fermerlik bilan shug‘ullanishdi, hali-hamon shug‘ullanishadi. Aslida, bola u yoki bu sohaga favqulotda qobiliyatli bo‘lmasa, o‘z davrida moddiy-ma’naviy qadr topgan soha bilan mushg‘ul bo‘lishi tuzuk. Shundagina u o‘ziga, oilasiga va yurtiga yordami ko‘proq tegadi. Ota-onam ukalarimni ana shunday foydali sohalarga yo‘naltira olishmadi… Shunday deymanu mening o‘zim ham o‘g‘limni davrning talablariga uzukka yarashib tushgan ko‘zdek munosib kasbga targ‘ib qilolmadim-ku!..
Albatta, men otam bilan onamdan farq qilib, o‘g‘limu xotinim bilan rosa tortishdim, bahslashdim, “San’at yo‘li bo‘lmaydi senga!” dedim o‘g‘limga, o‘zim ijodkor bo‘lganim holda. Chunki o‘g‘limda san’atga nisbatan alohida bir ishtiyoqni, san’atkorgagina kerak bo‘ladigan jununiy bir iste’dodni ko‘rmagan edim. U boshqa sohalarda muvaffaqiyatga erishishi mumkin edi, lekin san’atda emas. Shuni takrorlab tomog‘im teshildi mening. Ammo o‘g‘limning manavi gapi meni yengib qo‘ydi: “Dada, odam bu dunyoda bir marta yashaydi, keling, shu bir marta yashaydigan hayotimda nima ish bilan shug‘ullanishimni o‘zim hal qilay, xato bo‘lsa, mayli, u o‘zimniki bo‘lsin, iltimos!”
Men sho‘rlik – adabiyot odami emasmanmi, yurakdan chiqqan bunday samimiy so‘zlarning qarshisida toshdek qotib tura olarmidim… Aslo, yo‘q! Eridim-ketdim: “Mayli, o‘g‘lim, omadingni bersin!” deya uni duo qildim. Chunki o‘g‘lim o‘sha aytgan gapida haqli edi: inson degani bu qisqa umri davomida o‘zi yaxshi ko‘rgan ish bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zi yaxshi ko‘rgan inson bilan yashamog‘i kerak. Jamiyatni ana shunday odamlar yashaydigan makonga aylantirmoq lozim. Mening butun intilishlarimning pirovard ijtimoiy maqsadi ana shunday jamiyatni qurish va unda yashash bo‘lgan!.. Endi o‘g‘limning qismati misolida o‘zimga o‘zim qarshi boramanmi? Aslo!.. Lekin, o hayot, ba’zan tortishayotgan odamlarning har ikkisini ham haqli chiqarib qo‘yasan sen!.. Haqiqat – bitta, deymiz, lekin unga eltuvchi yo‘lning ko‘pdan ko‘p bekatlari borligiga ahamiyat bermaymiz. Goho yo‘llar ham xilma-xil bo‘ladi. Haqiqatga olib boruvchi yo‘lning ilk bekatida o‘g‘lim haqli edi, keyingi bekatlarning barchasida, ne yoziqki, men haqli chiqdim: u o‘qishni bitirib, o‘zi xohlagan san’at sohasining mamlakatdagi bosh idorasida ikki yilga yaqin ishladi, ishladi-da, kunlardan bir kun oldimga kelib: “Dada, maylimi, boshqa ish qidirsam?” deb qoldi. “Mayli” dedim. Chunki u o‘sha dong‘i chiqqan makonda mutaxassis sifatida o‘z kelajagini ko‘ra olmayotgan edi. Men ham shunday fikrda yurardim. Aslida, o‘g‘limga o‘xshagan yoshlar son mingta. O‘z vaqtida men ham bir fel’yeton yozgandim: “Kim bo‘lsam ekan?” degan. Unda kamina maktabni oltin medalga, harbiy xizmatni eng oliy yorliqqa, universitetni esa imtiyozli diplomga bitirdimu, bitirib qarasam, hech kimga kerak emas ekanman. E voh, u holda nega o‘qidim? Nega meni jamiyat “zo‘rlardan birisan!” deb rag‘batlantirib keldiyu ish berishga kelganda “toshingni ter!” deya yuz o‘girdi?.. Ajab, ko‘p ajab!.. Yillar o‘tib tushunib yetsam ahvol ushmundoq edi: jamiyat ich-ichidan chirib-irib ketgan ekan. Endi uni faqat va faqat tuzatish kerak edi. O‘z sohamu o‘z imkonim darajasida tuzataman deya bel bog‘ladim. Lekin, ota, uni tuzataman desang, kimlargadir yoqmas ekansan. Shuning uchun ham, ota, sizga atalgan birdan bir she’rimda: “Tuzatmoqchi bo‘lsam dunyoni, Kuzatmoqchi bo‘lar u mani” deb yozdim. Bir necha marta kaminani kichikroq mansablardan kuzatishdi ham. Agar kishining kattaroq mansabi bo‘lib, dunyoni isloh qilishga tutinsa, hech shubha yo‘qki, uni dunyodan ham kuzatib qo‘yishdan toymaydigan qavm shakllangan hozir bizda!..
Bu vaqtga kelib o‘g‘lim uylangandi. Oila boshlig‘i sifatida endi ro‘zg‘orini ham o‘ylashi kerakligini tushuna boshlagandi. Ishlab turgan sohasida bo‘lsa, ko‘ziga “yilt” etgan yorug‘lik ilashmadi va u dargohdan ketdi. Demak, o‘g‘lim 19 yoshida kasb tanlar ekan, hayot haqiqatlarini oldindan ko‘rolmagan edi, mana, bugun – 25 ga kirib, men aytgan gaplar mag‘zini tushunib yetadigan darajada ulg‘aydi. Afsuski, men bergan tarbiya ham o‘g‘limni 19 yoshida o‘z taqdirini o‘zi to‘g‘ri belgilay olishiga imkon bermadi, berolmadi… Shularni o‘ylab, ichim nadomatga to‘ldi… Ota, meni kechiring! Siz o‘rta ma’lumotingiz bilan, qishloqdan tashqariga chiqmay turib ham yetti o‘g‘ilni tarbiyalab, oliy ma’lumotli qilib elga qo‘sha oldingiz, men bo‘lsam, shuncha karillab, qator-qator diplomlarga egalik qilganim, dunyo ko‘rganim, yozuvchi, fan doktori bo‘lganim holda o‘g‘limni sizdan o‘tkazib hayotga tayyorlay olmadim. Axir, men besh yoshimda “yozuvchi bo‘laman!” derdim va butun umrimni asosan shu ishga bag‘ishladim. Yo‘limdan qancha ko‘ngilolar takliflar chiqdi, ichida adabiyoti bo‘lmaganlarining baridan o‘ylab ham o‘tirmay voz kechdim. Sizning bag‘ringizda o‘sib, tarbiyangizni olib shunday yo‘l tutdim, lekin nega bularning hammasini besh qo‘ldek bilguvchi mendek otaning oilasida tug‘ilib yetishgan o‘g‘il salkam yigirma yoshida ham kim bo‘lishidan xabarsiz dovdirab qoldi?.. Botiniga, o‘z tanasi va qalbiga quloq solishni o‘rgatolmadimmi yo?!.. Juda band bo‘ldimmi, uy olaman, sharoitimni yaxshilayman deya, bolamning qiziqishlaridan daraksiz qoldimmi yo… O‘g‘lim, sen ham meni kechir! Shamollarga sovrilgan yillaring uchun, o‘z yo‘lingni topaman, deya qiynalganlaring, boshingni u devordan bunisiga urib g‘urralar qilganing uchun kechir meni!.. Agar sen ham besh yoshingda kim bo‘lishingni bilganingda edi, bunday sarsonu sargandon bo‘lmasding…
Qat’iy nazar, men Freydning aytganlarini yurak-yurakdan his qilaman. Ota tirik ekan, o‘g‘ilning yo‘llaridan o‘limni to‘sadi u. Ota o‘tgach esa, o‘lim kelishi mumkin bo‘lgan tomon qo‘riqchisiz qoladi. “O‘lim yoshu qarini tanlamaydi!” deya darrov jirillamaylik. Men insonning ruhan o‘zini qanday his qilishi haqida fikr yuritayapman, jismoniy o‘lim haqida emas…
Ota, siz ketdingiz! O‘lim sizni yiqitdi. Yiqitib, o‘zi va mening oramizdagi birdan bir “to‘siq – himoya”ni yo‘ldan olib tashladi. Endi u kelishi mumkin bo‘lgan tomon – mening tomonim ochilib qoldi. Endi o‘lim istagan vaqti kelib qolishi mumkin va mening ko‘zim unga tushgani onda jonim qo‘lida bo‘ladi. Endi ogohlantirish bo‘lmaydi. Ota, siz so‘nggi kez ogohlantirdingiz, tilingiz bilan emas, joningiz bilan aytdingiz buni va ko‘z yumdingiz…
Ne tongki, himoyasiz qolgan odam tez pishadi. Chunki u hujumga tayyor turishi kerak bo‘ladi, tayyorgarlik ko‘radi, chiniqadi – jangchiga aylanadi. Shu ma’noda ko‘pgina o‘g‘il bolalar otalarini yo‘qotgandan keyin, Freyd aytganidek, tezgina haqiqiy jangchi erkaklarga aylanishadi. O‘limni mustaqil ravishda, kiprik qoqmay kutib oladigan botirlarga aylanishadi ular!..
Qarang, haqiqiy erkak, haqiqiy jangchi bo‘lishning ham ko‘pgina shartlari bor ekan. Bu o‘rinda o‘z ichidagi qo‘rquvni yengib, taqdiriga tik qaray olgich o‘g‘il pirovard natijada ana shunday jangchiyu erkak deb ataladi.
Ayni paytda, otasi tirikligayoq erkak bo‘lib tarbiyalanadigan erkaklar ham bo‘ladi. Ha, bo‘ladi!.. Buning uchun, ota, sizga umrim boricha ta’zim qilaman: umrim boricha ta’zim!..
“Bizdan rozi bo’ling, ota!” nomli roman-essedan parcha









