Tanishuv

0
51

MADINABONU O‘RINOVA

Yonimda sham yonib tursa, yolg‘izligim biroz ortga chekinadi. Yonginamda o‘tirgan kimsaning issiq taftini his qilganim kabi shamdan ham xuddi shunday iliqlikni tuyaman. Uning yonida o‘tirib mutolaa qilish yoqadi, noutbukimni ochib yonida ishlash sevimli ovunchog‘im. Sap-sariq shamning erib bitishini tomosha qilishni ham yoqtiraman. Kosaga yoyilib daryo bo‘lib qotgan sham qoldiqlarini barmog‘im bilan o‘yib, turli-tuman shakllar berib huzur qilaman.

Odatlanib qolgan sham bilan bo‘ladigan ermaklarim uzoqqa bormadi. Yozni onam bilan o‘tkazganim, katalakdek uyimga onamning ko‘chib kelishi va tinim bilmas bu ayolning hayot tarzimni tubdan o’zgartirib yuborishini tasavvur ham qilmagandim. Onam uyimga kelsa, o‘zini yosh qizlik paytiga tushib qolgandek his qiladi. Xonamni bezagan buyumlar, rasmlar, taqinchoq va pardoz-upalarim, hamma-hammasini bir qator kuzatib teginib chiqqach, yangi olgan kiyimlarini har kech kiyib, menga ko’rsatib maqtanadi. Bebaho va topilmas ayol. Unga qarab qachon birga yashashni to‘xtatganimiz, hayot tarzimizning tubdan o‘zgarib ketgani va qachondan bu qadar uzoqlashganimiz haqida o‘ylay ketaman. U singlimga aylanib qolgandek go‘yo. Sham yoqish odatimni ham to‘xtatdim. Chunki onam xonachamga ana shu sham misol kirib kelgandi.

Men o‘zimni ichdan yolg‘iz his qilmaganman. Ichdan yolg‘izlanish uchun vaj yo‘q menda. Miyamda javlon urgan fikrlar na kunduzi, na kechasi tinchlik beray demaydi. O‘zimdan qoniqmaslik, nimadir qilishim kerak, degan o‘y doimiy xayollar og‘ushiga chorlaydi. Tushunilish hissidan mosuvo bo‘lsagina, ichdan yolg‘izlanadi kishi. Bu tuyg‘u og‘ir: kishi sevilmasa, tushunilmasa, o‘z-o‘zini namoyon qilishdan tiyilsa, ichdan yemirilishni boshlaydi. Chin yolg‘izlik shu bo‘lsa ajab emas.

Onamning paydo bo’lishi ichki olamimga putur yetkazmadi yoki uni to‘ldirmadi. Tashqi yolg‘izligimga nuqta qo‘ydi, xolos. Barchasi sirtdan kuzatildi. Bir qarashda butunlay begona, yangidan kashf qilingan kishi bilan yashayotgan bo‘lsam, boshqa tomondan yiroqdagi yaqinim yonimga ko‘chib kelgandek edi. Shamdek yal-yal yonardi onam. Uni bunchayin maftunkor va go‘zal holatda sira ko‘rmagan edim. Yillar bizga shu qadar ta’sir qilgan ediki, bir-birimizga boqqan chog‘imiz xayollari ikki qutb, ammo jismi bir-biriga yaqin ikki kishini ko‘rardik. U ellikdan yigirma yoshiga qaytgandi, men esa u bosib o‘tgan yo‘l bo‘sag‘asida – chalkash xayollar, ayni hal qiluvchi qarorlarimni amalga oshirish pallasida – turgan edim. Nafsilamrini aytganda, biz bir-birimizni to‘ldirayotgandik. Unda mujassam hayot tajribasi va quvvatdan ilhom olganim sayin u mendagi yoshlik va yangilik nafasini so‘rib olayotgandi.

Shu muddat davomida yig‘idan boshim chiqmadi. O‘sha kunlari ichim ham yolg‘izlanib qolgandi. Ichimda yig‘ilgan g‘uborlarni onam bahona chiqardimmi, xullas, sababsiz yo sababli beto‘xtov yig‘lardim. Onam uchun bu yo yosh bolacha injiqlik, yo behuda havotir aralash o‘ylab topilgan muammo ustida bosh qotirishdek tuyulardi. O‘zim ham bu ho‘ng-ho‘ng yig‘ilarning qanchalik mayda va ahamiyatsiz ekani, kayfiyatning mavsumiy o‘zgarishi misol o‘ylashga arzimasligini tushunib turgandim. Ammo ichimdagi kuch mendan ayro edi-da, meni yig‘lashga giriftor etgandi. Ichimdagidan xalos bo‘lishdan ham ko‘ra onamning bunga munosabati va aytajak gapi muhim edi. Hamma onalar singari u meni tingladi. Eshita-eshita oxiri, yur, senga manti qilishni o‘rgataman, kuzatib o‘tirasan, deya meni olib ketdi. Onam stolda xamir yozgan mahal har bir ishni ustalik bilan bajarayotgani, epchil barmoqlari va qunt bilan ishiga berilib ketganini kuzatib o‘tirdim. Xayolimda manti tayyorlashni soatlab vaqtni oladigan, mushkul va adog‘i yo‘q ish, deb o‘ylardim. Ajabo, onamning qo‘llari bilan yarim soatga qolmay mantilar aylanasiga qator taxlanib bo‘lgandi. Jim o‘tirib ovqatlandik, gapirishni istamasdim, mantining ta’midan lazzatlanardim. Kechki sayr davomida ham bu mavzuga qayta to‘xtalmadik, har joydan suhbat qilib uyga qaytdik.

O‘sha mahal onam menga boqib o‘zining yoshlikdagi qiyofasiga yuzlangandir, menga qaragan ko‘yi boshidan kechirgan o‘xshash voqealarni xotirlagandir. Tashvishlarimning qanchalik mayda va yechimi shu qadar sodda ekanligini anglatmoqlik uchun manti tayyorlab ko‘rsatib bergandir. Muammolarning o‘tkinchi ekanligini bildirish uchun jarayonni oxirigacha kuzatib o‘tirishga chaqirgandir. U tashvishlanayotgandi, qizi uchun achinib kechasi o‘y surib chiqqani ham kunday ravshan edi. Miyamda chuvalashib yotgan, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni aytib yig‘lagandim o’shanda. Ancha vaqt o‘tib oyim ahvolimni so’raganida bu ishlarning qay birini boshlashim va qay birini qo‘yib yuborishim kerakligi haqida maslahat berdi. Bu payt allaqachon tinchlanib xuddi onamniki singari rejalarni miyamda pishitib qo‘ygandim. Onam menga o‘rgatmadi, balki meni o’z-o’zimga qaytarib berdi va yechim o‘zimda ekaniga ishontirdi.

Shamga uzoq termulib o‘tirsangiz, alanga bir jonlanib oqish-sarg‘ish tusga kirib olishi, bir zaifgina mitti cho‘g‘ga aylanib qolishiga guvoh bo‘lasiz. Hayot ham aslida shunday, o‘t bo‘lib alangalanasiz, uchasiz; ba’zida esa mitti uchqun misol so‘nib qolasiz. Yana qayta tirilasiz, kezi kelganda chekinasiz. Asosiysi, bu shamga uzoq tikilib qolmaslikdir. Uni yonimga olaman, taftidan bahramand bo‘lib ishlashda davom etaman, so‘lib qolganida esa xuddi muammoga turli tomondan yechim izlaganim kabi shamga shakl beraman.

Onam ketdi. So‘ng sham yoqmadim.

 

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting