Vergiliyning so‘nggi soatlari

0
70

MIRZOHID MUZAFFAR

…And their death will be harder than reborning!
Marcus Aurelius. “Meditations” *

Bari bexosdan boshlanadi: derazang ortidagi ko‘cha shovqini, uni to‘ldirib o‘tayotgan mashinalarning tinimsiz signallari, o‘chirishni unutganing Yutubdan eshitilgan qaysidir jumla, sukunat maromi, yo‘lakdan yugurib o‘tgan bolakayning kulrang sharfi, qutichalarda tushligini olib ketayotgan turli-tuman idora odamlari… Bularning barini sen nomi va sababini bilmagan allaqanday sezim harakatga keltiryotganini sezib qolasan.

Ayni shu lahzada biroz avval g‘aflat va mavhumot ichra pinhon shuuring anglamning shaffof pardasini yirtib yorug‘likka chiqadi. Tuyasanki, ushbu inkishof senga bemisl halovat baxsh etayotir, ammo… yana anglab yetasanki, bu halovat tiriklik iztiroblarining boshqacha nomi, xolos.

Oktyabr oyi edi. Men o‘zimga o‘zim ta’til e’lon qilgan kunlarimning birida, soat tungi birlar atrofi tashqarida turgan kuchli shamol va bolalik xotiralarimdek tiniq yomg‘irlar kaminani mutolaa rejasini buzishga majbur qildi. Yurak zarblarimga mutanosib akkord bera boshlagan qadam tovushlarim ikki oy burun qog‘ozga chiqarib qo‘yganim bir kitobga tomon harakatlanyotganimni eslatib turardi. Kitoblar qalashib yotgan javonga yaqinlashaman. Turibdi, muqovasi sarg‘aygan, boshqa kitoblar orasida uncha ko‘zga tashlanmaydi. Asli bu nimarsa ham asli men hamon yozgi xotiralardan qutula olmayotgan oktyabrning binafsharang kechasida, o‘sha tejalgan qog‘ozlarga chiqarilgan kitobni o‘qiganimdan so‘ng yozildi.

* * *

Jahon modernistik adabiyotining durdonalaridan sanaluvchi olmon adibi Herman Brox qalamiga mansub “Vergiliyning o‘limi” romanini turk tiliga afsonaviy tarjimon Ahmad Jamol (Ahmet Cemal) tarjima qilgan. Romanning kirish so‘zida tarjimon bir narsani ochiqlab,  yozadiki, u mazkur asar tarjimasi ustida qirq yil ter to‘kibdi.

Ahmad Jamol qashshoq oilada tug‘ilib voyaga yetgan. Yoshligining qay bir yorug‘ kunlarida olmonchani o‘rganib olgach, kichik shirkatlarning hujjatlarini tarjima qilib yurar va shu orqali tirikchilik o‘tkazarkan, bir kun hammasidan charchaganini tushunib yetadi va o‘sha ondayoq o‘z-o‘ziga so‘z beradi: odamning bir tiyinlik qadri bo‘lmagan va qullik asosiga qurilgan ushbu jamiyatdan bosh olib ketaman va o‘zim uchun yangi bir dunyo yarataman. Bu dunyoning nomi badiiy tarjima bo‘lsin! Va o‘sha kundan turk o‘quvchisini olmon adabiyotining inja olamiga olib kira boshlaydi. Kimlarni tarjima qilmadi, deysiz…. Shunday bo‘lsa-da ko‘ngli hech to‘lmasdi. Umrining so‘ngiga kelib “Vergiliyning o‘limi” tarjimasini tugatadi va o‘sha zahoti o‘z noshiriga telefon orqali hitob qiladi: ana endi meni tarjimon, deb tan olishingiz mumkin!

Umrining qirq yilini bir asar tarjimasiga bag‘ishlagan va faqat o‘sha tarjimani bitiribgina o‘ziga tarjimon maqomini ravo ko‘rgan Ahmad Jamolga buncha sabr qayerdan keldi? Ehtimol, ushbu matonatning doyasi qiyinchilikdir? Ehtimol u bu asarni umrining mazmuniga aylantirib olgandiru  tarjimani atay paysalga solib kelgandir? Menimcha yo‘q, chunki u “Vergiliyning o‘limi”ning turk tilida o‘n sakkizta variantini yaratgan va eng so‘ngisinigina nashrga munosib deb topgan.

Uning tarjimai holini o‘rganarkanman, kundaligimga bir-ikki fikr qoralab qo‘ygan ekanman: “Men bu hayotdan nima olmoqchiman? Umuman, bizlarni aynan nima xushbaxt qila olishi muhim emas, negaki unga erishgach faqat ichimizdagi ongimiz ostidagi ehtiyoj kataklarini to‘ldirgan bo‘lamiz, xolos. Men… Men shunchaki o‘z ishlarim bilan faxrlanishni va yana bundan-da ko‘prog‘ini istashim mumkin, biroq menga o‘lim oldi bajarolmagan amallarim uchun yig‘lash emas, faqat bajara bilganlarimni eslab bir jilmayib qo‘yishning o‘zi yetarli. Qisqasi, men so‘nggi kunimni yasharkanman, ko‘nglimda orzular emas, faqat xotiralar bo‘lishini istayman”

Bu xuddi ingliz fotografi Tomas Harndolning o‘lim oldi iqroriga o‘xshaydi. Gap shundaki, u fotograf sifatida Falastinga boradi. Kunlardan bir kun  Tomas sayr qilib yurgan ko‘chada birdan otishmalar boshlanib ketadi va pana joyga qocharkan, yig‘lab turgan bolakayga ko‘zi tushib, uni ham o‘zi bilan lazaretga olib ketadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bolakayning singlisi ham bor ekan. Qizaloqni qutqarish istagida otishma bo‘layotgan ko‘chaga qaytgan Tomasning boshiga daydi o‘qlardan biri tegadi. U o‘n bir oy davom etgan ko‘madan keyingina o‘ziga keladi va so‘ngi so‘zlarini aytib jon taslim qiladi: “Asosiysi bolakay omon qoldi-ku!”

* * *

“Titanik” filmining so‘ngi sahnalaridan birida, hatto Poseydon ham cho‘ktira olmaydi, deya yuksak baho berilgan kemaning g‘arq bo‘lish vaqti, eslasangiz hamma jon qasdida najot istab to‘rt tarafga qocharkan, kemadagi oqsuyaklardan biri qat’iyat bilan turib, so‘ngi so‘zini aytadi: “Bir boshga bir o‘lim! Men chinakam lordlardek o‘lim topmog‘im darkor. Qochish men uchun emas!”

Garchi bu filmni o‘ninchi, yo o‘n minginchi marotaba tomosha qilayotgan bo‘lsamda, uning aynan shu sahnasiga kelganda botinimda bir xil savollar g‘ujg‘on o‘ynay boshlaydiki, bularga hamon javob topa bilmadim. Mazmunini so‘ngi qatlamiga qadar anglab yetmaganimiz bu umrni, biz ilohiylashtirgan, muqaddas deb nom bergan minglarcha g‘ayrioddiy tushunchalarni tahlil qilish uchun ketkazgan vaqtimizni boshqa foydaliroq ishga sarflasak nima bo‘lardi? Va agar mashhur misolda aytilgani kabi o‘yin tugagach shoh ham, piyoda ham bir qutiga joylanadigan bo‘lsa, qahramonlikka iddao qilganimiz, o‘zgachalikka intilganimiz, umuman, tiriklik ichra ishonganimiz tushunchalarning qimmati qolarmikan? Ahilles Troya jangiga ketsa o‘lajagini va asrlar o‘tib nomi afsona bo‘lajagini bila turib urushga ravona bo‘ldi. Xo‘sh, u o‘sha urushga hech nimani o‘ylamay ketsa nimadir o‘zgararmidi? Bilmadim.

Alber Kamyu “Sizif haqida afsona” essesida yozadi: “Aniq va vojib ilmiy haqiqatga yetishgan Galiley o‘sha haqiqat boshiga balo olib kelgani bois o‘z fikridan qaytdi. Bir hisobdan uning qilgan ishini oqlayman. Bu haqiqat bir odamning umriga zomin bo‘lishga arzimasdi. Yer quyosh atrofida aylanadimi, yo quyosh yer atrofida, buning nima farqi bor? Qisqasi, bu e’tiborga arzigulik muammo emas. Men shu bilan birga xuddi shu kabi mayda va befoyda nazariyalar ustida qaysarlik qilib, o‘zini juvonmarg qilyotgan buyuklarni ham ko‘ryapman. Aslida eng muhim va dahshatli masala bu… hayotning ma’nosi bormi yoki yo‘q?”

* * *

Kurosavaning “Tiriklik” filmini ko‘rgandirsiz. O‘sha film qahramoni Vatanabe buyragida yig‘ilgan toshlar butun vujudiga zahm tarqatganini va olti oy umri qolganini eshitgach, o‘zi yashab turgan muhitni qaytadan kashf qiladi. Dunyoqarashini, atrofidagilarga munosabati va yana ko‘plab boshqa narsalarni tubdan o‘zgartiradi. Endi u ishxonasidagi iflos ko‘lmakning quritilishiga va yashab turgan joyidagi bolalar maydonchasi qurilishiga bosh-qosh bo‘lishga qaror qiladi. Butun umrini hujjat ishlariga sarflagan qahramonimiz hech yo‘q hayotining so‘ngi kunlarini foydaliroq amallarga bag‘ishlashga ahd qilgani g‘alati ko‘rinmaydimi sizga? Yo‘q, hech o‘ylamangki, Vatanabening ahvoli qariganda masjidga qatnay boshlagan kimsalarning holatidan ancha farq qiladi.

Shu yerga kelganda fikrim chalg‘idi. Yana savolsifat mulohazalar… O‘ylashimcha, “Hayotning mazmuni nima” va “Hayotimning mazmuni nima” degan ikki savol o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Birinchisi ilohiy, metafizik va bizga u qadar bog‘liq bo‘lmagan savol. Ikkinchisi esa, mutlaq dunyoviy. O‘z o‘rnida dunyoviy savollar hayotimizdagi aniq maqsadlarni ochiqlashda katta rolь o‘ynaydi. Bilmadim, ehtimol Vatanabening shuurida uchinchi tur savol ko‘z ochgandir?

Lyudvig Vatgenshteyn o‘zining “Traktat” asarida yozadiki, har bir predmetning ma’nosi o‘sha predmetning tashqarisidadir.

Bu fikrni ma’no jihatidan portretdagi odam aslida portretda emas deb ham izohlash mumkin. Agar bir tasvirnigina tahlil qilsak, demak ma’no hech qachon bizga o‘zini ko‘rsatmaydi. Biz tasvirdan biroz chetlashmoqqa majburmiz. Shu o‘rinda savol: balki hayotning ma’nosi ham hayotning o‘zida emasdir?

Agar chindan shunday bo‘lsa, biz ham savollar doirasidan chiqmagan holda mavzudan yana biroz chetlashsak. Pre-industrial xo‘jalik davrida, ya’ni industriallashuv arafasida  ham odamlar hayotida turli-tuman muammolar mavjud edi, ammo bugungi absurd masalasi ularni tashvishga solmasdi. Mohiyat u davrlarda bor-yo‘g‘i bir nechta shakllardagina taqdim etilgan. Birinchi sabab, diniy dunyoqarashning o‘sib borishi jamiyat ongida shu qadar keng savolsiz javoblar maydonini yuzaga keltirgandiki, natijada ma’naviy muammoning o‘zi absurd  darajasini olgandi. Bundan tashqari ibtidoning ilk davrlarida ajdodlarimizda yemak va boshpana kabi asosiy ehtiyojlarga qattiq andarmon bo‘lganidan tiriklik mazmunini izlab o‘tirishga vaqt ham, xohish ham qolmasdi… Ammo bugungi kun kishisi taraqqiy topgan va bir qancha inqiloblarni boshidan o‘tkazgan homo deus sifatida zuhurot qa’riga singib ketgan o‘zligini izlashga majbur. U endi non va olovga qul homo sapiens emas, balki kosmik mavjudotdir. Zero o‘zimizni o‘zimiz bezovta qilish maqsadida savollar to‘qib chiqarish uchun yetarlicha vaqtimiz bor. Endi biz… taraqqiylashgan bekorchilarmiz.

* * *

Ikkinchi jahon urushida kontslegrlardagi Holokostdan omon chiqqan kamsonli yahudiylar ichida Viktor Frankl ham bor edi. Frankl urushdan so‘ng “Logoterapiya” nomli metodni kashf qiladi. Yunon tilida “ma’no” bo‘lgan “logos” so‘zidan yaratilgan, taxminan “ma’no terapiyasi” deya tarjima qilinadigan metod keyinchalik “Uchinchi Vena maktabi” kitobi orqali ommalashib ketdi.Frankl “Insonning ma’no axtarish yo‘li” asarida shunday yozadi: “Tajribalarimdan biri yodimga tushdi. Og‘riq va uyqusizlikdan ko‘zlari yoshlangan, bemajol safdoshlarim bilan bir necha kilometr uzoqlikdagi shaxtaga sudralib borardik. Izg‘irin iliklarimizgacha qaqshatardi. Qil ustidagi hayotimizning mayda tashvishlarini o‘ylay boshladim. Bugun kechlikka nima berisharkin? Ikki hafta avval mukofot o‘rnida berilgan sigaretimni bir kosa sho‘rvaga almashtirishim kerakmidi yoki yo‘q?

Har kun, har soat meni shu arzimas muammolarni hal qilishga majburlagan yashash tarzimizdan jirkanib ketardim. Fikrlarimni butunlay boshqa nuqtaga yo‘naltirmoqchi bo‘ldim. Birdaniga o‘zimni yorug‘ va issiq sinf xonasida ko‘rdim. Ro‘paramda yuzlarcha talaba kaminani tinglayapti. Men ularga asir tushganlar psixologiyasi bo‘yicha ma’ruza o‘qirdim. Shu yo‘l bilan jonimni kemirib borayotgan og‘riqlarning va atrofimdagi mudhish manzaraning o‘tmishda qolganiga ishona boshladim. Shunday qilib mening psixologiya sohasidagi asosiy mavzuyim aniq bo‘ldi”.

Bu parchadan tushunganim, muhitdan tashqarida fikrlash sizni muhitdan qutqarmasligi mumkin, ammo qandaydir yangiliklar topishga undashi aniq. Sizga bu yuqorida tilga olganimiz Vitgenshteynning fikrini eslatmayaptimi?

* * *

Hayotning ma’nosi nima? Oilaga, o‘zing yashab turgan davlatga sadoqatmi? Kelajak avlod uchun qayg‘urish, saxovatpeshalik, ijod zavqi, yo faqat o‘zing uchun harakat qilishmikan? Balki u boshqalarning baxti uchun o‘z borlig‘ingdan kechish, orzularingni ro‘yobga chiqarish yo‘lida butun kuch-g‘ayratingni ishga solishmikan? U dunyo uchun bu dunyoning nimalaridandir voz kechish? Balki… inkordir?

Bularning hammasimi, yo hech biri?

Herman Broxning “Vergiliyning o‘limi” romanidagi keksi rimlik shoir Vergiliy umrining so‘nggi o‘n sakkiz soatini shu savollarga javob izlash bilan o‘tkazadi va bu unga cheksiz iztirob beradi. Tasavvur qiling, roman faqat mana shu o‘n sakkiz soat ichidagi ruhiy kechinmalardan hikoya qiladi. Butun umri bo‘yi go‘zallikni madh etgan, hukmdorlarni, qahramonlaru haqiqatni kuylab o‘tgan, haqsizlikka qarshi kurashgan ulug‘ so‘z san’atkori o‘zi allaqayoqlarga olib ketyotgan kema palubasida, qarshisidagi qoyalarga to‘sh urgan dolg‘alarga boqqancha o‘zining so‘ngi savoli bilan dunyoga murojaat qiladi: mening yozganlarim kimgadir foyda berdimi axir?

* Ularning o‘lmog‘i qayta tug‘ilmoqdan og‘ir bo‘lajak.
Mark Avreliyning
“Meditatsiyalar” asaridan.

Manba: https://kh-davron.uz

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting