Bugun onam keladi

0
82

TILLANISO

 “Bu dunyodan roviy bo‘lib o‘tayapman”

Shodmonqul Salom

Bolaligingda dunyoning uch o‘lchamini bilasan, deb yozgandi amerikalik shoir Ron Padjet. Keyin boshqalarini ilg‘ab borasan. Bolaligimda dunyoning nechta o‘lchamini bilganim yodimda yo‘q. Ammo shu yoshimgacha bo‘lgan hayot yo‘limni istisno qilganda – hayot yo‘lim deganda mustaqil turmush tarzim – tuman shaharchasidagi litsey hayoti va katta shahar hayotidagi ijarama-ijara kezgan sarson kunlarim – shularni aytmasa, xayolan bitta yo‘lni bosib o‘tayapman. To‘g‘rirog‘i bosib o‘tmadim, bir nuqtada turib turli shaklda qadam tashlayapman. Xayolimda hech qachon kelmaydigan kelajakni orzu qildim. O‘sha kelajak esa men uchun xayolan hozir bo‘ldi. Demak, men kelajakdagi hozir ichidaman. Xayoldagi kechmishni inobatga olmasa, hozir asli qayerdaman? Buni bilmayman. Va mening qaydaligim o‘zimdan boshlab barcha-barchaga ahamiyatsiz. Darvoqe, xayolan men haliyam bir nuqtada depsinib turgan bo‘lsam, men umuman ulg‘aymaganman yoki asli bola bo‘lmaganman? Bularning ikkisi ayni bir paytning o‘zida to‘g‘ri  bo‘lganda ham bir-birini inkor qilmasdi.

Bugun onam kelyapti. Men yashaydigan katta shaharga. Ertalab doimgidan vaqtliroq turdimda, onamga qo‘ng‘iroq qilib gaplashdim. Onam o‘shanda yo‘lga chiqqandi. Farqli tomoni, bu safar onam ishlagani kelyapti. Musofirlar asosan o‘z rizqini izlab keladigan bu shaharga onam ish izlab kelyapti. Onamning kelishi ma’lum bo‘lgach, biz ukam bilan ijaraga uy qidirdik. Afsuski, uy ham “ha” deganda topilmadi. Albatta, onam men yashaydigan xonada qolishi mumkin edi. Biroq uy egasining tun davomida ta’qib etadigan, dam olishga emas, iztirob chekishga o‘xshaydigan uyqusi ta’qibidan onamni asramoqchiydim. Qolaversa, uy – ayniqsa xonam juda to‘kilib qolgan, shinam makonda yashagan odam uchun xarobani eslatardi. Onamni shahar sharoitining bunaqa injiqliklari va noto‘kisliklari bilan dabdurustdan cho‘chitgim kelmadi. Onam ham negadir sen bilan emas, ukang bilan turaman deb aytgandi. Ijara uyidan tashqari, bozordan ish va joy topish kerak edi. Yaxshiki, bu ishni ukam o‘z zimmasiga oldi. Bundan xursand bo‘ldim. Meni bozor degan asabiy nom titroqqa soladi. Bozor desa ko‘z oldimda odamlar va ulovlarning ur-yiqit izdihomi gavdalanadi. Lekin ayni zamonda bu shaharga chetdan oqib kelguvchilarning aksari o‘zini bozorga uradi, shu yerda non va o‘rin topadi. Omadning kelishi ham, omadning sinishi ham bu shaharda bozordagichalik oson emasdi. Shaharliklar uchun-ku demayman, biroq uning ta’rifini eshitgan yaqin-yiroqdagilar uchun go‘yo bozor shaharning markazi edi. Men ham bozordagi izdihomni ko‘rganimda dunyoning markazi London, Nyu-York, Beijing emas, bozorlar bo‘lsa kerak, deb qa’tiy ishonardim. Onam ham bozorda ish va pul, shaharda esa o‘zi istagan nimanidir – ehtimol taskinni topishiga qattiq umid qilayotgan edi. Shu umid haqqi men onamga biror narsa deyolmadim, deyishim mumkin emasdi.

Qaydandir ketib, nimanidir izlab, yangi joyga kelinar ekan, hayotga ishonch eng arzon, jo‘shtiradigan tuyg‘u bo‘ladi. Bu ishonch duch kelish mumkin bo‘lgan xatarlar xavotiridan ham ustun turadi. Biroq ketishga joying qolmaganda va yashayotgan hududingga sig‘may ishonch qidirganingda eng qimmat, topilmas tuyg‘u ham shu. Kichkinaligimda o‘zimning duo qiladigan joylarim bo‘lardi. Bittasi suv oladigan quduq bo‘yida. Yerquduq edi. Katta ariqqa anchadan beri suv kelmay qolgan, otam bilan qo‘shni amaki ariq ichidan quduq qazishgandi. O‘sha quduqning ichida bir ilon yotardi. Chamasi yozning yoyma kunlaridagi qattiq jaziramadan salqinlash uchun quduqdan o‘zga joy topolmagandi ilon. Men chelaklarimni qo‘yardim-da, ilonga bir qarab olib – yotibdi – duomni boshlardim. Ariq chuqur, bo‘yim kichkina bo‘lgani uchun meni yashirardi. Hech kim ko‘rmas, shivirlarimni eshitmas edi. Ariq xilvatim, xudo tinglovchim, ilon yagona guvohim edi. Anchayin uzoq vaqtlar – ariqqa suv, borliqqa kuz kelgunicha – duo qildim. Suv kelgach, quduq ko‘milib ketdi. Ilon ham ko‘zdan yo‘qoldi. Goh-goh o‘sha kunlarimni qo‘msab turaman, hayotga bo‘lgan o‘sha ishonchimni sog‘inaman. O‘shandayam oilamning dardiga qo‘shiq bo‘lmaganman, ular nima bilan yashayotganini sezmaganman. Nimadir boshqa narsani, o‘zgacharoq nimadir istardim. Nimani istaganimni bilmayman, lekin baland ixlos bilan istardim. Shu istashlarning oxiri nima bo‘ldi?.. Qanday ham bo‘lardi, bir tunda men qalbimni sotish uchun iblisni chaqirdim. Yo‘q, bu olis bolalikda emas, shu shaharda, yaqin kunlarda bo‘lmasayam, yaqin yillarda ro‘y bergandi. Voqeadan oldin esa kuz kirib keldi. Kuz havosida etni junjiktiradigan hadik bor edi. Men ko‘chaga chiqmasdim, chiqishdan qo‘rqardim. Kuz havosiga xos hadik meni butkul zabt etishidan qo‘rqardim. Eng yomon tomoni, menda chidab bo‘lmas betoqatlik boshlandi. Hammasi takror bo‘lishidan, qaytalanishidan qo‘rqardim. Hech qayoqqa chiqmasligim sabab tonglarim peshinga aylangandi. Junjikkanimdan g‘ujanak bo‘lib kun-u tun yotaverardim. Men qo‘rqqan hol esa meni topib kelgandi – oyoqlarim va qo‘llarim zarralaridan boshlab yemirila boshlaganini sezgandim. Bu holga iblisning aloqasi bor deb o‘yladim va shu vajdan chorlagandim uni. Bularning bari esa kelajakdagi hozirda sodir bo‘lardi…

Ey xudo, qanday dahshat – qalbingdagi ishtiyoq, yo muhabbat, yo shavq, yo bo‘shliq, har qanday kuchli tuyg‘uga, vujudingni o‘t bo‘lib yondirayotgan hisga –kuz havosining ham telba kayfiyati aralashib ketsa…

Meni dadam uyg‘otdi. Onam so‘rayotgan ekan. Tunggi uch yarimlar edi.  Esimda qolgani shuki, onam momom va biz yotadigan uyda, pechkaga yaqin joyda inqillab yotar, balki yig‘lar, onamning bosh uchidagi tog‘orada esa qoramtir qusuq bor edi. Meni ko‘rishi bilan onam faqat senga ishonaman, ukalaringga o‘zing qara, senga ishonaman derdi qayta-qayta. Go‘yo mendan boshqalarga ishonmasligini aytib, boshqalardan ham, hayotdan ham alamini olayotganday edi. Va onam yana qon qusdi. Har qusganda shu qadar ko‘p qusar, bundan o‘zi dahshatga tushib yig‘lardi. Tog‘alarim, ona momom shu yerda, ozroq o‘tib boshqa qarindoshlar kelishdi. Onam ikki-uch soatdan beri qusayotgan ekan. Onamning tushundingmi, xo‘pmi, degan gaplaridan keyib, bazo‘r xo‘p dedim. Lekin yaqiniga borolmadim. Bundan qo‘rqdim. Allaqachon nogahoniy voqelik oldida dovdirab, o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim. Onam singlimga qanday sut ichirishimni tayinlar, qarindoshlarim tez yordam, duxtir haqida gaplashar… shovqin guvillardi. Tahlika kichkina vujudimning so‘nggi kuchigacha mahv qildi. Uxlashni va xayol surishni istardim.  Dadam to‘shagimga olib borib, “bo‘ldi, yot, uxlayvergin” dedi. Yonimda ukam yotardi. Tunda uxlashdan oldin har gal qanday xayol sursam, xuddi hech narsa bo‘lmayotgan kabi xayol surib, shu asnoda uxlab qolgandim.

Onamdan xabar olish maqsadida tush paytida telefon qildim. Javob bo‘lmadi. Yo‘lda-ku, eshitmay qoldi, hali o‘zi qilib qoladi, degan o‘yda yozning kuzgi havosida anhor bo‘yida sayr qilardim. Bu orada onamning kelishini kutib shinam kafeda biroz o‘tirdim, ovqatlandim. Va qayta-qayta telefon qildim. Endi raqam o‘chirilgan edi. Kech tushib qolay degandi. Men har qanday vahimani yengishga, hech qanday voqea oldida xavotirga tushmaslikka o‘zimga so‘z berdim-da, sabr bilan kutaverdim. Orada faqatgina ukamga “mabodo sen onam bilan yaqinda gaplashmadingmi?” deb qo‘ng‘iroq qilib so‘radim. U yo‘q, dedi. Onam bilan faqat ertalab gaplashgan ekan, keyin esa raqam o‘chirilgan.

Kafeda uzoq qolib ketdim. Mijozlar ko‘payib, deyarli bo‘sh joy qolmadi. O‘z joyimni bo‘shatishim kerakligini sezib turibman. Dadamga telefon qildim. Dadamning aytishicha, onam bilan tongdan beri bog‘lanib bo‘lmayapti. Dadam onam o‘tirgan ulovdagi hamrohlarining raqamini izlab avtovokzalga ketayotgan ekan…

Onamni kutib olish uchun qayerga chiqishni bilmasdim, noiloj yana anhor bo‘yiga sayrga chiqib ketdim.

Iblisni nega chaqirganimni aniq izohlolmayman. Qalbimni kimgadir, nimagadir baxsh etishim kerak edi. Iblisni chaqirishim nosamimiy tuyulishi mumkin, asli nosamimiy emas, alamdanligi tabiiy. Biroq qalbimni baxsh etish ehtiyoji va ishtiyoqida na alam, na yolg‘on bor; mutlaqo samimiy istak edi u. Uzoq yillar ichidagi tushkunlik, ishonch va ishonchsizlik, qidirishlarning natijasi bo‘lib tug‘ilgandi bu istak. Mohiyatini hali anglolmasdim. Onam o‘sha kichkinalik yillarimda sahar turib, duo qilgani chiqib ketishimni ko‘p eslaydi. Onam ko‘rmasin, hech kim bilmasin deb har qancha uringanimga qaramay, onam o‘sha pallalarni ko‘p kuzatgan edi. Ardoqli xotira kabi asrar, tez-tez gapirib berardi. Ariq ichidagi duo qiladigan joyimdan bir o‘rik niholchasi o‘sib chiqqandi. Aytganimdek, ertalab ham onam va momom – odatda ayollar erta uyg‘onishadi –uyg‘onmasidan oldin, yerga yaxti inar-inmas, uydan chiqib uyimizning tashqi hovlisida cho‘k tushib duo qilardim. U paytda namoz yoki boshqalarni bilmasdim. Ibodat desa, duoni bilardim. Duo qilsa, nimadir bo‘lishiga, nimadir o‘zgarishiga ishonardim. U yerdan ham o‘rik o‘sib chiqqandi. Tongda qo‘l-yuzimni yuvadigan joyda – ko‘zdan pana edi – astoydil duo qilib, uzoq so‘rardim. O‘rik ko‘kardi. Hayotga bo‘lgan o‘sha ishonchimni, o‘sha ixloslarimni sog‘indim. Onam shaharga kelar ekan, men onam bilan yashamaslikni ixtiyor etar ekanman, onam bilan chiqisholmaslikdan emas (garchi chiqisha olmasligim ham rost edi), onamning dardiga, oilamning dardiga hech qachon qo‘shig‘ bo‘lolmaslikdan azob chekardim. Vijdonim og‘riydi. Ruhim esa o‘sha paytlardagidek hamon muallaq. Na yerga qo‘na oladi, na uchmoq qo‘limdan keladi. Onamning kelishini ichda shunday Qo‘rquv bilan kutayotgandim. Qo‘rquv har qanday sog‘inchu, yupanchlardan ustun edi. Tabiatiga ko‘ra qo‘rquvda hovliqmalik bor. Hovliqmalik barcha muvozanatdagi tuyg‘ularni bir chetga surib, qalbni ostin-ustun qilardi. Bunday paytda odam dovdirab, eng tuban, eng xudbin kimsaga aylanishi hech gapmas. Men odamning ilk tuyg‘usi, barqaror kuchli va halok qilguvchi tuyg‘usi sifatida bu olamda qo‘rquvni bilaman. (Onam menga ukalarimni parvarishlashni, faqat menga ishonishini aytgan o‘sha tunda garchi xayol surib uxlab qolsam-da, hayot oldidagi tuzalmas, o‘zim anglagan dastlabki qo‘rquvni (anglamagan ilk qo‘rquvimni esa ehtimol tug‘ilganimdayoq his qilgandim) soldi. Bu qo‘rquv meni ta’qib etib kelardi. Onam otasidan ayrilganda o‘n besh yosh edi. Hayot va o‘limdan ayni orzu va ishonch kurtak yoyadigan paytda tug‘ilgan qo‘rquv onamning fe’liga singib ketgan, o‘z-o‘zidan bizga ta’sir o‘tkazib, onamning xatti-harakatlari misolida bu qo‘rquv ham ta’qib etardi. Sog‘inch esa – Bosiq, biroq ichga o‘rnashib olsa, kuchingni uzoq vaqtlar davomida simiradigan, ehtimol, quvvatingni so‘rib olib, vaqti kelib seni butkul qulatadigan his.

Duxtir ayol juda mehribon edi. U tuni bilan oldimda hech malolsiz o‘tirib chiqardi. Yonida esa ko‘zlari uyqusizlikdan qizarib ketgan yoshgina hamshira men yotgan karavotning suyanchig‘iga suyanib, ilojsizlikdan ayolning so‘zlariga quloq solib o‘tirardi. Ayol olis yurtda o‘qiyotgan o‘g‘lini, uni sog‘inishini, ayniqsa, qish tunlari o‘g‘lini juda ko‘p o‘ylashini so‘zlab berayotgandi. Hamshira tinglayotganini bildirish uchun faqat “ha-ha”, deb qo‘yardi ora-orada. Duxtir ham, hamshira ham mening inqillayotganim, javranayotganimga e’tibor bermay qo‘yishgandi. Ular faqat uxlashimni kutishardi. Garchi o‘zim ham buni qattiq istasam-da, zarralarimga sanchilib yotgan behalovatlik uyquni yaqinimga yo‘latmay qo‘ydi. Qo‘llarim va oyoqlarimdagi yemrilish, har bir zarramga og‘riqqa o‘xshash chidab bo‘lmas g‘alati hisning sanchilib botayotgani tinkamni quritdi. O‘sha damlarda hatto meni oyoq va qo‘limdan xolos qilishlarini istaganim esimda.

– Uyingizga keting, – degandi kunduzda duxtir ayol.

– Nima uchun?

– Har holda yaxshi-da.

– Kimnidir chaqiring… onangizni, masalan, – shunday der ekan anchayin istihola qilgandi u. Hozir esa kasalxonaning qabriston tarafga qaragan derazasidan kechaning tarovatiga termilgancha, o‘g‘li haqida xuddi qish tunida yog‘ayotgan qor kabi sokin va osuda, biroz munglig‘ so‘zlab o‘tirardi. Bu ayol mendagi holat vaqtinchaligiga, o‘tib ketishiga ishontirmoq istardi, uning tun bo‘yi yonimda o‘tirib chiqishi mendan ko‘ra ko‘proq o‘zini xotirjam qilish uchun zarur edi. Ayol bir tomondan haq edi, o‘tkinchiligini sezib turardim, biroq tanamni parmalab tashlayotgan chidab bo‘lmas hisga ayni daqiqaning o‘zida toqat qilish qiyin edi. Bu og‘riq emasdi. Qandaydir hibsga o‘xshagan his edi. Ruhim yo qalbimdan oldin, tanam undan azob chekar, men o‘z mahbusligimga chiday olmay o‘zimni u yondan-bu yonga otardim.

– O‘tib ketadi, o‘tib ketadi, – derdi u.

Ayolning haqligi shundaki, u paytlar men va bu kasallik bir-birimizga begona edik. Notanishligi sabab bu mavhum kuchning men bilan qanday o‘yin o‘ynashini bilmasdim. Sezardim, bu kasallik emas edi. Mavhum kuch o‘zini darrov namoyon qilgisi kelmay, quyuq tuman ortida turardi. Mening tanam va sezgilarimni o‘sha tuman oldiga sudrab olib kelgan, ammo qachondir u oydinlikka – irodam oldiga chiqardi. Shunga mahkum edi zero. Men iblisni shuning uchun…

Kech kirib, qorong‘u to‘la izmiga oldi. Xavotirlarimni bosib, ukamga qo‘ng‘iroq qildim. U onam keldi, lekin sen bilan hozir gaplasholmaydi, dedi. – Qo‘limizdagi yuklarimiz og‘ir.

Onam shaharga shu tarzda kirib kelgandi.

O‘tib ketmagani shuki, kuz kunlarida meni xonamga qamab tanamni yana hibs etgandi. Bu mavhum kuchning kattarib borishi xatarli edi. Men uni mag‘lub etish uchun qalbimni baxsh etdim. Har narsaga ishonch so‘ngan pallada eng yaxshi chora – qalbni baxsh etish edi. Qalbimni bir necha ilohlar o‘z makonlari sari olib ketardi. Ular orasida Eros ham bor edi. Biroq men Eros bilan o‘yinlardan allaqachon zerikkan, u bilan qolishni ortiq istamasdim, qalbimni unga berolmas, u bilan halovat topmasdi qalbim. Ilohlar qalbimni boshqa bir ilohga tortiq qildilar. Men hali o‘z ma’budimni yaxshiroq tanib ulgurganim yo‘q. Lekin notanishlik va begonalikdan hayrat va qo‘rquvga tushmadim bu gal. Qadrdonlikni his qilib turardim.

Kim bo‘lsang ham kel!

Qalbini baxsh etganning o‘tinchi edi bu. Qalbni kimgadir yo nimagadir tortiq qilgach, inson va uning sifatlarining ahamiyati qolmaydi. Qalbi o‘ziniki bo‘lmasligi odamni devona qiladi. Devona esa goh qalbidagi o‘tdan yonsa, goh qalbidagi zavq shiddatiga dosh berolmay qiynaladi. Shunda u odamga muhtoj bo‘ladi. Har qanday odamga. Odamning kimligi va qandayligi oradan ko‘tariladi. Kim bo‘lsang ham kel… Topgan odamining oyog‘ini o‘pishga loyiq bo‘ladi. Qalbi o‘ziniki bo‘lgan-u, uni baxsh etolmayotgan kimsa qanotlari qirqilgan, yerda beso‘naqay yurgan qushga o‘xshab yo‘rg‘alaydi. Sudraladi. Fig‘on chekadi. Onam kelmasidan ozgina burun menda ham shu hol edi. Yerda beso‘naqay yo‘rg‘alayotgan qanotsiz qush kabi taqdirning kulgi va mazaxiga nishon edim. Va men qalbimni berdim. Muallaq ruhim ham taskin topganday bo‘ldi.  Bu onam kelmasidan ozgina avval sodir bo‘ldi. Endi menga har inson onam shaklinda, onam esa har kim kabi edi.

Kim bo‘lsang ham kel…

Shamollar o‘zi yo‘nalgan tomonlarga shivirlarimni olib uchardi.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting